Muhabbat Yo‘ldosheva. Tungi hamrohlar (mistik hikoya)

To‘y yaxshi-da! Bir yaxshi, serzavq, chiroyli to‘y bo‘ldi-ki! Yetti nafar aka-ukalar ichida eng kattasi bo‘lgan Kamol, akasi o‘g‘lini uylantirishi munosabati bilan rosa “yayragan” bo‘lsa-da, Murod boshqalarga o‘xshab es-hushini yo‘qotmadi. Yarim tunga yaqin to‘yning “cho‘g‘”i pasayib, kelin-kuyovning dam olishiga ruxsat berilgan, qo‘ni-qo‘shni-yu uzoqda turadigan qarindoshlar siyraklashib, faqat yaqinlar bilan to‘yda xizmat qilganlargina “yayrayotgan” paytda, Murod kutilmaganda “ketaman”ga tushib qoldi.
— Voy, shu vaqtda qayerga ketasiz? — dedi xotini Bahrinisa chimirilib. — Rosa kayfingiz oshgan, bu yog‘i tun bo‘lsa, ko‘chada transport yo‘q. Mashinada kelgan qarindoshlarning hammasi tarqalib ketib bo‘ldi.
— Soching uzun bo‘lsayam, kalta o‘ylaysan-da! — o‘shqirdi Murod. — Birinchidan, mening kayfim oshgani yo‘q, shunchaki bir ozgina tomoqni xo‘lladim, xolos. Ikkinchidan, uyingdagi o‘ttiz-qirqta qo‘ying kechqurundan beri ochligidan ma’rab, qo‘shnilarning qulog‘ini qomatga keltirayotgandir? Sigiring-chi, uni ertalab kim sog‘adi? Sen salom-palomni o‘tkazib borguningcha kun kech bo‘ladi-ku!
— Voy! — Bahrinisa hayrat bilan eriga tikildi. — Nima, sigirni o‘zingiz sog‘moqchimisiz?
— Nega men sog‘arkanman, esipast? Ana, qizing sog‘adi!
Murod sal nariroqda bir qiz bilan gaplashib turgan Mahina tomon ishora qildi.
— Nima, hali yarim tunda Mahinani ham olib ketmoqchimisiz?
— Nima bo‘pti, olib ketsam? Ko‘cha to‘la mashina! Pulini bersang, Kattaqo‘rg‘ongayam olib borib qo‘yishadi kirakashlar!
Er-xotinning ovozi qattiqroq chiqib ketayotganini eshitib, Bahrinisaning singlisi Zamira ularga yaqinlashdi:
— Ha, pochcha, tinchlikmi?
— Ko‘rmaysizmi, “uyga ketaman” desam opangiz qo‘ymayapti! Ko‘chadagi qizlar olib qochib ketishidan cho‘chiyapti-da!
Murod xaxolab kulib yubordi, bundan Bahrinisaning ensasi qotib, burnini jiyirdi-da, kafti bilan labini to‘sgancha, ulardan sal nari ketdi. Ammo shu orada nimadir esiga tushib qolgan Zamira, pochchasiga jiddiy qarab dedi:
— Voy, pochcha, to‘g‘ri qilasiz uyga ketib! Biz bu yerda bo‘lsak, uydagi mol-qo‘ylarga kim qaraydi? Ertalab sigirniyam sog‘ish kerak!
— Men ham shuni aytyapman-da! — dedi Murod qaynsinglisi o‘zini tushunganidan bahri-dili ochilib. — Shunga Mahinani olib ketay, desam, opangizning jahli chiqyapti-da!
— Pochchajon, mening qizim Muharramni ham ola keting. Mahinaga sherik bo‘lib, sizlarnikida uxlab, ertalab vaqtli uyga chiqib sigirni sog‘adi-da, keyin yana kelinsalomgacha qaytib keladi. O‘zi uyga ketolmasligimni, sigirim sog‘iqsiz qolib ketishini o‘ylab, yuragim siqilib ketayotgandi. Bilasiz, kelin qaynegachimning qizi, men yanga bo‘lib qolishim kerak…
— Bo‘pti, bo‘pti! — dedi Murod sergapgina qaynsinglisining hasratini o‘rtasida kesib. — Qani, Muharramni chaqirib bering, tezroq yo‘lga tusha qolaylik.
