Hov naridagi ko‘prik ustida qiy— chuv qilib o‘ynayotgan bolalarning ovozi xayolini bo‘ldi. Daryo uzra yo‘l solgan bu ko‘prik uning bolalik paytlarida hali qurilmagandi, odamlaru ot— ulovlar kechuvdan o‘tishardi. Yillarning shitobligini qarangki, qirq yilning nari— berisida qurilgan mana shu ko‘prik ham go‘yo azaldan bor bo‘lganday tuyuladi. Tinmay qiyqirayotgan anovi tirmizaklar bu haqda o‘ylab ham o‘tirishmaydi, ularga o‘yin topilib tursa bas. Nima, sen bola bo‘lmaganmisan, deya yandi o‘zini o‘zi, o‘ynamaganmisan? O‘ynagandayam barchani besaranjom qilib o‘ynarding — sho‘x eding— da. U bilinar— bilinmas jilmaydi. Mana shu tezoqar daryoning bu betidan narigi betiga hatto o‘n— o‘n ikki yasharligidayam bemalol suzib o‘ta olardi. Endi esa goho suvga qo‘l solgani ham o‘ylanib qoladi. Tavba, hozirgi anhoru daryolarning suvlari biram sovuqki… Avvallari soatlab suvdan chiqmasdi. Yo odam qariganda eti yupqalashib ketganidan shunday tuyularmikan— a?.. Daryoning narigi sohiliga intiq tikildi. Hozir ham suzib o‘ta olsa
kerak. U yana jilmaydi: xah ko‘ngil qursin— a, qarilikni hech tan olgisi kelmaskan— da. O‘ng oyog‘ining paylari bir tortishsa bukilmay qoladi— yu, daryoda suzarmish. Uyog‘ini so‘rasangiz, hatto kechasiyam junpaypoq kiyib yotadi. Shu payt o‘ng oyog‘i huddi meni esingdan chiqarma, deganday xiyol zirqirab qo‘ydi. Oyog‘ini uzatib, tizzasining atrofini kafti bilan bir pas uqaladi. So‘ng chap qo‘lidagi tasbehini bilagiga o‘tkazib, «yo Olloh», deya biroz kuchanib o‘rnidan turdi. Hali belini to‘la tiklamayoq o‘ng qo‘li bilan qaymoqrang chakmonining etagini qoqdi va tasbehini o‘ng qo‘liga olib, ortiga qayrildi— da, picha enkaygan ko‘yi qiyalikdan ko‘tarila boshladi. Ko‘tarilarkan, do‘ppisini go‘yo yechmoqchiday bir qo‘zg‘atib, to‘g‘rilab qo‘ydi.
Haligina uzoq o‘tirganidan oyoqlari uvishib, yurishi og‘irlashgan chol darvozadan dadil qadamlar bilan kirib keldi. Hovli ancha katta, uylari juda unaqa hashamatli bo‘lmasa— da, serxona edi. Hamma narsa o‘z o‘rnida — saranjom— sarishta, ko‘zga hunuk ko‘ringuvchi biron narsa yo‘q.
U so‘ritok ostidagi ulkan so‘rining bir chetiga kelib o‘tirdi. U yoq— bu yoqqa qarab, kalta oqish— kulrang soqolini siladi. Shunday katta dargohda hech kim qolmadimi, nima balo?.. Zum o‘tmay, chetroqdagi uydan kampiri chiqib keldi.
— Nimcha ( namuncha) hammayoq huvillab ketibdi? Churvaqalaring qani? — dedi u kampiri yoniga yetib kelmasidan, go‘yo hozir bolalarning shovqin— suroni bo‘lmasa nafasi qisib qoladiganday betoqatlanib.
Kampiri ham kelib, so‘riga o‘tirdi.
— Ikkita tirmizagingiz ko‘chada o‘ynayapti. Kelin jijisiminan uyda, ish tikyapti — derkan yuziga yarashiqli jilmaydi. — O‘zi uyimizda shugina odam bor xolos. Ja huvillab ketayotgan bo‘lsayiz nevara keliniyzi obkevolaylik.
Kampirining erkalik bilan aytgan bu gapi cholga ma’qul ko‘rindi.
— To‘g‘ri aytasan… — keyin nimadir esiga tushganday so‘radi, — O‘g‘ling qani?
