Nabi Jaloliddin. Fassol (hikoya)

Eshikni ellik yoshlardagi ayol ochdi. Turmagini bo‘shroq tang‘iganmidi yoki uydaligi uchun parvo qilmaganmi, quloqlari ustidagi soch tolalari to‘zg‘igan. Egnida tanasini yarashmayroq sirgan gulli xalat.
Kelguvchilarga boshdan-oyoq razm solgach, halovatini yo‘qotishni istamayotgandek boqdi.
– Kelinglar… – dedi chap qo‘lida xalatining yoqasini to‘g‘rilab.
– Assalomaleykim… – Yoshi yetmishga og‘a boshlagan pakanaga moyil qotma kishi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, jilmaydi. Pachoq yuzi tirishlar ichra qoldi, jag‘ining uchidagi siyrak soqoli yiltirab ketdi. – Yozuvchimizning uyi shumi?
Ayol, qo‘yib yuborsa, mehmonlar kirib oladiganday, o‘ng qo‘lida eshikni mahkamroq tutib, oldin, yangiligi bilinib turgan, ammo yelkalari osilgan, yeng­lari ikki qat himarilgan odmi kostyum, ohorli do‘ppi kiygan gapirguvchiga, so‘ngra yonidagi zamona yoshlaridek borlig‘i chaqnagan, qarashlari mag‘rur yigitga ko‘z tashlagach, nihoyat nigohi xaltalarda to‘xtab, yuzi tabassumga chog‘lanib, g‘ijimlandi.
– Ha, shu… Hoy, dadasi, sizni so‘rashvotti!.. – shoshib eshikni nari turtdi.
Peshona sochlari siyraklashgan, xonaki kiyimdagi baqaloqqina erkak ko‘ringach, ayol o‘zini orqaga oldi.
– Ie, kelilar-kelilar!.. – erkak quloch yozdi. – Nega ostonada turibsizlar? Qani, ichkariga! – U soqolli kishini o‘ziga tortib, quchoqladi. Qo‘llari band yigitning yelkasiga kaft bosdi. – Qani-qani, marhamat!..
Soqolli oqshayganroq poyafzalini yechib, uyaldimi, qalashgan oyoq kiyimlarining orasiga surib qo‘ydi. Yozuvchining gap ohangidan yelkasi ko‘tarildi. Hatto bir necha yildan buyon Toshkentda yurgan o‘g‘liga uni unday, buni bunday qil, deb aql o‘rgatgisi kelib ketdi.
Mezbonga ergashishdi. Taomilda kelguvchi qo‘lidagilarni yo kiraverishda qoldirishi yoki uy egalariga berishi kerak, lekin yigit hayajonlanganidanmi, otasi amr qilmaganigami, xaltalarni qo‘yay demasdi.
Mehmonxonaga o‘tarkan, soqolli o‘zini xobgohga kirayotganday his etdi. Uning nazdida, ayvondan ichkarisi o‘ta sirli, shaxsiy hudud. “Dom”da esa bu farqsizday. Unda qorishiq hid bo‘ladi: deraza, eshiklar baravar ochilmaganidandir-da. Hamma ham buni sezavermaydi. Soqolli xayolidan uyaldi.
Yozuvchi mehmonlarni divanga o‘tqazdi. Yo stol me’yordagidan baland yoki divan pastroq edi – gulli dasturxon soqollining jag‘i bilan teng bo‘ldi. Uy egasiga maza: stulda ham yengil libosda emin-erkin o‘tiribdi.
– Qani, omin!.. – Yozuvchi duoga qo‘l ochdi.
Odatda mehmon yoki yoshi ulug‘lar shunday qilguvchi edi.
Yigitning kiyimlari etidan qochganday bo‘ldi.
– …Tinchlik-omonligini bersin!.. – Yozuvchi shod edi, yuz-ko‘zi yonardi. Gapirarkan, tez-tez bir yoqqa qarar, ketma-ket yutinardi.
