Mahmud Rajab. Somon mavsumida (hikoya)

Bekorchilikdanmas, ishim ko‘pligidan qo‘lim ishga bormay, yonboshlab yotibman. Erinchoqligim emas, kuyunchakligim sababli tash­vish­lar ko‘pa­yib, oyoq-qo‘lim bog‘langan. Ishining ko‘zini bilmaydi, deyishadi meni. Nima qilay, men qilmoqchi bo‘lgan ishlarning ko‘zi yo‘q.

…Daladagi sholini yanchib olganimizga bir hafta bo‘ldi. Somoniga hali qo‘l tekizmadik.

Chel-chebirda o‘t ko‘p-u, uyda sigir ochligidan dodov* turibdi. Uni dalaga yetaklab ketmoqchi edim. Qarasam, bo‘ynidagi ip titilib ketibdi. Hovlini aylanib bir qarich ham ip topolmadim. O‘tgan yili o‘n quloch arqonni qayerga bekitganimni eslay olmay, hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilib yubordim. Hay, mayli dedim-u sigirni qoziqdan bo‘shatmoqchi bo‘ldim. Ip tugun bo‘lib qotib qolgan ekan. Uni ombursiz yechib bo‘lmasdi. Omburni kecha so‘rab olib ketgan qo‘shnimiz uyida yo‘q ekan. Puxtaligim doim o‘zimga pand beradi. Sigirni qoziqqa mahkam bog‘lagan o‘zim edim.

Somon olishga boray desam panshaxa siniq. Uni olib payvandchinikiga bordim. Payvand­chi tok yo‘qligidan ustaxonasini qulflab, somon olgani ketibdi. Somon mavsumida qo‘shnilardan panshaxa so‘rash befoyda. Ularning o‘zlari mening panshaxam but bo‘lishini poylab yurishibdi.

…Somonsiz qolsak – chatoq.. Nechta moling bo‘lsa, shuncha arava somon olish lozim. Kuzda traktor bilan bir arava somon keltirsak, bahorda uning chiqindisini bir arava qilib chiqarib tashlaymiz.

Shu yil bahorda mol arzon, o‘t qimmat bo‘lib, traktorning tirkama aravasiga hakkaning uyasiday qilib yuklangan somonning bahosi 200 mingga chiqib ketganida, 200 ming so‘mga bir g‘unajin olgan edim. Harom o‘lgurning shu kungacha yegan somoni o‘zining bahosidan ham oshib tushdi. Hozir shuni bozorda 200 mingga olmaydi. Shunday qilib u o‘zini o‘zi allaqachon yeb qo‘ydi. Yaxshiyam somon bizda dehqonchilik.

… Nima ish qilsam ekan, deb hovlini aylanib, boqqa chiqdim. Anjir, anorlarni o‘rab ko‘mish uchun qamish o‘rib kelmoqchi edim, suvetik teshik ekan. Buning ustiga yoz bo‘yi oftobda qolib titilib ketayozibdi. Endi uni yamatishdan foyda yo‘q.

Bugungi ishlarning hammasidan voz kechib, qo‘limni yuvib qo‘ltig‘imga surtmoqchi edim, dastsho‘yda suv yo‘q.

Ko‘chadan hamma shoshib o‘tar, tuzukroq salomlashishga ham vaqtini qizg‘anardi. Boshim garang bo‘lib turganda qadrdon oshnam kelib qoldi. Qo‘shni qishloqdagi janozaga borish uchun unga velosiped kerak ekan. “Velosipedni paxta tergani dalaga xotinim minib ketdi”, dedim.

– Uf!- dedi u .

– Kelganingiz yaxshi bo‘ldi — dedim, qo‘shadigan odam topilganidan xursand bo‘lib. Yuzlarini ajin bosgan, yaqiniga borsa mol hurkadigan qarimsiq ulfatim shu damda ko‘zlarimga cho‘g‘day bosildi. – Ayni vaqtida keldingiz.

Gazagiga bitta piyozni ikkiga bo‘lib, ikkovimiz bitta shishani bo‘shatdik. Ulfatim havaskor ashulachi edi. So‘ng­gi piyolani qo‘liga olganida shunaqang­i kuyladiki, u hech qachon hozirgiday yoqimli kuylamagandi. Men ham hech qachon bugungiday yayragan emasdim.

– Kelganingiz yaxshi bo‘ldi, – deya oyoq-qo‘llarimni uzatib chalqancha yotib esnadim. – Kuni bo‘yi behudaga kalla qotiribman-ov. Sigirni dalaga olib borganim bilan, baribir, chirigan ipni uzib paxtaga tushib ketardi. Somonga bormay to‘g‘ri qildim. Bugungiday shamolli kunda somon olib bo‘ladimi?

– Bugun janozasi o‘qilgan odamning qancha ishlari qolib ketdi ekan-a, – dedi ulfatim bosh­ini chayqab.

Og‘zimiz so‘zga qovushmasa ham, borgan sari gap-gapga qovushardi…

…Yostiqni ko‘kragiga bosgancha ko‘zi ilingan sherigim bir payt boshini ko‘tarib, botayotgan oftobga qaradi-da, sapchib o‘rnidan turdi. Nimadir birdan esiga tushdi, shekilli, “hay-hay”lashimga qaramay, har oyog‘i har yoqqa tushib yugurgilab ketdi.

Lekin u negadir uyiga emas, boshqa tomonga qarab ketdi.

____________________________
* Dodov turish – yosh bolaning oyoqda zo‘rg‘a turishi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 41-son