Masofalar Marg‘ibdan Mashriqqacha, masofalar yer bilan osmoncha, masofalar muhabbatdan nafratgacha, masofalar qayg‘udan shodlikkacha, masofalar visoldan hijrongacha, masofalar zimistondan ziyogacha, masofalar xasdan gulgacha, masofalar tutqunlikdan erkgacha, masofalar hayotdan mamotgacha, masofalar… Masofalar hadsiz-hududsiz…
Masofalar million yillik yorug‘lik tezligidan chorak soniyalargacha…
Biz shunchalar yaqinmizki, tasvirlashga so‘z ojiz, biz shu qadar olismizki, o‘lchovlarga mezon yo‘q.
Masofalar… Baxtsizlikdan baxtgacha… Masofalar…
***
Soniyalar: bir…
***
Keng, chiroyli ko‘cha, ikki cheti to‘la bahaybat chinorlar. Subhidam bo‘lganligi uchun odamlar siyrakroq edi. Bir-birlarini payqagani aniq, chunki bundan sal avvalroq qalblarni allanechuk larzaga keltirgan bu holat ularga juda tanish edi. Bu ular… Ziyo Gul tomon, Gul Ziyo tomon borar…
Chinor o‘ziga xos viqor bilan yashaydi, majnuntollarga o‘xshab bo‘lar bo‘lmasga qad bukmaydi. Chinorlardan birining kutilmaganda chamasi o‘n besh arshin balandlikdagi rosa yetilgan bir bargi shabodada uzilib, tusha boshladi. U xuddi patday havoda soniyalar bilan achomlashib, o‘ynoqilab asta-asta pastlasha borar… Barg ularning ko‘ksiga yetganda havoda muallaq turib qoldi. Ularni o‘n dyuymli yam-yashil barg ajratib turar, bu ikki vujudning hayotidagi eng yaqin kelgan masofalari…
Nihoyat ko‘zlar-ko‘zlarga tushdi.
***
Soniyalar: o‘ttiz…
***
Nihoyat ko‘zimiz ko‘zimizga tushdi.
Mayin iforingizdan ko‘zlar tinadi, bosh aylanadi. Shunda siz “Bu dunyoda adolat bormi o‘zi?” deya so‘roqlandingiz. Nega, nima uchun aynan shu savolni berdingiz? Axir sizning bisotingizda: “Inson bir kishini qattiq sevsa-yu, usiz qanday yashash mumkin?”, yoki “Inson sevsa-yu, o‘rtasidagi uzoq ayriliq muhabbatning so‘nishiga sabab bo‘ladimi?”, yo‘qsa, “Mangu sevgi-muhabbat bormi?” Yo “Sevish va sevilishni ibtidosi qayerda-yu, intihosi qayerda?” Va yoki “Visol muhabbatning yakunimi? Yo …Boshlanishi” kabi millionlab savollar bo‘lsa-da, siz aynan “Bu dunyoda adolat bormi o‘zi?” deya yuzlandingiz go‘yo butun olam bizga qarshidek, go‘yo bu dunyoda adolat yo‘qdek.
* * *
Men sizni dastlab uchratganimdayoq o‘rtamizda qandaydir bir rishta borliginiyu va yana qandaydir ko‘z ilg‘amas masofa borligini dilimning tub-tubidan his etganman. Bu nima ekanligini ayni paytda o‘zim ham tushunmas, bilmas, anglamas edim. Sizdagi sharshara kabi sumbul sochlaru qaldirg‘och qanotiday qayrilma qoshlar qaysi elning qizida yo‘q deysiz va yoki sizdagi ohu ko‘zlaru istarali, oydek yuz xohlagan bir millatning mohitoblarida mavjud emasmidi? Yo siznidek kelishgan qaddi-qomatni har qaysi xalqning hurliqolarida uchratish mumkinmasmidi? Bilganim, sizga ko‘nglim iliqligiyu, siz ham menga befarq emasligingizda edi.
