Jo‘rabek Ramazonov. Qora baxt (hikoya)

Ishga kelishim bilan muharrir xonasiga chaqirtirdi.
– P. qishlog‘iga jo‘naysiz, – dedi salom-alikdan so‘ng. – Itlar quturayotgan emish. Tegishli tashkilotdan odamlar borib, tozalash, emlash tadbirlarini o‘tkazishadi. Siz esa hammasini aniqlab, odamlarni hushyorlikka chaqiradigan maqola tayyorlaysiz.
Bu qishloq shahardan o‘n ikki chaqirim uzoqlikda joylashgan. Masofa uncha olis bo‘lmasa-da, qishloq hududi asosan dala va adirlardan iborat. Men ilgari bir martagina borganman u yoqqa. O‘shanda cho‘ponlardan birining qo‘yi uch oyoqli sog‘lom qo‘zichoq tuqqan edi.
Eski «UAZ»ga men bilan uchta o‘rta yashar odam mindi. O‘zi shunday, yo‘li notekis hududga tuzukroq ulov qatnamaydi. O‘tgan yili qishloq odamlarining ehtiyojini qondirish uchun avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi. Biroq sho‘rlik texnika quruq borib-kelavergach, tag‘in ikki-uch kunda bir yengil mashina odamlarga xizmat qiladigan bo‘ldi. Ba’zi tejamkor bekorchilar yayov kelib-ketaveradi shaharga.
– Qishloqda yashash ham xatarli bo‘lib qoldi, – dedi hamrohlarimdan biri. – Choriboyning o‘g‘lini qanday g‘ajib tashlaganini bir ko‘rsangiz edi! Tibet giyohlari bilan davolaydigan tabib ham endi iloj yo‘q debdi.
– Itlarni bitta qoldirmay otib tashlash kerak, – fikr bildirdi ikkinchisi.
Uchinchi yo‘lovchi unga qarshi chiqdi:
– Birinchidan, itlarni otib, yana ulg‘aytirguncha qo‘ylarni bo‘ri yeb ketadi. Ikkinchidan, guvoh bo‘lgan odamlar faqat bitta qora itni ko‘rgan. U yigitni g‘ajigach, rahmatlik To‘raning uyiga kiribdi. Odamlar tayoq ko‘tarib, o‘sha hovlini obdon ko‘zdan kechirishsa, pashsha ham yo‘q emish. Haligi, tomorqasida oralab yurgan Hakimboyning qizi ham hech narsani sezmabdi.
Suhbatga aralashmay, faqat jim quloq tutib borardim. Haydovchi sal qiziqqon shekilli, bora-borguncha yo‘lda uchragan tovuq, mollardan tortib yosh bolalargacha haqoratlab bordi. Nihoyat mashina qishloq markazi hisoblangan hovuz bo‘yida to‘xtagach, hammamiz tushdik. Bu yerda meni deyarli hech kim tanimaydi. Ammo mehmonligimni sezib, tol ostidagi supada o‘tirgan odamlardan ikkita yoshrog‘i o‘rnidan turdi.
– Keling.
– Assalomu alaykum! – dedim qo‘l uzatib.
– Yaxshimisiz, mehmon. Keling qani.
Aslida ulardan mahalla raisini so‘ramoqchi, hamma ishni rasmiy tarzda olib bormoqchi edim. Lekin zumda fikrim o‘zgarib, suhbatdoshimga yuzlandim:
– Menga Bakir cho‘pon kerak edi.
– U daladan kech qaytadi. Lekin uyi yaqin. Anovi muyulishni ko‘ryapsizmi, o‘shandan uchinchi uy.
O‘tgan yili uning adirdagi qo‘tonida bo‘lgandim. Shaharda ham bir-ikki ko‘rishgandik. Qishloqda meni taniydigan yagona odam edi u.
Hovlida hech kim ko‘rinmagach, baland ovozda cho‘ponning nomini tutib uch-to‘rt chaqirdim. Nihoyat loysuvoqli ayvonda bola ko‘targan juvon bilan chiroyli bir qiz ko‘rindi.
– Keling, – dedi ayol oyog‘iga kalishini ilib, quyi tomon yo‘nalarkan.
– Bakir aka kerak edilar. Shahardan keldim.
– Uyga kiring, – dedi to‘xtab. – Hali-beri qaytmasalar kerak.
O‘ng‘aysizlanib, o‘rnimda turaverdim. Rosti, hozir qanaqa yo‘l tutishni bilmay qolgandim. Bu dunyoda rejasiz yashash naqadar qiyin!
– Kiravering, – dedi kutilmaganda ostonadagi qiz. – Men sizni avval ham ko‘rganman.
Bu e’tirofidan sal g‘alati holga tushsam ham qayerda ko‘rganini so‘rab o‘tirmadim. Bir oz noqulaylik bilan indamay ayvonga chiqdim. Ayol to‘rdagi xonaga boshladi. Keyin bolasini qizga tutqazib, choy-poyga unnash uchunmi ketdi.
– O‘tgan safar bunaqa og‘ir ko‘rinmagan edingiz, – dedi qiz o‘tirishim bilan. – Bakir akaning qo‘toniga kelganingizda ko‘rgan edim.
– Ha… E’tibor qilmagan ekanman, qayerda edingiz?
U ko‘rsatkich barmog‘ini bigiz qilib yuqorini ko‘rsatdi. Hech narsani tushunmay, qoshlarimni chimirgancha savol nazari bilan qarab turaverdim.
– Osmonda, – dedi so‘ng pichirlab. – Yuqoridan sizni kuzatgan edim.
– Ancha sho‘x ekansiz, – dedim gapini hazilga yo‘yib. – Qishloq qiziga ham o‘xshamaysiz-a?
– Ismim Sadoqat.
Telbaga boqqanday qaradim unga. Rosti, ayni dam u juda g‘alati ko‘rinardi ko‘zimga.
– Buni so‘raganim yo‘q-ku?! – hayronligimni yashirib o‘tirmadim.
– Lekin so‘ramoqchi edingiz, – kulimsiradi.
Darvoqe, shunday o‘y ko‘nglimdan kechgan, biroq botinolmayotgan edim. Fikr o‘qishga usta bu qiz kimligini hali bilmayman.
Shu mahal juvon dasturxon ko‘tarib kirdi.
– Bu kishini tanidingizmi? – dedi qiz unga. – O‘tgan yili qo‘tonlaringga kelgan muxbir. Dunyoga jar soldilar-u, qo‘zichoqni o‘ldirdilar.
– Qo‘zichoq o‘ldimi? – dedim ajablanib.
Bakir cho‘pon shaharda uchrashganimizda bu haqda og‘iz ochmagandi.
