«Bahriniso xola sanatoriyga borib dam olib qaytibdi. Yana qayerga deng, naq Toshkentning o‘ziga emish. Nomiyam, til qurg‘ur kelmaydi, Semichkami, Semashkami, ishqilib shunga o‘xshash bir narsa. Ilgari paytlarda u yerda faqat diriktirlar, rayko‘mlar dam olar ekan. Zamonaning zayli bilan dorulomon zamonlar kelib Bahriniso xolaga ham putopka tegib qopti. Salkam yigirma kun dam olgani uchunmi yo boshqa bir balosi bormi, yuzidagi ajinlari tekislanib yosharib qolgan emish, nuqul betini torttirganov», – deya qo‘shnilarnikiga birma-bir kirib mannatib chiqqan Bolqonoy xola darrov Bahriniso xolani “horma” qilib kelishni tashkillashtirib yubordi. Kechqurun qo‘shnilar yig‘ilishib Bahri xolanikiga chiqadigan bo‘lishdi.
Bundan xabar topgan Bahri xola mehmon kutish taraddudiga tushgan kelinlariga buyruq bera boshladi.
– Hoy, xudo xayrini bergan Xayriniso, xayrning ham cheki-chegarasi bo‘ladi axir. Go‘shtni muncha katta -katta to‘g‘rayapsan. Bir burda go‘shtni qushning tiliday qilib to‘g‘rab, bir bosh piyozni maydalab qo‘shib yaxshilab qovurgin-da, qatiqli osh qilib qo‘ya qol. Moyni yarim cho‘mich sol. Issiq kunda o‘zini bilgan odamga qatiqli osh yaxshi. Qo‘shnilar ichaklari oqarib ichib oladi.
– Ena, qatiqli osh qilsak uyat bo‘lmaydimi? Durustroq ovqat qilaylik, qo‘shnilar kulib ketishmasin.
– Ho, kulmasa ichaklari qotsin. Ovqatning ham durust-durustmasi bo‘larkanmi. Hamma ovqat bir ovqat. Aytganimni qilinglar.
Bahriniso xola kelinlariga topshiriqlarni berib bo‘lgach, hovlidagi supachaga bir qur nazar solib ishkomdan tushgan bitta yarimta xas-cho‘pni qoqib tashlash uchun ko‘rpachani silkitib joyiga to‘shadi-da, «voy jonim-ey» deb oyoqlarini uzatib o‘tirib oldi.
Sunbula oxirlab qolgan bo‘lsa ham quyosh nurlarini ayamay sochib turardi. Hali yam-yashil bo‘lib turgan dov-daraxtlarga baribir kuz nafasi tegib, bitta-yarimta barglar bandidan uzilib yog‘ tushsa yalaguday qilib supurib qo‘yilgan hovlining u– bu yeriga tushib xonadon ozodaligiga biroz putur yetkazayotganini hisobga olmaganda, hammayoq xolaning ko‘nglidagiday ozoda va osoyishta edi. Kechagina dam olishdan kelgan xolaning oqarib, tiniqib qolgan yuzlariga oftob tushib ajinlarini yanada bo‘rttirib, ko‘paytirishga xizmat qilayotganini ko‘rib kelinning qaynonasiga nisbatan mehri jo‘shib ketdimi: «Ena, damlarni olib, oppoqqina, suluv kampir bo‘lib qolibsiz. Quyoshga qarab o‘tirmang, birpasda qoraytirib yuboradi. Sizning oqarib, to‘lishib kelganligingizni ko‘rib dugonalaringizning bir ichlari kuysin», – dedi piyozdan yoshlangan ko‘zlarini xalatining yengiga artib.
– Eyy, bolam. Ming qilsayam yoshsilar-da. Biz keksalarga bolalarimizning baxtini ko‘rib, tinchgina oyoq uzatib, xotirjam choy ichib o‘tirishning o‘zi katta davlat. Abdushukurjon bilan Abdurasuljonimdan bir etak nabiralar ko‘rsatganiga Allohimga beadad shukronalar qilaman. Rahmatli otasining qolgan umrini shu farzandlarimga qo‘shib berishini Yaratgan egamdan kechayu-kunduz so‘rayman. Menga oilam tinchligi ko‘rk, chiroy bersin, bolam.