Agarda yer yuzidagi insonlardan “Siz qaysi dinga e’tiqod qilasiz?” deb so‘ralsa, ularning ko‘pchiligi, falon dinga e’tiqod qilishini, Xudoni borligiga imon keltirishini aytsalar-da, biroq ular orasida aksariyati o‘zlari tanlagan dinning ilmu ahkomiga amal qilmagan holda o‘sha dinga mansubligini da’vo qilishardi. Har holda menga uchraganlarning ko‘pchiligi mana shunaqalar edi. Yana bir guruhi borki, ular Xudoni borligini ham tan olishmaydi. Naqadar qo‘rqinchli hol bu.
Siz ulardan, yahudiy otangizdan farqli o‘laroq hech qaysi dinga e’tiqod qilmasligingizni aytsangiz-da, biroq “Yaratguvchi, Xudo bor” deguvchi edingiz. Va aynan shu narsa, nazarimda, sizni boshqalardan ajratib turgan, meni hamisha hayratga solib kelgan bo‘lsa, neajab. Har qanday elat, millat, xalqlarning siz kabi go‘zallari orasida xuddi sizdek dunyoqarashga ega bo‘lganlari bordir, ehtimol, ammo men ularni uchratmagandirman. Shuning uchun ham men sizdan boshqani demagandirman…
Men e’tiqod qiladigan dinda erkaklar ayollarga bosh bo‘lishi, ayollarni Odam Atoning chap qovurg‘asidan yaralganligi va yana ayollar ojiza ekani haqida aytiladi. Qolaversa, sizdan uch-to‘rt bahorni ko‘proq ko‘rganligimdanmi, balki siz mendan avvalroq savolga tutinganingizdanmi? Nima bo‘lganda ham men sizni savolingizga javob berishga majburman.
Eng avvalo, adolat bu – haqiqat demakdir. Odatda biz qalam, daftar, kitobni ko‘ramiz va qo‘l bilan ushlaymiz. Bu tilshunoslikda “aniq otlar” deyiladi. Shuningdek, qalb, muhabbat, haqiqatni ko‘zi bilan ko‘rib, qo‘l bilan ushlab bo‘lmasa-da his etamiz. Ular “mavhum otlar” deyiladi. Bu degani, haqiqat mavhum narsa degani emas, azizam. «Haqiqat – egiladi, bukiladi ammo sinmaydi» degan naql bor. Bu ham to‘g‘ri albatta, biroq haqiqat mayda-mayda bo‘lib parchalanadi. Chunki bu dunyoning o‘zi mayda-mayda zarra, elektronlar, protonlar, undanda maydaroq zarrachalardan tashkil topganidan keyin… Haqiqat ham mayda-mayda zarrachalarga aylanib sochilib ketish-yu va yana yig‘ilib bir kuchga aylanishiga qanday shubha qilish mumkin.
Haqiqat xuddi Atom bombasi portlaganda ajralib chiqadigan ko‘z ilg‘amas nurlarga o‘xshaydi. Uning tezligi yorug‘lik tezligiga teng bo‘lib, yo‘lida uchragan narsani, hatto qalinligi o‘n metr bo‘lgan betonni ham bemalol teshib o‘tadi. Uning zarb to‘lqini yo‘lida uchragan barcha narsalarni eritib, kuydirib, yondirib yuboradi. U shu qadar kuchliki, butun insoniyatni bir zumda junbushga keltirishi, shikastlashi, adoi tamom qilishi mumkin. Biroq tibbiyotda o‘sha nurlar maxsus texnologiyalar yordamida inson sog‘lig‘ini tiklashda qo‘llaniladi. Bunga nima deysiz, azizam. Bu Yaratganing mo‘jizasi emasmikin? Bu xuddi so‘zga o‘xshaydi-ya, insonni bir so‘z bilan o‘ldirish yo tiriltirish mumkin deganday.
