Bu tog‘mi? Balandlikmi? Buning umuman qizig‘i yo‘q, muhim ham emas. Shu yoqqa chiqish kerak. Tamom-vassalom. Tirmashganlar ko‘p, bolalaru chollar, juvonu kampirlar, yigit-qizlarniyu asti gapirmang. Hammasi o‘sha yoqqa, nima bor u yoqda, bilmayman. Lekin men ham orta qolmay deb yuqoriga, yuqoriga va yana yuqoriga intilaman. Qani endi natija bo‘lsa, sal odimlaganday bo‘laman. Ammo gup etib yana pastga qulayman. Bu nimasi, boshqalar qanday uddalayapti axir. Atrofga razm solaman. Odamlar binoyidek ildamlashyapti. Biroq menga o‘xshash gupillab yiqilayotganlar ham oz emas. Yana bir marta bor kuchim bilan harakat qildim, sal yuqorilaganday bo‘ldim, keyin chunonam dupillab tushdimki, ko‘zimdan olov chiqqanday bo‘ldi. Birov ko‘rib qolmasin deya darrov ustimni qoqaman, atrofga boqaman. Shunda ellik qadamcha narida egnida oq yaktak, soch-soqoli ham oppoq bir mo‘ysafid menga qarab kulib turibdi. Achchig‘im chiqib yoniga bordim-da:
– Nega kulyapsiz? – dedim jahl bilan. U xotirjamlik bilan yonidan joy ko‘rsatib, “o‘tir” degandek ishora qildi.
– Rahmat, sizga o‘xshab bekorchi emasman, – dedim
– Na salom bor, na alik, bu qanaqasi? –dedi yana muloyimlik bilan.
– Birinchidan, men sizni tanimayman. Ikkinchidan, nega siz meni ustimdan kuldingiz?
– Bolam, o‘zingni bos, men senga kulganim yo‘q.
– O‘zim ko‘rdim, balandlikdan toyib yiqilganimda ustimdan kuldingiz yo tonasizmi?
– Qaysi balandlikdan?
– Anavi tog‘dan – dedim qo‘lim bilan ko‘rsatib.
– Shumi tog‘ deganing?
– Ha, nimaydi.
– Nima bor u yoqda?
– Bilmadim.
– Unda nega chiqmoqchisan?
– Chiqishim kerak. Hamma o‘sha yoqqa chiqishni xohlaydi.
– Nega?
– Chunki u yoqda hayot zo‘r, misoli jannat.
– Yo‘g‘-e, – dedi ajablanib.
Battar jahlim chiqdi. Tavba, bu nima balo, xudobexabarmi? Yo o‘zini jinnilikka solyaptimi? Ha… Endi bildim, bu chol kuchdan qolgan, o‘zi ham cho‘qqiga chiqishni orzu qiladi. Ammo kuch-quvvati yetmaydi. Shuning uchun o‘zini ovsarlikka solyapti. Men bo‘lsam bu bilan pachakilashib vaqtimni zoye ketkazyapman. Bore… dedim ichimda, endi ketmoqchiydim:
– To‘xta, rostdan ham shu yoqqa chiqmoqchimisan, – dedi muysafid yana ham xotirjamlik bilan.
– Nimaydi?
– Diqqat bilan quloq sol, avvalo, bir eshikdan kirishdan oldin chiqishni o‘ylash kerak. Qolaversa, yuqoriga chiqib tushgan odamlar qancha, ulardan, o‘zing aytmoqchi, «misoli jannat» hayot haqida so‘rab bilsang bo‘lmaydimi?
– Bo‘l-may-di. Men eshitganiga emas, ko‘rganiga ishonadiganlardanman.
– Materialistmisan?
Obbo, buni rostdan ham tomi ketibdi-ku, shu zamonda materialistga balo bormi? Yana o‘zini dono qilib qo‘rsatganiga o‘laymi, men kim, beshtakam kandidatman. Xo‘sh, bu chol kim o‘zi, ming‘ir-ming‘ir vaysaqi, javob beraman, sal yoshroq bo‘lganda menga qo‘shilib, yuqoriga harakat qilayotgan bo‘lardi. Na iloj, “uzumga bo‘yi yetmagan tulki tuf sasiq” degan ekan.