Soqolli fotihadan so‘ng yuz-ko‘zini, tutamga kirmas soqolini qayta-qayta siladi. Tusi bo‘zardi. Gap topolmay, chaynaldi. Uloqni yozuvchi oldi:
– Xush kelibsizlar! Qalay, yaxshi yetib keldilaringizmi?.. Onasi, choy!.. Qishloqlar tinchmi? – Mehmonlarga “Qishloqdanmisizlar?” – deganday qarash qildi.
– To‘g‘ri-i… Biz qishloq… – soqolli yigitga ko‘zi tushib, tomoq qirib oldi. – Men qishloqdan… keldik… Qishlog‘imiz tinch. – Yana yigitga qarab qo‘ydi. – Xudoga shukr.
– Onasi, choy!.. – Ammo yozuvchining choy ichgisi kelmayotgani aniq edi. Shunga qaramay, “bashorati” to‘g‘ri chiqqanidan gapi butunlashdi: – Ana, aytdim-ku!.. Qishloqning odamlari bo‘lakcha bo‘ladi. Sodda, samimiy… Qalay, qishloqlar tinchmi? – Darvoqe, bu haqda so‘rovdi-ku.
Soqolli bunga e’tibor bermadi, hatto sezmadi ham.
– Rahmat, tinch. Hamqishloqlarimiz salom aytishdi.
– Omon bo‘lishsin. – Yozuvchi “g‘ilq” etib yutindi. – Hozir qishloqlarimiz obod, shahardan qolishmaydi. Namunaviy uylar, deysizmi… Qaniydi, o‘sha joylarda yashasang! Onasi, cho-o…
Ayol choynak bilan piyolalarni erining oldiga qo‘yib, qo‘li ko‘ksida mulozamat qildi:
– Yaxshi o‘tiribsizlarmi? Uy ichilar tinchmi?.. Adasi, mastava qivotuvdim, suzaveraymi?
Soqolli shoshib e’tiroz bildirdi:
– Yo‘-yo‘, ovora bo‘lmang!.. – Shuning ortidan “Toshkentli-da, tili shirin – “votti-votti”, – degan o‘y xayolidan o‘tdi.
– Sal turib obkelarsiz, onasi, – yozuvchi dasturxondagi qand-qursga qaradi. – Mehmonlar nafas rostlab olishsin, – deya birinchi piyolani soqolliga, ikkinchisini yigitga uzatdi-da, o‘ziga choy quymadi.
Ayol “xo‘p bo‘ladi”, deya qoshini bilinar-bilinmas chimirib, chiqib ketdi.
Soqolli qaynoq choydan ho‘pladiyu, chuchmal ta’mni his etdi, o‘xshamayroq tomoq qirib, dedi:
– Toshkentliklar pamil choy ichishadi-da, a? – Mezbonga ozor berishdan saqlanib, tag‘in choy ho‘pladi.
– Darvoqe, sizlar ko‘k choy ichasizlar shekilli, a? – Yozuvchi “men hozir”, deganday harakat bilan o‘rnidan turib, oshxona tomon yo‘naldi. Xotini kosalarni artardi.
– Ozgina qaynoq suv quyib, ovqatni ko‘paytirdim, – dedi tokchadan shisha olayotgan erining niyatini anglab. – Shu o‘lgurni ichmay turing, mehmonlarning oldida uyat bo‘lar.
– Bo‘pti-bo‘pti, sezishmaydi, – yarim piyolani sipqorib, aftini tirishtirgancha gazak qidirdi.
Xotini likobchadan bir parrak bodring olib uzatdi.
– Ovqatiyizi suzavering. Mehmonlarga quyuqroq bo‘lsin. Aytganday, avval bitta ko‘k choy damlab bering, – deya mehmonxonaga qaytdi.
– Salomaleykum, yaxshi o‘tiribsizlarmi? Hozir ko‘k choy keladi. – Og‘zini kaftida artib, bir-ikki tamshandi. – Xo‘sh, xalqning ahvoli, kayfiyati qalay? – so‘radi o‘zini jiddiy ko‘rsatishga urinib. – Biz yozuvchilar buni bilishimiz kerak.
Mehmonlar, ayniqsa, kattasi hamon o‘zini o‘ng‘aysiz sezar, dam-badam u yon-bu yon qo‘zg‘alib, tomoq qirar, yuzi yanayam kichrayib, yozuvchiga umidvor tikilardi.
