Jo‘ra Fozil. Xongul (qissa)

I

Bu yerlar Buxoro zaminining adog‘i…
Tiramoh. Daryo nuqradek yaltirab, malla barxanlar, qalin to‘qaylar, tillarang qamishzorlar ko‘ksini chok-chok etib, kuz suvlarini uzoq-uzoqlarga haydaydi. Endi u qoni jo‘sh urib, bosar-tusarini bilmay qolgan yigitga emas, vazmin, o‘rtayashar kishiga o‘xshab ketadi.
Sohil ranglar xilma-xilligidan telbalanadi. Sariq, qontalash, qirmizi tovlangan to‘qayzor ko‘zni qamashtiradi. Dov-daraxt – jiyda, turang‘a, terak kuz hukmiga bo‘ysungan. Faqat qora tollar sabza libosini yechmagan, yechishni istamagan. Ularning bu qilig‘i taqdiri azalga norizolik, xazonrez mavsumiga qarshi isyon bo‘lib tuyuladi. Tiramoh yurakka olib kirgan hazin ohanglarni bir zumgina to‘xtatadi, bahor hidi dimoqqa uriladi…

* * *

Ko‘roydin. Ona-bola sohilda emin-erkin sayr etib, nam tushib, ancha yumshab qolgan o‘t-o‘lanlarni erinibgina kavshashar, ahyon-ahyonda atrofga quloq tutishardi.
U Buxoro noyob bug‘ulari – Xongulning so‘nggi avlodidan bo‘lib, endi uch yoshga kirgan, oldida irg‘ishlab yurgan, shoxlari uch bergan kichkintoy birinchi bolasi edi.
Shamol qo‘zg‘algan, to‘qay xazonlar hushtagi, qamishlar shovullashiga to‘lgan. Oyning xiragina shu’lasi qaltiroq to‘lqinlar yelkasida parcha-parcha bo‘lib oqib ketardi.
Bir vaqt ona bug‘u chanqaganini sezdi. Jigargo‘shasini to‘qay etagida qoldirib, sohilga tushdi, Oy nuri qo‘shilib, kumushdek jimirlab yotgan suvga lab bosdi, huzur qilib simirdi. Qonib ichgach, ortiga o‘girildi, kerishdi va ko‘ksini baland ko‘tarib, burnini shamol esayotgan tomonga tutdi. U o‘ziga tanish va qadrdon hidni, bulturgi juftining bo‘yini izlardi. Shoxlari tarvaqaylab ketgan, oyoqlari baquvvat, katta-katta ko‘zlari yonib turadigan erkak bug‘u – Sardorning kelishiga hali ancha borligini bilsa-da, baribir izlardi, qo‘msardi.
U keladi. Jiyda barglari yanada quruqshab, tunlar biroz salqinlaganda, u albatta keladi va o‘tli o‘kirik bilan juftlari, raqiblari yuragiga g‘ulg‘ula soladi.
Ona bug‘u bu lahzalarni ham sevinch, ham qo‘rqinch bilan kutardi. Chunki ular uchrashguncha Sardor to‘qayning manaman degan erkak bug‘ulari bilan hayot-mamot jangiga kirishishi, haram egaligini saqlab qolish uchun ularni albatta yengib chiqishi kerak. Sardorning haramida undan tashqari yana to‘rtta qorako‘z urg‘ochi bug‘u bor. Ular ham Sardor izmida. Bu – ona bug‘uga yoqmasa-da, noiloj, to‘qay qonuniyati shunday.
Bulturgi jang ham juda shiddatli bo‘lgandi. Kun bo‘yi davom etgan bu olishuvda Sardor ikki erkak bug‘uni qora qoniga belagan, yana birining shoxini sindirgan va haramni ergashtirib, to‘qayning eng olis, eng bokira go‘shasi – Yo‘lbarsdaraga jo‘nagandi.
Ha, u keladi. Faqat, daryo suvi biroz tiniqlashsin… U albatta keladi va o‘tli o‘kirigi to‘qayni, ona bug‘u ko‘nglini to‘ldiradi…
…Ona bug‘u birdan hushyor tortib, seskandi, bolasi qolgan to‘qay etagiga nazar tashladi. Bolajoni bamaylixotir, endi mustahkam bo‘lib qolgan tishlari bilan “kurt-kurt” o‘t chaynardi. Ona uning istiqboliga yurdi. Bir necha qadam tashladi-yu, qotib qoldi. Atrof kunduzdek yorishib ketdi, ro‘parada Quyosh paydo bo‘ldi, lekin negadir Quyosh ikkita edi. Dahshatli gumburlash aro bolajonining ayanchli chinqirig‘ini va yana allaqanday gurillagan, g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir tovushlarni eshitdi, achchiq bir hid dimog‘iga urildi. Nima qilayotganini o‘zi ham bilmay, endi negadir uzoqlashib borayotgan Quyosh ortidan yugura boshladi.
Har qancha yugurmasin, shu’lalar tobora uzoqlashib borar, bolasining tanish hidi o‘rniga, achchiq bir bo‘y dimog‘ini to‘ldirgandi.
U qancha yugurganini bilmaydi, oxiri holdan toygach, yana tentiray-tentiray, bolasini qoldirib ketgan to‘qay etagiga qaytdi.
Birdan boshi aylandi: u ezg‘ilangan ajriq ustida bolasining hidini tuydi! Ajriqqa jigargo‘shasining issiq qoni to‘kilgandi. Nachora, ona jon holatda ajriqni yaladi, tamshandi, yana boshi aylandi va xira yog‘duda qorayib turgan qon xalqobiga gursillab yiqildi…
Ona bug‘u ko‘zini ochganda, daryo to‘la qon oqardi. Nahot, bolasining qoni hamon oqayotgan bo‘lsa, bu qanday bedodlik?! Yo‘q, ufqdan ko‘tarilayotgan Quyosh atrofni munavvar etgan, uning ilk nurlari daryo yuzini qonlantirgan edi.
Ona bug‘u zo‘rg‘a o‘rnidan turdi. Yurishga madori yo‘q, azoyi badani qaqshab og‘rirdi. Ko‘kraklari, oldingi oyog‘iga bolajonining ajriq, xas-cho‘p aralash qoni yopishib, qorayib qolgandi.
U oyoqlarini yaladi, ko‘zlaridan tirqirab yosh oqdi, yana atrofni tuman qoplaganday bo‘ldi va shundoq ro‘parasida jigargo‘shasining surma tortilgandek qora ko‘zlarini, endi shakllanayotgan shoxlarini ko‘rdi, jon holatda oldinga intildi. Lekin bir lahzada tuman tarqab, bolasi tubsiz bo‘shliqqa singib ketdi.
Butun vujudini allaqanday tushuniksiz, o‘tli bir og‘riq yondirar, suv ichgisi kelardi, lekin sohilga tushishga qo‘rqardi. Chunki kechagina jimir-jimir suv oqib yotgan daryo bugun qip-qizil qonga to‘la edi.
Bo‘ldi! U endi bu to‘qayni tark etadi. Tiksuvotga ketadi. U yer juda sokin, o‘t-o‘lan mo‘l, daryo ham shovqin solmaydi.
Tiksuvot… O, Tiksuvot, so‘lim maskan, bolaligi, balog‘at yoshi o‘tgan go‘sha… U yerda Sardorni ilk bora uchratgan edi.
Ular tengqurlari bilan to‘qay o‘rtasidagi sayhonlikda o‘tlab yurishar, bir-birlarini turtib, shoxlari bilan erkalab-suzib, nimadandir masrur, mag‘rur edilar.
Birdan to‘dada sarosima boshlandi. To‘qay ichkarisidan ko‘krakdor, shoxlari tarvaqaylagan erkak bug‘u chiqib, na’ra tortganicha, to‘da tomon quyunday yelib kela boshladi. Bu – Sardor edi, lekin uning Sardorligini yosh bug‘ular bilmasdilar hali.
Vahshat bilan kelayotgan Sardor to‘daga yaqinlashganda keskin to‘xtadi, birdan muloyim tortib, unga yaqinlashdi va shoxi bilan biqiniga sekin turtib, pishqirdi, so‘ngra bo‘yniga lab bosdi, baquvvat oyoqlari bilan yer tepindi…
So‘ngra… So‘ngra lazzatli bir og‘riq yosh bug‘uning butun vujudini yondirdi, munkib ketdi, lekin yiqilmadi.
Tiksuvot, Tiksuvot. Tiksuvotdan Yo‘lbarsdaraga yetib olish qiyin emas. Yo‘lbarsdarada yo‘lbars yo‘q, yo‘lbarslar qirilib ketgan. Yo‘lbarsdarada bo‘rilar bor. Bo‘rilardan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Ular odamlardek joningga qiynoq solmaydi, vujudingga yondirguchi qo‘rg‘oshin joylamaydi. Boz ustiga, yoningda Sardor turganda, bo‘ri nima degan gap?
Ona bug‘u bolasi qurbon bo‘lgan joyga so‘nggi bor nazar tashlab, Tiksuvotga yo‘l solmoqchi bo‘ldi. Lekin bu ne hol, oyoqlari yerga yopishganday, sira o‘rnidan qimirlayolmasdi. U turgan yerida gir aylanar, o‘sha mash’um naqtadan bir qadam ham nari jilolmasdi. Bir vaqtlar vujudini ko‘pirtirib so‘ng jigarbandiga ko‘chgan, endi esa sarg‘ish ajriqlar ustida qotib yotgan qon uni zaminga mixlab turardi.
Ona bug‘u shu taxlit necha kun yurdi, bilmadi. Kuz quyoshi daryo uzra yuksalib, to‘qay ajib nurga to‘lgan kunlarning birida u tanish o‘kirikni eshitdi, eshitdi emas, butun vujudi bilan his etdi. Lekin tovush avvalgidek g‘olibona na’ra emas, allanechuk alamli, ayanchli nido edi, nazarida.
Ona bug‘u butun borliqni unutib, ovoz kelgan tomonga qarab yugura boshladi. U shox-shabbalar badanini tirnaganiga ham e’tibor bermay, uzoq yugurdi. Ovoz yana takrorlandi, bu safar tovush avvalgisidan ham ayanchliroq edi. Ona bug‘u bir zum to‘xtab cho‘ziq nola bilan javob qaytardi-da, yana yugurishda davom etdi.
Sardor kelibdi! Sardor Yo‘lbarsdaradan qaytibdi, lekin ovozi nega bunchalar nochor, ayanchli?!
U bir tomoni tik qirg‘oq, bir tomoni jarlik bo‘lgan maydonchaga yetib kelganida, jang oxirlayotgan edi. Ona bug‘u bir chekkada jangni tomosha qilib turgan urg‘ochi bug‘ular to‘dasiga qo‘shildi.
Ana, Sardor! Sardor juda horg‘in, shoxlari butun, lekin biqinidan qon oqardi. Raqibi, o‘zidan yosh, durkun bug‘u, shoxining bir tomoni uchib ketgan bo‘lsa-da, u Sardorni yengayotgani aniq edi. Buni ona bug‘u darhol his etdi, badani junjikdi.
Mana, Birshox avval orqaga tisarila-tisarila, shaylanib, so‘ng shiddat bilan oldinga tashlandi va Sardorga qattiq zarba berdi. Zarba tovushi Sardorning jon achchig‘idagi nidosi bilan qo‘shilib ketdi. Ona bug‘u chaqmoq chaqdi, degan xayol bilan ko‘zlarini yumdi.
Ko‘zlarini ochganda, Sardor oyoqlarini cho‘zib, oqish bo‘ynini ko‘rsatgancha, yerda xirillab yotar, og‘zidan ko‘pik oqardi.
Evoh! Nahot, butun to‘qayni titratgan, bug‘ular yuragiga g‘ulg‘ula solgan Sardor shu bo‘lsa?! Nahot, Sardor yengildi?!
Ona bug‘u ortiq chidayolmadi, to‘dadan ajralib, so‘nggi nafaslarni olayotgan Sardorning tepasiga bordi. Sardor ham uning hidini tuydi shekilli, so‘nib borayotgan ko‘zlarini ochdi. Bir vaqtlar o‘t chaqnab turadigan ko‘zlari jiqqa yosh edi.
Ona bug‘u egilib, Sardorning tumshug‘iga lab bosdi, avval o‘ziga tanish, qadrdon hidni, keyin issiq qon hidini tuyib, seskandi. Sardorning qonidan bolasining isi kelardi! Ona bug‘u telbalanib, o‘kira boshladi, turgan joyida gir aylanib, yer tepindi, nola chekdi. Lekin hech kimning bu bilan ishi yo‘q, to‘dadagi barcha urg‘ochi bug‘ular chekkadan takabburona ko‘krak kerib turgan Birshoxning atrofida parvona edilar.
Ona bug‘u shu taxlit ancha muddat tumshug‘ini baland ko‘tarib nola chekdi. Sardorning sovub borayotgan lablarini takror yaladi, yulqadi. Erkak bug‘uning shuursiz ko‘zlari ochiq, ularda ko‘m-ko‘k osmon, sakkiz tepki atlasdek tovlanayotgan to‘qayzor aks etib turardi.
Ona bug‘u bir vaqt biqiniga kimdir turtayotganini sezdi, o‘girildi. “Haram”ning yangi sardori Birshox uni to‘daga chorlardi. Ona bug‘u noiloj unga ergashdi. Ko‘p o‘tmay Birshox va uning yangi “haram”i shox-shabbalarni qasir-qusur sindirib, rohat-farog‘at oyini o‘tkazish uchun manzil izlab, yo‘lga chiqdi. Yo‘q, ular Tiksuvot tomonga ham, Yo‘lbarsdara tomonga ham bormayotgan edilar. Birshox Qizqal’a to‘qayini xush ko‘rardi…

