Jo‘ra Fozil. Boyqo‘ng‘ir lolalari (qissa)

Uxla askar, uxla beparvo,
Tushlaringga kirsin Buxoro…
Buxorolik askarlar xirgoyisidan

I

POLVON

1968 yil. Kech kuz tunlarining birida Buxorodan jo‘nagan poyezd ikki kecha-kunduz yo‘l bosib, qosh qorayganda cho‘l bag‘ridagi To‘ra Tom bekatiga yetib keldi. Bizni kuzatib kelgan serjantning aytishicha, bekat askarlar tilida To‘ra Tom emas, turma tom deb atalarmish. Bu so‘zlar harbiy xizmat ishtiyoqi bilan limmo-lim yuraklarimizga qattiq botgan bo‘lsa-da, keyinchalik serjantning e’tirofi rost ekanligiga imon keltirdik. Lekin hozircha o‘n besh-yigirma chog‘li paxsa uy va bekat binosidan iborat bu gadoytopmas go‘sha nomi tillarda doston bo‘lgan Boyqo‘ng‘ir kosmodromining darvozasi ekanini bilmasdik. Bu yerlar faqat markaziy matbuotda Boyqo‘ng‘ir deb atalar, to‘rt tomon, minglab chaqirim masofada raketalaru harbiylardan bo‘lak hech zog‘ yo‘q, fazogirlarning mo‘jazgina shaharchasi To‘ra Tomdan ikki-uch chaqirim narida, Sirdaryo sohilida joylashgan, askarlar uni soddagina qilib “10-maydoncha” deyishardi. Lekin maydonchalarni tom ma’noda tushunish kerak emas. Bu manzillarda qit’alararo yadro raketalari uchiriladigan yer osti shaxtalari, kosmik kemalar parvoz etadigan yer usti maydonchalari yaqinida askarlar yashashi, xizmat qilishi va dam olishi uchun ozmi-ko‘pmi sharoitlar bor edi.
10-maydoncha Boyqo‘ng‘irning yuragi emas, bu yerda kosmodrom oqsuyaklari yashashar, asosiy qora mehnat askarlar gardanida, ular esa yuzlab chaqirim qum ichkarisida xizmat qilishga mahkum edilar. Bu maydonchadagi askarlar rahbariyat, ayrim o‘ta maxfiy bo‘limlar, aloqa xizmatida edilar. Yana bu yerda kichik komandirlar tayyorlash maktabi, bir necha qurilish va avtomobil batalonlari bor edi. Ehtimol, yana allakimlar, allanarsalar bo‘lgandir. Ularni aytmaganim uchun shahar solnomachilari meni kechirishar. O‘shanda men – o‘n to‘qqiz yashar askarning bilganim shu edi. Bundan ko‘proq bilgan, bilmoqchi bo‘lgan askarlar bilan maxsus bo‘lim shug‘ullanardi.
Xullas, umumiy harbiy majburiyat hamda taqdir taqozosi bilan o‘sha tunda men va bir guruh hamshaharlarim usti yopiq mashinalarda qariyb yuz chaqirim yo‘l bosib, 95-maydonchaga yetib keldik. Biz uchun tayyorlab qo‘yilgan askariy taomlarni nari-beri yeb, kazarmaga joylashgach, dong qotib qoldik.
Ertalab qismimiz qip-qizil cho‘lda joylashgani ma’lum bo‘ldi, bu ruhimizni tushirib yubordi. Ulkan shaharlar, yam-yashil o‘rmonlar, moviy ko‘z mahbubalar to‘g‘risidagi orzular bir zumda chippakka chiqdi. Biz – urushdan keyin tug‘ilgan avlod, qishloqlarda “urush-urush” o‘ynab katta bo‘lgandik, harbiy xizmatga jon-jahdimiz bilan oshiqardik. Bu – xayolimizda allaqanday ulug‘vor g‘oyalar, ulkan ishlar bilan yo‘g‘rilgandi. Bu yerda askarlar jangovar navbatchilikda turgan, qachon, qayerda portlashi noma’lum bo‘lgan qit’alararo yadro raketalariga xizmat qilishar, ularni qo‘riqlashar, yangi-yangi shaxtalar barpo etisharkan. Bu hech qanday jasorat talab qilmaydigan, zerikarli ishday tuyuldi bizga va qalblarimizni beadad bir dard, o‘z-o‘zimizdan qoniqmaslik hissi chulg‘ab oldi. Baxtimizga komandirlarimiz, siyosiy xodimlarning aksariyati o‘z ishini puxta bilgan, zukko odamlar ekan. Ular butun insoniyat taqdiri shu yaydoq cho‘lning har yer-har yerida, barxanlar siynasiga yashiringan raketalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq ekaniga bizni ishontirdilar.
Cho‘lning hududsiz kengliklarida izg‘irin shamollar esar, ko‘k yuzini qop-qora bulutlar qoplagan, qovjiroq yantoq va yavshanlar behol tebranishar, bu manzara yurakka hazin tuyg‘ular olib kirar, yer-ko‘kdan sog‘inch, anduh hislari yog‘ilardi go‘yo.
…Kechga tomon boshlangan sovuq yomg‘ir borgan sari kuchayardi. Deraza oynasiga shitirlab urilayotgan tomchilar tovushiga quloq tutgancha uxlab qolgan ekanman, bir mahal guldurakdek tovushdan uyg‘onib ketdim.
– R-r-o-o-t-t-a-a, pod’yom!
– Trevoga!
Bir zumda rota oyoqqa qalqdi. Olatasir boshlandi, tez kiyinib, safga turdik. Bir hafta mobaynida tez yechinib-kiyinishning mashqini olganimiz qo‘l keldi. Soat millari tungi uchni ko‘rsatib turar, kun bo‘yi yer tepib charchagan oyoqlarim lovullar, uyquga to‘ymagan ko‘zlarimni zo‘rg‘a ochardim.
– O‘h, otasining go‘riga! – norozi to‘ng‘illadi hamyurtim Samad etigining bir poyini ushlagancha safga kelib qo‘shilar ekan. – Shunday ajoyib tushning beliga tepdi-da, koshki edi, davomini ko‘rishning iloji bo‘lsa… – U hamon etigidan qo‘lini olmas, aftidan, paytavasini yaxshi o‘ray olmagandi. Rota komandirining jarangdor tovushi yangradi:
– R-r-o-o-t-t-a-a-a, smirno! Komandamni eshit! Bugun tunda qattiq yomg‘ir 90-uchish maydonchasiga raketa olib boradigan temir izning anchagina qismini yuvib ketibdi. Temir yo‘lning buzilgan qismini tonggacha tiklashimiz shart. Bu – jangovar topshiriq. Ertalab shu izdan raketa uchish maydonchasiga o‘tkazilishi kerak. Vzvod-vzvod bo‘lib, mashinalarga chiqilsin!
Borgan sari kuchayayotgan yomg‘ir ostida yugurib, bir maromda gurillab turgan usti yopiq bahaybat mashinalarga chiqdik va zim-ziyo, kimsasiz cho‘lda chamasi yarim soatcha yo‘l bosganimizdan so‘ng, kuchli projektorlar bilan yoritilgan yalanglikka yetib keldik.
Qism komandiri, shtab boshlig‘i va yana shunga o‘xshash katta-kichik boshliqlar gurillab yonayotgan gulxanlar yonida shalabbo kiyimlarini biroz quritgan bo‘lib, allanimalar to‘g‘risida bahslashishar, chehralari sertashvish, tund edi.
Yomg‘ir po‘lat izlar ostidagi ko‘tarmani yuvib ketgan, bizdan oldinroq yetib kelgan askarlar mashinalar to‘xtovsiz tashib turgan mayda tosh, shag‘al bilan shu yerni mustahkamlashardi. Biz ham tayyorlab qo‘yilgan belkurak, misrang, cho‘kichlarni olib, ishga kirishib ketdik. Ko‘p o‘tmay, sovuq yomg‘ir suyak-suyagimizgacha o‘tib, hatto paytavalarimiz ham shalabbo bo‘ldi.
Navbatma-navbat kiyimlarimizni quritib, yana qo‘lga belkurak olardik. Shu taxlit tonggacha ishladik. Yomg‘ir esa tinay demasdi. Umrida bunaqa og‘ir ishni ko‘rmagan menga o‘xshaganlarning bo‘ladigani bo‘ldi, qo‘llarimiz shishib, qonga belandi.
– Biz mardikorlikka emas, askarlikka kelganmiz-ku, axir, – yig‘lamsirab qo‘llariga “kuh-kuh”lardi malla, nimjon hamyurtimiz Usmon.
– He, sodda, askar mardikor emas deb senga kim aytdi? – dedi kiyimlarini quritayotgan Rizo.
U bizdan bir-ikki yosh katta, uncha-muncha hayotiy tajribasi bor edi, chamasi. Suhbatni jimgina eshitib turgan shtab boshlig‘i gapga aralashdi:
– Lochinlar, ko‘nikaverasizlar endi. Yana shuni quloqlaringga quyib olingki, bilmasangiz o‘rgatamiz, istamasangiz majbur qilamiz.
Biz jimib qoldik. Ko‘zlari o‘ynab turuvchi, qarimsiq shtab boshlig‘ini bir haftadayoq yomon ko‘rib ulgurgandik. Kimdir bo‘ralab, o‘zbekcha so‘kindi. Shtab boshlig‘i turgan yerida bir sapchidi, ko‘zlarini ola-kula qilib o‘shqirdi:
– No, no, polegche! So‘kinishni ko‘rsatib qo‘yaman, sen bosmachilarga, – u o‘zbekchani sal-pal tushunardi, aftidan. Yaxshiyam, kim so‘kinganini bilolmay qoldi. Aks holda, jazolashi turgan gap edi.
Bu orada ulkan idishlarda biz uchun nonushta olib kelishdi. Issiqqina bo‘tqani sovuq yomg‘irga qo‘shib, paqqos tushirgach, biroz jonimiz kirib qoldi. Endi shtab boshlig‘i ham ko‘zimizga unchalik yomon ko‘rinmasdi. U ham shashtidan tushib, nari ketdi.