– Bu mening o‘g‘lim… Sheyda universitetta o‘qiydi.
– E-e, shunaqami? – Yozuvchi yigitga viqorli boqdi. Ammo uning qarashi yoqmadi, chakkalari xiyol tortishib qo‘ydi. – Qaysi universitetda o‘qiysiz? – deb yubordi o‘zidan tashqari ko‘yda.
– Agrarda…
Yozuvchi keyingi so‘roviga imkon topilganidan dadillashdi:
– Shundaymi?.. Agronom bo‘larkansiz-da..
– Yo‘q! – Yigitning ovozi qo‘pol chiqdi. – Iqtisodchi bo‘laman.
– Ha, tuzuk. – Yozuvchi kayfiyatini buzmaslik uchun otaga qayrildi. Birdan boyagi savoli esiga tushdi: – Xo‘sh, xalqning ahvoli, kayfiyati qalay? Buni biz bilishimiz kerak.
– Kayfiyatimiz yaxshi. Tinch-omon yashayapmiz, – ota bunaqa suhbatni kutmaganmidi, battar esankiradi, hatto zerika boshladi. Lekin o‘ylab qo‘ygan gaplarini aytmasa bo‘lmasdi: – Mahallamizda bir domla yashaydi. O‘zimizi shaharda universitetda ishlaydi. Yana ko‘p o‘qiydi… Gazita, jurnal, kitob… Mengayam obkeberib turadi gazita, jurnallardan… Kitoblaram… Menam o‘qishni yaxshi ko‘raman. Bir kuni bir jurnal berdi, “Sharq yulduzi”ydi shekilli. Ashinda sizi hikoyangiz chiqqan ekan, “Fassol” degan…
Yozuvchi birdan qaddini tiklab, choynak ko‘tarib kirgan xotiniga “ko‘rdingmi”, deganday boqdi.
Yigit o‘rnidan qo‘zg‘alib, choynakni oldi. Shosha-pisha choyni qaytarishga tushdi.
– Xo‘sh-xo‘sh, keyin-chi? – Yozuvchi xotiniga yana viqorli nazar tashladi. – Hikoya qalay ekan?
– Yaxshi-i… O‘g‘lim, anovilarni ol! – Ota xiyla dadillashdi. Xaltadan ikkita patir chiqarib, dasturxonga qo‘ydi. – Manovi dovonni patiri…
– Ie-iye… – Yozuvchi qulochini kerib, go‘yo xijolat bo‘ldi. – Ovora bo‘psizlar-da!..
– Manovi o‘zimizning uydan… – Ota endi non, meva-chevalar chiqardi. – Qoganini kelinayangga ber! – dedi o‘g‘liga, oshxona tomon ishora qilib.
Yigit xaltalarni oshxonaga eltib, joyiga qaytdi. Otasiga choy uzatdi.
Yozuvchi ochila boshladi.
– Uyingizni rosa qidirdik, – dedi ota qaynoq choydan ho‘plagach, huzurli tamshanib. – Axiyri o‘g‘lim topdi. Tilponda so‘radingmi?..
Yigit boshi bilan tasdiqladi.
– Ke, shu odamdi bir ko‘rib ketay, dedim-da…
– Xo‘sh-xo‘sh… Muxlisning e’tirofi – yozuvchining baxti!.. “Fassol” haqida gapiryotuvdiyiz. – U patirni ushatib, bir tishlam og‘ziga soldi.
– Men g‘assolman-da… – Otaning yuzi charaqlab ketdi.
Yozuvchi taqqa qotdi, patir tutgan qo‘llari muallaq qoldi. Tomog‘idagi luqmani yutish uchun qiynalib yutindi: bo‘yin tomirlari bo‘rtib, qizardi, ko‘zlari olaydi.
Uning ahvolidan bexabar ota aytarini qo‘ymasdi:
– …Bizda yuvg‘ich, deyishadi. Biz haqimizdayam yozishibdi, deb toza xursand bo‘ldim. Sizga rahmat, sizga qoyil! Haqiqatda xalqni bilarkansiz!..
