Jo‘rabek Ramazonov. Shaytondara (hikoya)

I

Xufton mahali darvozani tambalaganimdan so‘ng hech qancha vaqt o‘tmay kimdir ko‘chadan turib chaqira boshladi. Ovozidan tanidim – uchastka noziri.
– Salom, inspektor sohib! – dedim odatiy hazil bilan.
Uning yonida jingalak sochli, yuzlari tilingan, ko‘rinishidan bu atrof odamiga o‘xshamaydigan nusxa bezovta turardi.
– Bu kishi mehmon ekan, – dedi nozir umumiy holda tanishtirib. – Mashinalari qo‘sh sada ostida tiqilib qolibdi, shoshilinch yordam kerak.
– Shaytondaradami? – so‘radim birdan hovliqib.
Bosh chayqadi suhbatdoshim. Aslida uning yordam uchun mendek bir jussasi kichik odamni tanlashi bejizga emas, ayni hozir tilga olinayotgan manzil bo‘ylab kechasi tugul quyoshli kunda ham birov yurmaydi. Kun uzog‘i dara orasidagi bu yo‘lga quyoshning parcha nuri tushmaydi. Bir paytlar asosiy serqatnov yo‘l edi u. Kunora avtohalokatlar yuz berib, shu yo‘ldan o‘tgan mollar va odamlar o‘z-o‘zidan yo‘qolavergach, hech kim u tomon qadam bosmaydigan bo‘ldi. Borsangiz, har joy-har joyda mahalliy aholi “shayit” deb ataydigan kichik-kichik do‘ngalakchalarga ko‘zingiz tushadi. Lekin menimcha, ulardan bittasiga ham biron bir tirik jon ko‘milmagan. Qishloqda o‘zi yetim o‘sgan, xotini tashlab ketgan Norboy piyanista bo‘lardi. Bir kuni ulfatlari bilan o‘tirib, yarim tunda bir o‘zi Shaytondaradan o‘tishga garovlashibdi. Ertasi kundan boshlab hech kim ko‘rmadi o‘sha odamni. Kimdir “jar-pardan uchib o‘lgan” desa, yana birov “Rossiyaga ketgan” deb oddiy tashxis qo‘ydi. Badal cho‘pon ikkita bahaybat iti bilan bir oycha oldin molini o‘sha tomondan haydab o‘tganida uzoqdan bir sharpani ko‘rganini, u Norboy piyanistaga judayam o‘xshashini aytganida qishloq ahli cho‘ponni “suv bo‘yida uxlab qolib alahsiragan”ga chiqardi.
– Shaytondara deysizmi?
Bunaqa sovuq nomdan ko‘zlari ola-kula bo‘layotgan mehmonning savoli xayolimni bo‘lib yubordi.
– Mashinada boshqa hech kim yo‘qmi? – dedim savoliga javob qaytarmay.
– Xotinim bilan qizim…
– Shoshilish kerak! – dedi nozir.
Achchiqlandim. Ayni damda uning kasbiga xos shoshqaloqligi yoqmayotgandi menga.
– Shoshmang, o‘limga ulgurasiz, – dedim piching qilib.
– Nafasingizni issiq qiling! Men sizni ham o‘zimga o‘xshagan fidoiy deb keldim oldingizga. Balki gazetangiz uchun biron qiziqarli maqola tayyorlarsiz.
– Yaxshi. Hozir kiyinib chiqaman.
Albatta, qog‘oz-qalam emas, sovuq qurollarga e’tibor qaratdim, chunki hozir gap hayot-mamot ustida borayotgandi. Belimga oshpichoq taqib, qo‘shog‘iz miltig‘imni oldim. Nozirga o‘zi yaqindagina qurol berishdi, xudo biladi otishni eplaydimi yo‘qmi…
– Nega ularni mashinada qoldirdingiz? – dedim mehmonga, yo‘lga otlanishimiz bilan.
– Eshiklari mahkam… Men tezroq qishloqqa kelib-ketay degandim.
– Sada osti tekis yo‘l edi-ku? – nozir aralashdi.
– To qarsillab ovoz chiqmaguncha men ham tekis yo‘ldan boshqasini ko‘rmayotgandim. Qarasam, oldinda xarsang tosh. G‘ildiraklar yerga yopishib qolganday qimir etmaydi.