Uni anglashning birdan–bir yo‘li oddiygina qora qalamni bilasizmi? Ichida grafit moddasi bo‘ladi. Birgina oddiy qora qalam o‘sha qalingi o‘n mert bo‘lgan betonni ham bemalol teshib o‘tadigan, ko‘zga ko‘rinmas o‘sha nurlarni o‘ziga yutib, singdirib to‘xtatoladi. Sizga aytmoqchi bo‘lganim, eng muhimlaridan biri o‘sha qora qalamda yozish, yozganda ham sariq, qizil va boshqa rangli qog‘ozlarga emas, aynan oppoq qog‘ozga yozilgandagina aniq va tiniq aks etishi va ular yig‘ilib-yig‘ilib butun boshli bir kitobga aylanishi mumkinligida. Buning uchun albatta vaqt kerak bo‘ladi. Ha, azizam, vaqt kerak bo‘ladi. Asrlaru yillar, oylaru kunlar kerak bo‘lsa, uni ro‘yobga chiqishi, butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘lishi uchun hatto soniyalarini ham kutish kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham “Vaqt eng oliy hakam” deb bejiz aytishmagan.
* * *
Soniyalar: o‘ttiz uch…
* * *
O‘ylarimni jamlashga ulgurmasdan yana siz “Nega unda biz…?” deya so‘roqlandingiz, darhaqiqat dunyoda muhabbat va haqiqat bo‘lsa nega unda biz sarson va sargardonmiz? Siz haqsiz “Nega unda biz…”
Menimcha, u vaqtlarda juda yosh va g‘o‘r edim. Ammo sizga bo‘lgan muhabbatim o‘sha paytlardagidek hozir ham shaffofdek tiniq. To‘g‘risi, Londonga o‘qishga borish, u yerda sizni uchratish va bir guruhda tahsil olish yetti uxlab tushimga kirmagan edi.
Ilk bor uchrashganimizdayoq qandaydir rishta borligini-yu, yana qandaydir to‘siq borligini har ikkimiz his etgan bo‘lsak, ne ajab. Sizning qarshingizda o‘zimni allanechuk boshqacha, go‘yo siz bir ma’budayu men unga sig‘inayotgan ibodatgo‘yga o‘xshardim. Buni moddiy tafovut deb o‘ylardim va ana shu kemtik to‘ldirilsa bas, hammasi joyiga tushib ketadi deb hisoblardim. Bundan tashqari universitetdagi tadbirlardan biriga dunyoni manaman degan “Magnat” kishilaridan biri keldi: qimmatbaho libosda, baland bo‘yli, sochlari silliq taralgan, burgutday o‘tkir nigohi hamisha kulimsirab turadi. Tadbirdan so‘ng hamma o‘qituvchilar, talabalar u bilan ko‘rishishga, suratga tushishga oshiqishardi. Ammo tansoqchilar va yordamchilaridan bir amallab o‘tganlaridan keyin ham uni qandaydir sirli salobati oldida esankirab qolishardi. Men-ku o‘sha odam otangiz ekanligini bilgach, oyoq-qo‘lim qaltirab faqat olisdangina kuzatdim, xolos.
Shundan keyin masofalar yana ham uzayganday bo‘lsa-da, tunu-kun siz haqingizda o‘ylayverganimdan tushlarimda ham sizni ko‘ra boshladim. Bir kun qarasam xonamda yeyishga hech vaqo yo‘q, cho‘ntakda bir tsent ham qolmapti. Yayov o‘qishga bordim.
