– Voy baraka topgur-ey! Meni esdan chiqarmabsanda-a? Balki ammam kelganimni bila turib nega o‘tmaydi, deb ginalagandirsan ham.
Ko‘rganda kulgichlari yoyilib ketadigan Xadicha ammasi uni xushhol qarshiladi. To‘ladan kelgan, oppoq yuzli, qora sochlari tovonini o‘padigan bu ayolni dilkash deb bo‘lmasdi. Uning quvnoqligi bir lahzada g‘ussali nigohlar bilan almashinardi. Boqishlari har qancha teran bo‘lmasin, bu holat hamsuhbatining ko‘nglini ezib yuboray derdi.
– Men ham qadr sinayman. Qani jiyanlarimning oldida qancha qiymatim bor ekan deb o‘ylayman.
Bahriddin hovli ayvonidagi supaga horg‘in cho‘kkan ayolning yelkasidan beozor quchdi.
– O‘tir, – dedi unga amma qavatidan joy ko‘rsatib. Keyin jim qoldi. O‘ychan nigohini bir nuqtadan uzmasdi. Negadir og‘ir xo‘rsindi.
– Nega xo‘rsinasiz, – Bahriddin ammasiga hamdard tikildi. –Nimani o‘ylayapsiz?
– Bolalarimni, – javob berdi u shikasta ovozda, – tug‘ilmay nobud bo‘lgan go‘daklarimni… Bahriddin ammasining aljirashga o‘xshash javobidan seskangandek unga ajablanib qaradi.
– Sen ham bu xotinning esi og‘ib qolibdi-ku deb o‘ylayapsanmi? Bilmadim, balki shundaydir. O‘zim esa… qattiq uyqudan cho‘chib uyg‘onib, shirin tushimdan ajrab, aldanib qolganimga kuyaman… O‘zimni bolasi ko‘p ayoldek his etardim. Keyin bilsam, qup-quruq, tirnoqsiz o‘tayotgan ekanman. To‘lg‘oq azobini, suqsurday o‘g‘il tuqqanimni tush ko‘rayotganimni keyin bilib qoldim. Uyli-joyli qilaman, nevarali bo‘laman deganimda… bolamni yer tortib ketsa bo‘ladimi! Toki yer tortmaguncha har kecha uni tush ko‘rar, quvonardim. Bolamga aza tutib ko‘k kiydim… Hamma mendan o‘zini olib qocha boshladi. Yaqinlarim yuz o‘girishdi. Men faqat tushlarimda baxt topardim.
– Bo‘ldi, kuyunmang, – Bahriddin uning qo‘lini qisdi. – O‘tib ketadi.
– O‘tmay qayoqqa borardi. Dunyosi tush, ayqash-uyqash tush-sh…
Oraga zil-zambil sukut cho‘kdi.
– Suvga oqizishdi umrimni… – Amma mungli ovozda gapiradi. – O‘n sakkizimda amakimning o‘g‘liga uzatishdi. To‘yim kuni nikohdan o‘tishga kuyovning o‘rniga kuyov jo‘rasi hamrohlik qilib bordi… Allaqayoqdan paydo bo‘lgan kuyov nikoh daftariga qo‘l qo‘yib, suratga tushdi-yu, yana g‘oyib bo‘ldi.
– Molbozorga ketdi, – dedi ishshayib kuyov jo‘rasi. Allakimning puli bilan sumkasi qolib ketgan ekan. Eltib berarmish… Keyin bilsam, u menga ko‘ngilsiz ekan. Erga tegish nimaligini bilmaydigan g‘o‘r qiz edim. Kelin bo‘lish shunday bo‘ladi-da, deb qaynona-qaynotamning xizmatida yelib-yuguraveribman. Er bo‘lmish esa chimildig‘imni ham ochib qaragan emas. Bor mashmashalardan bir yil deganda xabar topgan enam meni o‘sha kuniyoq uyga olib ketdi. Otam jiyanining uylanishini kutib, meni uzatmasdi. Oradan o‘n to‘rt yil o‘tib erim uylandi. Xushro‘y, suyuqoyoq xotinga… Men esa kelinlarim, ukalarimning xizmatida sochim supurgi, qo‘lim kasov… umrim o‘tganini sezmabman. Kelinlarimning ko‘zi yoriganda o‘zim azob chekayotgandek qiynalar, topgan-tutganimni do‘xtirlarning suyunchisi-yu, bolaning ko‘lliklariga sarf etardim. Ishdan qaytsam, yigirma besh bola “amma”, “xola” deb yugurardi. Shunaqangi osilishadiki, yiqitib yuborishadi.
