Hisor tog‘ tizmalari ortidan ufq tobora oqarib kelmoqda. Oqguzar qishlog‘ining kunchiqar tarafidagi keng hovli ufq qizilligiga chulg‘anganda Hisor cho‘qqilari bag‘ridagi cho‘ng xarsanglar ko‘zga yaqqolroq tashlana boshladi. Xayolni zilday bosib turishga qodir salobatli tog‘ cho‘qqilari xuddi chopsa yetib oladiganday ajabtovur yaqin ko‘rinadi.
Parda rais cho‘qqilarga uzoq tikildi. Qani endi qo‘li uzun bo‘lsa-yu, huv uzoqda yolg‘iz qolib xo‘rsinayotgan katta xarsangni siljitib, shundoq qiyalikning yonboshiga o‘rnatsa… O‘shanda bu uch bahaybat xarsang uchburchak shaklini olib, boshqalari bilan mutanosib joylashardi-da, go‘zal bir manzara hosil etardi. Balki shu turgani ham ma’quldir, deb o‘yladi Parda rais, buyam bir xayol-da…
Bu orada huv anavi hali qori ketib ulgurmagan tog‘ cho‘qqisining shundoq yonginasida oppoq parga o‘xshagan bulut paydo bo‘ldi. Saldan keyin quyosh charaqlab, qorlar yanada yaraqlaydi; bulut esa oftobning zarrin nurlaridan qizil-sariq bo‘lib tovlanishga tushadi. Agar bulutga cho‘qqiga mos shakl berilsa, ajoyib rangli tasvir namoyon bo‘ladi. Ana, cho‘qqining boshqa tarafidan ham yana bir bo‘ltak bulut chiqib keldi. Bunisi endi ortiqcha. Agar sal quyuqlashsa bormi, manzarani butkul buzadi. Ha, mayli, tabiat o‘z o‘yinini ajoyib tarzda ko‘rsataversin, axir bu o‘z nomi bilan tabiat…
Parda rais katta darvozadan tashqari chiqdi. Qashqa yo‘rg‘a uni ko‘rib boshini ko‘tardi, bir-ikki pishqirib, o‘ng tuyog‘i bilan bir-ikki yer tirnadi. Rais otning bo‘ynini, o‘mganini mehr bilan qashladi. Har doim shunday: ot bundan rohatlanib, shu zahoti tinchib qoladi. Bu, endi tayyorman, meni egarlayver, degani bo‘ladi. Rais otining fe’lini yaxshi biladi, o‘z navbatida uning ham har bir ishorasi, yo‘tali, ovozidagi ohang Qashqa yo‘rg‘aga ayon. Ular salkam o‘n yillik qadrdonlar-da!
Tog‘ ortidan charaqlab chiqqan quyosh cho‘qqining o‘ng tarafidagi bulutni yoritib, ajib bir tus bergan, bulutdan o‘tolmagan nurlar esa uning orqasida xuddi taroqqa o‘xshash to‘lqin-to‘lqin nurlar hosil qilgan, manzara chindan ham g‘aroyib edi.
Rais ot boshini kunbotar tarafga – adoqqa burdi. Qashqa yo‘rg‘a har kungi odatini qilib: “Chuh, jonivor” deyishlarini ham kutmasdan yurib ketdi. Rais jilovni erkin qo‘yib, o‘ng oyog‘ini uzangiga tiradi-da, qo‘lidagi jigarrang dastali qamchini o‘ynagancha, keng dalalarga havas bilan ko‘z tashladi.
Yo‘rg‘a keng tuproq yo‘lga tushib oldi. Gardaniga urilayotgan mayin shabadadan huzur qilayotgan rais, har zamonda boshidagi shlyapasini uchib ketmasin deganday, qoshi ustiga bosib-bosib qo‘yadi. Qashqa yo‘rg‘a shiddatini pasaytirishni istamaydi. Yollari taralib, peshonasiga tushib turgan po‘pagi egar tomonga qayrilganidan shabadada chiroyli pirpiray boshlaydi. Yerga tegay-tegay deb turgan dumi shamolda o‘zini har yoqqa otib o‘ynaydi. Tuyoqlardan ko‘tarilgan changlar pastga tusholmay, bizni ne ahvolga solib qo‘yding, deb o‘pkalaganday uzoq vaqt havoda muallaq turib qoladi…
Yo‘rg‘aning ta’rifi zo‘r, ovozasi Qashqa vohasini tutib ketgan. Odamlar: “Unchalik emasdir-ov, juda zo‘r yo‘rg‘a emish… Lof ham evi bilan-da…” deyishar, kelib ko‘rishgach: “Qoyil-e, shunday yo‘rg‘ani minganning armoni bo‘lmasa kerak”, – deb qo‘yishardi.
Chindan ham, Parda raisning armoni yo‘q. Rais bo‘lganiga o‘n yildan oshibdiki, Qashqa yo‘rg‘a u bilan birga. Ikkalasi xuddi tug‘ishganlardan ham ortiqroq bir-biriga qadrdon bo‘lib ketishgan. Buning sababi bor…
* * *
Bir kuni so‘zamol Elmurod chavandoz bunday dedi:
– Yo‘rg‘angizni ko‘rganimda, rais, Sohibqiron bobomiz Amir Temurning tulpori esimga tushadi. Sizning duldulingiz ayni Xono‘g‘lonning o‘zi!
– Yo‘g‘-e! Maqtab yubordingiz-ku! – xijolat tortdi Parda rais. – O‘h-ho‘! Xono‘g‘lon-a! Yo‘g‘-e!.. Juda unchalikmasdir…
– Ha-ha! Qashqa yo‘rg‘angiz bag‘oyat nasli toza, xosiyatli ot… Xono‘g‘lonning naq o‘zi…
– Maqtovning ham kiftini keltirasiz-da… Sizning Gulistoniningiz ham shundoq, qolishmaydi…
Elmurod chavandoz Xono‘g‘londan gapirishni yaxshi ko‘rardi. Har gapirganda rivoyatga qandaydir yangi to‘qimalar qo‘shilib ketar, Xono‘g‘lon voqeasi o‘zgarib, tobora “boyib” borar, ot tavsifi afsonalarga o‘ralganidan mahobat kasb etardi. Rais chavandozning biroz lofga moyilligini bilar, ammo chiroyli so‘zlaganidan, beixtiyor ishonib ketardi.
Elmurod chavandozning birinchi hikoyasi
– Xono‘g‘lon misli yo‘q ot edi… – dedi chavandoz. – Xojasi uning juganini notanish yigitga tutqazganida noxush bir hodisa ro‘y berayotganini sezdi va boshini ilkis silkitib, beozorgina pishqirdi. Oldingi oyoqlari bilan besabr yer depsindi. O‘ziga qadrdon bo‘lib qolgan, Ko‘ksaroyning yaltiroq qobirg‘ali nimko‘k gumbaziga uzoq vaqt tikildi-da hazin kishnab qo‘ydi. Bu galgisi uncha o‘xshamadi. Xojasi asta kelib uning peshonasiga, bo‘yniga tushib turgan qalin va dag‘al yollarini silab, boshini boshiga tiradi… Ot unga sadoqatini yana bir karra bildirmoqchi bo‘lib, xavotir olmang, men sizning sha’ningizga dog‘ tushirmayman degandek, xojasining bo‘ynini uzoq iskadi va lablari bilan quloqlarini muloyim yaladi. Xojasining nimanidir kutayotganini, astagina “O‘zimning Xono‘g‘lonim!” deya peshonasini mehr bilan silaganidan bezovtaligi ming chandon oshdi. Notanish yigit unga beso‘naqay minganidan ot noxush hodisa sodir bo‘layotganini tushundi, sarosimada bir xojasiga, bir atrofdagi odamlarga qaradi. Xojasi har safar minganida bir kishnab sakrash odatini kanda etmaydigan tulpor bu safar nima qilishini bilmay talmovsiradi, kalovlandi. Xojasining o‘zidan uzoqlashib ketayotganini ko‘rib, oldindan ayriliqning achchiq azobini tuyganday bo‘ldi. Jugani taranglashib, suvlig‘i lunjini og‘ritar darajada qattiq tortilganini sezsa ham, notanish yigitning “chuh” deganini eshitmaganga solib, xojasining izidan ma’yus termilib qoldi. Ikkinchi “chuh”dan so‘nggina, istar-istamas, o‘zidan ancha uzoqlashgan begona otlar izidan arang qo‘zg‘aldi.
Bir kunlik yo‘ldan keyin otliqlar to‘xtadilar, avval bir-birlari bilan quchoqlashib, keyin ajralishdilar. Tulpor ularning aksariyati anchayin kuzatuvchilar ekanini, endi ulardan ham ayrilib, begona otlar bilan yolg‘iz o‘zi notanish yigit qayoqqa juganini bursa, o‘sha yoqqa ketishga majbur ekanini his etdi…
Ot yo‘lning notekisligidan bir necha bor surindi, toshlarga ham qoqildi. Tulporning yer depsinib o‘rmalaganday yurishi, ba’zida surinishi notanish yigitga yoqmadi shekilli, ot sag‘risiga ketma-ket qamchi bosdi. Qamchining achchiq azobini umri bino bo‘lib tortmagan Xono‘g‘lon taajjubda, egarida o‘tirgan notanish yigitning o‘zidan nima talab qilayotganini, ne istayotganini tushunmadi. Boshini u tarafga sal ko‘tarib qaragan edi, bo‘ynining chap tarafiga ikki bor juda kuchli qamchi zarbasi tushdi. Tulpor nogahon g‘azabi ortib, oldingi oyoqlari bilan baland sakradi. Qattiq kishnab, boshini old tarafga cho‘zib, uzoqdagi o‘tov yoqqa shiddat bilan yelib ketdi.
Notanish yigit chayir-chaqqonlardan ekan, egar ustida mahkam joylashib, otning bunday ajabtovur qiliq ila chopishidan zavq olgandek qiyqirib, havoda qamchisini o‘ynatib, uzangisi bilan uning qorniga niqtab-niqtab borardi. Tulpor bundan hech narsa chiqmasligini sezdi; chopishini sekinlatib, avval lo‘killab, so‘ngra sekin yo‘rg‘alashga tushdi. O‘tovga yetib kelishdi. Tulporni shohona qoziqqa emas, balki boshqa otlar qatorida oddiy qoziqqa bog‘lashdi. Notanish yigit mazax qilishning turli-tuman usullarini o‘ylab, tulporni xojasidan oddiy qirchang‘i ot o‘rnida qabul qilganini anglatish uchun shunday yo‘l tutayotgan edi. Tulporning yuragi so‘lish olib, peshonasida har doim tikkayib turadigan yoli shalpayib ko‘zi ustiga tushdi, quloqlari ortidan achchiq ter chiqib ketdi. Ayni shu payt notanish yigit va bir talay odamlar o‘rashib, uning bo‘y-basti, yoli, o‘mgani, sag‘risini tomosha qila boshlashdi. Asabi zo‘riqqanidan quloqlari orqasi terlaganini ko‘rishib, “qaribdi” deyishdi. Tulpor uning ayricha xususiyatlarini anglashmasin uchun boshini egib, bor nafasini chiqardi-da, qornini ichiga tortganicha, old va orqa oyoqlarini ikki tomonga ayirib, bilinar-bilinmas nafas ola boshladi. Odamlar buni ko‘rib: “Tulpor emas ekan” deyishdi-da, undan uzoqlashdilar.