– Yaxshilab qara! Tog‘mi? Cho‘qqimi? Tepallikmi? – qo‘llarini o‘sha yoqqa qaratib dedi qariya. – U yoqqa o‘z kuchi bilan chiqayotganlar mingtadan bitta, qolganlari maxsus ip orqali ko‘tarilishyapti. Sen darajangni bilasanmi o‘zi?
Fig‘onim falak bo‘ldi. Shu turishda bo‘g‘ib o‘ldirib ko‘ygim keldi. Lekin o‘zimni bazo‘r tiyib, ko‘zlariga ko‘zimni tik qadab: – Ha, o‘ttiz to‘qqiz yarim, bo‘ladimi? – dedim kinoya bilan.
– Yaxshi, darajangni bilar ekansan. O‘zing bilan harorat o‘lchagich olib yurasanmi, deyman.
Endi alahsirayotganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.
Iy-e, indamasam bu sassiq chol meni rostdan masxara qilishni boshladi shekilli, yaxshilab qulog‘ining tagida bir shavla qaynatib qo‘yay dedim-ku, shaytonga hay berdim. Shu bilan g‘ijillashib qancha vaqtim ketdi. “Tentak!” Shart unga ters o‘grildim-da, kelgan tomonimga qarab keta boshladim. Odamlar binoyidek, ildamlashyapti, biroq hech qanaqa ip ham, arqon ham ko‘rimaydi. “Bu cholni miyasi aynigan desam, ko‘zdan ham qolgan ekanda”, xayolimdan o‘tkazdim. Cholga achinganimdanmi, yo boshqa sababmi, ortimga qaradim. Qaradim-u, ne ko‘z bilan ko‘rayki, o‘rindiqda chol yo‘q. U qaygadir g‘oyib bo‘lgandi. Atrofga qaradim. Shunda bir g‘alati manzarani ko‘rdim. Minglab odamlar yuqoriga harakat qilsalar-da, bu yoqda millionlab odamlar o‘zi bilan o‘zi ovora ekan. Tavba. Bu qanaqasi, bular qachon, qayerdan kelishdi. Nima bilan mashg‘ul, hayratdan joyimda qotib qoldim. Shunda kimdir ortimdan kelib, qo‘limdan ushlab, yuring, yuring deb, tog‘ tomonga tortyapdi. Qarasam, bir go‘zal qiz, huriliqo jilmayib turibdi. Endi battarroq
ajablana boshladim. U esa qattig‘roq, jadalroq, “yuring, yuring”…
– Turing, turing…
Cho‘chib ketdim, ko‘zimni ochsam xotinim qo‘limdan ushlab “turing, turing”… deyapti.
– Nima, yomon tush ko‘rdingizmi? Dadasi, biram alahladingiz-e, – deb qo‘shimcha qildi kamiga.
“Suf-e, tushim ekan”, endi anovi suluv bilan gaplashmoqchiydim, manov o‘sar uyg‘otib yubordi. Men xotinimga biroz termulib qoldim.
Ha, tinchlikmi? – dedi xotinim og‘zining tanobi qochib. Xuddi bir narsani bilib olganday, hayotdan mamnun bo‘lib tishlarini oqini ko‘rsatib iljayib turardi. Bu ayni o‘sha holat edi. Shu kulib turishi yoqmadi. Qo‘limni ters tomoni bilan yuziga bir urdim.
– Nega urasiz? – deb yig‘lay boshladi.
Tushuntirib o‘tirmadim, tong yaqinlashib qolgan ekan, turib yuvinib-tarana boshladim. U ham yig‘lab-yig‘lab mayda-chuydalarini yig‘ishtira boshladi. Bog‘chaga boradigan o‘g‘limni hol-joniga qo‘ymay uyg‘otdi, yig‘latdi, kiyintirdi-da, “Biz onamnikiga ketamiz”, dedi hali ham yig‘lashdan to‘xtamay.
