Ma’suma Ahmedova. Alam (hikoya)

O‘zi nima bo‘ldi? Ko‘chada uni ko‘rib qoldi. Ko‘rsa nima bo‘pti? Nima bo‘pti emish, axir u boshqa bir qiz bilan ketayotgan edi-da. Bo‘lgani shumi? Shu kichkina gapmi? Uni boshqa qiz bilan birga ko‘rdi-yu, kuyib ketdi. Shundoq metroga tushib ketaverishda. Ular shunday baxtiyor, shunday xursand edilarki…
— Biror tanishidir-da, Kamola, vahimasanki biram, — yuzini ters burdi ishxonada dugonasi.
— Tanishiga o‘xshamasdi, deyapman-ku. Chiroyli qizmidi, deysanmi.E…
Qo‘lini siltadi.Qizning qo‘lida gul bor edi. Biladi, gulni qiz bolaga bejiz bermaydilar. Telefonini qidirdi. Sumkasini titib tashladi. Sumkani olib, stol ustiga ag‘dardi. Ha, buyoqda ekan, yomg‘irpo‘shi cho‘ntagida. Ketma-ket raqam terdi: “Telefon vag‘tinchalik ulanib berilmaydi…”
Dugonasi unga hayron termuldi. Yelkasini qisib, ishiga tutindi.
Telefonini atayin o‘chirib qo‘ygan, bunga shubha yo‘q. Uzoq yo‘l yurib charchaganday, o‘zini kresloga tashladi. Koshki arzisa, topgan qizini-chi. Sapchib, o‘rnidan turdi, sumkasidan ko‘zgu oldi, qaradi, ko‘ngli to‘lmadi. O‘z aksiga g‘ashi keldi. “Qiz deganda andak joziba bo‘lsa-da”. O‘ziga o‘zi yoqmadi. Ko‘zguni bir chekkaga uloqtirdi.
— Kamola? — uni kuzatib turgan dugonasi kompyuter ortidan turib, dedi.
— Nodira, puling bormi?
— Nima qilasan?
— O‘n ming so‘m berib tur.
Dugonasi unga boshdan-oyoq tikildi. Tortmasidan pulni oldi-da, stol ustiga qo‘ydi.
— Ma.
— Hozir kelaman. Zaharxonga shu yerda deb tur.
— Qayoqqa ketyapsan? Bilib qolsa, naq yeydi.
 Xonadan otilib chiqdi. Liftni chaqirdi, kutishga sabri chidamay, zinalardan tap-tap etib birinchi qavatga tushdi, ko‘chaga chiqdi. Yugurib ko‘chaning narigi betiga o‘tdi. Oynavand eshik qarshisida bir muddat to‘xtab qoldi: “Sartaroshxona”.
“Mana endi u o‘zidan ko‘rsin. Bilib qo‘ysin, men o‘sha topgan qizidan bir karra emas, o‘n karra chiroyliroqman. Va buni unga isbot qilib qo‘yaman”.
Sartarosh ayol unga savolomuz qaradi:
— Qanday bo‘lsin?
Ro‘paradagi katta toshoynadan yuzlari ranj-alamdan bo‘rtgan, ko‘zlari olazarak qiz tikildi. Sochlari ham patila-patila… O‘z aksidan hafsalasi pir bo‘ldi.
— Qanday deyapman?
— Bilmasam…O‘zingiz boshqacha, chiroyli qilib qo‘ya qoling. Hech kimnikiga o‘xshamasin.
Sartarosh ayol miyig‘ida kuldi, uning toshoynadagi aksiga beparvo tikildi. Qo‘liga qaychi, taroq oldi. Qaychi-taroq shart-shurt qilib ishga tushdi. U ko‘zlarini yumib oldi.
— Qarang-chi.
Oynaga qaradi. Bu gal oynadan unga sochlari bejirim turmaklangan, latofatli qiz tikildi. Lekin ko‘zlari negadir ma’yus… Qo‘lini beixtiyor sochlariga olib bordi. Bo‘yog‘i ko‘chgan, parvarishtalab tirnoqlariga ko‘zi tushdi. Manikyur ham qildiradi.
Bir ozdan so‘ng mutlaqo xotirjam tortdi. Bu endi boshqa gap.
Ko‘chaga chiqdi. Cho‘ntagidan telefonini olib, unga xabar jo‘natdi: “Sizni soat 18.00da o‘sha joyda kutaman”. Bo‘lmadi, jo‘natgan xabari o‘ziga yoqmadi, o‘chirib, qaytadan jo‘natdi: “Meni soat 18.30 da o‘sha joyimizda kuting”. Hali kiyinishi ham kerak-ku. Ish kunini qanday o‘tkazdi, o‘zi bilmadi. Shunday chiroyli kiyinib borsinki, og‘zi ochilib qolsin. Shunga arziydigan, chiroyli, bashang ko‘ylagi bor-midi? Unaqasi yo‘q. Kelinoyisidan so‘rab tursa-chi?
