TO‘Y KO‘ChIRILDI
Qulmurod qurumsoqning to‘ng‘ich farzandi Elmurod Qoraqurum qishlog‘idan ancha olis… shahardagi oliy dargohining tuprog‘ini yalaydi. Qurumsoqning o‘g‘lidan ko‘ngli to‘q. Boisi, puxta-pishiqligi xuddi o‘zi! Har holda, mana to‘rt yildan oshdiki, otasini bezovta qilmay, ya’ni, pul-mul so‘ramay, yarim kun saboqda, yarim kun “Yangi bozor”da tirikchiligini binoyidek o‘tkazib yuribdi. Ammo xavotirlanadigan jihatlar ham ko‘p. Axir u yoqni shahar deb qo‘yibdi-ya?! Boshi ochiq qiz-juvondan birining nozi-karashmasiga uchib, begona joyda “ichkuyov-itkuyov” bo‘lib qolib ketsa nima bo‘ladi?! Bundan ortiq ko‘rgilik bormi?
Ertaga qichiydigan joyini bugun qashlab qo‘yadigan Qurumsoq “xavf”ning oldini olish payiga tushdi. Ayoli bilan yelib-yugurib, boshqa qizning suratini ko‘rsatib bo‘lsa-da, o‘g‘liga obro‘liroq xonadondan non ushatib qo‘yishdi. Katta to‘y esa, ikki tomonning o‘zaro kelishuviga muvofiq kuyovning “diplom yuvdisi” bilan qo‘shib o‘tkaziladigan bo‘ldi. Ammo, ungacha hali bir qovun pishig‘icha fursat bor. Turgan gap, shu lahzadan boshlab qurumsoqning ko‘zidan uyqu qochdi:
“Ey-y, hozirda to‘y qilishning o‘zi bo‘larkanmi?! Hay, kelganlar, aroq ichmasa “barmatuxa” ichishar, meva-cheva deganing kolxoz bog‘idan chiqar… Lekin, go‘sht-chi?! Axir, to‘yning masallig‘iga… Shoshma, hozir ayni bahor fasli. Kech kuzgacha ikkita bundayroq sovliqni arzon garovga olib, o‘t-po‘t berib boqsa to‘y mahaligacha bo‘rdoqiga aylanib qolar-ov!”
Qurumsoq shu niyatda sog‘ tishini sug‘urgandek qilib bo‘lsada, bir juftgina tirraqi qo‘y oldi. O‘ylagani to‘g‘ri chiqdi. Oy o‘tar-o‘tmas jonivorlar etga kirib qoldi.
…O‘sha tongda ham Qulmurod qurumsoq har kungi odaticha sovliqlarni soy tomonga haydadi. Shirin-shakar xayollarga g‘arq bo‘lgan ko‘yi qo‘ylarini qirma-qir o‘tlatgancha jildiratib boqdi. Choshgohga yaqinlashganda esa ochiqqanidan qorni quldiragach, jovdiragancha yon-atrofga termuldi. Ko‘rdiki, sal narida tutzor. Mevasi qontalash holda qizarib-pishib yer bilan bitta bo‘lib to‘kilib yotibdi. Qurumsoq nafsini jilovlolmay qoldi. Og‘zidan suvi qochgancha yosh boladek dikonglab tutzor tomon chopqilladi. Qo‘ylar ham anoyi emaskan. Beboshvoq qolishganini sezishgach, anchadan buyon “ko‘z ostiga olib qo‘yishganmi”, yaqinroqdagi yashnab turgan yo‘ng‘ichqazorga o‘zlarini urishdi.
Qulmurod qurumsoq tutzordan kekirib, qornini silab chiqsa, ko‘rdiki, qo‘ylari ham shishirilgan pufakdek tap-tarang, damlab, oyog‘i osmondan bo‘lib yotishibdi. Qurumsoqning hushi boshidan uchdi. “Dod” degancha beixtiyor belbog‘idagi pichoqqa tarmashdi. Xayriyatki, ulgurdi. Ikkala sovliqni ham so‘yib saranjomlagach, manglayida ajin o‘rniga paydo bo‘lgan muzdek terni sidirdi:
Bu yog‘iga endi nima qildi?! Qanday qilib ulov topadi-yu, qanday qilib bu matahni guzarga eltib sotadi? Sotgandayam tirraqi qo‘yning go‘shtidan hamyon to‘larmidi? Suv tekinga ketishi tayin… Obbo, bu yog‘i rasvo… Shoshma!
Qurumsoq miyasiga kelgan fikrdan chehrasi yorishdi. Yo‘ng‘ichqazorning o‘rtasida tik turgan ko‘yi, bor ovozda baqirishga tutindi:
– Hoy, xotin! Kenja o‘g‘il Dilmurodni top… Biring raisga chop, biring oqsoqollarga! Qarshiboy tog‘angga ayt, Qarshiga sim qoqsin. Elmurod tez yetib kelsin! Xaloyiq, eshitmadim demanglar, katta o‘g‘il Elmurodning uylanish to‘yi shu bugun!..
Qurumsoqning aytgani bo‘ldi – to‘y o‘sha kun o‘tkazildi. Esda qoladigani, sal bo‘lmasa kuyovning o‘zi to‘yidan qolib ketayozdi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 5-son.