Adabiyot maydonida bir qadar ko‘zga tashlanib qolgan yosh shoira Irodaxonning keksa adib bilan tanishib, ustoz sifatida aloqa bog‘lagani Amirga yoqmadi. Er va xotin o‘rtasida bir kimsaning, garchi otasi tengi bo‘lsa ham, paydo bo‘lgani qaysi erga yoqardi?! Shubhalar ketidan shubhalar… Iroda bo‘lsa o‘ziga nisbatan ishonchu erkinlikni g‘oyatda istardi. Adibning yoshlikda sho‘xroq bo‘lgani ko‘plarga ma’lum, bu yaqinlik faqat ijod yo‘lidamikan, yoki… Mabodo bu noo‘rin rashku shubhalar sezilib qolguday bo‘lsa, sevikli yorining qattiq ranjishi ham turgan gap. Uning g‘ururi tahqirlanmasligi kerak!
Erkinligu ishonch, haqgo‘yligu o‘ta madaniyatli bo‘lmoqlik Irodaxonning ezgu niyati. Amir ham u haqda shunday o‘ylardi, ammo o‘rtada shayton bor, bu shaytonialayhula’na kimlarni yo‘ldan ozdirmagan!? Taniqli adib hali Habibiy domla yoshlariga bormagan, qaddi-basti bir qadar kelishgan inson. O‘z asarlarida muhabbatni go‘zal tarannum etgan san’atkorlardan hisoblanardi.
Irodaning fusunkor ko‘zlari, ta’rifiga qalam ojiz qaddu qomati, hozirjavobligi har qanday yigitni maftun etmog‘i tayin. Bu go‘zal fazilatlar Amirni allaqachon mahliyo etgan edi. Iroda bo‘lsa, biz o‘zbeklar hayoli, oriyatli insonlarmiz, ota-bobolarimiz, momolarimiz udumini sevamiz. Lekin ozgina ovro‘pocha erkinligu ishonch ham eru xotin o‘rtasida bo‘lsa yomon bo‘lmasdi, derdi. Hadeb Otello bo‘laverish jonga tegmaydimi!? Xotin kishi sevsa, sadoqatli bo‘lsa, uni yo‘ldan ozdiradigan hech qanday kuch yo‘q! Zebunisoyu Nodirabegimlar chin muhabbat va hurlik sohibalari edi, podshoh Umarxon hech vaqt qing‘ir xayollarga bormagan. Dini islom nuri yuraklarga pok muhabbatu sadoqat bag‘ishlagan. Kumush va Otabekning sevgisi-chi?.. Bular bari Irodaning xayolidan o‘tdi.
O‘n yettinchi mart kuni, kutilmaganda, Toshkentda havo aynib, yog‘ayotgan yomg‘ir qorga aylandi. Tundagi izg‘irin novdalarni muzlatdi. Bodomu ertapishar oq o‘riklar chaman bo‘lib gullagan, atrofda asalarilar g‘uvullab uchayotganda birdan tabiat o‘zgardi. Dunyo go‘yo muzladi…
Irodaning ustozi hovlisiga qatnashi Amirga yoqmagandi. “Ishqilib, bu ishlar bahordagi muzlash bo‘lmasin-da!” — derdi o‘ziga o‘zi Amir. Charchaganidanmi, nimadandir, bir kuni ko‘chadan kelgan Irodaning qaboqlari tagi ko‘karganini, tezda uyqu bosganini ko‘rganda yuragiga shayton vasvasa solib, yomon xayollarga borgani yodiga tushdi. Xayriyat, bu xayollar puch bo‘lib chiqqandi.
Ilgari san’atkorlarga, ayniqsa, sarvqomat raqqosalarga tez-tez tosh otadiganlar bo‘lardi, bo‘rining og‘zi yesa ham qon, yemasa ham… Endi yosh shoiralarga ham ba’zida malomat toshlarini otadiganlar paydo bo‘ldi. Bulardan Irodaning mutlaqo xabari yo‘q, deb bo‘lmaydi. Oqsoqol adibning bola-chaqalari borligi, baobro‘ kishi ekanini Amir yaxshi biladi. Qolaversa, o‘z otasi bilan tanishligi, tarixchi professor keksa adib ijodiyotini doimo yuksak baholagani, javonida uning ko‘p kitoblari turgani ham esida. Ammo, baribir, seviklisini undan rashk qilar, bu fe’lidan qutulolmasdi.
