Mastura Abduraim qizi. Qichqiriq (novella)

Annabella chuqur nafas oldi. Ko‘zlarini chirt yumdi-da, boltani shahd bilan ko‘tardi. Yuqoridan pastga uchayotgan bolta quyosh nurlari ostida yashin kabi yaraqlab ketdi. U oyoqlari ostida tipirchilayotgan kurkani kundaga yanada qattiqroq qapishtirdi. Qo‘li bilan esa kurkaning boshini g‘ijimladi. Negadir shu paytgacha kuch bermasdan pitirchilayotgan jonivor bolta bo‘yniga yaqinlashgan soniyalarda xuddi taslim bo‘lgandek bo‘shashib qoldi. O‘limi muqarrarligini tushunib yetdimikin? Taqdirga tan bergandir, balki? Yoinki, kuchli qo‘rquv uni shu ko‘yga soldimikin? Yashin tezligidagi bu o‘ylar Annabellaning xayollarini chulg‘ar ekan, qo‘lini band etgan bolta havoda muallaq to‘xtagandek tuyuldi. Xuddi shu soniyalarda uning ko‘zlarini ko‘rish uchun Annabella chirt yumilgan ko‘zlarini ochdi. Ko‘zlarini ko‘rdi-yu, rahm-shafqat jo‘sh urib kelayotgan yuragi tosh qotdi. His-tuyg‘ulari muzladi. Bu o‘sha ko‘zlar edi. Vahshiy, sovuq, jirkanch va qonga to‘la.
Annabellaning ko‘zlaridan alamli yosh tirqiradi. Ruhi talvasaga tushib, vujudi bo‘shashdi. Uning kuchsizlanganini sezgan o‘ljasi joni boricha tipirchiladi. Bu Annabellani sergaklantirdi. G‘azabi qaynab, vujudi olovlandi. Hayvoniy o‘kirik bilan bolta bir vaqtda harakatga tushdi va mag‘lub o‘ljaning boshini shart kesdi. Kuch zarbidan qon ayolning rezina etigi, oldiga tutib olgan tutqichiga va oppoq yuziga shiddat bilan sachradi. Bu safar u qonni ko‘rib seskanmadi. Har doimgidek qo‘llari qaltirab, tanasini sovuq ter bosmadi. Chuqur nafas oldi-da, yelkasidan tog‘ qulagandek xotirjamlik bilan nafasini chiqardi. Mamnunlik bilan jilmayib qo‘ydi. Jo‘mrakni ochib avval yuzini, rezina etigini, tutqichini hafsala bilan yuvdi. “Natija yomon emas” – dedi o‘ziga-o‘zi kalta qirqilgan tim qora sochlarini to‘g‘rilar ekan. Qon hidiga ko‘ngli behuzur bo‘lishi ham uni tark etganini payqadi. Endi o‘zini tayyor bo‘lganligini ich-ichidan his qildi. “Lekin hayvon bilan odamning farqi bor-ku” – o‘ylardi u kurkani tozalar ekan. “Necha yildirki, faqat tovuq va kurkalarda amaliyot o‘tadim. To‘g‘ri, qotillik jarayonini kinolarda ko‘rdim, Stefanning tanishlari orqali morgdagi amaliyotlarda qatnashdim, ne-ne mashaqqatlar bilan turmadagi ashaddiy qotillar bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldim. Lekin haqiqiy amaliyotsiz o‘zim istagan natijaga erisharmikinman? Nima bo‘lganda ham bu ishni boshqa cho‘zib bo‘lmaydi. Tezlashtirishim kerak…”
Annabella o‘y-xayollari girdobidan o‘zini zo‘rg‘a qutqarib olar ekan, mayda yomg‘ir shivalayotganini, o‘tiraverganidan oyoqlari uvushib qolganini his qildi. Kerishib, stuldan turdi. Atrofga nazar tashladi. Kech kuzak mo‘jazgina bog‘chasiga o‘zgacha chiroy berib turardi. Daraxtlardan to‘kilgan turfa rang barglar yomg‘irda yaltirab, yanada jozibali tovlanardi. Kuzning o‘ziga xos go‘zal tarovati Annabellani maftun etgan. Faqat shu faslgina unga sokinlik va osoyishtalik baxshida eta oladi. Kuz keldi deguncha, Annabella uyidan bog‘chasiga ko‘chib oladi go‘yo. Iliq quyosh nuri, barglar shitiri, qushlarning ma’yusgina chug‘uri uni uzoq-uzoqlarga olib ketadi. Ruhi yengil tortadi.
