Bu gap bir zumda bolalar qulog‘iga yetib, ko‘plari oshkora, ba’zilar pinhona pichir-pichir boshlashdi.
Emishki, bir-birini ko‘rishga ko‘zi yo‘q Mohira bilan Asqar sevishib qolishibdi. Asqarning bir dona olmani tirjayib Mohiraga uzatganini va qiz qurg‘ur ham indamay uni olganini shu kuni navbatchilikka qolgan Zamira G‘iybatnisa o‘z ko‘zi bilan ko‘rganmish. O‘z g‘iybatlari bilan G‘iybatnisa laqabini orttirgan qizning gapiga ishongan ishondi, ishonmagan ishonmadi. Har qalay bolalarning hangomasiga qiziqarli mavzu topildiki, bir necha kun ular maroq bilan shu mavzu atrofida uymalashishdi.
Darhaqiqat, shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi deganlaridek, shamol bo‘lmasa ham biroz shabada esgan va bir dona mevasini o‘z bag‘rida yashirib qolmoqchi bo‘lgan dala shiyponi hovlisidagi olma daraxtining yaproqlarini silkitgan edi. Bu silkinish jarayonida hikoyamiz qahramoni bo‘lmish dimog‘dor, ayni paytda fe’li g‘alati yigitcha Asqar o‘sha mashhur g‘iybatlarning sababchisiga aylangan bir qizil olmani ko‘rib qolgan va uni uzib Mohiraga bergan edi. Bor gap shumi dersiz? Ha. Bor gap shu va faqat shugina emas.
Hamma gap shundaki, shu damgacha ularning har ikkalasi ham bir-birini ko‘rishga ko‘zi, otishga o‘qi yo‘q edi-da. Yaxshiyam o‘sha savil o‘qning yo‘qligi. Bo‘lmasa ular bir-birini otib qo‘yib, bu dunyoda olmadan ham shirinroq muhabbatning mevasidan tatib ko‘rishga ulgurmay dorilbaqoga rixlat qilib ketisharmidi. Bu ikkala sinfdoshning nima uchun bir-birini yomon ko‘rishlarini tushuntirish uchun ozroq moziyga chekinmasak bo‘lmas. Mohira sinfdagi eng a’lochi, eng jamoatchi va eng… eng… eng… qiz edi. Shoirtabiat bu qizning yoqimligina ovozi ham bor ediki, maktabdagi butun tashkiliy ishlar uning ishtirokisiz o‘tmas edi. Sinflaridagi Asqardan bo‘lak barcha bolalar uni yaxshi ko‘rib, hurmat qilishardi.
Asqar ham chiroylikkina bo‘lib, ko‘rkamligidan faxrlanar va boshqalarni mensimasdi.
Oltinchi sinfda o‘qib yurgan paytlarida Toyis laqabli matematika o‘qituvchisi (ruscha «toyest» so‘zini ko‘p ishlatardi) dars paytida bolalarga ko‘z-quloq bo‘lib turishni sinfboshi Mohiraga (sinfkomlik tug‘ilgandanoq uning peshonasiga yozilganmi 1-sinfdan to bitirguncha shu lavozimda ancha ter to‘kdi) tayinladi-da, o‘zi tashqariga chiqib ketdi. Shu zahoti bolalar baqir-chaqir qila boshlashdi. Hukmronlik qo‘liga tegib qolgan Mohira qo‘lidagi daftar bilan bolalarni urib tinchita boshladi. Kaltak yeyish navbati ayni Asqarga kelganda, u chaqqonlik bilan Mohiraning qo‘lidagi daftarni yulib olib qizning o‘zining yuziga shartillatib urib yubordi. Hayotida salgina turtki ham yeb ulgurmagan qizcha alamidan yig‘lab yubordi va o‘shandan buyon Asqarning otiniyam atamay qo‘ygan, go‘yo sinfda bunday bola uning uchun yo‘q edi.