Bahri xolaning gapi og‘zida qoldi. Darvoza taraq etib ochilib ostonada xolaning kenja qaynisi Umrzoq paydo bo‘ldi. Yoshi ellikni qoralab qolgan bo‘lsa ham ichishni kanda qilmaydigan qaynining hurmatiga o‘rnidan turib «keling, bola», deya ikki qo‘llab ko‘rishishga chog‘langan yanganing qo‘llari havoda muallaq qoldi. Shirakayf qayni ko‘rpachaga chordona qurib o‘tirvoldi. So‘ng fotihaga qo‘l ochib: «Akajonimning arvohi yangamni tezroq o‘z yoniga tortib olsin-da. Omin», deb yuborsa bo‘ladimi. Fotihaga qo‘l ochib turgan qaynona-kelinlar nima qilishlarini bilmay biroz taraddudlanib qolishgandi, kelin darrov o‘zini o‘nglab:
– Ha, aka, enam sizga nima yomonlik qiluvdi, sira ko‘zini ochirmaysiz? Qancha paytdan beri ko‘rganingiz yo‘g‘u, so‘rashishning o‘rniga kekashib gapirasiz. Ukalaringiz eshitsa, nima degan odam bo‘lasiz? – dedi yovqarash qilib.
Kelinning og‘zidagi gapi tugamay Bahri xola gapni ilib ketdi.
– Hoy, kelin, qaynag‘angiz bilan bu ohangda gaplashishga sizga kim huquq berdi? Tez kechirim so‘rang. Uyat bo‘ladi-ya.
– Nega kechirim so‘rarkanman? U kechirim so‘rasin sizdan. He yo‘q, be yo‘q kelib janjal qilib ketadi. Qachongacha o‘g‘illaringizdan yashirib yurmoqchisiz. Qayniman, deb oyoqosti qilib ketaveradimi.
– O‘v, o‘v, kelin bo‘lmay kelisop bo‘lgur, nega chiyillaysan. Seniyam akamning arvohiga topshirib yubormay tag‘in, – o‘dag‘ayladi Umrzoq qayni kelinga qarab.
Bahriniso xolaning rangi oqarib ketdi.
– Xafa bo‘lmang, bola. Bular hali yosh-da. Odamning qadrini bilmaydi, – deya qaynisini tinchlantirishga uringan xola bildirmay keliniga indama, deganday ko‘z qisib qo‘ydi.
– Tinch kelib, tinch ketsin-da bo‘lmasa, – deya to‘ng‘illab nari ketayotgan kelinning orqasidan «anakonda» deb luqma tashlagan qayni barcha erkaliklarini ko‘tarib o‘rgangan yangasiga yuzlandi.
– Tilini kesib olmaysizmi bunaqa voyvoyak kelinning. Ha.. o‘lsin ular.. Akamni ajalidan besh kun burun o‘ldirib yubordingiz. Endi ukamlarning topganini ko‘chaga sochib maishat qilib yuribsizmi? Bering bizgayam yashirgan-yushirganlaringizdan.
– Ha, bola-ya, sira esingiz kirmadi, kirmadi-da. Ellikka kirib qo‘ydingiz. O‘g‘illaringiz uylanay, deb turibdi. Ertaga o‘g‘illaringizning orqasidan birovning avaylab-asrab o‘stirgan qizlari keladi. Ularning oldidayam har narsani bir narsa deyaversangiz, kelin chidaydimi? Gaplarimni ko‘nglingizga olmang tag‘in. Do‘stligimni aytaman-da, bola.
