Yilqilar choshgohga borib holdan toydi. Ular yolg‘iz oyoq yo‘ldan boshlarini egganicha, bir-bir qadam tashlab borishardi. Ertalab uzoq safarga otlanishayotganda ancha-muncha nag‘ma ko‘rsatgan ikki yosh ayg‘ir ham hovuridan tushgan, ba’zan biron yilqi yaqin kelib qolgandagina g‘ujuri ko‘tarilib, so‘qmoqdan chiqar, boshini ko‘targanicha bor ovozi bilan kishnashardi. Ayg‘irlar hushyor kelayotgan Azimning amirona qichqirishidan so‘nggina tinchlanishardi. Uning yordamchisi Samad ham charchagan bo‘lib, otlarni qistamas, ularni o‘z holiga qo‘yib, egarga bir yonbosh bo‘lib o‘tirganicha Azimning to‘ng‘ich o‘g‘li Kamol bilan gap tashlashib kelardi.
Kamol o‘tgan yili maktabni tugatib, oliy o‘quv yurtiga kirmoqchi bo‘lib, Termizga borgan edi. Biroq u tavakkal ish tutmadi, o‘z imkoniyatini chamalab ko‘rib, qurilish texnikumiga hujjat topshirdi. O‘g‘lining qanday kasbni tutishi, qaysi o‘qishga kirishi Azim uchun bari bir edi. U o‘g‘lining xohish-istagi bilan qariyb qiziqmasa ham butun erkni uning o‘ziga berib qo‘ydi. U faqat, o‘g‘lim o‘qishni istabdimi, o‘qisin, bo‘yinsalaridan ortda qolib, ko‘ngli o‘ksimasin, deb o‘yladi. Shuning uchun ham Kamol o‘qishga kirib, uyga xursandchiligidan terisiga sig‘may kelganida ham pinagini buzmadi. Aksincha o‘g‘lini yengiltaklikda aybladi. Kamolning mamnun va baxtiyor ko‘zlariga tik qarab:
— Hey, o‘g‘lim, nimasiga muncha sevinasan, o‘qishga kiribsan, yaxshi. Lekin o‘qishning tog‘ odamiga nima nafi bor? — dedi o‘smoqchilab. — Ota-bobong, inchunun, men ham o‘qimay bir kunimizni ko‘rib yuribmiz.
Otaning bu gaplari Kamolning hafsalasini pir qildi. U to shaharga qaytguncha o‘zini otasidan olib qochib, yotsirab yurdi.
Bu yil yozgi ta’tilga kelgan Kamol Azimning ko‘ziga boshqacha ko‘rindi. Bo‘yi cho‘zilgan, yuziga husnbuzarlar toshganidan uyalib, o‘zini noqulay sezishi, ko‘zlarida ilgarilari payqamagan qandaydir parishonlik otaning ko‘nglini yumshatdi. U endi ich-ichidan qishloqdagi yigitlardan kiyinishi, yurish-turishi bilangina emas, balki xulq-atvori bilan ham alohida ajralib turadigan o‘g‘liga ko‘pchilikning havasi kelayotganini sezmasdan iloji yo‘q edi. Kecha esa yaylovga, men bilan borasanmi, deb so‘raganida o‘g‘lining ikkilanmasdan rozi bo‘lganini ko‘rib, unga bo‘lgan ixlosi va mehri yana oshib ketdi. U ortda Samad bilan hangomalashib kelayotgan Kamolga o‘g‘rincha nazar tashlarkan, qalbida otalargagina xos g‘ururli hayajon toshganini his etardi.
Samad esa uzoq safarda hamroh topilganidan xursand bo‘lib, Kamolni savollarga ko‘mib kelardi.
— Ayt-chi, shahar yaxshimi, tog‘?
— Kimga qanday. Bu — o‘rganishga bog‘liq.
— Men sendan so‘rayapman.
— Mengami? Albatta, tog‘ yaxshi.
— Ana ko‘rdingmi? — derdi Samad ma’nodor boqib, suhbatdoshining nozik joyidan tutgan kishidek. — Hech yer toqqa kelmaydi…
— Lekin shahar ham o‘rganganga yaxshi.
