Xotini ertalab: “Ikki kunning birida ichib yurguncha, ana, may yaqinlashyapti, bolalarga juda bo‘lmasa kiyim-kechak olsangiz-chi”, dedi. U: “Nima, bolalar yalang‘och qolyaptimi, mana, bugun olamiz-da moyanani”, deb javob qaytardi.
Ko‘m-ko‘k maysa bilan qoplangan qiyalikdan yugurib tusharkan, xotinining tepadan baqirgan ovozi eshitildi:
— Hoy, nima olishni bilasizmi o‘zi? Ilhomga ko‘k shapka, Shoiraga ko‘ylak…
“Shokirga botinka, Ahmadga mayka, Rahimga shim…” — deya barmoqlarini bitta-bitta bukib sanab chiqdi. Avtobazada yigitlar: “Bir-bir qilmaymizmi, Toshpo‘lat aka?” — deyishsa ham ko‘nmadi, “Churvaqalarni bir xursand qilaylik, keyin”, dedi. “E, siz shunday desangiz endi,Toshpo‘lat aka, boshqalardan saratonda qor kutarkanmiz-da”, — dedi Salim malla. “Hozircha nima kutsang kutib tur”, deya zo‘rg‘a juftakni rostladi.
Maoshni kissaga joylab, magazinga jo‘nadi. Yo‘l-yo‘lakay yana sanab bordi.
“Ilhomga botinka, Ahmadga ko‘ylak, Shoiraga mayka… Iya, Shoira nima qiladi maykani?”
Magazinda xaridorlar yo‘q, shundoqqina eshik ro‘parasidagi peshtaxtaga tirsaklarini tirab, qoshlari bir-biriga tutash, serkiprik qiz boshini kaftlari orasiga qo‘yganicha mudrab o‘tirardi. Nozik barmoqlarini qo‘sh uzuklar bezagan.
— Mamlakat!
Ovozi guldirab chiqdimi, qiz cho‘chib boshini ko‘tardi. Uyquli ko‘zlarida bir lahza qo‘rquvga o‘xshash ifoda aks etdi.
— Kuyov bola deyman, ja-a… — u tevaragiga alanglagancha yoyilib kuldi.
Qiz ko‘zlarini ishqalab, og‘zini kafti bilan to‘sgancha esnadi.
— Odamning ham shunchalik qilig‘i sovuq bo‘ladimi? — dedi bo‘g‘iq ovozda qovog‘ini uyib. — Vahimangizga yarasha nima olasiz o‘zi?
U turli-tuman matolaru gazlamalardan tortib, taxtachoy, guruchu yog‘, ayollarning ichki kiyimiyu bolalar shippagi, erkaklar paltosigacha qalashgan qatorlarni birma-bir ko‘zdan kechirib chiqdi. “Nima olmoqchi edim? Ha, Ilhomga shapka, Shoiraga ko‘ylak, Komilga… Bu yerda boshvog‘ingni yo‘qotib qo‘yishing hech gapmas. Yana bir qaray-chi”.
Nigohi yana shiftgacha yetgan gazlama taxlangan taxtalardan tortib, naq deraza rafiga qadar buyum tiqilgan burchakkacha kezdi. Birdan ko‘zi eng baland qatorning tepasida yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan novvotrang matoga tushdi. “Yaltiroq qog‘ozga o‘rab qo‘yilganki, zo‘r, — dedi matoga qiziqsinib tikilarkan, — beli qilday, “puf” desa, uchib ketadigan olifta nozaninlar kiysa kerak-da buni”.
— Olmaysizmi oladiganingizni! — dedi sotuvchi qizning ensasi qotib. — Olmaydigan narsaga namuncha tikildingiz?
“Nega baqiradi? Xuddi o‘zining qurib qo‘ygan imoratiday xo‘jayinligi olamni buzadi? Shuni aytadilar-da, boynikini boytevat qizg‘anadi, deb!” Uning ham chaparasta jahli chiqib ketdi. Bir adabini berib qo‘ysin, kim deb o‘ylayapti uni! Unaqa tekin tomosha qilib, qiyshayib chiqib ketadiganlardan emas u, ha!
— Ol, ko‘rsat matohingni!
Sotuvchi qiz peshtaxta ortidan qimirlamay, unga ko‘zlarini qadab turardi. U qizning ko‘zlarida kalakanamo iljayish paydo bo‘lganini ko‘rib, battar tutaqib ketdi.
— Nima deyapman, ol!
— Baqirmang, — deya hamon joyidan qimirlamay javob qildi qiz, — tag‘in kennayim oldiga solib quvlamasin.
“Kennayim”mish! Xotini ro‘yxatda yo‘q edi-ku. Olishiga ishonmayapti. Ha, bir kiyimlik oladi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, pachakilashib o‘tiradimi shu bezi qiyomat bilan!
— Nega quvlar ekan, jon desin!
Sotuvchi qiz istamaygina kursiga chiqdi. Gazcho‘p bilan matoni beriroq surib, tepadan zo‘rg‘a oldi-da, shaxt bilan peshtaxtaga tashladi.