Ayol uchta kosada ovqat olib kirdi.
Bo‘g‘zidagi azobdan qutulgan, qizarsa-da, yengilroq nafas ola boshlagan yozuvchiga g‘assolning dasturxondagi piyolaga tegib turgan qo‘llari o‘liknikiday ko‘rindi. Najot ilinjida uning yuziga qaradi – murdanikiday! Ichidan nimadir qalqdi. O‘rnidan sapchib, xotiniga “mehmonlarga ber”, deganday imo qila, nariyoqqa otildi.
U oshxonadagi suv tashlamasiga enkaygancha, bo‘g‘riqib o‘qchiyotganda xotini kirdi.
– Hoy, sizga nima bo‘ldi? – deya shoshib erining yelkasidan tutdi.
Yozuvchi kuchana-kuchana og‘zi burni aralash yuziga suv urdi.
– U o‘lik yuvuvchiykan!.. – dedi ichidan nimanidir chiqarib yubormoqchiday.
– Nima-a?! – Ayol tebranib ketdi. – Kim?!.. Nega?!.. Nega o‘lik yuvuvchi?!.. Kimni aytyapsiz?!..
Yozuvchi ho‘l qo‘llarini ko‘targancha, alangladi.
– Anovi mehmon!.. – dedi sal yengil tortib. Xotini tutgan sochiqni yuziga bosdi – yog‘ qorishiq g‘alati hid keldi.
– Voy, o‘lay! Nega o‘lik yuvuvchi bo‘ladi?!.
– “Fassol” hikoyamni o‘qigan ekan…
– Hmm… Sizga aytuvdim-a, har narsalar to‘g‘risida yozmang, deb. Mana, yozganingiz peshonangizga urilibdi.
– Araqni ol!
– Hoy, mehmonlarning oldida?..
Yozuvchi piyolaga yarimlatib araq quydi. Ho‘pladi, lekin yutmadi. Farg‘ara qilib, og‘zini chaygach, “g‘ilq” etib yutdi. Keskin nafas chiqarib, yana yarim piyola “urdi”.
– Dadasi, mehmonlarga u-bu deb qo‘ymang! – dedi ayol hadiksirab.
– Demayman!.. – mehmonxonaga o‘tdi. – Salomalaykum!.. – Joyiga o‘tirarkan, qoshiqni tutdi. – Qani, ovqatga qaraylar!
Ota-bola o‘zlarini birovning to‘nini kiyib olganday his etishardi. Ota beixtiyor ovqatga qoshiq solib, o‘g‘liga “sen ham kovla”, deganday qaradi. Bekor kelibmiz, yozuvchining kayfiyatini buzdik, deya o‘yladi. Dimog‘iga yoqimsiz hid urildi: araqmi? Yo‘g‘-e, o‘zi “dom”larda shunaqa hid bo‘ladi-da…
Yozuvchi xo‘rillatib ovqat ichdi. Har ho‘plaganda otaning qo‘llariga qarardi: murdanikiga o‘xshaydi-ya!..
– Shunga… biz haqimizdayam yozisharkan, deb xursand bo‘ldim-da, – chaynaldi ota.
Yozuvchi unga qarashdan oldin o‘g‘liga ko‘z tashladi: yoqmadi.
– Hmm… – Go‘yo pishqirdi. Shuning ortidan ovqat ho‘pladi: xush yoqdi. – Hikoyam tuzukmi, ishqilib?..
– Tuzuk, – ota niyatiga yetganday dadillanib, taomdan totindi. – Sizlarda sovuq suvda yuvisharkanda, a?
Yozuvchining hafsalasi pir bo‘ldi.
– Ha, endi, odam ko‘p… Katta joy!..
– Biz suvni ilitvolamiz. Taxtada yuvamiz. Mayitning yaqinlariyam yordam berishadi. Hikoyangizdagi grant  suvi sal o‘xshamabdi.
– Xo‘sh-xo‘sh?.. – Yozuvchi chekishni yoqtirmasdi. Ammo hozir bir tortim bo‘lsa, yo‘q, demasdi. Chunki toshkentcha kichkina kosani bo‘shatib, choy ichishga ham ulgurgandi.