— U bekorchipolvon yo uxlaydi, yo dilbuzar ko‘ratta. Uyda erkatoyiz, qayda bo‘lardi. — Birdan kampirning yuzi jiddiy tus oldi.
Chol ham buni payqadi.
— Hmm, tinchlikmi?
— Darrov siqilib qolmangu, otasi, Hamidilloyiz ish ko‘rsatib qo‘yibdi. — dedi kampir uning ko‘ziga xavotirli tikilarkan.
U sergak tortdi.
— Nima qipti?
— Kecha xotinini urganakan, onasinikiga ketib qopti.
— Nimaga uripti?
— Chalarag‘ eshitishimcha, arzimagan gap ekan. Qo‘shnining tovug‘ini deb…
Chol biron tadbir o‘yladimi, bir pas jim qoldi, so‘ng:
— O‘g‘liyni chaqir, moshinani yurgizsin.— dedi buyruq ohangida. — Borib keliniyni uyiga obkeb qo‘y— da, moshinani menga jo‘nat. O‘zim borib, ashi xotin uradiganminan bi— ir gaplashib qo‘yay.
Kampiri itoatkorona bosh egib, o‘rnidan turdi.
Uning yetti o‘g‘il, bir qizi bor. Eng kenjasi qiz. Hamidullo degani oltinchi o‘g‘li. O‘zi haydovchi, kirakashlik qiladi. Yemoq— ichmog‘i joyida, juda unaqa er— xotin urishadigan ahvolda emas. Umuman uning xonadonida— yu farzandlarining o‘rtasida bir— ikki yengil— yelpi qo‘ydi— chiqdilarni hisobga olmaganda hech qachon janjal bo‘lmagan. U shunday tarbiya bergan, chunki azali baqir— chaqir qilib yetti mahallani boshiga ko‘taradigan oilalarni yoqtirmaydi. Ahillik, baraka— xotirjamlikda, deydi…
To‘ng‘ich o‘g‘li mana shu xo‘jalikda rais, ota kasbini qilib, yer bilan oshno tutindi. Ikkinchi o‘g‘li katta odam — vazir, Toshkentda yashaydi. Keyingi ikki o‘g‘li — muallim. (Ularning biri maktab direktori.) Undan keyingisi gazetada ishlaydi — jurnalist. Kenjasi bo‘lsa, g‘irt bekorchi, otasi olib bergan mashinada ko‘cha kezgani— kezgan. Shu bahona chol— kampirning xizmatini ham qiladi. Otasi uni juda unaqa tergayvermaydi — kenjatoy— da, mayli, esi kirguncha yayravolsin, deydi. Aslida eng erkasi bitta— yu bitta qizi — Gulira’no, ya’ni cholning «Chaman qizi». Uni turmushga berishgan, o‘zidan tinchib o‘tiribdi…
Kampiri bilan o‘g‘li chiqib ketishgach, hayhotdek hovlida bir o‘zi qolib, qulog‘i battar huvilladi. Nevaralarni obkeltirmasam bo‘lmaydi shekilli, deya o‘ylab qo‘ydi. Bu noxush sukunatdan qutilish uchun o‘rnidan turib, chakmonini yechdi— da, ketmonni olib,tomorqaga tushdi. Keng tomorqaning yarmi anorzor edi. Qolganiga turli mevachevalar, ularning ostiga esa kunlik zaruriy yeguliklar ekilgandi.
U ko‘ylagining yengini shimarib, eski odaticha kaftiga tufladi— da, «yo bismillo», deya xiyol avj olib qolgan pomidor ko‘chatlarining ostini chopishga tushdi…
Kenjasi onasi bilan qaytib kelganida u endigina asr namozini tugallagandi.
— Keliniyzi uyiga tashlab keldim. — dedi kampiri nafas rostlash uchun so‘ri chetiga o‘tirarkan.
Bu orada jijisini ko‘tarib uydan chiqqan kenja kelin bazo‘r eshitilguvchi muloyim ovoz ila qaynonasidan so‘radi:
— Nima ovqat qilamiz, buvi (ona)?
Kampir eriga qaradi.
— Qanaqa ovqat qilaylik?