– Anna, nega yomg‘irda turibsan? Kirsang-chi tezroq!
Orqa tomondan eri Stefanning ovozi yangradi. Annabella qayrilib qaradi. Yog‘ochdan chiroyli qilib yasalgan, turfa xil gullar zeb berib turgan ayvonchasining eshigidan eri qarab turar, dadasini opichlab olgan qizi Sofiya esa qiqirlab, tinmasdan qo‘lchalarini silkirdi. Anabel shu zahoti ongidagi chuvalashgan o‘y-xayollarini qorong‘i puchmoqlariga tashlab yubordi-yu, xayoliy ishining davomi o‘laroq, bahri-dili ochilib, dunyodagi eng aziz ikki insoniga havodan iliq bo‘salarini yo‘lladi. Qo‘llarini silkir ekan, mutanosib holda chehrasi yorishdi. “Hozir, tezda boraman” – dedi-da, chaqqonlik bilan ish anjomlarini, tayyor bo‘lgan kurkasini olib sevimli go‘shasi tomon yo‘naldi.
U qizi Sofiyaning otasinikidek tillarang, mayin va jingalak sochlaridan silab uxlatar ekan, yana xayolga berildi. Qizi to‘rt yoshga kirdi. So‘zlari biyron. Hamma narsaga aqli yetadi. Deyarli barcha o‘ziga xos shaxsiy yumushlarini erkin bajara oladi. Kelajakda hozirgi harakatlari, hissiyotlari xotiralarida muhrlanib qolarmikin yoki yo‘q? Odatda, bolalarning xotiralari to‘rt yoshidan tiniqlashib, ongi bilan mustahkam aloqalar bog‘lanadi deyishadi. Unda nega Annabella to‘rt, besh yosh oralig‘idagi xotiralarini eslay olmayapti? Nega ongi bu paytdagi xotiralarini ochib berishni istamayapti? Yoki bu ongning o‘ziga xos himoya jarayonimikin?
Annabella Sofiyani quchib yotar ekan, ongidagi qattiq chinqiriqdan ruhi qaqshadi. Keyin yana har kungi tushunarsiz og‘riqlarini his qilganday bo‘ldi. Yana o‘sha qorong‘ilikdagi jajji qizaloqning qo‘rqinchli, tushunarsiz dahshatga to‘la, yoshlar shashqator oqayotgan ko‘zlarini, titrab-qaqshayotgan vujudini his etdi. Qorong‘ilik qa’ridan o‘ziga tikilib turgan, har kuni ongini, xayollarini, ayqash-uyqash tushlarini ishg‘ol etgan vahshiy, sovuq, jirkanch va qonga to‘la ko‘zlarni eslaydi, xolos. O‘ttiz yildirki, uni bir savol qiynaydi: ko‘z egasi kim? U Anabelni nega tinch qo‘ymaydi? Nega har safar bu ko‘zlar ta’qib etganida u o‘zini notavon, chorasiz, himoyasiz qizchadek his etadi? Vujudida esa qancha urinsa-da, anglab ololmagan mutassil va g‘ijimlovchi og‘riqni sezadi. Beixtiyor yuragi siqilib, tezlasha boshlaydi. Boshidagi kuchli og‘riqdanmi yoki qancha urinsa-da, tuman ichida qolgan xotiralarini ko‘ra olmaganidanmi asablari dosh berolmay chirsillaydi, qaqshayveradi. Bunday paytlarda u o‘ziga o‘zi tushunmay qoladi. Ota-onasini elas-elas eslagandek bo‘ladi. Onasining jilmaygan lablari, otasining xuddi eri Stefan kabi chaqirishlari “Anna, kelaqol…” Qo‘llaridan tutib havoda chirpirak qilib aylantirgani… Boshi aylanib, dadasini qattiq quchgani… Ammo barchasining yuzlari mavhum…

* * *

