Besh soatlik yo‘l edi
Marg‘ilonning orasi…
Marg‘ilonda yashardi
Onalarning onasi…
Borishimni avvaldan aytsam, halovatingizni yo‘qotib, yo‘qni yo‘ndirishga tushardingiz. Holbuki, yoshingiz saksonni ham qoralab o‘tgandi, Ona. Shu boisdan keyingi paytlarda uyimizga bexosdan kirib borishni odat qilgandim. Darvozadan ko‘rinishim bilan go‘yo dunyoning bor shodliklari Sizni quchardi. Kavushingizni kiyar-kiymas mendan ildamroq yurib peshvoz chiqarkan, qalbim hech kimning ovozida hech qachon his etmagan bir harorat bilan so‘zlab kelardingiz:
– Hay-hay-hay… bugun qandoq yaxshi kun ekan! Qandog‘am yaxshi kun ekan! Qayoqlardan kelib qolding, bolajonim!
Ko‘ksimni… men o‘zim ham ismini bilmaydigan bir tuyg‘u ostin-ustun qilib yuborardi. Umrim bo‘yi izlagan mehr yog‘dusiga borlig‘im qorishib ketardi. Yuragim titrar, ko‘zlarimga nurli halqachalar to‘la boshlardi. Sir boy bermaslik uchun:
– Osmondan tushdim, onajon, osmondan, – derdim hazil qilgandek.
– Ha-a, hali samolyot uchib o‘tganda, o‘zim ham o‘ylagandim…
Eh-he, men Sizni o‘tgan safar ko‘rib ketganimdan buyon osmondan necha marta samolyotlar uchib o‘tdiyu!.. Ularning hammasini umid bilan kutib, kuzatib…
Marg‘ilonda yashardi
Onalarning onasi:
Rayhon nafasli, qaddi –
Jannatlarning lolasi.
Nasimlarni taratgan
Sochlarining tolasi.
Kunduzlardan yorug‘roq
Ko‘zlarining qorasi…
Endi eslasam, hattoki to‘qsonni qoralab qolganingizda ham, qachon biz – farzandlaringiz uyimizga borsak, hammadan oldin choy qo‘yib, dasturxon yozish taraddudini o‘zingiz boshlab berardingiz, Onajon.
– Siz o‘tiring, hozir o‘zimiz oshxonaga chiqamiz, — desak… “Sen uzoq yo‘ldan kelding, charchagansan”, deb har doimgidan ham chaqqonroq bo‘lib ketardingiz.
Uy-ro‘zg‘or ishlaridan Sizdek rohat oladigan, atrofidagilarga quvonch ulashganidan o‘zi ikki, uch… o‘n barobar quvonadigan ona bo‘lish baxti menga nasib etdimi, yo‘qmi… bilmadim. Xotiralar ummoniga harchand g‘arq bo‘lmayin, Sizning qo‘lingiz mehnatdan bo‘sh turgan lahzani eslolmayman.
Bugun ko‘p qavatli uyning jo‘mragini burasang, issiq, sovuq suv sharillab oqadigan, qishda pechka yoqish tashvishi bo‘lmagan xonada yashab, o‘zimni charchagan his etganimda… nimadir sabab bilan qiyofangiz ko‘z oldimga kelarkan, ko‘zlarim “yarq” etib ochilgandek bo‘ladi: tong yorishmasdan ko‘chayu hovlini supurishdan boshlangan ishlaringiz yarim tunda ham tamom bo‘lmasdi. Tikkan do‘ppilaringiz, charaqlatib yuvgan kirlaringiz, dasturxonga savati bilan keltirib qo‘ygan jizzali nonlaringiz, bozordan ko‘tarib kelganingiz meva-chevayu bizga atalgan liboslardan quvonch, ixlos, mehru muhabbat nafasi ufurib turardi. Dadajonim hayotdan erta ketgach, ro‘zg‘or yukining ozginasini bo‘lsa-da, bizga yuklashga shoshilmadingiz: “Dadang ilmni qadrlar edilar” – mana shu gap bilan otajonimning e’tiqodlariga bir umr sadoqatli bo‘lib qoldingiz, biz o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lib, kelajagimizga poydevor qo‘yishimiz uchun o‘ktamlik bilan ro‘zg‘or yukini ko‘tardingiz.