Bahriniso xola kelin bo‘lib tushganida o‘n yoshlarda bo‘lgan Umrzoq qaynisini mahalliy taomilga ko‘ra hurmat yuzasidan ismini aytib chaqirmay «bola» deb murojaat qilar edi. Oilaning kenjasi bo‘lgan Umrzoqning ellikka kirsayam «bola» deb atalib kelinayotgani bu odatni tushunmaydigan chet kishilar uchun g‘ayritabiiy tuyulsada, mahalliy aholi uchun hech ajablanarli joyi yo‘q. O‘zidan uch yosh kichik qayinsinglisini «qiz», deb chaqirishi bilan bog‘liq hangomalarni aytadigan bo‘lsak, anchayin jiddiy odamning ham labiga kulgu yugurishi aniq.
Bir kuni Bahri xola qo‘shni qishloqda yashaydigan er tomonidan amma bo‘lmish qarindoshinikiga qayinsinglisi bilan birga mehmonga bormoqchi bo‘lib avtobus bekatida uni kutib turgandi. Avtobus keldiki, qayinsinglisining qorasi ko‘rinmasdi. Shunday bo‘lsa ham xola avtobusning bo‘sh o‘rindig‘iga joylashib olib yonidagi joyni qayinsinglisi uchun band qilib, so‘raganlarga «joy zaynit», deb javob berib turganda avtobus shofyori – qishloq ayollari taniydigan yagona o‘ris yigiti Sashka «poyexali» deb rulga o‘tiruvdi hamki, Bahri xola «Voy, to‘xtang, qiz qop ketadi», – deya o‘rnidan turib ketdi.
– «Kani kiz? Kayerda kelyapti? Nu, kutib turamiz chirayli kiz bo‘lsa, – dedi Sasha hazillashib.
Shu orada sumka ko‘tarib halloslagancha chopib kelgan yetti-sakkiz yoshlar chamasidagi bola bilan oltmishlarni qoralab qolgan jikkakkina ayol kishi yoshiga yarashmagan chaqqonlik bilan avtobusga chiqib Xayri xola «zaynit» qilgan joyga o‘tirib olishgach, «Hayda endi, Sashka», degan betoqat xitoblarga qarata haydovchining «Kiz kelmaydimi?» degan savoliga xolaning «Mana, keldiku qiz», – deya yonidagi kampir bo‘lib qolgan qayinsinglisini ko‘rsatgandagi qahqaha avtoulovning oynalarini zirillatib yuborganini gulzorliklar kulib-kulib aytib yuradigan bo‘lishgan.
Eskidan qolgan mahalliy urf-odatlardan bir qadam chekinmaydigan Bahri xola ichib hammani bezor qilgan Umrzoq qaynisini ham biron marta xafa qilmagan edi. Mana, hozir ham boyagina go‘shtni qo‘shnilardan qizg‘anib o‘tirgan yanga darhol kelinlariga aytib go‘sht qovurtirib qaynisining oldiga qo‘ydirdi. Zaharni yesin, deb pichirlab qarg‘angan kelinlar qaynonaning gapini ikki qilmadilar. Oldiga ovqat kelgach, Umrzoq qayni birdan yalinchoq ovozda:
– Yanga, ikki yuz gramm ichmasam o‘lib qolaman. Boshim yorilib ketay deyapti, – deb qoldi.
Qalay aroq demayapti, deb ichida o‘ylab o‘tirgan yanga ukol-pukolga ishlatish uchun saqlab qo‘yilgan shisha tagida qolgan aroqni olib chiqdirib dasturxonga to‘q etib qo‘ydimi, yoki bexosdan to‘qqillab ketdimi, hartugul navbatdagi janjal uchun bahona topildi. Bu janjal aroqni to‘qqillatib qo‘yib ketgan yanga ichib o‘tirgan «bola»ning oldida o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmay ayvonga chiqib ketgandan so‘ng, birpasdan keyin boshlandi. Ichiga yana yuz gramm aroq kirib kayfi oshib qolgan qayni «minnat qilding, bergan arog‘ingni», deya ayvon ustuniga qoqilgan mixdagi savatni olayotgan yangasiga qarab, ko‘p yillar oldin mana shu imorat qurilayotganda yordam, deb bergan bir dona ustunlik yog‘och taxtasi esiga tushib qoldi. Xola o‘sha payti jo‘rtaga qilganday aynan qaynisi bergan ustundagi mixga ilingan savatni olayotgan edi. Aslida xolaning savat bilan qiladigan hech ishi yo‘q edi. Ichayotgan qaynidan uzoqroqqa ketishning payida qilgan harakati boshiga balo bo‘ldi.
