Ko‘m-ko‘k maysalar, yaxshi sabzalar bilan o‘ralgan keng, go‘zal bir qirning ustida bir ayg‘ir ot yolg‘iz o‘zi o‘tlab yurar edi. Yangi chiqqan yam-yashil, ko‘m-ko‘k o‘tlarning eng yaxshisini tolalab-tolalab yer edi. Yeb, qorni to‘ygandan so‘ng u yoq-bu yoqqa o‘ynoqlab, kishnab yurar edi. Hech kimni yoniga yo‘latmas edi. Yollarini yiltillatib yurib, charchagandan keyin, dalaning har xil xush isli chechaklar ochgan tekis yerlariga borib ag‘anar edi.
Bir zamon bu yerga bir xo‘kiz kelib qoldi. Dalaning rohat-go‘zalligini ko‘rgach, shu yerda qolmoqchi bo‘ldi. «Dala — keng, tekis, o‘tlar qalin, suvlar tiniq, xuddi tog‘larning tepasidagi yaylovlarga o‘xshaydi, o‘ti menga ham yetar, otga ham yetar», deb o‘yladi. Ot buni ko‘rib achchig‘i keldi. Quvlab yubormoqchi bo‘lib kelgan edi, xo‘kiz suzib, yaqin keltirmadi. Shundan so‘ng otga juda alam qilib, odamning yoniga kelib: «O‘rtoq, shu ho‘kizni qirdan quvlab yuborishga ko‘mak qilsang-chi», — dedi. «Tuzuk, sening bu iltimosingni qabul qilib, ho‘kizni quvib yuboraman, ammo tez quvlash uchun sening orqangga egar, og‘zingga yugan solib, ustingga otlanishim kerak bo‘ladi. Shunga ko‘nasanmi?» — dedi.
Ot bu shartga unadi. Odam egarlab va yuganlab, otni minib olib, qirga chiqdi. Ho‘kiz buni ko‘rgandan keyin qirdan qochib ketdi. Ho‘kizdan qutulgach, ot kishiga: «Qani, o‘rtoq, ustimdan tush, egar-yuganingni ol, ho‘kizni haydaganingga rahmat!» — dedi. Kishi otdan tushdi, lekin otning og‘zidan yuganni olmadi. Buning ustiga oyoqlariga ham kishan soldi. Shu kundan boshlab bir yerga bormoqchi bo‘lsa, darrov otning ustiga egar solib, minib boradigan bo‘ldi. Ot esa odamga qul bo‘lib qoldi.