* * *

Shtab boshlig‘i haq bo‘lib chiqdi. Tashvish-azoblarimiz kun sayin oshaverdi, uyni sog‘inishga, g‘ussa chekishga ham vaqt topolmay qoldik. Vzvod komandirining o‘rinbosari, g‘arbiy ukrainalik serjant Xaritonov bizga shuncha ko‘p mashq bajartirar ediki, kechki ovqatga ham holimiz bo‘lmay, sulayib qolardik. U zolim esa, tungi yo‘qlamadan so‘ng ham bizni uxlagani qo‘ymay, kiyinish-echinishga, “Qizil burchak”ning polini tish cho‘tkasi bilan sovunlab yuvishga majbur etar va bundan lazzatlanardi, chamasi.
Pichoq suyakka borib taqalgach, undan qasd olish rejasini tuzdik. Avvaliga, o‘zimizning yigitlar navbatchi bo‘lgan tunda serjant Xaritonovning yap-yangi etigi hojatxonaga eltib tashlandi. Zolim serjant ertalab safga kechikib, sharmanda bo‘ldi, vzvod komandirlaridan tanbeh eshitdi. Lekin uning zulmi battar kuchaydi. Shunda biz bir quchoq shishapaxta topib, kechalari uxlamay chiqsin deb, serjantning ko‘rpa-to‘shagiga joylab tashladik. U esa quturib ketib, bizni qayta-qayta navbatdan tashqari xizmatlarga jo‘nataverdi.
Bu orada qish kelib, shunday qattiq sovuq bo‘ldiki, ko‘chaga chiqqanimizda paxtali shim, piyma kiyib, yuz-ko‘zimizni sochiq bilan tang‘ib bog‘ladik. Yotog‘imizdagi isitish quvurlari yorilib ketdi. Shu sovuqdayam Xaritonov bizni ayamas, kartoshka tozalash, o‘tin arralashga navbatdan tashqari yuboraverardi. Kartoshka tozalayotganda barmoqlarimiz igna sanchgandek jizillar, o‘tin arralaganda kipriklarimiz qisir-qisir muzga aylanardi.
Agar baxtli bir tasodif bo‘lmaganda, muttaham Xaritonov bizni qachongacha qiynardi, bilmadim.
Yangi yil arafasida qismda erkin kurash bo‘yicha musobaqa o‘tkaziladigan bo‘ldi. Hammaga raqib topildi-yu, “Men erkin kurash bo‘yicha G‘arbiy Ukraina chempioniman” deya kerilib yurgan Xaritonov bilan maydonga tushadigan odam topilmadi. Xaritonovning gavdasi ho‘kizday, vazniyam shunga yarasha – uning og‘irligiga teng raqib yo‘q edi. Maslahatlasha boshladik. Lekin oramizda Xaritonovni yenga oladigan kishi borligiga ko‘zimiz yetmasdi. Rizo chidab turolmadi:
– Mayli, men chiqaman. Lekin o‘zimniyam, sizlarniyam sharmanda qilmasam, go‘rga edi.
Rizo rost gapirardi. U Xaritonovni yengishi dargumon. Rozi bo‘lmadik. Final olishuvi boshlanishiga esa sanoqli daqiqalar qolgandi.
– Yigitlar, – dedi bir chekkada jimgina o‘tirgan Tohir. – Xaritonov bilan mana, men olishaman!
Hammamiz angrayib qoldik. Chunki butun umri cho‘lda kechgan bu cho‘pon yigit Xaritonovning teng yarmidan kelardi.
– Devona bo‘ldingmi? – qichqirdik baravar. – U seni bir siltasa, suyak­laringni yig‘ib ololmay qolasan-ku!
– Yo‘q, jo‘ralar, – miyig‘ida kuldi Tohir. – Yigit kishiga o‘lish bor, qaytish yo‘q! U qachongacha bizni qiynaydi?!
Tohir bir so‘zli ekan, uni niyatidan qaytarib bo‘lmadi va har ikki raqib maydonga tushdilar. Yuragimiz uvushib, Tohirdan ko‘z uzmasdik.
Xaritonov miyig‘ida kulganicha, nopisandlik bilan davrani bir-ikki aylandi va zil-zambil qo‘lini Tohirning yelkasiga tashladi. Tashlagani hamono, “Yo, Ali!” degan kuchli bir hayqiriq zalni larzaga soldi, Tohir raqibini yelkasidan oshirib, yerga chunonam ko‘tarib urdiki, Xaritonov bir necha soniya qimirlamay yotdi. Qarsak, hushtakbozlik bo‘lib ketdi. Komandirlar jazavaga tushib baqirishardi:
– Bravo, Yusupov! Molodets, djigit!
Sharmanda bo‘lib gilamda yotgan Xaritonov bilan hech kimning ishi yo‘q, Tohir qismning, biz uchun esa, O‘zbekistonning mutlaq chempioni bo‘lgan edi.
Tashqarida mayin qor uchqunlagan shu qahraton tunda biz Tohirni qayta-qayta quchib, o‘pdik va baxtdan sarxush bo‘lib, dong qotib uxladik. Endi serjant Xaritonov bizni kamsitolmasligiga ishonchimiz komil edi.