— Aytaylik, sen o‘rganding. O‘sha yerda qolasanmi?
— Yo‘q.
— Ana shu-da, — ta’kidlaydi Samad.
Kamol qamchi dastasi bilan yelkasini qashiydi. Ko‘zlarini pirpiratib olg‘a, suruvni boshlab borayotgan otasiga qaraydi. Samad yana uni gapga tutadi:
— O‘qishni tugatganingdan keyin kim bo‘lasan?
— Kuruvchi.
— Nimalar qurasan?
— Binolar… — Kamol mujmal javob beradi. Hamsuhbatining ezmaligi uni zeriktiradi. Otni qistaydi va dam o‘tmay gap mavzuini o‘zgartirish uchun so‘raydi:
— Kechalari tog‘larda sovuq bo‘lsa kerak?
— O‘zing bilasan-ku.
— So‘rayapman-da.
— Tog‘ shamolidan hali lablaring tars-tars yorilib ketadi.
Kamol beixtiyor lablarini yalaydi:
— Kechalari gulxan yoqamiz, rosa gurillatib.
Oradan chorak soat o‘tgach, archazor o‘rmon boshlandi. Kamol uzalib, archa pyuxini sindirib olib, hidlaydi.
— Hoy, Samad aka, archa solib tandir kabob qilib berasizlarmi?
— Otang rozi bo‘lsa biz hamisha go‘shtxo‘rlikka tayyormiz.
— Senga yotib yeyish bo‘lsa bas, Samad, — dedi Azim yon tomondagi archa shoxlarini ko‘llari bilan yorib, otda chiqib kelarkan. — Yeganlaring kabob bo‘lsin.
Kamol otasining tantiligidan sevinib ketdi.
— Otlarni ildamroq haydanglar, — dedi Azim yigitlarga, — qosh qorayguncha Zarkosaga yetib olaylik. O‘tin-po‘tinni kun yorug‘ida termasak, momolaring tayyorlab qo‘ygani yo‘q u yerda. — U shunday dedi-da, otini yo‘rttirib, oldingga o‘tib ketdi.
Zarkosa — tog‘ning eng baland cho‘qqisi. Uning etaklari ancha tekis bo‘lib, yilqilarni yozda boqish uchun juda bop yaylov edi. Yilning hamma fasllarida bu yerda kuchli shamollar bo‘lib turadi. Yozning o‘rtalarida ham uning yonbag‘irlaridagi baland archazorlar tagida qor erimaydi. Shamol turgan paytlarda esa chor-atrofdagi o‘rmon vahimali shovillaydi. Qordan endigina bo‘shagan soya-salqin yerlarda ba’zan boychechaklar ko‘zga chalinib qoladi. Bo‘tako‘zlar esa butun sayhonlik, archalar orasidagi ochiq maydonlarda gilamdek sarg‘ayib yotadi. Bu yerda qish bilan saraton qo‘shni yashaydi. Kunduzi yoz bo‘lsa, kechasi qish. Kunduzi ko‘kragini shamolga berib maykachan chopib yurgan kishi, kechasi po‘stinda sovqotadi. Kamol shaharda yurib ana shu tez o‘zgaruvchan manzara va daqiqalarni sog‘ingan edi. U hali uzoqdan Zarkosa cho‘qqisining qo‘rg‘oshin rangli yelkalariga ko‘zi tushishi bilan bolaligidan aziz bo‘lib qolgan shu yovvoyi tabiat quchog‘iga qaytganidan shodlanib ketdi.
Otasi bilan Samad qo‘shxona tiklashga kirishib ketishganda, Kamol archazor oralab yurardi. Usti sarg‘ayib, gard va barglar bilan qoplangan qorni g‘arch-garch bosib borarkan, archa va boshqa turli giyohlarning hidini huzur qilib sipqorardi. Quyuq o‘rmonzor ichiga kirgach, qalin qor ustiga cho‘kkalab o‘tirdi va qorni kovlab, toza yeridan bir changal olib kappaladi.
