Muhammad Sharif. Tolko‘prik (hikoya)

Tolko‘prikdan o‘tayotgan bu odamlar qayerga shoshyapti? Qay manzil, qay maqsadni ko‘zlagan? Bahaybat kallasining qoq o‘rtasidagi o‘pqondek qop-qora kovagi tobora kengayib, chirindiga to‘lib, mung‘ayib qolgan tol odamlarning og‘irligini ko‘tarib o‘rgangan. Lekin yillar davomida uni tepkilab o‘tgan, yo‘g‘on shoxlari uchiga chiqib suvga sakragan, tanasini pichoq bilan o‘yib turli yozuvlar qoldirgan, bir paytlar shoxdan shoxga maymundek sakragan, endilikda shu shoxlardan yasalgan hassalarga tayanib munkayib qolgan bu odamlarning dardu alami gavdalaridan ko‘ra og‘ir bo‘lishini keksa tol bilmagan ekan.
Tol anhorning naqd yarmigacha bir tekis egilib borib, keyin xuddi yonboshlab yotgan joyidan turmoqchi bo‘lgan odamdek qaddini rostlashga urinib ko‘kka o‘rlagan. Anhorning yarmigacha tolning yo‘g‘on tanasi ustidan yurib boriladi. Qolgan yarmidan tolning shoxlaridan yasalgan ensizgina yog‘och ko‘prikdan o‘tiladi. Yog‘och ko‘prikning bir tomoni tolning tanasiga mustahkam mixlangan. Tolko‘prik shu tariqa bunyod bo‘lgan va u allaqaysi zamonlardan buyon odamlarga xizmat qiladi. Tolni kim ekkani, qanday qilib u anhorga ko‘prik bo‘lgani ko‘pchilikning yodida yo‘q. Ba’zi birovlar anhor yoqalab o‘tgan bir chol ketmon sopidek kesilgan tol shoxini yerga suqib ketganini aytadi. Tanasi namga tekkan yog‘och gurillab o‘sa boshlagan, navqiron tolga aylangan. Bahorgi toshqin payti qirg‘oq o‘pirilib, tol anhorga qulaganda baquvvat shoxlardan biri narigi qirg‘oqqa tiralib uni batamom qulashdan asrab qolgan. Tol yana ham chuqurroq ildiz otib, qaddini tiklash uchun qaytadan ko‘kka qarab o‘sa boshlagan. Endilikda ikki kishining qulochi yetmaydigan yo‘g‘on tanasining tepa tomonini yurish oson bo‘lsin uchun kimdir poyteshada chopib tekislab qo‘ygan. Uzala yotgan tananing yonboshidan chiqqan bir-ikki bachki shoxlari ko‘prikning tabiiy to‘siqlari kabi xizmat qiladi.
Keksa tolning kallasi juda katta. Tananing o‘rtasidagi ulkan g‘ovak bois ikki kallali devga o‘xshab ko‘rinadi, har yili bu kallalardan o‘nlab zich va baquvvat shoxlar o‘sib chiqadi. Odamlar ipak qurti boqish mavsumi oldidan tolning shoxlarini so‘kichak yasash uchun kesib ketadi. Kallaklangan tol kechalari odamlarni qo‘rqitguvchi xunuk va vahimali shakl-shamoyilga kiradi, biroq oradan hech qancha vaqt o‘tmay navnihol shoxlar yana gurillab o‘sib chiqib, tolko‘prikning ustini chodirdek yopadi. Anhorning shu qismi eng sersoya joy. Har ikki qirg‘oqda azim qayrag‘och va baqateraklar o‘sgan, ular kuchli shamolda bosh chayqab guvillaydi, yengil epkinda chapak chalgandek yaproqlarini shitirlatib qo‘yadi. Ayniqsa, baqaterakning usti to‘q zangor, osti och yashil yaproqlari shabboda kelganda yaltir-yiltir qilib ko‘zni oladi. Ulkan daraxtlar ostida do‘lana, ora-sira na’mataklar ko‘zga tashlanadi, ulardan ham pastda maymunjonlar yer bag‘irlab, qirg‘oqni yashil ko‘rpadek qoplab g‘ujg‘on o‘sgan, sertuk novda va barglari suvda sollanib turadi.