Onam doim xotin ketaman desa, er “ketaver” deb bo‘lmaydi. Chunki bu ham taloqqa sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun sekin “mayli, borib kel” denglar deb ko‘p nasihat qilardi. Hozir shu esimga tushib, “ketaver” emas, aksincha…
– Bor jo‘na! – dedim zarda bilan.
U ko‘zida yosh bilan bolani yetaklab chiqib ketdi. Ketsa, ketaversin. Necha marta ketgan bo‘lsa, hamisha qaynonam yo onam qaytarib olib kelgan. Ammo men hech qachon yigit boshimni egmaganman, bundan keyin ham egmayman, yalinmaganman. Chunki men – bu menman. Men haq, ular nohaq. Ayb o‘zida.
* * *
Ishga bordim, ertalabdan dilxiralik bo‘lgandan keyin qolgani nima bo‘lardi. Ishxonada ham asabbuzarlik, shartta boshliqning oldiga kirib, mazam bo‘lmayotgani aytib javob oldim-da, ketdim.
Yo‘l yurar ekanman, bo‘lgan voqealari tahlil qila boshladim. Kim haq, kim nohaq. Xotin degan erni tushunish kerak-da. Ayniqsa, menga o‘xshagan beshtakam kandidatni, u kim – o‘rta ma’lumotli bir xotin. Aslida, gap ma’lumotda ham emas. Tushunishda, ha, ha, erni tushunishda. Hamma balo shunda. Bugun anchadan beri dilxunlikka sabab bo‘layotgan voqeaga nuqta qo‘ydim. Xolos.
* * *
Bir hafta o‘n kun avval uning qishlog‘idan ikki ayol ish bilan shaharga kelgan ekan. Ishlari bitmay qolib, biznikida bir kecha qolishadigan bo‘libdi. Xotinim telefon qilib, shunday-shunday deb tushuntirib, osh qilmoqchiligini, ammo go‘sht yo‘qligini aytdi. Jahlim chiqdi. Nima, mehmon kelishini tush ko‘ribmanmi? O‘ylab turib, yonimizdagi do‘kondan uch-to‘rtta tuxumni qarzga olib turgin, deb maslahat berdim.
Uyda mehmonlar borligini bilib, atay kech bordim. Mehmonlar bilan hol-ahvol so‘rashib, apil-tapil ovqatlanib, charchaganimni bahona qildim-da, yotoqqa ravona bo‘ldim, ortimdan darrov xotinim yugurgilab kirib, mehmonlarga bir-ikki maslahatingiz kerak ekan, dedi. “Nima, men maslahatchimanmi?” – deb jerkib berdim. To‘g‘rida, o‘tgan safar bir ish bilan mening qarindoshlarim kelishgandi. Ishi bitmay, bir hafta ularga qo‘shilib men ham ovora bo‘lib yurdim. Boshliqdan ham qancha gap eshitdim. O‘lganning ustidan tepgan qilib deng, ish bilan kelgan odamlarning ko‘ngillari kino, teatr, istirohat bog‘larini tusab qoladimi-e, chiqim ustiga chiqim. Kimga zaril. Bu safar uning qishloqdoshlarini yetaklab yurishim kerak. Ahmog‘ing yo‘q. “Bor ishingni qil”, dedim.