— Hozir-da, bir zumda chaqirib kelaman!
U yana nimalardir deya hovli to‘ridagi uyga qarab ketdi. Zamira Murodlarning yonidagi mahallada yashaydi.
Oradan bir zum o‘tar-o‘tmas, Zamira qo‘lida katta tog‘ora ko‘targancha, norozi qiyofadagi qizini boshlab chiqdi.
— Ertalab vaqtliroq turgin-da, sigirni sog‘ib, mollarga yemi bilan suvini berib, keyin tezroq yo‘lga tushgin! Tag‘in kelinsalom tugaganidan keyin so‘rrayib kirib kelmagin! — deya qayta-qayta uqtirdi Zamira qiziga.
— Xo‘p, dedim-ku! — dedi nihoyat qizi onasining qo‘lidan tog‘orani olib.
To‘y egalari va boshqa qarindoshlar “Ertalab, kelin salomdan keyin ketarsizlar”, deb qanchalik undashsa-da, Murodning o‘jarligi tutib, uydagi mol-qo‘ylari qarovsiz qolganligini bahona qilib, yo‘lga otlandi. U to‘ng‘ich o‘g‘li Jahongirni ham to‘yxonadan chaqirib chiqdi. Ammo Bahrinisaning qo‘lidagi tog‘oraga ko‘zi tushib, darrov fe’li aynidi.
— Tog‘orangni o‘zing olib borasan! Yarim kechada endi sening tuguningni ko‘tarib yurishim qoluvdi! Jiyaningni qo‘lidagi tog‘orani ham ol! Singlingga ayt, tog‘orasini o‘zi ko‘tarsin! Endi mushtdek qiz bolaning xotinlarga o‘xshab tugun ko‘tarib yurishi yetmay turuvdi! Qachon singling uyiga borsa, o‘shanda ko‘tarib ketaveradi.
Erining fe’lini yaxshi bilgan Bahrinisa, indamadi-yu, ammo singlisining qizi tog‘ora ushlab turganini ko‘rib, uni chetga chaqirdi. U Muharramning qulog‘iga bir narsalarni shivirlab uqdirgan bo‘ldi-da, keyin uning qo‘lidagi tog‘orani olib, ichkariga olib kirib ketdi.
— Uf, shu tog‘orani ko‘tarishdan qutulganimga shukr! — dedi Muharram bir zumda kayfiyati ko‘tarilib, chehrasi ochilgancha Mahinaning yelkasidan quchoqlarkan. — Dadang zo‘rlar-da!
Qizlar piqillab kulib yuborishdi. Murod ko‘chaga chiqdi-yu, vaqt yarim tunga yaqinlashib qolgan bo‘lishiga qaramay, darrovgina taksi tutdi. Taksichi yoshgina yigit ekan, avvaliga qishloqqa bormasligini, qaytishda u yoqdan yo‘lovchi bo‘lmasligini aytib, oyoq tirab oldi. Ammo borish va qaytish uchun pul olishini eshitib, darrov ko‘na qoldi.
Vaqt yarim tundan oqib qolgan, kunduzgi jaziramaning hovuri qaytib, salqin shabada esa boshlagandi. Haydovchining yonida o‘tirgan Murod zo‘r berib to‘y taassurotlari haqida og‘iz ko‘pirtirib so‘zlarkan, amakisining to‘yida yugurib-elib xizmat qilib, rosa holdan toygan Jahongir, orqa o‘rindiqda o‘tirgancha mudray boshladi. Mahinani ham uyqu elitayotgandi, shu sababli ham u to‘y zavqidan chiqolmayotgan Muharramning gaplariga quloq ham tutmay, ochiq oynalardan yelib kirayotgan shabada epkini tortqilayotgan sochlarini tekislay boshladi.