– Ha, – javob qildi juvon. – Gazetaga yozganingizdan keyin qiziqqan odamlar kelib ko‘raverdi. Bir oy o‘tmay dirkillab yurgan qo‘zi to‘satdan o‘lib qoldi. Ko‘z tegdimi, kim bilsin…
Xuddi hammasiga men aybdordek jimgina bosh egdim.
– Endi itlar haqida yozing, ular ham bir qirilsin, – dedi Sadoqat hazilni davom ettirib.
Ammo suhbat ayni menga kerakli mavzuga burilgan edi.
– Itlarning o‘limi sizga nega kerak bo‘lib qoldi? – o‘zimni go‘llikka soldim.
– Sizlarni bilaman, hech qayerga shunchaki bormaysizlar. Quturgan it haqida eshitib kelgansiz-a bu safar?
Ohista bosh qimirlatdim. Bu qiz balo chiqib qoldi.
– Siz uni ko‘rdingizmi? – so‘radim.
– Kimni? Itnimi? Yo‘q. Odamlar vayrona uyga kirishganida men shundoqqina o‘n qadam narida turgandim. Hozirgina quturgan it shu yerga kirdi, deyishdi. Mening o‘zim ikki minutgina oldin o‘sha vayrona uyda edim. Xullas, odamlar menga ishonmadi, men ularga. Ertakchiga o‘xshayapmanmi?
– Qaydam, – dedim o‘yga botib.
Adashmasam, Hakimboyning qizi deganlari shu bo‘lsa kerak. Uning xatti-harakatlari, o‘zini tutishi, muomala, fikrlashi ham, umuman, biror xislati qishloq qizlariga o‘xshamasdi. Yana bu mening fikrim.
– It g‘ajigan bola sinfdoshim edi, – Sadoqat suhbatni davom ettirdi. – Mana shu ko‘chada yuz bergan bu. Keyin it o‘sha uyga kirgan emish. Siz shu gapga ishonasizmi?
– Bilmasam.
Xonadon bekasi tovoqda qovurilgan go‘sht olib kirdi. Qiz ham dasturxonga yaqinroq surilarkan, yana chakagi ochildi:
– Behruz o‘zi sinfda eng bo‘ydor edi. It g‘ajigan bolani aytayapman. Ko‘p qizlarga yoqardi. Lekin menga emas. Bir gal urishib qoldik. Bir shapaloq urgandim, chunonam tepdiki oyog‘imga, bir hafta o‘rnimdan turolmay yotdim. Uydagilarga yiqildim dedim. Lekin otam kimdandir hammasini bilib, miltiq ko‘tarib borganlar uyiga. Umuman, sinfimizdagi o‘g‘il bolalarning hammasi bilan janjallashganman.
– Bo‘ldi qilsang-chi! – dedi juvon unga qarab. – Uyalmay laqillashingni qara!
Uning tanbehidan xursand bo‘ldim. Chunki qiz hayajongami, xotiraga berilib, men uchun mutlaqo ahamiyatsiz bo‘lgan mavzuga o‘tib ketgandi.
Bir ozdan so‘ng u ketdi. Juvon ham bolasini olib tashqari chiqdi. Qirq daqiqalar xayol surib o‘tirdim. Yashirmay aytsam, nimagadir bu yerdagi vazifam xususida emas, Sadoqat haqida o‘yladim. Chechan qiz menda boshqacha taassurot qoldirgan edi. Ya’ni shahar qizlarida uchramaydigan nimadir bor edi unda.
Nihoyat ichim torlik qilib, ko‘chaga chiqdim. Sal quyiroqda aftidan kimsasiz xaroba uy ko‘rindi. Menimcha, u quturgan it yashiringan uy – yo‘lovchilardan biri ta’kidlagan rahmatlik To‘raning uyi. Ko‘chada hech zog‘ yo‘q edi. Ohista o‘sha tomon odimladim. Yetib borib qarasam, inson zoti istiqomat qilishi mumkin bo‘lgan go‘sha emas ekan. Eshik-derazalarni kimlardir qo‘porib ketgan chog‘i. Loysuvoq devorlarni yomg‘ir yuvib, juda achinarli holga keltirib qo‘ygan. Shu mahal qishloq odamlarining olis-yaqin sadolari quloqqa chalinib tursa ham, negadir to‘satdan quturgan it paydo bo‘lib, hamla qilib qolishidek vahm oraladi yurakka. Endi izimga qaytmoqchi edim, Sadoqatga ko‘zim tushdi. Xaroba uy bilan ularning hovlilari o‘rtasida hech qanaqa to‘siq yo‘q ekan. O‘zi meni ko‘rib, shu tomon yaqinlasha boshladi.
– Zerikkanga o‘xshaysiz, – dedi jilmayib. – Yo razvedkaga keldingizmi?
– Qanaqa razvedka? – taajjublandim.
– Bilmaysizmi, bu uy quturgan itning makoni. Odamlar shunaqa deyishadi. Siz nima deb o‘ylaysiz?
– Ishonish qiyin, – dedim uyga yana bir nazar tashlab.
– Yuring, sizga bir narsa ko‘rsataman, – Sadoqat to‘satdan jiddiylashib qoldi.
Indamay ergashdim unga. Pastqamgina, eshiksiz birinchi xona bo‘sag‘asidan hatlashimiz bilan ishora qildi. Yerda son-sanoqsiz g‘ajilgan suyaklar sochilib yotardi.
– Bular odamniki emasmi mabodo? – hazillashgan bo‘ldim.
– Yo‘g‘-e, – seskanib ketdi u. – Bunaqa qo‘rqinchli gaplarni gapirmang. O‘zi qishloqda bir kishini it qopdi-yu, to‘rt tomonga ovoza bo‘ldi. Lekin qishloqdagi hammaning iti o‘z joyida. Ko‘rgan odamlar quturgan itning qora rangda ekanligini biladi, xolos. Xo‘sh, sizningcha nimaga boshqa itlar quturmayapti? Axir, uch kun bo‘ldi shu voqeaga.
Endigina maktabni tamomlagan qishloq qizining detektivona mulohazasi meni ham o‘ylantirgandi. U yana nimalarnidir gapirishi mumkin edi, ammo uyi tomondan birov nomini tutib chaqirdi.
– Ertaga ketmasangiz, suhbatni davom ettiramiz, – dedi jilmaygancha uzoqlasharkan.
Ortidan kuzatib qolarkanman, g‘alati bo‘lib ketdim. Nazarimda, uning hamma harakatlari o‘ziga yarashadi. Xaroba hovli chetidagi tuproq uyumi ustidan bir hatlab o‘tgani ham…
Bakir cho‘pon qosh qorayganda qaytdi. Meni ko‘rgach, uncha qadrdon bo‘lmasak-da, quchoqlashib ko‘rishdi. Kechki ovqat ustida uch oyoqli qo‘zichoqdan boshlangan suhbatimiz quturgan itga borib taqaldi.