– Silar uyni bitirolmay qiynalib qolgan vaqtlaringda ichim achib mana shu ustunlik yog‘ochni men bergan edim. Shu yog‘ochni bermaganimda uylaring ayvonsiz qolardi. Uyni buzib yog‘ochimni olib ketaman. bittang ham yaxshilik qilishimga arzimaysizlar, – deya qildi janjal, qildi janjal.
– Rahmat sizga, bola. Boringizga shukur. Shu ustunlar uyimni suyab turgan bo‘lsa, sizlarday qaynilarim bor, tug‘ishgan jigarlarimday ko‘raman. Yanga, deb meni suyab turibsizlar. Rahmat, ming rahmat, bola. Abdushukurjonga aytaman, bir emas, ikkita ustunlik yog‘och taxta olib borib beradi. Qo‘sha-qo‘sha imoratlar quring, to‘ylar qiling. Bolalarim bilan yaxshi kunlaringizda xizmat qilaylik…
– Yo‘q, Abdushukurning taxtasi menga kerak emas… Uyni buzib, o‘zimning yog‘ochimni olib ketaman… Ketmon, boltalar qani?
Voqeadan xabar topgan Umrzoqning bemanglay xotini Barchin aldab-suldab erini olib ketguncha barining bo‘lari bo‘ldi. Bir-ikki kundan so‘ng ichishni to‘xtatib, tavba qilib kechirim so‘rab ketadigan qaynini har doimgiday Bahri xola singari kelinlar ham kechirib yuborishadi. Kech payti ishdan qaytadigan erlariga qaynonalarining tarbiyasini olgan kelinlar yengilgina kulgi bilan vaziyatni ancha-muncha yumshatib so‘zlab beradilar. Bu gal ham shunday bo‘lishi aniq. Chunki Bahriniso xola ko‘p ta’kidlaydigan «ayollar urishishsa urishishsin, ammo erkaklarning urushib qolishiga yo‘l qo‘ymanglar», degan gavhar so‘zlarini quloqlariga isirg‘a qilib taqib olgan kelinlarning esi ko‘p. Buyam Bahriniso xolaning baxti-da…
Shunday qilib kechqurun Bolqonoy xola boshliq qo‘shnilar Bahri xolanikiga chayqalib kirib kelishdi.
Uzundan-uzoq omon-esonlik so‘rashildi.
– Hoy, Bahrixon, Toshkentda dam olishga borgan boboylardan topib olib o‘sha yoqlarda qolib ketmasa go‘rgaydi, deb qo‘rqib o‘tiruvdik, – hazillashdi Bolqonoy xola.
– Boboy boboyimning oldiga borib yotsin, Bolqonoy. Qariganda boboy nima kerak menga.
Bahriniso xolaning chindan jahli chiqdi: yuzlari qizarib, og‘zi qaltirab ketdi. Ammo mezbonligi esiga tushib qoldi shekilli, darrov o‘ziga keldi.
– To‘g‘ri aytasiz, Bahri xola. Burungining odamisiz-da baribir. Ichib olgan boboylar «Salom, shoh!» deb oldingizga kelishgan bo‘lsa-yam, rahmatli bovamga xiyonat qilmagansiz, ko‘nglingiz bo‘lmagan. Faqat birga raqsga tushib qo‘ya qolgansiz-da, – hazilni davom ettirdi Jumagul checha.