Chol darvoza tomon o‘ychan yurarkan, ohista qo‘l siltab, dedi:
— Bilganlariyni qiliynar…
U o‘g‘li Hamidulloning darvozasi oldida to‘xtagan mashinasidan hali tushib ulgirmasidan ikki kichkintoy nabirasi yugurib kelib, unga yopishdilar.
— Hah, toychog‘larim, bormisilar? — chol nabiralarining peshonasidan o‘pib, yo‘ldagi do‘kondan olgan bir juft konfetni, ularga tutdi. — Manovi sizlarga, shirinlarim. — ikkovini ikki yonida yetaklab, darvoza tomon yurdi.
Kenjasi allachon mashinadan tushib, darvozaxonada otasini kutib turgan akasiga hazilomuz qilib, xabar berdi:
— Prizdent kelyapti, aka, bardam bo‘ling!
Aka— ukalar otalarini orqavorotdan hazillashib Prezident, deya atashardi. Buni chol ham biladi, goho bu gap qulog‘iga tushib qolsa, indamay miyig‘ida kulib qo‘yadi xolos. Ha, nima, otasini Prezident deyishsa yomonmi?
Chol nevaralarining yetovida mayda qadamlab darvozaxonadan kirib borarkan, peshvoz chiqqan Hamidullo bilan ko‘rishdi.
— Bormisan— ye, bolam? Nima, bu bizikida ko‘rinmay ketding?
O‘g‘il yuz— ko‘zu boshi bilan qandaydir ishoralar qildi— yu, ammo biron so‘z aytolmadi. U otasiga ham hadik bilan, ham xijolatli mo‘ltirab qo‘yardi.
So‘riga o‘tirdilar. Uydan so‘lg‘in qiyofadagi kelini chiqib kelib, ko‘rishdi. Yuzlariga fotiha tortdilar.
— Tinchlikmi, o‘g‘lim? — deya so‘z boshladi chol bir pas jim turgach, muloyim ovozda.
Hamidullo ham, tik turgan kelini ham yerga qaradilar. Kenjasi ohista o‘rnidan turib, ko‘chaga chiqib ketdi. Janjal tovuqdan chiqibdi. Qo‘shnining tovuqlari ularnikiga o‘tib, yangi ekilgan ekinlarni cho‘qib tashlaganiga chidolmagan kelini qo‘shni ayolga qattiqroq gap qilibdi. Uyog‘iga xotinlarcha dahanaki jang boshlanibdi. Ishdan kelib, voqeadan xabar topgan Hamidullo xotiniga tushuntirmoqchi bo‘libdi:
— Qo‘ni— qo‘shni bilan bunaqa qattiq urishib bo‘lmaydi, xotin.— debdi.
Haliyam xovuridan tushmagan xotini erining gapidan battar tutoqib, bidillab beribdi:
— Siz doim meni so‘kovrasiz. Ashinchun qo‘shnilar ham hovliqib, bizi tepalab o‘ynayapti. Bo‘lmasa, uning tovug‘i menikiga kirdi. Shundayam past kelay demaydi— ya!..
Xullas, xotin u debdi, er bu debdi. Axiyri Hamidullo o‘zini tutolmay, shapaloq tortib yuboribdi.
Chol bu gaplardan xabardor edi. Hali kampiri aytib berdimi yoki bu yoqqa kelishayotganda kenjasi yetkazdimi, hozir eslolmaydi.
— Qo‘shniminan urishma, deganing ma’qul, bolam. Ommalekin buning uchun xotiniyni urganing, chakki. — Chol bir to‘xtalib oldi.— Ayol kishiga qo‘l ko‘tarish eng noma’qul ish. Ayniqsa, manovilarning oldida. — U ikki yonboshida yuz— qo‘llarini shilta qilib, konfet so‘rayotgan nevaralariga ishora qildi.
Kelin o‘z qilmishidan xijolat bo‘larmidi yoki doimo adolatli hukm chiqarguvchi qaynotasining gaplari va ehtimol uning qilmishi uchun biron so‘z aytolmay mung‘ayib o‘tirgan erining ahvoli ta’sir qildimi, battar egilib borardi.
— Tirikchiligiynar yaxshimi ishqilib? — so‘radi chol o‘g‘liga qattiqroq tikilib.
— Yaxshi. — dedi Hamidullo sekingina, — Kamchiligimiz yo‘q.