Ertasi kuni ertaroq ishdan qaytdim. O‘g‘lim bilan apoq-chapoq qilib o‘tirgandim. Xotinim ovqatga urinayotgandi. Eshik taqilladi. Men ochdim. Tag‘in o‘shalar – ishlari bitmay yana bir kun qoladigan bo‘lishibdi. “Yaxshi, kiringlar”, dedim. Yana nima deyin. Xotinim oshxonada meni imo qilib chaqirdi. Kirdim, yana go‘sht muammosi. Qassobxonalar yopilib bo‘lgan. Do‘kondan ikki yuz gramm “varionnыy kalbasa” oldim-da, xotinimga ovqatga qo‘shishini aytdim. Ertasiga ishga ketar chog‘imda, mehmonlar bugun qishloqqa qaytishlarini aytdilar. Xayrlashdim, qarindoshlarga, tanishlarga salom aytishni tayinladim. O‘sha kun ishxonada ish ko‘payib juda kech qaytdim. O‘g‘lim ham kutaverib axiyri uxlab qolibdi. Uyda mehmonlar yo‘q ekan. Sal yengilroq nafas oldim. Yuvinib-taranib, endi ovqatlanishga o‘tirgandim, eshik taqillab qoldi. Ochsam, ertalab xayrlashib ketgan yana o‘sha mehmonlar… Ular ham xijolat, har holda xayrlashib ketgan. Borsakmi? Bormasakmi? Bir qarorga kelgaunlaricha vaqt ham allamahal bo‘libdi. “Hechqisi yo‘q, tor
tinmanglar, xuddi o‘zingizning uyingizdagidek his qiling, uyimizni to‘ri sizlarniki, dedim, noiloj. Axir ota-bobomiz “Bug‘doy noning bo‘lmasa ham, bug‘doy so‘zing bo‘lsin”, deb bejizga atishmagan-ku.
Kechki ovqat allaqachon tayyor bo‘lgandi, dasturxonga kartoshka bilan qovurilgan makaron tortildi. Nachora bu vaqtda do‘konlar ham yopilib bo‘lgan. Sal ertaroq bo‘lgandami? Balkim biror tansiqroq narsa o‘ylab topsa bo‘lardi. Endi iloj qancha. Peshona ekan. Hamma dasturxonga qaradi. Qani olinglar…
* * *
Bir-ikki kun ishdan kech qaytib yurdim. Mehmonlarning ishi bitdi shekilli, har qalay ko‘rinishmay qoldi. Uch-to‘rt kun deganda xabar keldi. Bu qishloqdoshlar xotinning onasiga borib, rosa maqtabdi. “Qizingiz bekam-ko‘st yuribdi”, debdi. Hammasidan ham o‘tib tushgani “Muzlatgichida hamma narsa bor ekan”deb aytibdi.
Muzlatgichni ochdim, uch-to‘rtta bulg‘or qalampir, ikkita pomidordan boshqa aytarli hech narsa yo‘q, bo‘lmagan ham. Pastki qavatida esa bitta bonkada guruch, yana bittasida mosh, yana birida no‘xat turar va yana allambalo narsalar, jon-ponim chiqib ketdi. Miyamga “ular ustimizdan kulishgan” degan fikr keldi. Nazarimda, muzlatgichda go‘sht, tuxum, sir, kolbasa va yana boshqa tansiq yeguliklar bo‘lishi lozim edi. Biznikida-chi… Hamma ayb xotinda, qaysi ahmoq no‘xat-moshlarni muzlatkichda saqlaydi. Tentakmi bu… buni xotinimga qanday tushuntirishimni, izohlashimni bilolmay turib qoldim. Jahlim chiqib, asabim o‘ynay boshladi. U esa hamon, parvoyi falak, “Muzlatgichida hamma narsa bor ekan debdi”ni aytibdi. Hayotdan mamnun bo‘lib, tishining oqini ko‘rsatib iljayib turardi. Shu turishda yuziga bir tarsaki tushirganimda, nega beayb meni urasiz, deb onasinikiga ketib qolgan bo‘lardi. Ayni paytda buning sababini tushuntirishni ham xohlamasdim.
