Nosir u haqda juda yomon gap aytdi.
Ra’no maktabdagi eng chiroyli, eng suluv qiz edi.
Ilhom g‘azabdan qizarib ketdi, buni sezdirmaslik uchun boshini egib, ko‘m-ko‘k ajriqlarni chimdib yula boshladi.
Ilhom qizni yaxshi ko‘rishini hammadan yashirardi. Bu uning hech kimga oshkor etib bo‘lmaydigan siri bo‘lib, ma’lum qilib qo‘yishlaridan qattiq cho‘chir edi. Nosir esa ana shu malagini haqoratladi, garchi o‘zi ham Ra’noning oldida og‘zidan bol tomib-etti bukilib, tursa-da, atayin shu gapni aytdi. Nainki, Ra’no unga ro‘yxushlik bermay buni yoqtirsa…
Ilhom bilan Nosir hammaning ko‘ziga do‘stga o‘xshab ko‘rinsa ham, to‘qnashib qolishdan doim qochishadi. Yo‘q, Ilhom qo‘rqoq emas, lekin Nosirning shum niyatligidan cho‘chiydi, hamisha u haqda o‘ylamaslikka tirishadi, esiga tushib qolsa, ko‘ngli g‘ash bo‘lib, dunyo ko‘ziga qorong‘u ko‘rinib ketaveradi. Ba’zan hammasiga qo‘l siltamoqchi bo‘ladi-yu, lekin…
U Ra’noni yaxshi ko‘radi.
Ra’no esa maktabdagi eng suluv qiz.
Hozir ham Ilhom Nosirning pastkashligidan jirkandi, Ra’no haqida aytgan gapi xo‘rligini keltirdi, lekin bir so‘z demadi, siri oshkor bo‘lishini istamadi. Shu payt Orif Nosirni qo‘llab uyatli bir so‘z aytdi. Ilhom endi chiday olmadi:
— Oldida itdek yaltoqlanasan-u, ortidan bunday gap qilasanmi?
— Ie, anovini, achchig‘ing kelsa, burningni tishla. Yo Ra’noni yaxshi ko‘rasanmi?!— Orif bopladimmi, degandek Nosirga qarab oldi. Ilhom g‘azabdan qaltirab ketdi, shartta o‘rnidan turib, Orifning yoqasiga chang soldi:
— Tur o‘rningdan. Urishasanmi? Orif dovdirab, bazo‘r chiyilladi:
— Nima, kuchim ko‘p deb maqtanaverasanmi?
Ilhomning kulgisi qistadi:
— He, qo‘rqoq!
Oraga sukunat cho‘kdi. Bundan foydalangan Faxriddin gapni boshqa tomonga burdi:
— O‘zing shunchalik qo‘rqmas ekansan, Kulolning yo‘lini to‘sa olasanmi?
— To‘saman.
— Ko‘l berib so‘rashasan hammi?
— So‘rashaman ham!—Ilhomning ko‘ngliga mudhish bir narsa soya solib o‘tdi-yu, sezdirmadi…
Kulol qishloq chetida, qabriston yonidagi tashlandiq, qaysidir zamonlarda sho‘ro idorasi vazifasini o‘tagan, o‘sha kezlari devorlari oqlanaverib, yomg‘irlarda yuvilaverib ola-chalpoq holga kelgan uyda yolg‘iz yashar edi. Uning bu qishloqqa ko‘chib kelganiga bir yil bo‘lgan esa-da, kimligi va qayerdan kelganligi hamon noma’lum. Shu muddat ichida uning qishloqdagi biror kimsa bilan gaplashganini, hech qursa salom-alik qilganini birov ko‘rgan emas. Uni kunda ikki bor — tong qorong‘usida ishga ketayotganidayu shom qorong‘usida ishdan qaytayotganida uchratish mumkin. Kulolxonasi ham qishloqdan bir chaqirim narida, g‘ishtxona yonida bo‘lib, u yerdagilariing hammasi shahardan yoki boshqa qishloqlardan kelib ishlashar edi. Odamlar avvaliga uning bu hunari bilan qanday tirikchilik qilayotganiga hayron bo‘lishdi. Keyin bu qiziqish o‘rnini shubha va hadik egalladi. Go‘yo u bu dunyoning odami emas, hayet tarzi ham qandaydir sir-asrorli… Bolalar ham undan cho‘chib qolishgan, qorasi ko‘rindi deguncha yo‘lda hech kim qolmas
edi. Uning aft-angorini ham biror kimsa aytib berolmasdi. O‘ziny ham qishloq chekkasidagi yo‘lda boshini oldinga sal egib, bir maromda qadam tashlab kelayotgan holdagina ko‘rish mumkin, xolos. U bir sharpa yoxud soya misoli edi.