— Unda urishmaynar. — Xudoga shukur deb yashaynar. Bo‘lmasa, uyinardan baraka qochadi. Yana tag‘in bizi urug‘imizda bunaqa janjalkashlar yo‘q. — Chol bir muddat jim qoldi, so‘ng, — O‘g‘lim, yana bir marta xotiningga qo‘l ko‘tarsang, men sendan qattiq ranjiyman, bo‘ptimi?
O‘g‘il yerga qaragancha boshi bilan tasdiq ishorasini qildi. Kelin esa, qaynotasining faqat o‘g‘ligagina tanbeh berganidan adoi tamom bo‘lgandi — buning o‘rniga yana bir shapaloq yesam mayliydi, deya qaqshab turardi.
— Bo‘pti, bo‘lmasa, men qaytdim. — deya yuziga fotiha tortgan chol o‘rnidan turdi. — Meni shirin bollarimi biznikigayam olib o‘tib turiynar. — dedi nevaralarining boshini silab.
— Osh yeb keting, ota. — deya oldi kelin arang, juda past ovozda ko‘zini yerdan uzmay.
— Rahmat, qizim, boshqa safar.
Chol mashinaga o‘tirganda qulog‘iga yana haligi huvillash urilganday bo‘lib,yuragi malollandi.
— Bozor kuni o‘n birga hamma akalariyni biznikiga maylisga to‘pla. — dedi u kenjasiga hazilomuz, ammo bolalarini, ularning birga o‘tirishlarini sog‘inganligini bilintirmadi. — Hammasini chaqir.
— Xo‘p bo‘ladi, shef. — deya erkalangan kenjatoy ulovini yurgizdi…
Yakshanba kuni ertalabdanoq katta hovli gavjum bo‘la boshladi. Cholning o‘g‘illari, kelinlari bolalarini yetaklashib, birin— ketin kirib kelishdi. Uning kutgani shu edi — quloqlari bolalarining shovqiniga to‘lsa, uyiga fayz kirib, bag‘ri ham to‘lardi.
Kelinlari uy ichida qaynonalarini qurshadilar. Kichkintoylar hovlining u yer— bu yerida o‘yin bilan band bo‘lsalar, goh ko‘chaga yugurib qoladilar. O‘g‘illari esa uning yonida — katta so‘rida davra qurdilar. Dasturxon tuzayotgan kenjasi birdan g‘oz turib, o‘ng qo‘lini kulgili holatda chakkasiga olib bordi— da, cholga qarab harbiycha ovoz bilan qattiq— qattiq gapira ketdi:
— Janob prizdent, ministriyizdan tashqari barcha o‘g‘illariyiz jam bo‘ldilar. Ministr chet eldaykan. Chamaningiz qiz bola bo‘lgani uchun aytkizmadim. Hisobot beruvchi — kenjatoy.
Hammalari kuldilar. Chol ham o‘g‘lining qilig‘idan zavqlanarkan, qo‘shib qo‘ydi:
— Chamanni aytkizmadim, deb xovliqma. — ota bu hazili bilan kenjatoy o‘g‘li va yolg‘iz qizining tegishishib kenjalikni talashishlariga ishora qilayotgan edi. — Chinakam kenjani buviyni o‘zi chaqirtirgan. Hali zamon kelsin, adabiyni beradi.
— Siz borsizu, ota. Biz axir sizi lashkariyizmiz. — Kenjasi choyni qaytararkan, tag‘in erkalandi.
Shu asno ota— bolalar hazil— huzul ila bir— birini chindan ham sog‘inganliklarini sezdirib o‘tirardilar.
— Ministr chet elga ketibdimi? — chol pastga qarab mayin jilmaydi, bag‘rini esa sog‘inch xiyol tirnab o‘tdi.
— Davlatchilik— da, ota.— deb qo‘ydi to‘ng‘ich o‘g‘li taskin berganday.
— Gaping to‘g‘ri — davlatchilik. — Keyin xotiraga berildi va juda ko‘p bor aytgan gapini balki yuzinchi bor yana o‘shanday ehtiros ila takrorladi. — Qara— ya, hamma gapga farishta omin derkan— da. Kichkinaligida nuqul ministr bo‘laman, deb kuldirardi. Mana, rostdanam ministr bo‘p ketdi…
— U paytda bollar bilgan eng katta amal shu edi— da. — deya kulib gapga qo‘shildi jurnalist o‘g‘il, — bollar bosh sekretar, birinchi sekretar deganlarini bilishmasdi. O‘sha paytda prezidentlik bo‘ganda, akam ham prezident bo‘laman, deb yurib, rostdanam prezident bo‘p ketarmidi.