II

QAHRATON

Boyqo‘ng‘irning o‘ziga xos shevasi, lug‘ati bor edi. “Stakan” – qit’alararo yadro raketasi turadigan yerosti shaxtasi, “start” – kosmik raketalar uchiriladigan maydoncha, “rejim xizmati” – raketa uchirilishi arafasida, qirq besh darajali sovuqqa qaramay, xizmatdan bo‘sh askarlarni, butun garnizonni o‘n-o‘n besh chaqirim cho‘l ichkarisiga haydab ketishga bosh-qosh bo‘ladigan, badqovoq polkovnik Lauxin tasarrufidagi maxsus bo‘linma, ta’bir joiz bo‘lsa, “jazo otryadi”, “Vasya” yoki “Vasiliy Mixaylovich” – uch oylik uloqchadek mushuk. Shtab boshlig‘i Vasiliy Mixaylovichni yomon ko‘rganimizdan mushukni uning ismi bilan atagan bo‘lsak ham, aslida jonivorni hammamiz behad suyardik. Oshxonadan qaytgan biror kishi Vasiliy Mixaylovichni quruq qo‘ymas, birov qand, birov moy, yana birov go‘sht bilan siylar, erkatoyimiz kun sayin emas, soat sayin semirib borardi va minnatdor bo‘lib, yotog‘imiz navbatchilari oldidan bir qadam nari ketmay, tunni tongga ulardi. Tuni bilan mijja qoqmay bir yerda o‘tirishga majbur askarlar uchun Vasiliy Mixaylovich ajoyib ermak edi. Lekin bu komandirlarimizga yoqinqiramasdi, harbiy nizomga xilof, deya xarxasha qilishar, butun rota Vasyaning yonini olgach, noiloj qolishardi. Menimcha, sotqinlik, chaqimchilik bo‘lmagan go‘sha dunyoda yo‘q. 95-maydoncha ham bundan mustasno emasdi. Kimdir shtab boshlig‘iga 1-rotadagi semirib ketgan mushuk uning “sharafiga” nomlanganini shipshitibdi.
Vasiliy Mixaylovich adashiga ochiq hujum qilmadi. Shunday qilsa, obro‘si to‘kilishini yaxshi bilardi. U rotamizda o‘tkazilgan siyosiy mashg‘ulotlarda bir-ikki marotaba ishtirok etib, “Sizlarda siyosiy tayyorgarlik juda bo‘shashib ketibdi”, deya sha’ma qildi. Bu sha’ma nimaga qaratilgani bizga ayon, shtab boshlig‘i mushukka shu nomni kim qo‘yganini aniqlay olsa, “sovet ofitserini haqoratladi” deya harbiy tribunalga topshirishdan ham toymasligini yaxshi bilardik. Xayriyatki, mushukka bu laqabni kim qo‘yganini aniqlab bo‘lmasdi. Lekin shtab boshlig‘i kechirimli odamlar toifasidan emasdi, u biz va Vasyadan qanday qasd olishini o‘ylab, o‘yimizga yetolmasdik.

* * *

Qozog‘istonning mashhur shamoli kuchaygandan-kuchayar, quloq, burun, qo‘l, oyog‘ini sovuqqa oldirgan askarlar soni oshib borar, paxtaligu po‘stinga har qancha o‘ralmaylik, bu dahshatli qahratondan omonlik yo‘q edi. Hatto oshxonada krujkaga quyilgan issiq choy oradan bir necha daqiqa o‘tmay, yupqa muz parchasi bilan qoplanib qolardi.
Ana shunday og‘ir sharoitda ham Boyqo‘ng‘irning yuragi urib turar, ulkan aslahaxonaga aylantirilgan cho‘lning ko‘z ilg‘amas kengliklarida yangidan-yangi yadro raketa komplekslari barpo etish uchun kecha-kunduz kurash ketardi. Markaziy gazeta-jurnallarda esa, qurollanish poygasini to‘xtatish, Sovet Ittifoqining g‘oyat tinchliksevar siyosati haqida qop-qop safsatalar bosilar, siyosiy xodimlar biz bilan mashg‘ulot o‘tkazayotganda qurolsizlanish haqida gapirishdan charchamas edilar. Holbuki, qurollanish poygasining eng oldingi marrasi raketa bekitilmagan biror go‘shasi qolmagan ana shu cheksiz sahroda edi. Hafta sayin jangovar va kosmik raketalar fazoga parvoz etar, har bir parvozdan oldin xavfsizlikni ta’minlash uchun askarlarni aksariyat hollarda tungi uyqudan uyg‘otib, cho‘lga olib chiqishar, shu qahratonda rejim vaqti tugaguncha qumliklarda diydirab sanqishga majbur edik. Raketalar qulab tushishi xavfi bo‘lganidan, rejim xizmati qismlarda sanoqli soqchilardan bo‘lak hech kimning qolishiga ruxsat bermas, biz qismda qolayotgan do‘stlarimiz bilan xayrlashayotib: “Qo‘rqma, agar o‘lib-netib qolsang, orkestr bilan ko‘mamiz” derdik. Chunki cho‘lga butun garnizon bilan ko‘chib chiqishlar mutlaqo keraksiz, rejim xizmatidagilar davlatning pulini bekorga olib yurishibdi, deb hisoblardik. Lekin tez orada yuz bergan voqealar biz yanglishganimizni ko‘rsatdi.
…“Gerkules” tipidagi raketani uchirishga qizg‘in tayyorgarlik ketar, aytishlaricha, bu parvoz kosmosni o‘zlashtirishda inqilob bo‘lishi kerak edi. Shu boisdan taraddud o‘ta maxfiy tarzda olib borilardi. Odatda, nav­batdagi raketa qachon parvoz qilishini shtabdagi do‘stlarimiz orqali soat va daqiqalarigacha bilardik. “Gerkules” parvozi haqida esa hech kim, hatto komandirlarimiz ham bilishmasdi. Biz uzoq kutdik, parvozdan esa hadeganda darak bo‘lavermadi. Oxiri, jonimizga tegib, eslamay qo‘ydik. Sirasini aytganda, parvoz bizni qiziqtirmas, balki shu qahratonda yana qachon cho‘lga haydab chiqarishlarini aniq bilib, shu sarson-sargardonlikka ozmi-ko‘pmi tayyorgarlik ko‘rib qo‘ymoqchi bo‘lardik, xolos. Tayyorgarlik deganim, gazniqob xaltasiga bir burda qora non, ikki-uchta muzlagan piyoz solishdan iborat edi.

