Ma’ruf Mengli. Hikoya

Derazamning xira oynasidan mo‘ralayotgan quyosh, xonam havosida suzayotgan chang zarralari, ayniqsa shiftdagi chiroqning atrofiga in qurgan o‘rgimchak to‘ri naqadar yoqimsiz – hammasini ko‘zdan yo‘qotish kerak.
…Xuddi o‘zimni o‘zim tinglayotgandayman. Tinglayapman-u hechkim gapirmaydi. Lekin aniq-tiniq eshityapman. Shubham yo‘q, bir nimalar deb rossa vaysayapman. Qandaydir tushunish qiyin, mavhum fikrlarimni – keraksiz ma’ruzalarimni indamay, jimgina tinglayapman. So‘zga chiquvchi ham men, keyingi so‘zni oluvchi ham o‘zimman. Eshituvchi yana men… Zerikib ketdim. Birovning rost-yolg‘onligini bilib bo‘lmaydigan ezma gaplarini tinglash naqadar og‘ir. Uni to‘xtatishga urinasan, har bitta mavzuni tugashidanoq ketishga izn so‘raysanu lekin “shoshma” degan qatiy javobni eshitib beixtiyor yana o‘rningga cho‘kasan. Bunday payt vaqt ham shoshmasdan o‘tadi. Oyog‘ingni qaltiratasan. Gap orasida suhbatdoshga tavoze bilan majburan kulib qo‘yasan.  Bu muloqot anchagacha cho‘ziladi. Aniqrog‘i, tasviri noaniq, umringda bir marta ham yuzlashmagan, miyang ichiga qamalib olib, shovqin solayotgan suhbatdoshning o‘limiga qadar. Ha-ha, ajablanmang, aynan men aytgan vaqtda doim bidir-bidir qiladigan yagona “ma’ruzachi” jim bo‘lib qoladi. U o‘ldi… Birnima demoqchimisiz? Biron narsa haqida o‘ylab qoldingizmi? Qachon maktabda yomon baho olganizni eslay olasizmi? Men eslay olaman: Kundaligimdagi o‘sha bemavrid tushib qolgan yomon bahoni Ota-Onam ko‘rib qolishidan qo‘rqdim. Pechkani og‘zini ochdim-u lovullab turgan olovga kundaligimni tashlab yoqib yubordim. O‘sha payt ancha tanbehlardan qutilganimdan rosa yengil tortgandim. Hech kim hech narsani bilmaydi. Kundalik g‘oyib bo‘ldi. Yomon baho ham izsiz ketdi. Olam ko‘zimga yana charog‘on ko‘rina boshlagandi. Bilasizmi, o‘sha tuyg‘uni aynan hozir yana his qilishni istayapman. Dunyoni bag‘rimga bosgim kelyapti. O‘ylagan narsalar hamisha ham ro‘y beravermaydi. Yanglishgan ekanman. Mendagi men hali hayot ekan. Tag‘in bidir- bidir boshlandi…
Hozir qaysi vaqt ekanligini anglolmayapman. Menimcha hamma narsa zamonaviylashgan, taraqqiyotning baland cho‘qqilari zabt etilgan, ilmning yanada gullagan davrida bo‘lsam kerak. Bu paytgacha hamma narsa ixtiro qilinib bo‘lingan bo‘lsa, xuddi bemani film tomosha qilib uxlab qolgandagiday hammasi zerikarli, ma’nisiz bo‘lib qolardi. Shunda hayot haqidagi tushuncha ham o‘zgarardi: Bamanilik – bu aslida bemanilik. Sovib qolgan qahvani isitib ichish qanchalik bo‘lmag‘ur bo‘lsa, ikki odam suhbati ham ana shunday bo‘lmag‘ur bo‘lib qolardi. Hamma bir-biridan bezigan, suhbatlashishga mavzu qolmagan. Kimdir bu vaziyatdan Ma’ni izlashga intilsa, shubhasiz harakatlari besamar ketardi.
Bozor-o‘charda o‘ylagan narsalaringizni xarid qilolmay qaytayotgandagi xunoblikni hov anavi chiroqqa qo‘ngan yirikkina chivinga qizig‘i yo‘q, yoki bormikin?