* * *

Qora quzg‘un ulkan qanotlarini shiddat bilan silkitganicha, balandlaydi. O‘ljasini yaxshiroq ko‘rib olish, so‘ng bir sho‘ng‘ib unga erishish uchun tobora yuksaklikka intiladi. Qanotlari ostida ajib jimir-jimir aro do‘mpayib yotgan, sarg‘ish qum rangidagi mavjudot o‘ziga yanada qattiqroq tortadi.
Mana, quzg‘un qanotlarini yig‘ib, toshdek pastga otildi va xuddi shu lahzada sohilda uni kuzatib turgan chavandoz ham ot boshini qo‘yib yubordi.
Quzg‘un va chavandoz jarlik uzra yastangan sayhonlikka deyarli bir vaqtda yetib keldilar. Lekin eng so‘nggi daqiqalarda quzg‘un qo‘rqoqlik qildi, o‘ljasiga yarim quloch qolganida, yana qanot qoqib balandladi va chavandoz tepasida charx ura boshladi.
O‘lja – qorni shishib ketgan, ko‘zlari allaqachon o‘yib olingan bug‘u jasadi edi.
Chavandoz otdan tushdi, tepasida dahshat bilan qanot qoqayotgan quzg‘unni hay-haylab quvdi. Quzg‘un odam tovushidan cho‘chib, biroz balandladi, lekin o‘ljasidan umid uzmadi. Chavandoz jasad ustiga engashdi, boshini sarak-sarak qildi:
– Eh, sho‘rlik Sardor, bechora Sardor! Yo‘lbarsdaraning ko‘rki eding, oqibat shu ekan-da. Afsus, ming afsus! Ha, mayli, nimayam qilardik. Taqdiri azal deganlari shu-da!
Uzoqdan avval cho‘ziq, keyin qisqa-qisqa o‘kiriklar eshitildi. Barqut mavsum – noyob bug‘ular – Xongullarning rohat-farog‘at oyi davom etardi.
Chavandoz ancha urinishlardan so‘ng sardorni otga o‘ngardi, o‘zi egarga minmoqchi bo‘lgan ham ediki, quzg‘un yana atrofda charx ura boshladi. Otliq jahli chiqib, yelkasidan miltig‘ini oldi va boshi uzra baland ko‘tarib, varanglatib o‘q uzdi. Yo‘q, u quzg‘unni mo‘ljalga olgani yo‘q, shundoq qo‘rqitish uchun otdi. Quzg‘un oxir-oqibat xiralikdan ish chiqmasligiga ko‘zi yetib, Qizqal’a vayronalari tomonga uchib ketdi. Chavandoz otini poshnalari bilan niqtab, yo‘liga ravona bo‘ldi.
Chamasi bir soatlardan so‘ng u Sardorning jonsiz tanasini salqin hujraga qulflab, korjomasini yechdi, qo‘l-betini yuvib, nimdosh choponini yelkasiga tashladi-da, qo‘riqxona uchun ham idora, ham mehmonxona, ham turar-joy hisoblangan bino tomon yurdi.
Uy tik qirg‘oqda joylashgan, ikki derazasi daryo, bir derazasi sariq barxanlar tomonga ochilar, hozirgidek oqshom va tun almashinayotgan pallada bu yerdan turib, atrofni kuzatish juda maroqli edi. Xonalardan birida hozir Sardorni saranjomlab kelgan to‘qay begi Rahim aka bilan yosh yozuvchi Anvar turishar, yana bir xonada yosh olima Gulnihol yashardi. Uch xonaning biri – umumiy oshxona va yemakxona vazifasini bajarardi.
Gulnihol Buxoro noyob bug‘ulari haqida ilmiy ish yozar, Anvar tabiatning ana shu so‘lim go‘shasi haqida bir qissa bitmoqchi edi. To‘qay begi Rahim aka esa o‘zini yolg‘izlik balosidan qutqazgan bu ikki yoshga baholi qudrat yordam berardi.
Qizqal’a atalmish bu qo‘riqxona markazdan juda olisda, yaqin to‘rt yuz-besh yuz chaqirim masofada biror-bir shahar, qishloq yo‘q edi. Bir tomonda qalin to‘qaylaru ulkan daryo, bir tomonda hududsiz sahro.
Gulniholning ilmiy ishi oxirlayozgan, Anvar esa qissa uchun endigina material yig‘ishni boshlagan edi.
Qizqal’a, ehtimolki, dunyoda yagona cho‘l-to‘qay qo‘riqxonasi bo‘lib, bu yerda umrbasar qiladigan aksariyat jonzot Xalqaro Qizil kitobga kiritilgandi. Shu bois Rahim aka har bir jonivorni asrab-avaylardi.
“Sardorning nobud bo‘lganini eshitib, Gulnihol ham toza xafa bo‘ladi-da. Qandoq aytdim endi?! Lekin aytmaslikning sira iloji yo‘q…”
Rahim aka shularni o‘ylab, dahlizda biroz taraddudlanib turdi-da, so‘ng etiklarini “tap-tap” urib, eshikni ochdi.
Gulnihol ildam o‘rnidan turdi.
– Buncha hayalladingiz, Rahim aka? Biz Anvar aka bilan endi sizni qidirishga chiqmoqchi bo‘lib turuvdik…
– Xavotirlanishning hojati yo‘q, qizim. To‘qayda meni yeyishi mumkin bo‘lgan bo‘ri yo bitta-yarimta qoldi, yo qolmadi. Yo‘lbarslar allaqachon qirilib bitgan, Yo‘lbarsdaraning nomigina qolgan…
Rahim aka kursiga horg‘in cho‘kdi. Anvar bir zum kitobdan bosh ko‘tarib jilmaydi:
– Endi, bunchalik xavotir ham qilmadiku-ya, lekin sho‘rvaning tagi kuyib ketdi-da!
– E, yo‘q! Gulnihol sho‘rvaning tagini oldiradigan anoyilardan emas, bu qizgina ovqat pishirishda shoir bo‘lib ketadi!
Gulnihol sho‘rva suzib keldi. Rahim aka jimgina ovqatlandi. So‘ng yana bir muddat sukut saqladi-da, Gulniholga qaramay dedi:
– Baribir, senga aytmasam bo‘lmaydi, qizim. Bug‘ularimiz yana bittaga kamaydi. Sardorni nobud qilishibdi.
Gulniholning chiroyli, oq yuzlariga iztirob soya soldi.
– Ey Xudo, bu nobud qilishlarning cheki bormi o‘zi?
– Kuyinishdan foyda yo‘q, o‘zing olimasan, bilasan-ku, urchish paytida shunday bo‘ladi. Bir to‘dada ikki erkak bug‘u chiqisholmaydi.
– Bilaman, yaxshi bilaman, lekin ko‘nikolmayman, hech ko‘nikolmayapman.
– Jang bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirdim. Sho‘rlik Sardor so‘nggi daqiqalargacha taslim bo‘lishni istamagan ko‘rinadi. Jonivorni bekorga Sardor deb atamaganman, axir. Nachora, o‘qqa uchgan bug‘ucha bilan, bu ikkinchi qurbon bo‘ldi. Lekin bug‘uchani nobud qilgan badkorlarning izini hamon topolganim yo‘q…