Daraning ayrim joylari chuqur jarlik, qolgan qismi yuqoriga cho‘zilgan baland qoyalardan iborat. Xuddi o‘sha toshqoyalar yuzi ham, jar sathi ham tikanli qarg‘anaklar bilan qoplangan, pastga qarab toyib ketgan odamni jar tubidagi toshlardan avval tig‘li o‘simliklarning o‘zi qonga bo‘yab qo‘yadi. Keyin, ahyon-ahyon qoya tepasidan tosh tushib turadi.
– Nihoyatda jimjitlik, – dedi nozir qo‘lidagi fonar yorug‘ini atrof bo‘ylab yugurtirarkan. – Donishmandlardan biri men jimlikdan qo‘rqaman, degan ekan.
– Hozir maqolning o‘rni emas, – dedim norozi ohangda. –Hammasi yaxshi tugashi hushyorligimizga bog‘liq.
Bizning xiylagina sirli suhbatimizdan notanish hamrohimizni battar hadik bosardi. Darvoqe, bu yer qo‘shni tumandan bizning qishloq orqali shaharga olib boradigan eng qisqa yo‘l. Lekin joni shirin odam uchun bundan ko‘ra ekvator chizig‘ini kesib o‘tgan ma’qulroq.
Balandlikdan ko‘tarilishimiz bilan nozir qo‘lidagi fonarning nuri ojizona olisni yoritib, g‘ira-shirada qizil rangdagi “Jiguli” ko‘rindi. Men ham fonarni o‘sha tomon yo‘naltirdim. Yaqinlashganimizda esa uchovimiz ham turgan joyimizda qotib, mavjud manzaradan seskanib ketdik: mashinaning eshiklari lang ochiq, yerda oyna siniqlari bilan birga qon izlari bor edi.
– Yo Xudo! – deb yubordi mehmon. – Lo iloha…
– To‘xtang! – amr qildi nozir. – Mashinada hech kim yo‘q.
– Buni qanday izohlaysiz? – dedim qon izlariga ishora qilib.
– Garov o‘ynayman, yirtqichlar…
– Bu atrofda biron kishi hatto tulkini ham ko‘rmagan.
– Itlar-chi? – tag‘in e’tiroz bildirdi nozir.
– It oynani sindirolmaydi.
– Menimcha mashinadagilar tashqariga chiqqan. Deylik, zarurat yuzasidan. Keyin…
– Oynani kim sindirgan? – dedim ovozimni bir parda ko‘tarib.
– Ha-ya, oyna… Padariga la’nat! Taxminlar bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi.
– Yo, Xudo! – derdi hamon mehmon yig‘lagudek bo‘lib. – Ular o‘lmagan-a?
Javob qilmadim. Nozir ham jim edi. Chunki hali ona-bolaning so‘nggi taqdirini hech birimiz bilmasdik.
– Qon izidan borish kerak, – dedim yerni yoritib.
– Shunday qilamiz, – nozir oldinga tushdi.
Ketishdan oldin mashina ichiga ko‘z yugurtirishni ham unutmadik. O‘rindiqlarning hatto g‘ijimlanmay turishi, kalit o‘z o‘rnida ekanligi xulosa tugul biron taxmin yaratishga ham asos bo‘la olmasdi.
– Ular tirik-a? – deb so‘radi yana batamom tahlikaga berilgan mehmon.
– Ko‘p gapirmang! – asabiylasha boshlagan nozir jerkib tashladi.
Qon izlari siyraklashib, oxiri yo‘qoldi. Biz esa daraga ko‘ndalang jarlikning qoq o‘rtasiga kelib qolganimizni payqamadik.
– Qaytish kerak, – dedim birdan to‘xtab.
– Xotinim-chi? Qizim-chi? – tutoqib ketdi mehmon.
– Hammamiz o‘lamiz, – unga e’tibor qilmay, nozirga qarab siniq ovozda gapirdim.
– Pashshadan fil yasamang. Oxirigacha chidayman. Bu jumboqning tagiga yetishimiz kerak.
Rostini aytsam, bular bilan birga qolishdan ham yolg‘iz ortga qaytish xatarliroq edi. Yurak qurg‘ur oldinda bizni katta xavf kutayotganini sezar, lekin nachora, kemaga tushgan jon. Nozirni bilmadim-u, men qahramonlik ko‘rsataman deb bekorga o‘lib ketishni istaydigan ahmoq emasman.