* * *
Bugun tong-saharda meni uyg‘otganda ham xuddi o‘sha holat tag‘in – iljayib turardi. Beixtiyor yana o‘sha kungi vaqeani esladim-u yuziga qo‘limning ters tomoni bilan urdim. To‘g‘ri qildim. Tarbiyaladim. Barcha xatolarni to‘plab bittada nuqta qo‘ydim-da, jazosini berdim. Hayot misoli matematika, hammasi hisob-kitobli, inson mana shunday bo‘lishi kerak. Barcha xatti-harakatlarimni adolat tarozisiga soldim va yana g‘alaba qildim. Eng muhimi, har safargiday yana o‘zim haq bo‘lib chiqdim. Shuning uchun ham bu menman. Men kim, beshtakam kandidat, hali fan kandidati bo‘lay, ana undan keyin ko‘rasiz, bu hali holvasi. Qani olg‘a.
Ichim qizib, yuragim yonib ketayotgandek bo‘ldi. Yo‘ldagi do‘kondan bir litrlik gazsiz suv olib, bir ko‘tarishda bo‘shatdim. Tahlillardan so‘ng o‘zimni ancha yengil his qildim.
Soatga qaradim. Tushlik o‘tib ketibdi. Ancha-muncha yo‘l bosib qo‘yganimni endi bildim. Biror joyda tushlik qiladigan pulimning yarmini taksiga bersam, uyga olib borib qo‘yadi. Biror yegulik tayyorlarman, baribir kechki ovqatga ham nimadir qilish kerak-ku, degan o‘yda mashina to‘xtatdim, manzilni aytdim. Yo‘lga tushdik. Radiodan berilayotgan ma’ruza qulog‘imga chalindi. Shu desangiz, mavzu ham “er-xotin o‘rtasidagi munosabatlar”ga bag‘ishlangan ekan. Hayotdan, hadislardan misollar keltirilar, unda erni oila boshlig‘i ekanligi, mabodo ayoli itoatsizlik qilganda, avval er unga va’z-nasihat qilishi, unda ham o‘zgarish bo‘lmasa, o‘rnini boshqa qilib yotish, shunda ham tarbiya olmasa, joniga ozor yetkazmaydigan qilib, nomigagina bitta barmoqda urish, urishdan maqsad kaltaklash emas, aksancha munosabatlar qay darajaga borib yetganligini bildirish ekanligi haqida gap borardi. “… Agar shunda ham o‘zgarish bo‘lmasa…”
Haydovchining “Oka yetib keldik” degan so‘zlari xayolimni bo‘ldi.
Mashinadan tushib, to‘g‘ri uyga yo‘naldim. O‘zimni qandaydir horg‘in his qildim. Bu ko‘p yo‘l yurganimdan bo‘lsa kerak. Uyga kirdim, huvillab qolibdi. Usti-boshimni o‘zgartirar ekanman qanday ovqat tayyorlash haqida o‘yladim. Eng osoni, tez va qulayi piyoz bilan kartoshkani qovurish dedim-da tayyorlashga kirishdim. Ovqat tayyor, ammo ishtaha yo‘q. Vannaga tushsam, zora yengil tortarman degan o‘yda suvga ko‘milib uzoq yotim. Miyamdagi har xil bema’ni o‘ylar tinchlik bermaydi. Nimaga bunaqaman-a, nega bo‘lar-bo‘lmasga jahl qilib hammaning dilini og‘ritaman. Nega tajanglanaveraman, oilada ham, ishda ham hamisha o‘zim haqligim bilan faxrlanaman, mag‘rurlanaman. Nimasi yomon buning?. Aslida, haqmanmi? Yoki nohaqmanmi? Bu nima degan gap. Agar nohaq bo‘lsam, qanday qilib hamisha g‘alabaga erishardim. Men… Men xatti-harakatlarimni nimaga va qaysi mezonlar asosida o‘lchar edim. Meni hamisha haqlikka, g‘alabalarga yetaklovchi adolat tarozusi qanday tarozi edi. U qaysi me’yorlar yoki mezonlar asosida ishlardi. Nima, m
en shunchalik xudbin, tubanmanmi? Nahotki, shunday bo‘lsam. Nahotki….