— Bilaman, hazil taypa (hazillashib demoqchi) qilib meniyam prizdent deyishasan. — Chol jiddiylashdi, — mayli— yu, akalaring katta odam, prizdentimizga yaqin yuradi. Shu odamdi uyida mashnaqa deb hazillashisharkan, degan gap poshshomizni qulog‘iga tushsa, akangga gap tegib qomasin tag‘in.
Endi hazilni uncha xushlamaydigan direktor o‘g‘li dedi:
— Gapiyiz to‘g‘ri— yu, ota, ommalekin prizdentimizi ota, sizi bo‘lsa, prizdent desak, buni nimasi yomon?
— Baribir qiymati o‘zgarmaydi— yu, deng! — deya gap qo‘shdi o‘qituvchi o‘g‘il, jilmayib.
Chol Hamidulloga qaradi — u tunov kungi voqea ta’siridami, boshqacharoq bo‘lib o‘tirardi. Shuning uchun ota shu o‘g‘liga qarata dedi:
— Qani, dasturxonga qaraynarchi. Ol, Hamidillo! Senam gapirib tur, bolam.
— Bilassu, ota, biz shopir odam, uncha gap bilmaymiz. — Hamidillo otasining kayfiyatini buzib qo‘ymaslik uchun so‘zini hazilga burdi. — Gapirishti, mana jurnalistlarga, domlalarga chiqargan. — dedi kulib akalariga ishora qilarkan.
— Olasan— a!.. Ha, gap bilmaysan— a! Ko‘chada abtamatsanu, ja beyda sipolik qilasan. — deya aksilzarba berdi jurnalist.
Barcha kuldi.
Chol yana ministr o‘g‘lini esladimi, gapining paynovi tag‘in o‘sha yoqqa burildi:
— Ministrimizi sinbdosh oshnasi boru — Jo‘ravoy…
— Hm— m… — otasiga cho‘g‘ tashladi rais.
— Ashi bir kuni nima deydi, degin!
— Nima deydi? — kenjatoy yana otasiga erkalandi.
— Kenja o‘g‘lim nuqul prizdent bo‘laman deydi. Oshnam ministr bo‘laman dovrib, ministr bo‘p ketdi. Meni bolam ham shunaqa deb yurib, prizdent bo‘p ketsa— ya, deydi, qara. — Chol o‘z gapi o‘ziga nash’a qilib, kuldi. — Yaxshi niyat yaxshi— da, dedim. Kechroq ko‘rgan yetti— sakkiz yashar o‘g‘li bor ekan— da.
— Yaxshilarga intilsa, yaxshi bo‘latta. — dedi jurnalist tagdor qilib. — Ammo yashash ja og‘ir bo‘p ketdi— da…
— Gazitada bo‘lakcha yozassu, aka. — qitmirona tirjaydi Hamidillo.
— Ha, endi u gazita— da … — deb qo‘ydi jurnalist o‘zini oqlaganday.
— Bu gaping xato, bolam. Ko‘rdiymi, sen o‘z ishingga yurakdan, halol yondashmaysan. O‘zingga o‘zing ishonmaysan. Manashi bizi millatti eng katta qusuri. — Chol endigina avj pardaga chiqayotganda darvoza tomonda go‘dagini ko‘targan qizi ko‘rindi.
— Ana-ana, Chaman qizim keldi! — deya shodon hayqirib, o‘rnidan turdi.
Kenja o‘g‘il ham shahd o‘rnidan qo‘zg‘olib, shoshib singlisining qo‘lidan bolasini oldi va uning otasi bilan bemalolroq ko‘risholishi uchun imkon yaratdi.
Ota qulochini yozib, qizini bag‘riga oldi.
— Keldiymiyey, opoq qizim? — deya uning peshonasidan o‘pdi.
Chaman qiz ham mehribon bag‘rga kirgach, ehtiroslandimi, otasining pinjiga battarroq suqilib, ko‘zi yoshlandi:
— Sog‘inib ketdi-im, otajon! — dedi chiyillab, ham kulib, ham yig‘larkan.