Uch kun davomida suv ichmagan, arpa ham, beda ham yemagan tulpor o‘zini holsiz seza boshladi. Nihoyat, to‘rtinchi kuni uni boshqa otxonaga o‘tkazishdi. Tulpor u yerdagi otlarga nazar solib, birorta ham o‘ziga teng ot ko‘rmadi. Nihoyat suv va arpa keltirishdi. Lekin unga berishmadi. Yonidagi chovkar otning maza qilib arpa chaynayotganini ko‘rib, havasi keldi; u tomonga sal yaqinlashgan edi, chovkar qizg‘anib uni orqa oyoqlari bilan chunonam tepdiki, buni kutmagan tulporning zaxa yegan o‘mganidan qon oqa boshladi. U o‘zining bu yerda endi keraksiz ekanini tushundi-da, kech tushishi bilan qoziqqa bog‘langan no‘xtaning arqonini chaynay boshladi. G‘ajiy-g‘ajiy arqonning ancha ingichkalashganini sezdi-da, qoziqning berigi tarafidan narigi tomoniga tez chopib, bor kuchi bilan siltandi. Taranglashgan arqon shart etib uzildi. Tulpor otxonadan chiqdi-da, yulduzlarga uzoq tikildi va Ko‘ksaroy tomon mo‘ljalni olib, avval tezroq, o‘tov rosa ko‘rinmay qolgach, sekin chopib yo‘lga tushdi. Kunduzi o‘ziga tanish belgilarni ilg‘ab Ko‘ksaroy tomon yeldek ucha boshladi. Uzoqlarda otliqlar ko‘rinsa, ularni chetlab o‘tib, adashmaslik uchun avvaldan olgan mo‘ljaliga ko‘ra, kunchiqardan sal o‘ngga qarab, yelib borardi. Ko‘lmaklardan, kichkina ariqchalardan chanqog‘ini qondirar, daladagi o‘tdan totinishga esa vaqtni qizg‘anar, o‘mganidagi yarasi achishib og‘riyotganiga, qorni ochligiga qaramay, tezroq xojasini ko‘rishga, Ko‘ksaroyning somon to‘shalgan burchagiga yetib borishga intilardi.
Nihoyat, bir kuni uzoqdan Ko‘ksaroyning qobirg‘ali nimko‘k gumbazi quyosh nurida yarqirab ko‘ringanida joyida taqqa to‘xtadi, boshini baland ko‘tarib, chuqur nafas oldi, ko‘zi ravshanlashgach, bir kishnab qo‘ydi. Qadamlari ildamlashdi, badaniga huzur bag‘ishlovchi quvvat va iroda inayotganini sezdi-da, kerilib, rohat qilib pishqirdi. Quyosh endi qizdira boshlagan chog‘da Ko‘ksaroy darvozasi oldiga yetib keldi va qattiq kishnadi. Ammo bu avvalgilari singari o‘ktam va jarangdor kishnash emas, ancha quvvatdan qolgan otning sasi edi.
Darvoza oldidagi qorovullar bir-birlariga nimalar deyishganini eshitmagan bo‘lsa ham, ulardan biri kelib, unga diqqat bilan razm solganidan, so‘ngra shoshganicha burilib, ichkariga kirib ketganidan yuragi gurs-gurs ura boshladi. Tulpor xojasining chiqishini va o‘zini Ko‘ksaroy ichkarisiga yetaklab kirishlarini orziqib kutar, ko‘zyoshlari no‘xtasini ho‘l qilayotganini sezardi. Nihoyat, kiftiga yupqagina chopon tashlagan xojasi ko‘rindi. Tulpor bor quvvati bilan na’ra tortib yuborganday bo‘ldi, xuddi avvalgilardek old oyoqlarini baland ko‘tarib sakrashga urindi, ammo quvvati yetmadi. Xojasi yetib kelib, uning bo‘ynidan qattiq quchoqladi, otning peshonasiga peshonasini tirab: “Xono‘g‘lonim! Keldingmi!” deya oldi, xolos. Ikkalasi ham tovush chiqarmasdan yig‘lardi…
Ana shunday, rais! Sizning yo‘rg‘angiz, Guliston, G‘uzor to‘rasining tarloni, Qalqon bovaning chovkari, Jovli Ochil chopag‘onning to‘rig‘i – bari-bari Xono‘g‘londan tarqagan tulporlar, uning avlodlari.
* * *
Parda rais yozmi-qishmi, bahormi-kuzmi, qaysi fasl bo‘lishidan qat’iy nazar, har tong soat beshda o‘rnidan turib, yuz-qo‘lini yuvgach, ichki hovli darvozasini lang ochib, eng avval o‘ng tarafdagi bostirmaga qaraydi. U yerda bog‘langan Qashqa yo‘rg‘a ham ko‘zi raisga tushgan zahoti boshini egib, go‘yo salom berayotgandek sekingina pishqiradi. So‘ngra boshini adl ko‘tarib, diqqat bilan kuzatib turadi. Raisning qo‘li otning o‘mganiga tekkan zahoti o‘ng oyog‘ini baland ko‘tarib, asta yer tepinadi. Bu xursandlik alomati ekani Parda raisga kunday ayon. Qashqa yo‘rg‘a asta tepingan mahali rais ham ohista tovush bilan xirgoyi boshlaydi:
Qashqa yo‘rg‘a, o, qashqa yo‘rg‘a,
Yollaringni mayin tarayin.
Quvonchimni yashirib zo‘rg‘a,
G‘irko‘kimsan, deya alqayin.
Qashqa yo‘rg‘a, o, jiyron yo‘rg‘a,
Yana seni qanday maqtayin.
Sen bilan men bitta qobirg‘a,
Boychiborday bo‘lishing tayin.
Xirgoyini eshitgan zahoti Qashqa yo‘rg‘a tinchlanadi; rais otning qansharini, peshonasini, o‘mganini, sag‘risini, belini ohista qashigan sari quyiroq egiladi, raisning ko‘kragiga boshini tegizib, bir maromda nafas oladi. Uning bu fe’li e’zozlanganiga javob, go‘yo xojasiga ta’zimi edi.
O‘n yildan oshibdiki, Qashqaning yo‘rg‘asi bir xil, hech o‘zgarmaydi. Enyaptimi, yuqorilayaptimi, yurayotgan yo‘li o‘nqir-cho‘nqirmi, tep-tekismi, tuproqmi yoki toshloqmi, farq qilmaydi, bir tekis yo‘rg‘alaydi.
Parda rais bir voqeani doim maroq bilan eslaydi, bag‘riga shamol tekkandek huzurlanadi. Bu voqea bundan besh yil avval yuz bergan. U Hisor tog‘ining ancha ichkarisidagi Oqqishloqdan Qashqaning yo‘rg‘asini ko‘rish, sinash uchun kelganlar bilan garov o‘ynadi. Garovga hisori qo‘chqor tikilgan edi. Rais Qashqaning egariga o‘tirgach, unga to‘kilay-to‘kilay deb turgan chalop to‘ldirilgan tol tovoqni uzatishdi. Garov sharti sodda – yo‘rg‘a yurganda chalopdan bir tomchi ham to‘kilmasligi kerak.
Rais idishni chap kaftiga oldi, “chuh, jonivor!” so‘zini ham astagina aytdi, ot mayin yo‘rg‘alay ketdi. Belgilangan joydan, ayni maktab to‘g‘risidan orqaga burildi va jilgan joyiga kelib to‘xtadi.
Garov boylaganlar chopib kelishib tovoqqa qarashdi. Adras chopon kiyib, ustidan belbog‘ bog‘lagan, qorachadan kelgan baland bo‘yli Allaberdi “qoyil-e, qoyil!” – deb yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi. Ammo yonida sal g‘o‘dayib, yangi charm etigining tovonini bir-biriga dam-badam urib, o‘zini ko‘z-ko‘z qilayotgan yigit shoshilmay ot oldiga keldi-da, salmoqli dedi:
– Rais buva! Endi… Ot yo‘rtganida qo‘lingiz bilan tol tovoqning muvozanatini saqlab turdingiz. Yo‘qsa, chalop albatta to‘kilardi. Agar tovoqning tagi egar boshida tursa, siz bunday qila olmasdingiz.
– Uka, – dedi rais tovoqni Allaberdiga uzatayotib bosiqlik bilan. – Otga sizni mindirsam, o‘zingiz sinab ko‘rsangiz. Garov haqiqiy bo‘lishi shart. Yigit lafzi bilan yigit!
Rais Qashqaning boshiga boshini qo‘yib, erkalab, o‘mganini uch marta ohista siladi. Otning jilovini bo‘shatmay, yigitga, mining, deya ishora qildi. Yigit ham chaqqongina ekan, tezda egarga joylashib oldi. Parda rais chalop to‘ldirilgan tol tovoqni egar boshiga qo‘ydi, muloyim va sal titragan tovush bilan “Yo‘rg‘aginam…” dedi. So‘ng yigitga qaradi:
– Avval tovoqni yaxshilab egar boshiga o‘rnating, qo‘lingiz bilan sal ushlasangiz kifoya. Maktab to‘g‘risidan orqaga qaytasiz. Faqat jilovni siltab tortmang, otga azob bermang. “Chuh, jonivor!” desangiz bas…
Qashqa maktab tomon yo‘rg‘alay ketdi. Sinchkovlik bilan qarab turgan Allaberdi: “Yo, tavba! Xudoyo qudratingdan! Umrim bino bo‘lib, bunday aqlli jonivorni ko‘rgan ham, eshitgan ham emasman”, – deb yubordi.
Maktabning ro‘parasiga borganda Qashqa ortiga qaytdi. Faqat qaytish doirasini kattaroq oldi. Buni ko‘rgan Allaberdi qoyil qolib qo‘lini tizzasiga urdi. Rais faxrlanganidan tomog‘ini qirib, tovushini balandlatib: “Ana shunday!” deb yubordi. Qashqa yo‘rg‘a marraga yaqin qolganida yurishini sekinlatdi, raisning ro‘parasiga kelganda ohista to‘xtadi.
Yigit tol tovoqni qo‘lida tutib, chalopni oxirigacha simirdi va osmonga qarab ko‘kragini to‘ldirib chuqur nafas oldi. Bir egar boshiga, bir otning jabduqlariga qaradi, istar-istamas o‘ng oyog‘ini uzangidan chiqardi. U otdan tushishga shoshilmas, nimadir demoqchi bo‘lar, fikrini bir joyga jamlab ifodalashga ojizlik qilganidan dangal so‘zlar qidirar, lekin topa olmay qiynalanardi. Nihoyat, jilovni raisga tutqazdi:
– Rais buva! Rais buva… ha… ha… sizning otingizga, yo‘rg‘angizga qoyilman! Tol tovoqni shu garovdan esdalik sifatida olib ketaman! O‘rniga shirboz qo‘zi beraman. Rais buva! Sizniki halol! Garovni yutdingiz! Yutdingiz!
Allaberdi Qashqa yo‘rg‘aga tahsinlar aytdi.
Bu voqeadan keyin Parda rais, otning devi bor, degan gapga juda ishondi. Axir Qashqa yo‘rg‘a raisning, chalop tol tovoqdan to‘kilmasin-da, degan istagini angladi-ku! Otning o‘ziga yarasha sehri bo‘ladi, ot egasi buni sal tushundimi, angladimi, tamom, ot o‘z egasining chin vafodoriga aylanadi.
* * *
…Rais tun yarmida idoradan qaytardi. Yarim vayrona chaldivor oldidan o‘tar ekan, ko‘nglida allaqanday tushunib bo‘lmas vahima paydo bo‘ldi. Ko‘ngli ozdi, o‘qchigisi keldi. Shu kez yuragida qattiq sanchiq turdi. Og‘riq bosish uchun otning bo‘yniga sal engashib, jilovini qo‘yib yubordi. Oyoqlarini uzangidan chiqarib, chap tizzasini bukdi. Chap kaftining barmoqlari bilan yurak ustini, og‘riyotgan joyini ushladi, o‘ng kafti bilan chap qo‘lini bosdi. Shu vaqt chaldivor ichida bir narsa qattiq tapilladi. Bundan ot hurkib, chap tomonga keskin burildi va sakrab yo‘rg‘asini yugurishga almashtirdi. O‘zini egar ustida ushlayolmagan rais pastga quladi.
Qancha yotganini bilmaydi. Ko‘zini ochganda osmonda sanoqsiz yulduzlar ko‘rinardi. O‘rnidan turib o‘tirdi. Shu zahoti biroz kalta va tizzasidan bukilmaydigan o‘ng oyog‘i zirqirab og‘riyotganini sezdi. Turmoqchi edi, ammo oyog‘i zirqirab, beixtiyor “voh” deb yubordi. Oyog‘ining og‘rigan joyini silayotib, otidan xavotirda atrofga ko‘z yugurtirdi. Yo‘rg‘a o‘ttiz qadamlar narida unga tikilib turar, boshini har silkitganida ko‘zida falakda balqqan oyning aksi shu’lalanardi.
