Kimki komil bo‘lmagay g‘aflat anga,
G‘aflati ilmi xirad podosh etur.
Kimki johil bo‘lmagay hikmat anga,
Ilmi ham bir kun jaholat fosh etur.
Jaloliddin Rumiy.
Trolleybus navbatdagi bekatda chayqalib to‘xtadi. Yo‘lovchilar birin-ketin tusha boshladilar. Shu payt oldingi eshik yonida qo‘liga bir parcha kizil mato bog‘lab olgan ayolning oyuzi hammaning xayolini bo‘lib, sergaklantirdi:
— Qani, tezroq bo‘ling, tez…
Uzun, sariq yungli kalin palto yoqalarini ko‘tarib olgan o‘n to‘qqiz-yigirma yoshlar chamasidagi yigit ko‘lidagi charm qo‘lqopini g‘ijimlab lochinnikidek harakatchan, katta-katta ko‘zlarini goh yerga notinch qadar, goh kimnidir izlayotgandek atrofga olazarak qarab qo‘yardi. Ammo «lom-mim» demasdi.
— Chiptangiz bo‘lmasa, unda jarima to‘lang! — Nazoratchi ayol yigitga jiddiy tikildi. — Uyalish kerak edi!..
«Balki u pulini yodidan chiqazib qoldirgandir. Balki… umuman… Hayotda nimalar bo‘lmaydi… — deb o‘yladi deraza yonboshida yupqa gardishli ko‘zoynak taqib o‘tirgan qoracha kampir yigitdan ko‘z uzmay».
— Baraka topkur, bolani bir marta kechiring, endi qilmaydi, — dedi kampir ikki tizzasiga qo‘llarini tirab turarkan. — Men to‘layman, qo‘yib yuboring uni, qoqindiq! — U nazoratchi ayolga yaqin borib dastro‘molchasi uchiga tugib qo‘ygan pullari orasidan yuz so‘mlik olib uzatdi:
— Keragini olib qoling, qizim…
Nazoratchi ayol kampirga boshdan-oyoq bir sidra qarab chiqdi-da, yigitga ishora qilib negadir jilmaydi.
— Nevarangiz bo‘ladilarmi? — Bu gap ohangida kinoya ham, nazoratchi ayolning yigitga muruvvati ham bor edi.
«O‘g‘lim, yo nevaram bo‘lishi shartmidi? — deb o‘yladi kampir bo‘g‘ilib. — Begonaga yaxshilik qilish ayb emas-ku!»
— Avvalroq o‘ylash kerak edi. — Nazoratchi ayol kamgshrning qarashidan ko‘nglidagi fikrni o‘qib olgandek bo‘shashib gapirdi. — Yana shunday qilsa, — dedi boshini yigitga burib, — jarima solaman. Albatta, ikki hissa qilib…
Yigit istar-istamas boshini ko‘tarib avval kampirga, so‘ng nazoratchi ayolga qovoq uyub qarab, tashqariga otildi.
— Yosh ekan, — dedi kampir pulini ro‘molchasiga qayta tugayotib. — Quyulib qoladi…
Trolleybus shitob bilan o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Oldinga o‘rindiq tepasidagi kichkina tuynuqdan salonga muzdek qor havosi gurkirab kirdi. Hamma bir-biriga urildi…
Kampir birpas o‘tirgach, trolleybusda borgan sayin odamlar siyraqlashib qolayotganini, tok kelishini kutish befoyda ekanini tushundi. «Bu yog‘i uygacha bir bekatcha yo‘l. Qor havosi, tan davosi. Sayr qilib borarman», — o‘yladi u.
U trolleybusdan tushayotganda zinada qorga belanib yotgan charm qo‘lqopga ko‘zi tushdi. «Boyoqish shoshganidan tushirib qoldiripti, — deb o‘yladi yigitni eslab. — Uzoqqa ketib qolmadimikin?!» — U eshik chetidagi mis tutqichdan ushlab, yaxmalak yerga oyoq qo‘ydi. Qo‘ydi-yu, birdan sirpanib, qo‘li tutqichdan chiqib, chirpirak bo‘lib tushdi… Ko‘lidagi tuguni ancha nariga borib, qorga ko‘milib ketdi. O‘zi qo‘rqqanidan, miyasiga urgan og‘riqning zo‘ridan ko‘zlarini chirt yumib, tishlarini gajirlatib, sovuq yerni quchgancha ingrab yubordi.
