Mirzohid Mirzarahimov. Har yili bahor keladi (hikoya)

Quyosh olovkor, osmon musaffo edi. Birdan chaqmoq chaqqanday, momaqaldiroq gumburlaganday bo‘ldi. Birdan ming-minglagan chumolilar boshimga qarab o‘rmalayotganday tuyulib ketdi. Go‘yo osmondan uzilgan chaqmoq to‘g‘ri boshimga tushib kelayotganday, birdan o‘zimni panaga oldim.

Yo‘ldan Nazokat kelyapti!

Uning ko‘zlarida o‘sha-­o‘sha chaqmoq yolqini, dudoqlarida chechak tabassumi, hay-hay, Nazokat emas, go‘yo bahor kelyapti. Bahorday latofatli, bahorday nazokatli, bahorday yoqimtoy, bahorday munis…

O‘shanda ham, endigina boychechak ko‘z ochgan edi. Havodan ko‘kat hidi, yangi o‘g‘iz hidi kelardi. Nafas olib to‘ymaysan, har xo‘p­lami qimizday huzur, kayf-safo beradi.

Ertasiga harbiy xizmatga jo‘naydigan kunim Nazokat rahm qildi. Biz uchrashadigan bo‘ldik. Visolgoh– tog‘ etagidagi olchazor edi. Men uchrashuvga erta bordim. Ufqdan dumalanib, tog‘ o‘rkachiga mingashib qolgan quyosh ko‘z tutgani kelmay, qon yig‘layotgan oshiqqa o‘xshardi. Oxir u holdan toyib, tog‘ ortiga qulab ketdi hamki, uning qonli ko‘z yoshlari anchagacha ufq yuzini bo‘yab turdi.

Nazokat meni kuttirmadi. Keldi. Ikkalamiz ham uzoq jim o‘tirdik. Yuraklar dukurlab, barmoqlar titrar, ko‘zlar so‘zlashib, tillar lol edi. Bu jimlikdan qiz nimanidir kutardi. Buning uchun mening nimadir qilishim kerak edi. Lekin o‘sha “nimadir” shu payt mening qashshoq bisotimda topilmas, bundan xijolat chekardim.

“Cho‘lp” etib baqa o‘zini suvga tashladi. U cho‘chib:

– Voy, – dedi.

– A, – dedim men.

– Nima? – dedi u.

– Bugun oy chiqmaydi, – dedim men.

U indamadi.

Dunyoga yana og‘ir jimlik cho‘kdi. Bundan qutilish yo‘llarini qidirib, butun gapga chechan do‘stlarimni o‘ylab chiqdim. Oxiri:

– Siz oyday go‘zalsiz, – dedim.

U o‘rnidan qo‘zg‘aldi.

– Endi men boray.

Shundagina men ertaga bu yerdan jo‘nab ketishimni, ikki, balki uch yil uni boshqa ko‘rolmasligimni eslab, yuragim orqaga tortib ketdi.

– Men ertaga ketaman, Nazokat.

Nazokatning quyi egilgan kipriklari asta ko‘tarildi, otash nigohi yuz-ko‘zimni siypalab o‘tdi-yu, uzoq-uzoq ufqlarga tikilgancha qotib qoldi.

– Endi uzoq yillar uchrashmaymiz.

Nazokat osmonni teshguday o‘tkir ko‘zlarini bir nuqtaga tikkancha hamon jim turardi. Men ham o‘rnimdan turdim. U menga muloyim boqdi.

– Ketamizmi?

– Toqqa chiqamiz, – birdan tilimga bu gap qayerdan kelib qolganini bilmayman-u, har qalay, bu fikrdan telbalarday sevinib ketdim. – Qishloqni yana bir marta to‘yib tomosha qilamiz, yo‘q demang, Nazokat.

Uning chehrasidagi tundlik birdan qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi-yu, qorong‘i kecha charaqlab ketdi.

– Mayli-yu, lekin bitga shartim bor.

– Qanaqa?

– Charchab qolsam, ko‘tarib olasiz-da?

Yuragim urishdan to‘xtab qolay dedi. Quvonchimdan qarshisida tiz cho‘kib, yelkamni tutdim.

– Eng cho‘qqisigacha ko‘tarib chiqmagan– nomard, o‘tiring!

U xandon otib kuldi. Tog‘-u tosh, yer-u zamin kulganini men o‘shanda ko‘rganman. Yigit yoshim ilk da’fa o‘shanda kulgan. Shu kulgi bilan qo‘l ushlashib, tog‘ yonbag‘irlab yurdik. U birdan to‘xtab qoldi.