Parda rais o‘rnidan astoydil turmoqchi edi, lekin og‘riq kuchaydi, yuragi yana qattiq sanchdi. Rais o‘zida xirgoyi qilishga kuch topdi:
Qashqa yo‘rg‘a, o, Qashqa yo‘rg‘a,
Yollaringni mayin tarayin…
Qashqa bu tovushni eshitib, ikki marta pishqirdi-da, boshini quyi egib, raisga yaqinlashdi. Rais boshini ot boshiga qo‘yib, tizzasini siypaladi. Yo‘rg‘a cho‘kkaladi, orqa oyog‘i bilan tizzalab, surilib raisga yaqin keldi. Rais sirg‘alib yurib egarga qorni bilan chiqib oldi, bir amallab o‘ng oyog‘ini ot ustidan oshirdi va sekingina: “Chuh, jonivor!” dedi. Ot uy tomonga qarab yo‘rg‘alagancha yurib ketdi… Shu voqea sabab rais uni “Qashqa yo‘rg‘am, xaloskorim!” deyishdan charchamaydi.
Parda rais o‘ylar girdobida Mirzapo‘choq qishlog‘iga yaqinlashganini ham sezmay qoldi. Haydalgan keng dala naq qishloq hovlilarining darvozasiga taqaladi. Chigit ekilgandan keyin hovli egalariga qiyin. Mol-holini dalaga tushirmaslik uchun yetaklab suruvga yoxud podaga qo‘shadi. Shudgor uchun mo‘ljallangan dala hududi har yili kengaytiriladi, chunki paxta topshirish rejasi muttasil oshib boradi.
Rais otning boshini o‘ngga burdi, qishloqdan olislaydigan yo‘lga tushdi. U yaxshi biladi: Qashqa yo‘rg‘a ayni Elmurod chavandozning hovlisi yoniga yetganda avval boshini silkitib pishqiradi-da, keyin qattiq kishnaydi. Hovli ichkarisidan javoban boshqa bir otning kishnashi eshitiladi. Parda rais bugun otlarning o‘zaro kishnashi boshqalarga xalaqit bermasin, degan o‘yda o‘ngga burilgan edi.
U bundan bir haftacha burun Sodiq chavandoz bilan bo‘lgan gurungni esladi. Chavandoz kirishimli suhbatdosh, Elmurod chavandozdan ham so‘zamol, voqealarni qoyilmaqom hikoya qilishga usta edi. Ayniqsa, uning “Men sizga aytsam, rais”, deb salmoqlab gapirish odati yoqadi.
– Men sizga aytsam, rais bizlar o‘rtacha chavandozmiz. Chavandozning zo‘ri Xudoyqul eshaboshi bo‘lgan. Eshaboshiga taraf yo‘q… – deyardi Sodiq chavandoz.
– Bilishimcha, eshaboshi degani to‘qsabodan balandroq darajada bo‘lgan. Shundaymi, chavandoz?
– Men buni tushunmayman. Balki to‘g‘ridir. Lekin Xudoyqul eshaboshilikni to‘qsabo bo‘lmasdan olgan.
– Bu juda qiziq-ku! Qanday qilib?
– Siz ham suhbatni chuqurlashtirdingiz-da, rais. Endi bo‘lmasam, keling, otlarni o‘tga qo‘yaylik-da, chim ustiga yonboshlab bir gaplashaylik. Men ham sizga eshitganimni aytaman.
Sodiq chavandozning birinchi hikoyasi
…Quyosh tog‘ cho‘qqilaridan ancha ko‘tarilgan. Bahor havosi etni junjiktiradi. Osmonda to‘p-to‘p bulutlar sayr qilmoqda. Xuddi yerda nimalar sodir bo‘layotganini kuzatayotgandek, ular ham sekin suzadi. Boysun tog‘ining shundoq etagida yastangan keng, ko‘m-ko‘k adir bo‘ylab guruh-guruh joylashgan otliqlar nimanidir sabrsizlik bilan kutadi. Har bir guruh boshida sumbati kelishgan, chiroyli, kattaligi, bo‘ynining uzunligi, boshini o‘ynatib tik qarashi bilan boshqa otlardan yaqqol ajralib turadigan chovkar, bo‘z, jayron, qurang, saman, to‘riq, chibor, qoraqashqalar har zamonda oyoqlarini silkitib-silkitib yer tepinadi. Boshlarini silkitib-silkitib pishqirganda egarda yastanib o‘tirgan chavandozlar “tiss-tiss, jonivor” deya juganni tortib, “sabr, sabr”, deb qo‘yadi.
Guruhlar o‘rtasi va orqasida cho‘bir, qirchang‘i, g‘o‘non otlar ham ko‘zga tashlanar, ular uloqchi emas, shunchaki tomoshaga miniladigan otlar. Shunda qayerdandir ovoz eshitildi:
– Bakovul, otlar ko‘p, mingdan ortiq. Takalarning sal yoshi o‘tganlari, ammo semiz-semizlaridan yigirmatasi so‘yilgan.
– Binoyi. Har bir zotda bittadan tashlaymiz. Juda yaxshi bo‘ladi.
– Bosh sovringa tana so‘ydik, oltmish kilocha keladi.
– To‘g‘ri qilibsizlar. Bir terlashsin. Amirlik mehmonlarning barchasi yetib keldimi?
– Surxon, Qashqa, Samarqand, Buxorodan kelgan mehmonlar allaqachon shu yerda. Turkmanlarga biroz oldin osh tortdik. Afg‘onlar ham yetib kelishdi. Turkmanlarning ham, afg‘onlarning ham otlari baquvvat, chopag‘on. Hammasi gijinglaydi. Bosh sovrinni shular olar-ov…
– O‘ylamay gapirasan-da, Malla. O‘zing ham xuddi malla otingdaysan, na o‘rtachisan, na chetgir. Ha, mayli, lekin g‘uzorliklarni ko‘zdan qochirmanglar. To‘raning yigirma bitta kuchli juyruq otlari bor-a… Tag‘in boysunliklarni dog‘da qoldirmasin. Aytmoqchi, Jovli Ochil kelganmi?
– Shu yerda, bakovul.
– Hamma umid undan. Ey, Xudo, sharmanda qilma!
– Takani olib kelaveraylikmi?
– Olib kelinglar!
Bakovul takaning orqa oyoqlaridan ikki qo‘llab ushlab, chapdastlik bilan taqimiga oldi-da, keng maydonning o‘rtasiga ot boshini burdi:
– Ey, xaloyiq! Chavandozlar! Yaxshi niyatlar bilan katta ko‘pkari berishga jazm etgan amirimiz janobi oliylarining boshi toshdan bo‘lsin! Umrlari ziyoda bo‘lg‘ay! Qo‘lni duoga ochinglar: amirlikda farovonlik bo‘lib, dehqonlarning uyi bug‘doyga to‘lg‘ay! Omin!
Butun maydon bir to‘lg‘onib, “omin!” deya duoga qo‘l ochdi. Endi bakovulning tovushi avvalgidan ham kuchliroq gurilladi:
– Shunqorlar! Chavandozlar! Amirlikning ko‘pkarisini boshlaymiz. Jigit bo‘lsang, jigitligingni ko‘rsat! Uloqning oyog‘ini egar boshiga o‘ramaysan, arqon bilan chiymaysan, uzangidan o‘tkazmaysan, chavandozga qamchi o‘qtalmaysan, uloqni halollab ayirasan. “Halol” demagunimcha, uloqni yerga tashlamaysan. Boshqasi bekor.
Bakovul uloqni tashlagan zahoti o‘ziga xos “ur-yiqit” boshlandi. O‘rtaga tashlangan takaning atrofini chavandozlar o‘rab olgan, kuchli otlar o‘mgani bilan ko‘ndalang turganini surib, boshqa birlari esa to‘da orasidan o‘ziga yo‘l ochib takaga yaqinlashardi. Chavandoz endi egilib takaning oyog‘idan ushlay-ushlay deganda boshqa kuchliroq ot surib asosiy doiradan chiqarib yuboradi. Shunda egasi otning sag‘risiga uch-to‘rt qamchi tushirib alamini olar, juganini chap yoki o‘ng tarafga tortib, suvlig‘ini ot jag‘ini yirtar darajada taranglashtirib, otni taka tarafga burib olib, yana qamchi urardi. Ot jonivor ham qamchi yemaslik uchun boshini egganicha bor kuchi bilan taka tomonga intilar, ammo unga yetib borish oson emasligidan, hali quvvatini ayashi kerakligini sezib, chavandoz to uzangisi bilan qorniga qattiq niqtamagunicha nafasini rostlab olardi. Uzangi qorniga tekkanida ot joyidan qimirlamasa, yo bo‘yniga, yo boshiga, yo sag‘risiga achchiq qamchi zarbasi tushishini, bu esa badanini o‘yar darajada achishtirib og‘ritishini his etar, shuning uchun ham jon-jahdi bilan taka tomonga intilardi. Ammo kuchsizligini, o‘zidan ham quvvatliroq otlar borligini sezganlari boshini sal ko‘tarib, goh u otning, goh bunisining sag‘risiga tumshug‘i bilan turtib, yo‘l berishni so‘rar, biroq ularning egarida ham takaga yetib borish uchun jonini jabborga berayotgan chavandozlar o‘tirardi.
Qashqa to‘riq taka ustiga kelib, bor kuchini yig‘ib, to chavandoz egilib takani ushlagunicha toqat qildi. Boshqa otlarning o‘mganiga, qorniga, sag‘riniga zarb bilan urilishga chidadi, boshini quyi egib, egasiga qulay imkoniyat yaratib berdi. Egasi uzangini qorniga niqtaganini sezdi-da, olg‘a intildi. Biroq chavandoz takani qo‘lidan chiqarib yubordi, bir parcha juni qoldi, xolos. Otning kishnagani xayf ketdi. Qancha kuch sarflagan edi-ya! Endi bunchalik qulay fursat kelmasa kerak. To‘daning chetida qolgan Qashqa to‘riqning ko‘zlaridan oqqan yosh tumshug‘idan tommoqda edi…
Taka tashlangan yerda otlar teridan ko‘tarilgan bug‘ erinchoqlik bilan osmonga ko‘tarilardi. Uloqni ayirish uchun “jang” bo‘layotgan joy atrofini o‘rab turgan piyodalarga “ko‘zingga qara!”, “shunday ham qilasanmi, galvars!”, “chapidan bor!”, “bovringni ko‘tar!”, “taqimingga ol!”, “muncha hayallaysan?”, “chetgirdan hazir bo‘l!”, “boshini qaytar!”, “ikki qo‘llab ushla!”, degan xitoblar bot-bot eshitilar, bakovulning “halol!” degan baqirig‘i kamdan-kam quloqqa chalinardi. “Halol!” so‘zi eshitilgandan keyin otlar bir pas tinchib qolar, so‘ng taqimida boshqa takani o‘rtaga tashlash uchun tayyorlanayotgan bakovul tomon oshiqardi. Mana, taka yerga tashlandi. “Janggoh”da otlar va chavandozlar orasida halol, qizg‘in olishuv hamda tortishuv boshlandi. Bakovulning hayqirig‘i eshitildi:
– Halollab olasan! Zotiga bir tuya, bir biya, bir g‘o‘noni bor. Ustiga o‘n tillo tanga. Uloq ayirganga halol!
Ko‘pkari yarmidan o‘tavergach, G‘uzor to‘rasining guldiragan tovushi eshitildi:
– G‘uzor, silar o‘ldinglarma?! Hali zot ayirmadinglar?! Nomus qani? Or qani? Yo o‘zim kiraymi ko‘pkariga?
Biroq to‘raning shu hayqirig‘idan keyin ham g‘uzorlik chavandozlar uloq ayira olmadilar. Zotning ko‘pi turkmanlarda ketdi. Xudoyqul polvonning qoni jo‘sh urib, g‘ayrati oshib, axta jayronning egarini ezmoqchiday alam bilan to‘lg‘anar, biroq bu oti bilan biron-bir natijaga erishib bo‘lmasligini tushunar, faqat tishini g‘ijirlatib, tobora toshib kelayotgan g‘azabini bosishga intilardi, xolos.