O‘shandan beri yillar o‘tib ular o‘ninchi sinf bo‘lishdi. O‘ninchi sinfda o‘qiyotgan kezlari maktabning yuqori sinf o‘quvchilarini qo‘shni tumanga paxta terimiga safarbar qilishdi. Mohiraning dadasi keksa o‘qituvchi bo‘lib, qizini paxta terimiga chiqarmay, oshpaz qilib qo‘yishlarini iltimos qilgan ekan, uni borgandan oshpaz qilib tayinlashdi. Jo‘rttaga qilganday Asqarning dadasi ham o‘g‘lini samovarchi qilib tayinlashlarini iltimos qilgan ekan.
Shunday qilib butun hasharchi bolalarning yeyish-ichishi ikki arzanda qo‘lida qoldi.
— Yo‘q, men u bilan kelisholmayman. Boshqa bola samovarchi bo‘lsin, — dedi Mohira muallimga.
— Nega endi kelisholmaysanlar-a? Nimani bo‘lisholmaysallar. Ayniqsa, senday a’lochi qiz boshqalarga namuna bo‘lish o‘rniga arazlashib yursang hech to‘g‘ri kelmaydi. Shu bugunoq yarashib olda, ishni boshlanglar. Yaxshi insonlar kechirimli bo‘ladilar, — dedi muallim unga javoban.
Mohiraga shu gapning o‘zi yetarli bo‘ldi va bu haqda boshqa og‘iz ochmadi.
Asqar choy qaynatish bilan birga ovqat tayyorlash uchun o‘tin ham yorib berishi kerak edi. Dardi ichida bo‘lgan Mohira o‘tin tayyor emasligini ko‘rib Asqarni chaqib olishga bahona topilganidan ichidan suyunib, unga o‘shqirdi.
— Nega o‘tinni vaqtida yorib qo‘ymading! Nima, bolalar kelib seni yeydimi? Bo‘l, tez. Ovqat pishirishim kerak.
Asqarning jon-poni chiqib ketdi.
— Ey, qiz. Direktorning qiziman deb buyruq beradigan bo‘p qoldingmi? Otangning davri o‘tib ketgan. Ko‘p o‘zingdan ketaverma, xo‘pmi? Sinfkomligingni maktabda boshqalarga qilasan, menga bu numering o‘tmaydi.
— Voy-voy-voy. Kim bo‘psan, ja odamlarni mensimaydigan. Men uchun bir tiyinsan, bildingmi, bir tiyin. Bir tiyingayam olmayman seni. E, kekkaymay o‘l, — qizishib ketdi Mohira.
Shu payt muallim kelib qoldi-yu, har ikkalasi ham jim bo‘p qolishdi. Asqar o‘tin yorishga, Mohira kartoshka artishga tushdi.
Katta qozonga ega bo‘lib olgan qiz birda quyuq, birda suyuq qilib ovqat pishira boshladi.
Kechqurun o‘choq boshi kosalarni taraq-turuq qilgan bolalarning shovqiniga to‘lib ketardi.
— Kartoshkasidan ko‘proq sol.
— Menga piyozsiz quy.
— Voy-vuy, ovqat bo‘tqa bo‘p qopti-yu.
— Go‘shtini dadil-dadil solmaysanmi?
— Men bugina ovqatga to‘ymayman, tag‘in berasan-da.
Kunlar bir maromda o‘ta boshladi.
Mohiraning pishirgan bo‘tqa ovqatlari-yu, Asqarning chala qaynagan choyiga butun bolalar jamoasi ko‘nikib qolganlariday oshpaz qiz bilan samovarchi yigitcha ham bir-birlariga ko‘nikib, urishmay qolishdi. Qop-qora g‘ayir sochlarining ustidan oppoq durra tang‘igan yoqimtoygina oshpaz qiz bilan bir stolda ovqat yeyishga o‘tib olgan yigitcha uchun o‘tin yorishdek mashaqqatli ish ham maroqli tuyula boshladi. Nega maroqli bo‘lmas ekan, o‘tinni Mohira yoqadigan bo‘lgandan keyin albatta maroqli bo‘ladi-da. Keyingi paytlarda Asqarning yuragini allaqanday yoqimli hislar chulg‘ay boshladi. «Nega uning shunchalar yoqimtoyligini avvaldan payqamabman-a. U hammadan chiroyli», — deb o‘ylay boshladi u. Kechagina ko‘ziga baloday ko‘ringan qizning har bir xatti-harakati har bir so‘zi yigitchaga jozibali ko‘rina boshadi. U Mohirani xursand qilish uchun atrofdagi polizlardan kechki pomidor, bodringlar terib kelardi-da, qizning qo‘liga tutqazardi. Oqko‘ngilgina Mohira bu mehribonchiliklarga ba’zida hayron bo‘lsa-da, ortiqcha e’tib
or bermadi.