* * *
Nazoratchi ayol bekatga yetganda to‘satdan yuragi qattiq-qattiq urayotganini, ko‘kragi qattiq sanchayotganini, tomog‘iga bir narsa tiqilib kelayotganini sezib, ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi.
U bundan besh yil burun taxikardiya kasaliga yo‘liqib, bir oycha davolanib chiqqan, shundan buyon biron marta qattiq harakat qilib qo‘ysa, yo hayajonlansa, bas, dunyo ko‘ziga qorong‘i bo‘lib ko‘rinadi… U hozir ham a’zoyi badanidan muzday ter chiqib ketayotganini payqadi. Chiroq tagidagi o‘rindiqdan qorni sidirib o‘tirdi. «Endi kampirning holi nima kechadi?» Birdan ko‘z o‘ngida tinmay ingrayotgan kampir paydo bo‘ldi. Butun kuchini yig‘ib, o‘rnidan turdi. «Mening kasalim uniki oldida nima bo‘pti? U qari narsa… Oldi olinmasa, tag‘in xudo ko‘rsatmasin…»
U endi besh-olti qadam bosgan edi, yo‘l chekkasidagi gazeta do‘koni yonida sigaret tutatib turgan boyagi sariq yungli, qalin palto yoqalarini ko‘tarib olgan yigitni ko‘rib qoldi.
«Yaxshi bo‘ldi», — deb o‘yladi o‘zicha sevinib.
— Xo‘sh, nega tikilib qolding? Odam ko‘rmaganmisan?!
Nazoratchi ayol og‘riqning zo‘rayib borayotganidan yigitning gapini zo‘rg‘a eshitdi.
— O‘zim… — dedi asta unga yaqin kelib. — Boyagi kampir… trolleybusdan yiqilib tushdi…
— Menga nima?! — Yigit ko‘zlarini lo‘q qilib ayolga tikildi.
— Kampirning oyog‘i qattiq shikastlangan ko‘rinadi… — dedi nazoratchi ayol g‘azabini ichiga yutib. — Yordam berish kerak… narigi ko‘cha muyulishidagi avtomatdan «Tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qilib bersangiz. Men… borib unga qarab turaman.
— Dastyorlik kilib o‘rganmaganman! — Yigit uning gapini cho‘rt kesdi. Nazoratchi ayol «yalt» etib yigitga qaradi. Yigit sigaret tutatib, yo‘lak bo‘ylab kelayotgan qizlarga suqlanib tikildi.
— Ko‘rnamak! — dedi g‘azab bilan. — Vijdonsiz! So‘tak! — Nafasi qisilib gapirdi. — Sen… seni… Sadqai odam ket-e!!! — Uning ko‘z oldi qorong‘ilashdi-yu, keskin burilib, boshini quyi solgancha qorni g‘arch-g‘urch bosib yurib ketdi.
* * *
Hilola darslar tugashi bilan birinchi qavatga tushib, yo‘lak boshiga «Dekanat» deb yozib qo‘yilgan eshik oldiga bordi. Talabalar bu eshikdan ichkari kirishga jur’at etolmas, hatto fakultet o‘qituvchilari ham dekan — Abdulla Sayfiddinovichning xonasiga o‘ylashib kirishlarini Hilola allaqachon — birinchi kursda o‘qib yurgan kezlaridayoq payqagan edi. U dekanning xonasida o‘tkazilgan starostalar majlisida besh-olti marta qatnashgan, Abdulla Sayfiddinovichning so‘zini ko‘p tinglagan bo‘lsa-da, har gal u bilan yuzma-yuz kelib qolsa negadir borlig‘ini hayajon bosib, lavlagisi chiqib ketardi. U hozir ham hayajonlanib bir zum ikkilanib turdi-da, so‘ng shaxt bilan eshikni ochdi.
Professor Abdulla Sayfiddinovich deraza tagidagi stol yonida mukka tushgancha allaqanday qog‘ozlarni ko‘zdan kechirib o‘tirardi. Zangori darparda tutilgan derazadan tushayotgan quyoshning taftsiz nurida paxtaday oppoq bo‘lib qolgan sochlari tovlanib ko‘rinardi.
— Mumkinmi domla? — dedi Hilola eshik tutqichini qo‘yib yubormay. Professor stoldan vazmin bosh ko‘tardi-da, negadir jilmaydi.