Eslang: siz menga “Bu mening bisotimdagi eng yaxshi kitoblarimdan biri, albatta o‘qib chiqing”, deya uni qo‘limga tutqazgandingiz. Minatdorchilik bildirib qabul qildim. Xonamga borib varaqlay boshladim, ichidan besh yuz funt sterling chiqdi. O‘shanda tang ahvolim haqida birovga churq etmagan bo‘lsam-da, siz buni sezgandingiz. Bu hol tushlaringizda ayon bo‘lgan bo‘lsa, neajab. Ancha vaqtlardan so‘ng bisotimdagi eng yaxshi kitoblarimdan biri bilan sizni omonatingizni qaytarishga bazo‘r erishdim.
Shu tariqa hayot davom etayotgan bir paytda na yeyishimda, na ichishimda, na uyqumda halovat bor edi. Darsga kech qolib kirdim, o‘shanda siz birinchi marta og‘iz ochmay, biroq o‘sha mayin ovozingizda “Xayriyat-ey, bormisiz?” dedingiz, buni aniq eshitdim. Va men ham beixtiyor “Boringizga shukur”, dedim baralla ovozda og‘iz juftlamay. Shu kuni tug‘ilgan kuningizga taklif qildingiz, borolmadim. Meni bu g‘ayritabiiy muloqotdan esim og‘ib qolgandi. Bir haftacha holsizlanib yotib qoldim. Bizdagi bu o‘ziga xoslik, o‘zgarish sabablarini izlab ruhshunoslarga, shifokorlarga murojaat qila boshladim. Tayinli biron javob ololmaganim yetmaganday ular bir dalliga qaraganday razm solishi alam qilardi. Bir oz o‘zimga kelgach “Hechdan ko‘ra kech” deganlariday tug‘ilgan kun sovg‘asini berar chog‘imda, yodingizda bo‘lsa, bizdagi ro‘y bergan bu o‘zgarishlar haqida birovga indamay turishingizni iltimos qilgandim. Toki o‘zimiz biron bir to‘xtamga kelmaguncha…
* * *
Avvallari siz haqingizda tunu kun o‘ylardim. Endi esa o‘rtamizda yuz berayotgan g‘ayritabiiy o‘sha hodisa, ma’lum masofada muloqotga kirishimizu uzoqlashgach uzilishi, yana ham qiziqrog‘i, bu nega aynan bizni o‘rtamizda ro‘y berishi. Bizdan boshqa qanchadan-qancha sevishganlar, ko‘ngli yaqinlar bo‘lsa-da, bu hodisa aynan bizda ro‘y berdi. Buning sababi nima? Oqibati nima bo‘ladi? Bu qanchalik foydaliyu qanchalik xavfli? Bu qanday kuch o‘zi? Bu baxtmi? Yo baxtsizlik… singari minglab savollarga javob izlash maqsadida din, falsafa, falakiyot, kimyo, tarix kabi bir qancha fanlarni o‘rganishga kirishdim. Bu fanlarni o‘zlashtirish uchun bir qancha tillarni o‘rganishga to‘g‘ri keldi, ro‘y berayotgan hodisani bilish uchun olamni, eng avvalo o‘zni anglash kerakligini tushunib yetdim. Bolaligimdan shundayman, bir narsaga qiziqdimmi, uning mohiyatiga yetmaguncha to‘xtamayman. O‘zim bilan o‘zim andarmon bo‘lib yurgan kezlarimda otangiz meni huzuriga chorladi. Ofisiga bordim. Kattakon xona juda did bilan bezatilgan, e’tiborimni tortgani – o‘ng tomonda odam bo‘y keladigan ulkan globus, chapdagi shkaflar kitoblar bilan to‘ldirilgani, hashamatidan odam zoti hurkadi. Ammo bu safar hech qanday sirli savlatini sezmadim, juda xushmuomala odam ekan. Suhbatlashib o‘tirib, uning bir qancha shartlariga ko‘nsam, qizini, ya’ni sizni menga berishi aytdi. Shulardan birinchisi – uning dinini qabul qilishim, keyin qo‘l ostida ishlashim, unga qo‘shilib yana olam-olam dunyo orttirishga qaratilgan bir qancha loyhalar edi.
