– Jonga tegding sen bola, hozir bir nima qilib qo‘yaman. Yo‘qol ko‘zimdan, qaro yerning tagiga kirib ket!
Komiljon ota bosh chayqdi.
– Shu xotinga es kirmadi, kirmadi-ya!
Ersupa ustida mosh tozalab o‘tirgan kampiri pinak buzmay, qo‘l siltab qo‘ydi.
– Ota yo‘q, Rossiyada.
– Hamma ham shu, ammo hech kimning ovozi bunikidek chiqmaydi.
– Avval oyda-yilda jo‘natib turgan puliniyam jo‘natmay qo‘yibdi, ro‘zg‘or g‘or – alamini kimga sochsin?
– Eri nimaga dom-daraksiz ketganini bilsin edi.
– Buni bilaman deydigan hali dunyoga kelmagan.
Komiljon ota o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Sizning nima ishingiz bor?
Komiljon ota kampirining gapiga e’tibor bermay, chiqib ketdi.
Qo‘shni darvoza oldiga bordi. Birovning eshigini dabdurustdan ochib kirish noqulay-da. Bo‘lmasa, mana shu qo‘shnisining kattalarini ham biladi, taniydi, bu uchinchi avlod bo‘lsa kerag-ov shu hovlida yashayotgan. Yaxshi-yomon kunlarda kirdi-chiqdi qilishadi, o‘rtada begonaligi yo‘q. Endi esa…
Shu choq darvoza daranglab ochilib, avval o‘n ikki yoshlar chamasi bola otilib chiqdi, ortidan qo‘lida ketmon sopi bilan sochlari to‘zg‘igan ayol.
– Hay, hay, qo‘shni, – Komiljon ota shoshib qoldi. – Kap-katta yigitni quvlab yurganingizni qarang-a!
– Jonimdan to‘ydirdi, so‘laqmonday bo‘lib bir ishning boshini tutmay jonimni egovlagandan keyin, urmay nima qilay?!
Bola qochib ketdi.
– Narigi mahalladagi Mamash bangini taniysizmi? – dedi Komiljon ota.
– Yo‘q.
– Qurama kampir degani bo‘lardi, nuqul ustiga quroqdan tikilgan ko‘ylak kiyardi, ko‘rganmisiz?
– Ha…
– Shuning bolasi-da, Mamash bangi!
Karomatxon uning menga nima aloqasi bor, degandek tumshayib yer ostidan qaradi.
– Shu bola nega bangi bo‘lib, hamma yog‘ini sotib, onasini ajalidan besh kun burun o‘ldirganining sababini bilasizmi?
– Yo‘q.
– Tug‘ilganidan to katta bo‘lguncha nuqul qarg‘ish eshitgani uchun!
Karomatxon “yalt” etib otaga qaradi.
– Buning menga nima daxli bor?
Uning shartakiligidan otaning jahli chiqdi. Ammo o‘zini bosdi.
– Uch bolangiz bor, shuncha mehnatingiz bir kun teskari ketmasin desangiz…
– Xudoyimning aytgani bo‘ladi, – to‘ng‘illadi qo‘shni ayol.
– Apatiga shapati, – Komiljon otaning jahli chiqdi. – Bugun siz qarg‘ayapsiz, ertaga ular qarg‘aganda o‘zingizni o‘zingiz yulasiz, ammo foydasi bo‘lmaydi. Fe’lingizni hozirdan o‘zgartiring…
– Sizlarga nasihat qilish ja oson-da, – ayol baland keldi. – O‘zi o‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim, bu hayotdan.
Qo‘shni ayol uyga kirib ketdi.
Komiljon ota noqulay ahvolda qoldi. Ortga qayta boshladi.
– Odamlarga nima ekan, mening og‘zimga xo‘jayinmi?
Ichkaridan qulog‘iga chalingan ovoz uni mulzam qildi. “Qurib ketsin, rostdan ham qarg‘asa, o‘zining bolasi, sasigan o‘zining og‘zi, nega keldim?”.
U o‘z hovlisiga qaytdi.
Moshni tozalab bo‘lgan kampir endi guruch terayotgan edi.
– Chiqishingizdan kirishingiz tez bo‘ldi.
– Ha, shunaqa, – ming‘illadi Komiljon ota.
– Siz esa mahalladagilarni tarbiyalayman, deb katta ketasiz.
– Bo‘ldi qil…
Kampir indamay o‘z ishiga mashg‘ul bo‘ldi.
Shundan so‘ng qo‘shni hovlidan qahrli qarg‘ishlaru boloxonador so‘kishlar eshitilmay qoldi.
Oradan bir necha kun o‘tib, Komiljon otaga ko‘chada qo‘shni ayol to‘qnash keldi. U duvva qizarib, salom berdi. Komiljon ota istar-istamas alik oldi.
– Ota, haligi kuni o‘zimni bosolmay qoldim… – chaynaldi ayol. – Bu ro‘zg‘or o‘lgur odamni jinni qip tashadi.
Uning ko‘zidan yosh oqdi. To‘lib-toshib turgan ekan.
– Qizim, qaynota-qaynonang o‘tib ketgan bo‘lsa ham bizdek kattalar bor bu mahallada, – Komiljon otaning xayolidan negadir kampirining “o‘ziga en bo‘lolmagan, birovga bo‘y bo‘lipti”, degan gapi o‘tdi. – Muammo bo‘lsa, aytgin.
– Rahmat, ota, – ayol yoshli ko‘zlarini artdi. – Hozirgi zamonda birov bilan birovning ishi yo‘q, sal dardingni aytsang, birga ikkini qo‘shib g‘iybatingni qilishadi. Shuning uchun til kelib dardi hol qilolmaysan kishi!
– Bilsang, qizim, avvallari mening ota-onam, sening katta qaynota-qaynonang, yana o‘shancha ota-onalar xuddi bir tug‘ishgandek bir-birlarining yumushlariga qarashardi, topganini bo‘lishib yeyishardi, – dedi Komiljon ota foydasiz gaplarni gapirayotganini sezib qolib. – Endi bu ro‘zg‘or g‘or bo‘lib hammani bukib qo‘ydi.
Shu choq qo‘shni ayolning qarg‘ish eshitib qochib ketgan o‘g‘li ko‘rinib qoldi.
– Qani, polvon, bu yoqqa kel, – ota uni chaqirdi.
Bola darrov yugurgilab keldi.
–Onangni yaxshi ko‘rasanmi?
–Ha..
–Barakalla. Uyning erkagi onasini, opasini, singlisini qo‘riqlaydi. Og‘irliklarini ko‘taradi, kerak bo‘lsa, ularni himoya qiladi.
Bolaning hayron boqib turgan ko‘zlari chaqnab ketdi. Sekin onasiga qaradi. Karomatxon uning yelkasidan tutdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 31-son

