Samolyotimiz Dehli shahriga qo‘nganida havo ochiq, harorat 27-30 daraja issiq edi. Dehli ko‘chalari yam-yashil daraxtlarga burkangan, ko‘cha bo‘ylarida erinchoq maymunlar galasi tamshanib o‘tgan-ketganlarni tomosha qilib o‘tirishadi. Bizni kutib olishga chiqqan hind do‘stlarimiz bo‘ynimizga shoda-shoda moychechaklar guldastasini osishdi. Ularning hushbo‘y va muattar hidi dimog‘imizga urilib beixtiyor hind kinolarini yodimizga tushirdi.
Darhaqiqat ko‘nglimda tug‘ilgan birinchi savol ham shunday edi: – Hindistondagi xayot hind kinolariga o‘xshaydimi?
Guruhimizni shahar markazidagi mehmonxonalardan biriga joylashtirishdi. Erta tongda balkondan shaharni tomosha qilar ekanman, bu yer o‘n million aholi yashaydigan joy emas, quyuq o‘rmonzorga o‘xshashini ko‘rdim. Albatta, Hindistonning Dehlidan ko‘ra aholi ko‘p yashaydigan shaharlari ham bor. Masalan, Bombeyda 13 mln. Kolguttada 12 mln. aholi yashaydi. Hindistonda 25 ta millioner shahar bor. Umuman olganda, Hindistonda to‘rt mingdan ortiq shahar bo‘lib, jami mamlakat aholisining 26 foizi shaharda istiqomat qiladi.
Mehmonxona atrofi katta gulzor bo‘lib, turli va rang-barang gullar chamani gilamday qoplanib yotar, balkondan turib bu manzarani tomosha qilar ekanman, hind kinolaridagi gullar vodiysi yodimga tushib ularni tasvirga tushira boshladim.
Aytishlaricha, Hindistonda bir soatda 4 mln. dona gul hadya etilar yoinki uylar mehmonxonlarni bezash uchun uzilar ekan.
Bir kun mehmonxona devoriga taqab qurilgan kapadan bir bolakay imlab meni chaqirayotganiga ko‘zim tushdi. E’tibor bersam u turli o‘yinlar ko‘rsatmoqchi va ularni tasvirga tushirishim mumkinligini imo-ishoralari orqali tushuntirmoqchi bo‘layapti.
“Daydi” filmidagi bolakay yodingizdami, yoinki “Zita va Gita” filmidagi qizaloqni eslaysizmi? Ularni kiyimi, nog‘ora chalishi, dorda o‘ynashi, hayratlanuvchi jismoniy mashqlari xuddi mana shu bolakayni eslatar va ularning oilasi suratga olinganday edi. Shaharda bunday bolakaylar va bunday oilalar minglab uchrardi.
Ularni tasvirga tushirar ekanman, bolakay bilan ham tanishib oldim. Ismi Mukesh ekan.
Bolakay har gal mehmonxonaga kelganimda yoki ketayotganimda qo‘l ko‘tarar, «Mister yangi o‘yinlarimdan ko‘rsataymi” deya so‘rardi. Men unga o‘n rupiy uzatar va tasvirga olishni boshqa kunga qoldirardim.
Hindiston aholisi keyingi yuz yil ichida 240 mln.dan 1 mlrd. kishiga ko‘paydi. Aholining 80 foizi induizm diniga mansub. 140 mln. musulmon yashaydi. Bu yerda bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlarining sulolasi 350 yil mobaynida hukmronlik qilgan.
Hozirgi vaqtda Hindiston choy, shakar, yeryong‘oq, murch yetishtirish bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turadi. Hindistonda 200 mln. bosh qoramol bo‘lib, bu jihatdan ham u jahonda birinchi o‘rinda turadi. Lekin hind xalqi jon boshiga yiliga atigi 1,5 kilogramm kg. go‘sht, 1 kg. qoramol yog‘i, 55 litr sut, 24 dona tuxum iste’mol qiladi, xolos.
Hindistonda 30 dan ortiq mashina ishlab chiqaruvchi zavodlar ishlab tursada, ko‘chalarda asosan velosipedlar, mototsikllar, rikshalarni ko‘rish mumkin. “Bobbi” filmidagi Chopra mingan riksha yodingizdami? Yoinki Raju Bobbining ortidan izlab minib ketgan avtobuschi? Ha, Hindistonga kelib o‘z bolaligingizni xotirlaysiz.
Hindlar ham o‘z kinolarini sevisharmikan degan xayolda bir kuni kinoga tushdim. Kinoteatrda odam gavjum, chipta narxi osmonda. Shoxruxxon ijrosidagi yangi filmni tomosha qilar ekanman, bir necha qator oldinda yig‘lab o‘tirgan Mukeshga ko‘zim tushdi. U kinoga berilib kegan, chaqirishimga ham quloq solmasdi. Kino tugagandagina, yonimga chaqirib oldim.
– Nima, sen ham birovni yaxshi ko‘rib qolganmisan dedim yarmi hazil, yarmi chin aralash.
