Allohning bo‘yog‘ini (lozim tuting).
Allohning bo‘yog‘idan chiroyliroq bo‘yoq
berguvchi kim bor?! Va biz unga ibodat
qiluvchilarmiz.
Qur’oni karim, 2/138
SULTONMURODNING YoLG‘IZ O‘TINChI
Ey inson… o‘z asling nimarsadur va ne yerdin kelibsan
va ne yerga borgungdur? Bu olam manzilgohiga nima
ishga kelibsan va seni nima uchun ofarida qilibdur?
Saodating ne ishdadur?..
Muhammad G‘azzoliy
Birinchi bo‘lim
YoDGOR NA’MATAK
(MUQADDIMA)
Hech kim ko‘zi ochiq turib, bolaligi kechgan joylardan ayrilmasun ekan. Ayrilsayam, yodga soladigan biron narsa qolsin ekan u atroflarda.
Yodimda: jimjiloqday keladigan pichoqcham bo‘lardi. Yo‘q-yo‘q, pakkicha emas, qalamtarosh ham emas, sadaf bandli mitti pichoqcha. Tog‘am hadya qilgan edi. Kattalarnikidan farqi — qini yo‘q, xolos.
Kschalari yostig‘im tagiga qo‘yib yotardim. Ko‘z ochishim bilan joyini paypaslab qolardim. Xuddi uyqudaligimda birov o‘marib qo‘yganday(!).
Goho bolalarga ko‘z-ko‘z qilgani maktabga olib borib, qaytishda tushirib qo‘ymayin, deb tarix kitobimning muqovasi orasiga yashirib yurardim. Bir kuni o‘sha pichoqcham… osmonga uchdimi, yerga kirdmmi, hech yerda yo‘q-da. Bir alam qiladi, bir alam qiladi. Zir yugurib, hammayoqning titi-pitisini chiqarvordim. Tokchadagi kirtaxning taglariyam qolmadi, kitoblarimning ichiyam. Yurgan yo‘llarimni necha qaytalab aylanib chiqdim, qani topilsa! Shunday alam qiladi, shunday alam qiladi! Go‘yo ichim yonib ketyapti.
Axiyri chidayolmadim: o‘zimni sandal chekkasiga otib, ho‘ngrab yubordim.
Avval ho‘ngrab-ho‘ngrab, keyin kuyib-kuyib, so‘ngida o‘ksib-o‘ksib, toza yig‘ladim. Hech alami tarqamasdi, unutolmasdim pichoqchamni. Axiyri yig‘lay-yig‘lay, oyimlarning kelishlarini kutib, namozshomga yaqin uxlab qolibman.
O‘sha yotishimda tush ko‘ribman. Jondan aziz pichoqcham tushimga kiribdi. Chiroyli mo‘ylov qo‘ygan, qora qosh, qora ko‘zli, uloqchilarday xushqad bir yigit: — Yo tavba, shunaqayam aniq-taniq ko‘rinadimi?! — tepamda jilmayi-ib turibdi. Qo‘lida o‘sha sadaf bandli mitti pichoqcham….
— Shumi, bolakay? Yigit kishi do‘ppisi bilan pichog‘ini oldirmaydi. Ma, mahkam bo‘l endi.
Pichog‘imni olayotib uyg‘onib ketdim. Yigitning suvrati shunday ko‘z oldimda turibdi. Qarindoshlarimizdan kimgadir juda-juda o‘xshab ketadi, quyib qo‘ygandek-u, lekin kimligini hech eslay olmayman. Yo Xizr buva yigit suvratida ko‘rindilarmikan?