Kutilmaganda “qars” etgan tovush yangradi-yu, tun zulmatiga cho‘mgan qishloq ko‘chasidan yelib borayotgan mashina qattiq silkindi-yu, yo‘l chekkasida to‘xtadi.
— Nima bo‘ldi? — uyqu elitganidan, gapdan to‘xtab, boshini o‘rindiq suyanchig‘iga bosgan Murod, cho‘chib, atrofiga alangladi.
— o‘ildirak ketdi! — xitob qildi haydovchi yigit afsus bilan bosh chayqab. — Zahira g‘ildiragim ham yo‘q edi-ya! E-e, o‘zi aslida shu yoqqa kelishga oyog‘im tortmagani bejiz emas ekan!
— Mayli, uka, endi nimayam deysiz, o‘zi shunaqa bo‘lishi kerak ekan-da! — dedi Murod bir zumda hushyor tortib.
U tun zulmatiga cho‘mgan dalalarga alanglab, qayerda ekanliklarini aniqlashga urindi.
— Qabriston yoniga kelib qolibmiz. Mayli, bu yog‘i ikki chaqirimcha joy, yayov yursak ham yetib olamiz. — U haydovchining yelkasiga qoqib qo‘ydi. — Uka, tashvishlanmang, ertalabgacha biznikida dam olarsiz, tong yorishgani hamon qo‘ni-qo‘shnilardan g‘ildirak topamiz-da, o‘rnatib ketaverasiz. Qalay?
U o‘zining topqirligidan xursand bo‘lib, gerdayib qo‘ydi. Ammo nordon g‘o‘ra chaynagandek afti burishgan haydovchi yigitga bu taklif yoqmagani aniq edi.
— Mashinam-chi? — dedi u qo‘llarini yozib.
— Mashinangiz qolaversin, qishloq joyda unga hech kim tegmaydi. Qolaversa, yarim tunda bu yo‘ldan hech kim yurmaydi ham. Qishloqda hayot tong yorishganidan so‘ng boshlanadi, ukam…
Ammo haydovchi yigit mashinasini qoldirib, ular bilan birga ketishdan bosh tortdi, biron-bir yo‘lovchi mashina o‘tib qolsa, g‘ildirak so‘rashini, juda bo‘lmaganda mashinasini shatakka oldirib shaharga qaytishini aytdi.
— Yarim tunda qabriston yonida yolg‘iz o‘tiraverasizmi? — so‘radi Murod ajablanib, qo‘llarini keng yozgancha atrofni imo bilan ko‘rsatarkan. — Kechasi bu yerda o‘tiradigan mardning yuragi to‘rtta bo‘lishi kerak!
— E, aka, mashinaniyam g‘ildiragi to‘rtta-da! — o‘zicha askiya qilgan bo‘ldi haydovchi yigit kayfiyati tushib ketganini yashirish uchun. — Ammo mashinamni o‘g‘irlab ketishsa, unda bittayam yurak qolmaydi menda!
Haydovchi Murodning orqa o‘rindiqda uxlayotgan o‘g‘lini uyg‘otmay, haydovchiga sheriklikka tashlab ketish haqidagi taklifini ham rad etdi.
— Balki yarim soat-bir soat ichida bironta yo‘lovchi mashina o‘tib qolar, o‘g‘lingizni bu yerga tashlab ketishga qo‘rqaman. Mayli, aka, ketaveringlar, bu yog‘iga roziman…
Murod o‘g‘lini uyg‘otib, voqeani tushuntirdi-da, qizlarni olib, qabriston yonidagi torgina, ammo ravon yo‘ldan dadil yurib ketdi. Jahongir dadasining yonida indamay odimlar, Mahina bilan Muharram esa kelinning oq ko‘ylagini va to‘y tafsilotlarini muhokama qilgancha past ovozda suhbatlashib, kulishib ketishardi.