Avval bahorda anhorning suvi bo‘tana keladi. Kulolchilar pishitadigan loy rangida bo‘ladi. To‘lib-toshib, to‘lg‘onib-to‘lg‘onib, qirg‘oqlarini yamlab, daraxtlarning ildizlarini yulqilab, yangi kamarlar bunyod qilib oqadi. Bu paytda odamlar tolko‘prikdan hadik bilan o‘tadi. Bora-bora suvning rangi biroz o‘zgaradi, sarg‘ish bo‘tanadan ko‘kish loyqaga o‘tadi. Ninachilar, kapalaklar suv betida o‘ynaydi, maymunjonlar gullaydi, yalpiz, chittakari gulning xushbuy, bangidevonaning o‘tkir achimsiq hidi olamni tutib ketadi. Anhorning dov-daraxtlardan sayhon joylarida in qurish g‘amiga tushgan qaldirg‘ochlar oppoq to‘shini suvga urib uchadi. Yal-yal yonib turgan ko‘ylaklarda sho‘x-shodon qizlar tolbargak taqish uchun keladi. Ularning orasida labining chap ustida kichik xol qo‘nib turgan abjir qizgina bor, u tolning ustiga chiqib, gullab turgan surx novdalarni qalamtaroshi bilan kesib tushadi. Qizlar qirg‘oqda o‘tirib olib, novdalarning namchil po‘stlog‘ini sidirib oladi, po‘stloq tolning sabzarang gulpopuklari bilan birga ajraydi. Qizlar tolbargaklarni sochlariga ulab, tovoni qadar tushirib, tolko‘prik ustida mastona-mastona, sollona-sollona yurish qilib, so‘ng yana sho‘x-shodon qaytib ketishadi.
Suv tiniqlashadi, sersoya go‘shaning tinchligi buziladi, anhor labida uchib yurgan ninachi va kapalaklar, sershox daraxtlarda polaponlarini yoniga olib mizg‘ib o‘tirgan qushlar birdan cho‘chib ketadi: qiy-chuv bilan kelgan son-sanoqsiz bolalar suvga o‘zlarini “gup-gup” tashlaydi. Botirlari tolning eng baland shoxlariga chiqib suvga kalla qiladi. Ularning orasida norg‘il bir o‘spirin bor, yelkador, qoshlari tim qora, jag‘ suyaklari bo‘rtib turadi. U hammani quvlamachoq o‘ynashga chorlaydi. Quvlamachoq o‘yinida suvda baliqdek suzadigan bu norg‘il o‘spiringa hech kim yetolmaydi, lekin u quvlaganda tengqurlariga bir zumda yetib oladi. Yetib olganda ham boshqalarga o‘xshab qo‘lga tushgan raqibining yelkasiga qo‘l tegizib qo‘yish bilan cheklanmaydi, boshidan suvga bosib rosa pishadi. Uning changaliga tushgan bola ko‘zlari ola-kula bo‘lib, og‘zi-burni suvga to‘lib, yalinib-yolvormaguncha pishaveradi. Ajriqlarni tutamlagancha sirpanchiq qirg‘oqqa bir amallab chiqib olgan bolalarning ayrimlari bu tomoshani qo‘rquv va zavq aralash kuzatadi, boshqalari tuproqqa ag‘anab kuladi.
Har tush shu ahvol, kechga yaqin esa yigit-yalang keladi, ular shovqin-suron ko‘tarmaydi, ba’zi bir serhayajoni suvga kalla qilishdan avval ikki kaftini karnay qilib qichqirib qo‘yadi, xolos. Ular tolko‘prikdan bir-ikki marta suvga sakrab, bilaklaridagi paylarini bo‘rttirib, boshlarini hali u yon, hali buyon siltab oqimga qarshi suzgandek bo‘ladi va keyin qirg‘oqdagi daraxtlarning ildizlariga osilib hordiq chiqaradi, maymunjonlarning sertikan shoxlarini ehtiyotkorlik ila titkilab, tim qora mevalarini terib yeydi.