– Eh-ha, qariganda boboy nima kerak, deb tilining uchida aytayapti, ichida jon-jon deydi. «O‘nta o‘g‘ling bo‘lguncha, bittagina qiyshaygan choling bo‘lsin», degan kuygan qullar, – bo‘sh kelmadi Bolqon xola.
– O‘ling, Bolqonoy, qarisangiz ham sira quyilmaysiz. Bukrini go‘r tuzatar, deganlariday og‘zingizning shaloqligicha o‘tib ketasiz, shekilli. Hamma chollarni sizga berdim. Menga chol-pol kerakmas, – yana achchiqlana boshladi Bahri xola.
– Bo‘ldi, bo‘ldi. Ikkovingizniyam chol olmaydi. Yosh-yosh qiz-juvonlar chollarga tegib ketishayapti. Silarga it qaramaydi. Har ovqat chaynaganlaringda iyaklaring peshonalaringga tegaman, tegaman, deydi. Yana chol kerakmas, deb nozlanmasalaring go‘rgaydi. Ammo, lekin bo‘sayam tegmasliklaring aniq-ku, – do‘rilladi ovozi erkaklarnikiga o‘xshagan, mo‘ylablari o‘siq, iyagining u yer-bu yerida yakkam-dukkam soqollari oqarib qolgan Qarshigul momo. – Undan ko‘ra qanday dam olganingdan gapir, Bahriniso.
– Qarshigul opa, bizam yurgan ekanmiz, yashayapmiz deb. Ana yashash-u mana yashash, ana hayot-u mana hayot. Hayot o‘sha yoqlarda ekan. Somonxonada yuvinib umrimiz o‘tib ketibdi-ya. Jemchuj degan vannasi bor ekan. Biqirlab qaynab yotibdi. Yechinib ichiga tushib yoting, deydi do‘xtir qiz. Voy, pishirib o‘ldirasan-ku desam, qo‘rqmang xola, pishmaysiz deydi. Qo‘rqib-qo‘rqib qo‘limni botirib ko‘rsam, kuydirmadi. Ichiga tushib yotdim. Bay-bay-bay, ana rohat, mana rohat… Do‘xtir qizdan uyalib o‘ldim. Ich ko‘ylagim bilan tushib yota qolay desam, «mumkinmas» deydi qizi tushmagur.
Davrada kulgi ko‘tarildi. Hangoma qizigandan – qiziy boshladi. Bolqon momo paytini poylab qochirim gaplar qilib hammani kuldirib o‘tirdi.
– Men bilmasdan davolarni chalkashtirib olaveribman, – deydi Bahri xola kulib. – Avval sovuq muolajalarni, keyin issiqlarini olish kerak ekan. Bir payti «GAI»ga kirmabsiz, tez kiring deyishdi. Men shopirmidim Gaiga kirib desam, bu boshqacha Gai deyishdi. Aytgan joylariga borsam boshqa do‘xtir qiz «tez kiring, bitta joy bor, boshqalar kirib ketishdi» deydi. Kirsam bir talay erkak-ayol ko‘zlarini yumib o‘tirishibdi. O‘rtada apparat. O‘tirib olib nima qilishimni bilmayman. So‘ray desam o‘ng tomonimdagiyam erkak, chap tomonimdagiyam erkak. Oxiri majbur so‘radim «quruq o‘tiraveramanmi, bolam», deb. «Quruq o‘tirmaysiz, xola, ko‘zingizni yumib hidlaysiz», deydi u. «Voy, nimani hidlayman», debman shoshib. «Apparatni hidlaysiz», deydi u.
O‘rtada gurr kulgi ko‘tarildi. Biri olib, biri qo‘yib Bahri xolani askiya qilib ketishdi.
– Berdisini aytmasimdan muncha hiring-hiring qilasanlar. Baringning ko‘ngling egri. Bolqonoy, sizning kasringiz hammaga uradi. Keyin «GAI»sidan chiqib do‘xtir qizdan so‘radim. «Qizim, bu joylaringni men tushunmadim, nima qilish kerak edi buning ichida» desam, «xolajon, o‘rtadagi apparatning idishiga dori quyamiz, apparat shovullab aylanib dorili havo chiqaradi. Siz ko‘zingizni yumib, havodan nafas olib o‘tirasiz, asablaringiz tinchlanadi», – deydi. Bor gap shu ekan. Tushunmay kirib bir izza bo‘libman, bir izza bo‘libman.