* * *

Tun. Zim-ziyo tun… Zulmat qa’ridan Muattar chiqib kelayapti.
– Muattar, Muattar… nega xat yozmaysan? Kutaverib yuraklarim qon bo‘ldi-ku…
– Qanday yozaman, qayoqqa yozaman? Manzilingiz aniq emas-ku!
– Boyqo‘ng‘irga deb yozaver. Jamol bittaman. O‘zbekistonda sen ham bittasan.
– Yo‘q, xat yozmayman, o‘zim yoningizga uchib boraman!
– Uch-i-i-i-b kelolmaysan, kelma. Qanotlaringni sovuq oladi. Bu yer juda sovuq. Hamma joy, cho‘l ham, uylar ham, yuraklar ham sovuq, qahraton, muz…
– Men sovuqdan qo‘rqmayman, Jamol aka. Qiz bolaning qaynoq yuragi oldida sovuq nima degan gap? Nahot shuni bilmaysiz? Axir, shoirsiz-ku, shoir-a!
– Yo‘q, men shoir emasman, shoirlikni vaqtincha qo‘yib turamiz, hozir oddiy askarman.
– Nima bo‘lsayam, men yuraklaringizdagi muzni eritishim kerak. Axir yurakda muz bilan, muz yurak bilan qanday yashaysiz?!
– Faqat yurak emas, qo‘llar, oyoqlar, kipriklar ham muz, lekin mana, binoyidek yashayapmiz. Yashayveramiz…
– Yo‘q, bunday yashab bo‘lmaydi. Bunday yashash mumkin emas!.. – Shunday deganicha Muattar allaqanday nurdan barq urib turgan chiroyli yuzini qo‘llari bilan bekitdi, nozik barmoqlari orasidan billurin yosh tomchilari sizib tushdilar.
– Yig‘lama, Muattar, axir ko‘zyoshlaringga arzigulik gap bo‘lgani yo‘q-ku! Yig‘lama!
– Yig‘layman, sizning yuragingiz shunchalar muz bo‘lar ekan, men qon yig‘layman…
Men Muattar tomonga talpindim, uning ko‘zyoshlarini artmoqchi, yupatmoqchi bo‘ldim. Lekin qimir etolmasdim, oyoqlarim yerga mixparchin etilgandi go‘yo. Bor tovushim bilan baqirdim, lekin Muattar tovushimni eshitmas, ko‘zlaridan duv-duv yosh oqardi. Ilojsizlikdan nima qilishimni bilmay, yana unga talpindim. Muattar shaxt bilan o‘girildi-yu, yugurganicha mendan uzoqlasha boshladi. Telba shamol uning mayda gulli chit ko‘ylagini tortib o‘ynar, qirqkokil sochlari belida to‘lg‘onardi. U tobora uzoqlashib, ko‘m-ko‘k tuman bag‘riga singib ketmoqda edi. “Ketma, Muattar!” – ovozim bo‘g‘ilguday qichqirdim va xuddi shu asnoda allaqanday ko‘zga ko‘rinmas bir kuch meni qattiq silkita boshladi.
Cho‘chib ko‘zlarimni ochganimda, tepamda Usmon turar, rota safga tizilgan, qisqa-qisqa buyruqlar yangrardi.
– Tur-e, kunda! Odam ham shunchalar qattiq uxlaydimi? Muattar, Muattar, deb bo‘kirishini qarang. Hozir komandir Muattarni ko‘zingga ko‘rsatadi. Bo‘l tezroq! Trevoga! Rejim!
Apil-tapil kiyinib, safga yugurdim. Komandir bir o‘qraydi-yu, har qalay, jazolamadi. Yo‘lga tushdik.
Cho‘l osmoni musaffo, yulduzlar yorqin nur sochishar, ana shunday, havo ochiq tunlarda sovuq yanada avjiga minardi. Tungi soat ikki, uyquning ayni shirin payti bo‘lganidan, ko‘pchilik askarlar ko‘zlari yumuq holda qadam tashlashar, men esam hamon Muattar bilan bo‘lgan suhbat ta’sirida edim. Bu uchrashuv g‘oyibona ekanligiga ishongim kelmas, ko‘zlarim yirtilguday bo‘lib, poyonsiz zulmat qa’ridan Muattarning siymosini izlardim. Uning ko‘zlari ham, qirqkokil sochlari ham tun rangida, ularni qorong‘i tundan ajratolmasam ne ajab? Muattarning yuzlarini yana ko‘raman, deya astoydil ishondim. Ana shu ishonch tufayli shamolning uvullashini, kipriklarimga ingan muzni unutdim. Ikki soatlardan so‘ng rejim xizmati belgilab bergan joyga yetib bordik. Har yer-har yerda gulxanlar yoqildi, cho‘lni chumolidek bosgan garnizon askarlari olov atrofiga to‘plandilar. Suhbat avjiga chiqdi. Hammaning og‘zida “Gerkules”, “inqilob” so‘zlari edi. Komandirlar har zamonda soatlariga betoqat nazar tashlab qo‘yishardi.
Nihoyat, yulduzlar birin-ketin xiralashib, ufq qirmizi tus oldi. Olisda oppoq shamdek bo‘lib turgan raketa – “Gerkules” ko‘zga tashlandi. Hammaning nigohi ufqqa qadaldi.
Boyqo‘ng‘irning telba shamollari onda-sonda yog‘adigan qor cho‘lni bir tekis oqartirishiga yo‘l qo‘ymas, yastanib yotgan qumliklar quroq dasturxondek oq, sariq, kulrang tovlanib yotar, bu olachalpoq xilma-xillik aro “Gerkules” g‘oyat ulug‘vor ko‘rinardi.
Birdan ufqda kuchli qizil alanga “lop” etdi. Gumburlash yer-ko‘kni larzaga soldi. Cho‘l yorishib ketdi, quyuq tutun, olov seliga chulg‘angan raketa balandga ko‘tarila boshladi. U balandlagan sayin gumburlash kuchayib borar, nazarimda yer yorilib ketgudek, bepoyon qumliklar, ularga qo‘shilib butun vujudimiz titrar, ayniqsa, tizzalar qaltirog‘ini bosish qiyin edi.
“Gerkules” bir necha soniya tikka parvoz etdi, so‘ngra kutilmaganda qiyalay boshladi va ko‘p o‘tmay, ko‘z zo‘rg‘a ilg‘aydigan to‘lqinsimon barxanlar ortiga qulab tushdi. Avvalgisidan ham dahshatliroq gumburlash quloqni qomatga keltirdi. Hammayoq ostin-ustun bo‘lib ketdi. Biroz fursatdan so‘ng “Ana senga “Gerkules”, ana senga inqilob” degan xitoblar yang­radi. Komandirlardan biri o‘zi ham ishonib-ishonmay izoh berdi:
– Belgilangan trayektoriyadan chiqib ketgani uchun radio orqali komanda bilan o‘zlari portlatib yuborishdi, uni endi boshqarib bo‘lmas edi.
Askarlar orasida g‘ala-g‘ovur boshlandi. Portlash sabablarini har kim o‘z bilganicha izohlardi. Komandirlar baqirib-chaqirib, g‘ovurni bosmoqchi bo‘lishar, lekin ularga hech kim quloq solmasdi. Atrof yorishib, raketa qulab tushgan yerda hosil bo‘lgan to‘q jigarrang tusdagi ulkan qo‘ziqoringa o‘xshash to‘zon ko‘zga yaqqol tashlanganida g‘ala-g‘ovur yanada kuchaydi. Chunki yadro bombasi portlaganida aynan shunday qo‘ziqorin paydo bo‘ladi, deb bizga ko‘p martalab uqtirishgan edi.
Askarlar orasida vahima boshlandi. Shunda yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, bilmadim, qarshimizda yuzlari qip-qizarib ketgan rejim xizmati boshlig‘i, polkovnik Lauxin paydo bo‘ldi. Juda xunuk basharasi uchun unga “Iblis” degan maxfiy laqab berishgan edi.
– Molchat! Ne panikovat!!! Nyuni raspustili! Soldatы, zaщitniki nazыvayutsya, vashu mat!.. – cho‘lni boshiga ko‘tarib bo‘kirdi polkovnik ko‘zlarini ola-kula qilib. Uning raketa gumburlashidan past bo‘lmagan ovozi hammani o‘ziga keltirdi. Jimib qoldik.
Lauxin ham o‘zini sal bosib olib, tushuntira boshladi:
– Bu – “Gerkules” tipidagi raketa, uning hech qanaqa yadro zaryadi yo‘q. Faqat ana shu qo‘ziqorin shaklini olgan yonilg‘isi zaharli. Uni to‘yib hidlagan odam zurriyodsiz qolishi mumkin. Baxtga qarshi, shimoldan esayotgan shamol ana shu yonilg‘i portlashidan hosil bo‘lgan gazlarni biz tomonga haydayapti. Shu boisdan janubga qarab ikki-uch soat yugurishimizga to‘g‘ri keladi.
Yana qisqa-qisqa komandalar yangray boshladi. Cho‘lni mo‘r-malaxdek bosgan askarlar harakatga kelib, nari-beri saflandi. Hammamiz yiqilib-turib yugura boshladik. Buni agar birov chetdan kuzatsa, g‘aroyib manzaraning guvohi bo‘lardi, ehtimol. Lekin o‘shanda hammaning fikri-zikri la’nati “qo‘ziqorin”dan mumkin qadar uzoqroqqa qochish edi.
Ko‘p o‘tmay qora terga botdik. Cho‘lni harsillash, asabiy so‘kinishlar bosib ketdi. Paxtali shim, piymalarda yugurish azob edi. Saflarning eng oxirida qo‘ylarni haydayotgan cho‘pondek bo‘lib, sekin yurayotgan “UAZ” mashinasida polkovnik Lauxin kelar, undan bo‘lak necha minglab kishining hammasi poyu piyoda edi.
Biz qariyb tushgacha, o‘sha la’nati “qo‘ziqorin” borgan sari kattalashib, bo‘shliqqa singib ketgunga qadar yugurdik. Necha martalab yiqilib-turganimiz yolg‘iz Xudoga ma’lum. Oxiri hamma o‘zini qor bosgan yavshanlar, yantoqlar ustiga tashladi. Hech kimning qimirlashga madori yo‘q edi. To‘da-to‘da yotgan askarlar uzra tamakining yengil tutuni suza boshladi. Sal o‘zlariga kelib ulgurgan yigitlar hazil-mutoyiba boshlashdi. Hazil-huzulning o‘tkir tig‘lari yig‘lab yuborgan askarlarga qaratilgan, ular ham o‘z-o‘zlaridan kulishardi. Usmonni esladik. Rotada soqchilikda qolish uning chekiga tushgandi. Butun cho‘l dahshatidan ostin-ustun bo‘lganda, uchish maydonchasidan shundoq besh-olti chaqirim beriroqda kazarmada bechora Usmonning holi nima kechdi ekan?
Kechga tomon oyoqlarimizni zo‘rg‘a sudrab, qismga kirib keldik. Kazarma eshigi yonida bizni qarshilagan Usmonning chehrasi ayanchli edi.
– Qo‘rqib ketdingmi, Usmon? – so‘radim men.
– Qo‘rqish ham gapmi, o‘lib qolay dedim. Shoshganimdan, avvaliga gazniqob kiyishni ham unutibman.
– Zarari yo‘q, – gapga aralashdi Samad. – Nari borsa, zurriyodsiz qolishing mumkin ekan, “Iblis” shunaqa dedi.
Usmonning hazillashadigan holi yo‘q edi. Samadni jerkib berdi:
– He, og‘zingdan yel olsin! O‘zing shu yerda bo‘lganingda ko‘rardim ahvolingni. Zurriyodsiz qolasan emish, undan ko‘ra o‘lganim yaxshi emasmi?
– Bo‘ldi, uzr, jo‘rajon, – murosa qildi Samad. – Haliyam yuraging otning kallasiday ekan. Bizning yonimizdagi ayrim hezalaklar qo‘rquvdan bo‘kirib yuborishdi-yu…
Biz Usmonni yupatish bilan ovora ekanmiz, rotada g‘ala-g‘ovur boshlandi. Hamma erkatoyimiz Vasiliy Mixaylovichni izlardi. Vasya esa hech qayerda ko‘rinmasdi. Mushuk topilavermagach, yigitlar Usmonni ayblay ketishdi.
– Yerga kirib ketmagandir-ku, nahot ko‘rmagan bo‘lsang?!
– O‘lay agar, – qasam ichardi Usmon. – O‘sha, sizlarni kuzatib chiqqani, kazarmaga qaytib kelgani yo‘q. O‘zim ham uni uzoq izladim.
Butun rota guruh-guruh bo‘lib Vasyani izlay boshladik. Qismning biz bormagan burchagi qolmadi. Hamma yoqni ag‘dar-to‘ntar qildik. Vasiliy Mixaylovichdan darak yo‘q edi.
Hammamiz bu shtab boshlig‘i Vasiliy Mixaylovichning o‘chi ekanini yurak-yurakdan his etsak-da, sevimli mushugimiz qurbon bo‘lganiga ishongimiz kelmasdi.
Oradan uch kun o‘tdi. Qism cho‘chqaxonasiga go‘ng tozalagani borgan askarlar Vasyaning tarashaday qotgan murdasini topib kelishdi. Jonivor ikki o‘q bilan otib o‘ldirilgandi.