Bu ikki guruh cho‘milib ketadigan vaqt oralig‘ida ba’zan qizlar kelib turadi. O‘sha, labining ustida xoli bor qizgina tolko‘prik ustidan suvga o‘zini tashlay oladi, xolos. Boshqalari ko‘ylaklari badanlariga chippa yopishgan holda dir-dir qaltirab, tolko‘prik ustida qanotlari ho‘l qaldirg‘ochlardek tizilib turishadi, lekin tashlashga yuraklari dov bermaydi. Ular avvaliga begona ko‘zlardan hadiksirab kelsa, cho‘milib bo‘lgandan so‘ng uyida eshitadigan dakkilardan hadiksirab qaytib ketishadi.
Anhor suvi kamayib shishadek tiniq tortadi, bag‘rida suzib yurgan baliqlar, mayin qumloq ostidan g‘imirlab chiqib, vaznsizlik holatidagi fazogirlarga monand oyoqlarini asta ko‘tarib harakat qiluvchi suvchayonlar ko‘zga tashlanib qoladi. Qozonyuvg‘ichlar anhor yuzida tinimsiz sirpanib suv betiga oniy suratlar tortadi. Ba’zan olma, behi yoki nok lopillab oqib keladi. Tolko‘prikdan o‘tayotgan yosh-yalanglar endi na tolga na suvga e’tibor beradi. Keksalar bir zum to‘xtab, suvga tikilgancha o‘yga cho‘mib qoladi.
Tolko‘prik yillar davomida bir xilda takrorlanadigan bu holatga ko‘nikib qolgan. Suv ham aslida o‘sha, vaqt o‘tsa-da o‘zgarmaydigan suvdek. Shunday damlarda labida xoli bor qiz dugonalari bilan o‘tib qoladi, ertalab kunchiqar tomonga, dalaga boradi, kechda kunbotish tomondagi uyiga qaytadi. Bir gal tong pallasida o‘sha qiz eng yaqin dugonasi bilan baliqlarni tomosha qilish uchun bir tegirmongina suvi qolgan anhor o‘zaniga tushadi. Tolning beo‘xshov, tarvaqaylagan sarg‘ish ildizlarini ushlab pastga enadi. Balchiq, baliq va baqashalning hidi kelib tursa-da, suv shishadek tiniq, unda ko‘m-ko‘k osmondagi oqish parcha bulutlar, to‘q zangordan sarg‘ish-qirmiziga o‘tayotgan dov-daraxtlar akslanib turadi. Suv yuziga chizilgan kuzning go‘zal manzarasini son-sanoqsiz qozonyuvg‘ichlar jimirlatib, jonlantirib turgandek. Qizlar qozonyuvg‘ichlar aslida suzadimi yoki uchadimi degan bahs tufayli uzoq vaqt bu mayda suv hasharotining betinim harakatlarini kuzatib qoladi. Qozonyuvg‘ich o‘zidan ikki barobar uzun oyoqlarini suv yuziga tiragan holda pirillab uchayotganga o‘xshaydi, shu sabab ba’zilar uni uchadi, boshqalar esa suzadi, deydi. O‘ta tez harakatdagi qozonyuvg‘ichni yaxshilab kuzatgan kishini uning suv betida sirpanayotganini ko‘rish mumkin.
“Suv betida parda bo‘ladi, bular o‘sha pardaning ustida sirpanadi, shunga suvga cho‘kib ketmasa kerak,” deydi labida xoli bor qiz.
“Kel, suv betidagi pardani cho‘pak bilan yirtib ko‘ramiz, qani o‘shanda bular suvga botib qolarmikin,” deydi dugonasi.