– Kulgi bo‘lgansiz, qishloqiligingizni bildirgansiz, – deydi kulib-kulib ko‘zlari yoshlangan Bolqon xola.
“G‘iyq” etib eshik ochilib, qah-qah urib kulayotgan ayollarning e’tibori o‘sha tomonga yo‘naldi.
– Yaxshi o‘tiribsizlarmi, qo‘shnilar.
Eshikdan bosh suqqan Xayriniso kelin mehmonlarga mulozamat qilgach, qaynonasiga yuzlanib: “Ena, ovqatni suzaveraymi?” – dedi.
– Oyposhsha hayallab ketdi. Meni kutib turmadilaringmi, deb arazlab qolmasin tag‘in, – savolomuz qo‘shnilarga qaradi xola.
– Boya mehmon kep qoldi, boraveringlar. O‘z xabarim o‘zim bilan, degandi. Shu vaqtgacha dim-dirs-ku. Endi aniq kelmaydi-yov, – gapga qo‘shildi Ulbozor opa.
– Yana yangi moshin opti-ku. Qulluq bo‘lsinga qarindoshlari kelgandir-da.
– Buncha pulni qayerdan olyapti ekan-a? Bozorda nima yangi mato chiqsa birinchi bo‘lib Oyposhshaoy kiyadi. Tunov kuni bir to‘yga birga borgandik. Sakkizta barmog‘iga sakkizta tilla uzuk taqib opti. Ikkala qo‘lini ikki tizzasiga qo‘yib olib uzuklarni ko‘z-ko‘z qilib o‘tirgandi, mallim singlisi sekingina urushib berdi. Singlisining gapi ta’sir qildimi, biroz o‘ng‘aysizlanib qoldi. Shundan beri besh-oltitagina uzuk taqib yuribdi. Hali kep qolsa qo‘llariga razm solinglar.
– Ha, haloli bo‘lsin. Bola-chaqasi bilan kechayu kunduz tinmaydi. Mehnatning orqasidan qishloqning ro‘zg‘ori eng to‘q odamlariga aylandi. “Sendan harakat– mendan barakat”, – deb shuni aytadilar-da. U moshin minmay, uzzukkun uyda o‘tirib biz minamizmi,– maqtab qo‘ydi Qarshigul xola do‘rillab.
Kishi bilmasgina qilib yomonlashga chog‘langan og‘izlar indamaygina yopildi. Chunki Oyposhsha opoyga til tekkizib qo‘ygan Xolbuvining kuniga shoqollar yig‘laganini hali hech qaysisi unutmagandi.
Bu orada mehmonlarga qatiqli osh tortildi. Bahri xolaning o‘g‘li ishdan qaytishda kolbasa olib kelgan ekan, u ham dasturxonga qo‘yildi. Gulzorning qitmirroq ayollari buni ham askiya qilishdi.
– Sarimsoqovning halol kolbasalaridan ekan, bemalol yeyaveringlar. Har kuni televizorda reklama qilishayapti «halol, halol,» deb, – dedi Jumagul checha
– O‘zimizning qishloqdagi Sarimsoqniki bo‘lsa, o‘lgandayam halol bo‘lmaydi, – deb qochiriq qila boshlashgandi, yana Qarshigul momo ularni urishib berdi:
– Xudo ko‘tarsin senlarni. Indamasa taomniyam har ko‘yga solasanlar. Uyat emasmi. Undan ko‘ra Allohni yod olib ma’nili-ma’nili gaplardan gapirib o‘tirmaysilarmi. Hali qo‘yar deyman, qo‘ymaysilar, hali qo‘yar deyman, qo‘ymaysilar. Qaring qariday emas, yoshing yoshday. Silar bilan o‘tirganning iymonini uchirasilar. Tavba, tavba. Hoy, Bolqonoy, hammaning etagidan tortib g‘iybat qilaverganingcha keliningni qaytarib kelmaysanmi? Bolalari bor axir. Nevaralaringni sog‘inmaysanmi?