Kimdir oldingizga kelib, eng so‘ngi madeldagi avtomabilining kalitini oldingizga tashlasada, “mazza qilib minib yur, oshna” desa, qay holatga tushardingiz? Quvonchdan ish stolingiz ustiga chiqib sakrarmidingiz? Balki do‘stlaringizni chaqirib uyingizda katta ziyofat berarsiz? Hamma sizni yangi mashinangiz bilan qutlaydi. Sha’ningizga iliq qadah so‘zlari aytiladi. Siz bunga loyiqligingizni, sizdan faxrlanishlarini ham alohida ta’kidlab o‘tishadi.
Nima qilishni o‘zingiz bilasiz, lekin bu vaziyat unchalik qiziq emas. Men hozir hech nima qilolmay, tarashaday qotgancha jimgina o‘sha shiftga, o‘chirish eslaridan chiqib qolgan chiroqqa tikilib yotganim qiziq!
Fikrimdan qaytdim. Valdirash uchun baribir boya aytib o‘tganim mashina voqeasi qiziqroq ekan.
Xuddi dengiz sohilarida, quyosh tig‘ida toblanayotgan odamdayman. O‘, dengiz! Qanday go‘zal manzara! Suv shovqini ajib tuyg‘ularga oshno qiladi. Ko‘zoynagim tagidan mayingina suzayotgan bulutlarga, yaltillab quyoshning aksini qaytarayotgan bepayon ummonga tikilaman. Beixtiyor o‘rnimdan turib, dengizga peshvoz chiqaman: Baxtiyorlikdan qichqirib, qulochimni yozgancha dengiz tomon yuguraman. Suvga o‘zimni bag‘ishlaymamn. Obi-hayotning orombaxsh mayinligidan tanam yayraydi. Ha, anchayin go‘zal taassurotlar ulasha oladigan betakror manzara…
Chanqadim. O‘ng tarafimga zo‘rg‘a o‘girilib qarasam mendan ikki qadamcha narida stul turibdi. Uning ustida esa billur staqanda suv joy olgan. Ob-hayot fikrlarimni o‘qiyotganday, tashnaligim anglaganday, ojizligimdan jilmayib qo‘yadi. Bor yo‘g‘i ikki qadam narida-yu, lekin men uchun shu ikki qadamni bosib o‘tish ham amrimahol. Chanqashimni avvalroq bilganimda o‘zim bilan suv olib yurardim – juda qiziq gap bo‘ldi. Unda ochiqib qolsam deb ovqat, ovqatni pishirish, yoki isitish uchun qozon-o‘choq, eskirib qolsa o‘rniga yangi poyavzal, hozir yoz fasli, ammo birdan sovuq bo‘lib qolsa deb issiq kiyim va xokozo allam balo narsalarni olib yurishim kerak ekanda?…
Tobora og‘zim qurib, lablarim qotip qolyapti. Holsizlanyapman. Tanamdan mador ketgani sayin bir tomchi suvning qimmati oshadi. Zaruriyat odamni ne kuylarga solmaydiya… Atrofimga tag‘in alanglay boshladim. Yordam so‘rashga to‘g‘ri keladi. Aksiga olib manam-man deb yordam beradigan odam ko‘rinmaydi. Quyosh xonani tobora qizitib yuboryapti. Ustimga yopilgan ko‘rpani ham olib tashlolmayman. Xamirturishday lallayib, katta xolamning ayvonida yotganday yotibman. Bu fikrlarimdan kulib ham qo‘ydim, xuddi sizga o‘xshab.