“Qo‘ysangchi, buning o‘rniga ular suv betiga nimalar chizayotganini ko‘rishga ulgurib qolish kerak. Ehtimol sening kelajakdagi taqdiring haqida, balki seni chin dildan yaxshi ko‘radigan bolaning ismini yozayotgandir.”
“Qo‘ysangchi, seni chin dildan yaxshi ko‘radigan bolaning nomi hali qarab ulgurmasingdan o‘chib ketadigan suv pardasiga emas, yillar o‘tsa ham o‘zgarmaydigan toshlarga yoziladi,” deydi dugonasi kulib.
“Bir kitobda o‘qigan edim, tabiatdagi har bir chiziq, har bir harakatda bir hikmat bor deb. Agar sen aytgandek, odamlarning taqdiri toshlarga o‘chmaydigan qilib yozilganda hamma o‘zining kelajagini osongina bilib olgan bo‘lardi-ku. Kim kimni yaxshi ko‘rishiniyam. Hech kimning siri qolmaydi-ku unda. Katta bo‘lganingda seni nimalar kutayotganini bilish uchun shunaqangi, ko‘rish, ilg‘ash qiyin bo‘lgan ishoralarga e’tibor berish kerakdir,” labida xoli bor qiz bunday ravon gapirganidan o‘zi xijolat tortib ketdi.
“Voy-bo‘y! Kitoblardagi gapdan gapirishingda bir gap borga o‘xshaydi! Toshkentda o‘qiydigan anovi, tepa mahalladagi yigit… sen haqingda bekorga surishtirib yurmagan ekan-da!? Qizlar bir narsani bilmasa gapirmasa kerak.”
“Qayerdan topdilaring bu gapni. O‘zlaringcha birovni birovga tenglayverasizlarmi?” qiz duv qizargan yuzini yerga qaratdi. Dugonasi bo‘sh kelmadi:
“Balki yaqinda o‘zing ham Toshkentga qarab o‘qishga jo‘navormasang bo‘ldi!”
“Otamni bilasanku, ikki dunyoda ham ruxsat bermasov?” labida xoli bor qiz xomush tortib, suvga termulgancha qoldi. Dugonasi buni payqadi.
“Men o‘qishga borsam, labingdagi xolingni berib turasanmi?” dedi ovoziga quvnoq tus berib.
“Nega? Xolimni nima qilasan?” qiz dugonasiga yalt etib qaradi.
“Senga xolni nima keragi bor? Sen shundoq ham ko‘hliksan!” dedi dugonasi unga zavq va havas bilan qarab.
“Ho‘v anqovlar, tushlaringni suvga aytyapsizlarmi?! Dalaga kech qolasizlar-ku!” tolko‘prik ustida turgan uchinchi dugonaning hayqirig‘i bularning suhbatini bo‘ldi.
Oradan rosa bir yil o‘tib tolko‘prik ustida o‘rta yoshdagi ikki hamqishloq uchrashib qoladi. Qirg‘oqdagi sarg‘aygan ajriq ustiga cho‘kkalab, suhbatlashadi. Ulardan biri, anhorning kunchiqish tomonidan kelgani bu yil bug‘doy mo‘l hosil bergani, shu kunlarda piyozdan ham yaxshi daromad kutayotgani haqida og‘zini to‘ldirib gapiradi. Tez orada o‘g‘liga ot olib berishi, adirda birovning o‘ttiz sotixli bog‘ini ko‘z ostiga olib qo‘ygani, arzon-garovga narxlab, uni ham o‘g‘liga hadya qilib berishini aytadi.
Kunbotish tomondan kelgan kishi uning gaplarini suqlik bilan tinglaydi. Yer tanqisligi, mol-qo‘yga xas-xashakning kamligidan noliydi, bir tomonda qizlari ketma-ket bo‘yi yetib kelayotganini aytadi. Biri goh tizzasiga shapatilab gapirsa, ikkinchisi goh tuproq chimdib, goh quruqshab sarg‘aygan ajriqlarni yumtalab uzoq suhbatlashadilar. Suhbat so‘ngida ikki erkak quda-andachilikka ahd qilishadi. To‘yni qishga belgilaydilar.