Shundan keyin chindanam pichoqchamni topib oldim. Ertalab qarasam, sandal ustidagi katta gardin patnisimiz tagida turibdi. Birov atay shu yerga qo‘yib ketganday. O‘zim juda yaxshi eslayman: pichoqchamni sadaf bandi qirilib qoladi, deb hech patnis tagiga yashirmas edim…
Oyim uzun kechalar qora chiroq yorug‘ida mashina tikib o‘tirib, ba’zan Xudoning qahriga uchrab, yurtini yer yutgan, to‘fon turib suv bosgan, vulqon otilib kunpayakun bo‘lib ketgan joylar, qavmlar haqida hikoya qilib qolsalar, men dahshatga tushib, mana-hozir o‘sha falokatlar yopirilib kelayotgandek sandal ko‘rpasini boshimga tortardim-da, tancha ichiga kiriblar ketardim. Oyim esa, iliq jilmaygancha, yupatishga tushar edilar:
— Sen qo‘rqma, hali qiyomat qo‘pmaydi. Namoz o‘qiydigan bitta odam qolsayam, olamni yer yutmaydi. O‘shaning sharofatidan Xudo o‘zi asraydi, — derdilar.
Va ertalablari tanlarga va ruhlarga huzurbaxsh etuvchi yoqimli ovozdan — oyim qur’on tilovat qilayotgan bo‘lsalar — uyg‘onib ketib, qiroatning xush ohangidan erib yotarkanman, o‘zimga-o‘zim taskin berardim:
— Yaxshiyam oyim borlar, qiyomat qo‘pmaydi… Ammo oradan ko‘-o‘p yillar o‘tib, bir kuni — o‘rigimiz shoxlari rosa yashillikka burkalib, dovuchchalari tishga tegay degan kezda yer ostidan bir ofat guldirab keldiyu hammaning tinchini o‘g‘irladi-qo‘ydi: ming yildan beri o‘tirib kelgan yerimizdan ayrildik-qoldik. Uylarimiz silkindi, u yer-bu yerining suvog‘i ko‘chdi, sinchlari ochilib qoldi, hech kimni tom bosmadi. Taxmonlar o‘rnida, tokcha ham tashlab yubormadi. Ammo shu ofat bahona bo‘ldiyu hamma ko‘chirmaga tushdi. Bog‘larimizu soylarimizni shahar yutdi, o‘rnida do‘mlar qo‘ziqorinday potrab chiqa boshladi. Kindik qonimiz to‘kilgan, necha pusht otalarimiz o‘tgan u diyordan hech vaqo qolmadi. Tuproq o‘sha-o‘sha, makon o‘sha edi-yu, lekin endi u diyor yo‘q edi. Uni yodga soladigan bir o‘r yo qir, bir soy yo jilg‘a, bir qo‘rg‘on yo hovli qolmagandi…
Yillar keyin shu do‘mlardan biriga ko‘chib kelgan oshnam nevarasiga aqiqa qilib beradigan bo‘ldiyu kechqurun savzi to‘g‘rarga bordik.
Bir-biriga qalashtirib qurib tashlangan bu toshqo‘rg‘onlar orasidagi «hovli»da, pala-partish o‘ris daraxtlar ostida joy hozirlarkanmiz, qay biridandir taralayotgan tanish bo‘ydan biir huzurlandik. Shunda oshnam:
— Bay-bay-bay, jiyda gulining hididanam o‘tkir-a! Qarang, bir chaqirimdan gurkirab kelib turibdi,— dedi.
Meni xo‘rsiniq bosdi.
— Ho-ov,.. jiyda gulining hidi qayoqdayu bu qayoq-da!.. Bu do‘mlarning ostida qolib ketgan bog‘larni ko‘rmagansiz-da…
— Shoshmang-shoshmang, chindanam shu yerda hovuz bo‘lguchi edi, gir atrofidan har bahor bir chiroyli safsar gullar o‘sib chiqadigan. Keyin axlat bilan to‘lib ketib edi. Hozir pastak o‘rni qolgan, qarang.
— Rostdanam… — Men o‘ziyu gir aylanasi sal cho‘kib, bir paytlar hovuz bo‘lganidan darak berib turgan joyga yutoqib tikildim. Va, kimning hovuzi ekan, deb eslashga urindim. Shu alfoz… bu «cho‘kma» hovuz chetida cho‘kirtak to‘nkasidan gurkirab o‘sib chiqib, yakkam-dukkam gullashga ulgurgan na’matakka ko‘zim tushdi. Gulkosalari yirik-yirik, gulbarglari bo‘liq-bo‘liq, tiniq-tiniq, nafarmon edi u.