— Keling, — dedi sekingina. Keyin oldidan bo‘sh kursi ko‘rsatdi. — O‘tiring. Hilola qip-qizil loladay tovlanib turgan kursiga iymanib ohista cho‘qdi.
— Tabriklayman Moskvada o‘tkaziladigan YuNESKO simpoziumida qatnashadigan bo‘ldingiz.
— Men… men-a?! — Hilola yalt etib professorga qaradi. Esankirab o‘rnidan turdi.
— Ha, siz! Fakultet kengashi tasdiqladi. — Professor Hilolaning kichkina qo‘lini siqdi. — Omad tilayman!
Hilola yo‘lakka chiqdi-yu, «Sizga hamroh bo‘lib mexanika-matematika fakultetidan G‘ayrat Kamolov boradi» deganini esladi. Demak, u ham anjumanda qatnashar ekan-da.
Shu tobda Hilolaning xayolida G‘ayrat, uning doimo o‘ychan, samimiy boqib turuvchi tim qora ko‘zlari, silliq taralgan sochlari qayta jonlandi. Beixtiyor u bilan tanishgan oltin kuz kunlarini esladi…
* * *
Oq xalatli doktor trolleybus ichida yotgan kampirning qo‘lini ohista ko‘tarib harakatga keltirdi. Tomir urishini eshitgach, shprits tayyorlab, bilagiga ukol qildi. Kardiamin tezda o‘z kuchini ko‘rsatdi: kampir kichkina, ajin bosgan ko‘zlarini yarim ochdi. Atrof tumanli, ayqash-uyqash bo‘lib — ko‘rindi ko‘ziga. Ko‘ngli ayniy boshlagach, yana ko‘zlarini yumib oldi.
Hilola trolleybus tomon chopib borarkan, tinmay harsillar, ko‘ngli mudhish bir narsani sezib, yuragi gupillab urardi. Trolleybus eshigi yonida odam tirband edi. Amallab ularni yorib o‘tdi. O‘tdiyu birdan… rangi qordek oqarib, lablari titrab, dahshat ichida qichqirib yubordi:
— Buvi, buvijonim! — U jon holatda kampirning qarshisida tiz cho‘kib, uni mahkam bag‘riga bosdi. — Sizga nima bo‘ldi, buvijon? Ko‘zingizni oching, ocha koling ko‘zingizni, buvijon!..
Kampir Hilolani ovozidan tanib, boshini xiyol ko‘tardi. Majolsiz qo‘llari bilan nevarasining sochlarini silab, ko‘ziga yosh oldi.
— Endi mashinaga olsak ham bo‘ladi, — dedi oppoq xalati ustidan qalin palto tashlab olgan ko‘zoynakli vrach. — Tezroq shifoxonaga olib borish kerak.
Ikki kishi brezent zambilni trolleybusning yonidan olib o‘tayotganlarida birdan odamlar chetlashishdi. Ichkaridan dilni larzaga soluvchi faryod eshitildi.
— Buvijon! Buvijonim! Ko‘zingizni oching! Ocha qoling ko‘zingizni, buvijon!
Simyogoch ostidagi «Damas» rusumli mashinaning eshigi ochib qo‘yilgan, atrofida besh-oltita odam to‘planib turar, havo sovib, bitta-bshta laylak qor yog‘a boshlagan edi.
G‘ayrat ularning oldiga kelib tosh qotib qoldi. Bir kampirga, bir sochlari so‘lg‘in yuzlariga yopishgan Hilolaga qarab turib titrab ketdi.
«Nahot, nahotki!..»
Kampir shu payt zambil yonida egilib borayotgan nazoratchi ayolga nimanidir uzatganday bo‘ldi, ovozi past, ingroq chiqdi:
— Boyagi yigit tushirib qoldiripti… omonat… Ko‘rsangiz berarsiz…
G‘ayrat o‘zining qo‘lqopini tanidi, tanidi-yu, birdan vujudi muzlab, ko‘z oldi qorong‘ilashdi, oyoqlari shalvirab, beixtiyor simyog‘ochga suyandi.
U o‘ziga kelganida mashinaning qizil chiroqlari uzoqlashgan, yo‘l chekkasida to‘planib turgan odamlar allaqachon tarqalib ketgandi. Faqat qulog‘i ostida Hilolaning yurakni ezuvchi faryodi, kampirning dilkashlik bilan nazoratchi ayolga aytgan so‘nggi so‘zlari hamon jaranglardi…