II

Gulniholning ismi-jismiga monand – yuzi gul, qomati niholdek, ko‘zlari o‘ychan, qora qoshlari mayin, qayrilma. Chehrasi farishtali, ko‘zlari ma’nodor, iboli. Harakatlari yengil, nazokatli. Lekin uni yaxshilab kuzatgan sinchkov kishi shuncha husn-latofat, nafis qiliqlar aro botiniy bir kuch, qat’iyat mavjudligini sezmay iloji yo‘q. Bu kuch uning tomirlarida oqayotgan qondan – otameros. Ota­si Buxoro shahriga tutash rayonlarning birida militsiya boshlig‘i bo‘lib ishlar, juda mard, cho‘rtkesar odam edi. O‘g‘ri, qallob va muttahamlar undan qo‘rqishar, mehnatkash fuqaro esa odilligi uchun hurmat qilardi.
Orif aka yakka-yolg‘iz qizi Gulniholni, she’riyatni va o‘z ta’biri bilan aytganda, jahon oro Buxoroni behad yaxshi ko‘rar, oyda-yilda bo‘sh vaqt topilib qolsa, qo‘g‘irchoqdek yasantirilgan qizchasini yetaklab, toqu gumbazlar, rasta, xiyobonlarni kezardi. Gulniholning son-sanoqsiz savollariga erinmay javob qaytarar, shahar tarixidan afsonalar aytib berar, har bir yodgorlik bilan bog‘liq hikoyalari ko‘p bo‘lardi.
“Buni qara, qizim, – derdi Orif aka naqshinkor, niliy gumbazlar, ulkan inshootlarga zavq bilan boqarkan, – bu madrasa “Istezakelin” deb ataladi. Ulug‘ bir shoh keliniga o‘pka qilib, ulug‘ bir madrasa quribdi…
Emishki, kunlarning birida shahanshoh kelini eriga taqinchoqlari ozligidan nolib, “nahot, men qimmatbaho zaru zevarga arzimasam?!” degan. Bu gap podshohning qulog‘iga yetgach, u keliniga “yuz ochdi”ga sovg‘a qilgan zirakning bir poyi qiymatiga shu madrasani qurdirgan ekan.
Ha, qizim, Buxoro shunday bir buyuk shaharki, uni yaxshi ko‘rmaslik mumkin emas, ardoqlamaslik – shakkoklik – gunohi azim!”
Gulnihol ana shunday ajoyib tuyg‘ular, ertaklar og‘ushida katta bo‘ldi.
…Gulnihol balog‘at yoshida, iroqi do‘ppi kiyib sochini mayda o‘rgan, Orif aka fuqaro kiyimida, kuz quyoshi ayamay nur sochar, ota-bola shahar ko‘chalarini kezardilar. Ular adl chinor va akas daraxtlari o‘sgan xiyobonga kirib kelishgan-da, birdan Orif akaning samimiy, chiroyli yuzlari tundlashib, o‘siq qoshlari chimirildi. Gulnihol otasidagi bu o‘zgarishni darhol sezdi.
– Ha, dadajon, sizga nima bo‘ldi, yana yuragingiz bezovta qilayaptimi?
Ular cho‘qqisoqol, harbiy gimnastyorkadagi odam haykali qarshisida edilar. Orif aka bir muddat sukut saqladi, so‘ngra chuqur “uf” tortib, qiziga yuzlandi:
– Koshki edi, yolg‘iz mening yuragim og‘riganida, qani endi, bu faqat mening dardim bo‘lganida! Yo‘q! Bu butun Buxoroi sharifning yurak dardi. Sen yoshsan, bu gaplarni tushunmaysan, idrok etolmaysan. Lekin vaqti kelib, tushunasan, tushunishing kerak, tushunishga majbursan. Chunki o‘z fojiasini tushunib yetmagan millat – millat emas! Tushunib yetishing uchun ham men bu mavzuda gap boshladim, qizim. Yolg‘iz zurriyodimsan, yurtimizni naqadar yaxshi ko‘rishimni bilasan. Ana shu muhabbat sening yuragingga yuqmay qolsa, o‘zimni eng baxtsiz ota hisoblayman.
– Nega bunday deyapsiz, dadajon? Sizni kim xafa qildi o‘zi?
– Hech kim, hozir hammasini tushuntirib beraman. Gapni uzoqdan boshlaganim sabab sen hech narsaga tushunmayapsan.
Ota-bola cho‘qqisoqol odam haykali qarshisidagi kursiga o‘tirdilar. Orif akaning rangi oqarib ketgandi.
– Mana shu odam, – sekin gap boshladi Orif aka haykalga ishora qilib, – bizning adabiyotimizda, darsliklarda Buxoroni istibdoddan xalos etgan, ilm-irfon olib kelgan inson sifatida talqin etiladi. Lekin aslida-chi? Aslida shundaymi? U amir qochib ketgandan keyin ham, Buxoroni vayron etishda davom etgan, osori-atiqalarni talagan, tinch aholi qonini to‘kkan. Inqilob atalmish xunrezlikning ertasidayoq xazinalardagi jami oltinlarni eshelonlarga ortib jo‘natgan. Bu gap­lar faqat sen uchun, uni hech kimga, hatto yaqin do‘stingga ham aytishing mumkin emas. Chunki mening vazifamdagi kishining qizi bu gaplarni bilishi ham, aytishi ham mumkin emas. Men axir, hukumatning ko‘z-qulog‘iman.
Xiyobonda odamlar siyrak, ota-bolaga hech kim e’tibor bermas, Gulnihol bir necha daqiqa mobaynida eshitgan so‘zlari ta’siridan karaxt, shahlo ko‘zlari katta-katta ochilgandi.
Orif aka qiziga qarab, iztirobga tushdi. “Bola bechora, bu gaplarni hazm etolmadi. Lekin nachora, baribir bir kun tushunib olishi kerak”.
– Gapiravering, dadajon, nega jimib qoldingiz? – dedi Gulnihol.
– Qaysi yurtda, qaysi xalq o‘z qonini to‘kkan, Vatanini toptaganlarga haykal qo‘yibdi?! Biz esa qo‘ydik, mana! Bu ham yetmagandek, uning poyiga gullar qo‘yamiz, xalos­korimiz, deya hamdu sanolar aytamiz. Aslida, bu bizning gumrohligimizga qo‘yilgan haykal. Biz ozodlik, tenglik haqidagi buyuk yolg‘onga ishongan, buyuk xalqmiz. Buyuk yolg‘onga ishonmagan Buxoroning buyuk farzandlari esa “xalq dushmani” deya, xalqning haqiqiy dushmanlari tomonidan qatl etildi… Bu tarix xatosi. Ehtimol, vaqti kelib bu xato tuzatilar. Lekin menga alam qiladigani, shuncha xato ko‘zimizni ochmagan.
Orif aka yana jimib qoldi, bu sukunat uzoq davom etdi va ota-bola uyga qaytishayotganda ham deyarli gaplashmadilar. Har gal ajoyib afsonayu ertaklar aytib, qizini behad xursand qiladigan Orif akaning bugungi holati Gulniholni ajablantirdi. U otasining yuragida qandaydir to‘ntarish sodir bo‘lganini qalban his etsa-da, bugungi suhbat o‘n yetti yashar qiz tafakkuri uchun og‘irlik qilar, katta hayot bo‘sag‘asida turgan kishida bo‘ladigan shirin orzular, yashash, yaratish ishqi ustun kelardi. Yosh yurakdagi to‘g‘rilik, soflik g‘alaba qilardi. Otasi esa uning siymosida bugun ertak eshitguvchi jajji, so‘zamol qizaloqni emas, dardini ting­lashga qodir do‘stni ko‘rgan, ko‘rgisi kelgandi.
Ochig‘ini aytganda esa, bu suhbat otaning sevimli qizi bilan vidolashuvi, unga vasiyati edi.
Orif aka viloyatning katta amaldori bilan kurash boshlagan, bu jang omonsiz bo‘lishini yaxshi bilardi. O‘tgan asrning 60-yillarida viloyat firqa qo‘mitasining yangi birinchi kotibi Toshkentdan yuborilgandi. U katta yig‘inlarda chiroyli nutqlar so‘zlar, o‘zini xalqparvar kishi qilib ko‘rsatishga usta edi. Bu “xalqparvar”ning so‘zlari naqadar puch ekanini Orif aka tezda tushunib yetdi.
Shahardan chiqish yo‘llaridagi davlat avtomobil nazorati postlari Orif aka boshliq bo‘lgan militsiya bo‘limi tasarrufida edi. Ana shu post xodimlari kunlarning birida hech qanday hujjati bo‘lmagan, nihoyatda ko‘p miqdordagi qimmatbaho qorako‘l teri ortilgan yuk mashinasi haydovchisini ushlab, boshliq huzuriga olib keldilar.
Haydovchi – yoshgina yigitcha, gunoh ish qilgan odamga sira o‘xshamas, o‘zini juda surbetlarcha tutardi.
– Meni yo‘ldan qoldirmang aka, keyin pushaymon bo‘lib yurasiz, – dedi u Orif akaning yuk to‘g‘risidagi savollariga javob qaytarmay. – Haliyam kech emas.
G‘azabi qaynasa-da, Orif aka o‘zini bosdi, savollarini takrorladi.
– Men hech narsa bilmayman. Bilgingiz kelsa, boshlig‘ingizga qo‘ng‘iroq qiling, – dedi yigitcha bezrayib.
Orif aka boshqarma boshlig‘ining telefon raqamini terdi. Boshliq juda sovuq muomala qildi, “Qo‘yib yuboring, o‘z yo‘liga ketsin!” – dedi. Orif aka hayron bo‘ldi. “Qanday qilib, qo‘yib yuboraman?” “Juda oddiy qilib!” “Yo‘q, qo‘yib yubormayman!”. “Yaxshi!”
Oradan yarim soat o‘tib telefon jiringladi. Aloqachi qiz Orif aka bilan viloyat firqa qo‘mitasi birinchi kotibi gaplashajagini bildirdi. Orif aka hayron bo‘ldi. Viloyat rahbari qayoqda-yu, kichik bir rayonning militsiya boshlig‘i qayoqda!
– O‘rtoq Odilov! Nega siz sovet fuqarolariga aziyat yetkazasiz, ularning huquqini poymol etasiz? Nima, sizni tiyib qo‘yadigan odam yo‘q deb o‘ylaysizmi?
– Kechirasiz, men hech kimning huquqini poymol qilganim yo‘q. Qandaydir ang­lashilmovchilik ro‘y bergandir.
– Birovni yo‘ldan ushlab, qamab qo‘yish, huquqini poymol qilish emasmi? Hoziroq qo‘yib yuboring mashinani!
Orif aka javob berishga ulgurmadi. Telefon go‘shagi qisqa-qisqa “tu-tu”lay boshladi.
Militsiya boshlig‘i mashinani ham, haydovchini ham qo‘yib yubormadi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
“Bu yo‘lda o‘lish bor, qaytish yo‘q!” – ko‘nglidan o‘tkazdi u.
Qizi Gulnihol bilan g‘amgin sayru sayohat ham shu voqealardan so‘ng bo‘lgandi.
Gulnihol va onasi Orif aka behad qiynalayotganini sezib turishar, lekin gap nimadaligini, qanday yordam berishni bilmay hayron edilar.
Orif aka ularning savollariga siniq jilmayib, “Charchadim”, – deb qo‘yardi, xolos.
Tergov endi boshlanayotgan bir vaqtda, uni ishdan olib tashladilar. Militsiya boshlig‘i shamol qayoqdan esayotganini sezib, viloyat firqa qo‘mitasi birinchi kotibi huzuriga yo‘l oldi.
Kechga tomon uning murdasini uyiga olib keldilar. Sipo kiyingan allaqanday kishilar Gulniholning onasiga “Turmush o‘rtog‘ingiz o‘zini-o‘zi otib qo‘yibdi”, dedilar.
Ona-bola qotib qolishgan, hatto yig‘lay olmasdilar. Onasi “Axir, u kishi qurolni topshirgan edilar-ku”, dedi boshini changallab.
Sipo kishilar indashmadi, hamdardlik ham izhor etmay, chiqib ketishdi.
Oradan biroz vaqt o‘tib, ularning kamtargina hovlisi odamga to‘ldi. Orif akaning aka-ukasi yo‘q, qarindosh-urug‘lari ham deyarli qolmagandi. Lekin Gulnihol darvoza oldini to‘ldirgan begona odamlarni ko‘rib, o‘zi shunchalar yaxshi ko‘rgan ota­si bekorga umr basar qilmaganini tushundi.
Qiz butun vujudi, qalbi bilan otasi o‘zini-o‘zi o‘ldirmaganini, uni o‘ldi­rishganini, lekin u baribir yengilmaganini his etib turardi. U otasi naqadar irodali, hayotni sevuvchi inson ekanini yaxshi bilardi.
Qizning ozurda yuragi bunchalar g‘amga bardosh berolmadi, sekin “oh” tortdi-yu, hushidan ketdi.
Hushiga kelganida, tepasida onasi yig‘lab o‘tirar, mahalla xotin-xalajlari uni yupatish bilan band edilar. Lekin Orif akadan bo‘lak hech kimi bo‘lmagan ona-bolani yupatishning iloji yo‘q edi. Ikki joyida qonli teshik qorayib turgan ko‘ylak ona-bolani aqldan ozdirayotgandi.
Aytishadiki, vaqt buyuk hakim, u davolay olmaydigan dard yo‘q. Kunlar, oylar o‘tib, ona-bola Orif akasiz huvullab qolgan uyga ko‘nikdilar.
Gulnihol otasining sirli o‘limi tafsilotlarini bilishga harakat qildi. Lekin u murojaat qilgan prokuratura ham rasmiy javobdan nariga o‘tmadi.
Gulnihol navbat kuta-kuta, viloyat firqa qo‘mitasi birinchi kotibi huzuriga kirdi.
Keng, yorug‘ xona to‘rida qoshlari quyuq, tepakal, o‘rta yashar kishi o‘tirardi. Uning qisiq, mitti ko‘zlari sovuq yiltirardi.
Gulnihol qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, salom berdi. Kotib bilinar-bilinmas bosh qimirlatdi, jilmaymoqchi bo‘ldi.
Qiz tutilib-tutilib, arzini aytdi. Uning bunaqa joylarga birinchi kelishi edi.
Kotib sarg‘ish harir parda tutilgan derazalarga o‘ychan nigoh tashlab, bir muddat jim turdi. So‘ng hissiz ko‘zlarini qizga qadadi.
– Mening hamdardligimni qabul qilgaysiz. Agar oilangiz qiynalib qolgan bo‘lsa, yordam berishimiz mumkin. Lekin sizga boshqa hech nima deyolmayman. Otan­gizni birov o‘ldirdi deyishga asos yo‘q. U o‘zini-o‘zi o‘ldirdi. O‘zini o‘ldirgan odam esa bizning siyosatga qarshi kishi hisoblanadi. Sovet kishisi, boz ustiga organ xodimi bunday qilishi mumkin emas.
Kotib “Gap tamom” deganday o‘rnidan turdi.
Qizning ko‘zyoshlari quyilib kelar, tomog‘i bo‘g‘ilar, gapirolmasdi. U xonadan tez chiqib ketdi.
Yo‘l bo‘yi otasi bilan shaharda so‘nggi bor sayr qilganda eshitganlari quloqlari ostida qayta-qayta jaranglayverdi. Lekin qiz qanchalar o‘ylamasin, ota­si nega qurbon bo‘lganiga, kim bu ishni qilganiga sira tushunib yetolmasdi. Chunki uning hayotiy tajribasi yo‘q, onasi esa qizining qiziqqonligini bilganidan, ko‘nglidagi shubhalarni aytmasdi.
Gulnihol huquqshunoslikka o‘qib, shu yo‘l bilan o‘zi bilmagan sirlar tagiga yetmoqchi bo‘ldi. Lekin bu yerda ham haqiqat yo‘qligiga ishondi. Ikki yil urinib, o‘qishga kirolmadi. Keyin bilsa kirish “narxi” baland ekan. O‘shanda ham o‘rtaga aniq odam tushmasa, bir ish chiqishi amrimahol emish.
U dorilfununning tabiiyot fakultetiga o‘qishga kirdi, uni imtiyozli diplom bilan tugalladi. Maktabda, tabiat muhofazasi idorasida ishladi. Otasi vafotidan so‘ng o‘tgan yillar mobaynida u o‘sha, so‘nggi sayr vaqtida eshitgan gaplar mag‘zini chaqdi, tagiga yetdi.
So‘ngra qorong‘i kechada chaqnagan chaqmoqdek bo‘lib, uning hayotiga sevgi kirib keldi va og‘ir yo‘qotishdan keyin zimiston bo‘lib qolgan qiz qalbini yoritdi.
Gulnihol ham otasidek she’riyat ishqibozi, shoirta’b edi. Uning sevgisi ham shunga monand bo‘ldi. Qiz butun vujudini, borlig‘ini unutib sevdi. Gulnihol toi­fa­sidagi qizlar boshqacha sevolmaydilar ham.
Adiblar muhabbatni nimalarga qiyoslamaydilar? Lekin, bu tashbehlar har qancha go‘zal bo‘lmasin, baribir muhabbat mazmunini bus-butun ochib berolmaydi. Chunki u shunchaki tashbeh. Chunki har yilning o‘z bahori bo‘lganidek, har yurakning o‘z muhabbati bor. Har yil bahori har xil keladi: goh yomg‘ir, goh do‘l, goh chaqin, goh charaqlagan oftob… Demak, har yurakda ishq o‘zgacha gul ochadi, o‘z ifori, tikoni bo‘ladi.
Gulnihol shunday bo‘lsa kerak, deya taxmin qilardi, shunga tayyorlanardi. Qaysi yurak muhabbat kutmaydi, deysiz? Lekin qiz bu ishq quyoshday, chaqmoqday kuydirishini, kul qilishini bilmasdi.
Gulnihol ham shunday savdoni boshidan kechirdi. Uning sevgisini eng yaqin sirdoshi – onasi ham sezmadi. Sevilgan yigit esa, Gulniholday qiz uni sevishini xayoliga ham keltirgani yo‘q.
Yigit uylangach, qiz vaqt o‘tganini, tuzatilmas xatoga yo‘l qo‘yganini angladi, yig‘lay-yig‘lay bor gapni onasiga aytib berdi. Onasi qizining sochlarini siladi, beozor jilmayib, yupatdi.
– Kuyinma, qizim, sen hech xato qilganing yo‘q. Axir, bizning taomilda qizlar birinchi bo‘lib so‘z ochmaydilar. Sharq qizlarining go‘zalligi ham shunda-da. Agar yigit zukko bo‘lganida, o‘zi anglab olishi kerak edi. Qiz bola muhabbati tilida emas, yuragida bo‘lgani ma’qul. Sirasini aytganda, kuyib-yonib yurish senga otameros. Yig‘lama qizim, hali baxting oldinda. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi…
Ona-bola o‘rtasidagi shu suhbatdan so‘ng, ularning uyiga qadam bosgan sovchilar quruq qaytib ketaverdi. Gulnihol ham ish bilan ovunganday bo‘ldi.
Gulnihol Qizqal’aga kelgach, bu yerdagi muammolarning ko‘pligidan, o‘z dardlarini ham unutib, tabiatda hozir juda noyob Buxoro bug‘ularini yanada ko‘paytirish, uni qirayotgan shafqatsiz odamlar bilan kurash olib borishga qaror qildi. To‘qay qorovuli Rahim aka u bilan maslakdosh chiqib qoldi.