Har kuni kechki ovqatdan keyin bolalar mashina baloni topib kelishib, uni yoqib kontsert uyushtirishardi. Yetakchi xonanda albatta Mohira, dugonasi paqirni to‘ntarib chalib unga jo‘r bo‘lardi. Bolalarning o‘yin tushishni bilganiyam, bilmaganiyam davradan chiqmay ularning ashulasiga o‘ynashardi, qiziqchilik ham qilishardi. Muzaffar jag‘jag‘ gapni opqochadi-da toza.
– Bilasizlarmi, bolalar. Mening zarbdorlik tog‘am KamAZi bilan Marsga borib kelgan, — deydi u.
— Ol-a yolg‘onniyam yamlamay yutasanqa. Mars qayoqda-yu, Zarbdor qayoqda. Qolaversa, u yoqqa raketa yetolmaydi-yu. KamAZga yo‘l bo‘lsin. Va-ha-ha o‘zimizning shu katta betonka yo‘l bilan borganmi tog‘ang Marsga. O‘la-o‘la, qasamxo‘r, o‘trikchi.
Bolalar har yoqda Muzaffarni mayna qilib kula boshlashdi.
— O‘lay agar, tog‘am o‘z og‘zi bilan gapirib bergan. Bilasizlarmi, zarbdorlik KamAZchilarning oyog‘i yetmagan yer qolmagan. Odam arqon bilan osilib chiqolmaydigan cho‘qqilarga ham ular KamAZ bilan bemalol chiqib ketaverishadi. Orqasidan quvgan melisalarning birontasiyam ularni ushlolmaydi. Zarbdorlik KamAZchilarning bari boy bo‘p ketgan. Gapimni bo‘lmalaring, hozir men senlarga buning qanday bo‘lganligini aytib beraman.
— Aytsin, jim turinglar.
— Balki rostdanam borgandir.
— Aytaver, yoqmaganlar qulog‘ini bekitib olsin. Biz eshitamiz gapingni.
— Eshitsak eshitaveramizku-ya, ammo muallimimizning aytishicha eng zo‘r kosmik kemaning ham Marsga borib kelishi uchun yuz yil ham yetmasmish.
— Obbo, bu yerda ilmiy munozara bo‘lmayaptimi? Ha, eshitaylik endi. Gapiraver, Muzaffar. Qulog‘imiz senda.
Bolalar tinchlangach Muzaffar hikoyasini boshladi.
— Bir kun tog‘amning oldiga Ergash fermer kelibdi-da, o‘n tonna piyozni Tojikiston yoqqa ortmoqchi ekanligini aytibdi. Shunda tog‘am u tomonlarga o‘tish juda qiyinlashib ketganligini, organ bilib qolsa ish rasvo bo‘lishini tushuntiribdi. Ammo Ergash fermer bu dunyoda bilmaydigan ishning o‘zi yo‘qligini, faqatgina zarbdorlik KamAZchilargagina ma’lum bo‘lgan aylanma yashirin yo‘llar orqali olib borish mumkin ekanligini eshitganini aytib, katta «dolya» berajagini ham ishora qilib o‘tibdi. O‘sha kunlari tog‘amgayam kliyentlar kelmay ishsiz o‘tirgan ekan, nima bo‘lsa bo‘lar deb tavakkal qilib piyozni KamAZga ortadi.