– Nasi! –mehmonning qichqirig‘i cho‘chitib yubordi odamni. – Nasi! Qaranglar u tirik ekan!
Bizdan o‘rtacha uzoqlikda baland bo‘yli, oq ko‘ylagining biron joyida qon dog‘i sezilmaydigan chiroyli ayol turardi.
– Aytgandim-ku sizlarga u tirik deb, – o‘zini yo‘qotib qo‘ygan mehmon o‘sha tomon qoqilib-surilib yura boshladi.
Shunda sovuq bir his chulg‘ab oldi vujudimni. Chunki so‘zlash u yoqda tursin, xiraroq ko‘rinayotgan yuzi biror ifoda kasb etmayotgan ayolning oyog‘i yerdan picha uzilgan holda muallaq turganini payqadim.
– To‘xtang! – dedim birdan baland ovozda. – Bormang, u odam emas!
Ammo mehmon yo gapimga tushunmadi, yo bo‘lmasa parvo qilmadi. Men esa miltiqni o‘sha tomon o‘qtalib, nozirga ham shu ma’noda ishora qildim. U to‘pponchasini qo‘liga oldi-yu, sekin pichirladi:
– O‘qlanmagan.
Nafrat bilan burishtirdim yuzimni. Ahir, qattiq gap yoki o‘qsiz qurol bilan faqat odamni qo‘rqitish mumkin. Biroq hozir qarshimizda hatto fanga noma’lum bo‘lgan yuraksiz bir mavjudot turardi.
Eri yaqinlashishi bilan ayolning gavdasi pasayib, oyog‘i yerga tegdi. Shu payt chala jilmayganini, og‘zidan esa pastki lablari ustiga chiqqan ikkita qonli tishni ko‘rdim-u, “mehmon tamom” degan fikr kechdi ko‘nglimdan.
– Arvoh! – dedi qaltiroq bosgan nozir.
– Yo‘q, arvohda bunaqa tish bo‘lmaydi.
– Bo‘lmasa, nima?
– Bilmayman, – dedim o‘zimning ham barmoqlarimga titroq yugurib.
Ayol esa erini yelkasidan tutib, birdan bo‘yniga yopishdi. Mehmon ming dodlamasin, xotinining quchog‘idan bo‘shashga ojizlik qildi. Hech nimani mulohaza qilib o‘tirmay, tavakkal o‘q uzdim. Nishonsiz o‘q ovozidan boshini ko‘targan ayol biz tomon qaradi. Ana shunda Azroilni ko‘rgandek o‘lim hissi qamrab oldi tanamni. Sochlari yoyilgan, qo‘rqinchli tishlari hamon ko‘rinib turar, shu tishlarni bo‘yashdan boshlangan qon esa lablari bilan birga bo‘yniga oqib tushgandi. Uning qo‘lida ko‘zlari yarim yumiq holda holsizgina turgan mehmonning bo‘ynida ikkita chuqur tish izi qolgan. Ayolning hozir erini qo‘yib yuborib, bizga tashlanishiga shubha qilmasdim. Ammo u osmonga qarab, insonga xos bo‘lmagan g‘alati ovozda bir chinqirdi-yu, eri bilan birga pastga sakradi. Uning aks-sadosimi yoki boshqa o‘ziga o‘xshaganlarning tovushimi, g‘alati ovoz bir muddat olis-olislardan eshitilib turdi-da, yana yurakni siqib yuboradigan sukunat boshlandi.
– Qaytamizmi? – so‘radi nozir umidsiz ohangda.
Indamay yo‘lga tushdim. Uning bu ohangda gapirishi behuda emas, Shaytondaradan tirik chiqib keta olishimizga o‘zimda ham umid qolmagan edi.
– Fonarni o‘chiring, – dedim. – Shunisi ma’qulroq.
Nozir aytganimni qildi. O‘qsiz to‘pponchasini ham o‘rniga solib qo‘ydi; chamasi, bu qurol bilan hozirgina o‘zi ko‘rgan mavjudotni cho‘chitib bo‘lmasligini anglagan.
Sada ostigacha gaplashmay keldik. Bu yerda esa bizni yana bir jumboq kutib turardi: mashina o‘rnida yo‘q! Fonarni yoqdim-u, yerdagi oyna siniqlari, qon izlarini ham ko‘rmadim.