G‘uzor to‘rasi katta umid bog‘lagan yigirma bir chopag‘on ot egariga qaqqayib o‘tirib olgan chavandozlarning birontasi ham uloq ayirolmadi. O‘zlaridan ko‘rsin! Ular Xudoyqul polvonni nazar-pisand qilmasdan, ustidan mazax qilganday kulib, axta jayronga mindirib qo‘yishdi. Xudoyqul polvonning shu xayollardan keyin fikri keskinlashdi, aqli tiyraklashdi: “Xudoyqul, manavi tulporni min, ko‘pkariga kir, deb aytishi shartmi? Topqirliging qayoqda qoldi? O‘zingning kim ekaningni bugun ko‘rsatmasang, yana qachon ko‘rsatasan? Bunday qulay fursat yana qachon nasib etadi?”
Shu gaplar xayolidan o‘tayotgan Xudoyqul polvonning quloqlariga G‘uzor to‘rasining alamli hayqirig‘i eshitildi:
– E-ey-y…. G‘uzor! Noningni halollab yemaysanmi? Bittayam zot ayirmadinglar-a? Nomus-oringdi berma-da, G‘uzor! Qoning qaynamayaptimi, qo‘ng‘irot? Qoning bo‘lmasa, joning bo‘lmasa, nima qilasan ko‘pkarida, nomard?
Terisi yupqa emasmi, bu gaplardan polvonning g‘azabi keldi, atrofga razm soldi. Ko‘pkari boshlangandan beri turkman chavandozi Elgeldi otini to‘daga solmagan. Bir guruh baland bo‘yli, bo‘yni uzun, o‘mgani keng otliqlar qurshovida ko‘pkarini kuzatardi. Mug‘ambir Elgeldi bosh sovrinni ko‘zlagan. Qaysi chavandozning qanday mahorati borligi-yu, otining nimalarga qodirligini o‘rganib bo‘ldi. Agar shunday bo‘lsa, ukkag‘arning bosh sovrinni ayirishi aniq. Tajribasi katta-da, o‘zi ham chayir, uloqni ayirish oson emas. Nima qilsam ekan?
Bosh sovrin tashlandi. Ne bir savlatli uloqchopar otlar obro‘ni ketkazmaslik, falonchining oti bosh sovrinni ayirdi, degan maqtovni eshitish ilinjida, elining nomus-ori uchun pishqirib, jon-jahdi bilan tonaga intilar, biroq o‘zidan kuchliroq otlar uni nariga surar, ot esa boshqa tarafdan yana yaqinlashmoqqa urinardi.
Xudoyqul polvon Elgeldining o‘z guruhi bilan to‘da ichiga kirganini ko‘rdi. Ana endi boshlanadi tomosha! Kuchli raqiblar otining charchab qolishini poyladi-ya, Elgeldi! Juda quv ekan! Ha, uning asosiy maqsadi bosh sovrin! To‘g‘ri-da, maydalari uning baland obro‘siga to‘g‘ri kelmaydi, mard yigit, bu Elgeldi. Lekin men ham borman-ku! O‘zimni Qo‘ng‘irotning alplaridan deb yuraman. Endi mening galim keldi! Bobom Alpomish-a!
Xudoyqul polvon shitob bilan To‘raning mirzasi mingan tarlon tomon bordi-da, mirzaning qo‘lidan juganni bir siltab tortib oldi, uni egarning ustidan pastga ag‘darib tashladi. So‘ng otning qattiq pishqirib nafas chiqarish paytiga to‘g‘rilab, ayil va pushtani kuchining boricha mahkamlab tortdi, otning depsinib pishqirishiga e’tibor ham qilmay, chap uzangiga oyoq qo‘yib, qattiq silkinib egarga o‘tirdi; o‘ng oyog‘ini uzangiga kiritdi-da, juganni qattiq tortib “chuh, jonivor, tarlonim!” deya hayqirdi. Beli mayishib ketganidan tarlon egarga qanday polvon o‘tirganini sezdi. Xursandligidan oldingi oyoqlarini baland ko‘tarib shiddat bilan siltanib sakradi, so‘ngra qattiq kishnab, zabtiga olib olg‘a intildi. Xudoyqul polvon ko‘pkari maydonini bir ko‘zdan kechirdi-da, to‘daga turkman otlari bo‘lmagan tomondan kirdi. U biladiki, Elgeldi tonaning orqa oyoqlarini taqimiga olgan zahoti, sheriklari uning oldini begona otlardan to‘sib, to‘dadan chiqib olishini osonlashtiradi. Keyin esa, ancha joygacha Elgeldi bilan birga chopib, chetki va qochqi otlardan himoyalaydi, yakka o‘zining to‘dadan ajralib chiqishiga yo‘l ochadi. “Ha, tushundim seni, Elgeldi, ko‘ramiz, kim quvroq, taka turkmanmi yo qo‘ng‘irot? G‘irko‘kmi yo Boychibor?” Tarlon Xudoyqul polvonning xayolidan o‘tayotganlarni tushunganday bo‘ldi. Ko‘pkariga qo‘shilmay, g‘ayrati tanasiga sig‘may turganidan o‘zgacha bir ishtiyoq, o‘zgacha bir harakat, o‘zgacha bir shiddat bilan otlar orasini yorib o‘tardi. Avval tumshug‘i bilan ikki ot sag‘risi orasini kengaytirar, uzun bo‘ynini goh chapga, goh o‘ngga kuch bilan siltab burib, otlar orasidan biroz joy ochardi-da, orqa oyoqlari bilan tiralib, o‘sha joyni egallardi. Shu zahoti o‘mganini oldga tashlab, oldingi tuyoqlarini yerga tirardi-da, sal siljigach, bu joyni orqa tuyoqlariga bo‘shatib berardi.
Xudoyqul polvon tarlon hali o‘mganini ishlatmay, kuchini ayayotganini sezib, qulfi-dili ochildi. Polvon otga qamchi urmas, faqat “chuh, jonivor, chuh tarlon” deb uning o‘ng yelkasiga erkalab shapatilar, mana shu shapatilashdan ot rag‘bat olayotganini sezardi. U otning juganini bo‘sh qo‘yvorgan, mo‘ljalni tarlon xuddi o‘zi o‘ylayotganday to‘g‘ri olayotganidan sovrinni qo‘lga kiritish ishtiyoqi kuchayib, ishonchi yanada oshib borardi. Tonagacha ozgina masofa qolganda, ko‘rdiki, oldinda qorabayir! Bildiki, bu Elgeldining oti. Chavandozning yuziga qaramagani ma’qul. Agar taka turkman tanib qolsa, firib ishlatishi yoki o‘z odamlariga uni o‘rab olinglar, deya ishora qilishi mumkin. Xudoyqul polvon boshini otning bo‘yniga yashirganicha qorabayirga yaqinlashdi. Elgeldining uloqchi, tajribali qorabayirini joyidan siljitish mahol ekanini bildi-da, baland poshnali chap etigini uzangiga mahkamladi, o‘ng uzangidagi oyog‘ini xiyol chapga o‘tkazib oldi. Shu zahoti tarlon oldingi oyog‘ini qorabayirning orqa oyoqlari orasidan o‘tkazib, sal pastladi-da, tuyoqlarini yerga qattiq tiradi. Xudoyqul polvon “yasha, tarlonim!” deya shivirlab, turkman otining orqa oyoqlari orasidan suqilib, qo‘llari bilan goh yerga, goh raqib otining oyog‘iga tiralib, qorabayirning naq tumshug‘i tarafida yotgan tonaga yaqinlashaverdi. Polvonning oyoqlari uzangida, tanasi otdan pastda osilib turar, lekin egar ot ustida og‘ishmay turardi. Chavandoz tonani o‘zi tomonga ozgina torta oldi, xolos. Nahotki shuncha og‘ir bo‘lsa, sakson kilo bormikan, yo‘g‘-e, unchalik bo‘lmasa kerak, bu yerda boshqa sir bor, deya diqqat bilan razm soldi. Tonani qorabayir o‘ng oyog‘i bilan bosib turar, Elgeldi tonani endi chap tarafga o‘tkazishga urinayotgan edi. Polvon tezlikda harakat qilmasa, tonadan ayrilishini bildi-da, firib ishlatdi: qorabayirning tizzasini asta qashladi. Juyruk buni darhol tushundi, biroq bu barmoqlar begona ekanini fahmlamay darhol oyog‘ini ko‘tardi. Xudoyqul polvon kuch bilan tonani o‘ziga tortdi. Shu zahoti chayir barmoqlari bilan tonaning orqa oyoqlarini o‘zi tomonga burib oldi, Tarlon shiddat bilan o‘mganini ko‘tardi, so‘ngra tonaning orqa tarafini old tuyog‘i bilan bosdi. Xudoyqul polvon paytdan foydalanib, egarga o‘tirdi.
Xudoyqul polvon qorabayirning orqasidan kelib, uning naq tumshug‘i tagida turgan sovrinni otning qorni tarafdan tortib olgani Elgeldi va uning sheriklarini chuv tushirdi. Tona endi unda! Ular tarlonning oldini o‘rashi ham ayon. Ana, taka turkman ham qulaylik tug‘dirish uchun tarlonning chap tarafiga o‘tdi. Unga noqulay bo‘lsa ham, o‘ng taqimiga tonaning old oyoqlarini olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Polvon tushundi: Elgeldining chavandozlari otlarini sal ko‘ndalang qo‘yib tarlonning yugurishini sekinlatadi, qorabayir tarlondan o‘zadi, tona ham qo‘ldan ketadi. Xudoyqul polvonning bir o‘zi, unga ko‘mak beruvchi chavandoz yo‘q. Ha, tonaning sovringa aylanishiga hali ancha bor. Elgeldining guruhini aldash kerak. Ammo qanday qilib? Shu mahal polvonning miyasiga yarq etib bir fikr keldi, shu zahoti uni qo‘lladi: tarlonning juganini tortib, otni orqaga tislatdi. Tarlon ham xuddi shuni kutib turganday, dumini o‘ngga, chapga silkitib, keng sag‘risi bilan ortga yurdi va osonlik bilan o‘ziga yo‘l ochdi. Xudoyqul polvon xursandligidan qiyqirib yubordi, chunki ot dumi o‘mrovlarining o‘ng yoki chap tomoniga urilayotganini sezgan uloqchi otlar, qarama-qarshi tarafga buriladi.
– Chuh, jonivorim, tarlon!
Tonaga intilayotgan otlarning deyarli barchasi tarlon tarafga qarab qoldi. Bir-ikki qamchi zarbasini yegan uloqchi otlar tarlonga qapishib keldi. Xudoyqul polvonga xuddi mana shunisi kerak edi. Polvon otning bo‘yniga mahkam yopishdi-da, tonaning orqa oyoqlarini taqimiga adl olib, “chuh, tarlonim!” deya hayqirdi va shu zahoti uzangisi bilan otning qorniga qattiq niqtadi. Tarlon uzun bo‘ynini oldinga cho‘zib, boshi va o‘mgani kuchi bilan otlar orasidan joy ochib, kengaytirdi-da, shiddat bilan olg‘a intildi.