Shunday qilib ikkovlari kechki payt yo‘lga tushishibdi. Tog‘am «dolya»ning cho‘g‘i uchmasin deb shopir sherigini olmabdi. Ergash fermerning orzulari katta ekan. U «eson-omon piyozni sotib kelsam, yolg‘izgina o‘g‘limga sunnat to‘yi qilaman. To‘yga Yulduz Usmonovani olib kelaman» deb niyat qilgan ekan.
— Yulduz Usmonovani to‘yga opkelib nima qiladi? Yulduzni ko‘raman deb butun xalq to‘yxonani ostin-ustun qilib tashlashadi-ku. To‘y qilgan tugul qo‘shnilarning ham tomi teshik bo‘lib ketadi, — luqma tashladi bolalardan biri va hammaning o‘ziga norozi bo‘lib qarab qo‘ygani uchun darhol jim bo‘ldi.
— Shunday qilib aylanma, o‘ng-chap qilib, hangomalashib borishayotsa shunday pana joydan mashinalarning chirog‘i yonib melisalar chiqib qolib to‘xtashga buyurishibdi. Tog‘am, dunyoda melisadan yomon odam yo‘q deb yurgan tog‘am shartta yo‘ldan chiqib, yo‘lsiz tepaga qarab mashinasini haydab qolibdi. Melisalar quvibdi, bular qochishibdi. «Ollo xudo, Ollo xudo» deb.
Tog‘am qiziq ustida tog‘ning tepasiga qanday qilib chiqib ketganini bilmay qolibdi. Keyin aytib berishicha, o‘sha daqiqalarda sira qo‘rquvni sezmagan emish, butun fikr-u xayoli qochib qutulishda bo‘lib fermerning, ajalimdan burun o‘ldirasanmi, to‘xtat moshindi, degan gaplariyam qulog‘iga kirmasmish. Bir payt o‘ziga kelib qarasa katta jar yoqasida turganmish. U darhol tormozni bosibdi. Jarga qulashlariga sekund qopdi. Shunda fermer: «Ey, xudo. O‘zing bandam de, o‘zing asra, yolg‘iz o‘g‘limning orzu-havasini ko‘rmay o‘lib ketaveramanmi?» deya Ollohga iltijo qilaveribdi. Nima bo‘libdi deng? Mo‘jiza ro‘y beribdi. Jar ustida yaraqlagan tilla ko‘prik paydo bo‘libdi. Tog‘am «Yo qudratingdan» deb hayratdan og‘zi ochilib qopti. Fermerning esa tili kalimaga kelmay qopti.
Muzaffar shu yerga kelganda to‘xtab bolalarga vahimali qarab qo‘ydi. Bolalarning butun vujudi quloqqa aylanib uni tinglashardi.
— Tog‘am hali-hanuz yangamning qulog‘idagi tilla isirg‘asiga ishora qilib «ko‘prik shunaqa yarqirab turgandi» deb qo‘yadi, — davom etdi Muzaffar. — Xullas, mo‘jiza ro‘y beribdi. Birozdan so‘ng tog‘am o‘ziga kelib moshinani to‘g‘ri ko‘prik bo‘ylab haydab qolibdi. Bir zumda qip-qizil qum barxanlari cho‘zilib yotgan, bironta tirik jondan asar sezilmagan biyday dalaga chiqib qolishibdi. Sovuq, izg‘irin shamol esib yotganmish. «Tovba, bu Xorazmning Qizilqumimi? Biz Tojikistondan chiqishimiz kerak edi-ku?» — deb tog‘amning boshi qotib qolibdi. Fermer bo‘lsa o‘zining sovqotgani bilan ishi yo‘q «piyozlarimni sovuq urib ketsa, nima qilaman?» degan tashvishda emish. Tog‘am «bo‘ldi, endi kelgan yo‘limiz bilan orqaga qaytamiz» deb KamAZini bursa haligi ko‘prik ham, jar ham go‘yo hech qachon bo‘lmaganday yo‘q bo‘lib qolganmish. Ana, endi ko‘ring hangomani. To‘rt tomon biyday dala. Tirik jondan nishon yo‘q. Ikkovining ham bo‘g‘inlari bo‘shashib nima qilishini bilmay o‘tirishsa, qattiq shovqin ko‘tarilib kosmik kemaga o‘xs
hagan bir jism ulardan nariroqda kelib qo‘nibdi. So‘ng uning ichidan to‘rt-besh odam tushib xursand kayfiyatda bir-birini quchoqlab chulchitcha bir narsalar deb baqirisharmish. Ularning bittasi videokamera bilan suratga olayotganmish. Tog‘amlar kosmik kemaning quyruq tomonida turishgani uchun ular tog‘amlarni ko‘rmasmish.