Hech bo‘lmasa, keksaygan paytingizda ahvolu holingizni aytib, bizdan tez-tez xabar olib turishimizni, e’tiborliroq bo‘lishimizni talab qilsangiz bo‘lardi-ku, mehribonim! Doim dilimizni avaylagansiz, biz esa…
O‘ralashdim Toshkanda
Marg‘ilonning bolasi.
Marg‘ilonda yashardi
Onalarning onasi.
Sog‘inchi – gul, duosi
Bahoriy ko‘k jolasi.
So‘zlari – oynur, dili –
Muhabbat sayyorasi.
Yana eng ta’sirlisi… uch-to‘rt oydami, yarim yildami yoningizga borsam, uyimiz mehmonxona vazifasini o‘tardi, hattoki mehnat ta’tilim paytida ham bir-ikki kun Siz bilan yuzma-yuz o‘tirib, o‘zimning ish va tashvishlarimni bir tomonga surib qo‘yib, shunchaki dildan uzoq suhbatlashganimni bilmayman. Jurnalistlik kasbim taqozosi bilan viloyatma-viloyat yurib, mehnatda, hayotda, ijodda boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan qahramonlarni izlab topib, ularning gap-so‘zlariyu ishlaridan hayratga tushib yozardim…
Shitob kechdi oy, yillar,
Dedim: “Bandman, chorasiz”.
Maskan bo‘ldi onamga
Sog‘inch tog‘in qoyasi…
Hattoki, Marg‘ilonga borgandayam Siz bilan salom-alikdan keyin navbatdagi yozadigan maqolayu ocherklarim uchun qahramonlar topish, ular bilan suhbatlar uyushtirish asosiy yumushim bo‘lardi. Holbuki, qo‘li gul chevar, nozik didli pazanda, kattaga katta, kichikka kichik bo‘lib xolis maslahat berguvchi, qo‘ni-qo‘shnilarning tili bilan aytganda, “birovning ishi bitishi uchun astoydil yordam beradigan jannati ayol” edingiz, Siz haqingizda yozishni biror marta xayolimga ham keltirmabman… men kim bo‘ldim?!
Boshqalarning ta’rifida so‘zlarni marjon qilib terdim… yashirmayman, gohida ehtiros, gohida kayfiyatim, ba’zan esa nimadir majburiyat sabab bilan ko‘-o‘plarning ta’rifini xo‘pam keltirdim. To‘g‘ri, sog‘inganda Sizga atab she’rlar yozdim, ammo nechun biror marta bo‘lsa-da, o‘zingizga: “Siz dunyodagi eng bebaho onasiz! Men Siz bilan faxrlanaman! Men uchun hayotda eng birinchi ibrat maktabi — Sizning hayotingiz, so‘zlaringiz!” – deb aytmadim? Agar shunday deganimda bormi, eh-he!..
Yuragimga eng so‘nggi kunlaringizda takror-takror aytgan bitta gapingiz guldek naqshlanib qoldi. O‘shanda qolgan kuchlaringizning barisini bizni duo qilishga sarfladingiz chog‘i, munisam. “Bolalaringiz o‘zingiz kabi mehribon bo‘lsin!” – o‘z umringizdan shukronalik, bizdan rozilik va minnatdorlik bu duoda jam edi. Hayotimda ko‘p duolar eshitdim, lekin soddayu dono, har safar eslaganda ko‘nglingni o‘stiradigan bunday tilakni Sizdan tingladim.
Besh soatlik yo‘l edi
Marg‘ilonning orasi…
Qo‘l uzatsang yetgulik –
Qoshu qaboq orasi..
Bugun Sizning diydoringizni bir bora ko‘rish nasib etsa, menga obro‘, shon, davlat keltirishi mumkin bo‘lgan hamma ishlarni hech ikkilanmay chetga surib… hattoki Toshkent bilan Farg‘ona o‘rtasidagi dovon muzliklaridan piyoda chopib borishgayam tayyorman. Jismimda, ruhimda Sizning bir nigohingizdan malham tilagan sog‘inchga taskin izlab boru yo‘g‘imni nisor etmoqqa hoziru nozirmanu ammo…
Hammadan yaqin ekan
Ikki dunyo orasi.
Suydi, kutdi va ketdi
Onalarning onasi,
Bu dunyoda yo‘q endi
Sochiniyam tolasi.
“O‘zAS”dan olindi.