– Ertalab ikkitasi kelgan edi, – dedi cho‘pon. – Veterinariyaning itlar bilan ishlash bo‘limidan ekan. Qariyb bir qop dori ko‘tarib kelibdi shovvozlar.
– Izi ham topilmayotgan itga qanday qilib dori berarkan?
– Men ham shuni aytaman-da! Eng yomoni, soppa-sog‘, ayrim odamlardan aqlli itlarni o‘ldirmoqchi ular. Qattiq munozara boshlangan edi, asta itlarimni ergashtirib jo‘nab qoldim. Ertaga siz ham ularga qo‘shilasizmi?
– Yo‘q, – dedim. – Lekin sizning itlaringizga tegishmaydi.
– Bizda qora it yo‘q, uchalasi ham oq-sarg‘ish. O‘sha kuni bola dodlaganida birinchi bo‘lib men chiqdim. Uni qonga bo‘yab tashlagan qora it menga bir qaradi-yu, boshini quyi solib, To‘radan qolgan uyga kirdi. Ortimdan katta vajohat bilan chiqqan uchala itim ham negadir uni ko‘rib jimib qoldi. Odamlar to‘plangach, tayoq olib, o‘sha uyni obdon ko‘zdan kechirdik. Na it bor, na biron izi. Sadoqat bog‘larida yurgan ekan. Shu holida u itni ko‘rmasligi mumkin emas. Lekin hech narsani sezganim yo‘q, deydi.
– Demak, bu yerga muxbir ham, veterinar mutaxassislar ham emas, eng mohir izquvarlar kelishi kerak, – dedim odatiy ohangda.
– Kinoya qilyapsiz-a? To‘g‘ri, bir qarashda kulgili hol. Lekin o‘lim to‘shagida yotgan bola esga tushsa, kulgi emas, dahshat tuyuladi bu.
Bakir cho‘pon shunday deb endi piyolaga qo‘l uzatgan ham ediki, ko‘cha tomondan baqir-chaqir sadolari qulog‘imizga chalindi. Tez qo‘zg‘alib, tashqari chiqdik. Tun nihoyatda oydin edi. Yigit kishining jon holatda dodlashi va shu barobarida itning g‘irillashiga o‘xshash tovushlarni eshitib, ko‘cha tomon yugurdik. Yo‘l-yo‘lakay cho‘pon qo‘liga ilingan tayoqni olib, itlarini chaqirdi. Ko‘chaga chiqishimiz bilan esa o‘q ovozi yangradi-yu, orqa oyog‘i oqsoqlanib xaroba uyga kirib ketgan qora itni xiyol ilg‘ab qoldim. Miltiq tutgan mo‘ylovli odam it ortidan chopishini ham, qolishini ham bilmay, nihoyat qonga botgancha ingrab yotgan o‘smir ustiga engashdi.
– Nima gap, qo‘shni? – dedi cho‘pon halloslagancha.
Ammo nima gapligini o‘zi ko‘rib turgandi. Shu bois bir to‘xtab, yana yurishini davom ettirdi. Kimsasiz uy ostonasida qon izi oy yorug‘ida ko‘zga tashlanardi. Bunga yanada amin bo‘lish uchunmi, cho‘pon ko‘kimtir nur taratuvchi chaqmoqtoshli fonarini yoqdi va belgi yaqqol ko‘rindi. Qon izidan ohista boraverdik. Cho‘pon yo‘g‘on tayog‘ini mahkam qisib, oldinda odimlardi. It esa bizni ayni Sadoqat menga ko‘rsatgan, sathida suyaklar sochilib yotgan xonaga yetakladi.
– Ehtiyot bo‘ling! – dedim yaqinlashganimizda.
Biroq saldan keyin bir-birimizga nochor termulishdan o‘zga ilojimiz qolmadi. Chunki qon izlari xona o‘rtasida tugagan, lekin tuproq, xas-cho‘p va suyakdan bo‘lak hech vaqo yo‘q edi bu yerda.
– Endi ishondingizmi? – cho‘pon menga qaradi.
– Tushunmadim. Nimaga ishonishim kerak?
– Itning shu yerga kirganiga. Lekin u qayoqqa gumdon bo‘ldi?
To‘g‘risi, hech qanaqa fikr bildirish qo‘limdan kelmasdi. Yarador maxluqning allaqayga g‘oyib bo‘lganidan ham qon izlari xonaning qoq o‘rtasiga kelib yo‘qolgani qiziqtirardi meni. To‘rt tomonga nazar tashlab, devorlar ostida it tugul kalamushni bag‘riga sig‘diradigan tuynuk yo‘qligiga amin bo‘ldim. Bu dahshatdan ko‘ra ko‘proq g‘ayritabiiy hodisaga o‘xshardi.
Bir zumda butun guzar to‘plandi. Kimdir do‘xtirga chopdi, boshqa birov shaharlik mutaxassislar tunagan uyga. Men esa Bakir cho‘ponning bezaksiz xonasiga kirib, o‘y surishda davom etdim. Bir xayolim ertagayoq shaharga qaytib, shunchaki bir yuzaki maqola tayyorlamoqchi ham bo‘ldim. To‘g‘ri-da, bir dunyo ishim qolib, qaysi bir qishloqdagi quturgan it payiga tushish zaril kelibdimi menga? Eshitganlar nima deydi? Har tugul rosa masxara qilishsa kerak. Ammo Sadoqat esimga tushishi bilan bu qishloqni tark etgim kelmasdi.
Nihoyat Bakir cho‘pon horg‘in holda qaytdi.
– Uch kundan beri birov ko‘rmagan uni, – dedi ko‘rpachaga cho‘karkan.
– Kimni?
– Itni aytayapman. Uch kun oldin Choriboyning o‘g‘lini qopganidan keyin hech kim ko‘rmagan. Bu oqshom qaysi go‘rdan paydo bo‘ldi. Bilasizmi, o‘n minutcha oldin shu yerdan o‘sha bolaning singilchasi o‘tgan. Yaxshiyam unga tegmagan it.
– Bexabar qolgandir-da.
– Kim biladi. Lekin qizcha xuddi shu yerda katta qora itni ko‘rdim deyapti. Bola-da, uning aytishicha, o‘sha it ortidan kuzatib qolganmish.
– Soddasiz-a, siz qishloq odamlari, – qo‘l siltab qo‘ydim.
– Ilgarilari ham bitta-yarim it quturib turardi, – dedi cho‘pon endi yonboshlab. – Qishloq chetida yashaydigan eshon buva qirq kun ichida dam-duosini qilgandan keyin quturgan it hamla qilgan odamlar ham, mollar ham hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib ketardi. Lekin Choriboyning o‘g‘lini ko‘rib, endi menga hojat qolmagan, debdi.