Shunda birdan fermerning rangi oqarib ketibdi. Tog‘am nima gapligini so‘rabdi.
—Biz Mars sayyorasiga kep qopmiz, jo‘ra, — debdi Ergash aka arang. – Anovi kema Amerikaniki ekan.
Ular Yerga signal berishyapti. «Biz odamzodning asriy orzusini ro‘yobga chiqarib Mars sayyorasiga qadam qo‘yib turibmiz», — deb xabar jo‘natishyapti. «Marsni biz amerikaliklar birinchi bo‘lib zabt etdik», deyishyapti», – desa hangu-mang bo‘lib qolgan tog‘am «voy, qizig‘arlar-ey ulardan oldin biz zarbdorlik KamAZchi va dehqon zabt etib qo‘ydik-ku Marsni», — dermish. Bular nima qilarini bilmay turishsa, sovqotib qolgan amerikaliklar kemalariga chiqib ketish taraddudiga tushib qolishibdi. Sal hayallasa kechikib qolishini bilgan tog‘am KamAZini zing‘illatib kema eshigining oldiga uchiribdi. Ichkarida hamon Yerga xabar uzatib yotishibdi. «Biz Marsni zabt etdik! Biz birinchi bo‘ldik!» va hokazo va hokazo deb turishsa kemalarining eshigi taqillab qopti. Ular «Marsda hech jonzot ham, hayot ham yo‘q edi-ku», — deb hayron bo‘lib eshikni ochib qarashsa «Piyoz olasilarmi?» — deb ikkita yerliklarga o‘xshagan odam turganmish. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bular mening tog‘am bilan fermer edi. Fermer ham anoyimas ekan. U inglizchan
i suv qilib ichib yuborgan ekan, birpasda amerikaliklar bilan til topishibdi. Amerikaliklar ularni o‘zlari bilan olib ketib, har ikkalasiga ham bittadan «Mersedes» moshin mindirib yuborishlarini, evaziga esa ular Marsda bo‘lganliklari haqida churq etib og‘iz ochmasliklarini iltimos qilishibdi. Zarbdorliklar bunga rozi bo‘lishibdi. «Mayli, Marsni amerikaliklarga berdik», — deb eson-omon qaytganiga shukur qilishibdi. Piyoz-miyozi bilan Marsda qolib ketgan KamAZini eslab tog‘amning ichi kuyib-kuyib qo‘yadi. Har qalay «Mersedes» zahar bosdi bo‘ldi-ku.
Fermerga kelsak, u uyiga qaytgandan so‘ng «Mersedes» mashinani sotib yakkayu-yolg‘iz o‘g‘liga kattakon qilib sunnat to‘y qilib beribdi. To‘yga Yulduz Usmonova kelibdi. Boya, sen Ergash to‘g‘ri aytuvding. Yulduz kelsa to‘ychining ham, qo‘shnilarning ham tomlari ilma-teshik bo‘ladi deb haqiqatdan ham Yulduz Usmonovaning daragini eshitib ham, to‘yxona tugul qo‘shni tomlariniyam bosib ketibdi. Shiferlar tsingan, devorlar ko‘chgan. Lekin fermer mard odam ekan. To‘y o‘tgach, qo‘shnilarining to‘y bo‘lmasdan oldin ham o‘zi hilvirab turgan tomlarini yangi shiferlar bilan yoptirib beribdi. Hamma xursand bo‘pti, deb hikoyasini tugatdi Muzaffar.