Tor shim kiyadigan qizlarga hayronman: xuddi o‘g‘il bolalarga o‘xshab qolishyapti. Aslida shuni istashadimi… Aynan menga emasu, lekin boshqacharoq yigitlarga o‘xshashyapti. Nima emish “moda bilan hamnafaslik!” Bunaqa hamnafaslar ko‘payaversa shim chiqaradigan fabrikalarning bozori yanada chaqqonlashadi. Tasavvur qilyapman televezorda reklama ketyapti: “Eng oxirgi modada tikilgan, yanada toraytirilgan yangi shim sotuvga chiqdi”. Serial boshlanishini kutib o‘tirgan Dada reklamani ko‘rib qolib qizini chaqirdi. Yangi shim chiqibdi, oliberaymi, deya ko‘zini yapoloq telefondan uzmay turgan qizidan so‘radi. Qiz quvonganidan Dadasiga rahmat aytib sakray boshladi. Qizlarning didi, kiyim tanlashdagi salohiyatiga qoyil qolmayman… Yana boshlandi! Suvga tashna bo‘lib turgan paytimda xayolimga kelgan fikrdan asabiylashaman. Miyamda bidir-bidir qilib gapirayotgan suhbatdoshim yana tilga kirdi. Uning ezmaligi jonimga tegdi. …Bir stakan suvning qadri oshgan sayin oshmoqda, haroratim ko‘tarilyapti. Xona dim bo‘lib ketdi. Avvalgi yoqmli narsalar endi yoqimsiz tus olyapti. O‘zimni ham yomon ko‘rishga ulgurdim. Chanqaganim uchun o‘zim aybdorman. Suvsiz yashashga to‘g‘ri kelsa, organizimimiz suvga muhtojligini butunlay yo‘qotsa, qanday bo‘larkin?… Men nega muncha ko‘p suv ichaman? Go‘yo ellik yildan beri bir tomchi suv ichmay yurganday juda-juda tashnaman. Juda oshirib yubordim shekilli… Hammasi o‘zimni idora qilolmayotganimdan. Madordan qolyapman. Hushimdan ketib qolishim ham mumkinga o‘xshayapti… Qadam tovushlari eshitildi. Kimdir men tarafga kelyapti. Ayanchli ahvoldan qutilish imkoni topildi. Nihoyat eshikdan kimdir kirib keldi. Xonaga bir dam ko‘z yugurtirdi-da suv turgan stol yoniga borib olib menga masxaraomuz kulib, ko‘rsatgich barmog‘ini lablariga tekkizib jim deganday ishora qildi. U kishi juda qiziq ekan – tildan qolgan bo‘lsam qanday gapiraman axir?!
Suvdan quruq qoladiganga o‘xshayapman. U odam suvimni ichishga kelgani aniq, yaramas! Tekin tamoq! Uni quvib yuborishim zarur, haydash kerak. Hozir suvni ichib qo‘yadi. Suvimni tortib olishyapti. Afsuski unga tikilib yotishdan boshqa qo‘limdan hech narsa kelmaydi. Uzungina, ozg‘in bu odam negadir suvga tegmadi. Hatto qayrilib ham qaramadi. U shoshganicha stoldagi kattakon televezorni ko‘tardiyu qilgan ishidan ko‘ngli to‘lib chiqib ketdi. Tushunmadim. Bebaxo suv turganda televezor ko‘tarib yurgani kulgili! Unga o‘sha quti muhim ekan. Bir qultm ham ichmadi… Undan yordam kutganim bexuda ketdi.
Qo‘shiq aytgim kelyapti. Aytib ko‘rishim kerak, ajab emas mashhur qo‘shiqchi bo‘lib ketsam. Qo‘shiq aytmagan bitta men qoldim. Qolgan hamma qo‘shiq aytyapti. Aytishga sharoiti to‘g‘ri kelmagan, lekin qo‘shiqqa mehri baland bo‘lganlar gaplarini qo‘shiq ohangiga solib kuylashyapti. Shundanmi, qo‘shiqchilar ko‘payib ketgan… Ularni “qo‘shig‘i” qo‘shiqqa o‘xshamasayama, har holda harakat qilishyapti, baraka topkurlar!