Axir unda qanday qilib hamisha haq bo‘lib chiqardim, bugun sahardagi voqea-chi, nafsilamrini aytganda, tushdagi o‘sha «hurliqo» bilan bir og‘iz gaplashsam degandim. Maqsadim unaqa yomon emas, shunchaki, uning niyati nima ekanligini bilmoqchiyidim, xolos. Qolaversa, u chiroyli, go‘zal, dilbar bo‘lsayu o‘zi “yuring, yuring” qilsayu, keyin kim biladi u yog‘ini yana. Ey…
Inson o‘zini o‘zi, birovni aldashi mumkin. Lekin Xudoni alday olmaydi. Tushimda bo‘lsa-da, cholning dilini ham chakana og‘ritmadim. Nima emish “beshtakam kanidatman” emish, yaxshiyam kandidat bo‘lmapman. Xo‘sh kandidat bo‘lganimda nima o‘zgarardi. Axir kandidati yo doktor degani hamisha hamma ishni to‘g‘ri qiladi, hamisha haq bo‘ladi degani esmas-ku. Shunday ekan balo borimidi o‘sha mo‘ysafidni xafa qilishga, ipmidi, arqonmidi, u ko‘ribdi, sen ko‘rmabsan. Xo‘p, bilmapman desang, “Asakang ketadimi?”. Ishxonda ham shu ahvol – kattani-katta, kichikni-kichik demayman. Nuqul sapchiganim-sapchigan. Aybdor bo‘lsam-da talashaman, tortishaman, yengishaman. Hech bo‘y bergim kelmaydi. “Oldimdan kelsa tishlayman, orqadan kelsa tepaman”. To‘g‘risi ham shuda, manmansiraganim-manmansiragan. Nimamga katta ketaman, kim qo‘yibdi menga errayimchilik qilishga, topvoganim “beshtakam kandidat”! O‘lganim yaxshi bu kunimdan.
“Osmondagi tanho yulduz bo‘lsang ham, osmoningdan tush” deguvchi yo‘q. Bordir ehtimol, ularni ham hafsalalarini pir qilgandirman. Qachondan buyon bunday bo‘lib qoldim. Nega, qachon, qayerda o‘zgardim. Bilolmadim. Nega endi birov “Osmondan tush” deyishini kutishim kerak. O‘zim kap-katta, esli-hushli odamman-ku, o‘zimga-o‘zim “Osmondan tush” deb aytsam-da, o‘zgarsam, bari bema’nigarchiliklarga chek qo‘ysam, bo‘lmaydimi? Kim menga to‘g‘anoq bo‘lyapti. Hech kim…. Hech nima…
* * *
Qancha vaqt o‘tganini bilolmadim suvdan chiqdim, artindim. Oshxonada o‘zim pishirgan osh – aylanib ham, o‘rgilib ham ichaveradigan. Ammo yana ishtaha yo‘q. Bir litrlik bonkadagi sovuq choyni simirdim. Kun bo‘yi tuz totmagan bo‘lsam-da, qornim to‘q, ajab… O‘ylar esa yana tinchlik bermaydi.
Nega hech narsadan ko‘nglim to‘lmayapti. Nimadan norizoman. Menga nima kerak edi-yu, men nimani izlayapman? Nimadan tashvishlanishim kerak ediyu, nima meni tashvishga solyapdi. Shunchalar alamzadamanmi? Kimdan? Nimadan? Nega? Menga nima yetishmayapti? Men nima xohlayapman o‘zi? Nafasim qisa boshladi.
Meni nima tinchlatiroladi? Xudoga shukur, uyim bor, uysizlar qancha. Bnoyidek ishim bor, ishsizlar qancha. Farzandim bor, tirnoqqa zorlar qancha. Yana nima kerak? Ollohga shukur, to‘rt mucham sog‘. Agarda sidqidildan bir ishga kirishsam, bu dunyoda men eplay olmaydigan ishning o‘zi yo‘q-ku. Bo‘ldi, bas. Tamom-vassalom. “Bismillo” deb yotaman-da, agar o‘sha chol tag‘in tushimga kirsa, uzrimni so‘rayman, ertaga borib ayolim va farzandimni kechirim so‘rab olib kelaman.