Hikoya ta’siriga berilgan bolalar bir nafas jim qolishdi-da, so‘ng munozaraga berilib ketishdi. Ular ota-onalaridan uzoqda, uylarini, yaqinlarini sog‘inganliklarini hisobga olmaganda kunduzlarni mehnat, kechqurunlarni esa mana shunaqangi hangomalar, o‘yin-kulgular bilan o‘tkazishardi. Ular Mars haqida, mo‘jizalar haqida so‘zlasha-so‘zlasha uyquga ketishdi. Yana bir mehnat kuni shu tarzda nihoyalandi.
Muzaffarning og‘ziga anqayib men ham asosiy mavzudan chiqib ketganim bois aziz o‘quvchidan uzr so‘rayman-da, yana sinfdosh mavzusiga qaytaman.
Ertasiga odatdagi mehnat kuni boshlanib shiyponda bizning asosiy qahramonimiz qolishdi.
— Qanday ajoyib va g‘aroyib sarguzasht! Mashina bilan Marsga borishsa-ya, — dedi hamon kechagi hikoya ta’sirida yurgan xayolparast Mohira.
— Shuning gapiga ishonib o‘tiribsanmi? G‘irt yolg‘on-ku hamma gapi. Tog‘asiyam Muzaffarga o‘xshagan lofchi ekan. Tog‘a-jiyanlarning tuprog‘i bir joydan olingan ekan chog‘i, — dedi Asqar beparvogina.
— Men mo‘jizalarga ishonaman. Aytishlaricha, har bir narsaning tayanch nuqtasi bo‘larkan. O‘sha tayanch nuqtani topsa hatto yer shariniyam ko‘tarish mumkin. Fantastik asarlarda insonlar o‘tgan asrlarga yoki kelajakka o‘tib qolish hollari hikoya qilinadi. Ba’zi olimlar vaqtni orqaga qaytarish mumkin deb hisoblasharkan. Buning uchun esa Yer o‘qining markazini topish kerak ekan. Ikkinchi jahon urushi paytida Germaniya qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchray boshlagan vaqtlari Gitler olimlarga vaqtni orqaga, g‘alabalar nashidasini surib yurgan davrga qaytarish uchun Yer o‘qi joylashgan nuqtani topishni buyurgan ekan. Buning uchun olimlar o‘sha joy Hindistonda bo‘lishi kerak deb ekspeditsiya uyushtirgan, ammo noma’lum sabablarga ko‘ra ekspeditsiya halokatga uchragan ekan. Balki Muzaffarning tog‘asi sayyoralar aro qo‘yilgan samoviy ko‘prikka duch kelib qolgandir. Mening shunga ishongim kelyapti. «Xudoyi yo‘li» degan turklar ishlagan kinoni ko‘rganmisan. Undagi qahramonlardan biri Ollohning inoyati bilan bir kunda Makkayu
Madinaga borib haj ziyoratini bajarib qaytadi. Ha, Asqar, bu dunyoning biz bilmagan sir-sinoatlari ko‘p. Biz aqlimiz deymizmi, yoki tafakkurimizmi idrok etolmaganligi uchun bu sinoatlarni «g‘irt yolg‘on» yo bo‘lmasa «Fantastika» deb qo‘ya qolamiz-da, ortiqcha bosh qotirishni istamaymiz. Mana, anuv «tog‘a»ni olaylik, u oddiygina shofyor bo‘lsa ham, mayli, lofchi, yolg‘onchiyam deya qolaylik, ammo baribir bolalar ongida allaqanday bir ajib iliqlikmi, hayratmi, shunga o‘xshash taassurot uyg‘otoldi-ku, axir. Endi bolalar ancha vaqt o‘sha kayfiyat ta’sirida yuradilar, sir-sinoatlardan hayratlanadilar, bu sinoatlarni yechish orzusida tafakkurini ishga sola boshlanadi, deya gapini tugatdi Mohira.