— Ie-iye, ona qizim, keb ketganingga endi ikki hafta bo‘ldi-yu. — otasi uning yuz-ko‘zlarini siladi.
— Baribiramta!.. — Chaman qiz otasining quchog‘idan erkalik bilan sug‘irilib, yiltiragan ko‘z yoshlarini kaftida artdi va birin-ketin akalariga qo‘l uzatdi.
— Ha, rais buva, qalaysiz? O‘zimmi domla akalarim!.. Ha, yozuvchi, yozib yuribsizmi?.. Bunisi endi taksist akam. Manovisi bo‘lsa, samazvanets… — U bu gapi bilan kenja akasining kenjalikni talashishiga ishora qilayotgan edi.
— Bor-bor, uyga kir, bu yerda men kenjaman. -deya kenja o‘g‘il zo‘raki po‘pisa qildi.
— Men obshiy kenjaman, bildiz!
Bu orada qaynonasiga ergashgan kelinlar uy eshigi oldida Chaman qizni kutib turishardi…
Ayollar uyga kirib ketishgach, shovqin ham tindi. Erkaklar davrasi esa gap bo‘linganligi uchun biroz sukutga toldi.
— Nima deyotuvdim? — so‘radi chol bolalari bilan rosayam gaplashgisi kelayotganligini yashirmay.
— Menga gapirayotuvdiyz? — dedi jurnalist otasiga yordam berib, — Nima bo‘gandayam,bizda so‘zimiz ishimizga to‘g‘ri kemaydi-da, ota.
— Xo‘sh, nega shunaqa? — endi ota yo‘qotgan gapini topib oldi. — Chunki, masalan, mana sen. O‘zing bir narsani o‘ylaysan-da, boshqa narsani yozasan. Yozayotgan narsangga o‘zing ishonmaysan. Ishonmasang, yozma. Hatto bironta amaldorga hamdu sanoni ham o‘zing ishonmasang, yozmagin. Ana, unda gapimiz bilan ishimiz to‘g‘ri bo‘ladi.
Jurnalist o‘g‘il otasiga yana nimadir demoqchi edi, u kishining o‘ylanib qolganini ko‘rib, o‘zini tiydi.
Birozdan so‘ng chol yana gapga tushdi:
— Payg‘ambar alayhissalomda bir hadis bor ekan: «Kim nimani niyat qilsa, albatta ashi niyatiga yetadi», deydilar ul zot. Demak, eng avvalo niyatni yaxshilash kerak ekan. Sizlarchasiga aytganda, oldin rejani, maqsadni to‘g‘ri tuzvolish lozim. Bizda ko‘pchilik huddi ertaga hayot boshqacharoq bo‘ladigandek, ashi boshqacha hayotniyam birov qurib beradigandek, bugunga ishonmay yashaydilar. Yo‘q, bollarim! Masalan, silar mening atrofimda birlashib, niyatiyizni mening yaxshi niyatimga to‘g‘rilab yashasaynar, mehnat qilsaynar, ana unda uyimizda baraka, tinchlik bo‘ladi. Ya’ni, bu degani, qadamiyzi mening qadamlarimga to‘g‘rilasaynar soz bo‘ladi.Xudo niyatimizga qarab beraveradi.
Jurnalist o‘g‘il otasining faylasufona gaplariga qoyil qolib, choy xo‘plarkan, boshini silkib qo‘ydi. To‘ng‘ich o‘g‘il esa donishmand otasiga mehru faxr bilan jilmayib boqib turardi.
Farzandlarining oshkora mehri cholni yana-da so‘zamol qildi.
— Bugun men silarga boshman. Ertaga har biriyiz o‘z bollariyizga bosh bo‘lasizlar va ular o‘z niyatlarini sizning niyatlariyizga to‘g‘rilaydilar. Bolajonlarim, o‘zbekning birligi, kuchi oilada. Eng avvalo oilaga suyaning, ishonish mumkin. Bu millatimizi eng katta fazilati. Axir o‘zlaring o‘yla, ministr akang katta rahbar, butun yurtni so‘rab turibdi. Ammo mening qoshimda bosh egib o‘tiradi. Biron gapimni ikki qimaydi, to‘g‘rimi? Hatto o‘ziga ziyon yetsa ham mening aytganimni qilishga urinadi. Shuni biliynarki, otasiga itoat etguvchi millatni hech qachon yengib bo‘maydi!..