– Keyin… Yo‘g‘on mayitni dumalatish ham…
Yozuvchiga bu gap yoqmadi – o‘zini jonsiz holda taxtada yotganday his etdi. Ota buni sezmadi.
– …Yo‘g‘on mayitning beliga belbog‘ solinadi. Mahramlari, ya’ni yaqinlari ko‘tarib turadi. Shuna-a qib yuviladi-da. – Mehmon yozuvchining nigohidagi sovuqlikdan esankiradi.
Ayol kirib, erining bo‘sh kosasini oldi-da, mehmonlarning hali yarimlamagan idishlariga umidvor nigoh tashladi. Shuning asnosida erining yelkasiga teginib, “tuzukmisiz, dadasi”, deb qo‘ydi.
Er tebranib, xotiniga qaradi. Endi ko‘ngli g‘ilqimasdi. Ayol kafti bilan og‘zini to‘sgancha otaning qo‘llariga tikildi.
G‘assol o‘g‘lining beozor turtishini sezmaslikka oldi, maqsadini anglamadi.
– Boshqa narsalariyziyam o‘qiganman – bir-ikkita, – u yana suhbatga chog‘landi: – Omma “Fassol” baribir boshqa. Bironta yozuvchi bunaqa asar yozmagan. Paqat…
Yozuvchi g‘assolning gaplaridan ruhlanib, kekirdi. Faqat “paqat” yoqmadi.
– Endi-i, biz hamma narsani xalqdan olamiz, – deya tili bilan og‘zining “devori” va aksariyati sun’iy tishlarini tozalashga urinib, “chiqqillatdi”. – Siz o‘sha, nima desam ekan, kasbingizni – g‘assolligingiznigina, – birpas kalovlandi, – o‘ylaysiz. Biz esa, butun xalqni!.. – Qulochini kerib, atrofidagi narsalarni yutib yubormoqchiday ko‘pchidi. – …umumbashariyatni o‘ylaymiz! Boshqa dindagilar balki o‘likni, – ichida ijirg‘andi, – yuvishmas ham. Biz esa, hammani o‘ylab yozamiz. Buni siz, xafa bo‘lmangu, – qoshlari kerilib, ko‘zlari mastona suzildi, – tushunmasligingiz ham mumkin. Bu tabiiy…
– To‘g‘ri aytasiz, – rosmana xijolat bo‘ldi g‘assol. – Biz omi odammiz. Lekin siz o‘zbeksiz, musulmonsizu!…
– Nu i chto?!.. – Uning gapini bo‘ldi yozuvchi. – Axborotingiz uchun, o‘zbekning eng zo‘r yozuvchilari meni maqtashgan. – O‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘ini tepaga nuqidi. – Masalan, Shukur Xolmirzayev! Taniysizmi?..
O‘g‘il endi otasini dadilroq turtdi. Fassol unga savolchan nazar tashlab olgach, so‘radi:
– Kim u?
– Kim?
– Ashi-da, kimiydi… Xolmirzayev? Men yozuvchilardan Muhammad Yusufni bilaman. Erta o‘lib ketdi, rahmatli!..
Yozuvchining hafsalasi pir bo‘ldi. “Sen bilan gaplashyapmanmi?”, deganday qo‘l siltadi.
– Onasi-i, kosalarni oling!
Ayol ostonada poylab turganday zumda paydo bo‘ldi. Ovqati yarimlagan kosalarni olarkan, erining yelkasiga bilinar-bilinmas suykalib, jilmaydi.
– Balki ijod qilarsiz…
Yozuvchi tebrandi.
– Darvoqe, ijod!.. Ha!.. Lekin mehmonlar bu yerda turganda?..
Ayolning nigohi g‘assolning qo‘llarida edi.
Turtishdan xiyol og‘gan ota:
– Men Toshkentga bir ishman kelovdim, – deya tilini yamladi. – Ishimni bitirib, o‘g‘limga ashi yozuvchini topib ber, dedim. Adrisiyzi topovdi, bugun bozor kuni, deb kelovurdik. Uzr, bezovta qildik! Ijoddan qo‘ydik… Omma “Fassol”ni zo‘r yozgansiz!..