Hayratda qoldim. Shu na’matak xotiramni jonlantirib yuborganday edi. Ha, ha, hovuzning bir tomonida supacha bo‘lardi. Supa chetida esa bir tup na’matak o‘saru gullagan kezlari Izzadan esgan sal shabadadan ham hovuz yuzini na’matak gulbarglari tutib ketar edi.
O‘sha manzara xayolimda qayta jonlanib, ular hovuz suvining yengil mavjlarida xuddi nimpushti yelkanli qayiqchalarday, u tomondan bu tomonga suzib borib-suzib kela boshladilar… Xuddi o‘sha vaqtdagiday…
Esladim! Topdim! Bu o‘sha xolamgilarning bog‘i-mizga tutash tashlandiq hovuzlari edi. Gir atrofini baland-baland safsar gullar tutib yotguvchi, ko‘klam kelishi-la bir yonini egallagan yolg‘iz na’matak nafarmon-nafarmon gullab, tinmagur qurbaqalar allamahalga dovur vaqir-vuqur bazmlar qurguvchi hovuz.
Undan u yog‘i eski anhor o‘tgan chakalakzoru xaroba qo‘rg‘on — tomlari valangor, devorlari qor-yomg‘irlarda nurab yotgan — biz peshinlarda berkinmachoq o‘ynab charchamaguvchi bir joy edi.
Endi bilsam, bu diyorning tanazzuli xuddi o‘sha kezdan, yolg‘iz na’matakli bu hovuzning egasiz qolishi, bog‘larida binafshalar ochilib, maymunjonlar g‘arq pishib yotadigan bu qo‘rg‘onning xarobaga aylanishidan, xolavachchalarimning har yoqqa tirqirab ketib, bevatan qolishlaridan boshlangan ekan!
Bu yetim na’matak endi o‘sha biz ko‘z ochib ko‘rgan diyordan bir ma’yus xotiraday, tirik ertak guli misoli, u safoli va baloli kunlardan bir yodgor bo‘lib, do‘mlar o‘rtasida o‘z holicha o‘sib, o‘z holicha gullab yotar edi…
1. OYDINDA UChGAN TURNALAR
Yarim kechamidi, bir uyg‘onsam, qovug‘im to‘lib, sim-sim achishib ketyapti. Ammo hech ko‘zimni ochgim yo‘q, shunaqa shirin uyquda ekanman! Qovoqlarim qumga to‘lganday, kipriklarimni birov shirachlab tashlaganday. Shu yotishimda qulog‘imga bir ajib qur-qurlagan tovushlar kiradi. Bu tovush-nag‘malar tomimiz tepasidan kelyaptimi yo bog‘ tomondanmi — bilolmayman. Turnalar shekilli? Boyaqishlar shunaqa kech qolib ketishibdimi? Unday desam… buncha yaqindan kelmoqda bu ovozlar? Xuddi ustimda g‘ujg‘on o‘ynashayotgan kabi?..
Amal-taqal qilib ko‘zimni ochib oldim. Shirach yuvildi, qum aridi go‘yo. Shundagina ko‘rdim: deraza tagida yotgan ekanman, ustimga kelib qolgan to‘lin oy — ko‘kning yolg‘iz kelinchagi derazaning tepa ko‘zidan mo‘ralab turibdi.
Bog‘ tomondan boyagi qur-qurlar, noma’lum qushlarning sirli chug‘ur-chug‘urlari eshitiladi. Go‘yo turnalar tungi olis uchishidan toliqib, bir zumga yoni-mizdagi hovuz bo‘yiga qo‘nganu bir-birlariga yo‘lda ko‘rganlarini hovliqa-hovliqa so‘ylab berayotganday.
Dik etib tura, hovliga chiqdim. Beixtiyor oyog‘im bog‘ eshikka tomon tortdi. Tashqari — butun olam sutdek oydinga cho‘milib yotibdi: ishkomlaru devor sarxoklarigacha allatovur ko‘rinadi.