U shosha-pisha yo‘g‘on barmoqlarini mato taxlamlari ichiga suqdi.“Voy-bo‘, shunaqayam yupqa bo‘ladimi? Xotini bunaqa “uh”desa, et ko‘rinadigan yupqa narsalarni kiymaganiga, e-he, qancha bo‘p ketdi-yu! Unga bunaqa matolarning hech keragi yo‘q. Bolalar, ro‘zg‘or yumushlari deganday… Shular bilan kiyoladimi buni. Qomatiyam o‘zi… — Negadir kulgisi qistadi. — Ha, mayli, bo‘lar ish bo‘ldi. Bitta farang ko‘ylakka arzimabdimi? Churvaqalar bilan qiynalib ketdi. Bitta shunaqasidan ham kiyib qo‘ysin!”
— Ber! — dedi qat’iy. — O‘lcha! To‘rt metr!
— Narxini bilasizmi o‘zi? — dedi qiz pisanda qilganday. — Innaykeyin eni bir metru qirq santimetr. Bu eni salkam bir yarim metr degani bo‘ladi. Shunchani nima qilmoqchisiz? To‘rt metrni 17 so‘m 60 tiyindan hisoblasak…
Sotuvchi qiz cho‘t qoqdi.
“O‘n yetti so‘m oltmish tiyin! Bir metrining puliga bitta arzongarov kostyum olish mumkin. Eni-chi, o‘ziyam shu yerdan choyxonagacha boradi-yov!”
— Uch metr! Uch metr o‘lcha! — U bir qarorga kelgan edi.
Sotuvchi unga ko‘z qirini tez-tez tashlab, ermak qilayotgandek, matoni o‘lchab, bir parcha qog‘ozga o‘radi-da, unga tuqazdi.
— Yana nima?
“Yana nima? Xo‘sh, Shokirga ko‘k shapka, Ilhomga shim, Ahmadga botinka… Adashib ketdim-ov”.
— Bitta ko‘k shapka,— dedi baland ovozda.
— Razmeri?
— Razmerimi… to‘rtinchi sinfda o‘qiydi.
Qiz shapkani topib, peshtaxtaga tashladi.
— Yana?
— To‘rtta ko‘ylak, o‘g‘il bolalarnikidan, bitta chiroylirog‘idan bo‘lsin, qiz bolalarnikidan. Ikkita ishton, bitta botinka.
Qiz bir talay qilib, barini bir joyga uydi.
— To‘rtta ko‘ylak, to‘rtta shim, ikkita mayka, shapka, bitta botinka, hammasi 46 so‘mu 40 tiyin.
Qiz narsalarni tezda qog‘ozga o‘radi. U o‘rog‘liq xaridni qo‘ltiqqa suqqanicha uyga yo‘l oldi.
“Iya, buyog‘i qiziq bo‘ldi-ku! Mamlakat unga kiyimlikni berib qo‘yib, hisoblash esidan chiqdi. Shunaqayam ish qiladimi kishi, shuncha mashmasha bo‘lgan matoni hisoblashni unutsa-ya! O‘n yetti so‘m oltmish tiyindan, o‘-ho‘, salkam ellik to‘rt so‘m bo‘larkan. Voy-bo‘, shuncha pulga aldanibdi-ya! Qaytsamikan? — U bir daqiqa ikki-lanib orqasiga qaradi. — Bular hissasini chiqarvoladi odamlardan! Anuv Toshmat degani bo‘lardi. O‘ziyam, besh yilda itining yalog‘icha tilla bo‘lib ketgandir… Har kelgandan ikki tiyindan o‘marganda ham haqini besh kunda chiqaradi hali!”
Shundoq ko‘chasiga qayrilishda katta, usti ochiq mashina turar, pastda surnaychi chiyillatib surnay chalardi. “Beshik to‘yi emish, odamlarning ishi yo‘qmi, nima balo? Surnaychining nima keragi bor ekan, hayronsan”, deya ensasi qotib qiyalikka ko‘tarildi.
“Birovga jabr bo‘ldi-da, ellik to‘rt so‘m-a, bu degan savilga ozmuncha narsa kelarmidi? E, shuniyam o‘ylab o‘tiribdimi? Ular uchun bu pul bo‘libdimi? Har bitta narsaga o‘n tiyindan qo‘ygandayam…
O‘zi xotini hisobda yo‘q edi”. U shunday deb o‘zini yupatgancha uyga kirib keldi.
Ahmad, Ilhom, Shokir, Rahim, Shoira, ana, Komilgacha emaklab, otasiga peshvoz chiqdi. Peshayvonni changitib supurayotgan xotini qo‘lidagi supurgini “tap”etib yerga tashladi.
U ko‘rpachaga yonboshlagancha hammaning tegishini birma-bir ulasha boshladi: Shokirga botinka, Ilhomga mayka, Ahmadga ko‘ylak, Shoiragayam…
— Bu senga… — matoni xotini tomon sekin surdi.