“Sovchilarni ertaga kutavering, quda!” deydi kunchiqar tomondan kelgan kishi xayrlasha turib.
Labining ustida xoli bor qiz tolko‘prikka tez-tez keladigan bo‘lib qoldi. Tolko‘prikdan suvga sakragan paytlari, tolpopukdan bargak taqqan damlari yodiga tushadi, qozonyuvg‘ichlarning suv pardasiga chizgan oniy suratlaridan ma’no qidirgan paytlarini eslaydi, achchiq-achchiq yig‘laydi va hech kim ko‘rib qolmadimikin deya atrofga gir qarab, yana tezda ortiga qaytib ketadi.
Anhor suvi ba’zan qalin muzlaydi, gohida muz ostidan sharqirab oqayotgan bir bilak suv ko‘rinib turadi. Qiz endi bu gal anhorning kunchiqar tarafidan keladi. Yangi paltosining sun’iy mo‘ynalari qishning izg‘irin shamolida qizargan yonoqlarini yoqimsiz qitiqlaydi. Palto ostidan kelinlik libosining zarhal naqshli yoqalari ko‘rinib turadi. U yolg‘iz emas, norg‘il, yelkalari keng, jag‘ suyaklari bo‘rtib turgan, tim qora qoshlari qalin, quyon terisidan tikilgan telpak kiygan yigitning ortidan qadam bosadi. Yigit tolko‘prikdan shahd bilan o‘tadi, tolko‘prikning narvon qismi g‘irchillab ketadi. Ortidan xotini o‘tadi, to‘q yashil rangli dasturxonlikka o‘ralgan katta tugun ko‘tarib olgan, nogoh sirpanib ketmaslik uchun oppoq va uzun bo‘ynini qo‘lidagi tugun osha cho‘zib, oyog‘i ostiga tez-tez qarab oladi, bir-bir qadam tashlaydi. Qalampirmunchoq va hovuri ketmagan yog‘li qatlamaning hidi taraladi.
Norg‘il yigit o‘tgan yili tolko‘prikka otasi bilan kelib tolni kallaklab ketgandi. Yangi qurilgan uyning tomiga loybosti qilayotgan edi ular o‘shanda. Yigit kuchli edi, eng yo‘g‘on shoxni ham dastkallaning bir zarbi bilan cho‘rt kesardi. Boshqa paytlarda kechalari mast-alast holda o‘rtoqlari bilan kelardi. Bu yigit endi uylanib, kuyov chaqirdiga ketayotgan edi.
Oradan bir necha oy o‘tib labida xoli bor qiz, endi kelin, kechalari, bemahalda tolko‘prikka keladigan bo‘ldi. Lekin har gal ko‘prikka qadam qo‘ymay ortiga qaytib ketardi. Tolko‘prikdan kechasi ayol zoti yolg‘iz o‘tmagan, yolg‘iz faqat erkaklar o‘tadi. Ba’zi erkaklar ham tundasi undan yolg‘iz o‘tishga qo‘rqadi, uzoqroq bo‘lsa ham anhorning qo‘yiroq qismidagi katta ko‘prikdan aylanib keladi. Katta beton ko‘prikda harakat tinmaydi, daladan qaytayotgan ulovlar tunu kun g‘izillab o‘tib turadi.
Labida xoli bor kelin har gal yuzidagi musht zarbidan ko‘kargan joylarini siypalab, hiqillab yig‘lab keladi, ba’zan uning yuzi momataloq bo‘lib ketadi. Lekin ko‘prikka qadam bosmaydi, anhorning kunbotish tomoniga zor-zor tikilib, yana ortiga qaytib ketadi. Bir gal u tun yarmidan oqqanda bag‘riga olti oylik chaqalog‘ini bosgancha keldi. Tolko‘prikka bir qadam qo‘ydi-yu shu bo‘yicha qotdi. Ko‘karib, shishib ketgan yuzlaridan duv-duv yosh oqizdi, xolos. Balki, o‘tsa bo‘larmidi, yolg‘iz emas, qo‘lida o‘g‘li bor, erkak kishi edi-ku. Lekin o‘tmadi.