Bir paytlar meni vahimaga solgan bu inson shu qadar ojiz ko‘rinishi bilan birga gaplari ham negadir juda erish tuyuldi. Ikki o‘t orasida qoldim. Qandaydir bir kuch ichkimi, tashqimi, bilolmadim. Qisqasi takliflarini qabul qilolmadim. Hayotdagi eng katta orzularimdan biri sizga uylanish bo‘lsa-da, to‘g‘rimi, yo‘qmi bilmadim. Sizga bu tarzda yetishishni xohlamadim. Ayni paytda meni qiziqtirayotgan, izlayotgan eng muhim narsa o‘rtamizda ro‘y berayotgan hodisa mohiyatini anglash, bilish zarurati edi. Shundan so‘nggina qolgan masalalarga oydinlik kiritish mumkindek, aks holda “qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarib qo‘yish”, bir noo‘rin xatti-harakat bilan sizni baxtsiz qilib qo‘yishim ham hech gap emasdek tuyuldi. Bu vaqtlarga kelib allaqachon o‘qishni tashlab yuborgan edim. Aksiga olib dardga – teritanosil kasaligiga chalindim, turli shifokorlar-u shu kasallik bo‘icha mutaxassislar bilan ham gaplashdim. Bir-biriga qarama-qarshi fikrlaru tashxislardan charchadim. Ularning javobidagi yagona umumiylik dard yosh o‘tgan sayin zo‘rayishi, butun vujudni qoplab borishi edi. Sog‘lig‘im bilan bog‘liq muammolarni bir chetga yig‘ishtirib, tadiqotlarga, izlanishlarga berildim. Natijada “Maqsadning mohiyat markazi”, “Masofalarda vaqtning parchalanishi”, “Vaqtda masofalarning parchalanishi” kabi o‘z qarashlarim bilan bog‘liq bir qator ilmiy-ommabop maqolalarim matbuotda e’lon qilindi va juda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Shuningdek, “Sky Sent Media Group” kompaniyasi nazariga tushib, men bilan uzoq yillik hamkorlik shartnomasi tuzildi.
Bundan buyon iqtisodiy masalalar haqida o‘ylamasligim, dunyoni istalgan yeriga borishim, o‘rganishim mumkin bo‘lgan, olam eshiklari men uchun lang ochilgan bir vaqtda onamning betobligi haqida xabar keldi.
Onam yolg‘iz yashagani uchun qo‘shni qiz tez-tez xabar olib turishi haqida menga xatlarida ko‘p bora yozgan edilar. Onamning yoniga borganimda o‘sha dastyor qizga uylansam, o‘zini “Bu dunyodagi eng baxtli inson” deb hisoblashini aytdilar. Yana ikki o‘t orasida qoldim, nazarimda, bu dunyoda baxtli bo‘lish uchun onadan haqliroq biron zot yo‘q edi. Men o‘sha kuchga, ichkimi, tashqimi, bilmadim, birinchi bor qarshi borib, to‘yga rozilik berdim. Bu vaqtga kelib, sizni allaqachon turmushga uzatishgani, farzandli ham bo‘lganligingiz tushlarimda ayon bo‘lib borardi. Nikohdan so‘ng asal oyi Venetsiyada o‘tdi, ancha vaqt o‘sha yerda qolib, izlanishlarimni davom ettirdim. Kunlarning birida meni kompaniya boshqaruv raisi yo‘qlabdi. Bordim. Amazonka changalzorlarida yangi qabila topilganini, uni o‘rganish uchun maxsus ekspidiyetsiya guruhi tuzilganini, agar xohlasam meni ham ro‘yxatga kiritishini aytdi. Taklifni bajonidil qabul qildim. Rafiqamni onamning yoniga yuborib, o‘zim ekspidiyetsiya bilan jo‘nadim.