Birinchi kun sarguzashtlaridan tolganim sababmi, ko‘zlarim uyquga moyil bo‘la boshladi.
– Uxlayapsizmi? – dedi cho‘pon. – Mayli. Aytganday, kechasi tashqari chiqmoqchi bo‘lsangiz, meni uyg‘oting.
Nazarimda, qishloq xavfli hududga aylangan edi. Har nima bo‘lganda ham hali o‘lim holatlari yuz bergani yo‘q. Biroq tushunishimcha, quturgan it g‘ajigan birinchi bolaning tirik qolishiga hech kimning ishonchi komil emas. Ikkinchisini ham Xudo biladi.
Ertasi nonushtadan so‘ng cho‘ponning xotini yangi gap topib keldi:
– Kecha oqshom Sadoqat tomdan yiqilibdi. O‘ng oyog‘i ezilgan ekan.
– Bemahalda pishirib qo‘ygan ekanmi tomda? – dedi Bakir cho‘pon.
Keyin menga qaradi. Bu xabardan vujudimda titroq uyg‘onib, boshimni quyi solgancha o‘tirardim.
– Yaxshi qiz u, – dedi cho‘pon oddiy ohangda. – Kunora biznikiga kelib turadi.
– Kecha ko‘rgandim, – dasturxonga qarab gapirdim.
– Kecha shu yerdamidi? Aytgancha, u sizni yaxshi eslab qolgan. Necha bor so‘radi mendan, qachon keladilar deb. Erga tegsang, to‘yingga keladi, dedim.
Zo‘raki jilmaydim. Ayni damgi kechinmalarim esa yolg‘iz o‘zimga ayon. Men uni bugun ko‘rolmaslik dahshatidan ezilardim. Nima uchun unda bir necha kun qolishga qaror qildim bu yerda? Ehtimol ertaga ham ko‘rmasman uni. Nega endi hamma qolib, Sadoqat tomdan yiqilishi kerak?
– Kechagi joyni bir ko‘zdan kechirmaymizmi? – deb qoldi cho‘pon to‘satdan.
Ayni muddao bo‘ldi men uchun. Bahonada Sadoqatga bir-ikki qadam yaqinroq bo‘laman. Juvonning aytishicha, u uyida ekan. Umuman, bu oila kamdan kam hollardagina do‘xtirga murojaat etar, boshqa jarohatlarni giyohlar yordamida o‘zlari davolarmish.
Xaroba uy ostonasida cho‘pon ikkalamiz bir-birimizga qaragancha qotib qoldik. Chunki tuproq yuzida biz kecha tunda yaqqol ko‘rgan qon izlari yo‘q edi! Sherigim o‘zicha yer bo‘ylab alanglar, hassasini yo‘qotgan ko‘r kabi ayrim joylarni paypaslab ham ko‘rardi. Nihoyat boshini ko‘tarib, tag‘in men tomon hafsalasiz nigoh tashladi. Mening esa nimagadir o‘z-o‘zidan asablarim taranglasha boshlagan edi.
– Bu qanaqasi? – dedi cho‘pon. – Sizningcha, buni qanday izohlash kerak?
– Aytingchi, men Sherlok Xolmsga o‘xshaymanmi? – dedim yarim jahl bilan.
– Tushunmadim, – hayron qoldi. – Kim u Xolmsingiz?
– Nega hamma narsani mendan so‘rayverasiz? Nima, Aflotunmanmi sizga?
– Kechiring, – dedi nigohini mendan uzib.
Aminmanki, ayni damgi muomalam u uchun kutilmagan, ammo asabiylashganimni shundoq ko‘rib turardi. Boshqa gapirmay, suyak sochilib yotgan xona tomon yurdi. Men joyimda qotib turaverdim, chunki u yerdan ham hech qanaqa qonli iz topilmasligiga shubha qilmasdim. Beixtiyor nigohim qo‘shni hovli taraf oqdi. U tomonda esa hech kim ko‘rinmasdi. Telba ko‘ngil izmiga bo‘ysunib, kecha Sadoqat sakragan tuproq uyumi ustidan mening ham bir hatlab o‘tib ketgim kelardi…
– Ketdik, – dedi qaytib kelgan Bakir cho‘pon.
Bu qishloqda qiladigan ishim qolmagan. Lekin shaharda nima bor menga? Yana o‘sha muharrirning ko‘zoynak ostidagi sovuq ko‘zlari, alifni kaltak deb yurganlarning o‘nlab qog‘oz qoralab yaltoqlanishi, sha’nimga soxta maqtovlar… Bari Sadoqatning bir tabassumiga arzimaydi, bilsangiz.
Uyga yetgunimizcha cho‘pon bir og‘iz ham so‘z qotgani yo‘q. Shu mahal bu uyda o‘zimni ortiqcha sezdim. Axir, meni deb u bugun molni yaylovga haydamadi. Dastyor bo‘ladigan bolasi ham yo‘q hali. Menda esa ko‘ngil istagidan oriyat ustun keldi.
– Endi qaytsam, – dedim sekin tovushda. – Yo‘l-yo‘lakay veterinarlarga uchrashib, qolgan gapni bilib olaman. Rahmat sizga!
– Bu gapingizni qo‘ying. Ketish mehmondan emas. Zeriksangiz, men bilan yuring, mollarni sug‘orib kelaman. Bo‘lmasa, uyda yo qishloqda aylanib turing.
Xullas, yana uyda qoldim. Tush mahali cho‘ponning xotini dasturxon yozishi bilan tashqaridan tanish sado chalindi qulog‘imga. Sakrab o‘rniimdan turgim, hayqirib eshikka otilgim keldi. Jimgina hayajonimni ichimga yutarkanman, oqsoqlanib Sadoqat kirib keldi.
– Endi qutuldik, kelmaydi deb o‘ylaganmidilaring? – dedi salom-alikdan so‘ng.
– Emaklab kelishdan ham toymaysan-ku, – hazil qilgan bo‘ldi juvon.
– Sizga nima, akamni ko‘rgani keldim.
Bu gapdan so‘ng u shunday qaradiki… mana shu nigohda dunyoning bor go‘zalliklari, Tangri insonga ato etishi mumkin bo‘lgan jami nafosat mujassam edi go‘yo. Aslida uning cho‘ponnimi, menimi nazarda tutganini aniq bilmasdim, biroq ikkinchi to‘xtamimga ko‘proq ishonar edim.
– Laylakka o‘xshab qolibsiz-ku, – dedim men ham o‘z navbatida hazil bilan.