— Qoyil! Olim bo‘p ketarsan-a, — chapak chaldi Asqar. – Men esa real hayot bilan yashashni istayman. Mana men, sen, mana bu qo‘limdagi pichoq bular bari bor narsalar. Hozir pichoqni qorovulga o‘tkirlatishim va sen ovqat pishirishing, men esa choy qaynatishim kerak. Pichoqni qayratib kelgunimcha orzularing bilan yashab tur, — deya kulib nari ketdi u.
Birozdan so‘ng pichoqni qayratib kelgan Asqar qizning xomushligini ko‘rib hazillashmoqchi bo‘ldi.
— O‘tkirligini qara, Mohi. Naq odam so‘yadigan pichoq bo‘ptida.
Kayfiyati tushib ketgan Mohira jahldan qizarib ketdi.
— Nima! Hali odam ham so‘ysang kerak, gaping bunaqa bo‘lsa?
— Yo‘q, yo‘q. Nega endi? Xudo saqlasin. Shunchaki hazil qilib gapiruvdim, — kalovlandi Asqar.
— Haziling qursin!
Mohira shunday deya tez-tez yurib shiyponga kirib ketdi.
Voqeaning bunday tus olishini kutmagan yigitcha birdan ma’yuslanib, o‘z-o‘zini yomon ko‘rib ketdi.
«Endi u yana qaytadan meni yomon ko‘rib qoldi». U qo‘lidagi ko‘ziga baloday ko‘rinib ketgan pichoqni o‘choq boshiga otib tashladi, xuddi hammasiga pichoq aybdorday. So‘ng ko‘ngil g‘ashligini ketkazish uchun shiypon yonidagi bog‘da tentiray boshladi. Allaqachon mezon kirib qo‘yganiga qaramay bog‘ hali yam-yashil edi. Yengilgina shabada yaproqlarni ohista tebratar, qushlarning chug‘ur-chug‘uri bog‘ning osoyishtaligiga biroz rahna solib turardi. Haliyam bolaligi qolmagan Asqar cho‘ntagidan rogatka chiqarib daraxtdagi qushlarni nishonga ola boshladi. U endi nishonga otaman deb turganda qush pirr etib uchib ketdi-yu, quyuq barglar orasidan bir dona qip-qizil olma ko‘zga tashlanib qoldi. Asqar daraxtga chiqib shuncha bolaning ko‘zidan yashirinib qolgan bog‘dagi so‘nggi mevani avaylab uzib oldi.
Bolalar bog‘ning tit-pitini chiqarib yuborishgan edi. Qandaygina bu olmani ko‘rmay qolishdiykina? Yana yashil barglar orasida qip-qizil bo‘lib turgan bo‘lsa. Shu o‘ylar bilan u olmani yengi bilan artib tozalab yemoqchi bo‘ldi. Ammo u darrov fikridan qaytdi. Mohirasiz tomog‘idan olma o‘tmasligini his qildi va birdan miyasiga kelgan fikrdan suyunib ketdi.
«Balki bu olma Mohira aytgan mo‘jizalardan biridir. Faqat oddiyroq, balki juda oddiy mo‘jizadir. Men bu mo‘jizani unga olib boraman». Uning vujudini allaqanday bir tushunarsiz shodlik egallab oldi va shiyponga qarab yugurdi.
— Mohira, Mohi. Manavini qara.
— Vuiy, muncha chiroyli. Qayerdan olding?
— Anavi daraxtdan. Barglar yashirib turgan ekan. Ol. Bu senga.
— O‘zing yemaysanmi?
— Yo‘q. Yegim kelmadi. Chiroyli olma ekan. Olaqol.
Oq sariqqa moyil qizning yuzlari qo‘lidagi olmaday qizarib ketdi. U olmani aylantirib ko‘rarkan: «Ha, chindanam juda chiroyli ekan. Yeyishga odamning ko‘zi qiymaydi-ya», — dedi va mayin jilmayib yigitga qaradi.
Bu jilmayish shunday begidir, shunday ma’sum, shunday pok ediki, inson qalbini-da bunday chuqur samimiyat bor ekan, Yer kurrasi o‘z o‘qidan chiqib ketmasligiga, beg‘ubor osmonda quyosh mangu porlab turaverishiga ishona boshlaysan kishi.