– Oson qilmang, Qarshigul opa, oson qilmang. Molning go‘ngini kechib topganlarimni o‘sha juvonmarg kelinga sarflaganman. Kelin emas, kelisop, miyamni chaqaman deydi. Qarindoshining tayini yo‘qlar, tavba qildim, toshbaqani tog‘a, qurbaqani xola, deb ketaverarkan. Bir tug‘ishgan tog‘asi yo‘q, qaygo‘rdagi uzoq bir toshbaqa tog‘asining to‘yiga boraman, deb men bilan janjallashdi. Qaynona kerakmi, yo toshbaqa tog‘a, qurbaqa xola kerakmi? Allaqanday toshbaqa tog‘asini deb, mening qaynonalik hurmatimni oyoqosti qildi. Og‘zidan qora qoni g‘irqirab kelmasa, aslo rozi emasman. O‘g‘limgayam aytdim: «Agar borib xotiningni olib keladigan bo‘lsang, oq sutimni ko‘kka sog‘aman», – deb. – O‘zi ketgan yor-yor, o‘zi kelar yor-yor. Jijinda borib olib kelmayman (jiznda demoqchi).
– Hay-hay, Bolqonoy. Shaytonga hay bering. Shaytonning gapiga kirsangiz, sizni ne ko‘ylarga solmaydi? Kelin ham birovning ko‘zga surtgan aziz bolasi. Hech bo‘lmasa nevaralaringizning hurmati bor-a.
– Ha, shu nevaralarim uchun indamay turibman-da. Bo‘lmasa allaqachon pattasini qo‘liga berdirib yuborardim. O‘g‘lim bo‘sh. O‘g‘lim bo‘sh bo‘lmasa arazlashga xotinining haddi sig‘armidi. – Kelining yaxshi bo‘lsa berdi Xudo, kelining yomon bo‘lsa, urdi Xudo», – degan ekan menga o‘xshagan bir bechora kuygan qul.
Hazil-mutoyiba o‘rnini «kuygan qul»ning ohu fig‘oni-yu ko‘kka o‘rlagan tutunlari egallay boshlaganda ancha kech bo‘lib qolgan edi. Osmondagi oyning yuzini qora bulutlar to‘sa boshlagan, havo aynayotgan edi. «Birdan to‘polon boshlanib qolsa, chiroq o‘chib qoladi. Tezroq uy-uyimizga borib olaylik», deyishib ayollar o‘rnilaridan qo‘zg‘alishdi.
– Aytganday, Sattor kamazchining yashirincha ikkinchi xotini bor emish, – dedi o‘rnidan turayotib ayollardan biri.
– Kim aytdi senga?
– Sattorning xotini singlimga dugona bo‘ladi. Singlim aytdi.
O‘rnilaridan qo‘zg‘algan xotinlar uydan chiqolmay yana hangomaga tushishdi.
Sattor keyingi paytda juda ozoda kiyinadigan bo‘lib qopti. Ichki kiyimlari sira kir bo‘lmay doim toza bo‘lib qolganidan xotini shubhalanib qopti. Chunki oldinlari kir ust-bosh bilan ham baribir moy bo‘ladi, deb mashina haydab ketaverarkan. Xotini zo‘rlab yechib olib yuvib berarkan. Endi esa kiydirib yuborgan kiyimlari yana o‘shanday toza bo‘lib ishdan qaytarkan. Xotini pishiq ekan. Haligindaqa ayollar ko‘plab yashaydigan joy boru, oting qurg‘ur nimaydi, ha mikrorayon. Xullas, Sattorning xotini bir domning oldida erining moshinasini ko‘rib qopti. Moshinning atrofida o‘ynab yurgan bolalardan moshinning egasi qaysi uyga kirib ketganini so‘rabdi. Bolalar uyni ko‘rsatib berib, shopirning har doim shu uyga kelib turishini aytishibdi. Gulnora (Sattorning xotini) haligi uyning eshigini sekin itarib ko‘rsa eshik qulflanmagan ekan shekilli, ochilib ketibdi. Gulnora shartta ichkariga kirsa, eri tizzasiga bir juvonni o‘tqazib olib og‘zini og‘ziga qo‘yib «non chaynab» berayotganmish.
