Inomjon o‘rta maktabni zo‘rg‘a bitirganiga o‘n yilcha bo‘ldi chamamda. U shu yillar davomida o‘z yoshidan ko‘proq ishxona eshigiga bosh suqib, qosh qo‘yib chiqdi. Lekin biron joyda uch-to‘rt oy sabr qilib faoliyat ko‘rsatmadi. Uning baxtiga mendek xolavachchasi bor ekan. Kaminaning qo‘li uzun-da, bo‘lmasa holiga maymun obidiyda qilardi uning. Xolamga achinaman. Inomjon bechoraning yolg‘iz o‘g‘li. Biroq qo‘nimsiz chiqib qoldi. Xolamning eri o‘lganida, Inomjon sakkiz-to‘qqiz yoshlarda edi. Xolam unga otasizlikni sezdirmadi. Qo‘lini sovuq suvga ham urdirmadi. Ko‘z ochib yumguncha Inomjon ulg‘aydi. Zoriqish nimaligini bilmadi. Xolamning orzusi uni o‘qimishli qilish edi. Bo‘lmadi. Inomjon na institutga kirib o‘qidi, na bir hunar egalladi. Qari onasiga boqimanda bo‘lib yuraverdi.
Bir kuni xolam bechora oldimga kelib arzi-hol qildi.
— Xodiqul, bolam, shu Inomjonni qanoting ostiga ol. Mening sendan boshqa suyanadigan tog‘im yo‘q.
— Xolajon, o‘g‘lingiz o‘qimagan bo‘lsa, men uni qanday qilib ishga joylashtiray, — dedim o‘ylanib.
— O‘qimagan bo‘lsayam, ishga joylashtirish qo‘lingdan keladi. Axir qo‘l cho‘zsang oyga yetadi-ku, bolam. Atigi bitta-yu bitta jiyaning-a.
Rozi bo‘lishdan boshqa ilojim qolmadi. Yo‘lini qilib, maktabga ishga joylashtirdim. O‘ylab qarasam, sog‘ boshimga saqich yopishtirgan ekanman. Jiyan bo‘lsa qo‘nimsiz. “Dars bermagan” fani, ishlamagan maktabi qolmadi, hisob.
Xolam yana ko‘z yoshi qilib oldimga keldi.
— Oxirgi marta yordam qil. Zora mustahkam o‘rnashib qolsa, — dedi.
Xolamning yig‘isi yuragimni anor donasiday ezib yubordi.
Jiyanga emas, xolam uchun yordam qo‘lini cho‘zdim.
— Ertaga oldimga yuboring, o‘sha jo‘jaxo‘rozni, — dedim. Ismini aytishga esa tilim bormadi.
Xolam bechora uff tortib, iziga qaytdi.
Shunday qilib jo‘jaxo‘roz xolavachchamni tumandagi chekka bir sakkiz yillik maktabga direktor etib tayinlatdim. Zora mas’ul vazifali bo‘lsa, o‘zgarar degan maqsad dilimda tug‘ildi. Yo‘q! U bunda ham yolchitib ishlay olmadi. Men o‘ylagan maqsad amalga oshmadi. O‘sha maktabning oldingi direktori yuqoriga xat yozib, g‘avg‘o qo‘zg‘adi. Maktabda tekshir-tekshir boshlandi. Oradan uch-to‘rt oy emas, balki uch-to‘rt kun o‘tdi, xolos. Jo‘jaxo‘rozni qanday qismat kutdi, bilmadim, ammo kaminaning dumi tugildi.