Annabella yetimxonadagi hayotining olti yoshlik paytlaridan yaqqol xotirlaydi. U har doim deraza yonida burchakda joylashgan yotog‘ida qo‘nishib, tizzalarini quchoqlab o‘tirar, hech kim bilan gaplashishni istamasdi. Kamdan-kam ovqatlanar, faqat uxlashni istardi. Shu sababli novcha bo‘lsa-da, juda kichkina ko‘rinardi. Chunki, haddan tashqari ozg‘in, qoqsuyak qizcha edi. U hech kimni yaqiniga yo‘latmasdi. Enagalari avvaliga Anabelning o‘rin-ko‘rpa, ust-boshini alishtirish, yuvintirish kabi kundalik shaxsiy tozalik mezonlarini amalga oshirish uchun, unga hamshira tinchlantiruvchi dori yuborardi. Shundan keyingina dori ta’sirida muskullari bo‘shashib, shalviragan, harakatlari susaygan, uzun qora sochli, charos ko‘zli, qoqsuyak qizaloq Bellani(uni yetimxonadagilar shunday deb chaqirishardi. xuddi onasi kabi…) enagalar yuvintirib, o‘rin-ko‘rpalarini alishtirib olardilar. Yuvinib yovvoyi mushukdan oppoq farishtaga aylangan qizaloq ko‘rpasiga o‘ranib kun bo‘yi miriqib uxlardi.
Stefan oshxonaga kirib borar ekan, yana har doimgidek Annabella boshini changallab o‘yga botib o‘tirar, ko‘zlari qizargan, anchagina holsiz ko‘rinardi. U Stefanni ko‘rgan zahoti besaranjom sochlarini to‘g‘rilab, mayin jilmaydi. U har doim shunday – qay holatda bo‘lmasin erini ko‘rgan zahoti yuzi yorishadi. Annabellaning xuddi shu tabiati Stefanni maftun etgan bo‘lsa, ajab emas.
– Azizam, yaxshigina charchabsan, yur uxlay qol endi. Yuraqol, o‘zim ertak aytib beraman senga!
Stefanning bu gapidan keyin Annabellaning ko‘zlari charaqlab, oldingi holatidan asar ham qolmadi. Hisobsiz o‘y-xayollar, dardu alamlar ostida qolib ketayozgan qaynoq muhabbati xuddi alanga muzni eritgani kabi ko‘zlariga qalqib chiqdi.
– Qani, boshlay qol, Stefanim! Ertaklaringni juda sog‘inganman! – dedi erining keng, mushakdor yelkasiga bosh qo‘yar ekan, – Hozir, shirinligim pishib qoldi. Olaman-u, yoninga boraman.
Aslida Annabella na shirinlikni yaxshi ko‘radi, na yeydi. Tun kechalarda pishiriq pishirishining faqatgina bitta sababi bor: o‘y-xayollarga berilganda, rejalar tuzayotganda oshxonada nimadir yumush bilan band bo‘lsa, ko‘ngli xotirjam bo‘ladi. Bir joyda to‘xtab qolish uni asabiylashtiradi. Xuddi g‘am-qayg‘ular domiga tortib ketayotgandek tuyulaveradi. Xotirjamligini yo‘qotadi. Annabella tayyor bo‘lgan pishiriqlarini birin-ketin olar ekan, shirin xotiralarga berilib jilmaydi. U Stefanni ilk bora yetti yoshida yotog‘i yonida ko‘rgan. Stefan qo‘lidagi qandaydir kitobni unga tiqishtirgandi. Annabella esa yovvoyi mushukdek sapchib, burchakka yanada qapishib olgandi. Shunda Stefan mehribonlik bilan: “O‘qishni bilmaysanmi, kel, o‘zim senga ertak o‘qib beraman” – deganicha, uning javobini kutmasdanoq ertakni boshlab yuborgandi. Avvaliga hadiksirab, yovvoyilarcha nigoh bilan qarab turgan Annabella, keyinchalik ertaklarini eshitib uxlash uchun kuni bo‘yi o‘n yoshli, sariqdan kelgan, jingalak sochli, moviy ko‘zlari mehr bilan boqadigan Stefanni kutadigan bo‘lgan.