III

Anvarning aka-ukasi yo‘q, onasi yoshligida vafot etgandi. U harbiy xizmatni tugatib, uyga qaytganida, qo‘ni-qo‘shnilar otasini go‘ru cho‘p qilganlariga bir haftacha bo‘lgan ekan.
Anvar huvullab qolgan hovli o‘rtasida bir muddat qotib turdi, so‘ng tuprog‘i bo‘rsillagan supani kesib o‘tib, balxi tut tagidagi uy eshigi oldiga keldi. Ikki-tabaqali, naqshinkor gujum eshik zulfiniga katta qulf osilgandi. U boshini eshik kesakisiga bosib, ho‘ngrab yubordi. Anvar xun bo‘lib yig‘lar, otasining nuroniy chehrasi ko‘z o‘ngidan ketmas, harbiy xizmatga jo‘nash oldidan qilgan duolari quloqlari ostida jaranglardi.
U uzoq yig‘ladi. Bir mahal, kimdir yelkasiga sekin qo‘l tashladi. Anvar o‘girildi. Qarshisida qo‘shnisi Rahmat tog‘a turardi.
– Chidashdan o‘zga iloj yo‘q, jiyan. Nachora, taqdir taqozosi shunday ekan. Rahmatli tillarida sening noming bilan jon berdilar. Shundoq bir jilmayib, chuqur nafas oldilar, devordagi rasmingga ishora qildilar-u, jonlari uzildi. Tangri yaxshi ko‘rgan bandasini qiynamay, omonatini oladi.
Bandalik, jiyan, bandalik. Yur, yo‘ldan charchab kelgansan, choy-poy ichib ol, so‘ng qabristonga boramiz, hali go‘rlari sovub ulgurmagandir, rahmatlining…
…Qabriston qorovuli indamay ularni tuprog‘i qorayib turgan yangi qabr tomonga boshladi. Uchovlari ham cho‘kka tushdilar. Rahmat tog‘a uzundan-uzoq duoi fotiha o‘qidi. Kaftlarini ochib turgan Anvarning yelkalari titrar, u quyilib kelayotgan sho‘rtang ko‘zyoshlarini yutar, yuzlari ho‘l edi.
Oradan ko‘p o‘tmay Anvar Toshkentga jo‘nadi. Eski shaharda ijarada yashab, qurilishda ishladi, dorilfununning jurnalistika fakulteti kechki bo‘limiga o‘qishga kirdi. Ikkinchi kurs oxirlarida yoshlar gazetasining tungi tahririyatiga ishga o‘tdi. Tunlarni tongga ulab, hikoyalar yozdi.
O‘qishni tugatgach, uni yo‘llanma bilan tuman gazetasiga ishga yubordilar.
Bu gazeta, uning muharriri, xodimlari juda g‘aroyib edilar. Muharrir qirq besh yoshlardagi, serharakat, telbanamo kishi bo‘lib, gazeta ishini uncha-muncha bilsada, biror satr maqola yozmas, o‘zining asosiy vazifasi – shalog‘i chiqqan “GAZ-69” mashinasini amallab minib yurish, haftada bir marta majlisda stol mushtlash va oy sayin qalam haqini taqsimlash, deb bilardi.
U har majlisda “Mana, men hozir “Ot izini – toy bosar” sarlavhali ocherk yozyapman”, deb kerilar, lekin oradan yillar o‘tsa-da, bu ocherk gazeta yuzini ko‘rmasdi.
“Kommunizm sari” degan nom bilan ataladigan bu gazeta o‘z toifasidagi nashr­lardan yaxshi ham, yomon ham emas, har sonda sanoqsiz xatolar o‘tkazib yuborilar, suratlar, ular ostidagi yozuvlar almashib ketaverar, ikki-uch yil burun bandalikni bajo keltirgan odamlar haqida “dalada fidokorona mehnat qilyapti”, deya lavhalar berilar, qiz bola “Qahramon ona” deya madh etilgan paytlar ham bo‘lardi.
Ertasiga tuman firqa qo‘mitasi targ‘ibot-tashviqot bo‘limi mudiri qo‘ng‘iroq qilib, muharrirni “tuzlagach”, u yarim soatcha jazavaga tushib, og‘zidan ko‘pik sachratar, stolni mushtlar, bitta-yarimta telefon apparati, choynak-piyola muddatidan oldin ishdan chiqar, musahhih qizcha yig‘lamsirab, ko‘zlarini yerga tikar, o‘rinbosar “Ha, endi, gazeta bo‘lganidan keyin xato ketib turadi-da, bu “Pravda” emas-ku”, deya chaynalar, navbatchi esa askardek g‘oz turib, dashnom eshitardi.
Muharrir “uf” tortib, piyoladagi sovuq choyni ho‘plardi-da, “Shu xatolar kasofatiga bir kun emas, bir kun infarkt bo‘laman”, deya nolirdi.
Anvarni ajablantirgani shu ahvolda ham gazeta viloyatda ilg‘or sanalar, (sho‘rlik gazetxon), turli yig‘inlarda obkomning mafkura ishlari kotibi “Kommunizm sari” xodimlari jo‘shqin hayotimizni yaxshi yoritishyapti”, deya maqtardi.
Anvar ishlaydigan qishloq xo‘jalik bo‘limi mudiri maqola yozolmasa-da, binoyidek dehqon edi. U chorbog‘ida har biri piyoladek keladigan shaftoli yetishtirar, ana shu shaftoli bilan muharrirni vaqt-vaqti bilan siylab turar, buning evaziga tuzukkina qalam haqi olar, hafta sayin bo‘ladigan “imtihonlardan” bir amallab o‘tardi.
Muharrirning ish uslubi juda g‘aroyib, xatoga yo‘l qo‘yganlardan kelishiklar nomlari, qo‘shimchalarini aytib berishni talab qilar, deyarli har maqolasida pala-partishlik bo‘lgani uchun, ”imtihonni” asosan qishloq xo‘jalik bo‘limi mudiri topshirardi. U sho‘rlik hech baloni bilmasa-da, “imtihon”dan yiqilmasdi. Anvar avvaliga muharrir shaftoli haqi-hurmati bo‘lim mudirini ayasa kerak, deb o‘ylagandi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, “kelishik jinnisi” bo‘lmish muharrirning o‘zi kelishiklarni bilmas ekan. Bo‘lim mudirining omadi shunda ekan.
Ha, Anvar ana shunday ajoyib gazetada ishlardi. Issiq yoz kunlaridan birida muharrir uni huzuriga chaqirdi.
Xonada sovutgich ishlab turgan bo‘lsa-da, muharrir hansirar, teppakal boshida yirik ter tomchilari yaltirardi.
– Anvarjon, – dedi u odatdagidek hovliqib, – endi bitta zo‘r reportaj yozasiz-da! Hamma gazetalar ko‘chirib bosadi. Sensatsiya! Shov-shuv! Jurnalistlar mukofotiga tavsiya etishsa ham, ajabmas. Axir, hozir oshkoralik, demokratiya!
Anvar gap nimadaligini bilmasdi, muharrir esa maqsadga ko‘chmay, yana anchagacha og‘iz ko‘pirtirdi.
Anvarning toqati toq bo‘ldi. Nihoyat, muharrir o‘ziga kelib, maqsadga ko‘chdi.
– Hozirgina “Qizil oktyabr” kolxozidan bir sut sog‘uvchi telefon qildi. Rayon soveti deputatiman, dedi. Uning aytishicha, ferma yoniga “uchar likopcha” qo‘nibdi, undan o‘zga sayyoraliklar tushib, qizning yoniga kelishibdi-da, o‘zbekchalab, “Nega kolxozingiz sut, go‘sht tayyorlash planini bajarmayapti?” – deb so‘rashibdi. Qizning esxonasi chiqib ketibdi. Saldan keyin o‘ziga kelib, “Raisdan so‘rang, rais biladi”, debdi. Hozir ular fermani tekshirishayotganmish. Ana sizga, sensatsiya! “O‘zga sayyoraliklar – “Qizil Oktyabrda” – sarlavhasi ham tayyor. Tez boring, ular ketib qolishmasin, iltimos, chaqqonroq bo‘ling! Mening mashinamda boring!
Anvar bu gapga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay, xonadan hayron bo‘lib chiqdi. U yon daftarini olib, zinadan tushib borar ekan, ro‘baro‘ kelib qolgan xatlar bo‘limi mudirasi Manzuraning sirli jilmayib, “Ha, Anvar aka, buncha shoshilib qayoqqa ketayapsiz?” degan savoliga “Qizil Oktyabr”ga dedi-yu, o‘zini bino soyasida turgan muharrir mashinasiga urdi. Doimo mudrab o‘tiradigan haydovchi, doimgi bahonasini qildi: “Benzin yo‘q!” Anvar jig‘ibiyron bo‘ldi: “Qiziqmisiz, Ro‘ziqul aka?!” Uchar likopcha”dagilar benzin yo‘q ekan, deb qarab o‘tiradimi?! Tez bo‘ling, muharrir aytdilar.“Qizil Oktyabr”ga “Uchar likopcha” tushibdi! Ketdik!”
Haydovchining yiltirab turgan ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketdi.
– Ibi, Anvarjon, rostmi gapingiz?! “Uchar likopcha” deysizmi? Muharrir aytdilarmi, unday bo‘lsa, benzin bor. Lekin menga qarang, xo‘sh, haligi likopchadagilar o‘zimizga indamaydilarmi, ishqilib? Axir, bola-chaqa, yosh xotin deganingizday.
Anvarning ensasi qotdi:
– Shu shaloq aravangiz-u, kal basharangiz bilan ular sizni boshiga urarmidi.
– Hay, hay, kal emas, jingala soch deng, xafa bo‘laman-a.
Ro‘ziqul aka mashinani bir amallab o‘t oldirdi. Shaldir-shuldur qilib, “Qizil Oktyabr” kolxozining cho‘l etagidagi fermasiga yetib borishganida kun peshinga yaqinlashib qolgan, bu yerda chivin qo‘rib o‘tirgan qorovul, oftob tig‘idagi bostirma tagida erinchoqlik bilan kavsh qaytarayotgan, eti ustixoniga yopishgan o‘n-o‘n ikki chog‘li buzoqdan bo‘lak, hech kim, hech narsa ko‘rinmasdi.
Anvar darhol gap nimadaligini tushundi, lekin tabiatan afandinamo Ro‘ziqul akani ermak qilish uchun, qorovul chol bilan gaplashib bo‘lib, mashina yoniga qaytgach, sir boy bermadi.
– Ha, qani u likopchami, taqsimchami, Anvarboy?! – dedi Ro‘ziqul aka.
– Ferma mudiri ziyofat bergani uyiga olib ketibdi. Qorovul chol shunaqa deyapti.
– O‘b-bo, bachchag‘arlar-ey, ular ham o‘zimizning kattalar qatori ekan-da. Endi qo‘rqmasak ham bo‘ladi, mullo Anvar! – Ro‘ziqul aka tizzasiga shapatilab so‘zida davom etdi:
– Rahmatli otam shundoq hikoyat qilardilar, bir bandai mo‘minga aytibdilar: “Taqsir, qoching, balo kelyapti!” Banda aytibdi: “Baloning og‘zi bormi?”. “Bor, taqsir” deyishibdi. Banda javob qaytaribdi: “Agar og‘zi bo‘lsa, unday balodan qo‘rqishning sira hojati yo‘q!”
Ro‘ziqul aka o‘z gapidan o‘zi nash’a qilib, miriqib kuldi. Anvarning esa jahli chiqa boshlagandi. Axir, muharrir degan ham shunaqa laqma, dovdir bo‘ladimi?! Sensatsiya emish! To‘rt qatorlik xabarni eplab, xatosiz chiqarolmaydigan gazetachaga sensatsiyani kim qo‘yibdi? Boshim kal, ta’bim nozik deganlari, shu ekan-da?!
Yo‘l bo‘yi shularni o‘ylab, jig‘ibiyron bo‘lgan Anvar muharrirni laqillatishda davom etishga qaror qildi.
Tahririyatga kiraverishda u yana Manzurani uchratdi. Manzura Anvarni ko‘rib, kulib yuborgach, u kim hazil qilganini sezdi-yu, beixtiyor o‘zi ham qizga qo‘shilib kuldi.
– Eh, Anvar aka, zukko yigitsiz-u, nahot sezmadingiz? Men yo‘ldan qaytib kelarsiz, deb indamagandim.
– Hoy, noinsof, shu qilig‘ingizni muharrirga aytsam, qora sochlaringizni bittalab yuladi-ya!
– Ho-o, tan olib bo‘pman!
– Bo‘lmasa, tilni tiying. Men hazilni davom ettiraman.
– Kelishdik! – dedi Manzura.
Anvar muharrir xonasiga ko‘tarildi. U Anvarni ko‘rib, “dik” etib o‘rnidan turdi.
– Xo‘sh, qani gapiring-chi, Anvarjon!
– E, nimani gapiraman, – qo‘l siltadi u, – ulgurmadik. Ketib qolishibdi.
– A-a, nima? Qayerga ketadi? Nega ketadi?
– Qo‘shni tumanga o‘tib ketishibdi. U yerda biznikidan ham battaroq fermalar bor emish.
Muharrir o‘zini o‘rindiqqa tashladi.
– Uf-f, axir, men doim aytaman-ku, sizlarda tezkorlik yetishmaydi deb. Shunday dalilni qo‘ldan chiqarib o‘tiribsiz-a. Ketidan bormadingzmi?
– Bu mashinangizda likopchaga yetib bo‘larmidi?
– Bo‘ladi! – Stolga gursillatib musht urdi muharrir, – Ro‘ziqul istasa, yeta oladi!
Anvar ortiq chidab turolmadi, kulib yubordi. Muharrirning battar jazavasi tutdi, ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi.
– Nega kulasiz? Ishni rasvo qilib, yana kulasizmi?
– Axir, domla, bizni laqillatishgan ekan, – kulgisini zo‘rg‘a tiyib gapirdi Anvar.
– Nima, nima dedingiz, kim laqillatadi? – muharrir ingrab yubordi, ko‘kragini changalladi, boshi bir tomonga qiyshayib, ranglari oqarib ketdi. “Suv, suv bering”, dedi xirillab.
Anvar tashqariga otildi, kotiba ayolga urilib ketib, piyola izladi. Xonasidan yugurib chiqqan Manzura lablarini tishlagancha, uning qo‘liga guldor piyola tutqazdi.
Muharrirni amallab o‘ziga keltirishdi. U og‘zini kappa-kappa ochar, nigohlarida odatdagidek g‘azab emas nochorlik, aftodahollik aks etardi. Anvarning unga rahmi keldi, qilgan ishiga pushaymon bo‘ldi, lekin sir boy bermadi.
Oradan necha kun o‘tsa ham, muharrir hazil “muallifi”ni bilishga harchand urinsa ham, sir sirligicha qoldi. Manzura Anvarga “Endi bunday qaltis hazil qilmayman” deya so‘z berdi.
Oradan chamasi bir oy vaqt o‘tgach, Manzura bilan Anvar o‘rtasida shunday suhbat bo‘ldi.
– Anvar aka, siz gazetadan keting, iltimos. Iqtidoringizni juvonmarg qilmang. O‘sha e’lon qilingan hikoyalaringizdan boshqa hech narsa yozmasangiz ham, siz yozuvchisiz. Toshkentga keting. Axir, qachongacha bu yerda falon tonna go‘ng to‘plandi, falonchining sigiri vaqtida sug‘orilmadi, deya yozib yurasiz? Mening yo‘rig‘im boshqa. Yozuvchilikka da’voim yo‘q. Lekin siz yozishingiz, ulg‘ayishingiz kerak. Agar meni do‘st hisoblasangiz, keting.
– Axir, tuman gazetasida ham kimdir ishlashi kerak-ku!
– Ha, kimdir ishlashi kerak, lekin siz emas! Xom-xatala maqolalar bilan odamlarning didini pasaytirishni mana, bizga qo‘yib bering!
– Toshkentda ham menga birov quchoq ochib turgani yo‘q. Poytaxtning nonini olti yil yedim. O‘sha, siz aytgan hikoyalarning hammasi Toshkentda yozilgan.
– Baribir ham ketishingiz kerak. Bu yerda hech nimaga erisholmaysiz.
– Toshkentda uyim bo‘lmasa, ijarada turish jonimga tekkan.
– Qo‘ying, bu bahonalarni, ijarada turish nima degan gap sizga? Axir, jafokash Martin Iden sizning idealingiz, eng sevimli qahramoningiz-ku! Iden yozuvchi bo‘lish uchun ko‘rgan azob-uqubatlar oldida, Toshkentday go‘zal shaharda ijarada bo‘lsa-da, yashash, maza-ku!
– Eh, Manzuraxon, yuragingiz toza sizning, hamma narsani soddalashtirib yuboryapsiz. O‘sha, o‘zingiz aytgan, men yaxshi ko‘radigan Martin Iden shunday deydi: “Adabiyotga kiriladigan har bir eshik oldida qo‘riqchi itlar – yozuvchi bo‘lib yetisholmagan kimsalar turishadi”. Gapimga tushungandirsiz?
– Yo‘q, unchalik emas…
– Demoqchimanki, qo‘lyozma ko‘tarib nashriyotma-nashriyot yurish go‘r azobi. Buni talaba paytimda ko‘p tatib ko‘rdim. Senga birov quloq tutadi, birov tutmaydi. Umuman muallifning, ayniqsa, yosh yozuvchining tahririyatlar, nashriyotlar oldida hech qanday huquqi yo‘q.
– Bular hammasi – yengib o‘tsa bo‘ladigan to‘siqlar, yengib o‘tishingiz shart! Nahot, qiyinchiliklarni deb, ezgu maqsaddan voz kechsangiz? Bu sizning tabiatingizga to‘g‘ri kelmaydi.
– Gapingizda jon bor, Manzura. Men haqiqatan ham Toshkentga ketsam kerak. Boshqa ilojim yo‘q, shekilli. Axir, yozuvchilik men uchun hayot-mamot ishi. Yuqorida aytganlarim esa, yuragi og‘rigan odamning alamli gaplari. Qiynalsam, amallayman, axir, ortimda yig‘lab qolgan bola-chaqam yo‘q-ku?
– Ana endi o‘zingizga keldingiz, Anvar aka! Kitoblaringiz chiqqanida, shunday do‘stim bor edi, deya faxrlanib yuraman.
Shu suhbatdan so‘ng ko‘p o‘tmay, Anvar bir qarorga keldi va ishdan bo‘shash uchun ariza yozdi. Muharrir har qancha dovdir bo‘lmasin, Anvar iqtidorli yigit ekanini sezardi, shu bois uni ishda olib qolish uchun ko‘p nasihat qildi. Anvar unamagach, noiloj arizaga qo‘l qo‘ydi, quchoqlashib xayrlashdi. Anvarning umr bo‘yi tuzuk bir narsa yozolmay o‘tayotgan bu odamga rahmi keldi.
Toshkentda haqiqatan ham juda ko‘p qiyinchiliklarni yengishga to‘g‘ri keldi. Och-nahor, yupun yurishga majbur bo‘ldi. Lekin maqsadiga erishdi. Birin-ketin ikki kitobini chiqardi. Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘ldi. So‘ngra ijodiy komandirovka olib, ona yurti Buxoroga keldi, Qizqal’a qo‘riqxonasi hayotidan kitob yozish uchun material yig‘a boshladi. Rahim aka va Gulnihol bilan tanishdi. Tez orada ular apoq-chapoq bo‘lib ketishdi.