Polvon tarlonni tik tepalikka to‘g‘ri haydadi, chavandoz bildiki, hali ot kuchini charchar darajada sarflamagan, shuncha yuk bilan tepalikka qiynalmay chiqadi. Asosiy maqsad Elgeldini tonaga yaqinlashtirmaslik, boshqa chavandozlarni ham chuv tushirish. Xuddi polvon kutganiday bo‘ldi: yuzdan ortiq ot uning ortidan xezlab kelar, ulardan hali ajralib chiqish amri mahol, ayniqsa, turkman chavandozlarining chetki qochqi otlaridan uzoqlashib ketish ilojsiz edi. Ana, chaqqon juyruklar tepalikni aylanib o‘ta boshladi. Maqsad aniq – ular polvonni tepalikning pastida, yarim belida qarshi olishadi. Unda tarlon ancha charchagan bo‘ladi. Polvon tik tepalikning eng cho‘qqisiga chiqdi. Bahaybat-bahaybat uloqchi otlar uning orqa tomonida ancha quyuqlashib qolganini, aksari ot old tarafda to‘planganini, turkman qorabayirlari tepalikni aylanib o‘tib, yarim belida, pastida to‘planayotganini ko‘rdi-da, miyig‘ida bir kulib, tarlonni shiddat bilan pastga endirdi. Barcha uloqchi otlar uning ortidan ergashdi. Tik tepalik endi tugay deganda Xudoyqul polvon shaxt bilan juganni o‘ziga tortib, otni orqaga burdi. Tarlon tepalikka shitob bilan qayta ko‘tarildi. Tepalikdan enib kelayotgan, bir-ikki qamchi zarbini yegan juyruklar o‘zlarini to‘xtata olmas, shiddat bilan enib borardi. Ortga qaytishning iloji ham yo‘q edi, chunki otlar tezlikni haddan oshirgan edi. Tarlon tepalikka oson va tez ko‘tarildi, sovrinni ayirish yaqinligini sezgan jonivor Xudoyqul polvonning ishorasini kutib turmay, tepadan pastga yelib tushdi, yuzlab qirchang‘i, cho‘bir, g‘o‘nonlar orasidan osongina yorib o‘tdi. Tarlon keng yalanglikda yakka o‘zi uzun bo‘ynini oldinga cho‘zganicha shamoldan ham tez chopar, yoli, dumi shamolda hilpirab borar, barcha bu manzaraga mahliyo bo‘lib qolgan edi.
Tarlon yana yarim chaqirim yakka o‘zi gerdayib, ko‘kragini adl ko‘tarib chopdi. Xudoyqul polvonning usuliga qoyil bo‘lib, angrayib qolgan bakovulning atrofini bir aylandi, oldingi oyoqlarini baland ko‘tarib, qattiq kishnadi. Bunday holni umrida ko‘rmagan bakovul nima deyishini bilmay, kalovlanib qoldi. Polvon tarlonning boshini qayirib, bakovulning oldiga keldi-da, “halolmi?” deya hayqirdi. Bakovul es-hushini yig‘ib oldi-da, egarning ustida bir qimirlab, ikki qo‘lini baland ko‘tardi va “Polvon! Halol! Halol!” deya hirqiroq ovoz bilan qichqirdi.
Xudoyqul polvon: “To‘raning oti! Sovrinni To‘raning tarloni ayirdi! Bu G‘uzor to‘rasining tulpori!” – degan hayqiriq va ovozlarni eshitdi-yu, otdan tezlik bilan tushdi-da, tarlonning boshiga boshini qo‘yib, o‘mganini asta siladi.
Birozdan keyin uni to‘raga ro‘baro‘ qilishdi. To‘ra Xudoyqul polvonning to‘la gavdasiga, baland bo‘yiga, turtib chiqqan yanoqlariga, mushaklari pir-pir uchayotgan chandir bilaklariga, rapidaday kaftlariga qaradi-da yarim jilmayib so‘radi:
– Qo‘ng‘irotmisan?
– Ha.
– Kimlardansan?
– Qamaylikman, ismim Xudoyqul.
– Ie, qamaylikmisan? Obro‘li joydan ekansan. Polvon, sen G‘uzorning dovrug‘ini amirlikka yoyding, orimizni bermading. Bundan buyon sen Qamayning ishboshisisan. Agar adolatli ish yuritsang, aytganing aytgan, deganing degan bo‘ladi.
* * *
Sodiq chavandoz ancha payt jim qoldi. U hozirgina o‘zi gapirgan voqeaning qanday ta’sir qilganini huzur bilan kuzatar, raisning nima deyishini kutardi.
– Chavandoz, bu eshaboshi dadil, chayir yigit bo‘lgan ekanda-a? – deya gap boshladi rais. – Siz G‘uzor to‘rasi polvonga ishboshilikni bergan deyapsiz. Qamayliklar esa eshaboshi deyishadi. Nega shunday?
– Ishboshidan ko‘ra eshaboshi aytilishga oson, talaffuzi chiroyli, shuning uchun bo‘lsa kerak.
– Hamma joyda eshaboshi haybatli polvon bo‘lgan, deyishadi. Shu gap rostmikan yoki uydirmasi ham bormi?
– Rais, unda men sizga yana bir voqeani aytib beray. Ishonsangiz ham, ishonmasangiz ham o‘zingizga havola.
Sodiq chavandozning ikkinchi hikoyasi
…Qamayning katta dashtida mingdan ortiq chavandoz yig‘ilgan. Zo‘r ko‘pkarini ko‘rish ishtiyoqida ot minganlar ham anchagina. Tomoshabinlar yassi do‘ngliklarga joylashgan.
G‘uzor to‘rasi va Xudoyqul eshaboshi ot ustida yonma-yon turib , “yaqinlash”, “poychasidan tort”, “joning bormi?”, “egarning boshiga qayirma”, “taqimga olsang-chi”, “qamchini bos”, “o‘mganingni ko‘tar,” “yo, pirim” degan hayqiriqlarni eshitib, bir-birlariga gap qotishib turardi. Shu vaqt to‘dadan saman qashqa otilib chiqdi-da, shitob bilan olg‘a intildi. Egarda o‘tirgan barvasta chavandoz, taqimiga olgan taka og‘irroq shekilli, o‘ng tomonga qiyshayib olgan. Uni ta’qib qilayotgan boshqa bir yigit takani ushlab taqimlashaman deb to‘rig‘iga jahl bilan besh-olti qamchi urdi, lekin otini boshqara olmay qoldi. Tulpori bilan G‘uzor to‘rasining otini turtib o‘tdi. To‘ra ot ustida oldinga bir munkidi-yu, sallasi boshidan tushib chuvalashib qoldi. Buni ko‘rgan Xudoyberdi eshaboshi shitob bilan chavandozga yetib oldi. Bu vaqt chavandoz raqibidan takani ayirib, “seniki halol!” hayqirig‘ini eshitib, o‘zicha gerdayib, ikki qo‘lini yuqoriga ko‘tarib silkitayotgandi. Xudoyberdi eshaboshi chavandozning egari tagidan qo‘llarini o‘tkazib oldi-da, “hu, pirim!” deb kuch bilan siltab tortdi. Otning ayili ham, pushtani ham “qars” etib uzildi. Eshaboshi chavandozni otning ustidan egar bilan birga adl ko‘tarib, oldiga o‘tqazdi-da, otini orqaga qayirib, qamchi urdi. Chavandoz angrayib, nima bo‘layotganini ham tushunolmay qoldi. Xudoyqul eshaboshi G‘uzor to‘rasining oldiga kelib, otini to‘xtatdi-da, chavandozni egari bilan yerga qo‘ydi:
– To‘ram, sizga beodoblik qildi, jazosini o‘zingiz bering.
To‘ra bir Xudoyqul eshaboshiga, bir ayil, pushtani uzilgan egar ustida oyoqlarini uzatib o‘tirgan chavandozga qarar, hayratini yashira olmas edi: “E, balli, balli! Hay, qo‘ng‘irot-ay…”
Nihoyat, sallasini qayta o‘radi-da:
– Zotni halol ayirgani uchun chavandozga jazo yo‘q. Zotni beringlar! – dedi.
Parda rais Sodiq chavandoz bilan bo‘lgan uzoq suhbatdan keyin yo‘rg‘aga mindiyu xayolga berildi: “Biz insonlar otning fe’lini, qiliqlarini bilib, shunga yarasha harakat qilmog‘imiz uchun ularni sinchiklab o‘rganishimiz lozim ekan. O‘n yil egasi bo‘lib, Qashqa yo‘rg‘amning fe’l-atvorini to‘liq bilmayman. Bu menga uyat. Ot uni endi minayotganlarga faqat ulov bo‘lib tuyulsa kerak-da!”
Mirzapo‘choq qishlog‘igacha xayollardan bo‘shamagan Parda rais idoraga yaqinlashganini ham sezmay qoldi. Darvoza oldida qorovulga ko‘zi tushdi:
– Assalomu alaykum!
– Vaalaykum assalom!
– Rais bova! Raykomning birinchi kotibiga shu bugun, iloji boricha tezroq uchrashar ekansiz. Haydovchisi kelib aytdi.
– Boshqa hech narsa demadimi?
– Yo‘q! Boshqa xo‘jaliklarga ham xabar berishi kerak, shekilli, Qorabog‘ tomonga villisini tez haydab ketdi.
– Mayli. Men idoraga kirib, u-bu ishlarni joylashtirib chiqay-chi…
Qashqa yo‘rg‘aning jilovini qorovulga tutqazdi-da, idoraga yo‘naldi. “Nega chaqirdi ekan? Chigit tashlanadigan yerni to‘liq shudgorlaganmiz. Qish, bahor yaxshi keldi. Sovliqlarimizning ko‘pi egizladi. Ko‘proq bo‘lsin deb talab qilishmasa edi… Balki bedaga ko‘proq yer ajratganimiz ma’qul kelmadimikan? Axir paxtaga ajratilgan yer hisobidan emas-ku! Kuzgi bug‘doyimiz gurkirab o‘sayotgan bo‘lsa… Go‘sht topshirishni ham ortig‘i bilan bajardik. Xo‘sh… Yana nima bo‘lishi mumkin?”
Parda rais o‘ylab o‘yining tagiga yeta olmadi. Idoradan horg‘in chiqdi-da, darvoza tomonga yurdi. O‘ng tizzasi zirqirab og‘riy boshladi, buning ustiga chakka tomiri lo‘qillar, bu esa tobora g‘ashiga tegayotgandi. Chaqirilish sababini taxminan bo‘lsa ham fahmlay olmayotgani uni og‘riqdan ham battar bezovta qilar, hatto biroz xavotirga solardi.
Rais birinchi kotib qabulxonasiga kirishi bilanoq, kotiba qiz unga “kiravering” ishorasini qildi.
Kotib kutib turgan ekanmi, salomlashmasdan o‘tirishga imo qildi. “Xah, bugun imo-ishoraga kunim qolgan ekan-da”, – deb xayolidan o‘tkazdi-yu, “assalomu alaykum, yaxshimisiz…” – deya ko‘rsatilgan joyga o‘tirdi. Kotib stol ustida betartib yotgan qog‘ozlarni biroz titkilab, nimanidir qidirgan bo‘ldi, topolmadi shekilli, bir pas jim qoldi. Uning nimadandir bezovta ekani yuz ifodasidan shundoqqina bilinib turardi. Kotib g‘aladondan yo‘g‘on qalamini qo‘liga oldi-da, o‘ynab turib, salmoq bilan gap boshladi:
– Rais! Yuqoridan muhim topshiriq oldim. Xabaringiz bor, Ryazan oblasti bir yillik go‘sht topshirish rejasini uch barobar ziyoda qilib uddaladi. Partiya topshirig‘ini a’lo darajada bajarishibdi, qoyil! Xo‘sh, ulardan bizning nimamiz kam? Kerak bo‘lsa, ortiqmiz, ortiq! Rayonimiz davlatga go‘sht topshirish rejasini kechadan oldingi kuni muvaffaqiyatli uddaladi. Birinchining rahmatini oldim. Qo‘limni qattiq siqdi. Muhim topshiriq ham berdi. O‘zingiz bilasiz, rayonimiz oldingilar safida. O‘rnimizni boshqalarga bo‘shatib bergimiz yo‘q. Bermaymiz ham. Bu bizga yarashmaydi. Ana shundan kelib chiqib, bizga sharafli va mas’uliyatli vazifa yuklatildi. Davlatga go‘sht topshirish rejasini ikki yuz foizga bajarishimiz shart. Imkoniyatlarimiz yetarli. Va’da berdim. Va’dani bajarmaslik partiya a’zosi uchun jinoyat! Xullas, bugundan shu vazifani bajarishga kirishasiz.