Annabellaning tez o‘zgaruvchan tabiatiga mos ravishda go‘zal va unutilmas bolalik va uning ortidan kelgan muhabbat xotiralari o‘rnini yana qoramtir-xira xotiralar, so‘ngsiz rejalar egalladi. U yana oshxona stuliga o‘tirdi-yu, bir umr tushlarida ko‘rsa-da, ongida qayta-qayta jonlantirishni istasa-da, zulmat ichidagi faqatgina ko‘zlardan iborat, yuzlari mavhum sharpalarni eslash uchun qoshlarini chimirdi. Asabiy titrayotgan barmoqlarini sochlari orasiga yuborib, boshini changalladi. Hali bu urinish natijasini kutmasdanoq, otasi Maykl va onasi Juliyaning qotilini eslashga urindi. “Nega ko‘rganlarimni eslolmayman?! Elas-elas bo‘lsa ham, rozi edim. Shunda hech bo‘lmasa ota-onamni yuzlarini, menga mehr bilan boqishlarini ko‘rardim. Ularni xayolan bo‘lsa ham, yonimda deb his qila olardim. Qotil-chi? U tirikdir, balki? U tasvirlab berar ularning ko‘rinishlarini? Men uni topishim kerak! Barchasini bilishim kerak! Hammasini o‘z og‘zi bilan aytib beradi hali. Nega ota-onamni o‘ldirdi? Nega uyimizni yoqib yubordi? Nega meni kimsasiz qoldirdi? Keyin men uni o‘ldiraman. Ha, ha, tap tortmasdan, achinmasdan, vahshiylarcha… Kinolarda ko‘rganim kabi… ashaddiy qotillardan eshitganimdek…”
Muzey ostonasiga qadam qo‘yishar ekan, Annabellaning qalbini o‘zgacha bir ajib hislar chulg‘ab oldi. Stefanga mamnun jilmayib, dadasiga allanimalarni chug‘urlab, quyonchadek sakrab kelayotgan Sofiyaning oppoq yuzchalaridan o‘pib qo‘ydi. Bugungi dam olish kunida kun davomida qandaydir bezovta, besaranjom yurgan Annabelladagi bu o‘zgarishni Stefan darrov payqadi. Oldinroq bu yerga olib kelmagani uchun ichida o‘zini koyib ham qo‘ydi. Chunki u suyuklisi Annaning suratlar jinnisi ekanligini juda yaxshi bilardi. Uning tabiati Stefanga o‘n qo‘ldek ma’lum. Bildiki, ertalabki odamlar g‘ij-bij bo‘ladigan dam olish maskanlariga qilgan sayrlari odamovi, kamgap va nozik ko‘ngilli Annabellani yaxshigina toliqtirdi. U olomon shovqiniga dosh berolmas, buning oqibatida chin ma’noda kasal bo‘lardi. Shu sababdan Stefan yo‘llarini suratlar muzeyi tomon burdi. Anna har bir suratni alohida bir olam kabi kuzatar, yuz ifodasi, ko‘z qarashlari, ichki tug‘yonlari nodir asarlar ruhini o‘zida namoyon etardi… Ko‘zlari tanish suratni payqagani hamono Annabellaning yuragida mudom yashab kelayotgan yolg‘izlik kengaya bordi. Ichki qo‘rquvlari maromiga yetayotgan sut kabi ko‘pirib kela boshladi. Ongining qayeridadir mudrab yotgan umidsizlik, xavotir bu po‘rtanalarga qo‘shildi-yu, besaranjom ruhini talvasaga sola boshladi. Annabella ortiga qaradi. Ko‘prikda turgan ikki odamning yuzlari juda xira ko‘rinib turardi. Lekin ko‘rinishlari juda tanish, ichki sezgi bilan sezdi, ikkisi ham unga ruhan yaqin odamlar. Qip-qizil osmon, ko‘prik ostidagi ko‘m-ko‘k suv chirpirak bo‘lib aylanar, Annabellaning mavhum xotiralari ham bu po‘rtanalar ichida yuzaga qalqib chiqish uchun aylana turib yuqoriga tirmashardi. Vanihoyat!!! Uning ko‘zlari osmondagi olov