Bir gal o‘tdi. Oy qo‘rg‘onlagan tunda, osmonda yulduzlar miltillab turganda u hech narsani o‘ylamay zing‘illab o‘tdi, ortga minba’d qaytmaslik ahdi ila o‘tdi. Biroq tolko‘prikka to‘kilgan ko‘z yoshlari hali qurib ulgurmasidan otasi uni ortiga qaytarib keldi. Ota qizini yetaklab tolko‘prikdan o‘tkazdi, achchiq-tiziq dashnom gaplar aytib, kelinlik uyiga haydadi. Qiz miq etmasdan o‘g‘lini bag‘riga bosgancha kunchiqar tomon ketdi. Ota qo‘llarini ortiga qilib, biroz bukchaygancha uyiga qaytdi.
Kunlar tolko‘prik ostidan oqib o‘tgan suv kabi tez o‘tardi. Norg‘il yigit gapu gashtakdan mast-alast qaytishdan, labida xoli bor yosh juvon anhor bo‘yiga yig‘lab kelishdan tinmadi.
Oqshom tunga og‘ayotgan, qimirlagan jon ko‘zga sharpadek ilinadigan palla edi. Labida xoli bor juvon qornida uch-to‘rt oylik homilasi, qo‘lida bir yoshdan o‘tib qolgan o‘g‘li bilan mast erning kaltagidan qochib yana tolko‘prikdan kunbotish tomon o‘tdi. O‘sha kuni ona uyida yo‘q edi, uzoqdagi qarindoshinikida qo‘noqlab qolgandi. Ona uyida bo‘lganda edi, otani yumshatgan bo‘larmidi… Lekin ota o‘z holicha yumshamadi, qizining erdan chiqib kelib uyda o‘tirib qolishiga chiday olmasligini o‘yladi. Qizini oshig‘ich ortiga qaytarish uchun tolko‘prikka haydab keldi. Ota tolko‘prikka qadam qo‘yganda qiz qirg‘oqda taqqa to‘xtadi.
“Yur dedim senga”, ota o‘shqirdi ortiga o‘girilib. Qiz indamay turaverdi.
“Yur dedim, hozir bir baloni boshlaysan,” ota qizining yoniga jahd bilan qaytdi.
Qiz birdan tiz cho‘kdi, otasining tizzasiga yopishmoqchi edi, ota ortiga chekindi, qiz peshonasini yerga urdi:
“Jon ota, urib o‘ldirib qo‘yadi meni, qaytarmang,” deb yig‘ladi. Qo‘lidagi bolasi chinqirab yig‘iga qo‘shildi.
“Etti qishloqni chaqirib elga oshga berganman, yurt oldida boshimni qanday ko‘tarib yuraman. Odam bolasi kaltakdan o‘lgan emas, ering bir kun quyuladi, bugun bo‘lmasa ertaga, erta bo‘lmasa indinga, qayerga borardi quyulmay,” ota qizini qo‘lidan jahl bilan tortib, tolko‘prikdan o‘tkazdi. Qiz yig‘idan to‘xtab otaga ergashdi.
“Bor uyingga, qiz bola otilgan tosh, tushgan joyida toshdek qotishi kerak,” ota shu gaplarni aytib ortiga qaytdi.
Qiz ketgandek bo‘ldi, tungi oy shu’lasida otasining qorasi o‘chgach, yana ortiga qaytdi. Tolko‘prikning o‘rtasiga kelib, qari tolning tanasiga suyandi. Goh osmondagi barkashdek oyga, goh oyoqlari ostidan kumushdek tovlanib, to‘lg‘onib oqayotgan suvga tikildi. Dugonalari bilan kelib tolbargak taqqani, ko‘ylagi bilan suvga guppa tashlagani yodiga tushdi. Dugonalarini bir-bir yodga oldi. Hammasi bola-chaqali, birining eri allaqachon quyulgan, biriniki tabiatan bosiq. U esa qachongacha kutadi mast erning quyulishini. U tolga boshini ohista qo‘yib, xayolga cho‘kadi. Labining ustidagi xoli titraydi.     