Uning o‘ng oyog‘i to‘pig‘igacha chandib bog‘lab tashlangan, oq lattaning ayrim joylarida qon yuqi qotib qolgandi. Shu payt birdan zehnim o‘z-o‘zidan ishlab ketdi.
– Kechagi gapingiz esimda, – dedim qizga qarab. – Sinfdoshingiz oyog‘ingizga tepganida yolg‘ondan yiqildim degansiz. Lekin bu safar durustroq bahona izlasangiz bo‘lardi.
– Bu bilan tomdan yiqilganing ham yolg‘on demoqchimisiz?
Shunda qo‘shni xonadan bola ovozi eshitildi-yu, cho‘ponning xotini shoshib chiqib ketdi.
– Bilasizmi, Sadoqat, – davom etdim men, – tomdan yiqilganda oyoq sinishi, bo‘g‘imidan chiqishi yoki lat yeyishi mumkin. Siz yo oyog‘ingiz bilan biron o‘tkir narsaga kelib tushdingizmi?
U jim qoldi. Bir muddat sukunat cho‘kdi o‘rtamizga. Keyin chala tabassum bilan men tomon boqib, gap boshladi:
– Yomonsiz. Aldar Ko‘sa ham aldolmasa kerak sizni. Rostini gapiray sizga, lekin hech kimga aytmang, xo‘pmi? Kecha oqshom hovlimizda o‘z-o‘zidan oyog‘imda og‘riq sezdim. Yoruqqa o‘tib qarasam, bir tomoni kesilib, qon oqayapti, suyagi esa zirqirab og‘riydi…
– To‘xtang, to‘xtang! – dedim shoshib. – Bundan ko‘ra birinchi bahonangizga ishonsam yaxshi emasmi?
– Ixtiyoringiz. Siz yolg‘on bilan haqiqatni ajratolmas ekansiz.
– Men teorema bilan yashayman, – dedim kulib, – aksioma bilan emas.
– Matematikani yomon ko‘raman. Umuman, bironta fan yoqmasdi menga. Lekin kitob o‘qib turardim.
Nimagadir bu galgi suhbatimiz unchalik qovushmayotgandi. Darhol mavzuni o‘zgartirish maqsadida gap izlay boshladim. Biroq bunga ulgurmasimdan Sadoqatning o‘zi so‘rab qoldi:
– Qachon qaytasiz?
– Bilmasam, – dedim yelka qisib. – Sizningcha, men uchun ham qishloq xavflimi?
– Nimaga endi? Menga desa, butunlay shu yerda qolsangiz qani edi! Ishonsangiz, bu qishloqda biron kishi tushunmaydi meni.
Shu gapni aytarkan, yarador oyog‘i tolib qoldi shekilli, oldinga qarab cho‘zdi-yu, men tomon uyalinqirab qaradi:
– Kechirasiz.
– Yo‘q, yo‘q, xijolat bo‘lmang, – dedim o‘ng‘aysizlanib.
Xonaga juvon kirdi-da, emizikli bolasini Sadoqatning yoniga yotqizib, chiqib ketdi.
– Faqat oyog‘imga ehtiyot bo‘lasan, kichkintoy, – dedi u bolani qo‘yniga olib. Keyin menga yuzlandi. – Murodni ham quturgan it g‘ajibdi-ya?
– Ha, kechagi bolami?
– U ham sinfdoshim.
– Qarang-a! – dedim yasama hayrat bilan. – Qishloqning hamma odami bilan bir sinfda o‘qiganmisiz deyman.
Sadoqat ilk bor yayrab kuldi. Va bu kulguga berilib ketib, «voy» degancha oyog‘ini ushlab qo‘ydi. Men esa unga kechagi fojiani miridan sirigacha aytib berdim. Albatta, qon izlarining g‘oyib bo‘lishi haqida nima fikr bildirolardi u. Ammo diqqatimni tortgan javobi shu bo‘ldi:
– Menimcha, quturgan it deb atayotganlaring yo sirli, yo ongli narsa.
…Bakir cho‘pon peshindan o‘tib keldi. Topgan gapiga qaraganda, kechagi ikkinchi bolani ham eshon buva qaytargan, noiloj shahar shifoxonasiga olib ketibdilar. Biz esa bunday ko‘ngilsizlik navbatdagi oydin oqshomda ham yuz berishini hali bilmasdik.
Bu safar es yo‘qotar darajada cho‘pondan oldin o‘zimni ko‘chaga urdim. Chiqdim-u… ko‘zlari yonib turgan qora maxluq bilan yuzma-yuz keldim. O‘shanda o‘lim hissi kechgani yo‘q tanamda. Aksincha, o‘zi bahaybat itning sarg‘ish ko‘zlari allanechuk mungli tuyuldi menga. Ana shu ma’yus ko‘zlarini uzmay tikilarkan, ortimdan tayoq ko‘tarib chiqqan cho‘ponni ko‘rib, shahdam burildi. Shunda men yerda qonga botib yotgan bolaga ham, hurkigancha ancha uzoqqa ketib qolgan eshakka ham e’tibor qilmadim. Hayotim xavf ostida qolishi mumkinligini o‘ylab o‘tirmay, bira-to‘la hamma jumboqqa nuqta qo‘yish niyatida itning ortidan yugurdim. U oqsoqlanib choparkan, odatdagidek xaroba hovliga urdi o‘zini. Men ham katta tezlikda ostonaga yaqinlashdim-u, boshini xiyol egib kelayotgan qizga urilib ketishimga bir bahya qoldi.
– Sadoqat?!
– Siz? – uning katta-katta ochilgan ko‘zlari hayratdan qotib qoldi. – Tinchlikmi?
– Ko‘rdingizmi uni? – dedim hovliqib.
– Kimni?
– Itni! Quturgan itni!
– Qachon?
– Nimaga, axir?! – baqirib yubordim. – Nega ko‘rmaysiz? O‘n sekund ham bo‘lgani yo‘q.
Shu asno kimdir qo‘lini yelkamga qo‘ydi. O‘girilsam, cho‘pon.
– Tinchlaning, – dedi sekin ovozda.
Alamdanmi, g‘azabdan tomirlarim titray boshladi. Qisqa-qisqa nafas olgancha ortga burilarkanman, bir zumda ko‘cha odamga to‘lganini ko‘rdim. Izdihomga yaqinlashdik. Qip yalang‘och holga kelib qolgan o‘smirning nafas olayotgani ham sezilmasdi.
– Farrux! – dedi Sadoqatning ko‘zi tushib. – Sog‘ joyi qolmabdi-ku?! Qanday dahshat!