– Nima, xotinning tishi yo‘q ekanmi, – luqma tashladi Qarshigul momo.
Davrada yengil kulgi ko‘tarildi.
– Tushunmaysizmi, Qarshigul opa, sag‘analar tilbuzardagilarga o‘xshab o‘pishayotgan bo‘lishgan, – dedi Bolqonoy xola o‘zining bilag‘onligidan faxrlanib.
– Ha, ordona qolsin. Tunov kuni tilbuzar ko‘rib o‘tirsak duppa-durust erkak bir ayal bilan quchoqlashib yalashib qolsa bo‘ladimi. O‘g‘limning oldida nima qilishimni bilmay qolibman. Haliyam o‘g‘lim oldidagi apparatni ola sola tugmasini bosgan edi, anavi sharmandalar yo‘qolib, o‘rniga ashulachi xotin chiqib qola qoldi. Tilbuzarda uyat qolmadi, – koyindi Qarshigul momo.
– Ha, keyin nima qipti Sattori qurmagur, og‘zidagi noni tushib ketibdimi? O‘zbekniki shu, puli ko‘paysa, xotini ham ko‘payib qoladi.
– Sattor o‘tirgan joyida qotib qopti, – davom etdi haligi ayol. – Baqirishibdi, chaqirishibdi. Ancha dilxiralik bo‘libdi. «Chiroyli bo‘lsayam mayli ekan, qop-qora lo‘liga o‘xshaydi mochag‘ar», deb kuyadi Gulnora. Aslida chiroylidir-ov, Gulnora kuyganidan shunday degandir.
– Ishqilib Tinchlik ko‘chasidagilar sira tinch o‘tirmas ekan-da.
Shu payt ochiq turgan derazalar taraq-turuq qilib ochilib-yopila boshladi. Ayollarning bilmagan balosi yo‘q. Chindan ham tashqarida chang-to‘zon ko‘tarilgan edi. Hangomani ko‘zi qiymay qaytadan o‘tirib olgan ayollar o‘rnilaridan turishga ham ulgurmay lip etib chiroq o‘chdi.
– Voyy, – deb yuborishdi ular birvarakayiga. – Endi to‘polonda qanday ketib olamiz?
– Qo‘sh xotin olmay qotib qolgur Sattorning Xudoyi bor ekan. G‘iybatini qiluvdik, chiroq o‘chdi-qoldi, – dedi qorong‘idan foydalanib dasturxon timirskilayotgan Bolqon xola.
– Hoy, Xudo xayringni bergur Xayriniso, shamni keltir tezroq, – ovozini balandlatdi Bahriniso xola.
Ammo qorong‘ida gugurt topsa shamni topolmay, sham topsa gugurt topolmay xunobi chiqqan Xayriniso kelguncha, qo‘shnilar qo‘llari bilan paypaslab o‘zlariniki deb taxmin qilgan oyoq kiyimlarini kiyib uy-uylariga tarqalishdi.
Mehmonlarni kuzatib qaytgan Bahriniso xola shunday qobil farzandlari, mehribon qo‘shnilari borligi uchun Yaratganga behisob shukronalar keltirib uyquga ketdi. Tezgina uxlab qolgan xola uyqusirab bir nimalar deb g‘udrandi-da lablarini chalpillatib-chalpillatib qo‘ydi. Hoynahoy, rahmatli choli tushiga kirdiyov…
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 6-son