Ming bir azob bilan yangi qabilaga yetib borganimizda rafiqamdan onamning ahvoli og‘irlashgani va tez yetib borishim haqida xabar keldi. Bir kunda butun dunyoni aylanib chiqsa bo‘ladigan shu zamonda bir hafta deganda uyga zo‘rg‘a yetib bordim. O‘shanda yuragimni tub-tubidan ezilib yig‘lagandim. Onamni so‘nggi manzilga kuzata olmaganimdan, marosimlarida qatnasha olmaganimdan emas, balki siz “Bu dunyodagi eng baxtli inson bo‘la oldingizmi?” deb so‘rab ulgura olmaganimdan afsuslanib o‘kingandim. Ana shu karaxtlikdan chalg‘ish uchun ham yana dunyo keza boshladim, turli joylarda ko‘plab xalqlar, millat va elatlarni kelib chiqishi, dini, tili, urf-odati, ma’naviyati va qadriyatlari bilan bog‘liq masalalarni o‘rgandim ular haqida maqolalar yozdim. Eng muhimi, shu vaqtlar oralig‘ida “Falakiyot va insoniyat”, “Tana va ruhning tutash nuqtasi” kabi risolalarim chop etilishi menga muvaffaqiyat-u, kompaniyaga judda katta daromad olib keldi.
Hozirda shuncha yillik izlanishlar, tadqiqotlarimni jamlab, “Me’yoriy nuqta qonuniyati” nomli asarim ustida ishlayapman. Bu asar insoniyat dunyoga kelib, faqat bir narsani – baxtni izlab yashashi haqida. Ya’ni, insoniyat hayot kechirar ekan, hamisha o‘zidan qoniqmaslik hissini, qalbida qandaydir kemtiklikni sezib yashaydi. Ba’zi insonlar buni boylik bilan bog‘lashadi, ya’ni boylik bo‘lsa bas, o‘zilarini baxtli hisoblashadi. Ba’zilar ota-onasi erta vafot etgani bilan, ba’zilar tirnoqqa zorligi bilan, yana ba’zilar sevikli yoriga yetisha olmagani bilan bog‘lashadi. Boylik, qarindosh-urug‘, do‘stu-yor, obro‘-e’tibor to‘kis kishilar ham yolg‘izlikni his etib yashashi sir emas. Inson qalbining bir chetida hamisha bo‘shliq borligi sezilib turadi. Aynan shu narsa uni baxtli emasligidan dalolat beradi. Ba’zilar “Men bir vaqtlar baxtli edim” deyishadi. Bu uning hozirgi hayotiga nisbatan avvalgi hayoti yaxshiroq ekanligidan boshqa narsa emas. Uning eng katta xatosi o‘zi aytmoqchi “baxtli vaqti”dagi mavjud kemtiklikni eslay olmasligida, xolos.
Aslida inson dunyoga kelib baxtli bo‘lishi uchun na boylik, na obro‘-e’tibor, na qarindosh-urug‘ kerak bo‘ladi. Tadqiqotlarim natijasida yaratilgan nazariya shundan iboratki, ong va qalb yo‘nalish trayektoriyasining me’yoriy nuqtada birlashtira olingandagina inson o‘zini va butun olamni anglaydi. Inson o‘z qobig‘ida chiqadi. Va g‘ayritabiiy imkoniyatlarga erishadi. Shundan so‘nggina hayot, to‘laqonli baxt va baxtsizlik haqida mushohada qilishi mumkin bo‘ladi. Ungacha insoniyat o‘z yog‘ida o‘zi qovrilib yuraveradi. “Me’yoriy nuqta qonuniyati” xuddi Nyutonning “Butun olam tortishi qonuni”ga o‘xshab barchaga barobar dahl qiladi. Bu o‘z-o‘zidan dunyoga kelgan har bir inson baxtli bo‘lishga haqli degan farazni keltirib chiqaradi.