III

LOJUVARD OSMON

Tinkamizni quritgan qahratonning kuni bitib, bahor keldi. O‘rkach-o‘rkach barxanlar siynasi ilib, havo kelinchak bo‘sasiday harorat olganidan biz – issiq o‘lka farzandlarining ancha jonimiz kirib qoldi. Qizil, nimpushti, och-sariq cho‘l lolalari tuproqdan bosh ko‘tardi. Qish bo‘yi o‘zining g‘arib manzarasi bilan yuraklarimizni ezgan hududsiz kengliklar yam-yashil tus oldi.
Choshgoh. Osmon shu qadar beg‘ubor ediki, qaraganda ko‘z tinardi. Tobora balandlanayotgan quyosh nurlariga to‘la cho‘l mavjlanardi. Men va Samad 10-maydonchada topshiriqni bajarib, o‘z qismimizga, 95-maydonchaga qaytish uchun nazorat-tekshiruv posti yonida mashina kutardik. Postdagi serjant va askarlar hujjatlarimizni tekshirib, ularning to‘g‘riligiga ishonch hosil qilishgach, mashina to‘xtatib berishga va’da qilishdi.
Sabr-toqat bilan kuta boshladik. Mashinadan esa hadeganda darak bo‘lavermadi.
Osmon ham, quyosh ham tobora yuksalib borar, bahor hidiga to‘la epkin dimoqni qitiqlardi. Bir mahal qarasam, Samad yelkasidan safar xaltasini ham olmay, o‘tirgan joyida pinakka ketibdi. Uni uyg‘otib yubormaslik uchun sekin o‘rnimdan turdim-da, shlagbaum yonida turgan serjant bilan chaqchaqlasha boshladim.
Xuddi shu payt oppoq “Volga” shlagbaumga tekkudek bo‘lib, qattiq tormoz berdi. Serjant haydovchining hujjatlarini tekshirayotganda, mashinaning orqa eshigi ochilib, undan oppoq kiyingan bir qiz tushdi. Hujjat tekshirayotgan serjantning ham, mening ham og‘zim ochilib qoldi.
Serjant haydovchining hujjatlarini qaytarib berib, to‘lin oydek nurlanib, bizga nimtabassum bilan boqib turgan qizga murojaat etdi:
– Marhamat qilib, hujjatlaringizni ko‘rsatsangiz.
Qiz yanada beg‘ubor jilmaydi.
– Hujjatlarimmi, jonim bilan!.. Mana!
Qiz sumkachasidan qizil rangli guvohnoma olib, serjantga uzatdi. Uning ovozi o‘zidan-da chiroyli, yoqimli edi. Serjant surati devor bo‘lib, guvohnomani qo‘liga oldi, bir unga, bir qizga qaradi-da, qaytarib berdi. So‘ng sekingina so‘radi:
– Siz polkovnik Dubininning kimlari bo‘lasiz?
Qiz quvlik bilan chiroyli ko‘zlarini suzdi:
– Bu harbiy sir, lekin mayli, sizga aytganim bo‘lsin. Polkovnik Dubininning qiziman.
Qiz lablarida o‘sha aql shoshiruvchi tabassum bilan mashinaga o‘tirdi. Serjant shlagbaumni ko‘tardi. Mashina o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qiz oynadan qo‘lini chiqarib, biz bilan xayrlashgan bo‘ldi.
Anchagacha hech kimdan sado chiqmadi. Qiz bizni sehrlab, yerparchin qilib ketgandi. Oxiri, serjant tilga kirdi:
– Polkovnik Dubininni tanisang kerak?
– Taniganda qandoq, siyosiy bo‘lim boshlig‘ini tanimay bo‘larkanmi?
– Ey, Xudoyim, – dedi serjant chuqur “uf” tortib. – Odam bolasi ham shunchalik chiroyli bo‘ladimi?
Qiz ta’rifi bilan band ekanmiz, yonimizga ulkan “Ural” mashinasi kelib to‘xtadi. Serjant haydovchining hujjatlarini tekshirgach, menga: “Mana shu mashinada ketasizlar” dedi. Darhol borib Samadni uyg‘otdim.
…Mashina bir maromda guvullash bilan olis yo‘l tanobini tortar, asfaltdan ko‘tarilayotgan issiq hovur ko‘ngilni behuzur qilardi. Samad ko‘zlarini bir nuqtaga tikib, jim o‘tirar, men esa bundan bir necha daqiqa oldingi uchrashuv xayoli bilan band edim. Oldimizdan oqqushday uchib o‘tgan qiz va Muattar o‘rtasida o‘xshashlik izlardim.
Shu taxlit qancha yo‘l bosdik, bilmayman, bir vaqt Samad huzur qilib esnadi-da, menga qarab jilmaydi.
– Ha, nega buncha kuydirilgan kalladek tirjayasan?
– Eh, – shirin tamshandi Samad. – Tushimda oppoq harir ko‘ylak kiygan bir parizodani ko‘rdim, sochlari uzun, qarqarali qalpoq kiygan emish-u, negadir o‘rischa gapirarmish. Hayron bo‘ldim, bizning parizodlar o‘rischa gapirmasdi, shekilli?
Men kulib yubordim:
– O‘rgildim, o‘riszabon parizodingdan! Sen uni tushingda emas, o‘ngingda ko‘rding-ku! Hali, mashina kutayotganimizda, post yonidan parizoddan ham chiroyli bir qiz o‘tib ketdi, o‘shani aytayapsanmi?
Samadning achchig‘i chiqdi.
– Nima, meni jinniga chiqarmoqchimisan? Men o‘ngimda qiz-piz ko‘rganim yo‘q. Tushimni aytayapman senga!
– Samad, hech qanaqa o‘rischa gapiradigan parizod yo‘q, faqat, o‘sha qizning hujjatlarini tekshirishayotganda u serjant bilan bir muddat gaplashdi. Mudrab o‘tirganingda shu gaplar qulog‘ingga chalingan bo‘lsa, ajabmas.
Samad hayron bo‘lib yelka qisdi. U parizodning o‘ng ekaniga, men esa tush ekaniga ishonmasdik. Har ikkimiz o‘z so‘zimizda turib olgandik.
Shu asnoda mashina qattiq bir silkinib, to‘xtadi. Qismimizga yetib kelgandik.
– Sen nima desang, degin-u, lekin men u parizodni tushimda ko‘rdim, – dedi Samad mashinadan tushganimizdan so‘ng.
U ma’yus tortgan, ovozi ham g‘amgin edi. Men indamadim. Samadning yuragida qattiq sog‘inch, anduh uyg‘onganini sezib turardim, o‘zim ham shu uchrashuv tufayli Muattarni o‘ylayotgandim. Undan hamon xat olmagan edim.
Kazarmada “bazmi jamshid” ustidan chiqdik: yigitlar ta’tildan qaytib kelgan Shernazarni qurshab olib, u keltirgan olma, anor, mayiz, turshak va yana allanimalarni hafsala bilan tushirmoqda edilar. Shernazar og‘zi qulog‘ida, ularni mamnun kuzatib turardi. U biz bilan quchoqlashib ko‘rishib, davraga taklif qildi. Samad ikkimiz ham yeng shimarib, “ishga kirishdik”.
Jomadonning tagi ko‘rinib qolgach, yigitlar Shernazarga yangi kuch bilan savol yog‘dira boshladilar. Rizo esa bizning davraga kechikkanimizni nazarda tutib, izoh berdi:
– Jamol, Samad! Shernazarni tabriklab qo‘yinglar, bu xumpar o‘n kun ta’tilga borib, uylanib qaytibdi.
– Ha, endi, shunaqa bo‘lib qoldi, – izoh berdi Shernazar og‘zining tanobi qochib. – Otam hamma tayyorgarlikni ko‘rib qo‘ygan ekan, borganimdan so‘ng, uch kun o‘tgach, to‘y bo‘ldi. Kelin o‘z qarindoshim.
Shernazar ko‘krak cho‘ntagidan avaylab bir surat olib, bizga uzatdi. Suratda o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlardagi atlas ko‘ylak, iroqi do‘ppi kiygan do‘ndiqqina bir qiz nimtabassum bilan qarab turardi. “O-o-o, zo‘r-ku, didingga qoyil, Shernazar!” – degan xitoblar yangradi.
Askarlar uylanish, chimildiq va hokazolarni ipidan-ignasigacha surishtira boshladilar. Baxtdan sarxush Shernazar hammasiga erinmay, soddalik bilan javob berar, ilmoqli savollardan xafa bo‘lmay, jilmayib qo‘yardi.
– Xo‘-o‘-o‘sh, uylanish yaxshi ekanmi? – so‘raydi bir necha ovoz birvaraka­yiga.
– Yaxshi ekan, jo‘ralar, juda maza! – deydi Shernazar shirin entikib.
– Nimasi yaxshi, nimasi mazza? – guvullaydi ovozlar.
– Shu, hammasiyam yaxshi-da, chimildiq, yumshoqqina o‘rin… Chimildiq oldiga to‘kin dasturxon yozishadi, pista-bodom deysanmi, mayiz-novvot deysanmi… – Shernazar erinmay chimildiqda yegan ovqatlarini sanaydi.
– Sen chimildiqda faqat ovqat yedingmi yoki boshqa biror ish ham qildingmi? – uning jig‘iga tegmoqchi bo‘lishadi yigitlar. Shernazar xafa bo‘lmaydi, suhbatni davom ettiradi.
– Yangalar-chi, yangalar poyloqchilik qilishmadimi? – yana savolga tutamiz bir haftalik kuyovni.
– Poylamoqchi bo‘lishgandi, men ularga dangalini aytib qo‘ya qoldim. “Hoy, yangalar, men askarman, Qozog‘istonning cho‘lida raketalarga poyloqchilik qilaverib, juda usta bo‘lib ketganman. Ularning injiqligi bir qiznikidan qolishmaydi”, dedim. Keyin bizni tinch qo‘yishdi. Endi yangalar menga begona emas-ku, hazilni tushunishadi-da, – dedi Shernazar.
Shernazarning xatti-harakatlari biroz o‘zgargan, u bizga “senlar hayotda hali nimani ko‘ribsanlar” qabilida sal balanddan nazar tashlab qo‘yardi.
Shu oqshom biz – bo‘ydoqlar kuyovlik baxtiga muyassar bo‘lgan bu sodda, to‘pori yigit bilan juda uzoq suhbatlashdik.
Oradan ko‘p o‘tmay, bo‘linmamiz musaffo, salqin tonglarning birida cheksiz qum ummonining 191-maydoncha atalmish go‘shasiga yetib keldi. Biz devorlaridan hur-hur shamol o‘tib, tunda tomidan yulduz ko‘rinadigan bir choldevorga joylashdik. Choldevor bu yerdan yuz qadam narida joylashgan 191-jangovar qit’alararo yadro raketasi kompleksini barpo etib, yaqinda jo‘nab ketgan harbiy quruvchilar rotasining vaqtinchalik manzili ekan. Kulol mo‘ndida suv ichadi, deganlaridek, sanoqli daqiqalar mobaynida Amerika qit’asiga yeta oladigan zamonaviy jangovar raketa kompleksi barpo etgan harbiy quruvchilar yashagan, endi biz istiqomat qilishimiz lozim bo‘lgan maskan cho‘chqaxonadan kam farq qilardi.
Jangovar raketa kompleksi yer qa’riga qirq-qirq besh metr kirib ketgan “stakan”, unga tutash necha o‘nlab yerosti xonalari, elektr stantsiyasi va boshqa yordamchi xizmatlar uchun kerakli uskuna, anjomlardan iborat. Xonalarning bir qismi raketani uchirishga, bir qismi yerosti navbatchiligidagi askarlarga xizmat qilardi. Xonalarning birida raketani uchiruvchi tugma joylashgan bo‘lib, uning yonida ofitserlar turishar, bu yerda Moskva, Bosh shtab bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa mavjud edi. “Stakanda” esa, bizga dushman mamlakatning qaysidir shahrini bir necha daqiqada kunpayakun qilishga qodir raketa saqlanardi.
Xullas, Boyqo‘ng‘irning eng olis go‘shasidagi 191-maydoncha qurib bo‘lingan, lekin hali unga jangovar raketa va kallak qo‘yilmagan, ana shu vazifani amalga oshirishi lozim bo‘lgan harbiy va fuqaro mutaxassislarga bo‘linmamiz ko‘maklashishi kerak edi. Biz asosan qora ishlarni bajarardik.
191-atalmish bu la’nati maydoncha qismimizdan necha yuz chaqirim olisda bo‘lib, xat-xabar yigirma-yigirma besh kunda bir marotaba olib kelinar, boz ustiga, qorin to‘ydirish ahvoli ham bir navi edi.
Uydan xat-xabar kechikib kelishi bizni zeriktirar, ayniqsa, xotinidan anchadan beri maktub ololmayotgan Shernazar juda siqilardi.
Avvaliga yigitlar uning qiynalayotganiga unchalik e’tibor qilishmadi. Lekin oradan ikki oy o‘tib ham Shernazar xotinidan xat olmagach, uni ochiqdan-ochiq mazax qilishga o‘tdik.
– Nima, u sening yuzingdan oy ko‘ribdimi, birortasining etagini tutib ketgandir-da… – derdik biz.
– Uyga borsam, uni nima qilishni o‘zim bilaman, – derdi Shernazar bo‘g‘ilib.
– Xo‘-o‘-o‘sh? Nima qilasan?
– O‘zim bilaman, o‘zim, ahmoqlar, vahshiylar! – Shernazar ho‘ngrab yig‘lanicha davradan qochib ketar, kech tushguncha cho‘lda tentirab yurardi. Biz uni qiynab huzur qilardik.
Nihoyat, 191-maydonchadagi hayotimizning uchinchi oyi oxirlarida Shernazar xotinidan birdaniga bir dasta xat oldi. Biz Shernazar quvonchdan esini yo‘qotib qo‘yadi yoki yana yig‘lab yuboradi deb o‘ylagandik. Yo‘q, Shernazar siniqqina jilmayib, maktublarni oldi-yu, cho‘ntagiga solib, bizdan nari ketdi. “Qani o‘qi-chi, xotining nima yozibdi?” degan savollarga parvo qilmadi. Shundan so‘ng, xizmat tugaguncha, u birovga ko‘ngil ochmadi. Olomon uning qalbidagi eng sof, eng bokira tuyg‘ularni haqoratlagan, toptagan edi…