IV

Choy ichib bo‘lishgach, Gulnihol xonani yig‘ishtirishga kirishdi. Rahim aka bilan Anvar qizga xayrli tun tilab, o‘z xonalariga chiqishdi. Anvar tunchiroqni yoqib, kitob o‘qishda davom etdi.
– Endi Rahim aka, aybga buyurmaysiz, ozgina qoldi, tezda tugallayman. Ustiga-ustak, uyqum ham kelmayapti, – uzr so‘ragan bo‘ldi u hamxonasidan.
– Bemalol, Anvarjon, o‘qiyvering. Men hali-beri uxlayolmasam kerak. Yillar o‘tavergan sayin, odam kam uyqu bo‘lar ekan. Intiho yaqinligini inson ruhiyati sezib, shunga moslashadi, aftidan.
– Qo‘ysangiz-chi, Rahim aka. Siz hali qirchillama yigitsiz-ku, – dedi Anvar oppoq tishlarini ko‘rsatib jilmayarkan.
– Qirchillamasi qoldimi, uka, Xudo xohlasa, bahorda Payg‘ambar yoshiga kiraman.
Rahim akaning yuzlari sahro oftobida qorayib, sochlari xiyla oqargan bo‘lsa-da, yoshiga nisbatan ancha navqiron ko‘rinar, lekin ich-ichiga botgan qo‘y ko‘zlari nihoyatda g‘amgin edi.
– Sirasini aytganda, gap yoshda ham emas, uka, – dedi horg‘in tovush bilan Rahim aka, o‘ringa cho‘zilar ekan, – yashayverasiz, bir kun qarabsizki, yashashdan charchab qolasiz. Men asli tarix o‘qituvchisiman, buni bilasiz. Shu desangiz, bir vaqt qo‘limga yahudiylarning “Ekkleziast” diniy kitobi tushib qoldi. O‘shandagi bir fikr hamon yodimda. Emishki, bu foniy dunyoda bandasining jamiki sa’y-harakati, yelib-yugurishlari bir pul, biyday dalada shamol ketidan quvish bilan barobar. Yana bu gaplar kimning tilidan aytilgan deng? Yetti yuzta xotin va kanizagi va had-hisobsiz boyligu yer-mulki bo‘lgan, boshi aysh-ishratdan bo‘shamagan shoh Sulaymon nomidan!
Anvar qo‘lidagi kitobni bir chekkaga qo‘yib, Rahim akaning so‘zlarini diqqat bilan tinglay boshladi. Bu yerda yashay boshlaganidan beri Rahim aka o‘ziga ruhan yaqinligidan juda sevinar, suhbatlarini jon qulog‘i bilan tinglar, shu bilan birga, g‘oyat sermulohaza bu odamning yuragida cheksiz bir dard borligini sezardi.
– Yillar o‘tishi bilan, o‘ylab qarasam, – so‘zida davom etdi Rahim aka, – bu hikmatda jon borga o‘xshaydi. Chunki odam oxir-oqibat bolasiningmi, xotininingmi, orzu-havasiningmi, hirs yoki yaxshiligu yomonliginingmi, qurboni bo‘ladi. Ha, qurboni! Aytib qo‘yay, bu tor ma’noda, jisman qurbon bo‘lish degani emas. Bu – keng ma’nodagi qurbonlik.
Suhbatdoshlar bir muddat jim qoldilar. Daryo tomondan esayotgan shamol qum zarralarini, xas-cho‘plarini deraza oynasiga keltirib urar, uvullar, hushtak chalardi.
Rahim aka so‘zida davom etdi:
– Siz qo‘riqxonaga kelib qolishim tarixini bilmaysiz. O‘shanda, agar shu yerga kelmasam, aqldan ozishim, yoki jonimga qasd qilishim mumkin edi. Hech nima tushunmayapsiz, keling, bir boshdan so‘zlab beray, agar joningizga tegmagan bo‘lsam.
– Qo‘ysangiz-chi, Rahim aka, bajonidil eshitaman.
– …O‘shanda xotinim bilan qishloqda yashardik, yolg‘iz o‘g‘limiz besh yashar edi. Hovlimiz, sigir-buzog‘imiz bor edi.
Qishloq o‘qituvchisining maoshi yetgancha, umrbasar qilardik. Xotinim ko‘hlik, nozikkina, yuvosh ayol edi. Hech qachon sanu manga bormaganmiz. Uni juda yaxshi ko‘rardim, u ham meni sevishiga qattiq ishonardim. Axir, necha yillik ahdu paymondan so‘ng to‘yimiz bo‘lgandi.
Shu kamsuqum ayol qachon o‘zgardi, uni nima bunga majbur etdi, hamon tushunolmayman.
Xullas, u qishlog‘imiz magaziniga serqatnov bo‘lib qoldi. Ko‘p o‘tmay, yaltiroq, guldor ko‘ylaklari paydo bo‘ldi. Mening “Pulni qayerdan olding?” degan savolimga istamaygina: “Qarzga oldim. Dugonalarimdan. Uzilishib ketarmiz”, – derdi.
U kun sayin magazinga qatnashini kanda qilmadi. Ko‘nglimga shubha oraladi. Lekin shaytonga hay berdim. Rashk balosi yomon ekan. Baribir yorildim. Xotinim sovuq iljaydi. “Nahot, meni magazinchidan rashk qilsangiz? Axir, u ho‘kiz-ku? Men zerikkanimdan boraman u yerga, bitta-yarimta bilan chaqchaqlashish uchun”.
Haqiqatan ham, magazinchi o‘ttiz besh yoshlardagi, yuz-ko‘zlaridan qon tomadigan, uch yashar buqadek bahaybat kishi edi.
Kunlarning birida maktabga jo‘nashimdan oldin, xotinim o‘g‘limni yetaklab, yonimga keldi. Negadir yerga boqib, shunday dedi:
– Yo‘q demasangiz, ikki-uch kunga onamlarnikiga borib kelsam, bola buvimga boraman, deb xarxasha qilyapti.
– Mayli, borib olib kelaymi, yo o‘zing qaytasanmi?
– O‘zim qaytaman. Shahar qochib ketgani yo‘q-ku!..
U o‘g‘limni yetaklab ketdi va uch kundan so‘ng ham, to‘rt kundan so‘ng ham qaytmadi. Keyin, men sho‘rlik, butun qishloq bilgan haqiqatni eshitdim… Xotinim o‘sha magazinchiga ikkinchi xotin bo‘lib tegibdi, uning shahardagi hovlisida yasharkan. Mana, oradan yigirma yildan ortiq vaqt o‘tdi. Lekin hamon o‘sha kungi holatimni eslasam, etim junjikadi. Kallamga kelgan birinchi xayol, shaharga borib, har ikkalasini chopib tashlash edi. Lekin qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni yo‘ldan qaytardi. “Rahimboy, yosh joningizga jabr qilmang. G‘isht qolipdan ko‘chgan. Undan keyin, bolangizni o‘ylang…”
O‘g‘limni har qancha yaxshi ko‘rsam-da, erkaklik hamiyati kuchlilik qildi. Men o‘sha ayolning ko‘zlariga endi ko‘zim tushmasligi uchun, yuragimdagi o‘g‘limga bo‘lgan sog‘inchni mahv etdim va ko‘p o‘tmay, shu yerga, qo‘riqxonaga ishga keldim. Maktabda o‘qituvchi-o‘quvchilarning “Mana shu kishining xotini magazinchiga tegib ketgan-da”, degan shivir-shivirlariga toqat qilolmadim.
Xotinim magazinchi bilan yashab ketolmadi, u nozikta’b ayol edi. Bir yil ham o‘tmay, magazinchi bilan orani ochiq qildi. U hozir ham o‘g‘li bilan shaharda yashaydi. Shuncha yil mobaynida biz bir marta ham uchrashmadik. Vaqt o‘tishi bilan,­ oriyat­ yuragimdagi xotinimga, o‘g‘limga bo‘lgan muhabbatni butunlay yondirib yubordi. Ehtimol, men o‘g‘limga xiyonat qilgandirman. Xotinimga bo‘lgan nafratning kuchliligi yillar o‘tib ham so‘nmadi va shu nafrat o‘g‘limni ham mendan bir umr uzoqlashtirdi. To‘g‘ri, uzoq yili o‘g‘lim meni yo‘qlab keldi, lekin u bilan uchrashishni istamadim. U meni onasining xiyonati qurboni, deb o‘ylab, olijanoblik qilayotgandek tuyuldi, buni hazm qilolmadim. Eshitishimcha, o‘g‘lim o‘sha magazinchini baribir o‘ldiraman, degan emish. Xo‘sh, endi o‘zingiz ayting, taqdirning bu o‘yinida qurbon bo‘lgan kim? Menmi, xotinimmi, o‘g‘limmi, yoki o‘g‘lim yuragida o‘limga mahkum etgan o‘sha magazinchimi?
Rahim aka jimib qoldi. Anvar bu savolga javob topish uchun xayolga cho‘mdi.
“Haqiqatan ham kim qurbon? Kim g‘olib-u, kim mag‘lub?” – o‘z-o‘zidan so‘rardi u takror-takror. “Bu dunyoda aldamagan, aldanmagan odam qoldimi? Bu qandoq balo o‘zi? Yaxshi ko‘rib tekkani, yaxshi ko‘rib aldasa, yaxshi ko‘rmay tekkani – yomon ko‘rib aldasa. Axir, aldanganga baribir emasmi, yaxshi ko‘rib aldaydimi, yomon ko‘ribmi? Nahot, chin sevgi bo‘lmasa?”
Anvar uzoq yili ilk kitobi qanday sotilayotganini bilish uchun Buxoroning gadoytopmas bir go‘shasida joylashgan kitob bazasiga borgandi. Bu yerda asosan o‘ris, tatar ayollar ishlasharkan.
Birgina derazasi bo‘lgan uzunchoq xonada besh-olti chog‘li yosh-qari ayollar stolga muk tushganlaricha, allanimalarni yozish, cho‘t qoqish bilan band edilar. Anvar salom berdi, maqsadini aytdi.
Ayollar bir zum jonlariga tekkan ishdan to‘xtab, mehmonni kuzatdilar, tashqi ko‘rinishi, kiyinishidan nuqson topa olmadilar va yana o‘z ishlarida davom etdilar. Faqat Anvarning ishiga taalluqli bo‘lgan o‘ttiz yoshlardagi, qo‘ng‘ir sochlari oppoq yuziga alohida husn baxsh etgan, lablari bilinar-bilinmas qizartirilgan juvon u bilan suhbatda davom etdi.
– Kitobingizning nomi nima edi? Men hozir qayd daftarimdan ko‘rib beraman.
– Nomi “Muhabbatning bayramlari”.
Anvar so‘zini tugatar-tugatmas, xonani ayollarning bir varakayiga “O-o-o!” degan xitoblari to‘ldirdi. Ular yana Anvarga tikilib turardilar. U o‘ng‘aysizlanib, qo‘ng‘ir sochli ayolga iltijo bilan tikildi. Juvonning yorqin, surmaso ko‘zlari negadir g‘amgin tortgan edi. U o‘sha g‘amgin ko‘zlari bilan jilmayib, so‘z qotdi:
– O‘zi bo‘lmagan muhabbatning bayramlari bo‘lar ekanmi?
Anvar javob qaytarish uchun og‘iz juftlagan ham ediki, to‘rda o‘tirgan, yuzlari burishgan, ammo ko‘zlari sho‘x o‘ynab turgan ayol gapga aralashdi:
– Tilingizga shakar!
Ayollar Anvarni savolga ko‘mib tashlashdi.
– Yaxshi yigit, o‘zingiz bilasizmi, o‘sha haqiqiy sevgi nima ekanini?
– Bizning peshonamizga bitgan sevgi – araqzada er, onabezor bolalar, ro‘zg‘orning qora qozoni! Mana sizga, muhabbat!
– Qurib ketsin, sevgisiyam, muhabbatiyam, bu zamonda haqiqiy erkaklar, seva oladigan mardlar qolmagan. Hammasi bir go‘r – ayg‘irlar, modaparastlar!
Anvar g‘ala-g‘ovurdan foydalanib, ayollarni kuzatdi. O‘sha qo‘ng‘irsoch, ko‘zlari yorqin juvondan bo‘lak, hammasining yoshi o‘tinqiragan, hayot tajribasi bor kishilarga o‘xshashadi. Ularga hali uylanmagan yigit sevgi haqida nima deya olardi? Lekin uni bahsga chorlashyapti. Kitob sarlavhasi ayollarning asab torlarini chertdi. Demak, bekorga ter to‘kmagan ekan. Ammo sirasini aytganda, bir martagina oshiq bo‘lganlar ham, sevgi haqida so‘z ayta olsalar kerak. Anvar bu xushchaqchaq ayollarning hafsalasini pir qilmaslik uchun, o‘zining eng sevimli adibi Paustovskiy so‘zlari bilan javob berdi.
– Sevgi – tog‘ dovonlariga o‘xshaydi: Yuzlab chaqirim masofadan ko‘rinib turadi. Lekin bu dovonga yetib olib, muzdek buloq suvidan simirish har kimga ham nasib qilavermaydi.
Bu so‘zlar ham haqiqiy sevgi borligiga shubha qilayotgan ayollarni tinchlantira olmadi.
– Xo‘sh, dovonga yetolmagan bechoralar nima qilsin? Muzdek buloq suvi o‘rniga, ko‘lmakdan tashnaliklarini qondirishsinmi, yaxshi yigit?
Anvar ayollar bilan uzoq bahslashdi. Baribir, har ikki tomon o‘z fikrida qoldi. Anvar chin sevgi bor, faqat sevish uchun ham alohida iste’dod, iqtidor kerak, dedi. Ayollar esa chin sevgi yo‘q, deya turib olishdi. Nihoyat, qo‘ng‘irsoch juvon murosaga keldi:
– Hoy, do‘stlar, insof bormi, sizlarda? Birinchi ko‘rayotgan odamga ham shunday yopiriladilarmi? Ehtimol, uning sizlar bilan bahslashgisi yo‘qdir, ehtimol, biror yoqqa shoshilayotgandir? – juvon so‘zidan to‘xtab, bir muddat qayd daftarini titkilagach, shunday dedi:
– Kitobingiz bizga 3000 nusxada kelgan edi. 2700 tasi sotilib bo‘ldi. Haqiqatan ham, yaxshi kitobga o‘xshaydi, afsus, biz o‘zbekcha o‘qiyolmaymiz-da. Tashvish tortmang, qolgani ham o‘n besh-yigirma kunda sotilib ketadi.
Anvar ayollar bilan xayrlashib xonadan chiqdi. Ular o‘zlari bilmagan holda Anvar yuragining qat-qatida necha yillardan beri yashirin yarani tirnagan edilar.
Qo‘ng‘irsoch juvonning nihoyat chiroyli, g‘amgin ko‘zlari esa unga qo‘shni kelinchakni eslatgandi.
…O‘shanda Anvar o‘n besh yoshda edi. Qo‘shnilarinikiga shahardan kelin tushdi. Kelinchak o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlarda, mayda o‘rilgan sochlari, o‘smali qoshlari o‘ziga yarashib tushgan, katta-katta qora ko‘zlari esa negadir juda g‘amgin, ularda allaqanday mungmi, sirmi yashirin edi.
U peshonabog‘ini dol tang‘ib, atlas ko‘ylakda suvga chiqar, so‘ng chelakni to‘ldirib qo‘yib, qo‘shni qizlar, bolalar bilan bir muddat chaqchaqlashardi. Birinchi suhbatdayoq qo‘shni bola Anvar bilan kelinchak bir-birlarini yoqtirib qolishdi. Kelinchak Anvardan tez-tez kitob so‘rab olar, ularni o‘qib bo‘lgach, darhol qaytarar va har gal suvga chiqqanida, shu kitoblar haqida shoirtabiat bola bilan suhbatlashar, “Ukajon, siz albatta, shoir bo‘lishingiz kerak”, – derdi.
Shoirlikka hali ancha bor edi, lekin bolakay o‘zi bilmagan holda kelinchakka oshiq bo‘lib qoldi.
Bu ishq yigitchaning ilk sevgisi, tug‘ilgan kunidan boshlab yuragining eng to‘riga ko‘milishga mahkum edi.
Anvar har oqshom kelinchakning suvga chiqishini orziqib kutar, sal hayallab qolsa, o‘zini qo‘yarga joy topolmas, uning atlas ko‘ylagi ko‘zga tashlanganda bechora bola dir-dir titray boshlardi.
Oradan bir necha oy o‘tdi. Negadir keyingi paytlarda kelinchak Anvardan kitob so‘ramay qo‘ydi. Yigitcha bezovtalanib, o‘zi kitob taklif qilganida, kelinchak jilmayib, “Hozir kitob o‘qishga vaqt qolmayapti, sigir sog‘ish, piyoz o‘toq qilish, kuv pishishni o‘rganyapman. Ukajon, avval hayot kitobini o‘qish kerak ekan…” – derdi.
Yo‘q, bu bahona edi, yigitchaning oshiq yuragi kelinchakning chiroyli ko‘zlari tobora ich-ichiga botayotganini, ular g‘amga to‘lib borayotganini sezardi. Lekin qo‘lidan hech nima kelmas, uning yuragidagi ishq haqsiz, huquqsiz kelinchakni har kuni bir marta ko‘rsa, sal bo‘g‘iq, yoqimli ovozini eshitsa, kifoya edi.
…Ariq yoqalab o‘sgan jiyda gullarining xush bo‘yi samoni to‘ldirgan iliq bir oqshom. Anvar uyi yonidagi kursichada kitob o‘qib o‘tirar, ko‘zi kitobda bo‘lsa-da, aql-hushi kelinchak chiqib kelishi lozim bo‘lgan darvozada edi. Yigitcha kechki ovqatni ham unutib, yarim tungacha kutdi. Lekin kelinchakdan darak bo‘lmadi. Tuni bilan alg‘ov-dalg‘ov tushlar ko‘rib, uxlagan Anvar erta tongda qo‘shni uydan kelayotgan faryod tovushidan cho‘chib uyg‘ondi-yu, apil-tapil yuvinib, ko‘chaga otildi.
Kelinchak yashaydigan uy darvozasi yonida o‘n-o‘n besh chog‘li kishi kuymanishar, sal nariroqda “Tez yordam” va militsiya mashinalari turardi.
Anvar qotib qoldi. Ancha vaqt serrayib turgan bolaning qulog‘iga uzuq-yuluq gaplar chalindi:
– Bechora kelinchak, o‘ziga o‘t qo‘yibdi. Saharda joni uzilibdi…
“Nima?! O‘t qo‘yibdi? Nega o‘t qo‘yadi?! Nega joni uziladi?!” Anvarning boshiga og‘ir bir narsa urilgandek bo‘ldi. U nima qilayotganini o‘zi ham bilmay, otilib uyiga kirdi. Xona o‘rtasida bir daqiqa to‘xtagach, gursillab quladi va shu ko‘yi bir necha kun otasini qo‘rqitib, alahlab yotdi.
Kelinchakning mung to‘la ko‘zlari, “Ukajonim, avval hayot kitobini o‘qish kerak ekan”, degan so‘zlari quloqlarida qayta-qayta jaranglar, yigitcha bu nogahoniy o‘lim sabablarini idrok etolmasdi.
Yillar o‘tib, u kelinchakni gulxanga aylantirgan qabohat nima ekanini anglab yetdi. Lekin bu yillar yurak yarasini davolay olmadi.
O‘qishda, ishda u ajoyib qizlarga duch keldi. Lekin ularning birortasi ham yigit yuragidagi o‘sha mungli ko‘zlar yoqqan o‘tni o‘chirolmadi.
“Xo‘sh, o‘ziga o‘t qo‘ygan kelinchak qurbonmi? Uni mag‘lub yoki g‘olib deyish mumkinmi? Kim haq, chin sevgi borligiga ishonganlarmi, ishonmaganlar?…”
Bu savollar Anvarga sira tinchlik bermasdi.

