Mirzo Ahad. Mukofot (hajviya)

Bayram bahona boshliq hammani o‘z xonasiga yig‘di. U salmoqlab o‘rnidan turdi-da, yana chaqqongina o‘tirdi. Bu hol bizlarni ancha tashvishga soldi. “Biron xato ish qilibmizmi?”, deya bir-birimizga qarab qo‘ydik. Hayajondamiz.
– O‘rtoqlar, – nihoyat boshliq kursisiga yaxshilab o‘rnashib oldi. – Bugun bayramimiz. Jamoamizga bitta mukofot bor. Bizlar esa to‘qqiz xodimmiz, shunga boshim qotyapti.
– Bosh qotiradigan joyi yo‘q, – dedi Kattakonning o‘rinbosari dadil, – u sizga atalgan ekan. Chunki siz bizning panohimizsiz!
– Ha, shundaylikka shundayku-ya, ammo “Boshliqqa berilmasin” deyilgan, – dedi Kattakon maqsadga silliqqina ko‘chib.
– Buning yo‘li oson. Kasaba uyushma qaror chiqaradi, – o‘rinbosar boshliqqa yaxshi ko‘rinish maqsadida yana mukofot unga berilishiga tarafdorligini bildirdi. Lekin boshliq:
– Bir ovozdan Dilyaga bersak-chi, – deya kotibaga qaradi. – Bunga arzimaydimi?
– Arziydi. Kotiba yaxshi qiz. Uning qo‘li ham shirin. Achchiq-achchiq choy damlaganlarini aytmaysizmi? – kesatib gapirdi o‘rinbosar.
– Bo‘lmaydi, – biroz fursat o‘tgach, boshliq keskin o‘rnidan turdi. Xonaning u chetidan bu chetiga yura boshladi. Nihoyat:
– Buxgalter Jamila Eshpo‘lat qiziga bersak-chi?
– Bu gapingiz ma’qul. Chunki boshliq kotibasiga mukofot beribdi, degan gap-so‘z tarqaladi. Bu gap, xudo ko‘rsatmasin, yanganing qulog‘iga yetsa bormi?
– Bas qiling! Sizdan xotinimning qulog‘ini emas, mukofotni so‘rayapman, – o‘shqirdi boshliq.
– Jamila Eshpo‘lat qiziga ma’qul. Uning mutaxassisligi to‘g‘ri keladi.
– Bo‘lmaydi. Oqsoqolimiz bor. Soch-soqoli shu yerda oqargan. U kishiga bersak-chi?
Hamma orqa o‘rindiqda o‘tirgan Mahkam otaga qaradi. Mahkam ota qizarganidan yerga kirib ketgudek bo‘ldi. Hatto o‘rnidan turib, rahmat aytishni ham unutmadi. Biroq bu mukofot unga ham nasib qilmadi. Oxiri, navbat kaminaga taqaldi. O‘rinbosar avvalgidek bulbuligo‘yo edi. Kattakonning sabri chidamadi. O‘rinbosarga o‘kirib yubordi.
– Abduqo‘zi Quloqovich! Siz qanaqa betayin odamsiz. Uni aytsam, maqtaysiz, buni aytsam, to‘n kiygizasiz. Mukofotni o‘zingizga bersak bo‘lmaydimi?
O‘rinbosar miyig‘ida kuldi:
– Shunday qilsangiz ham bo‘ladi. Baribir mukofot menga atalgan. Bundan uch oy oldin tasdiqdan o‘tib kelgan edim. Lo‘nda qilib uzatganman. Yana…
O‘rinbosarning bu qilig‘iga boshliqning og‘zi ochilib qoldi. Lekin mukofotdagi rangli televizor baribir o‘rinbosarga nasib etmadi.
Kimga nasib etdi, deysizmi? Mayli, sazangiz o‘lmasin, sizga aytaman. Qani, quloqni yaqinroq olib keling-chi: mukofot kaminaga yozildi-yu, boshliqqa nasib etdi. Shunaqa gaplar.