“Go‘sht” so‘zi tilga olinishi bilan raisning ko‘z o‘ngidan Yetimko‘l, Qizilko‘l, Qoraqo‘tonko‘l atroflarida dirkillab o‘ynayotgan qo‘zilar, yoyilib o‘tlab yurgan sovliqlar, buzoqchalarining qashqasini tillari bilan silayotgan sigirlar, bolasining to‘yi uchun boqqan tanachasini topshirganda ko‘zyoshini hech kimga bilintirmay artgan qariyalar o‘ta boshladi. Hissiyotlarini yashirish uchun rais o‘zida kuch topa olmadi, yuzlari qizardi, nafas olishi tezlashdi:
– O‘rtoq kotib! Axir go‘sht topshirish rejasini bajarish uchun barcha mollarni eltib berdik. Endi ular yo‘q! Nima qilamiz?
Raisning peshonasini ter bosdi. Oyoqlari darmonsizlandi. Shu vaqt raykom kotibining so‘zlari quloq pardalarini teshar darajada guldiradi:
– Rais! Gap qaytaryapsizmi? Partiya a’zosimiz-a?! Labbay deb javob berish o‘rniga chaynalasiz? Bu nima degan gap?!
Parda rais tahdid va zug‘um to‘la so‘zlarni eshitar ekan: “Rejani bajarsang bir balo, bajarmasang ming balo. Bu nima degan gap axir?”– dedi o‘ziga o‘zi. Shu kezda chakka tomirlari lo‘q-lo‘q ura boshladi, nafas olishi yanayam tezlashdi. Kostyumining tugmalarini yechib, ko‘ylagining yoqasini kengaytirdi. Gapirish uchun endi og‘iz juftlaganda, kotibning so‘zlari jarangladi:
– O‘zingizni bosib oling, rais! Partiya va hukumatimizning otalarcha g‘amxo‘rligi ostida yashayapmiz, ishlayapmizmi, biz ham shunga yarasha javob berishimiz kerakligini nahotki sizday ongli va yetakchi partiya xodimi tushunmasa?
– Tushunaman. Tushunyapman!..
Rais peshonasidan oqayotgan terni ro‘molchasi bilan artar ekan, iztirob bilan o‘yladi: “Axir xo‘jalik o‘tirib qoladi-ku! Har yili orttirib berilayotgan topshiriqdan rezervlarimiz tugayapti-ku!” Raisning xayolidan qaydandir eshitgan so‘zlar o‘tdi: “Dehqonchilik uch yilda, chorvachilik qirq yilda tiklanur. Yo‘qotilgan ilm yuz yilda ham tiklanmas!” Shundoq edi chog‘i, yoki sal boshqacharoqmidi? Eh, xotira ham o‘ldi!
Raykom kotibi raisning ahvolini tushundi shekilli, choynakdan piyolaga choy quyib uzatdi:
– O‘zingizni qo‘lga oling, rais! Bu sizga yarashmaydi-ya! Katta obro‘yingiz bor.
“Agar shu obro‘ bo‘lsa, bo‘lmagani ming a’lo edi. Odamlarga nima deyman? Partiyaning topshirig‘i desam, sirtlarida indashmasa ham ichlarida, he, topshirig‘ing bilan qo‘shmozor bo‘l, deyishlari tayin”. Raisning ko‘z oldi qorong‘ilashib, qo‘llari qaltiray boshladi. Piyolani ikki qo‘llab ushlab, chuqur nafas oldi-da, choydan bir ho‘pladi. Lekin choyning issiq-sovuqligini sezmadi. Faqat tishlari piyola chetiga takillab urilganini eshitdi.
– Rais, endi gap bunday. Bu sharafli vazifani bajarish uchun bor imkonimizni ishga solishimiz zarur va shart. Partiyaning so‘zi-so‘z. Aytildimi, tamom, u qonun. Qonun oldida hamma javobgar, ayniqsa, partiya a’zolari.
– Tushunaman. Bilaman. Ammo…
– Mana shu “ammo” sizga yarashmaydi.
– Imkoniyatlarimiz…
– Imkoniyatlaringiz bor. Faqat o‘zingiz bilmayapsiz, xolos.
– Axir xo‘jalik o‘tirib qoladi-ku!
– Yo‘q, hech ham o‘tirmaysiz. Ayting-chi, xo‘jaligingizda nechta shaxsiy ot bor? Parda ortiga berkinmay to‘liq ma’lumot bering-chi, rais! Ma’lumotni soxtalashtirish jinoyat ekanini yaxshi bilasiz…
Raisning nazarida raykom kotibi tuman orasida qolgandek tuyuldi. Gapning qay tomonga og‘ayotganini fahmlash uchun bazo‘r es-hushini yig‘ib olishga intilar ekan, kotibning o‘zi so‘z boshlab qoldi:
– Biz xususiy mulkka qarshimiz. Bilasiz-a! Shaxsiy otlarni go‘shtga topshirasiz.
– Otlarni? Otlarni dedingizmi? Nega? Otlar ham go‘sht bo‘ladimi? Ular yigitlarimizning qanoti-ku!
– Ha, yigitlarning qanotini! Endi qanotsiz yuraveradi yigitlaringiz! Ey, menga qarang, nima, kommunistik partiya sizlarga qanot emasmi? Birinchi bo‘lib o‘zingiz boshlab berasiz. Yo‘rg‘ani go‘shtga topshirasiz. Erta-indin sizga keragi bo‘lmaydi.
– O‘rtoq kotib! Axir rejanni ortig‘i bilan bajardik. Shu… ikki baravar qilib bajarishni yanagi yilga qoldirsakmikan? Partiya a’zosi sifatida va’da beraman. Xo‘jaligimizdagi barcha partiya a’zolarining ham kafilligini olib beraman. Va’dam qat’iy! Jonim og‘am! Otlarga teginmaylik…
– Ho‘, Parda rais! Siz katta og‘aga qarshi chiqmoqchimisiz? Katta og‘aga-ya? Sizning mana bunday gerdayib yurishingizning asosiy sababchisi kim? Shonli partiya safida yurib, farovon hayot kechirayotganingizni pisanda qilayotganim yo‘q, rais!
– Axir..
– Axir-paxirni yig‘ishtiring. Partbiletingiz yoningizdami? Bir haftadan keyin raykomning plenumi bo‘ladi, qatnashasiz. Topshiriq bajarilishi shart. O‘ylashga hojat yo‘q!
Kotib shunday deb joyiga o‘tirdi. Sizga ruxsat, endi chiqib ketavering ishorasini ilg‘agan rais o‘rnidan arang turdi va eshik tomon yura boshladi.
– Rais! Rais, boshqa tomonga yurdingiz. Eshik bu yoqda qoldi.
Rais eshik tavaqasini arang ilg‘adi, sirg‘alib chiqayotib, “plenumgacha xayr” degan gapni zo‘rg‘a eshitdi. Gandirakladi. Ko‘z oldi qorong‘ilashib, ko‘z o‘ngida suyriga o‘xshash allaqanday oq-sariq tusdagi olovli narsalar ucha boshladi. Eshik tavaqasiga suyandi. Ko‘ngli behuzur bo‘ldi. Bir-ikki marta o‘qchidi. Ko‘zini yumib ochdi, o‘tirishga joy qidirib, o‘ngu chapga bir-bir qaradi. Hech nimani ko‘ra olmadi. Birdaniga shift aylana boshladi. Gandirakladi. “Ie, rais bova, sizga nima bo‘ldi”, – deya kotiba uning qo‘ltig‘i tagiga kirib, ohista divanga o‘tqizdi.
– Qizim, bir piyola suv ber, ichim kuyib ketyapti.
Kotiba shoshib bir piyola suv keltirdi, derazalarni lang ochdi. Parda rais suvni yutoqib ichdi-da, chuqur nafas oldi. Biroq ichidagi olov battar alangalandi. Yana bir piyola suv so‘rab oldi-da, ko‘ylak yoqasidan ichiga to‘kdi. Nafas olishi biroz yengillashib, ko‘z oldi yorishdi. Derazadan ko‘ringan bir to‘p qora bulutga uzoq tikildi-da, bor kuchini to‘plab, “uh!” dedi. Bu “uh”da faqat o‘zi tushunadigan alam bor: endi hisobchilikni boshlaganda kamomatni yopdi-yopdi qilish topshirig‘ini bajarmagani uchun qamalgani, qamoq mashaqqatlari, g‘ururini poymol etgan mazax qilishlar, sakkiz oydan keyin tuhmat fosh etilib, ozodlikka chiqishi birma-bir ko‘z oldida namoyon bo‘ldi. Tilingan bag‘ridan otilib chiqqan bu ingrash faryod to‘lqini edi. Raykom kotibining “…barcha imkoniyatni ishga solishimiz zarur… plenumgacha xayr” degan so‘zlari zamirida qandaydir dahshat sharpasi borligini va bu sharpa baloyu-qazo bo‘lib nafaqat raisning o‘ziga, balki xo‘jalikning ko‘p faollariga ham tuhmat bo‘lib yog‘ilishi mumkinligini anglardi. Baland tepalik ustida boshlarini adl ko‘tarib, dumlarini gijinglatib o‘ynayotgan tulporlar unga umid bilan tikilib turgandek tuyuldi. Ba’zilarining ko‘zida og‘ir mung, ayrimlarining esa ko‘zida yosh ko‘rdi. Alam bilan xo‘rsinib “eh!” dedi-da, so‘ngra “he, topshiriqlaring bilan…” dedi tishlarini g‘ijirlatib. Ullo, agar erkin bo‘lganimda peshonasiga zarb bilan bir musht urardim, zang‘arning, dedi-yu, divan orqasiga tufladi. Cho‘loq oyog‘i tizzasidagi og‘riqdan ko‘ra, dilidagi alam qiynog‘i zo‘rroq bo‘lsa ham, iroda kuchiga ishongan holda, uni yengishga urinib xonadan chiqdi.
Parda rais qanday qilib raykom binosidan chiqdi-yu, qay holda Qashqaga mindi, buni eslay olmaydi. Otning yoliga boshini mahkam bosib, egar botgan kemirchagining og‘rig‘i emas, balki qalbining eng to‘ridagi achchiq sitam faryodga aylanib borar, buni atrofdagilarga sezdirmaslik uchun pastki lablarini qattiq tishlab olgan edi. Ammo bu alamli faryodni ustki lablarining tinmay titrashi, sal oqargan yonoqlarining uchib-uchib tushishi, jugan tutgan qo‘llarining titrashi bildirib turardi. Raisning ichki tug‘yoni ko‘zyoshi bo‘lib, burnining ikki chekkasidan oqib tushardi. Bu ayanchli holni o‘z vaqtida payqab qolgan rais, to‘xta, hali najot bordir, shuncha otni go‘shtga topshirmay saqlab qolishning chorasi topilib qolar, degan fikr bilan hissiyotlarini portlashdan saqlashga urinardi. Qashqa ham har doimgidek ildam yo‘rg‘alamas, boshini quyi solganicha irg‘alanib qadam tashlardi. Ot har zamonda egasiga dalda bergan kabi egilgan boshini baland ko‘tarar, o‘ttiz-qirq qadam yurgach, yana quyi tushirardi. Parda rais otni yuqoridagi to‘g‘ri va keng yo‘lga emas, past yalanglikdagi yolg‘izoyoq so‘qmoqqa burdi. Nega shunday qilganini o‘zi ham tushunmas, buni tushuntirib berishdan ojiz edi.
Agar mamlakatning biron yerida urush ketayotgan bo‘lsa yoki ocharchilik boshlansa, rejani ikki baravar oshiq bajarishni tushunsa bo‘lar. Axir bunday emas-ku! Bo‘lmasin ham! Xalq farovonligi deb turib, odamlarni ruhan ezish qaysi mantiqqa sig‘adi? Ruhi cho‘kkan fuqaroning mehnatida baraka bo‘lmasligi aniq-ku! El-yurt to‘y qilib, ko‘pkari bersa, yil bo‘yi chinakam halol mehnatining cheri-hordig‘ini chiqarsa, buning nimasi yomon? Yanagi yili rejani ikki baravar ortig‘i bilan bajarish shart deyilsa, hozirdan boshlab shunga tayyorgarlik ko‘riladi-ku!