Shunday dedi-yu, kutilmaganda birdan bag‘rimga otilib, ho‘ngrab yig‘lay boshladi. Yuragim to‘xtab qolgandek tuyuldi o‘zimga. Hamma bizga qaradi. Men esa o‘sha lahza nainki yerda chalajon yotgan bolani yo bir to‘p olomonni, balki butun borliqni unutishga tayyor edim. Telba edim men o‘shanda. Faqat bag‘rimda ko‘ksi silkinib yig‘layotgan qizni nima deb ovutish mumkinligini o‘ylardim, xolos. Ammo bundan avval uning nega ko‘z yosh to‘kayotganini bilishim kerak edi.
– U… biron yaqing kishingmi? – dedim beixtiyor sensirab.
– Sinfdoshim.
Ana shunda miyamning qaysi bir qatlamlarida og‘riq uyg‘ondi. Ohista o‘zimni qizdan tortarkanman, hayrat to‘la nigohini menga tikkan erkagu ayollarning bittasiga ham qaray olmadim. Nimagadir Bakir cho‘ponning uyiga ham kirgim kelmasdi. Kimsasiz kengliklarda tinmay yugurishni, bo‘ri kabi osmonga qarab uzoq-uzoq hayqirishni istardi yurak. Yurak telbalikni ixtiyor etayotgandi. Xuddi shu yurakka ro‘parasida butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘lib turgan o‘lim hissi tamomila yot edi.
Sadoqat ortiga keskin burildi-yu, shoshganicha kimsasiz uyga kirdi. Men boshimni egganimcha cho‘ponning yog‘och eshigi tomon odimladim. Aftidan yaradorning onasi bo‘lsa kerak, ro‘moli sirg‘alib bo‘yniga tushgan ayolning faryodi tun ko‘ksini yorardi. Boshqa ikki-uchta odamgina uning atrofida kuymalanar, qolgan hammasining tig‘li ko‘zi menga qadalgan edi. Uyga kirib, o‘zimni ko‘rpachaga tashlarkanman, isitmalagan bemor kabi a’zoyi tanim o‘t bo‘lib yonardi.
Bakir cho‘pon yarim soatcha keyin keldi. Men tomon istar-istamas bir qarab, to‘shakka cho‘zildi.
– Bunisini shaharga olib borishga ham hojat qolmabdi, – dedi shiftga tikilib. – Onasi ham taqdirga tan berdi. E’tibor qilyapsizmi, la’nati it kundan kun vahshiylashayapti.
– Men boshqa narsaga e’tibor qaratyapman, – dedim o‘ychan holda. – Ayting qani, nima uchun u faqat Sadoqat bilan bir sinfda o‘qigan yigitlarga hujum qilayapti?
– Kasbingizga xos tomonlaringiz seziladi-da! Bu shunchaki oddiy tasodif. quturgan it shu ko‘chadan o‘tgan bolalarga hamla qilayapti.
– Nega unda kechagi bolaning singilchasini jim kuzatgan? – bu safar ovozimni sal ko‘tardim. – Bu haqda o‘zingiz aytgan edingiz.
Cho‘pon bir daqiqalar sukut saqladi. Allanimalarni mulohaza qildi chog‘i. Tag‘in mendan so‘radi:
– Xo‘sh, nima deb o‘ylaysiz?
– Menicha, it bilan Sadoqatning o‘rtasida qanaqadir bog‘liqlik bor. U xaroba uyda bemalol yuradi. Bugun ko‘rdingiz-ku nima yuz berganini. It uning yonginasidan o‘tganiga yuz foiz ishonchimiz komil bo‘lsa ham, uni ko‘rmadim dedi. Qon izlarini kim yo‘qotgan sizning fikringizcha?
Bakir cho‘pon bu daf’a uzoqroq o‘ylandi. Shu og‘ir sukunat davomida ko‘ksimga bosh qo‘yib yig‘lagan qiz ko‘z o‘ngimda turli qiyofada namoyon bo‘laverdi.
– Unda nega ikkilanib o‘tiribsiz? – dedi nihoyat so‘zlarni dona-dona talaffuz qilib. – Sadoqat bilan ochiqchasiga gaplashing. Hammasini so‘rang undan. Uchta sinfdoshi haqida ham, bugun nimaga sizning bag‘ringizga otilib yig‘lagani haqida ham…
– Qo‘limdan kelmaydi, – xo‘rsinib qo‘ydim.
– Nega endi?
– Uni… yaxshi ko‘raman.
Cho‘pon ilon chaqqandek sapchib turdi o‘rnidan. Jiddiy qiyofamdan hazillashmayotganimni anglagach, o‘zga sayyoralikka duch kelganday qaradi.
– Siz unaqa odamga o‘xshamaysiz, – dedi nigohini uzmay.
– Tushunmadim. Umuman, odamga o‘xshamaysan, demoqchimisiz?
– Yo‘g‘e… haligi… Bilasizmi, Sadoqat hissiyotli qiz. Men aslida u sizni yoqtiradi deb o‘ylab yurardim.
– Muhabbat uchun bitta odam kamlik qiladi.
– Siz buni muhabbat deb o‘ylaysizmi?
Bosh qimirlatdim.
– Sizga qoyil qolmadim, – norozi bo‘ldi cho‘pon. – Yosh bo‘lsangiz ham ko‘pni ko‘rgan odam deb bilardim sizni.
– Ie, kecha uni og‘iz ko‘pirtirib maqtagan o‘zlari emasmi?
– Hali hammasi uchun meni aybdorga chiqararsiz, – cho‘pon endi chin-hazil aralash valaqlay boshladi. – Birovni maqtasam, shartta o‘shani sevib qolish kerakmi?
– Tushunmadim, nega uni qizg‘anayapsiz?
– Men sizni qizg‘anayapman, – dedi allanechuk sirli ohangda. – Bilasizmi, Sadoqatning g‘alati tomonlari ko‘p. Balki bu kulgilidir, lekin ba’zan undan qo‘rqayotganday bo‘laman.
– Hammasi it tufayli, – qo‘l siltab qo‘ydim. – Ko‘rasiz, ertaga bu jumboqning tagiga yetaman.
– Qanday qilib? Sizningcha, quturgan it odamga o‘rganishi mumkinmi?
– Bilmayman.
Biz yana ancha vaqt munozaraga berilishimiz mumkin edi. Ammo chiroq o‘chib qoldi-yu, uxlashni ma’qul ko‘rdik.
Bugungi kun hammasidan og‘ir, shu bilan birga farahli kechdi. Sadoqatning ham menda ko‘ngli borligiga shubha qilmasdim. Aytib qo‘yay, men jiddiy odamman. Xat yozish ham, kimlarnidir oraga solish usuli ham yoqmaydi menga. Hamma narsani yuzma-yuz qal qilish tarafdoriman.
Ertasi Sadoqatni ko‘rib esa ko‘ngil ochish xayolimdan uchib ketdi. Chunki u oqsamasdan, bamaylixotir ravon yurib kelardi.