Bir kuni qo‘limni kuydirib olganimda og‘riq kuchidan qattiq qichqirgandim. Qarasam ovozim ancha-muncha tonlarga yetyapti. Ishtiyoq ana shundan boshlandi. Qo‘limni kuydirdim-u qo‘shiq aytishga axd qildim. Ikkilanyapman, nima haqida kuylasam ekan?…
Tovba odam o‘zini shunchalik yaxshi ko‘radi-ya, oddiygina tasodiflardan ham o‘zini har tamonlama kuchli shaxsligini, yoki mashhur bo‘lishga loyiqligini ko‘ra boshlaydi. O‘zini ulug‘laydi. Kimdandir maqtov eshitishni istaydi. Ko‘proq o‘zi haqida qayg‘urib, borgan sari o‘z shaxsiyatini jamiyatga tanitishni, nimalarga qodirligini ko‘rsatishni boshlaydi. Uning “men”i boshqa menlardan farq qiladi – buni u ongiga shunday joylab oladiki, natijada o‘zi o‘ylab topgan  olamda o‘ziga xos ravishda yashay boshlaydi.
Umuman nima deyayotganimni fahmlay olmayapman. Gapiryapman xolos. Yolg‘iz yotgan kuyi kerak-nokerak gaplarni so‘zlayapman. Kimdir eshitayotganiga ishonchim komil emas – bom-bo‘sh xonada mendan boshqa hechkim yotmasdiyam. Iloji bo‘lsa o‘zimam yotmasdim, lekin na iloj… Seni eshitishmasa juda o‘ng‘aysiz ahvolga tushar ekansan. Menimcha sal yanglishdim. Yonimda hech kim bo‘lmasayam, aynan vaqt sarflab, stul yoki ko‘rpachada o‘tirgancha, balki ko‘zoynak taqib, vaqt kam bo‘lsa, tezroq tugatish uchun shoshgancha, tarqoq fikrlarimni indamay o‘qiyapsiz. Har holda unchalik yolg‘iz emas ekanman. Sizdan minnadorman.
Ayni dam men siz haqingizda o‘ylay boshladim: mening hikoyamni o‘qiyotganingiz, qaysi sohada faoliyat yurgizishingizdan qatiy nazar qanday odamligingiz, nimani yoqtirishingiz men uchun juda qiziq. Balki tanish hamdirmiz?
Negadir bir narsani eslashga urinyapman. Aynan nimani eslashim kerakligi bilmayman. Bilmaganim sabab boshim qotib qoladi. So‘ng fikrlarim yana aralashib, boshqa mavzularga “o‘tlab” ketyapman.
Bu yil yigirma to‘rtga kiraman. Shunday bo‘lsa ham ba’zi qariyalarnikiday xotiram chatoq. Yo‘q, aynan xotiram chatoq, parishonxotir emasman. Ma’lum hodisalarni esda saqlashga qattiq urinsam ham baribir eslab qololmayman. Kimdir eslatib yuborsagina oz-moz xotiram tiklanadi. Ko‘p o‘qigan kishi o‘qigan narsalarini xotirasida saqlab qololmasa, u uquvsizlikka mengzaladi. Vaholanki xotirasi yaxshi, lekin aslida axloqsiz, o‘z dunyo qarashini shakllantirmagan, chin ma’noda uquvsizlar ham oramizda kezib yuribdi. Gap faqat xotirada ham emas, aksincha xotiraga nima joylashda! Band o‘ringa nimanidir joylashga uringan bilan baribir u o‘ringa hech vaqo sig‘maydi. Qandaydir keraksiz voqealar bilan to‘lgan miya qolgan axborotlarni qabul qilolmay qoladi. Nokerak narsalar esa ba’zan umrimizning oxirigacha xuddi kecha bo‘lganiday xotiramizda saqlanib qolaveradi… Aqllilik qilib boshladim shekilli…
Kimgadir nutq so‘zlash, uni e’tiborini o‘zingda ushlab turish, ba’zi gaplaringizga qo‘shimcha qilib tursa, bu o‘tga yog‘ sepganday, tilinggizga quvvat beradi. Xotira haqidagi mulohazalarimdan o‘zimga otilgan “o‘q”ni payqab qoldim… Tan olaman, xotiram bo‘lmag‘ur narsalar bilan to‘lib ketgan.