Yozuvchi o‘rnidan turdi.
– Sizlar bemalol choy ichib, o‘tirib turinglar. Man hozir!.. – Xotinining ortidan oshxonaga o‘tdi. Qo‘llarini chayib, yuziga suv urdi. – Voy, nega kelishadi, a, ular?! Boshqa ishlari yo‘qmi?! Tag‘in o‘lik yuvuvchiymish! Fassol-a!.. Yaxshiyam Kafkamasman! Hozir o‘lib qolaman! – deya tutoqdi. – O‘zimni o‘likday his etyapman. Qutqaring mani ulardan! Ilhomlari keb qoldilar, deng!..
– O‘zingizni bosing, dadasi! Hozir ketishadi. – Ayol mehmonxonaga qaytganda, terlay boshlagan g‘assol kostyumini yechishga urinar, yuzida nadomat balqqan o‘g‘il “echmang, dada, shamollab qolasiz”, derdi kostyumning yoqasidan tutib.
– Salomalaykum, yaxshi o‘tiribsizlarmi? – Ayol turishga shaylangan mijozlarga gapirgan ofitsiantka harakatlari bilan dasturxonni tuzatdi. – Ko‘k choylariyiz bormi?
– Bor, kelinaya, – dedi o‘g‘il otasiga umidvor boqib.
– Bu kishim mehmonsiz turolmaydilar!.. – Ayol nonlarni, piyolalarni, das­turxon chetini to‘g‘rilagan bo‘ldi. – Uyimizda har kuni mehmon!.. Lekin, axir u kishim yozuvchilar… Hatto bolalar ham xalaqit bermasin, deb, er-xotin mana shu ikki xonali “dom”ga ko‘chib olganmiz. Hozir ilhomlari kelib qoldi. Sizlar bemalol ko‘k choy ichib o‘tirib turinglar!..
– Yo‘q, kelin! – deya uni to‘xtatdi g‘assol. – Biz turamiz. U kishi – ulug‘ odam, xalqni o‘ylab yozadi. Boshqa safar gaplasharmiz. Qani, omin!..
– Voy, bugun qolsaylar bo‘lardi! – dedi ayol qo‘llarini duoga ochib. – Hali zamon bo‘shaydilar.
– Rahmat, kelin! Biz endi boraylik, – g‘assol eshik tomon yurdi. O‘g‘lining ko‘magida poyafzalini kiyayotganda, birovning xobgohidan chiqqanday yengil tortdi…
Yozuvchi oshxonada peshonasini mushtiga qo‘yib o‘tirardi. Chap kaftining oldida – shisha. Xotinining sharpasidan boshini ko‘tarib, onasiga erkalanayotgan boladay dedi:
– Ketishdimi?
– Ketishdi! Endi kirib uxlang!
– Xo‘p. Anovi narsalarni qo‘shnilarga berib yuboring! Qishloqdagi muxlislari olib kelishibdi, deng. – O‘rnidan turib, kiyimini yecha boshladi. – Vannani tayyorlang! Bi-ir o‘zimni yuvib olay!.. – So‘z o‘yini o‘ziga xush yoqib, mastona irshaydi.
– Ha, hazilingiz qursin-a!.. – dedi xotini uning yelkasiga shapatilab.
Bu payt ota-bola zinapoyadan tushib borishar, o‘g‘il tizzalari bazo‘r bukilayotgan otasiga ko‘mak berishga urinib, qo‘ltig‘idan olgancha, oyoqlaridan ko‘zini uzmasdi.
– Ehtiyot bo‘ling, dada! Xo‘ppa, ana shunday!.. Oyog‘ingiz og‘rimayaptimi?!..
– Yo‘g‘-e, bolam. Shunday odam bilan gaplashdigu!.. Yozuvchi-da, ishi ko‘p, dardi ko‘p… Xalq dardi! Yaxshi odamlar ekan-a, o‘g‘lim!.. Aytganday, bironta kitobidan olmabmizu… Ha, mayli, o‘zimizning domladan toparmiz…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 9-son