Bir kuni Iroda yana ustozi xususida to‘lqinlanib so‘zladi, ayniqsa, uning yangi nashrdan chiqqan kitobiga dastxat yozib bergani Amirni o‘ylantirdi. Irodaning sevinchiga sherik bo‘lganday ko‘ringani bilan aslida xayolan fikri mujmalroq edi. Shu xayoli keyingi paytlarda ko‘p namoyish etilayotgan Lotin Amerikasining davomli kinofilmlariga ketdi: bir-birini zulukdek so‘rish, o‘pichlar, quchoqlashishlar va boshqa holatlar me’yoridan ortiq, hatto jonga tegadigan darajada.
“Ha, oz-moz rashk qilmoq ham kerakdir-ov, — derdi Amir, — shu ham bo‘lmasa inson kesakka aylanib qolardi”. Ammo o‘sib kelayotgan navqiron ijodkor uchun ishonchu erkinlik ob-havodek zarur. Buni ham bilardi. Yosh ijodkor erkin qanot qoqmog‘i lozim. “Yoshlikda to‘yimli ovqatlanib, iligi baquvvat bo‘lmog‘i uchun erkin bo‘lmog‘i, ko‘p narsalarni ko‘rmog‘i kerak”, — derdi ustozlar. Qancha-qancha iste’dodli o‘zbek qizlari yarim yo‘lda qolib ketgani bizga ma’lum-ku!
Mukarramxon, Halimaxon, Soraxon opa, Oydin opalar iste’dodu jasoratlari bilan buyuklik shohsupasiga chiqa olgan san’atkorlardir. Ba’zan bu fikrlar Irodaning qalbidan ham o‘tardi.
Ertaga ustoz hovlisida mushoira bo‘lishi, unga Iroda ham borajagini, boshqa yosh qalamkashlar-da to‘planajagini eriga ma’lum qildi. Bu gapni eshitgan Amir g‘alati kulib, xotiniga qarab qo‘ydi, bu Irodaga uncha yoqmasa-da, bir nima demay, jim qoldi…
U jo‘nab ketdi. Shu kuni Amir ham shahar markaziga borib, adib hovlisi atrofidagi bog‘da, bir o‘rindiqda gazeta o‘qib o‘tirdi. “Ishqilib, uni shayton yo‘ldan ozdirmagan bo‘lsin!”
Mushoira qizib ketdimi, yosh qalamkashlar ancha kech tarqalishdi. Biroq ular orasida Iroda ko‘rinmadi. Amirning yuragiga g‘ulg‘ula tushib, “gurs-gurs” ura boshladi. Hatto adibning hovlisiga kirib chiqmoqchi ham bo‘ldi. Oradan yarim soatlarcha vaqt o‘tgach, Iroda domlaning kichik qizlari bilan darvoza yonida paydo bo‘lgach, uning yuragi taskin topdi. “Nega bunday bo‘lib qoldim? — derdi o‘ziga o‘zi. — Nega xotinimga ishonmayman? Bu o‘zi nima?”
Domlaning qizlari xayr-xo‘shlashib, ichkariga kirib ketgach, Iroda bilan Amir bir-birlariga noqulay vaziyatda ro‘baro‘ bo‘lishdi. Amirning tiliga kelgan gap shu bo‘ldi:
— Sog‘indim… Nima qilay, kelib o‘tiribman… Uzr!..
— E, qo‘ysangiz-chi! — dedi rangi oqarib ketgan Iroda o‘zini biroz qo‘lga olib. — Eski kasalingiz tutibdi-da? Yana o‘sha rashku shubhami?!