Hamma narsa me’damga tegyapti. Yaqinda, televezorda yangi dastur ko‘rdim. Boshida ko‘rsatuvni berilib ko‘rayotgandim. So‘ng negadir yoqmay qoldi. Me’damga tegdi qoldi. Zerikarli holat, odamovi bo‘lib qolyapman shekilli… Uxlab qolibman. Uyg‘onsam uyda odam ko‘p, to‘polon, hamma menga tikiladi. Yoshi qirqlardan oshgan erkaklaru ayollar ajablangancha menga tikilishardi. Bir chekkada yoshgina, hurliqo juvon menga qarab hiqqillab yig‘layapti. Ko‘zyoshlarini ro‘moling uchi bilan artib qo‘ydi. Uning yonida olti yashar o‘g‘ilchasi ham bor. Boshiga harir ro‘mol o‘ragan yonimdagi ayol menga o‘zini tanishtirdi. Lekin tanimadim. Soqol qo‘ygan, chopon kiygan kishini ham tanimadim. O‘sha-o‘sha televezor yonidagi kresloda o‘tirganimcha vaziyatni baxolay olmay garang edim. Semiz gavdali, yuzlarini ajin bosgan, yoshi qirqlardan oshgan ayol yig‘lamsirab meni tanidingmi dedi. Uzil kesil yo‘q dedim. Notanish baribir-notanishda! Shunda haligi ayol, akajon bu ne ko‘rgilik, deya ko‘zyosh qilib soqolli kishining bag‘riga otildi. Harir ro‘moli tagidan oq sochlari ko‘rinib qolgan ayol esa, boshimizda bunday ko‘rgilik ham bormidi, deb uvvos sola boshladi. Nima bo‘layotganiga tushuna olmasdim. Atrofimdagilar kim o‘zi? Nimaga o‘zlarini tanitishga bunchalik urinishyapti?
Televezorning pultini qidirdim. Uxlab qolganimda kimdir olgan shekilli… Kreslo atrofidan qidirdim. Uyoq-buyoqqa ko‘z yugurtirdim. Foydasi bo‘lmadi, topolmadim. Qaerga tushirgan bo‘lishim mumkin?… Ko‘zlarini mo‘ltillatib menga tikilib turgan boyagi ayoldan, televezorimni pultini ko‘rmadingizmi deb so‘radim. U esa savolimni javobsiz qoldirib yonidagi ayolga javray boshladi. Va ikkalasi yana menga achinganday qarab qolishdi.
Kutilmaganda boyagi olti yoshli bolakay hadiksirab menga yaqinlashdi, qo‘limga pultni tutqazdida yana oyisining yoniga chopqillab ketdi.
Televezorni yoqdim. Futbol boshlagan ekan. Ajoyib o‘yin! Kresloga o‘rnashib maza qilib o‘yinni tomosha qilaboshladim. Negadir uyda Onam ko‘rinmaydi. Otam bilan qaergadir ketgan bo‘lishsa kerak, ha, ammamnikiga borishmoqchi edi. Bugun ammamlarda mehmondorchilik. Hamma qarindoshlar yig‘iladi. Futbol tugagach menam boraman.
Qorin ochyapti. Xotin ovqat qilmadi shekilli… Bazida menga araz qilib qovog‘ini ochmaydi. Xuddi men arpasini xom o‘rib qo‘yganday ertalabdan kechgacha xo‘mrayib yurgani-yurgan. Kimdir shunday qilishga maslahat bergan. Hammasiga o‘sha ko‘cha myulishida yig‘iladigan xotinlar aybdor. Xotinga ularga “qo‘shilma” degandim. Aytganimni qilmagan shekilli… Odam go‘zallik shaydosi bo‘larkan. Ko‘zingiz takrorlanmas, nafis chiroyga boqqanda o‘zgacha zavq olasiz. Jumladan kamina ham. Xotinimga go‘zalligi uchun uylanganim rost, lekin tashqi go‘zalligi ichki dunyosiga mutlaqo mos emas: Turgan bitgani zahar! Eru xotinni tuprog‘i bir joydan olinadi degan gap bor edi. Agar bu rost bo‘lsa nega xotinim buncha jizzaki ekan? Axir men yuvvoshgina, qo‘y og‘zidan cho‘p olmaydigan yigitman-ku? Nima bo‘lgandayam buyog‘iga chidab, tishni-tishga qo‘yib yashagan ma’qul deb o‘ylayman.  