Hatto belimni mayib qilib qo‘yishlariga ozgina qolgan.
Mo‘ylovi sabza urganlari-yu, bo‘yi yetganlarini qo‘yaver. Sevgi hasratlaridan tortib, qaysiga qanaqangi ich kiyim yetishmayotganigacha bilaman. Ularga qarashaman deb o‘lib-tirilaman, – amma uzun tin olib, og‘ir xo‘rsindi. – Rahmatli singlimning besh sag‘irini deb kimlarga teng bo‘lmadim. Singlimning o‘rniga tushgan xotinning makriga ishongan kuyovim meni uyidan haydab soldi. Qaytib qadam bosma dedi. Sag‘irlar chirqillab qolishdi…
Ertalab “bugun yakshanba, men ham oyoq uzatib bir orom olsam-chi” degan o‘yda soat o‘nga qadar to‘shakdan qo‘zg‘almay yotaveribman. Eshikni taqillatmay Nodir mo‘raladi. “Soat o‘n ikkiga qadar uxlayverasizmi, endi?” deydi. “Bundoq qo‘zg‘alib kelinlaringizga qarashing. Murabbo qaynatyapti. Qishda o‘zingiz ham yeysiz” emish. Go‘rimga olib ketamanmi murabbongni, dedim. Shu bahona ichimdagilarni to‘kib soldim. “Sen men bilan aytishib qolasan-u, uyingga kirib, televizor ko‘rasan. Bolalaringni erkalaysan, xotiningni suyasan. Bor dilxiraliklaring unut bo‘ladi. Xo‘sh, men-chi? Tuni bilan bolishimni ho‘l qilib yig‘layman. Nega ukam bunaqa gapirdi deya g‘amga botaman. O‘ylayverib hasratim ado bo‘lmaydi. Bilaman, mening baxtsizligimga na sen, na xotining aybdor emassizlar… Men dunyodan uning yaxshi-yomon ne’matidan allaqachon ko‘nglimni uzib qo‘yganman…” dedim. Keyin bildim, uydagilarning kam-ko‘sti, ayblarini yopadigan etaklaridan boshqa narsa emas ekanman. Bo‘lmasa, mening ham tug‘ib olish, baxtli bo‘lish imkonim bor edi. Men esa to‘fondek bostirib kelayotgan hislarimni chegirib yashadim. Huvullagan xona, uzun, uyqusiz tunlar sillamni quritdi, jonimga tegdi bari… Bu dard-iztiroblar suyak-suyagimga singib ketgan.
Bahriddin ammasining qo‘lini hamon qo‘yvormas, beixtiyor silab-siypalardi.
– Hammasi yaxshi bo‘ladi, – gap topmay g‘o‘ldiradi u. Sho‘rpeshona ayolga shu bilan dalda bermoqchiga o‘xshardi. Keyin aytishga so‘z topmay jim qoldi. Noqulay sukunatni yana ammaning dardchil ovozi bo‘ldi.
– E… qurib ketsin hammasi, – og‘ir xo‘rsindi juvon. Tanasi boshqa dard bilmas. Ming qilganda ham o‘zingda bola bo‘lmagandan keyin… Dunyodan qo‘limni yuvib, qo‘ltig‘imga urganman. Qishlog‘imizda yetmishdan oshgan bir qari qiz bo‘lardi. U katta kalishli oyoqlarini zo‘rg‘a sudrab bosar, qabristonni o‘t-o‘lanlardan tozalar edi. Jiyda tagida tunab, tug‘ilmagan bolasiga alla aytganini ko‘rganimda seskanib ketganman. Xudo unga na zurriyod, na bola boqib o‘stirish uchun boshpana ato etgan ekan…
Amma uzun tin olib, tinka-madori qurigandek og‘ir ”uf” tortdi… Keyin esa… uning ko‘ksidan yurak-bag‘irni o‘rtab yuboradigan mung chiqdi. U alla aytayotgandi…
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 3-4-son