— Uyda yolg‘iz o‘tirolmadim. Ishoning! Eringiz oz-moz jinniroq… Majnun qilib qo‘ydingiz! Ayb menda emas… — Amir zo‘rma-zo‘raki kuldi.
— Ishonch kerak, janob! — dedi Iroda biroz ginador ohangda va saldan so‘ng qo‘shib qo‘ydi: — Mushoiramiz keyingi safar Samarqandda bo‘larkan…
— Biz ham Samarqandga borarkanmiz-da!
— Albatta, borasiz! — dedi Iroda. Shundan keyin u buyuk hind adibi Rabindranat Tagor o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kalikata (Kalkutta) shahrida yosh qalamkashlar maktabini ochgani, ingliz mustamlaka siyosati ta’sirida bo‘lgan ko‘plab iste’dodli qalamkashlar shu maktabda kamol topganini hikoya qildi.
— Uzoqqa bormaylik, — dedi u hayajonlanib, — o‘zimizning buyuk ustozimiz G‘afur G‘ulom ham qirqinchi, elliginchi, oltmishinchi yillarda Beshyog‘ochdagi hovlisida qanchalar yosh qalam sohiblariga ustozlik qilganini bilamiz-ku! Bu maktabda saboq olgan shoiru adiblarning ba’zilari hozir ham barakali ijod qilmoqdalar!..
— Gaplaringiz rost, Irodaxon, isbotlab berdingiz. Siz bilan bahslashmoqqa ojizman.
Mushoirada “Jannatda turib, yurtimni sog‘indim” nomli she’ri ustozga g‘oyat yoqqanini faxrlanib so‘zladi Iroda. Ustoz Irodaning shu she’rini tinglab, “She’r — shoir qalbida yaralguchi dur” — dil tug‘yoni ekanini ta’kidlagani uni ruhlantirib yuborgandi. Iroda o‘zida yo‘q shod, she’rini yo‘l-yo‘lakay Amirga ham o‘qib berdi:
Ey, dengiz sohillari, men keldim tolib,
Jannatsimon iqlim oldi bag‘riga.
Yurakka dam berib, dardimni olib,
Umring o‘xshash bo‘lsin, dedi, bahrga.
Asablar yumshadi, yurak joyida,
Issiq saratonning vahshati sindi.
Tetiklik, hayajon-ilhom poyidor,
Buloqlar billuriy shifo suv sundi.
To‘yib-to‘yib nafas oldim, beg‘ubor.
Ey, dengiz, ey, tog‘lar, ey, javohir qum…
Nimaiki ko‘rdim — bu maskanda bor,
Jannat bo‘lsa bo‘lar shunchalik, dedim.
Shu jannatda turib sog‘indim seni,
Ey, mening qizigan tanti tuprog‘im,
Issiq ko‘chalarim, olis qishlog‘im,
Jilov uzar soylar va jo‘shqin oqim…
Hammasidan kechib, ayshu safodan,
O‘zbekiston — yurtim, senga chopaman.
Mening ko‘zim bilan ko‘rsinlar seni!
Ey, Ona — diyorim, doim bo‘l omon!
Vatan tuyg‘usi yoshlikdan tug‘ilgusidir. Shoirlik — oshiqlik demak. Chinakam shoirlar birinchi galda Vatanni sevadilar, mutasavvuf tariqatida aytilganidek, jonidan ortiq el-yurtni sevganlar komil inson darajasiga yetadilar. Chin muhabbat esa insonga berilgan ilohiy ne’mat. Agar u bo‘lmaganda ulug‘ Navoiy Layli-yu Shirin, Farhodu Majnunlarni yarata olmas edi.
Er-xotin yonma-yon borishar va shu haqda o‘ylashardi. Yakkacho‘p ko‘prikka yetganda Amir tisarilib, yo‘l berdi.
— Yo‘q, aka, Siz o‘ting avval, yoshingiz katta, — dedi Iroda.
— Yo‘q, siz oldinga o‘ting, sizlarni hazrat Navoiy duo qilganlar. Biz aqlu qo‘limiz bilan bino quramiz, sizlar esa qalb bilan ruhiyat imoratini barpo etasizlar.