O‘yin qiziyapti. Qorin esa ochiqdi. Haliyam yig‘idan to‘xtamagan boyagi semiz ayoldan  xotinimni ko‘rmadingizmi, deb yana so‘radim. Hamma shu gapimni kutib turganday tag‘in ko‘zyosh qilib yuborishdi. Butun boshli xor jamoasi! Ajablanarli holat! Yoshgina juvon og‘zini berkitib yig‘lagancha xonasiga chopqillab ketib qoldi. Bolakay men tarafga dadil keldida, ko‘zlarimga tikilib kecha menga moshina olib kelishga va’da bergandingiz dedi. Men unga qachon moshina olib berishga va’da bergandim?! Bularga nima bo‘lgan o‘zi?!
Bolakay boshqa gapirmadi. Oyisi tomon ketib qoldi. Mashina olib kelmaganlari uchun buncha yig‘lash shart emas oyijon degan gaplarini ortidan eshitib qoldim. U kimni bolasi? Yoshi mening bolam qatori ekan. Yaxshisi futbol ko‘raman!
…Nima deyishga ham hayronman, boshim qotib qoldi. Dilga vahima chang soldi. Kecha ana shunday yakunlangandi. Bugun yana bir kunning chanqoqlikda boshlanishi – miyamdagi shovqinlarning kuchayishiga zamin yaratib beradigan kun. Qulog‘im shang‘illayapti. Miyam lo‘qqillab boshimni tebrata boshladi. Suv ichishni ham xohlamay qoldim. Xudoga shukur, nihoyat alahsirashim yakunlangan ko‘rinadi. Tanam o‘tday qizib ketibdi, sezmabamanam. Telba-teskari o‘y-fikrlardan qutildim. Ancha tinchlandim. O‘rnimdan turib ish stolimdan uzoqlashdim. Bosh og‘riqqa qarshi dori ichdim. Devordagi soatga qaradim: tungi to‘rtdan o‘tib qolibdi. Bu payt kichik nevaram uyqusirab hojatga chiqardi. Negadir bugun tinch uxlayapti. Mayli, uyqusi tinch bo‘lsin.
Xonamda uyoqdan-bu yoqqa yura boshladim. Dori kuchini tanamga yoyyapti. Endi uxlashim zarur, buguncha yetar, qolganini ertaga davom ettiraman. Stolimdagi choy ham sovib qolibdi. Yozning issiq kunida choyning tez sovushi qiziq bir holat… Bilishimcha choy unchalik ham tez sovumagan, aslida men vaqtning qanday o‘tganini bilmay qolganman.
Odamning yoshi o‘tgani sayin uyqusi kamayar ekan. Ertangi kun haqida xohlaysanmi, xohlamaysanmi o‘ylab qolar ekansan… Yoshlarga havas qilsa arziydi. Ularda yangi kuchning haybati seziladi. Omadlarini bersin!
Bilasizmi qadrdonim, bugun bir hikoya yozdim. Qanday hikoyaligiga qiziqyapsizmi? Mayli, bu haqida sizni ogoh qilaman: Gap ayni damda o‘qib bo‘lganingiz, manashu hikoyani nazarda tutyapman. Meni uyqudan olib, stulga mixlab qog‘oz qoralatishga undagan xayollarim sizda qanday fikrlar, balki tanqidlar uyg‘ongandir, bu menga qorong‘u, lekin shuni bilamanki siz olamimga bir nafas sayr qilib chiqdingiz, menga shu yetadi. Boshqa nima ham derdim…
Tong otyapti. Yangi kun tug‘ilyapti. Bugun farxbaxsh kun bo‘lishiga ishonaman. Endi uxlash joyis bo‘lmas… Yana bir necha daqiqadan so‘ng nevaram uyg‘onadi. Unga yangi yozgan hikoyamni o‘qib beraman. Qiziq, hikoyam haqida nima der ekan?…