Men ishlab chiqqan “Me’yoriy nuqta qonuniyati” nazariyasi bo‘yicha unga erishish yo‘llari va hayotga tadbiq etish bo‘yicha yechimini kutayotgan ayrim masalalarga oydinlik kiritish uchun ham tadqiqotlarimni davom etirishim zarur.
Hayot esa meni hayratga solishda davom etmoqda. Bundan o‘n besh yillar avval uchragan teritanosil kasalligidan shu yil butunlay xalos bo‘ldim. Vaqt, umr o‘tishi bilan dard kuchayishini aytgan shifokorlarga uchradim. Ular tekshirishlardan so‘ng hayron qolishdi va qanday qilib davolanganim bilan qiziqishdi. Men ularga yillar davomida dard haqida umuman o‘ylamay, faqat ilm bilan mashg‘ul bo‘lganimni aytdim. Ammo bunga ishonishmadi. Shuncha yillar davomida qayerlarda bo‘lganimni, qaysi vaqtda, qanday taomlanganim haqida surishtirib, buni insonlar sog‘lig‘ini tiklashdagi ahamiyatini tushuntirishdi. Men vaqtim ziqligini insoniyat uchun bundan-da muhimroq ishlar bilan bandligimni aytdim. Ular hol-jonimga qo‘ymay hamkorlik qilish uchun hatto bosim ham o‘tkaza boshlashdi. Faqat kompaniyaning aralashuvidan keyingina meni tinch qo‘yishdi.
“Bir yigit qirq yilda dunyoga keladi” deyishadi. Men shu yil roppa-rosa qirqqa to‘ldim. Ehtimol, shu yil bu sirli olam o‘z tilsimlarini menga ochar, o‘shanda sizga yana ham jo‘yaliroq javob aytarman.
Men juda ko‘p tinch-osuda mamlakatlarda bo‘ldim. Endi taqdir taqozosi bilan jangu-jadal avjiga chiqqan yurtlarga borishga to‘g‘ri kelyapti. Haqiqatdan ham hayot tasodiflarga to‘la ekan. Men bu o‘lkaga bor-yo‘g‘i bir-necha soatlarga to‘xtab o‘tish uchungina kelgandim. Siz esa xalqaro ko‘rgazmaga tashrif buyurgan ekansiz. Shu tobda sizu meni uchrashtirgan tasodifni…
Azizam, meni aeroportga kechikayotganligim sababli ma’zur tutasiz, keyingi safar dunyoning qaysi bir chetida uchrashib qolamiz, bilmayman. Ammo bir narsani aniq bilamanki, o‘shanda faqat men savol beraman-u, siz javob qidirasiz.
Ko‘zlardan yosh qalqidi. Beixtiyor bir vaqtlar o‘qigan satrlar yodga tushdi.
Asta chayqaladi osmon dengizi,
Yulduzlar ko‘zimga ketmoqda sachrab.
Har bir nafasimda nafasing sezib,
Ko‘zimda ko‘zingni qololsam asrab.
Topdim, senga bo‘lgan chin ishqim g‘olib,
Bildim, bildirmasdan kuzatyotgan kim.
Endi yuragimga joylashib olib,
Ko‘zlarimdan qarab tur, Tangrim.
Ko‘zlarimdan qarab tur Tangrim![1]
* * *
Soniyalar: o‘ttiz yetti…
* * *
Bu – Gul va Ziyoning so‘nggi uchrashuvi edi.
Ular Xudoning olti kunda yaratgan dunyosida, yetti qavat osmon ostida edilar. Ularning yuraklaridan taralayotgan infiraqizil nurlar yam-yashil bargni jigarrang holga keltirdi. Shaboda uni erkalab yerga yumalatdi. U yetti soniya avval yam-yashil edi, endi hazonga aylanib oyoqlar ostida maydalanib, bu dunyodagi o‘z vazifasini a’lo darjada ado etdi.
______________________
[1] Mehrinoz Abbosova she’ri