Qurbaqalarning qurillagani, chigirtkalarning chirillashi olamni tutgan. Suvning guvillashi, har zamon qurbaqaning yoki baliqning “shalop” etib sakrashi eshitiladi. Faqat tol, qanchadan qancha quyulganu quyulmagan odamlarni ko‘rgan tolgina sukut saqlaydi. Son-sanoqsiz mayda, qop-qora qurtlar tolning ingichka barglarini ilma-teshik qilib, tobora yeb bitiradi. Ipakdek yumshoq oy nurlari tolbarg teshiklari orasidan o‘tib kelib ayolning yuziga yog‘iladi, qontalash yaralariga malham berayotgandek bo‘ladi. Qurtlarning barg yeyishdagi tisir-tisir ovozini ilg‘ash mumkin bo‘ladi. Ularning tolbargga to‘yganlari semirib, novdalarning uch-uchida osilib qoladi, keyin “to‘p-to‘p” to‘kiladi. Ular tolning tim qora ko‘z yoshlariga o‘xshaydi…

*    *    *

Tongga yaqin va ertasi kun bo‘yi odamlar tolko‘prikdan to‘xtovsiz, xavotir va hadik ila o‘ta boshlaydi. Tunda qizini ko‘prikdan o‘tkazgan otada tinim yo‘q, ichida ming bir alam, afsus-nadomat ila zor qaqshaydi. Oradan haftalar va oylar o‘tsa hamki labida xoli bor o‘sha kelindan darak yo‘q. Kelinning yo‘qolgani yetti qishoqqa gap bo‘ladi. Qayg‘u qaddini dol qilgan otaning bormagan joyi, kulfatdan sochlari oqargan onaning bormagan folchisi qolmaydi. Folchilar “qizing tirik, bolasi ham tirik, katta bir shaharda yuripti” degan gapni qaytaradi, xolos.
Odamlar unutuvchan bo‘ladi. Tolko‘prik atrofidagi hayot, qizlarning tolbargak taqishi, tolning kallaklanishi, hayqiriqli cho‘milishlar, do‘lana va na’matak terish paytidagi yosh yigit-qizlarning sirli uchrashuvlari yana bir zaylda davom etadi.
O‘sha norg‘il, qoshlari tim qora, jag‘ suyaklari bo‘rtib turadigan kishi yana kuyovlik libosida tolko‘prikka qadam qo‘yadi. Ortidan yangi kelinlik kamzulini kiygan juvon keladi, boshida katta tugun, qalampirmunchoq va hovuri ketmagan yog‘li qatlamaning hidi taraladi. Kuyov chaqirdiga ketilmoqda chog‘i.

*    *    *

Oradan yillar o‘tib qaddi bukik chol keladi, tol shoxlaridan birini kesib olib, hassa yasaydi. Pakkisi bilan hassaning dastasini erinmay silliqlaydi, o‘zicha hafsala bilan naqsh solgan bo‘ladi. Keyin tolning surx novdalaridan tolbargak yasayotgan qizaloqlardan bir juft tolbargak so‘rab oladi. Tolko‘prik ustiga chiqib sabzarang tolpopukni suvga oqizadi, ortidan uzoq termilib qoladi, so‘ng og‘ir-og‘ir qadam olib uyiga qaytib ketadi. Chol har bahor, qaldirg‘ochlar oppoq to‘shini suvga urib uchganda, ninachi va kapalaklar suv yuzida o‘ynagan kezlarda kelishini kanda qilmaydi. Tolko‘prik, odamlarning yo‘liga o‘zini ko‘prik qilib to‘shagan tol ularning ko‘ngliga ko‘prik sola olmaganidan bo‘lsa kerak, tanasi tars-tars yoriladi.

2013.