Xotini uni chiqmay jim bo‘lib qoldi. Matoga, xuddi birovnikiday, qo‘l tekkizsa, kuydiradiganday, tikilib qoldi.
Eri uni ham eslab bayramlik olib kelganiga qancha paytlar bo‘lib ketdi-yu! To‘g‘ri, bir narsa olib bering, desa, hech qachon yo‘q demaydi, lekin o‘zicha qatorga qo‘-shib, eslashining yo‘rig‘i boshqa ekan…
Xotinining o‘pkasiga naq mushtumday narsa tiqilib qolganday bo‘ldi.
— Yoqmadimi? — dedi u xotinidan ko‘zini uzmay. — Mamlakat aytuvdi o‘zi, tag‘in olib borsangiz kennayim oldiga solib quvmasin, devdi. — Sotuvchi qizni tilga olishi bilan yuragi birdan orqaga tortdi. — Mana, ushlab ko‘r, o‘n yil bo‘lsayam qilt etib, yirtilsa, yigit o‘lay.
— Voy… — dedi xotini deyarli pichirlab. Uning ko‘zlari namlanib turardi. — Nega yoqmas ekan, siz opkelasizu yoqmaydimi?
Negaligiga sira aqli yetmaydi-yu, xotinining shu so‘zlaridan keyin titrab ketganini his qildi. Bunday so‘zlarni eshitmaganiga qancha vaqtlar bo‘ldi-yu… Aslida, bunday so‘zlarga hojat ham yo‘qmidi? Kim biladi, hozir shirin, g‘alati bir narsa butun vujudini titratib yubordi-ku.
— O‘ziyam yaponlarniki ekan, —dedi zavqini ichiga sig‘dirolmay baland ovozda. — Mamlakat aytdi, eniyam naq ikki metrcha kelarkan.
Bo‘ldi, harom narsa kerak emas unga! U matoni xotinining qo‘lidan shartta oldi-da, qog‘ozga o‘radi. Ilhomdan shapkani, Shoiradan, Ahmaddan ko‘ylakni, Komilu Shokirdan botinkayu maykalarni yulqib olib, qo‘ltig‘iga qisdi.
— Voy, bu nima qilganingiz? — deb so‘radi xotini rangi quv o‘chib.
— Hozir, hozir…
Magazinga tushlik paytiga kelib qolibdi. Aniq biladi, Mamlakat magazinning o‘zida ovqatlanadi.
Eshik dastasidan qattiq tortib, zo‘rg‘a mixda ilinib turgan ilgagini shiqirlata boshladi.
— Nima deysiz? — deraza oynasidan sotuvchi qizning nafis zar ro‘moli, qop-qora qoshlariyu ko‘zlari ko‘rindi. — Hozir tushlik payti-ku axir!
— Och, och! — deya baqirdi u jonholatda.
Uning avzoyidan cho‘chibmi, sotuvchi qiz kalitni uzoq shiqirlatib, eshikni ochdi.
— Qaytib kelasiz devdim-a… — dedi hafsalasi pir bo‘lib.
— Yo‘q, mana… — u tez-tez nafas olarkan, qo‘lidagi narsalarni peshtaxtaga sochib yubordi.
Qiz qo‘rqa-pisa peshtaxtaga yaqinlashdi:
— Tinchlikmi?
— Menga sening bir tiyin ham haqing kerakmas, bolalarim bilan tinch o‘tiray, ha… — u namoyishkorona tarzda qo‘llarini orqasiga qilib, xonada do‘p-do‘p qadam tashlab yura boshladi. — Noto‘g‘ri hisoblabsan-ku. Mana buni, — u kiyimlik matoni qo‘llari bilan asta urib qo‘ydi, — esingdan chiqaribsan.
Qiz shosha-pisha cho‘tni qo‘liga olib, qoqa boshladi: uch metr material 17 so‘m 60 tiyindan 53 so‘m 80 tiyin. Boyagi 46 so‘m 40 tiyinga buni qo‘shsak, 100 so‘m 20 tiyin bo‘ladi.
U kissasidan ellik to‘rt so‘m chiqardi, sanab, qizga uzatdi:
— Qaytimi kerakmas.
— Oling, Toshpo‘lat aka, — dedi Mamlakat. U minnatdorchiligini qanday izhor qilishni bilmay, o‘ng‘aysizlanayotgani shundoq sezilib turardi. — Qandoq vijdonli odam ekansiz, bolalaringizning rohatini ko‘ring.
“O‘rikday yumsharkansanu!” — dedi u ichida.
Bayramlik xaridni mahkam qo‘ltiqlaganicha tashqariga chiqdi. Ko‘chani kesib o‘tib, mahallasiga burilarkan, xotin-xalaj to‘la mashina yo‘lini to‘sdi. Chil-dirmaning ovozi hammayoqni tutgan, surnay ovozi eshitilmayapti ham. Xotinlar o‘rtasida lunjini shishirgancha ketayotgan surnaychiga qichqirdi:
— Avjini sal balandroq ol-da, og‘ayni!
1977.