rangi singari charaqladi. Ortida, ko‘prik ustida Annabellaga shunchaki e’tiborsiz boqib turgan ko‘zlar… ikkalasi ham bir xil, faqat, biri mehr bilan, ikkinchisi vahshiylarcha boqib turgan ko‘zlar… “Esladim… esladim, – qo‘llarini quloqlari ustiga bosganicha qichqirardi Annabella, – Otam, otam-ku, axir…” Uning vujudidagi bor dardu alamlari, ruhiy azoblari vulqon kabi otila boshladi. Ko‘prik ostidagi ko‘m-ko‘k suvda xotiralari jonlandi: jajji Annani kimdir boshini suvga tiqar, qizcha nafas ololmasdan tipirchilardi. Nafasi tiqilib, o‘lar chog‘ida esa qop-qorong‘i xona burchagiga uloqtirib yuborar, keyin toki xushidan ketgunicha kaltaklayverardi. Bu o‘sha otasining yana bir nusxasi, egizagi yovuz kimsa edi. “Anna” –otasining xavotirli ovozi keldi. “Bella” – deya qichqirdi onasining qo‘rquvga to‘la tovushi. Uning asablarini parmalayotgandek goh chiyillab, gohi guvullab eshitilayotgan bu chaqiriqlardan qonga yo‘g‘rilgan qip-qizil osmon boshiga quladi. Annabella qoq ikkiga bo‘linib ketdi… U qalt-qalt titrar, hamon kaftlari yuzi aralash quloqlari ustida, og‘zi lang ochilgan noma’lum, tushunarsiz maxluq kabi qichqirardi…
Stefan Annabelladagi o‘zgarishni sezib yoniga yetib kelgunicha, u Edvard Munkning “Qichqiriq” surati ostida xushsiz yotar, dokadek oqargan, ko‘kish tus olib, hissiz qotgan yuzini derazadan tushib turgan kuchsiz quyosh nuri yanada oppoqroq ko‘rsatib turardi.
Kasalxonadagi hushsizlik soatlari Annabellaning hali to‘liq ochilib ulgurmagan xotiralarini yanada yaqqolroq, ravshanroq ochib beribgina qolmay, rejalarini mustahkamlab qat’iy qarorga kelishiga zamin yaratdi. U endi hammasini bilardi. Barchasi birma-bir ko‘z oldidan o‘tdi. Ota-onasini tortib olgan qotil, otasi Mayklning egizak ukasi Karl bo‘lib chiqdi. U har kuni otasi ishda payti kelar, onasi bilan yotog‘iga kirib ketardi. Yotoqxona eshigini mushtlab xarxasha qilgan, endigina besh yoshni qarshilagan jajji Bellani esa qo‘lchalaridan sudrab hammomga olib borar, jo‘mrakni ochib suv ostida qiynardi. Keyin suv yutib, nafasi tiqilib, rangi ko‘kara boshlagach uzun sochlaridan changallab o‘sha zulmat xonaga sudrardi. Qorong‘i burchakda “Dadajon!…Oyijon!… Endi yaxshi qiz bo‘laman. Urmang, amaki!” deb zor qaqshab, ko‘zlaridagi qo‘rqo‘vni oyoqlari orasiga, himoyasiz, nozik, ezilgan tanasini esa qo‘lchalari himoyasiga olgan Annani ayovsiz kaltaklardi. Uning jirkanch va qonli ko‘zlari kabi dahshatli, o‘ta qo‘rqinchli zarbalar Annabellani har tomonga uchirib yuborar, shalvirab qolgan qo‘l-oyoqlarini yorilgan peshonasidan oqqan qon alvon rangga bo‘yardi. U kaftlari bilan yuz-quloqlarini yopganicha, og‘riqdan tinmay qichqirar, ammo og‘zidagi yopishqoq tasma qichqiriqning alamli to‘lqinlari yoyilishiga yo‘l qo‘ymasdi. Annabellani hech kim, otasi, hatto yonginasidagi xonada nimalar bilandir band bo‘lgan onasi ham eshitmasdi. Har kuni xuddi shu azoblar takrorlanar, uning azobli qichqiriqlarini esa zulmat xona yutib yuboraverardi.