– Buvim nima deydi? Yo‘q-yo‘q, xavotir oladi, chiqmaymiz!

Birdan bo‘g‘in-bo‘g‘inim bo‘shashib ketdi. Yolvordim:

– Axir biz yosh bola emasmiz-ku, yo‘qolib qolmasmiz? Yuring, yuraqoling!

Yana yurdik. Dam-badam “charchamadingizmi?” deb so‘rab qo‘yaman.

– Nimaydi? – deydi noz bilan u.

– Charchasangiz, ko‘tarib olay, devdim, – deyman men.

– Og‘irman-da, – deydi kulib u, – ko‘tarolmaysiz.

– Aksincha, qush bo‘lib uchib ketaman, – deyman men.

U kuladi.

– Yomon bola!

Birdan naq peshonamizda chaqmoq chakdi. Keyin osmonning qorin og‘rig‘i tutib, momaqaldiroqning gumbur-gumburi tutib ketdi. Tog‘ havosi shunaqa-da. Osmonni qora bulut qoplaganini sezmagan ekanmiz. Yomg‘ir yirik-yirik tomchilay boshadi. Savol nazari bilan unga qaradim. U shu payt xuddi bo‘ri qarshisidan chiqib qolgan ohuga o‘xshardi.

– Endi nima qilamiz? – Uning ovozida qo‘rquv bor edi.

Uni harsang tosh panasiga bosh­ladim.

– Kutib turamiz, o‘tib ketadi.

– Tonggacha quyib bersa-chi?

– Tonggacha biz ham… – Uning yuziga qarab, hozir hazil ko‘tarmasligini ko‘rdim-u, tilimga kelganini chaynab yubordim, – Bilasizmi, birdan shitob boshlangan yomg‘ir tez tinadi.

Yana chaqmoq chaqdi. Momaqaldiroq tog‘ni larzaga keltirib yubordi. Shunda Nazokat qo‘li bilan quloqlarini chippa berkitgancha o‘zini bag‘rimga otdi. Uning xipcha, durkun vujudi sovuqdanmi, qo‘rquvdanmi, dir-dir titrardi. Men sovqotmas, qo‘rqmas edim, nimagadir baribir men ham qaltirardim.

Shu holatda qancha vaqt o‘tganini bilmayman. Bir mahal qarasam, yengil shabada turibdi. U hadeb Nazokatning etagidan tortqilaydi. Nazokat hamon issiq pinjimdan chiqqisi kelmay, ko‘zlarimga mayin boqadi. Shu bir-ikki soat ichida men tamom o‘zgarib ketgandayman.

Bag‘rim u bilan to‘lib, tog‘day yuksalgan. Go‘yo shu turishda bir talpinsam, qanot bog‘lab uchib ketadigandayman.

O‘sha tun tonggacha to‘lg‘anib chiqdim…

…Keyin ikki yil uzoqda uning suratiga, qorachig‘ida butun qish­loq husni-jamoli jo bo‘lgan mehrigiyo ko‘zlariga sig‘indim. Shu ikki yil davomida, dastlab olgan o‘n chog‘li xatni o‘zimdan ham avaylab, har satrini yod oldim.

Ikki yil bir bo‘sa ta’mi bilan mast bo‘lib, “kutaman” degan bir og‘izgina so‘z bilan o‘zimni dunyoda eng baxtli hisoblab yurdim. Ikki yil qishlog‘imni, tanish-notanish hamqishloqlarimni sog‘inganimda, dastlab ko‘z oldimga faqat u keldi. Ikki yil chaqmoq chaqsa, ko‘zlarimda o‘t chaqnab, momaqaldiroq gumbirlasa, o‘sha oqshom, xarsang ostidagi mo‘jaz panagohni eslab, yuragim ezildi. Ikki yil tushlarimda faqat uni ko‘rdim, unga talpindim.

…Kelsam…

Uni begona dedilar!!!

Har yili bahor keladi.

Har yili chaqmoq takror, momaqaldiroq takror.

Endi u har bahor momaqaldiroq gumbirlaganda hoynahoy birovning issiq ko‘rpasida yotib, meni o‘ylaydi. Endi men uni qachon, qayerda ko‘rsam, xuddi momaqaldiroq gumbirlaganday bo‘ladi.

Hamma narsa takrorlanadi. Lekin odam bir marta sevadi, bir marta seviladi.