Tambani olib, eshikni ochdimu ostonada lol qoldim. Hali-hanuz anglab yetolmaymanki, tushimmidi yo o‘ngim? Bir talay ajib qushlar oy nurlarini emib yotgan xaroba qo‘rg‘on tepasidan pastlab kelib, oydanda oq — jujun qanotlarini yoyganicha hovuz bo‘yiga qo‘nishar, qaybirlari «qur-ey, qur-ey»lab suvga talpinishar, suvga qongan qaybirlari esa, juft-juft bo‘lib, hovuz atrofida raqsga tushishar, o‘z tillarida bir-birlariga roz aytib, nag‘malar chalishar edi.
Har ko‘klam va har kuzda osmoni falakdan arg‘amchi solib o‘tguvchi, «qur-ey, qur-ey»lari biz bolalarni dalalarga yo tomlarga chorlaguvchi bu qushlarni hozir men juda yaqindan, ellik qadam beridan ko‘rib turardim, ularning xuddi tushdagiday, oydinda uchib-qo‘pishlaridan hayratda edim. Ular shunday ovloqlarni xush ko‘rishadi. Ilgarilari Qo‘shilish ga qo‘nib, Bo‘zsuv bo‘ylarida suvlab quvnagan bo‘lsalar, bugun xolamgilarning tashlandiq qo‘rg‘oniga oralabdilar. Yo‘ldan adashdilarmi yo kimsasiz hovuz oydinda ko‘zlariga xarobalar orasiga tushib qolgan dumaloq ko‘zgu bo‘lib ko‘rinib, o‘zlarini oynakka solgilari kelib, bu yerga qo‘ndilarmi? Manzara chindanam g‘aroyib edi.
Balki men hamon tush ko‘rayotgandirman?..
Yo‘q, bu ovloq, bu xaroba qo‘rg‘onning shunaqa jozibasi ham bor: ayniqsa na’matak gullaganda, safsar gullar ochilganda biz bolalaru qizlar shu yerga tanda qurib olamiz. Anuv qarovsiz bog‘ ortida hali qo‘ziqorinlar potrab, maymunjonlar ham pishib bersin-chi!..
Balki bular turna ham emasdir? (Axir bundayin jujunqanot turnalarni kim ko‘ribdi? Ovozini demasa, nimasi o‘xshaydi?) Balki bir nimalar meni yotgan yerimdan avrab olib chiqib… Va o‘zlari qush bo‘lib ko‘rinib…
Sovuqdanmi, boshqadanmi junjikib, bog‘ eshikni sekingina yopdimu tambani bosa, uyga chopdim. O‘rnimga kirasolib, ko‘rpani boshga tortarkanman, taxmon tomondan oyimning ovozlari keldi:
— Ha, Maqsudxo‘ja, uyqusiradingmi?
— Yo‘q, oyi, o‘zim, — dedim uyalib.
— Hayallab qolding?
Xayriyat, tutnim ham, ajinalar ham emaskan. Oyim sezib yotgan ekanlar. O‘zimga kelib, ko‘rganlarimni aytishga oshiqdim. Boshimdan ko‘rpani otib tashlab, azza-bazza o‘tirib oldim.
— Oyi-chi, oyi, xolamgilarning qo‘rg‘onida nimalarni ko‘rdim, aytaymi?
— Nimani ko‘rding?
— Allaqanday katta-katta, g‘alati qushlar uchib yuribdi. Turnaga o‘xshaydi, lekin oq, kulrang, yashil — har xil. Hovuz bo‘yida g‘ujg‘on o‘ynab yotibdi. Rosa zo‘r sayrayaptida o‘ziyam.
— La havla va la quvvata… «Subhonolloh», de, bolam.
— Aytdim, oyi…
— Yana ayt-da, yot, uxla. Ko‘zingga ko‘rinishibdi…
— Nima, oyi? — dedim hayratga tushib.
— Boyaqishlar, — deb pichirladilar oyim.
— Kim, oyi? Kim ko‘zimga ko‘rinibdi?
Axir, o‘zim ko‘rdim-ku! Rostdanam u qushlar uzoq yurtlardan uchib kelaturib qo‘ngan turnalardi.