So‘nggi gap ta’sirida hamma jim qoldi. Bu jimlikni axiyri kenjatoy buzdi:
— Bu gaplardi qaysi kitobdan o‘qidiyz, ota? -dedi u qiziqchilik ohangida.
— Hayot kitobidan, bolam, hayot kitobidan.-deb qo‘ydi chol nigohidagi o‘y chuqurlashib.
Dasturxonga osh tortildi.Aka-ukalar bolaliklarini eslab, oshni hazil-huzul bilan «talashib-talashib» yedilar. Ota esa qulog‘ini batangga keltirgan haligi huvillashlardan qutilib, bag‘ri yayrab o‘tirardi…
Dasturxonga fotiha o‘qilgach, ota yana o‘ktam ovoz ila gap boshladi:
— Bollarim, buving ikkovimiz silarni juda-juda yaxshi ko‘ramiz. Silarga jonimizni berishgayam tayyormiz. Lekin jonimiz bitta, hammayizga yetmaydi. Niyatlari ulug‘ odam uchun bitta jonni qurbon qilishdan osoni yo‘q. Jon berishdan ham muhimroq, og‘irroq ishlar bor dunyoda. Qaniydi quchog‘im hammaynardi quchishga yetsaydi, bariyni bir bag‘rimga bosib, maza qilardim!-Chol gaplari tobora soxtaga o‘xshab borayotganligini sezib, xijolat torta boshladi. — Mening gaplarimdan hayron bo‘maynar, bollarim. Sizlarminan bi-ir gaplashgim keldi-da. O‘zi urishmaynar, bir-biriynardi ehtiyot qiliynar, bizikiga tez-tez keb turiynar, demoqchiydim. Umr oqar daryoday bir gap -shuv etib o‘tadi-ketadi.
— Omma bugun zo‘r maylis bo‘ldi-da, — deb qo‘ydi kenjatoy xiringlab.
Shu bilan hammalari ketishga shaylandilar. Oxirida qolgan Chaman qiz kelib, otasiga suykaldi.
— Bugun qosam maylimi, otajon?
— Uyingdagilarga aytganmisan?
— Hm-m…-dedi qizi erkalanib.
— Unda qolaqo. — Chol uning peshonasini silab qo‘ydi.
U xushnud kayfiyatda asr namozini o‘qigach, tasbehining donalarini sura-sura qadrdon oshiyoni -daryo bo‘yiga yo‘l oldi. Salmoqli qadamlar ila sohilga yetib kelib, o‘t-o‘lan bosgan qiyalikdan biroz yonboshlab pastga tushdi va suyri joydagi ajriq ustiga o‘tirdi. Bu suyrilik uni oyoqlari bukilganida hosil bo‘lguvchi og‘riqdan xiyla xalos qilardi, go‘yo biron o‘rindiqda o‘tirganday bemalolroq his etardi o‘zini… Qiziq, dala ishlaridan bo‘shab, pensiyaga chiqdi-yu shu yerga qatnashni odat qildi. Nega shundayligini o‘zi ham bilmaydi, goho qariganda shunaqa bo‘ladi shekilli-da, deya o‘ylab qo‘yadi xolos. Ayniqsa, biron narsadan diqqati oshib, yuragi siqilsa yoki nimadandir dili quvonchga to‘lsa, darrov shu yoqqa qarab yo‘l oladi.Sohilga keladi-yu shitob oqayotgan suvga termilib o‘tiraveradi va haligina boshidan kechirgan voqealarni xayolan boshqatdan yashaydi. Diliga og‘ir botgan ozorli voqea bo‘lsa, aybdorlarni kechiradi, o‘zi yo‘l qo‘ygan xatolarni ilg‘aydi va bundan ham battar bo‘lishi mumkin edi-ku, deya o‘zi
ga taskin beradi. Mabodo quvonchli voqea bo‘lsa ham bu shodlikni junbushga kelmasidan oldin bag‘rida sovutib olishga harakat qiladi. Har ikki holatda ham istig‘for aytib, tasbeh o‘giradi. Nima bo‘lganda ham oqar suvda qandaydir hikmat bor — xayolni o‘g‘irlaydi. Ehtimol bu ham uni barcha kabi inson umriga o‘xshatadimi?