– Sizningcha… – nozir oxirigacha gapirolmadi.
– Menimcha, tezroq daf bo‘lish kerak! – dedim.
Shunda gapim ikki xil ma’no kasb etishini o‘ylamagandim. Ya’ni “daf bo‘lish” qishloqqa tezroq yetib olish, xolos, zinhor o‘lim deganim emas. Biroq bizga to‘rt tomondan ayni dam faqat ajal soya solib turardi.
Yuz qadamcha yurmay tanish chinqiriqlar eshitildi. Nozir cho‘chib, fonarni yoqdi-yu, atrof bo‘ylab yugurtira boshladi. Shunda birdan fonar o‘chib qoldi.
– Padariga la’nat, batareya tugadi, – dedi fonarini bir-ikki qo‘liga qoqib.
Vahima bosib qo‘li titradimi, fonar tushib, pastlik bo‘ylab dumalab ketdi. Qorong‘uda ham sherigimning borgan sari asabiylashayotganini ko‘rib turardim. O‘zimning fonarimni olib yokdim – yonmadi. Batareya tugashi mumkin emas, uch kun oldin yangilaganimdan beri bugun ilk bor foydalanishim edi.
– Bu yog‘iga fonarsiz ketishimizga to‘g‘ri keladi, – dedim ketma-ket yuz berayotgan tushunarsiz hodisalardan o‘zim ham bo‘shashib.
Tun yarimdan oshgan edi. Taxminimcha, qishloqqa yetish uchun yana kamida olti chaqirim yurish kerak. Tekis yo‘l bo‘lganida-ku bir yugurib bosib o‘tsa bo‘ladigan masofa. Biroq hozir men va sherigimning nainki oyoq, balki biror a’zomizda mador qolmagan o‘zi. Bir tomondan, bir-birimizdan uyalganimiz uchun, ikkinchidan tirik qolish ilinjida zo‘r berib harakat qilardik. Oysiz tunda, ustiga ustak fonarsiz dovon osha yaqin so‘qmoqdan borishni o‘ylash dahshatli. Ikkimiz ham indamay katta yo‘l bo‘ylab ketardik.
– Mashina! – dedi nozir to‘satdan.
Avvaliga yana biron bir ajali to‘lgan yo‘lovchi shu yo‘dan o‘tibdimi, deb o‘yladim. Lekin shundoq yonginamizda qizil rangdagi “Jiguli” turardi. Qo‘rqa-pisa yaqinlashdik unga. Shu on mashina ichida o‘tirib, omon qolgan yakka-yu yagona oynadan tashqariga mung‘ayib boqib turgan qizchani ko‘rdik. Uning ko‘zlari qandaydir yaltirab ko‘rinayotgandek tuyuldi menga.
– Anovining qizi bo‘lsa kerak, – nozir mashina eshigiga qo‘l cho‘zdi.
– Tegmang! – dedim buyruq ohangida.
– Tushunmayapsizmi, buning endi ota-onasiga keragi yo‘q.
– Bizga ham, – dedim sovuq qilib.
Qaysar nozir gapimga ko‘nmadi. Nazarimda, fidoiylik hissi ustun keldi unda. Mendagi hislar esa vaziyat bilan hisoblashishni taqozo etardi. O‘ylaganimdek, nozir mashina eshigini ochishi bilan ma’yus boqib turgan qizaloq bir sakrab unga tashlandi-yu, yelkasiga yopishib oldi. Jon holatda nozir uni siltay boshlarkan:
– Bir nima qilsangiz-chi! – dedi nochor holatda.
O‘ylab o‘tirmay mitti yovuzga miltiq og‘zini to‘g‘riladim. Ammo zumda qo‘limdagi qurol qanday qilib qizchaning qo‘liga o‘tib qolganini anglashga ulgurmadim. Qizaloq o‘ziga xos yupqa, lekin yoqimsiz tovushda bir chinqirdi-yu, miltiq-piltiq bilan g‘oyib bo‘ldi. Unda ham onasinikiga o‘xshash qonli tish borligini ko‘rib qolgandim.
– Padaringga la’nat! – dedi nozir tirnalgan chakkasini silab. – Haqiqiy do‘zaxga tushib qolganga o‘xshaymiz.
– Chiqishni o‘ylash kerak, – dedim horg‘in nafas olib. – Bu yog‘iga hech narsaga tegishga urinmang.