Achchiq, iztirobli xayollar bag‘rini ezayotgan rais eski tegirmonning to‘g‘risiga kelganini payqadi. Bezovta va ko‘ngilezar xayollar girdobidan xalos bo‘lishni istab, yurak sanchig‘i daf bo‘larmikan degan niyatda yo‘rg‘adan tushdi-da, no‘xtasini qoziqqa bog‘ladi. Tegirmon oldiga kelib to‘xtadi, ko‘kragini to‘ldirib-to‘ldirib nafas olgandi, diydasi yumshaganini sezdi. Dadil eshikni ochdi:
– Assalomu alaykum, Toji bova!
– E… vaalaykum assalom, rais! Qanday shamollar uchirdi? Keling, keling.
– Hormang endi…
– Bor bo‘ling.
– Kunbotardan sovuq shamol esib, ko‘kragimga urildi. Yuragim ezildi. Dalda bo‘lar deb, qora tortib tegirmoningizga kelyapman.
– Xo‘p qipsiz! Qani o‘tiring, rais. Bir piyola ko‘k choyni maroq bilan ho‘plab-ho‘plab ichsangiz, ezilgan yurak yayraydi. Odamlarimizning kayfiyati yaxshi, rais. Uyida besh-olti qop bug‘doy bo‘lsa, dehqonning ko‘ngli to‘q. Unga boshqa nima kerak yana? Mana, o‘tgan yilgi hosilning g‘allasini un qilyapmiz.
– Toji bova, ayting-chi, ot nimaga kerak?
Tegirmonchi Parda raisning gapidan hayron bo‘lib, tinchlikmi deganday, unga qaradi:
– Ot – yigitning quvvati, – xotirjamlik bilan gap boshladi u. – Keng hovlingizda tulpor bog‘loqliq tursa, ko‘nglingiz tog‘day ko‘tariladi. Ko‘pkarida otingiz bir zot ayirsa, bir yillik hordig‘ingiz chiqadi. Ot – umrning bezagi. Ko‘ngling nimadandir paysallasa ot mingin, degan qariyalarimiz. Bu gapda ko‘p xosiyat bor.
– Yaxshi aytdingiz, Toji bova. Endi bizga ruxsat.
– Yana bir pas o‘tirsangiz bo‘lardi, rais, endi gurungimiz cho‘g‘ olayotgandi.
– Ish ko‘p, Toji bova. Uddalamasak bo‘lmas. Choy uchun rahmat. Umringizdan baraka toping.
– Mayli, kelib turing, rais. Oppoq un bilan siylaymiz.
– Rahmat, Toji bova…
O‘zi aytgan gaplardan ko‘ngli yorishgan rais tezda burilib, yo‘rg‘aga mindi. Jilovi bo‘sh qo‘yilib, ixtiyori o‘ziga tashlanganini fahmlagan Qashqa yolg‘iz oyoq yo‘l bilan pastga ena boshladi. So‘qmoqning ikki tarafidagi o‘tlar otning tizzasiga, qorniga tegib qitiqlar, o‘tlardan taralayotgan xushbo‘y ifor Qashqaning quvvatini yanada oshirmoqda edi. So‘qmoqning shundoqqina yonidan har o‘n-o‘n besh qadamda bedanalar parr etib, qanot qoqib ko‘zdan uzoqlashar, ahyon-ahyonda to‘rg‘ay ham ortda qolmay degandek uchar, sal nariga qo‘nib, otning ko‘zidan o‘zini pana qilardi. Qashqaning esa to‘rg‘ay bilan ishi yo‘q, hatto oyoqlari tagidan sakrab uchayotgan chigirtkalarga ham parvo qilmaydi. Ot bir tekisda olg‘a intilib, yo‘lning o‘nqir-cho‘nqirlari, do‘ngmi-pastliklarida ham yo‘rg‘asining maromini buzmay, egasini ortiqcha chayqaltirmay ketib borardi.
Chigirtkalarning chirillashi, bedanalarning pirillab uchishi, to‘rg‘ayning osmon tubida, bir nuqtada sayrashi, qizil, oq, sariq, ko‘k aralash rangdagi kapalaklarning guldan gulga uchib-o‘ynashlari, asalarilarning gullardan bo‘sa olishi, gala-gala chumchuqlarning teraklari osmonni ko‘tarib turgan bog‘ tomonga uchishi – birortasi ham raisning chalkash xayolini tarqata olmasdi.
Parda rais alamli o‘ylar girdobida garang bo‘lib, Elmurod chavandozning hovlisi to‘g‘risiga kelganini ham sezmadi. Qashqa chavandozning hovlisi tarafga qarab odatga ko‘ra ikki bor kishnadi. Biroq javob bo‘lmadi. Ot yo‘rg‘asini to‘xtatib, boshini adl ko‘tarib, hovli tomon tikilib, takror kishnab qo‘ydi… Yo‘rg‘aning bu qadar achchiq va g‘alati kishnashini ilk bor eshitayotganidan raisning yuragi tahlikaga tushdi, noxush bir holni ko‘ngli sezib, Qashqaning boshini hovli tomon burdi. Darvozani yuzlari so‘lg‘in, pastki qovoqlari shishgan Elmurod chavandoz ochdi.
– Ha, polvon, g‘amginsiz? Guliston kishnamadi? Og‘zi to‘rvadamidi?
– E… ey… rais, nima desam, go‘lmiz, ham cho‘lmiz. Gulistondan ayrildik…
– Nega? – shoshib so‘radi rais, entikkanidan ovozi ham boshqacha chiqdi. Rais bo‘g‘ziga tiqilib kelgan narsani yo‘q qilmoq uchun yutindi. Buni uddalay olmagan bo‘lsa ham, zo‘riqib ovoz chiqardi:
– Axir kechagina kishnab javob qildi-ku! Ovozi dadil edi!..
Guliston yemdan zaharlandimikan? Yo‘g‘-ey…
Elmurod chavandozning birinchi hikoyasi
Bugun ertalab mash’um hol yuz berdi. Bariga o‘zim aybdorman.
Rais, chavandoz Jovli Karimni bilasiz. Gumashtasi uning bahaybat baytalini olib kelgan ekan. Maqsad Gulistondan qochirmoq. Yaxshi zotli to‘l tushsin degan-da. Baytalni ko‘rib mening ham havasim keldi. Kelishgan, haybatli chovkar, xuddi uloqchi otlardek tik qaraydi. Yag‘rinlari juda keng, bizning otimizga mos. Gulistonning baytallaridan bo‘lmasin tag‘in, deb o‘yladim. Ikki pol yoki uch pol oshgan bo‘lsa ham, baribir Guliston taniydi, demak, chopmaydi. Buni aniq bilaman. Xavotirim shundan bo‘ldi. Yo‘q desam, Jovli Karimni juda hurmat qilaman. Ko‘pkarilarda bir-birimizga juda ko‘p yordam qilganmiz. He, o‘l-e, qurumsoq ekansan-ku, endi otingni boshqa qo‘y, deb aytishi aniq. O‘ylab-o‘ylab, firib ishlatdim. Qanday deng?
Guliston hididan ham o‘z ajdodini sezadi. Buning yo‘li bor. Katta, keng to‘rva tikdim-da, avval uning ichini isiriq tutuni bilan rosa to‘ldirdim. Keyin tutundan ozgina qoldirib, Guliston baytalni ko‘rmasin ham, sezmasin ham deb, uning boshiga to‘rva yopib qo‘ydim.
Gulistonning ayg‘irlashgan mahali… Ko‘zi qonga to‘lib turgan ekanmi, tezda baytalga irg‘idi. Hammamiz xursand edik. Ammo bu xursandchiligimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Baytal sal uzoqlashsin deb kutayotgandik, g‘aflatda qolibmiz, uying bug‘doyga to‘lgur, umring uzun bo‘lgur o‘g‘lim Meyli, otimning boshida nega to‘rva osilgan, deb so‘ramay-netmay olib tashlabdi. Guliston devorning yorig‘idan yetaklangan baytalni ko‘rib qoldi. Hali baytal uncha uzoqlashmagan edi. Guliston baytal tarafga tikilib-tikilib qaradi. Boshini baland ko‘tarib qattiq kishnadi. Kutib turdi. U tomondan ham kishnagan ovozni eshitib, birdan tisarilib yiqildi…
Biz uni tiyg‘anib yiqildi, hozir o‘rnidan turadi, deya chopib oldiga bordik. Bunday bo‘lib chiqmadi. Aksincha, kutilmagan g‘aroyib hodisa ro‘y berdi! Ko‘rib yoqamni ushladim. Guliston boshini old oyoqlari orasidan o‘tkazdi-da, qattiq silkinib, hali sovub ulgurmagan avratini tishlab uzib tashladi. Shu kezda men “qirs” etgan tovush eshitdim. Chamasi juluni uzilib ketgan bo‘lsa kerak, keyin u bir kishnadi. Oyoqlari to‘g‘rilandi-yu, bo‘yni egilganicha qoldi. Ko‘zi ochilganicha jon beribdi. Ko‘zlarida shashqator yosh. Avval mol do‘xtirni chaqirib akt qildik. Mana akti. Ullo, agar bunday bo‘lishini avvaldan bilganimda, o‘lsam ham bunga ruxsat bermasdim. Nima qilay, xom sut emgan bandaman-da…
* * *
Elmurod polvon yelkalarini silkitib-silkitib yig‘lar, Parda rais uni nima deb yupatishni bilmas, ertaga bundan-da og‘irroq yumush kutayotganini to‘lig‘icha tasavvur qila olmas, o‘ta mushkul holatda edi.
…Katta maydon liq to‘la odam. Boshqalarga xalaqit bermasin uchun ko‘plar telpak, qalpoq, hatto sallalarini ham boshdan olib, vagonlarga chiqarilayotgan otlarni kuzatmoqda. Militsiya xodimlari vagon va otlarni emas, balki odamlarni ziyraklik bilan nazorat qilayotir.
Otlarning vagonga chiqishini osonlashtirish uchun yerdan vagon poliga qadar zich qilib taxtalar terilgan. Egalari otini vagonga chiqaradi-da, no‘xtasini yechib, irg‘alanib, otiga qaray-qaray pastga tushadi. Ko‘pchiligi ot boshidan no‘xtasini olayotganda yig‘lab yuborar, ba’zilari esa taxtadan pastga ko‘zyoshlarini qo‘llari bilan artib enardi. Ayrim ko‘ngli bo‘shlari otining bo‘ynidan quchoqlab yig‘lar, ko‘zyoshlarini otning yoliga artarkan: “Kechir meni! Kechir…” der, agar vagon ichidagi militsioner: “Qani tez bo‘ling, bo‘ling tez”, – deya dag‘dag‘a qilmasa, otidan osonlikcha ayrilmas edi.
Vagonning surma eshigi yopilib, taxtalar boshqa vagonga ko‘chirilganda, yig‘layotganlar soni yana ko‘payar, har zamonda ko‘rgilik-da, yig‘ini bas qiling endi, degan gaplar eshitilardi. Odamlarning achchiq faryodi yuraklarning eng tubida qo‘zg‘alayotgan isyonni bildirar, dardini oshkor aytish ilojini topa olmay ruhan ezilgan ko‘ngilning hech narsa bilan ovutib bo‘lmaydigan nihoyatda og‘ir iztirobini anglatar edi.
To‘planganlarning oldingi safida turgan Parda rais bu holatdan chiqishning ilojini topa olmaganidan afsusu alamda edi. Kotibning qani yo‘rg‘ani o‘zingiz olib chiqing, ishorasidan keyin avvaliga nima qilishni bilmay kalovlanib, so‘ngra o‘zini tutib olib, yo‘rg‘aning no‘xtasini yechib qo‘liga olayotgan mahali ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Otga suyanganicha yuragini changallab, zo‘rg‘a ortga burildi, bazo‘r qadam tashladi. Shu palla Sodiq chavandozning:
– Rais, dadil bo‘ling! – degan ovozi qulog‘iga chalindi. Ichida: “Irodangni ishga sol, Parda!”, dedi o‘ziga o‘zi va qiya enlik taxtadan asta pastga tusha boshladi.
Hademay poyezd jo‘naydi. Otlarni qayerga oborishadi, necha kun vagonda bo‘ladi, ularning holidan xabar oluvchi bormi, buni hech kim bilmaydi.