V

– Qarang, Anvar aka, saksovul urug‘labdi! – dedi Gulnihol qo‘lidagi butoqni ko‘z-ko‘z qilib.
Yomg‘irda ivigan butoq anor donalarday qip-qizil marjonlarga burkangandi. Anvar butoqni aylantirib tomosha qildi. Qo‘lida mitti, yorqin yulduzchalar jimir-jimir etardi go‘yo.
– Ajab, – dedi u, – shuncha yoshga kirib saksovul urug‘ini endi ko‘rib turibman. Va ayni shu paytda urug‘lashini bilmas ekanman.
– Demak, bu tong yana boyidingiz, sahro sultoni haqida ozgina bo‘lsa-da, ma’lumotga ega bo‘ldingiz, – dedi Gulnihol. – Bilasizmi, shu mitti urug‘chalarga qarab men ularni juda ko‘p narsalarga o‘xshatdim. Mana, qarang, ko‘zyoshlariga, yirik yosh tomchilariga o‘xshaydi, faqat, rangi qizil…
Anvar bir muddat jim qoldi, so‘ng shunday dedi:
– Siz kasbni noto‘g‘ri tanlagansiz, shoir bo‘lishingiz kerak edi.
– Sizga kim aytdi, bizning kasbimiz shoirlikdan qolishadi, deb? Siz inson yuragini tadqiq etsangiz, biz tabiat qalbiga quloq tutamiz. Axir, bular har ikkalasi egizak-ku, ajralmas-ku! Shunday emasmi?
– Shunday, Gulnihol, shunday…
Qiz so‘zida davom etdi:
– Kech kuz, oldinda qish, qahraton sovuqlar. Lekin sahro sultoni urug‘layveradi. Chunki u aynan qish arafasida urug‘lashi kerak. Urug‘lar qishning qahraton qilichidan yer bilan bitta bo‘ladilar va bundan o‘kinmaydilar ham. Bahor kelib, yer ilishi bilan ular yangi, yashil libosda yerdan bosh ko‘taradilar. Qizig‘i shundaki, agar sovuq kuchsiz bo‘lsa, biz ayab turgan bu murg‘ak urug‘lar shundoq, butoqlarda qolib ketadilar, yerga to‘kilmaydilar va tabiiyki, ko‘klamda qayta jonlanmaydilar. Tabiat falsafasining buyukligiga diqqat qiling. Sovuqdan mahv bo‘lib, yerga to‘kilganlar ko‘klamda yangi hayot boshlaydilar, butoqda jon saqlaganlar esa halok bo‘ladilar…
– Juda yaxshi kuzatgansiz, bunda botiniy bir bog‘liqlik, fojia bor. Menimcha, butun borliq, insoniyat o‘zaro shunday bog‘langan bo‘lsa, ajabmas, –dedi Anvar va Gulniholga bir muddat so‘zsiz tikilib turdi. “Bu niholdek qiz oddiy saksovul haqida shuncha fikr yurityapti. Haqiqatan ham, shoir yuragi bor ekan. Lekin afsus, hozir zamon shoirta’blarga boqmaydi, aksincha, ularni xo‘rlaydi, oxir-oqibat, bir burda nonga, boshpanaga, bir og‘iz shirin so‘zga zor etadi”.
Anvar hamyurti, keksa shoir Nurmat Ochilni esladi. U haqiqiy shoir edi. Lekin rasmiy idoralar tan olmagan, kitobi chiqmagan, yozuvchilar uyushmasiga qabul qilinmagan, faqat bir-ikki g‘azali radiodan qo‘shiq qilib aytilardi, xolos.
Nurmat Ochil to‘rt misra she’ri yorug‘ jahon yuzini ko‘rsin uchun Toshkentdagi aksariyat gazeta-jurnallar chop etiladigan yirik bosmaxonada yukchilik, qorovullik qildi. Bir-yarim she’rlari gazeta-jurnallarda bosildi ham. Lekin ko‘pchilik unga omadsiz, chalamullo bir ishqiboz sifatida qarardi.
Bir qarashda, u haqiqatan ham omadsiz edi. Xotini o‘lib ketgan, bola-chaqasi yo‘q, yetmishni qoralagan bo‘lsa-da, hamon ijarada turardi. Shoir deb bo‘lmaydi, kitobi chiqmagan… Hamma narsadan natija, ko‘rsatkich, foyda kutishga o‘rganib qolgan odamlar uni tan olgilari kelmas, bu dargohga har kuni yuzlab shoir-yozuvchilar kirib-chiqib tursa-da, keksa, aftodahol g‘alzalnavis bilan hech kimning ishi yo‘q edi.
Anvar Nurmat Ochilning she’rlarini chiqarishda ko‘maklashdi. Lekin she’rlar shunday holda chop etildiki, ularda Nurmat Ochil yozgan bir misra ham qolmadi. Shunday bo‘lsa-da, chol gazetada o‘z imzosini ko‘rib, ko‘zlari yoshlandi. Anvarga minnatdorchilik bildirdi. O‘zgartirilgan, maza-matrasiz so‘zlar qo‘shib-chatilgan misralar haqida hech nima demadi.
Anvar hamkasblari qilmishidan xijolat bo‘lib, uzr so‘ragan edi, chol xomush qo‘l siltadi:
– Qo‘ying, mullo Anvar, xafa bo‘lmang. Hozir birovdan xafa bo‘ladigan zamon emas…
Kimdan xafa bo‘ladi, nega xafa bo‘ladi? Axir, hamkasblari qanday odamlar ekani unga ayon-ku!
Ularning bir qismi haqiqatan ham iqtidorli shoir-yozuvchilar. Lekin bir qusurlari bor: ular daholikka da’vogar, atrofdagi mayda-chuyda odamlar, ishlar bilan shug‘ullanishga vaqtlari yo‘q. Axir, daho dahodek bo‘lishi kerak-da!
Yana shunday toifa – o‘rtamiyona yozuvchilar bor. Ular o‘rtamiyona ekanliklarini ikki dunyoda ham tan olmaydilar va butun umrlari “men iqtidorliman”, deya bong urish bilan o‘tadi.
Uchinchi toifadagilar g‘irt savodsizlar. Ular savodsizliklarini yashirish, mansab, unvon talashish, daholikka da’vogarlar va o‘rtamiyonalar o‘rtasida o‘ralashish bilan kun o‘tkazadilar.
Haqiqiy yozuvchilar hech qanaqa guruh, toifaga kirmaydilar. Kamtar, kamsuqum bo‘ladilar. Ular faqat asar yozadilar. Boshqa ishlarga vaqtlari yo‘q. Faqat, afsus, bundaylar juda kam.
“Eh, Nurmat Ochil, Nurmat Ochil! Siz haqiqiy shoirsiz! Ha, shoirsiz! Mayli, hech qanaqa uyushma, ittifoq a’zosi bo‘lmasangiz ham, kitobingiz chiqmagan bo‘lsa ham, siz shoirsiz!” – fikran xitob qildi Anvar va qarshisida jilmayib turgan Gulniholni ko‘rib, qattiq xayolga cho‘mganini angladi.
– Uzr, Gulnihol, saksovul haqida bahslashaverib, xayolim insonlarning guliga ketib qolibdi, – dedi u.
– Kim ekan u insonlarning guli? – qiziqsinib so‘radi qiz.
– Bir hamyurt shoirimiz bor. Nurmat Ochil degan.
– Nurmat Ochil, eshitmagan ekanman.
– U kishini ko‘pchilik tanimaydi. Lekin o‘zlari zo‘r shoir, shunday she’r-g‘azallari borki… Shu kishini o‘tgan yili qishda Buxoroda, avtobus bekatida uchratib qoldim. “Toshkentda bir umr ijarada yashadim. Endi omonatni topshirish uchun Buxoroga keldim. O‘z yurtimda o‘ligim ko‘chada qolmas”, – dedilar.
– Nima, u kishining hech kimi yo‘qmi?
– Hech kimi, boradigan yeri, bir dasta she’rlaridan bo‘lak hech vaqosi yo‘q. Hatto, o‘limligi ham bo‘lmasa kerak.
– Siz… Yordamlashmadingizmi?
– Yordamlashdim. Qishloqdagi hovlimizda yashayaptilar. Qo‘ni-qo‘shni qarashib turadi. Lekin u kishini yolg‘izlik balosidan Xudodan bo‘lak hech kim qutqazolmasa kerak.
– Nega?
– Negaki, u kishini tushunadigan odamlar bu dunyoda hech nimani hal etolmaydilar. Ular huquqsiz.
– Mana, siz tushunibsiz-ku, yordam beribsiz-ku, axir!
– Birgina men tushunganim nima ham bo‘lardi? Nurmat Ochilga o‘xshagan ma’naviy dunyosi boy, qo‘lida bir mirisi bo‘lmagan minglab, o‘n minglab odamlar bor. Ular xushomad qilolmaganliklari, ta’magirlikdan hazar qilganliklari uchun shu ko‘yga tushishgan. Oqibatda qay yo‘l bilandir pul topgan, birni ikki qilgan nopok odamlar hayotning xo‘jayinlariga aylandilar. Hayotning haqiqiy xo‘jayinlari bo‘lishga munosib, iqtidorli, ilmli kishilar esa Nurmat Ochil ko‘yiga tushib qoldilar. Siz, Gulnihol, meni to‘g‘ri tushuning, halol mehnat bilan to‘q yashayotgan, badavlat bo‘lganlarga mutlaqo da’vom yo‘q, ularga sira qarshi emasman. Jonni koyitib, huzur-halovatdan kechib, ishbilarmonlik bilan boyiganlarning Xudo xayrini bersin. Bundaylar xavfli emas, ular ilmu irfonga qayishadilar, millat taqdirini o‘ylaydilar. Lekin johil, savodsiz, muttahamlarning had-hisobsiz puli, imkoniyatlari bo‘lishi – bu siz bilan bizning sho‘rimiz!
– Gaplaringiz hammasi to‘g‘ri, Anvar aka! Lekin bu – bizning sho‘rimiz ham, aybimiz ham! Axir, shularni to‘rga chiqarayotgan kim? O‘zimiz emasmi?