Miltiqdan judo bo‘lganim alam qilardi. Yo‘q, alam emas, o‘lim degan dahshat ta’sirini bir pog‘onaga oshirgandi bu judolik. Hali ham belimda oshpichoq borligi ozgina taskin. Ammo umr bino bo‘lib ko‘rganimiz – qonso‘rar yovuzlarga zambarak bilan bas kelish ham kulgili tuyulardi.
Soy bo‘yiga yetganimizda atrof xiyla ravshanroq ko‘rindi.
– Ana! – dedi nozir chiroq yoniq turgan tomonni ko‘rsatib. – Badalning qo‘rasi.
– Qishloqqa qarab yurish kerak, – dedi o‘zimga ham qo‘ra tomon yagona panoh bo‘lib ko‘rinayotganiga qaramay.
Nozir yana bilganidan qolmadi. Men ham noiloj ergashdim unga. Badalning yuzlab molga mo‘ljallangan qo‘rasida tosh sukunat hukmron edi. Bu yerda ham nimadir yuz berganiga aqlimiz yetdi, albatta. Shunday bo‘lsa-da, nozir chiroq yoqilgan uy tomon yo‘lida davom etardi. Ayvondan chala yorug‘ tushib turgan hovlida yana bir bor hayratlanishimizga to‘g‘ri keldi: cho‘ponning ikkita bahaybat iti uzala tushgancha qonga belanib yotardi. Ana shundagina nozirning qadami og‘irlashdi. O‘zini ovutib o‘rgangan shekilli, zinalardan ko‘tarilayotganimizda qo‘li bir-ikki o‘qsiz quroli tomon borib keldi. Meni ham vahm bosib, oshpichoq dastasini mahkam ushlab olgandim. Xonaga ohista hatlashimiz bilan hammasi bir zumda tugadi. Chunki Badal cho‘pon eshikka orqa o‘girgan ko‘yi to‘rda bamaylixotir tayoq yo‘nib o‘tirardi.
– Badal! – dedi nozir.
– Ie, – cho‘pon o‘girildi-yu, qo‘lini po‘stiniga artgach, ko‘rishish uchun cho‘zdi. – Bemahalda…
Shunda uning bilagi bog‘langanini, oq latta ostidan qon sizib chiqayotganini ko‘rdim.
– Bilasanmi…
– Bilaman! – dedi nozirning gapini bo‘lib. – Bu yerga ham kelib-ketdi.
– Kim kelib-ketdi? – dedim ajablanib.
– Kim bo‘lardi, Norboy-da! Ikkita itimni ham o‘ldiribdi. Mollarni haydab yuborgan. Tutqanog‘i tutib, meni ham tishlay boshladi. Ikki tayoq urgandim, dodlaganicha qochib qoldi. Lekin yana kelsa kerak. Qorong‘ida mol ortidan borishga yurak dov bermayapti. Kasali ja g‘alatiga o‘xshaydi.
Nozir ikkovimiz taxta bo‘lib qolgandik. Cho‘pon esa hali Norboyning insonlar safidan chiqqanini bilmas ekan.
– Bu yer o‘z nomi bilan Shaytondara, – dedim yumshoqroq tushuntirish maqsadida. – Siz aytayotgan g‘alati odamlar bir emas, bir nechta. Biz ham ularga o‘xshab qolmasimizdan qishloqqa qarab juftakni rostlash kerak.
– Men ertalab molni izlayman, – dedi cho‘pon.
Biroq gapi tugar-tugamas bir o‘qchidi-yu, og‘zidan qoramtir qon sachradi. Nozir va men o‘zimizni chetga oldik. Badal cho‘pon xumori tutgan nashavanddek bir-ikki daqiqa yerda tinmay dumaladi. Keyin o‘rnidan turib, boshini chagallagancha og‘zini katta ochib, bor ovozi bilan qichqirdi. Shunda uning ham tishlari qatorida ikkita qonli tish paydo bo‘lganini ko‘rib, oyog‘im uchigacha muzlab ketdim. Nozir hushyorlik qilib hozirgina cho‘pon yo‘nib o‘tirgan kaltakni oldi va o‘ziga tashlanayotgan qonxo‘rning boshiga tushirdi. Gandiraklab egilgan cho‘ponning gardaniga qanday pichoq urganimni bilmay qoldim. Bu safar atrof bo‘ylab laxta-laxta quyuq qon otildi. Bo‘yni to‘rvadek osilib qolgan cho‘pon qichqirishda davom etib, o‘qday otilganicha eshikdan chiqib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Yuz bergan dahshat ta’siridan qimir etolmay, tilimiz ham so‘zga aylanmay qolgandi. Chuqur nafas olarkanman, ro‘paramdagi devorga suyanib turgan nozirning tirnalgan chakkasida qonli yoriq paydo bo‘lganiga ko‘zim tushdi. Hammasidan ham sovuqroq his qamrab oldi vujudimni.
