Muhammad Ochil. To‘ydirdi (hajviya)

Meylinor bitiruv imtixonlarini deyarli hammasini qiynalib topshirdi-yu, faqat shu tarix faniga qolganda…
— Ehtiyot bo‘l! — dedi dugonalaridan biri uni ogohlantirib — Bu burunboy domla o‘ta uxajyor! Ayniqsa, senga o‘xshagan chiroyli qizlarni ko‘rsa…
Dugonasining aytgani keldi. Burunboy domla tixirlik qilib turib oldi.
— Baribir javobingizdan qoniqmayman, yaxshi qiz… O‘h-o‘h, sochingizni qo‘y qatig‘ida yuvganmisiz? Biram priyatni! Xo‘sh, men sizga aytsam, tarix bu matematika emas. Mening fanim har kuni yangilanib turadi. Shunday ekan, siz hech qachon savolimga… Yoki, nozikroq topshiriq beraymi-a?
Domla bodringsifat burnini silagancha ko‘zoynagi ostidan qizga g‘alati qarash qildi. Meylinor o‘ng‘aysizlanib yerga tikildi.
— So‘rang, domla…
— So‘rasam, gapning dangali shu. Qishloqlik qizlarni juda yaxshi ko‘raman. Ular haligi, sodda… Shoirlar tili bilan aytganda, nafosat va nazokat timsoli… Hi-hi-hi… Qarang, xonatlas sizga qanday yarashib turibdi.
— Maqsadga o‘ting domla!
Domla yana ma’nodor tarzda burun siladi.
— O‘-o‘, boqsa odam bo‘lasiz, shekilli! Shunaqa dangal qiz-juvonlarga besh ketaman va … besh ham qo‘yib berishim mumkin… Xullas, maqsadga o‘tsam, ertaga “Ergash ota”mi, “Narzulla ota”mi… Qayerga bo‘lsa bir piyola choyga taklif qilaman. Sharti, faqat atlas ko‘ylakda kelasiz! Ma’qulmi? Nega rangingiz oqardi? Tag‘in gapimni boshqacha tushunmang… Shunchaki, go‘zallik shaydosi sifatida atlasga bir to‘ysam, degandim… Hi-hi-hi!
Meylinor o‘rnidan ilkis qo‘zg‘olib “Sinov daftarcha”sini domlaga uzatdi.
— Faqat shuginami? Gap bo‘lishi mumkin emas. Faqat siz oldin besh bahoingizni qo‘ying-chi… Atlasga to‘ydirish bo‘lsa, to‘ydiramiz-da! Shuyam ko‘ylakmi? Ertaga juhud atlas, qichiq atlas, xonatlas deysizmi… To‘ydiraman! Biz ham chapani qizlardan, domla!
Domla bahoni qo‘yib, qizga mahliyo holatda termuldi.
— O-o! Ana… To‘maris! O‘-o‘, mana Kenagasbegim! Demak, ertaga-a… Soy bo‘yidagi restoranda-a… O-o, qanchalik baxtiyorman! Tongning otishini sabrsizlik bilan kutaman!
Meylinor so‘zida turdi. Va’dani oshig‘i bilan bajardi. Restoran eshigida turgan domla xushbo‘y hid va quvnoq qahqahadan sergak tortdi. O‘girilib qarasa, ro‘parasida Meylinor boshliq o‘n besh nafar qiz, barchasi atlaslarga burkangan holda yonib-yolqinlab turishardi…