Qo‘shxonaga qaytib kelganida Samad uning qo‘lidagi qorni ko‘rib:
— Hoy, nodon, qor yema, bu yerda tomog‘ingni davolaydigan do‘xtir xolang yo‘q, — deb kalaka qildi.
— Nima, shaharda yurib noziklashib ketgan, deb o‘ylayapsanmi bizning o‘g‘ilni, — dedi Azim brezent chodirning uchidagi ipni qoziqqa tortib bog‘larkan.
Kamol bu hazil gaplarga ham, atrofini o‘rab turgan archalarga ham; cho‘qqilar, allaqachon yaylovga yoyilib, bosh ko‘tarmay ko‘kat kavshayotgan yilqilarga ham boqib to‘ymasdi. Kamol xurjundan arqon va boltani oldi-yu, chopqillaganicha o‘rmon ichkarisiga kirib ketdi.
Kech kirdi. Atrofdagi archalar qorong‘ilik ta’sirida kichraygandek, yarim beligacha tog‘ bag‘riga kirib ketgandek, endi esa tog‘ o‘rkachlari va ular ustida osilib turgan yulduzli osmon sadobatli bo‘lib qoldi. Kamol o‘rmon ichidan qurigan shox-shabbalarni orqalab tashidi. So‘ngga marta otasining: «Bas, yetar», degan e’tiroziga ham qaramasdan Samad bilan borib katta archa shoxini sudrab keldi. Shundan so‘ng ochiq joyda gulxanga o‘tin qaladi. Samadning toqati toq bo‘ldi.
— Yoqsang, yoq-da, — dedi zorlanib.
— Hali barvaqt, soat to‘qqiz bo‘lsin. — Kamol tunda raqamlari yonadigan soatiga qaradi.
Kamol roppa-rosa to‘qqizda gulxanni yondirib yubordi. Nonushta qilishayotgan Azim bilan Samad dastlab dasturxon boshida bamaylixotir o‘tirishdi. Keyin alanganing qizg‘ish tillari tobora yuqoriga o‘rlagach, dasturxonni sudrab orqaga chekinishdi. Birpasda atrof yorishdi. Qorong‘ida kichrayib ko‘ringan archalar yana salobatli bo‘lib ko‘rindi.
— O‘rin solinglar, men yilqilardan xabar olib kelay, — deb qo‘zg‘aldi Azim nonushtadan so‘ng.
Kamol gurillab yonayotgan gulxanga o‘zini toblar va yiroqlarda, archalar ortida ko‘rinayotgan vodiydagi son-sanoqsiz chiroqlarga tikilar edi.
— Hoy, bola, nega qaqqayib qolding, — Samad uning yelkasiga turtdi.
— Mana, bu uchqunlar anavi chiroqlarga o‘xshaydi-ya, — dedi talmovsirab Kamol. — Samad aka, Denov shahri qayerda, bir ko‘rsating?
— Denovnimi? Hu ana, g‘ujja chiroqlar yonyapti-ku, o‘sha. Nima edi?
— O‘zim, shunday.
— Menga qara, — dedi sinchkovligi tutib ketgan Samad shahar nomini eshitib gumonsirab. — Shahardan birontasini topdingmi, deyman?
Kamol yalt etib qaradi va Samadning nigohiga tob berolmay ko‘zlarini olib qochdi.
— Ha, bolasi tushmagur, — Samad ko‘rsatkich barmog‘ini bigiz qilib o‘dag‘ayladi. — Hali shunday de. Aytchi, ismi nima?
— Nimalar deyapsiz?
— Gapir, bo‘lmasa otangga aytaman!
— Keyin… Ana, otam kelyapti…
— Bo‘pti, lafzingda turasan-a?
— Xo‘p.
Samad zo‘rma-zo‘raki yo‘talib, o‘rin sola boshladi.
— Men charchadim, uxlayman. Sizlar otlardan xabardor bo‘lib turinglar, — dedi Azim va yechinmasdan sholchaning chetidagi o‘ringa kirib cho‘zildi.
