Quyosh hovlidagi bor narsa: ko‘m-ko‘k ishkomlaru rang-barang gullarni och sariq nurga ko‘mib yubordi. So‘ritoklarning shapaloqday barglari orasidan xotinining uzunchoq, burushiq yuzi ko‘rindi.
— Hov, to‘xtang! Miq etmaysiz-a! — Xotini qo‘lini paxsa qilib gapirarkan, u xuddi Mirhaydar brigadirning qarshisida turgandek titrab ketdi. Mirhaydar brigadirning ishdan olinganiga naq o‘n besh yildan oshdiyu birov zug‘um qilgudek bo‘lsa, darhol esiga tushadi-qo‘yadi. — Erta ketasiz, kech kelasiz. Nimang bor, nimang yo‘q — surishtiray demaysiz! — U otining no‘xtasidan tutgancha xotiniga qaradi. — O‘lguningizcha ishlaysizmi, nima balo! Sizniyam bundoq biror narsaga haddingiz sig‘sa-chi! Somon ordona to‘rt kundan beri yanchilgan joyida tuproqqa qorishib yotibdi-yu, opkelay demaysiz! Bugunoq raisdan mashina so‘rang.
— Qaydam, berarmikin?.. — U bo‘yniga mushkul bir majburiyat yuklanishini his qilib, xotiniga najot tilaganday mo‘ltiradi.
— Ha, albatta bermaydi-da! Siz o‘lgurda zabon bormidi! Xudo til ulashayotgandayam yurgansiz shalvayib! Qirq yildan beri na yomg‘ir, na jazirama deysiz. Ana, kecha o‘g‘lingiz: “Nima, bitta otamizni boqolmay qolibmizmi?” — dedi. Tilla borday dalaga chopaverasiz, chopaverasiz. Ayting, “Kolxozda qirq yil ishladim, bitta mashinaga haddim sig‘maydimi, ko‘p emas, ikki soatgagina berib turing”, deng. “Somon yaydoq joyda qolib ketyapti”, deng.
U otning no‘xtasini solib, mashaqqat bilan egarga mindi.
— Chuh!
Ot eshikdan chiqa boshladi.
— Anor, ketdim man!
— Kimga gapiryapman, hoy!.. — Xotinining baland, ozg‘in qomati peshayvondan g‘oyib bo‘ldi.
Ko‘chada sigirlar ma’rar, mollarini podaga qo‘shgani xotinlar bir-biriga gap bermay, javrashar edilar. Qo‘shnisi Abdurahim do‘ppisini qoqqancha xotinlar orasini yorib, unga peshvoz chiqdi:
— E, assalomu alaykum, Sharif ota!
— Va alayk…
— Shu, dalaga. — Abdurahim har tong unga ro‘para chiqib, shu taxlit savollar berardi. — Ko‘rinmaysiz?
— Yuribmiz.
— Uyda nima janjal? — Abdurahim bir mahalla naridagi odamlarning hol-ahvolidan doimo xabardor. — Kennayim nima deydi? — deb so‘radi u yashil ko‘zlarini mug‘ambirora qisib.
— Raisga kir, deydi. Somonga mashina kerak emish.
— Ha, mashina kerak emish, deng. He, ket-e! — Abdurahim tumshug‘ini cho‘zib yaqinlashayotgan to‘qol echkini nari haydadi. So‘ng shildirab oqayotgan ariqcha chetiga bemalolroq o‘rnashib oldi. — Bu… Sharif ota, rais kallayi saharlab nima qiladi idorada?
U o‘z xayoli bilan andarmon edi, savolga javob bermasdan:
— Hali rais mashina beradimi yo‘qmi… — dedi.
Abdurahim “dik” etib o‘rnidan sapchib turdi:
— Iya-voy, nega bermas ekan? Beradi. Bermasa, do‘q qiling. “Partiyniyman”, deng. “Qirq yil ishlab qo‘yibman”, deng. “Biror marta amal so‘radimmi, loaqal brigadirlikni talab qildimmi”, deng.
— Nima qilaman brigadirlikni?
— Aytavering. “Bug‘doy poylayman”, deng. “Necha marta yonib ketay deganda saqlab qolganman”, deng.
— E… bunga yigirma yilcha bo‘lib ketdi. Hozir unaqa yonishlar yo‘q.
— Mayli-da, aytavering. Sizdan nima ketdi? Bir marta bo‘lsayam bo‘lganmi ishqilib? “Yotar joyim kamboy bo‘lsa”, deng.
— Kapayam bor.