Kelinoyi qaynsingilga ajabsinib tikildi.
— Kech qolib ketmang, oyingiz koyiydilar.
Kelinoyisining gap ohangini uqdi: “Shunday qilishingizga arziydigan yigitmi? Aldab ketmaydimi?”
Kelinoyisi o‘z libosini tanimadi. Toshoynadan benihoya umid bilan termulgan nozikkina, malohatli qizga qaradi:
— Yarashibdi, ehtiyot bo‘ling.
O‘ziga o‘zi ma’qul tushdi. Vaqt ham oz qolibdi. O‘n besh daqiqada qanday qilib yetib boradi? Taksiga o‘tirdi. Roppa-rosa vaqtida yetib kelibdi. Odatdagi uchrashuv joylari katta oziq-ovqat do‘koni ro‘parasidagi gulzor. Vaqt ham o‘tdi, odamlar ham uyoqdan-buyoqqa o‘tib turdi.
Shom tushdi. Ko‘chada odamlar kamayib qoldi. Nega kelmayapti ekan? Yoki xabarni olmaganmikin? Yoki telefoni yonida emasmikin? Sumkasidan telefonini oldi, besabr raqam terdi.Undan loqayd ovoz eshitildi: “… xizmat doirasidan tashqarida”.
 O‘kinch ko‘ksini to‘ldirdi. Soatiga qaradi. Roppa-rosa soat 19.30. Bir payt seskanib ketdi, boshiga sovuq tomchi tomdi.Osmonga qaradi, qattiq yog‘adigan zabti bor, qop-qora. Kelmasa-ya? Qulog‘iga yurakni orziqtiradigan musiqa ovozi chalindi. Serialdan yozib olingan. Shu musiqani yaxshi ko‘radi. Ie, telefoni-ku. Shoshib, qaradi.U axiri xabar jo‘natibdi:
“Uzr, borolmadim. Ertaga imtihon…”
Ha-ya… Joyida turib qoldi. Sovuq tomchilar uni savalay ketdi. Bir tomchi, ikki tomchi…
— Qizim, panaga o‘tmaysizmi, ivib ketasiz, — ikki qo‘lida ikkita to‘rva-xalta, o‘rta yoshli bir ayol o‘tib ketayotib, achinib dedi.
Yomg‘ir tezlashdi. Sovuq tomchilar bo‘ynidan ichiga sizib tusha boshladi. Eti junjikdi. To‘g‘risini aytganda, uning yonidagi o‘sha qiz ko‘hlikkina edi. Kamola-chi… Yomg‘ir hammayog‘ini shalabbo qildi. To‘satdan musiqa ovozi yangradi: telefoni. Oldi. Onasining koyigan ovozi eshitildi: “Qayoqlarda yuribsan? Tezda yetib kel!”
Endi ketmasa bo‘lmaydi. Allaqachon kech bo‘ldi. Sudralib bekatga keldi. “G‘iyq” etgan ovoz eshitildi. Bekatga yashil avtobus kelib to‘xtadi. Avtobus raqamiga qaradi: unda uyiga borsa bo‘ladi. Chiqib oldi. Avtobus ichida odam siyrak. Chekkadagi joyga o‘tirdi. Barmoqlari bilan hovur bosgan deraza oynasini artdi. Uning bahona qilib, kelmaganligi, o‘sha qizni topganligi va hech qachon kelmasligi aniq. Ichi yondi. Sartaroshga borgani bilan, kelinoyisining ko‘ylagini kiygani bilan baribir chiroyli bo‘lib qolmadi. Kamola — suvga tushgan mushuk. Kamolaning qadri yo‘q… Ko‘zlariga yosh keldi, upali yuzlariga oqib tusha boshladi: bir tomchi, ikki tomchi…
Bir mahal dimog‘iga nozik, nafis ifor urildi. Boshini ko‘tardi. Tepasida qo‘llarida bir dasta qip-qizil chinnigullarni tutganicha baland bo‘yli bir yigit unga qarab kulib turardi.
— Manavi gullar sizga.
Hayrat bilan notanish yigitga qaradi:
— Nima uchun?
— Izohga hojat yo‘q. Go‘zal qizlarga gul taqdim etiladi.
Hangu mang bo‘lib qoldi. Gullarni olishini ham, olmasligini ham bilmay qoldi.
Avtobus to‘xtadi.
— Oling. — Yigit gullarni uning tizzalariga tashladi-da, o‘zi eshik tomon shoshildi. Avtobus eshigi ochildi, yigit tushib ketdi.
Kamola shosha-pisha derazadan pastga qaradi. Yigit pastda go‘yoki birov bilan xayrlashmoqchiday turardi. Bir mahal uning ko‘zi Kamolaga tushdi, qo‘llarini silkidi, xayrlashdi. Kamola beixtiyor tizzasidagi gullarni qo‘llariga oldi, hidladi.
Avtobus tez yurib ketdi.

2009.