Annabella juda ko‘p izlanishlar, tayyorgarliklar, kerakli dalillarni to‘plash jarayonida amakisi Karlning vahshiyona qotilligini ham tuman ortidagi manzara kabi g‘ira-shira esladi.
Jajji Bella uzun potila sochlari ostidan qo‘rquv, xavotir bilan boqib onasining yotog‘iga kirib bordi. Onasi bir ahvolda, qo‘li va boshi yotoqdan osilib shalviraganicha yotar, ko‘zlari umidsizlik, chorasizlik nuqtasiga tikilib, baqrayib qotib qolgan edi. Otasi Mayklning tanasi esa oshxona va dahliz tutashgan arosatda tiqilib yotar, qonga bo‘yalgan qip-qizil yuzi qiyshayib, og‘zidan oqqan qon polga tomib, xalqob bo‘lib qolgandi…
Qotil Karl esa tashqi eshikdan chiqa turib, qon chikkillab turgan pichog‘ini egniga artdida, unga dahshat bilan boqib turgan Annabellaga xotirjam, istehzo bilan sovuq tirjaydi. Jirkanch panjasini ko‘kargan, yopishqoq labiga olib bordi va havoda iflos bo‘sasini yo‘lladi. Ketar chog‘ida qo‘lidagi olovni Annabellaning oyoqlari ostiga otdi…
Endi Annabella chinakamiga chinqirdi. Chinqira turib bolalikdagi qiynoqlarni, umri davomidagi fobiyalarini, umidsizliklarini vujudidan chiqarib yubordi go‘yo. U oldingi ko‘rinishidan asar ham qolmagan, bechorahol, notavon amakisining yonida turar, shu tobda Karl xuddi otasining vahshiy nusxasi emas, asliga aylanib qolganidan hayratlanardi.
– Anna, qizim, – dedi u ko‘z yoshi qilib, – Gunohkorman, kechir!
Annabellaning ruhiyatidagi oqko‘ngillik tufayli rahm-shafqat tuyg‘ulari alamli jismini egallab kela boshladi. U ozgina vaqtga ikkilanib qoldi. Qo‘llari bo‘shashdi. Ammo, ota-onasidan judo qilib, aziz bolalik go‘shasida alanga o‘pqonida qoldirgan bu yovuz kimsani kechirib bo‘lmasligini tushundi. Tanlagan qurolini unga o‘qtaldi. Ko‘zlaridan o‘t chaqnadi.
– Endi men Anna ham, Bella ham emasman. Men Annabellaman! – degancha, qo‘llarida mahkam tutib turgan qurolida tinmasdan otaverdi… Otaverdi… Toki u parcha-parcha bo‘lib, hayotidan yo‘q bo‘lib ketguncha otaverdi…
Annabella Drayzer yuzlari yorishib jilmaydi. Mamnunlik bilan qalamini yozuv stolining ustiga qo‘ydi. Kerishib, derazadan yorishib kelayotgan tongga nazar soldi, qizalog‘i Sofiya va eri Stefan uxlayotgan xonaga oshiqdi-yu, yana ortga qaytdi. Stoli ustidagi yillab o‘zi bilan olib yurgan, endi u uchun qurolga aylangan Maykl Drayzer va Juliya Estvudning titilib, sarg‘ayib ketgan ajrim qog‘ozini oldida, shart ikkiga bo‘lakladi. Ertangi taqdimotga tayyor turgan kitoblaridan ikkitasini olib, ajrim qog‘ozlarini varaqlari orasiga soldi. Manzillari tomon shay turgan, Annabella hech qachon kechira olmagan ota-onasining ismlari bitilgan xatjildlar ularni bag‘riga oldi. Polda esa Annabella qanday jazo berishini bilolmagan, ota-onasini abgor qilib, o‘zini tirik yetim qilgan, qizil tusli, jirkanch zahri qotil shisha “Karl” chil-chil bo‘lib, “qoniga” bo‘yalib yotardi…