– Ie, tuzalib qolibdilar-ku! – xursandligimni yashirmadim.
– Uncha jiddiy emasdi, – qo‘l uzatdi jilmayib. – O‘zingiz qalay?
– Bir navi. Bu yerda yuraversam, jinniga aylanib qolish hech gap emas.
– Ketmoqchimisiz? – shoshib so‘radi.
– Bilmadim, – dedim xo‘rsinib.
Cho‘pon mendan uzr so‘ragancha, kallai saharlab molni haydab ketgandi. Darvoqe, uyida istaganimcha qolishimni, lekin shaxsiy muammolarim yo‘lida hech qanaqa yordam so‘rab ovora bo‘lmasligimni qistirib o‘tdi. Xotiniga ham allanima deb shipshitgan shekilli, nonushtadan keyin umuman bezovta qilgani yo‘q u.
– Bir narsa so‘rasam maylimi? – dedi Sadoqat nigohini quyi tushirib.
– Nima ekan?
– Sevganingiz bormi?
Bir qalqib tushdim. Ko‘rinishidan sho‘x-shaddod qizning hech qanaqa shamasiz, jiddiy holda birdaniga bu mavzuga o‘tganidan dovdirab qoldim. Biroq tezda o‘zimni qo‘lga olib:
– Bor, – dedim unga qaramasdan.
– Ismi nima?
– O‘zingiz toping, – yana qaramay gapirdim. – Masalan, bu qishloqda eng ko‘p tarqalgan qizlar ismi nima?
– Hech nima! – dedi u o‘rnidan turib.
Vaziyat qaltis tus olayotganini sezdim. Holbuki, u mutlaqo boshqa Sadoqatga aylangan edi. Ochig‘i, bu yog‘iga so‘z topolmay qoldim. U esa ostonada to‘xtab, tag‘in men tomon qaradi. Chiroyli ko‘zlarida gina aralash g‘azab aks etayotgandi.
– Ketsangiz keting! – dedi dadil tovushda. – Lekin bilib qo‘ying, bironta shaharlik qiz sizga qo‘l tekkizsa, g‘ajib tashlayman!
– To‘xta, tentak! – dedim burilishi bilan. – Hali gapim tugagani yo‘q. Sening go‘zalligingni sezibman-u, jahling burning uchida turishi xayolimga kelmabdi.
Birdan uning qiyofasi o‘zgardi. Yonoqlari avval bir oz oqarinqirab, keyin asta-sekin qizillik yugurdi. Zo‘raki jilmayarkan, ko‘zlari kosasi namlanganini ilg‘adim.
– Nima, yig‘lamoqchimisan? – dedim o‘rnimdan turib.
U battarroq jilmayishga urindi. Biroq ko‘zi yoshga moyil bo‘laverdi. Shu ko‘yi ma’lum muddat nigohi ham, o‘zi ham qotib turdi-da, keyin birdan bag‘rimga otilib, kecha it g‘ajigan bolani ko‘rgan paytidagidan ham baland ovozda ho‘ngrab yig‘lay boshladi.
– Qo‘ysang-chi, jinni bo‘ldingmi, – dedim tartibsiz yoyilgan sochlari orasiga kaftim ko‘milib ketarkan. – Seni yig‘latmoqchi emas edim.
So‘ng yuzini kaftlarim orasiga olib, qizargan ko‘zlariga termuldim. Birdan etim seskanib, quturgan itning sarg‘ish ko‘zlarini ko‘rganday bo‘ldim. Padariga la’nat, taqdirim hal bo‘layotgan asnoda nega esimga keldi u maxluq? Axir, mening qo‘llarim orasida bir juft chiroyli ko‘z turibdi. Bu ko‘zlar meni yo bemisl baxtga eltishi, yo bo‘lmasa hayotimni barbod qilishi mumkin.
– Menga nima demoqchi edingiz? – dedi Sadoqat burnini tortib qo‘yarkan.
– Qo‘yaver, ko‘ngilsiz mavzuda gaplashmoqchi edim. Lekin hammasi bir pul menga. Xohlamasang, hech narsa aytma.
– Nimaga? – uning nigohi tikka tikildi. – Sizni yaxshi ko‘rishimni ham aytmayinmi?
–Tentak!
Nimagadir o‘zimning ham yig‘lagim keldi. Baxtdanmi, sarxushlikdan. Bu oniy lahzalarda muhabbatdan boshqasi bekor. Yovuz mavjudotlar ham, kerak bo‘lsa o‘lim ham yo‘q bu dunyoda. Faqat sevgi bor. Faqat mening bag‘rimda turgan, endi unsiz yig‘layotgan baxt bor, baxt!
– Ertaga ketaman, – dedim bir ozdan so‘ng. – Lekin yana kelaman.
– Qachon?
– Balki darrov, balki…
– Men ham ketaman, – dedi u araz va erkalik aralash. – Siz unutib yuborasiz meni.
– Jinni bo‘lma. Sen mening baxtimsan. Ishdan bir kunga ruxsat berishgandi. Shuncha qolib ketdim qishloqda.
– Meni eslab yurishingiz uchun esdalik qoldiraman, – dedi o‘ng qo‘limni ushlab.
Keyin kutilmaganda bilagimni shunday tishladiki, dodlab yuborishimga bir bahya qoldi.
– Esing joyidami? – dedim bir unga, bir qizarib tish izi qolgan bilagimga qarab. – Nima qilganing bu?
– Endi faqat meniki bo‘lasiz! – dedi tish izi qolgan bilagimni silab qo‘yarkan. – Butunlay!
…Tushdan so‘ng yolg‘iz qoldim uyda. Cho‘ponning ayoli ham qayergadir ketgandi. Bir mahal «Bakir aka!» degan ovozni eshitib, hovliga chiqdim. Bir o‘spirin bola cho‘ponni chaqirib kelgan ekan. Yo‘qligini bilib, ko‘cha tomon burilganida, zerikkanimdan men ham darvozadan chiqdim. Shunda birdan nigohim qotib qoldi. Kimsasiz uydan tanish it chiqqandi. «Demak, bu bola ham Sadoqatning sinfdoshi», degan fikrga keldim to‘satdan. Quturgan it esa meni ko‘rib chekindi. Kallam sira ishlashni istamay, bor kuchim ila ortidan yugurdim. Egasiz hovliga hatlashim bilan uning suyak sochilib yotgan xonaga kirganini ko‘rib qoldim. Ammo bu yog‘iga yurak dov bermadi. Yo‘lda davom etish uchun jur’at topmadim o‘zimda. Tizzalarimga qaltiroq yugurib, bir joyda qotib turarkanman, shu mahal ko‘zim tushgan manzara ta’sirida vujudimdagi qon sovib qolganday bo‘ldi. Xuddi o‘sha vayrona xonadan Sadoqat chiqib keldi!