– Yuzingiz…
– Bilaman, – dedi siniq tovushda. – Endi qishloqqa bir o‘zingiz qaytasiz. Xotinimni ishontirish uchun tuzukroq bahona toping. Yo‘q, yaxshisi hech narsa demang. Umuman, birovga og‘iz ochmang. Ikkimizning bu yerga kelganimizni hech kim bilmaydi. Agar qishloqqa omon qaytsangiz, avvalgiday jim yashayvering.
Ilk marotaba qarshimdagi odamning qadrdonligini his qildim. Shu boisdanmi, oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmay, joyimda turaverdim.
– Endi boring! – dedi nozir men tomon qaramay. – Tayoqni ham oling.
Rosti gap, hatto bunaqa tush ko‘rishni istamas edim. Ammo mening nazdimda hayot ko‘z ochib-yumguncha shu qadar noto‘g‘ri burchak ostida o‘zgargan ediki, bir lahzada bir nechta ajalning o‘zi seni yo‘qlab keladi. Ming rahmdil bo‘l, vaziyatga qarab zumda o‘zgararkansan. Diydang qotishi uchun yillar emas, soniyalar kifoya ekan. Hayot oldida qancha ojiz bo‘lsang, ayni shu hayot uchun shuncha faol kurashasan. Masalan, men bir paytlar sevgan qizi tashlab ketganda o‘ziga qarata o‘q uzmoqchi bo‘lgan odam emasman hozir. Istagim ham, imkoniyatim ham hayot bilan hisoblashmoqda. Bordi-yu biror daraxt ostida to‘xtab, cho‘zilganimcha ming harakat qilmayin, zarracha ham uyqum kelmaydi, chunki vaziyatga mutlaqo zid ish bu. Qolaversa, faqat men emas, alifni kaltak deb yurgan odam bo‘lsa ham shu oddiy haqiqat izmiga bo‘ysunishi tayin.
Qulog‘im ilgan sharpadan cho‘chib to‘xtadim. Qishloqqacha oz qoldi – yana bitta soydan o‘tib olsam bas. Kallam sira ishlashni istamay, oshpichoqni mahkam tutganimcha bor kuchimni oyog‘imga jamlab yugurdim. Goh qoqilib, goh yiqilib, toki qishloq itlarining najotbaxsh ovozi eshitilmaguncha chopaverdim. Tashqi chirog‘i yoniq oziq-ovqat do‘koni yoniga yetganimda tamomila holdan toygandim. Tol ostidagi yaydoq supaga cho‘zildim-u, uygacha borishga ko‘zim yetmay, qisqa-qisqa nafas ola boshladim. Yo‘q, bu haqda yozish tugul birovga og‘iz ochmayman. Chunki jinniligim ovoza bo‘lsa, ishdan haydalishim aniq.
…Ko‘zimni ochsam, zax yerda yotibman. Boshimni ko‘targancha tevarakka ko‘z yugurtirarkanman, hibsxonadaligimni angladim. Oshpichoq bilan birga belimdagi kamarim, botinkamning bog‘ichi ham yo‘q. Kallam ari inidek, yuz bergan voqealarni xotiramda tiklashga qancha urinmay, bari ayqash-uyqash bo‘lib ketaverdi.
Hammasi bir soatcha keyin tergov mahali oydinlashdi. Kecha tunda yon qo‘shnimiz Noralining bo‘laklarga bo‘lingan jasadi topilibdi. Dastlabki ekspertiza xulosasiga ko‘ra, qo‘limdagi oshpichoqda qolgan qon guruhi marhumniki bilan bir xil emish. Men pichoqni qayerda va qay yo‘sin qonga botirganimni aytishim mumkin edi, biroq qamoqdan oldin jinnixonaga tushishni istamayman!