U mening taajjubimga javoban tasdiqlovchi ravishda boshini qimirlatdi.
– Kimni?
– Ko‘rsataymi?
– Men ha, dedim va:
– Nima u senga rad javobini berdimi? – dedim.
– Ha, – dedi u.
– Men o‘zim aytib qo‘yaman, sen yaxshi bola ekansan. “Yo‘q” demaydi, – dedim.
Mukesh kinoteatrdan chiqayotgan odamlarni ko‘rib tilanchiligi esiga tushib ketdi shekilli, ketishga shaylandi.
Qiziq, kinoga chipta olish uchun u necha kun tayyorlandi ekan? Umuman tilanchining kinoga tushishi g‘ayritabiiymi yoki oddiy holmi?
Shundan so‘ng mehmonxona eshigi oldida har tong Mukesh meni poylab turadigan, yaxshi ko‘radigan qizining oldiga olib borishini tayinlaydigan bo‘lib qoldi. Go‘yoki men borib, Mukesh sevib qolganini aytsam, u qiz ko‘nadiganday edi. Lekin men qizni oldiga borishni har gal orqaga surar, albatta borishimni, Mukeshning ko‘ngil izhorlarini yetkazishga va’da berardim. Men, yarimyalang‘och bu bolakayning qabi nihoyatda tozaligiga allaqachon iqror bo‘lgandim. Avliyo Maxatma Gandi ham, yarim yalang‘och kiyimda qalbining tozaligi, tafakkurining buyukligi bilan milliardlab odamlarni o‘z ortidan ergashtirmaganmidi? Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Anand ham, chempionlik tojini kiyish uchun FIDE minbariga chiqqanida oyoqyalang emasmidi? Nobel mukofoti laureati Rabindranat Tagor ham oilaa o‘n to‘rtinchi farzand bo‘lib tug‘ilgan va keyinchalik Shantiniketonda universitet tashkil qilganida, yarim-yalang‘och bolalarni talaba qilib olmaganmidi?
Hindistion bugungi kunda o‘z yadro quroliga ega qudratli davlatlardan biri. Fazoda o‘zining bir qancha sun’iy yo‘ldoshlari bor. Kompyuter ishlab chiqarish bo‘yicha ham u dunyoda birinchi o‘rinlarda turadi.
Hindiston dunyo bo‘ylab, betaraflik va tinchlik siyosatini ishlab chiqqan va bugungi kunga kelib o‘z atrofiga 120 davlatni birlashtirgan eng buyuk mamlakatlardan hisoblanadi.
Hindiston bilan xayrlashar ekanmiz, buyuk bobomiz qurib ketgan Tojimahal yana qalbimizga g‘urur va iftixor tuyg‘ularini soldi. Dunyoda bobomiz tsingari o‘z sevgilisiga mana shunday buyuk yodgorlik qoldirgan yana bir inson bormi? O‘zining buyuk muhabbatiga boqiy timsol o‘rnatgan, muhabbatning mangulik qasrini qurib, ulug‘lay olgan, O‘zbekning muhabbati abadul-abad yashashini ko‘rsata olgan yana kim bor? O‘zbekning qalbini, o‘zbekning muhabbatini, o‘zbekning buyukligini Tojmahal timsolida qayta-qayta ko‘rib, kim hayratga tushmaydi, kim tasanno aytmaydi.
Dehli ayeroporti odamlar bilan gavjum. Bu yerga butun dunyodan oqib kelayotgan turli xil millat va elat vakillarini oq, sariq, qizil, qora tanli odamlarni ko‘rish mumkin. Ular Tojmahalni ko‘rish uchun kelayotgan, yoinki ziyoratlari tugab qaytishayotgan sayyohlar edi.
Men ham kinoda ko‘rganlarimni o‘z qo‘llarim bilan tasvirga tushirganimdan, Hindistondagi xayot, hind kinolaridagi xayot bilan bir xilligiga amin bo‘lganimdan, xursand edim.
Bir payt ayeroport oynasini qattiq-qattiq urib, meni chaqirayotgan Mukeshni ko‘rib qoldim. U meni imlab chaqirdi-da, baqirib so‘roqqa tuta boshladi:
– Qachon u qizga men haqimda aytasan, men bilan nega xayrlashmay ketayapsan, uning oldiga boramiz deb va’da berganding-ku?!
Men nima deyishni bilmay qoldim. Mukeshning ko‘zidan duv-duv yosh to‘kila boshladi:
– Axir borib aytaman, deganding-ku?
– Nima, u mening gapimga kirad deb o‘ylaysanmi?
– Bilmadim. O‘zim aytolmasam nima qilay?
– Men yanagi safar kelganimda ancha katta bo‘lib qolasan, balki o‘shanda aytarmiz.
– Faqat meni aldab ketma. Kelishingni intiqib kutaman.
– Xayr, Mukesh. Albatta ko‘rishamiz.
Mikrofondan, Dehli – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tishlarini so‘rab, chorlay boshlashdi. Mukesh bilan shu yerda xayrlashdik. Xayr, Mukesh! Xayr, Hindiston!