Hozir ham tez oqayotgan bo‘tana suvga tikilarkan, ko‘zlari tindi va o‘z-o‘zidan yuragini ojizroq bir vahm chulg‘adi. Go‘yo mana shu loyqa suvning bag‘riga singib ketayotgandek his qildi o‘zini va nafasi qisayotgandek tuyulib ketdi. Ha, suvning qudrati ham shunda-da, u odam bolasiga hayot baxsh etgani kabi hamisha uning yuragini qo‘rquvga ham solib kelgan. Suv shundayin bir mo‘jizakor ne’mat. Ana, butun bir daryo ko‘ngilga vahm solgani bilan undagi suvning tez oqishidan paydo bo‘lgan mayda to‘lqinchalar nigohni yoqimli siypalaydi, kishi vujudiga halovat soladi. To‘lqinchalar… Birdan o‘sha to‘lqinchalar bag‘rida kichkina qo‘l ko‘ringanday bo‘ldi. Chol o‘sha yoqqa diqqat bilan tikilarkan, o‘ng tomonidagi ko‘prik ustida turgan bolalarning chinqirig‘i tuyqus qulog‘iga urildi.«Yo Olloh..» deya o‘rnidan turib ketdi va haligi qo‘l ko‘ringan yoqqa qattiqroq tikildi. Uning miyasiga yashindek urilgan fikr to‘g‘ri chiqdi -oqib borayotgan yosh bola edi. Chol beixtiyor qo‘lidagi tasbehini yerga tashladi, qirg‘oq yoqalab
oqin sari yugura boshlarkan, chakmonini ham yechib, uloqtirdi va qadamini yana-da tezlatdi. U jon xalpida yugurarkan, bolaga yetib olishiga ishongan joyda o‘zini suvga otdi. Goh suv yuzida quloch otib, goh ostida suzib, bolaga yetib bordi. Yetti-sakkiz yoshli bolakay ancha suv yutib ulgirgandi chog‘i, ko‘zlari qinidan chiqquday bo‘lib tipirchilardi xolos.
Chol bolakayning yoqasidan tutib, qirg‘oq sari suza boshladi. Shu asno oqin kuchli bo‘lgani bois o‘z manzilidan ancha olislab borardi. U keksaligini ham unitib, bor kuchi bilan suzardi. Nihoyat sohilga yetib, bolani qirg‘oqqa chiqardi. Titrab-qaqshayotgan bolakay ingichka barmoqlari bilan yonboshidagi o‘tlarni changallab, «hiq-hiq» qilgancha siltanardi. Shu payt hali suv ichida bo‘lgan chol og‘ir va iztirobli bir ingranib, suv ostiga cho‘ka boshladi. Qirg‘oqqa talpingan o‘ng qo‘lining barmoqlari baralla yozilib, qotdi va suvga butunlay g‘arq bo‘lgan tanasi ortidan g‘oyib bo‘lmoqqa tushdi. Hamon beo‘xshov qaltirayotgan bolakay bir qo‘li bilan o‘tlarni changallagancha chol tomonga enkayib, huddi uni suvdan sug‘irib olishga uringanday harakat qildi. Ammo chol allaqachon oqim bag‘riga tushib, ancha narida ko‘zdan yo‘qola boshlagandi. Uning oyoq paylari sovuqdan tortishib qolgandi…
Bolakay esa titrab-titrab yig‘lar va sovuqdan takirlayotgan tishlari orasidan yig‘i aralash «Oqib ketdi! Oqib ketdi!» deya chiyillardi. Ko‘prik tomondan chopib kelayotgan bir to‘da bolalar unga xiyla yaqinlashib qolishgan, ularning ortidan «O‘g‘lim-o‘g‘lim!» deya halloslab kelayotgan ministr o‘g‘ilning oshnasi bo‘lmish Jo‘ravoy esa hali olisda edi.
Chol bo‘lsa, mayda to‘lqinchalar bag‘riga singib ulgurgandi. Faqat hov narida — juda uzoqda, tikilib qaragan odamgina payqashi mumkin bo‘lgan masofada oqib borayotgan do‘ppisi elas-elas yiltirab qo‘yardi.