VI

Qizqal’a baland tepalikda turib, qo‘lini peshonasiga soyabon qilganicha, uzoq-uzoqlarga tikilayotgan g‘oyat go‘zal, lekin juldur kiyimli qizga o‘xshab ketar, daryo tomondan esgan kech kuz shamollari u yer-bu yerida ko‘k nil bo‘yoqlari yaltirab turgan mangu ochiq darvozasi, sardoba, tosh quduq va boshqa xarobalar aro hushtak chalardi. Necha ming yillar guvohi – tilsiz xarsanglar sukunatida qandaydir ulug‘vor, ayni vaqtda, ayanchli bir qo‘rqinch bor edi.
Sap-sariq tillodek qum barxanlari o‘rab olgan qal’a yuksaklikda, darvozasi Mag‘ribga qarar, bir vaqtlar yaqinginasida hayqirib oqqan, endi ancha olislab ketgan daryo balandlayotgan Quyosh nurlaridan yaltirab, ko‘zni qamashtirardi.
Gulnihol va Anvar qal’aning eng baland nuqtasiga ko‘tarilib, o‘rkach-o‘rkach qum barxanlarini, kuzning butun go‘zalligini o‘zida mujassam etgan to‘qayzorlarni, tolim-tolim sochdek bo‘lib, u yer-bu yerida orolchalar hosil qilib oqayotgan daryoni bir muddat tomosha qildilar.
Ular qariyb ikki soat hech so‘z demay, qal’ani aylanib, darvoza yaqinidagi chuqur tosh quduq yonida to‘xtadilar. Anvar quduq ichiga egilib, ovoz berdi. Gumburlagan aks sado chor-atrofdagi toshlar mudrog‘ini bir zumgina uchirganday bo‘ldi. U qad rostlagach, Gulnihol so‘z qotdi.
– Mana, shu quduqni eslab qoling, Anvar aka, u hali bizga kerak bo‘ladi.
– Xo‘p, – dedi Anvar.
Chamasi yarim soatlardan so‘ng ular daryo sohiliga yetib bordilar. Anvar o‘girilib, ortda salobat bilan yuksalib turgan qal’a xarobalariga takror nazar tashladi.
– Ha, – dedi u chuqur tin olib. – Bu yerda gapirgandan ko‘ra, sukut saqlagan ma’qul.
– Gapirishga haqimiz yo‘q-da. Shunday ayanch ahvolga solib qo‘yilgan Qizqal’a uchun kelajak avlod bizni kechirmaydi. Bu qal’a Sharq me’morchiligi buyuk durdonalaridan biri. Ana shu san’at asariga qariyb yuz yil mobaynida biror ta’mirchi qo‘li tegmagan, biror jonkuyar topilmaganki, “Hoy, do‘stlar, ajdodlarimiz qoldirgan yodgorliklarning qadriga yetaylik, ularni xor qilib qo‘yish uvol-ku!” – desa.
Gulnihol so‘zidan to‘xtab, Anvarga boqdi. Yigitning chehrasi tund, ko‘zlarida ilojsizlik, betoqatlik aks etar, daryodan esayotgan shamol peshonasiga tushib turgan dag‘al, g‘ayir sochlarni to‘zg‘itib, o‘ynardi. Mag‘rib tomondan kelayotgan qora bulutlar galasi bir necha daqiqa oldin charaqlab turgan Quyosh yuzini to‘sgan, to‘qaylar shov-shuvi kuchaygan, havodan rutubat, yomg‘ir hidi kelardi. Daryo sathida mayda to‘lqinlar ko‘payib borardi. Anvar daryodan ko‘z uzmay, sekin odim tashlar ekan, qizga javoban dedi:
– Uvol, deb bong urayotgan, yoqa yirtib, soch yulayotganlar juda ko‘p. Yodgorliklarni, tabiatni muhofaza qilyapmiz, deya turli jamiyatu qo‘mitalarda yumshoq kursilarda o‘tirib, safsata sotayotganlar son-mingta! Lekin bular shunchaki, chiroyli gaplar, gap – baribir, gap-da. U chiroyli aytilgani bilan, ishga aylanib qolmaydi-ku.
Qiz bosh qimirlatib, yigitning fikrini tasdiqladi. Anvar so‘zida davom etdi:
– Sizga bir voqeani aytib beray. Buxoro zilzilasi chog‘ida obro‘li bir jurnal topshirig‘i bilan, men shu haqda ocherk yozmoqchi bo‘ldim. Ancha dalillar to‘plaganimdan so‘ng, ma’lum bo‘ldiki, yer silkinganda tarixiy yodgorliklarning birortasi shikastlanmagani holda, Minorai Kalon kunguralaridan ancha g‘isht qulab tushgan. Surishtirib bilsam, xuddi shu qulagan yerni to‘ntarishdan so‘ng ustalarimiz ta’mirlashgan, qizil qo‘shin zirhli poyezdi Murg‘ak stantsiyasidan Minorai Kalonni to‘pga tutib, qoldirgan “dastxat”ni yo‘qotish uchun shunday qilingan ekan. Lekin ana shu vahshiyliklarga oliyjanoblik to‘nini kiygizish uchun kimlar, qanchalar safsata sotmadi, deysiz!
Ular hamon sohil yoqalab odimlashar, shamol kuchaygan, daryo sathining u yer, bu yerida pufakchalar hosil bo‘laboshlagandi. Anvar osmonga tikilgan edi, sovuq bir tomchi “chip” etib yonog‘iga tushdi.
– Qadamni tezlatmasak bo‘lmaydi chog‘i, yomg‘irda qolib ketamiz, – dedi u.
– Shoshilib boradigan yerimiz yo‘q. Yomg‘irda yurishni yaxshi ko‘raman, – dedi Gulnihol. – Va’daga ko‘ra, Qizqal’a afsonasini aytib beraman endi. So‘zlarimni bo‘lmay quloq tuting.
– Bajonidil, Gulnihol, – dedi Anvar.
Gulnihol hikoyasini boshladi.
“Juda qadim zamonlarda, mana, hozir sizu biz yurgan tomonlarda go‘zal va farovon yurt bo‘lib, unga aql-zakovotda yagona, odil podshoh hukmronlik qilarkan. Uning qarorgohi daryo qirg‘og‘ida, hozir o‘zimiz ko‘rgan qal’ada ekan. Qal’a juda mustahkam, unga uncha-muncha dushman yaqin yo‘lay olmas, basharti, qamal qilinganda ham, oylar, yillar davomida bardosh berarkan.
Podshohning endi o‘n yettiga kirgan, husn-latofatda tengsiz bir qizi bo‘lib, boshqa farzandi yo‘q ekan. Podshoh yolg‘iz qizini behad suyub, Zarrina deb atagan, unga yurt boshqarish, harbiy san’atning sir-asrorlarini o‘rgatgan, qiz yoy otish, qilich solish, chavandozlikda manaman degan yigitlarni ham dog‘da qoldirarkan.
Yoshi bir joyga borib qolgan podshoh kun sayin darmonsizlanayotganini sezib, qizini yoniga chorlabdi-da, shunday debdi:
– Qizim, ko‘zimning oqu qorasi sensan. Men seni halol, odil va jasur qilib tarbiyaladim. Endi Ollohga omonatimni topshiradigan payt yetdi. Yaqinda tush ko‘rdim. Uzoqqa bormasam kerak. Shuning uchun, mening so‘nggi irodamga quloq sol: toju taxtni sening nomingga vasiyat qilaman. Senga go‘zal va obod yurtni, yaxshi qurollangan lashkarni qoldiryapman. Nasihatim shunday: hech qachon el yig‘laganda, sen kulma, xalq och qolganida, o‘z to‘qligingni o‘ylama, yurtni bosqinchilardan asra, qolgani o‘zingga, Ollohga havola.
Shundan so‘ng podshoh vaziru ulamolarni chaqirib, o‘z qarorini aytibdi va qizi nomiga vasiqa hozirlabdi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, podshoh qazo qilibdi. Uni izzat-ikrom bilan tuproqqa topshirgach, Zarrina mamlakat taxtiga o‘tiribdi va otasidek odillik bilan hukmronlik qila boshlabdi.
Lekin ko‘p o‘tmay, qo‘shni mamlakatning bu go‘zal yurt va uning go‘zal malikasiga ko‘z olaytirib yurgan podshosi qo‘shin tortib, son-sanoqsiz kemalarda daryodan kechib o‘tibdi-da, qal’aga hujum boshlabdi.
Jang juda shiddatli bo‘libdi, har ikki tomondan minglab lashkar qirilibdi, sohil ham, daryo ham qip-qizil qonga bo‘yalibdi. Bu jangda malika Zarrina qo‘shini qo‘li baland kelib, dushman lashkarini daryodan nariga uloqtirib tashlabdi.
Oradan bir necha kun o‘tib, dushman yana mo‘r-malaxdek yopirilib kelibdi. Lashkar avvalgidan bir necha hissa ko‘p ekan. Yana jang bo‘libdi, daryo-daryo qonlar to‘kilibdi. Ammo endi kuchlar deyarli teng kelib, g‘anim qo‘shini daryo sohiliga o‘rnashib olibdi, qal’ani qamal qilibdi. G‘anim podshosi malikaga noma yuboribdi: “Agar malika unga tegsa, qamal ochiladi, lashkar iziga qaytadi, to‘y-tomosha bo‘ladi, yurtga qirq kecha-kunduz osh beriladi”.
Bu nomaga malika Zarrina shunday javob beribdi: “Agar podshoh yakkama-yakka jangda meni yengsa, shartlariga roziman, qal’a darvozalari ochiladi”.
Podshoh va malika o‘rtasidagi olishuv juda shiddatli kechibdi. Zarrina podshohni qattiq yaralabdi. Bundan ruhlangan uning qo‘shini dushman lashkariga hamla qilib, yana daryodan nariga uloqtirib tashlabdi. Qattiq yaralanib, sharmanda bo‘lgan g‘anim podshosi o‘ylab qarasa, malikani kuch bilan yengib bo‘lmaydi. U hiyla ishlatishga qaror qilibdi.
G‘anim qo‘shini chekinib, qayoqdan kelgan bo‘lsa o‘sha yoqqa ravona bo‘libdi. Oradan necha kunlar, oylar o‘tsa-da, dushman qayta hujum qilmabdi. Malika g‘alabadan ruhlanib, urush asoratlarini tugatishga kirishibdi. Qal’ani yanada mustahkamlabdi, qo‘shinni xomaki janglarda chiniqtiribdi. Yana oylar o‘tibdi, hech qayoqdan xavf sezilmabdi. Hamma tinch mehnat bilan mashg‘ul bo‘libdi.
Malika Zarrina esa endi o‘n yettiga to‘lgan emasmi, uning yuragiga ishq mehmon bo‘libdi. U dushmanga qarshi jangda qahramonlik ko‘rsatgan yigit – lashkarboshini yaxshi ko‘rib qolibdi. Lashkarboshi ko‘rkam, barvasta, aqlli yigit bo‘lsa-da, bir qusuri bor ekan. U shon-shuhratga haddan tashqari o‘ch ekan.
Tabiatan oqko‘ngil malika buni bilmay, lashkarboshini chin yurakdan sevibdi. Yigit Zarrinaning xayrixohligini sezib, unga ishq izhor etibdi. Ikki yosh ahd-paymon qilib, bahorda to‘yni o‘tkazishga kelishibdilar. Lekin ko‘p o‘tmay, lashkarboshini shayton yo‘ldan ozdiribdi. U qanday bo‘lmasin, malikani taxtdan ag‘darib, podshoh bo‘lish payiga tushibdi.