– Sen?! – tovushim ham qaltirab, tilim so‘zga aylanmay qoldi.
– Siz bu yerda nima qilyapsiz? – dedi odatiy ohangda.
– O‘zing… nima qilyapsan?
Uyalinqirab jilmaydi o‘zicha.
– To‘xta! Yaqinlashma menga! – dedim bir qadam orqaga tisarilib.
– Nima bo‘ldi sizga? – u to‘xtab, taajjub to‘la ko‘zlarini menga tikdi.
Mening ko‘zimda esa dahshat qotib qolgan edi. Bu galgi vaziyat shu qadar g‘ayritabiiy ediki, xulosa tugul biror taxmin yaratishga ham ojizlik qilardi aqlim.
– Sen chiqqan joyga hozirgina quturgan it kirgandi, – dedim ko‘zlariga tikilib.
– It? Hazillashyapsizmi? Chumoli ham yo‘q u yerda.
Yana bir muddat ko‘zlariga qarab turdim-u, keyin sekin xaroba xona tomon odimladim. Yurak hovuchlab ichkariga nigoh tashlaganimda, chindan ham biror tirik jon yo‘qligiga amin bo‘ldim va bo‘ynimdan sovuq ter oqayotganini his qildim. Meni kuzatib turgan qiz tomon burilarkanman, nigohi savolga to‘la tuyuldi. O‘zim esa esdan og‘ayotganga o‘xshardim. Boshimni eggan ko‘yi indamay yaqinlashdim yoniga.
– Asabingiz charchagan ko‘rinadi, – dedi hamdardona ohangda. – Ko‘ngilsiz voqealar ta’siri.
Hanuz jim edim men. Miyamga urilgan fikrdan butun vujudim titrar, tomog‘imga bir nima tiqilib qolgandek edi.
– Bilasanmi, – dedim keyin unga qarolmay, –men bir qora maxluqni emas, go‘zal va mehribon qizni sevishni xohlayman.
– Tushunmadim?
– Nimasini tushunmaysan? – baqirib yubordim. – Nega quturgan it sen bilan bir sinfda o‘qigan bolalarga hujum qiladi? Ularning hammasi sen bilan janjallashgani uchunmi? Nega biz ko‘rgan itni sen ko‘rmaysan? Nima uchun u kirgan xonadan chiqasan-u, hech nima bilmaysan?
– Bas qiling! – dedi u baland ovozda.
So‘ng yuzini chetga burdi-da… g‘irillab qo‘ydi. Ana shunda yuragim urishdan to‘xtagandek tuyuldi o‘zimga. Nafasim qisilayotganini sezdim. Jon holatda yugurib, ko‘chaga chiqdim. Bo‘m-bo‘sh edi ko‘cha. Cho‘ponning uyiga kirdim-da, o‘zimni yerga otib, qorong‘u o‘rmonda yolg‘iz qolgan bo‘ri bolasidek uvillab yig‘lay boshladim. Bu ko‘rgulik nima uchun aynan menga atalishi kerak?..
Cho‘pon qosh qorayganda qaytdi. Tund qiyofamni ko‘rib, hech narsa so‘rashga botinmadi. Jim ovqatlandik. Bir soatcha keyin esa o‘q ovozidan birdan sergaklanib, ko‘cha tomon otildik.
– Men uni o‘ldirdim! – dedi bizga ko‘zi tushgan mo‘ylovli odam qo‘shog‘iz miltig‘ini baland ko‘tarib. – Aniq ko‘rdim yiqilganini.
Yuragim dahshatdan taka-puka bo‘lib ketdi. Qarshimdagi odam esa baloday ko‘rindi ko‘zimga. Keyin uchovlashib kimsasiz hovlini ko‘zdan kechirdik. Hech qayerda yo‘q edi itning jasadi. Hang-mang bo‘lganicha asabiylashayotgan erkak esa yer tepib baqirardi:
– Padariga la’nat! Xuddi mana shu yerda yiqilgan edi. Lekin qani?
Bizdan javob yo‘q edi, albatta. Cho‘pon ikkimiz jim, sherigimiz esa so‘kingancha qaytarkanmiz, to‘satdan qo‘shni uyda dod-faryod ko‘tarildi. Uchalamiz bir-birimizga tartibsiz qaradik. So‘ng ikkisi o‘sha uy tomon yo‘naldi. Men esa qimirlashga ham majolsiz edim. Yarim soatcha qotib turdim. Bu o‘ttiz daqiqa azobday uzun, baxt kabi qisqa edi. Hayot yo‘q edi bu o‘ttiz daqiqada. Faqat o‘lim, keyin baxt bor edi – ulkan, go‘zal, qop-qora baxt…
Nihoyat Bakir cho‘pon qaytib, hamon mening o‘rnimda turganimdan ajablandi. Bosh egib yonimga yaqinlashdi-yu, picha taraddudlangancha menga qaramay gapirdi:
– Sadoqat… o‘zini o‘ldiribdi.
Men o‘ldirgan edim uni aslida. Meni sevgani uchun, meni asrashga moyilligi va menga ajal hadya eta olmagani uchun…
Men bu kunlarni hali ko‘p eslayman. Ehtimolki chiroyli, bir maftunkor, lekin sarg‘ish nigoh olis-olislardan menga mehr bilan termulib turganini his qilarman. O‘zim bo‘g‘izlagan tuyg‘ularning qurboniga aylanaman bir kun. O‘shanda hech kim idrok eta olmaydi buni. Chunki men yig‘lamayman. Faqat dunyoning jami musibatini, go‘zallikdan qolgan g‘amgin yodgorliklarni ko‘zlarimda aks ettiraman. Shunda balki men uchun o‘lim istab kelgan yurak qo‘rqmay qarasa, ko‘zlarimning sarg‘ish tusga kirganini ilg‘ashi mumkin…
Ertasi ertalab cho‘pon bilan xayrlashib, yo‘lga otlanayotganimda qishloq butunlay dod-faryod sadolari ostida qoldi. Shahar shifoxonasidagi ikkita bolaning jasadini ham olib kelishgan ekan. Xuddi o‘sha mashinaga yolg‘iz mingashdim. Ko‘prikdan o‘tib, qishloqdan olislaganimizda kechagi kun yodi bilan o‘ng qo‘limga qaradim. Tish izi o‘z-o‘zidan yo‘qolibdi. Chuqur nafas olarkanman, vujudimda g‘alati o‘zgarish his qildim va… kimnidir g‘ajigim keldi. Haydovchi zo‘r berib rul boshqarar, bo‘yin tomiri esa bo‘rtib chiqqandi…