Bolalar bugun mollarini har kungidan kechroq yetovga olishdi. Ular kulol o‘tadigan yo‘l bo‘yiga yaqinlashishganida, qo‘yosh tog‘ cho‘qqilari osha so‘nggi marta mo‘ralayotgan edi. Bolalar yo‘ldan biroz narida to‘xtashdi. Ilhom yolg‘iz o‘zi yo‘l bo‘yiga keldi va chetroqdagi tosh ustiga o‘tirib, kuta boshladi. Quyosh tog‘lar ortiga juda tez yashirindi, ufq lolarang tusda tovlandi. G‘ira-shira qorong‘ulik tushib, chigirtkalarning chirillashi quloqni qomatga keltirdi. Qo‘nalg‘asiga kechikkan bir gala qushlar potirlab uchib o‘tdi. Begona va sirli bir hadik Ilhomni iskanjaga oldi. U betoqatlanib kulolni kutardi. Nihoyat, olisda qora sharpa ko‘rindi. Ilhom shoshib bolalar tomonga ko‘z tashlab oldi. Yuragi gupillab ura boshladi. Nazarida, oradan ko‘p vaqt o‘tganiga qaramay masofa hamon o‘sha-o‘sha edi. Uning nigohi toliqdi, ilkis atrofga zim-ziyo tun cho‘kkandek, hech narsani ko‘rmay qoldi. Ko‘zlarini bir yumib ochgan edi, kulolning munkaygan gavdasini yaqinginasida ko‘rdi. U dahshatli va mudhish daqiqalarni qisqartir
ish uchun kulolga qarshi yura boshladi. Oralarida o‘n qadamcha masofa qoldi. Kulol hamon boshini egib kelar va qarshisidagi bolani ko‘rmasdi. Ana, besh qadam qoldi. To‘rt qadam.
Uch…
Ikki…
…Va qo‘qqis ko‘zlar to‘qnashdi. Avvaliga Ilhom kulolning ko‘zlari o‘rnida qop-qora bo‘shliq va cheksizlikni kurib hayratdan tosh qotdi. So‘ng esa… Quloqlari ostida shamolning zuvillashini eshitdi, uchayotganini his etdi. Qaysidir lahzada u kulolning ko‘zlariga o‘zining singib borayotganini anglab qoldi. U juda ham tez ucha boshladi. Beadad cheksizliklar uzra chirpirak bo‘lib aylandi. Qo‘qqis yonida shamoldan hosil bo‘lgan girdobni ko‘rdi. Bu ulkan girdob ichida tog‘lar, daryolar, ummonlar, baland-baland imoratlar, shaharlar, odamlar olomoni, qushlar, ilonlar va boshqa shu qadar ko‘p narsalar bor ediki, hammasi aralash-quralash bo‘lib, goh oqish aylana chiziqlarga yo‘g‘rilib ketar, goh yarq etib bir lahza ko‘zga tashlanib qolardi. U kimsasiz, xarob bo‘lgan qishloqni, juda ham uzun yo‘l va bu yo‘lda ketayotgan yoshgina yigitni ko‘rdi. Yigitni kimgadir o‘xshatdi va endi eslamoqchi bo‘lganida, u g‘oyib bo‘ldi. Shu zahoti o‘rnida soch-soqoli oppoq nuroniy chol ko‘rindi. Yosh, suluv bir qizni, so‘ngra esa, umri
da ko‘rmagan, lekin juda tanish, qadrdon, biroq kimligini yodidan chiqazib yuborgan odamlarni ko‘rdi. Bularning ichida bir juvon ham bo‘lib, u boyagina ko‘rgan yosh qizga o‘xshardi. Qandaydir alamlar, dardu firoqlar va xo‘rliklarni tuydi. Xuddi birov yuragiga pichoq suqib olgandek dahshatli og‘riq sezdi, shu zahoti og‘riq ham yuqolib, ta’riflab bo‘lmas bir huzur topdi. So‘ng ko‘rgan-bilganlari yana bir-biriga shunday qorishib ketdiki, alal-oqibat bularning bari tush bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Va shu ondayoq qop-qora zulmat qo‘yniga tushib qoldi. Qanchadir muddat — bir daqiqami, yuz yilmi, — o‘tib, quloqlari ostidagi zuvillash tinib ko‘zini ochgan edi, o‘zini yo‘lning o‘rtasida cho‘k tushgan holda ko‘rdi. Kulolning uzoqlashib borayotgan sharpasi esa qorong‘ulik ichiga singib ketdi.
Halloslab chopib kelgan bolalar undan ne voqea yuz berganini, nega kulolning qarshisiga kelib cho‘kkalab olganini so‘ray boshlashdi. Nosir esa bir chetda unga istehzo bilan qarab turardi. Ilhom uni ko‘rgach, bolalarga «hech narsa» dedi-yu, shu tobda Nosirning raqibligi ham, o‘rtadagi adovat ham bema’ni va bachkana ko‘rinib ketdi.
Yuz bergan voqeadan so‘ng kulol ko‘chib ketdi. Odamlar uni tezda unutib ham ulgurishdi. Faqat Ilhomgina bu kimsani bot-bot eslar va tinimsiz qayerlargadir oshiqar edi.
Ra’no esa maktabdagi eng suluv qiz edi.
«Sharq yulduzi» jurnali, 1992 yil 7-son.