Lashkarboshi o‘ziga maslakdosh izlab yurgan bir pallada qal’ada Rumdan kelgan, moshguruch soqolli, ko‘rkam bir qalandar paydo bo‘libdi. U aslida qalandar emas, malikadan yengilgan podshohning g‘oyat tadbirli va makkor xufyasi ekan.
Xufya asta-sekin lashkarboshi yuragiga qo‘l solib, uning niyatlarini anglagach, podshosi nomidan katta va’dalar beribdi. Qal’aning barcha ichki va tashqi yo‘llari, suv manbalari, oziq-ovqat, o‘q-dori omborlarini o‘rganibdi.
Gulnihol bir zum hikoya qilishdan to‘xtab, Anvarga qaradi:
– Qal’adan tushayotganimizda “Darvoza yonidagi quduqni eslab qoling”, degandim. Ana o‘sha quduq va sardobalar yer osti suv yo‘llari orqali daryo bilan bog‘langan ekan. Tajribali xufya bularga ham alohida e’tibor beribdi va hech kimga sezdirmay, g‘oyib bo‘libdi.
Qish o‘tib, bahor kelibdi. Sahro juda qisqa umr ko‘ruvchi chechaklarga burkanib, to‘qaylar qushlar chug‘uriga to‘libdi. Malika saroy a’yonlarini chaqirib, to‘y haqida maslahatlashibdi. Taraddud boshlanibdi. Malika behad shod, lashkarboshi esa be­zovta ekan.
Ertaga malikaning to‘yi deganida, qal’a kuzatuvchilari shoshilinch xabar yetkazishibdi: son-sanoqsiz dushman qo‘shini daryodan kechib o‘tmoqda.
Malika Zarrina qo‘shinni saflashga farmon beribdi. Lekin lashkarboshi hech qayerda yo‘q emish. Uni har qancha qidirishmasin, topisholmabdi. Malika urush liboslarini kiyib, lashkarni qal’a tashqarisiga boshlabdi va yana jangga kirishibdi.
Olishuv qiziganda, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, sevgilisi, lashkarboshi dushman tomonda turib jang qilyapti. Malika g‘azabdan yonib ketay debdi, lekin o‘zini qo‘lga olib, lashkarboshini dushman tomonida ko‘rib ancha sarosimaga tushgan qo‘shinga dalda berib, ularni olg‘a boshlabdi. So‘ngra payt poylab, xoinning yuragini mo‘ljallab, o‘q-yoy otibdi. Xoin otdan qulabdi.
Biroq kuchlar teng emas ekan. Malika lashkari bilan qal’aga chekinibdi. Dushman yana qal’ani qamal qilibdi.
Himoyachilar mardona jang qilibdilar. Qamal bir necha oy davom etibdi. Bora-bora qal’ada oziq-ovqat, suv zahiralari kamayibdi.
G‘anim podshosi yana bir necha marta elchilar yuborib, taslim bo‘lishni taklif etibdi, malikani o‘ziga xotin bo‘lishga undabdi. Malika rozi bo‘lmabdi. Dushman qayta-qayta hujum qilibdi, lekin qal’ani ololmabdi. Shunda o‘sha qalandar qiyofasida qal’aga kelgan xufya ishga kirishibdi. U qal’adagi quduq yer osti quvuri orqali daryodan suv olishini bilar ekan. Xufya daryo sohilida izg‘ib, hosil bo‘lgan girdobga qarab, quduqqa suv oqayotgan joyni aniqlabdi va dushman darhol obi hayot yo‘lini bekitibdi.
Ko‘p o‘tmay qal’ada tashnalik boshlanibdi. Odamlar suvsizlikdan qirila­veribdi. Begunoh kishilar qurbon bo‘layotganini ko‘rib, malika bir qarorga kelibdi va g‘animiga noma yozibdi.
“Sen bizning gullab-yashnagan malakatimiz, xalqimizga kulfat keltirgan mal’un va manfur bosqinchisan. Sening g‘irromliging oqibatida minglab begunoh odamlar qirilyapti. Bizni yuzma-yuz jangda yengolmay, nayrang yo‘liga o‘tding. Nachora, bu dunyoda sotqinlik va nomardlik bor ekan, vaqtincha bo‘lsa-da, senga o‘xshash olchoqlar g‘olib bo‘ladi.
Senga gapim shu, lashkar bekorga qirilmasin deb, erta tongda qal’a darvozalarini ochishga buyuraman. Lekin meni yengdim deb o‘ylama, meni xoinlik, razolat mag‘lub etdi. Senga aslo taslim bo‘lmayman. Bu maktubni olganingda, men arshi a’loda bo‘laman. Bilib qo‘y, xalqim sendan albatta qasos oladi!”
Malika a’yonlari bilan maslahatlashib, tongda darvozalarni ochishni buyuribdi-da, o‘zi kiyimlarini o‘zgartirib, hech kimga bildirmay, tun qorong‘isida maxfiy yo‘l orqali daryoning tik qirg‘og‘iga boribdi.
Zarrina bir qal’aga, bir gulxanlar yonib turgan dushman qarorgohiga nazar tashlab, shunday debdi:
– Kechiring meni, padari buzrukvorim! Vasiyatingizga sodiq bo‘lolmadim. Kechiring meni, aziz yurtdoshlar, ko‘zim, qalbim ko‘r ekan, xoinga ko‘ngil qo‘yibman.
Qiz o‘zini hayqirib oqayotgan daryoga otibdi. Och to‘lqinlar uning latif vujudini bag‘riga olibdi.
Shundan buyon qal’a Zarrina xotirasiga “Qizqal’a” deb yuritiladigan bo‘libdi…”
Gulnihol hikoyasini tugatib, og‘ir tin oldi.
– Rahmat, Gulnihol, juda hazin va mungli hikoya qildingiz, – dedi Anvar.
Qiz g‘amgin jilmaydi. Uning chiroyli ko‘zlari javdirardi.
– Ko‘nglim negadir juda g‘ash. Hozir dahshatli bir voqea yuz beradigandek, qo‘rqib ketyapman. Har gal Qizqal’aga kelganimda, shunday bo‘ladi. Meni har qadamda xiyonat, razolat ta’qib etayotganday bo‘ladi, – dedi u ovozi titrab.
Yomg‘ir yog‘a boshladi. Tomchilar sovuq, badanni junjiktiruvchi edi.
Yurish qiyinlashdi. Gulnihol xiyla charchab qoldi. Lekin u o‘zini tetik tutishga harakat qilib, Anvar bilan baravar odimlardi. Shu taxlit ancha yo‘l bosib, daryo burilib, to‘qay yanada qalinlashgan joyga yetdilar.
– Gulnihol dam olsangiz bo‘lardi, – dedi Anvar yonma-yon o‘sgan ikki qari jiyda panasida to‘xtab.
– Yo‘q, – dedi qiz, – tezroq boraylik. Hali ovqatga unnashim kerak. Sayru sayohat bilan bo‘lib, sizlarni och qoldirish yaxshi emas.
U so‘zini tugatar-tugatmas, dahshatli gumburlash yomg‘ir allalayotgan sukunat bag‘rini tilka-pora qildi va otning jon holatda kishnagani eshitildi.
Gulnihol bilan Anvar bir-birlariga hayrat bilan tikilganlaricha, qotib qoldilar. Ular hali o‘zlarini o‘nglab olmay, yana o‘q tovushi eshitildi, ot avvalgidan ham ayanchliroq kishnadi.
– Anvar aka! – o‘zini yo‘qotguday bo‘lib chinqirdi Gulnihol, – bu atrofda Rahim akadan boshqa otliq bo‘lishi mumkin emas!
Ular shox-shabbalar yuz-ko‘zlarini timdalashiga qaramay, o‘q tovushi kelgan tomonga qarab yugura boshlashdi. Oradan ko‘p o‘tmay, terga botib, hansirab, to‘qay ichkarisidagi sayhonlikka chiqishganida, dahshatli manzaraga duch keldilar. Za’faron xazonlar ustida bir qo‘lida miltiq, bir qo‘li bilan ko‘kragini changallagan Rahim aka yotar, ko‘zlari yumuq, yuzi yomg‘irdan ho‘l edi.
– Rahim aka! – har ikkalasining yuragidan otilib chiqqan fig‘ondan to‘qay begining sal nariroqda suvliq chaynab turgan oti sergaklanib, quloqlarini dikkaytirdi.
Anvar cho‘kkalab, Rahim akaning boshini avaylab, kaftlariga oldi. Ko‘krakni changallagan barmoqlar orasidan qon sizib oqardi.
– Rahim aka, ko‘zingizni oching, sizni kim bu ahvolga soldi, – dedi Anvar ezilib.
Gulnihol ko‘zlari oldini ko‘kimtir tuman qopladi, boshi aylandi. U gapirolmas, karaxt edi. Rahim aka sekin ko‘zlarini ochdi.
– Anvarjon… Ular uch kishi… “UAZ” mashinasida. To‘xtatmoqchi bo‘lgandim, ikki marta o‘q uzishdi…
Anvarning xayolidan “Bu o‘sha, bug‘ularga qiron keltirib yurganlar, – degan fikr kechdi.
O‘zini zo‘rg‘a tutib turgan Gulnihol ho‘ngrab yubordi.
Yomg‘ir borgan sayin kuchayar, to‘qay vahimali shovullar, qosh qoraymoqda edi.

VII

Ona bug‘u keyingi kunlarda sarxush, to‘ng‘ich bolasi va Sardorni yo‘qotganidan beri, necha oylar mobaynida birinchi marotaba shunday holatga tushishi edi.
U yuragi ostida yana bir yurak paydo bo‘lib, “gup-gup” urib turganini his etar, vujudi allaqanday iliqlik bilan yo‘g‘rilgandi.
Ona bug‘u Tiksuvot tomonga ketmoqda, qandaydir ichki tuyg‘u, kuchli bir ishtiyoq uni yana o‘sha maskanga chorlardi.
U mayin, sariq to‘lqinli qumni bir-bir bosib, barxan tepasiga ko‘tarildi, mavj­lanayotgan to‘qayga, yengil chayqalib oqayotgan daryoga nazar tashladi, tobora balandlayotgan Quyosh nurlaridan huzur qilib, ko‘zlarini yumdi va shunday turib qoldi.
Xuddi shu asnoda to‘qayning eng olis burchaklarigacha aks sado bergan gumburlash eshitildi va ona bug‘u ko‘ksida, o‘sha urib turgan yangi yuragida bir og‘riq tuydi. Og‘riq tezda butun vujudini qopladi, ko‘m-ko‘k osmon, oyog‘i ostidagi oltin qumlar chirpirak bo‘lib aylandi va u butun og‘irligi bilan gursillab quladi. Iliq, shilimshiq bir narsa badanini qopladi. Ko‘ksidagi og‘riq kuchaygandan kuchaydi, suv ichgisi keldi. U ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib, sohil tomonga nazar tashladi.
Ajabo, hozirgina kumushdek jimirlab yotgan daryo to‘la qon oqar, to‘qay ham qip-qizil rangda edi…

* * *

O‘q tovushini eshitgan Gulnihol sarpoychan tashqariga chiqdi, qo‘lini soyabon qilib, sohilga tikildi. Tavba, daryo to‘la qon oqardi! Qiz seskanib ketdi, yuragiga kuchli bir og‘riq kirdi. “Ey Xudo! Qachon tugaydi bu qonxo‘rlik, bu qabohat!”
Negadir shu topda ko‘zlariga otasining o‘sha, o‘q teshgan qonli ko‘ylagi ko‘rinib ketdi. Yana sohilga boqdi, sohil ham, daryo, to‘qay, barxanlar ham qip-qizil rangda edi. Qiz dahshat bilan chinqirib yubordi-yu, yuzlarini qo‘llari bilan bekitganicha, o‘tirib qoldi…

1987-1989 yillar
Romitan