Kamol bilan Samad gulxan atrofida o‘tirishar va Azimning uyquga ketishini kutishardi. Nihoyat, uzoq cho‘zilib ketgan jimlikni birinchi bo‘lib Samad buzdi:
— Qani, endi ayt.
— Sekin, eshitib qoladi, — shivirladi Kamol.
— Eshitmaydi, aytaver.
— Nima qizig‘i bor sizga?
— Ah-ha, hali aytmaysanmi?
— Aytaman dedim-ku. Hech kimga og‘zingizdan chiqarmaysizmi?
— Odam emasman.
— Bo‘pti… Ismi Oyxol.
— Oyxol? Yaxshi ism ekan. O‘ziyam oyga o‘xshaydimi?
— Kim biladi deysiz.
— Sevib qoldingmi?
Kamol yelkasini uchirdi.
— Ota-onasi yaxshi odamlarmi?
— U yog‘ini surishtirganim yo‘q.
— Shaharning o‘zidanmi?
— Ha.
— Bechora ukam, shaharlik bo‘lsa, tag‘in laqillatib yurgan bo‘lmasin.
— Yo‘g‘-e. Biz xayrlashayotganda kelishganmiz: men besh kun tog‘da gulxan yoqaman, u esa qaraydi. Gulxanni ko‘rib, mening yoqqanimga ishonadi.
— Ey, sodda ukam. Gulxaning nimasi? Nima, tog‘da sendan boshqa kishi gulxan yoqmaydimi?
— Mening gulxanim hammasinikidan katta. O‘zi aytgan: gulxan yoqasiz, men gulxanni ko‘rib sizni ko‘rganday bo‘laman, degan.
— Hozir mana, sen gulxan yoqding. Oyxol shunga qarab turganiga ishonasanmi?
— Ishonaman.
— Qiziq… Men ishonmayman.
— Siz siz-da. Men ishonaman. Xuddi hozir ham men bilan birga, meni kuzatib o‘tirgandek. Hu, chiroqlar ko‘rinyapti-ku, shu chiroqlarning yorug‘ida u ham men to‘g‘rimda xayol suryapti.
— Aynibsan, uka. Yoshing nechada?
— O‘n sakkizda.
— Chindan ham go‘dak ekansan.
— Nega unday deysiz? — izzat-nafsi og‘ringan Kamol Samadni jerkib tashladi.
— Hali sirkang suv ko‘tarmay qoldimi. Otangga aytsam-ku, mulla kilib qo‘yadi.
— Aytsangiz aytavering, qo‘rqmayman, — dedi Kamol.
Azim esa ikkalasining gurungini boshidan oxirigacha tinglab yotardi. O‘g‘lining toqqa chiqishidan otasining ko‘ngliga qarab ish qilishidan o‘zga ham sabablari borligini endi anglagan bo‘lsa-da, lekin bu sabablardan ranjimadi. Aksincha u o‘g‘liga nisbatan ilgarilari juda shafqatsiz bo‘lganini his etdi. Kamol bugun uning ko‘z o‘ngida balog‘atga yetgan, oriyati kuchli, ajoyib yigit bo‘lib gavdalandi. Demak, bir zamonlar o‘zini band etgan hayotning katta tashvishlari endi o‘g‘liga ko‘chibdi. Bu hayot tashvishlarining ilk shabadalari shu yovvoyi tog‘ cho‘qqilariga o‘g‘li bilan hamroh bo‘lib kelibdi. Samad bilan suhbatda ilk daf’a yolqinlangan oriyat o‘ti uning ko‘zlarida porlab turibdi. Ana shu oriyatni birinchi bor dadil turib himoya qildi. O‘g‘lining dadilligi va jur’ati Azimni quvontirib yubordi.
— Samad, gaplaring muncha sovuq-a? — dedi u o‘rnidan turarkan. — Kamol, o‘g‘lim, gulxanga o‘tin tashla, gurillab yonsin, — Azim vazmin bo‘lishga urinardi. — Sovqotdim…