— Bor bo‘lsa, yana yaxshi. Aytavering.
— Qaydam, uka…
Cholning dikkaygan sap-sariq qoshlariga, kalta soqoliga, bir qarorga kelolmaganligi sezilib turgan qisiq ko‘zlariga nazar solarkan, Abdurahimning ensasi qotdi.
— E, qanaqa odam ekansiz o‘zingiz ham…
Otni jadallatdi.
Qaniydi, hozir shu raisning oldiga kirish degan tashvish bo‘lmasa! Otning boshini to‘g‘ri dalaga qo‘yardi. Ayni pishiqchilik, yig‘im-terim payti. G‘ir-g‘ir shabada esadi. Yo‘q, oldiniga rosa issiq bo‘ladi. Peshindan keyin issiqning zabti pasayadi. Otni bedasi o‘rilgan marzaga arqonlaydi. Jonivor kirt-kirt uzib o‘t yeydi. Ilgari brigadirlar baqiroq bo‘lguchi edi, hozir unaqalari yo‘q. Boyaqish Vali brigadir bo‘lka nonning o‘zi. Yuvosh. “Sharif ota, tag‘in ham o‘zingizdan qo‘ymasin, ishlab turavering”, deydi. Nobop, qo‘li egri odamlar ko‘p-da. O‘tgan yili Nodir cho‘tir bedaning yarmini o‘rib ketibdi. Xah, noinsof, ish deb-ku, kuningni o‘tkaz-ganing nimasiyu o‘g‘irlik qilganing nimasi?!
Iya, ancha joyga kelib qolibdi-ku… Ana, baland-baland mirzateraklar orasidan oppoq bo‘lib kolxoz idorasi ko‘rinib turibdi. Nima qilsa ekan, avval dalaga borsamikan yoki… Anorgayam hayronsan. Tinib-tinchimagan xotin. Axir, kenjatoy o‘g‘il eshagida besh-olti marta qatnasa, hamma somonni tashib qo‘yadi-ku! Yaxshisi, raisni kutadi, hali erta. Nima qipti, bozordagi choyxonada choy ichadi, keyin raisning oldiga boradi. Ungacha, o‘ldimi, kep qolar. Dalaga kech qolmasmikan? Mayli, keyin yuragi siqilib, idoraga yo‘layolmay yurganidan kutgani ma’qul.
Kun qizdira boshladi. U choyxona orqasidagi tutga bog‘langan otiga qarab-qarab qo‘yardi. Jonivor ham rosa zerikdi.
Bir payt darvoza oldiga brezent qoplangan mashina kelib to‘xtadi. Raisning “lo‘kkavoy”i — yaxshi taniydi. Yugurib bordi. Rais mashinasidan tushib, unga peshvoz yura boshladi. Yurak qurg‘urning qariganida tepishiga balo bormi.
— Assa… to‘xtang, rais…
Rais bir zum to‘xtab unga tikildi:
— Ha, otaxon, kabinet bor edi, o‘sha yerda dam olib o‘tirsangiz bo‘lardi.
U qizarinqiradi:
— Endi, uka, o‘zim qirq yildan beri ishlayman…
— Nima, pensiyami? — dedi rais ko‘z qirini tashlarkan. — To‘xtang, siz Valida ishlaysiz-a?
U bazo‘r bosh qimirlatdi:
— Rais, o‘zim partiyniyman. Necha yildan beri…
— Pulmi, axir? — deya so‘radi rais betoqatlanib. Yetib turibdi.
— Yo‘g‘-e, yigirma so‘m pensiya, sakson so‘m oylik…
— Nima kerak bo‘lmasa?
— Rais, bitta mashina kerak ekan. Somonni…
— Mashina? — Raisning chap qoshi ko‘tarildi. — O‘rim vaqtida-ya?
Shu payt ichkaridan bir qiz yugurib chiqdi:
— Mardon aka, xayriyat, kelayotgan ekansiz. Boyadan beri so‘rashyapti raykomdan.
— Rais, ko‘p emas, ikki soatga…
— Yo‘q, ota, bir minutgayam… — deya rais shoshganicha idoraga yo‘l oldi.
Bo‘ldi, raisni kutishi kerak edi — kutdi. Mashinani so‘radi. Endi jo‘nash kerak. Ot jonivor ham issiqda qolib ketdi.
U og‘ir yukdan xalos bo‘lganday yengil nafas oldi.
Dalaga yaqinlasha boshladi. Shabada esa odatdagiday g‘ir-g‘ir esmoqda.
1977.