Bir necha daqiqa shu tariqa yo‘l yurishdi. Kutilmaganda Mahinaning bo‘yniga muzdek shabada urilgandek bo‘ldi, kimdir sochlariga puflagandek tuyuldi. Keyin qiz kimdir yelkasiga qo‘lini qo‘yganini sezdi. Bu ham yetmagandek, u yana qizning tovonini ham bosib oldi…
— To‘g‘ri yuring, shu paytda hazilga balo bormi?! — deb o‘shqirdi Mahina, jahl bilan orqasiga o‘girilar ekan.
Gap bilan ovora bo‘lgan qiz, bu sovuq qiliqni akasining odatdagi qolipga sig‘maydigan hazillaridan deb o‘ylagandi. Ammo u ne ko‘z bilan ko‘rsinki, orqasida hech kim yo‘q, akasi esa undan ikki qadamcha oldinda — dadasining yonida ketayotgandi. Jahongir bilan Murodning o‘rtasida esa qandaydir bir oppoq “odam” bor edi. To‘g‘rirog‘i, uning qaddi-qomati odamga o‘xshaydi, ammo basharasini, kiyimlarini aniq ko‘rib bo‘lmaydi, xuddi oppoq tutunga o‘xshaydi. Oppoq tutunga o‘xshagan sharpa Murod bilan Jahongirning o‘rtasida yengil suzib borar, qo‘llarini ularning yelkasiga tashlab olgandi…
Dahshatdan Mahinaning yuragi qinidan chiqib ketay dedi. U ovozining boricha “Oyijon!” deb qichqirdi-yu, jon holatda yelkasidagi “qo‘l”ni uloqtirib tashladi va qishloq tomon yugurib ketdi…
Mahina ko‘zini ochganida, o‘zining hovlisidagi taxta so‘rida yotganini, dadasi bilan akasi esa yuziga suv purkashayotganini ko‘rdi. Muharram uning yonida yig‘lab o‘tirardi.
— Qizim, o‘zingni bos. Odam charchaganida ko‘ziga har balo ko‘rinaveradi! — deb tinmay qaytarardi Murod, Mahinaning boshini silagancha, ammo uning ko‘zlari butunlay boshqa narsani aytib turardi.
Garchi qo‘rquvi hamon chekinmagan, oyoq-qo‘llari dir-dir titrayotgan bo‘lsa-da, o‘zining uyida ekanligidan ko‘ngli bir oz taskin topgan Mahina, tinchlanib, uxlab qoldi…
Quyosh terak bo‘yi ko‘tarilganda uyg‘ongan qizga tungi dahshatlar xuddi tushdek tuyula boshladi. U yuz-qo‘lini yuvgach, sochini tarayotib, to‘satdan dadasining g‘alati nazar bilan tikilib turganini ko‘rib qoldi. Qattiqqo‘l, uncha-muncha narsaga parvo qilmaydigan Murodning katta-katta ochilgan ko‘zlarida tuganmas bir qo‘rquv aks etardiki, bundan Mahinaning o‘zi ham cho‘chib ketdi. Ammo dadasidan nega bunday qarayotganining sababini so‘rashga botinolmadi, beixtiyor ko‘zgu tomonga o‘girildi va yana soch tarashga tutinarkan, to‘satdan bo‘yni ustidagi sochlaridan bir tutami oppoq oqarib ketganini ko‘rdi. Mahinaning beliga tushadigan uzun sochlari to uchiga qadar oppoq edi!
Onasi ham, qarindoshlari ham Mahinaning sochi oqarganini tunda qo‘rqqanining asorati deb hisoblardi, ammo qizning o‘zi… bo‘yni ustida ufurgan sovuq nafas haqida hech kimga aytolmasdi.
Ammo uni unutolmasdi ham. Garchi bu voqea yuz berganiga o‘ttiz yildan oshgan bo‘lsa-da, hozir keksa yoshga yetib qolgan onaxon o‘sha tunda yuz bergan dahshatni hamon unutolmaydi. Hozir qarilik tufayli sochlari oqargan bo‘lsa-da, bo‘yni ustidagi bir tutam soch qordek oppoqligi bilan hamon ajralib turadi…