“Otsiz yigit bamisoli qanoti qirqilgan burgut. Boshini adl ko‘tarishga uyaladi. Bundan battarini ham boshimizdan o‘tkazdik, rais. Endi ko‘kragimizni kerib yurolmay qisinarkanmiz-da…”
Elmurod chavandoz bu gaplarni aytganda ming bor haq edi. To‘g‘ri aytadi. Bu ko‘rgilik ham bor ekan-da boshimizda. Paxta rejasini bajarsak, g‘alla topshirishni keragidan ortiq uddalasak, go‘sht topshirish bo‘yicha berilgan vazifani qoyillatsak, yana nima kerak ekan?
Shunday azobli xayollar qaynayotgan Parda raisning qulog‘iga taraqlagan tovush eshitildi. Yalt etib qaradi. Vagonning raisga yaqin turgan ikki taxtasi qarsillab sindi-da, taraqlab ag‘darildi. Hosil bo‘lgan tirqishdan peshonasi qonga bo‘yalgan otning kallasi, so‘ngra bo‘yni chiqdi. Parda rais yo‘rg‘asini darrov tanidi! Otning yosh sizib chiqqan ko‘zlaridan iztirob sharpasi sezilib turardi. Raisning ko‘ngli birdan yumshadi, tez-tez va chuqur nafas olib, bor quvvatini oyoqlariga yig‘ib, cho‘loqlanib bo‘lsa-da, poyezd izidan o‘tib yo‘rg‘aning bo‘ynidan qattiq quchoqlab oldi. U ko‘zyoshlarini tiya olmas, baralla o‘kirib yig‘lashdan o‘zini arang tiyib turgan bo‘lsa-da, yelkalari silkinishi va boshining tebranishidan achchiq alam bilan unsiz yig‘layotganini payqash mumkin edi. Bo‘yniga iliq suyuqlik oqib tushayotganidan yo‘rg‘a ham qo‘shilib yig‘layotganini bilib, “Otlarni go‘shtga topshirasiz…” degan buyruqni eshitgandan beri to shu kungacha ayovsiz qiynagan g‘am-alamning barini “oh!” degan ayanchli hayqirig‘i bilan to‘kib solmoqchi bo‘ldi. Biroq hazin dilida yuragini timdalayotgan bu “oh” anduh cho‘g‘ini beshbattar alangalatdi. Shashqator oqib, ko‘ylagi yoqasini ho‘l qilayotgan ko‘zyoshlari ham, lablarining tinimsiz pirpirashi ham bu alanga hovurini pasaytirolmayotgan edi. Parovozning qichqirig‘i va Elmurod chavandoz bilan Sodiq chavandozlarning: “Bo‘ldi, rais… Boshqalarning ham yuragini ezdingiz… Chidaymiz-da bu ko‘rgilikka!” – degan so‘zlarini eshitib, otning boshiga boshini qattiq bosdi va zo‘rg‘a, eshitilar-eshitilmas ingroq tovush bilan “Xay…r. Yo‘r…g‘am! Xono‘g‘lonim!” deya oldi, xolos…
Parovozning ketma-ket qichqirig‘i maydonda yig‘ilganlarning bag‘rini tilka-pora qildi, vagonlar o‘rnidan jildi. Parda rais Qashqa yo‘rg‘aning unga tomon qayriltirib qarayotganini ko‘rib, o‘zi bilmagan holda beixtiyor ikki qadam bosdi. Biroq cho‘loq oyog‘ining tizzasida qattiq og‘riq, ko‘kragining chap tarafida kutilmagan sanchiq turganidan joyida to‘xtab qoldi.
Shu paytda Qamay tarafdan odatda doim otda yuradigan Hazratqul baxshi oq do‘mbirasini qo‘liga olib, poyi piyoda bo‘lib (uning ham cho‘biri go‘shtga tortilgandi) bir na’ra tortib, do‘mbira torini uzib yuborguday kuy chala boshladi. Do‘mbira avval bulbulday sayradi. Bora-bora bu sayrash nolaga almashdi. Bari yig‘ilganlar dardini yangilab, yarasini tirnab-tirnab o‘tdi, aksarining ko‘zlari yoshlandi.
Tarqalishga tayyorlanayotgan odamlar baxshining atrofiga yig‘ildi. Shu vaqt ikki otliq militsioner Hazratqul baxshining qo‘lidagi do‘mbirani tortib olmoqchi bo‘ldi, el bir qalqdi. Hammasi bir ovozdan “baxshiga tegmanglar!” deya hayqirdi. Odamlarning birdamligidan hayiqdimi, boshqa sababmi, militsionerlar baxshini tinglayotganlarga qo‘shilishdi. Hazratqul baxshi do‘mbiraning tovushini yanada balandlatib, kuy ohangini o‘zgartirdi va xirqiroq ovoz bilan qo‘shiq boshladi:
Bo‘g‘zim tirnar kuyuk so‘zlarim,
Ko‘r bo‘lsaydi yoshli ko‘zlarim,
Shuvut bo‘ldi yorug‘ yuzlarim,
Go‘shtga ketgan bo‘z otlarim-a,
Qayga yetgay bu dodlarim-a!
Sog‘inarmiz otda yurganni,
Otga minib ko‘krak kerganni,
Yo‘qotding, ay, botir, juganni,
Qayga yetgay, ay, dodlarim-a,
Yig‘layapti toqatlarim-a!
Bukilib qolgan baxshi o‘zgacha sitam, o‘zgacha g‘ussa bilan do‘mbirasining ingrashini yana avj oldirdi, baland va xirqiroq ovozda, yuraklarning tubiga yetadigan, ko‘ngil torlarini chertadigan ohangda davom etdi:
So‘zlarimni yo‘ymang yoshlikka,
Bir yig‘loqi ko‘ngli bo‘shlikka,
Bo‘zlab ketar bo‘ldi go‘shtlikka,
Yilqisidan judo elim-a!
Tepkilandi yo‘g‘u-borimiz,
Tiklanarkan qachon orimiz,
Bo‘larmikan hur diyorimiz,
Tulporidan judo elim-a!
Hazratqul baxshi kuylar ekan, ko‘zyoshlarini tiya olmas, dardu iztirobini yashirmasdi ham, qalbini o‘rtayotgan alamini aytayotgan qo‘shig‘i to‘la ifodalay olmaganidan ko‘zyoshlari sel bo‘lib, yuzlarini yuvmoqda edi. Uning ikki yonida go‘yo baxshini qo‘riqlayotgandek turgan militsionerlar hech kimga qaramay, ro‘molchalarini ko‘zlariga bosib, yig‘layotganini boshqalardan bekitmoqchi bo‘lar, biroq yelkalarining silkinishi bu sirini oshkor etib turardi. Qashqa yo‘rg‘aning pishqirishi, depsinishi, iztirobli kishnashini ko‘z oldiga keltirib, qalbi mumday erib turgan Parda rais birdan hushyor tortdi. Axir u elning oqsoqoli, boshqalarga sabri, matonati bilan o‘rnak bo‘lishi kerak. Rais cho‘loqlanib baxshining oldiga borib, yelkasiga qo‘lini qo‘ydi:
– Baxshi bova! Hammani yig‘latdingiz, bo‘ldi. Ilojimiz yo‘q. Ne qilaylik?
Keyin qayrilib, odamlarga murojaat qildi:
– Birodarlar, tarqalaylik! Endi tarqalmay turishimizdan hech qanday foyda yo‘q. Zarari bo‘lishi mumkin. Xo‘p deng, og‘aynilar, tarqalaylik!
Hamma asta uy-uyiga keta boshladi.
Parda raisni huvullagan hovli kutib oldi…
Otni saqlab qololmadingizmi, qani ot degandek, raisning o‘g‘li Qashqa yo‘rg‘a bog‘lanadigan qoziqqa yo‘g‘on kaltak bilan urib-urib qo‘yardi.
Rais bir pas qarab turdi-da, diydasi yumshab, titroqli tovush bilan dedi:
– Uyga kir, o‘g‘lim. Qoziqqa tegma! Inshoollo, hali kerak bo‘ladi…
Shu palla hovliqqancha kimdir kirib keldi. Rais tanidi: Allaberdi! Allaberdining bezovta tovushi raisni hushyor torttirdi:
– Rais bova, ho rais bova! Zarur ish bilan Qarshiga borayotgan edim. Sho‘rtanga yaqinlashganimda ko‘rsam, poyezd to‘xtab turibdi, forma kiygan qandaydir odamlar vagondan bir otni tashqariga chiqarib tashlashyapti. Yaqinlashdimu ko‘rib yuragim “shuv” etdi: u Qashqa yo‘rg‘aning o‘ligi ekan!
– Qashqa yo‘rg‘a, deysanmi?!
– Ha, sinchiklab qaradim. Tanidim! Yassi va yalpoq tuyog‘idan tanidim. Qashqasining… qashqasining bir tekisligidan tanidim. Qashqaning yuragi yorilib o‘libdi!
– Uka! Allaberdi! Adashmayapsanmi!?
– Yo‘q, rais bova! Bu aniq. Otning yuragi yorilib o‘libdi. Qoni ko‘kragining ichida yig‘ilgan ekan.
Parda rais turgan joyida qotib qoldi.
…Parda rais, Sodiq chavandoz, Toji bova, Hazratqul baxshi, Allaberdilar Qashqa yo‘rg‘a loshini Mirzapo‘choq qishlog‘ining G‘uzor tarafidagi tepalikka eltganlarida, tuprog‘i hali qurib ulgurmagan qabrning yonida, endigina qazilgan chuqur tepasida belkurakka suyanib turgan mahzun Elmurod chavandoz bilan uning o‘g‘li Meyliga ko‘zlari tushdi.
Hech kim hech narsa demadi.
– Yo‘rg‘ani mana shu chuqurga, Gulistonning yoniga ko‘mamiz, – dedi qat’iy Parda rais…
Odamlar harakatga tushib ketishdi.
– Allaberdi, uka! Chavandozlarim! – dedi hammani hayratga solib birdan Parda rais, paydo bo‘lgan ikki do‘ngchaga qarab. – Agar o‘lsam, meni ham… Guliston bilan Qashqa yo‘rg‘a o‘rtasiga…
– Meni ham, – deb yubordi to‘liqib turgan Elmurod chavandoz shu palla! Barcha unga yalt etib qaradi.
– Esingizda tutinglar, – davom etdi Parda rais. – Ammo… hali o‘ladigan go‘shtxo‘r yo‘q! Hali ish ko‘p! Ha… ish ko‘p! Tushundim, endi men boshqacha harakat qilaman!
Rais oxirgi so‘zlarni aytganda qo‘llari musht bo‘lib tugilgan edi. Hozir bu harakatning nima ekanini, qanday kechishini tasavvur eta olmasa-da, uyiga qaytar ekan, yo‘l-yo‘lakay beixtiyor Hazratqul baxshining “Zamon kelar, oy bo‘lar yaxshi…” – termasini xirgoyi qilib kelganini bilmay qoldi.
Nogahon kunchiqar tarafga boqqandi, tog‘ tarafdan ko‘tarilayotgan charaqlagan yulduzga ko‘zi tushdi. Parda rais yulduzga tikilib qaradi. Uning yog‘dusi ichra bir odam ko‘ringanday bo‘ldi. Ko‘zlarini yumib ochdi: g‘ira-shirada qir ortidan yorug‘lik tomon chiqib kelayotgan otliqqa ko‘zi tushdi. Birozdan keyin otliq tiniq ufq tomon burildi. Ufqning nuqra jilosida otning qashqasi yorqin tovlandi. “Qashqa yo‘rg‘a-ku!” – deya hayqirib yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi, rais. Egar ustida o‘tirgan nevarasi Nurdilni tanidi. Qashqa yo‘rg‘aning endi mingi bo‘lgan toyi tez va tekis yo‘rg‘a chiqarganini ko‘rib ko‘ngli tog‘day ko‘tarildi. “Dillarga nur berib tobora yuksalayotgan kelajagi porloq zamonda yashaymiz, hali zafarlar quchamiz” deb o‘yladi.
Hademay to‘lin oy chiqadi, tongda esa albatta quyosh charaqlaydi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 5-son