Oyim chuqur tin olib, xo‘rsindilar. Ovozlari ham qaltirab chiqdi.
— Xudo rahmat qilgan bo‘lsin hammalarini. Chirqirab yuribdi ekan haliyam boyaqishlarning ruhlari.
Men hayron qoldim.
— Nega unaqa deysiz, oyi?
— Boyaqish xolangni, Abdurahim eshon pochchani aytaman-da. Shunday xonadon… tariqday sochilib ketdi-ya, xonavayron etdilar-a! — Oyim o‘rnilaridan turib o‘tirib, ro‘mollarini o‘rashga tutindilar. — Xudoyim o‘zi bilib-ko‘rib turgandir? Qasd qilganlarni qoldirmas bunday!
Oyim azza-bazza ro‘mollarining uchini mijjalariga bosdilar. Ovozlari yana qaltirab chiqdi.
Darvoqe, o‘zi nima bo‘lgan? Shu qo‘rg‘on haqida gap ochildi deguncha ko‘zlari yoshlanib, ovozlari o‘zgarib kelaveradi. Rahmatli xolang, rahmatli Abdurahim eshon pochcha, deydilar-u, u yog‘ini aytolmaydilar. Biz esimizni tanibmizki, bu uylarning tomi ochiq, paxsa devorlari qor-yomg‘irlarda nurab yotadi. Shuncha yilning badalida bu yerga hech kim ko‘chib ham kelmadi, tomlarini tiklashga urinmadi ham. Qarg‘ish tekkanday, so‘ppayib yotadi. Hovuzga ham suv kirib-chiqib turadi-yu, lekin bizdan bo‘lak hech kim ichmaydi.
«Oyi-i, ular qayoqqa ketishgan, nimaga qaytishmaydi?» deb so‘ragim keldi-yu, jur’at eta olmadim. Oyim o‘z yumushlari bilan chiqib borardilar.
Ha, oyimlarga ham osonmas. Yarim kechagacha qora chiroqda ish tikib, moshinachilik qiladilar. Bomdodni o‘qiboq sigir sog‘adilar. Kechqurun sog‘ilganini dokada suzib, ikkita idishni to‘ldiradilar-da, paranjini qiyshiq yopinib, Cho‘lponotaning sut bozoriga yo‘l oladilar. Qaytishda ro‘zg‘orga bozor-o‘char qilib keladilar. Ungacha kun ham yoyilib ketadi. Keyin dalaga qarab chopadilar. Tushgacha bir qop, tushdan keyin bir qop dagirga o‘t olib kelmasalar, boshqa hech vaqo yo‘q. Kunimiz shu sigirga qolgan. Maktabdan kelgunimcha, u ko‘chamizdagi tol tagida «ro‘za tutib» yotadi. Tushdan keyin men bitta kitobni qo‘ltig‘imga qisib, Izzaga o‘tlatgani olib ketaman. Cho‘milib, baliq tutib, chimzorlarda gurpaklashib umrimiz o‘tadi. Zeriksam, tolning soyasiga o‘tib, chimzorga cho‘zilaman-da, pag‘a-pag‘a bulutlarning ming shaklga kirishiyu so‘fito‘rg‘aylarning chug‘urlashiga mahliyo bo‘lib, soatlab ko‘kka tikilib yotaman…
Bunday qarasam, oy allaqachon derazamiz ko‘zidan o‘tib havolab ketibdi. Endi bir parcha nuri taxmon tomonga cho‘zala tushib turardi. Boyagi ovozlarni qo‘msab, tashqariga quloq tutdim. Ammo bu safar nimagadir qurildoqlar ovozidan bo‘lak hech tovush eshitilmadi.
Boyagi qushlar nima bo‘ldi ekan? Oyim «ko‘zingga ko‘rinishibdi-da» deb nimani, kimni nazarda tutdilarkin? Shu xayollar og‘ushida ekanman, totli bir uyqu eltib kelib, sekin o‘rnimga cho‘zildim va o‘zim sezib-sezmay xayoliy olamlarga suzib kirib ketdim.