IV

JIYDA GULLAGANDA

May oyining o‘rtalarida birinchi rota askarlari ko‘ch-ko‘ronni ko‘tarib, mashinalarda bir kecha-kunduz to‘xtovsiz yo‘l bosib, Sirdaryoning ovloq sohiliga yetib keldik. Sohildagi jiydalar chunonam gullagan ediki, daryodan esayotgan epkinga qo‘shilgan muattar hid kishini mast etardi.
Biz kattalar va ularning bolalari uchun yozgi qo‘nalg‘a barpo etishimiz kerak ekan.
Sohilda sakkiz-o‘n kishilik chodirlar tiklab, joylashib oldik-da, ishga kirishmoqchi bo‘ldik. Lekin ish qayerda deysiz? Bolta topilsa, mix topilmas, mix topilsa, yog‘och yo‘q edi. Ustiga-ustak, oradan uch kun o‘tib, o‘zimiz bilan olib kelgan qoq non va konservalar tugadi, och qola boshladik. Qismimiz necha yuz chaqirim olisda, aloqa qilishning iloji yo‘q, bizni olib kelgan mashinalar o‘sha kuniyoq ortiga qaytgandi.
Ofitserlar alohida chodirga o‘rnashib olib, daryodan laqqa baliq ovlab, aroqxo‘rlik qilishardi. Bu sho‘rliklar qismning injiq komandirlari va ulardan ham injiqroq xotinlaridan vaqtincha qutulganlariga shukr qilar edilar. Biz ham Boyqo‘ng‘ir hududini vaqtincha bo‘lsa-da, tark etganimizdan shod edik.
Ular pishirgan baliq sho‘rvaning xushbo‘y hidi sohilni to‘ldirar, ochlik azob berayotgan askarlar daryoning loyqa to‘lqinlariga tikilib, palovxonto‘ra, tuxumbarak, no‘xat sho‘rva va yana allaqanday tansiq taomlar to‘g‘risida xayol surardilar. Komandirlarimizni xasislikda ayblab bo‘lmas, besh-olti kishiga mo‘ljallab pishirilgan sho‘rvani yuz kishiga yetkazishning sira iloji yo‘q edi.
Cho‘ntagida ozroq puli, hayotiy tajribasi bo‘lgan askarlar temir yo‘l bekatiga qatnab, amallab qorin to‘ydirar edilar. Lekin aksariyat askarlarda pul ham, tajriba ham yo‘q edi. Urush tugaganidan so‘ng to‘rt-besh yil o‘tib tug‘ilgan bizning avlod ochlikning haqiqiy basharasini bilmasdi. Bu yerda uning mash’um ko‘lankasi bus-butun namoyon bo‘ldi. Hamma joy to‘kin-sochin pallada och qolish yomon bo‘larkan. Oramizda bo‘yi ikki metrga yaqin, bir o‘tirishda to‘rt-besh kishining ovqatini tushiradigan rossiyalik azamat yigitlar ko‘p edi. Ularning ochlikka chidashi, ayniqsa, qiyin bo‘ldi. Bechoralar jiydazorni ag‘dar-to‘ntar qilib, yumronqoziq tutib olardilar-da, yantoq olovida “kabob” pishirib, pok-pokiza tushirardilar.
Xayriyatki, ofitserlar orasida insoflisi uchrab turardi. Rota komandirining siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari leytenant Yejov shunday odam ekan. U bir kecha-kunduz temir yo‘l bekatida qolib ketib, ozroq makaron topib keldi va daryoning loyqa suvida qaynatib, bizni siyladi. Lekin leytenantning yaxshi niyat bilan qilgan ishi bizni battar azobga qo‘ydi. Yigitlar yoppasiga qorinlarini changallab qolishdi. Juda ahvoli yomonlashganlarni leytenant aroq bilan davolashga majbur bo‘ldi.
Oxir-oqibat, ochlikdan sillasi qurib, serrayib qolgan askarlar guruh-guruh bo‘lib, temir yo‘l bekatiga tutash, Xarxut nomi bilan ataladigan qozoq ovuliga qatnay boshladilar. O‘ntacha paxsa uydan iborat nochor ovul yuzdan oshiq askarni baholi qudrat boqa boshladi.
Sohildagi hayotimizning uchinchi haftasida bizni eslab qolishdi chamasi, oftobbotar mahal qismdan oziq-ovqat ortilgan mashina keldi. Kabinada qip-qizil yuzlari aroq zarbidan bujmaygan, cho‘michdek burni ko‘kragiga tegay-tegay deb turgan mast-alast intendent xizmati kapitani Babayan o‘tirardi. Uni ko‘rib, ko‘ngillarimizga yoqilgan chiroq so‘ngandek bo‘ldi. Chunki askarlar nonini tuya qiluvchi eng katta kalamush shu muttaham ekanini hammamiz yaxshi bilardik. Lekin tuya qilingan bo‘lsa-da, o‘z noningga nima yetsin? Kapitanning buyrug‘i bilan mashinadan non, moy, boshqa oziq-ovqatlarni bir zumda tushirdik. Eng oxirida bir yashik aroqni ofitserlar chodiriga eltib qo‘ydik. Keyinchalik yetib kelgan mish-mishlarga qaraganda, la’nati Babayan bizga tegishli oziq-ovqatlarning yarmidan ko‘pini yo‘l-yo‘lakay sotib, pulini cho‘ntakka urgan, komandirlarning og‘zini moylash uchun bir yashik aroq olib kelgan ekan.
Shundan so‘ng Babayan va komandirlarimiz yana ikki kecha-kunduz ko‘z ochmay maishat qilishdi. Biz ham qornimiz to‘yganiga xursand edik.
Men jiyda gullari hidiga g‘arq bo‘lgan sohilda soatlab o‘tirib, bo‘tana to‘lqinlarga qarardim. Ba’zan daryo yoqalab uzoq-uzoqlarga ketardim. Sir sohilining betakror go‘zalligiga endi oshno bo‘layotgan edim.
Saharmardonda hammadan oldin uyg‘onib, oqimga qarshi bir chaqirimcha yo‘l bosib, daryoning burilish yeriga yetib olardim-da, tik qirg‘oqda tarvaqaylab o‘sgan qari jiyda ostidagi toshga o‘tirib, quyosh chiqishini tomosha qilardim.
Bu paytda havo juda musaffo, hamma yoq sokin, sathida mayda to‘lqinlar yugurgilayotgan daryo jimir-jimir oqib yotardi. Ufq avval lojuvard, so‘ng qontalash tus olib, to‘lqinlar ol rangga bo‘yalar, kattakon qizil olmadek quyosh suv uzra sekin-asta ko‘tarila boshlardi. Bu manzaraga mahliyo bo‘lib, sohilda choshgohgacha qolib ketardim.
Mening tongda g‘oyib bo‘lishlarimni rotada har kim har xil baholar, ko‘pchilik qorin to‘ydirgani Xarxutga ketgan, deb o‘ylardi.
Kunlarning birida, qari jiyda tagiga endi o‘rnashib olgan ham edimki, leytenant Yejov kelib qoldi. U aftidan men bilan izma-iz kelgandi. Istar-istamas o‘rnimdan turdim.
– Salom berdik, o‘rtoq oddiy askar! – dedi u qo‘lini chakkasiga olib borib.
Indamadim.
– Xo‘sh, – dedi Yejov. – Bu yerda nima qilayotganingni bilsam bo‘ladimi?
– Bo‘ladi, – dedim men. – Quyosh chiqishini tomosha qilyapman.
– Quyosh chiqishini chodir yonida tomosha qilsang ham bo‘ladi-ku. Buning ustiga, lagerni bizning ruxsatimizsiz tark etishing harbiy intizomni buzish hisoblanadi, – dedi siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosar.
– Mayli, intizomni buzgan bo‘lsam, jazolang, – dedim joyimga qaytib o‘tirar ekanman.
– Qo‘ysang-chi, gap seni jazolashda emas, faqat har tong yo‘qolib qolishing meni ajablantirdi. Endi bilsam, tabiat oshig‘i ekansan. To‘g‘risini ayt, shoir-poir emasmisan, ishqilib, – dedi leytenant jilmayib, yonimga kelib o‘tirar ekan.
– Hozircha shoir emasman, lekin shoir bo‘lish niyatim bor.
Ejov “uf” tortdi.
– Men ham bir vaqtlar binoyidek she’r yozar edim. Ayrimlari gazetada ham bosilgan. Keyinchalik, turmush tashvishlari bilan bo‘lib, hammasini yig‘ishtirdim. She’r yozish bilan tirikchilik o‘tkazib bo‘lmas ekan. Uylandim, xotin, bola-chaqa, ro‘zg‘orning qora qozoni asta-sekin yuragimdan she’riyatni siqib chiqardi, nazarimda. Agar bilsang, rus ayoli dunyoda eng bardoshli, eng jafokash ayollardan. Lekin shunday nusxalari ham uchrab turadiki, naq ajdarhoning o‘zi. Ana o‘shandayi peshonangga bitsa, sho‘ring qurigani, qasdingni aroqdan olaverasan. Qarabsanki, qirqqa kirmay, adoyi tamom bo‘lasan, – dedi leytenant ovozida cheksiz armon bilan.
U o‘ttiz yoshlar chamasidagi, oq-sariqdan kelgan chayir yigit edi. Faqat, ich-ichiga botgan ko‘zlari nihoyatda g‘amgin, keng peshonasiga erta ajin tushgandi.
Shu tong ikkimiz uzoq suhbat qurdik. Leytenant Sergey Yesenin, Aleksandr Blok va Anna Axmatovalarning she’rlarini yoddan aytib berdi. Ayniqsa, Axmatovaning “Men seva olaman” she’rini aytayotganida moviy ko‘zlari yolqinlanib, ovozi titrab ketdi.
– Sen baxtlisan, – dedi u yelkamga qo‘l tashlab. – Sharq – shoirlar yurti. Sharq she’riyati – buyuk she’riyat. Sirasini aytganda, Buxoro va Toshkentda yashab, shoir bo‘lmaslik mumkin emas. Ertaksimon yurtingda men bir necha bor bo‘lganman.
Quyosh daryo yuzini munavvar etgan, biz sohil yoqalab sekin-asta odimlardik.
– Tonggi sayrlaringga rasman ruxsat berildi, deb hisoblayver, – dedi Yejov qo‘nalg‘aga yetib kelganimizdan so‘ng.
Ejovning ruxsatidan ruhlanib, sayru sayohatlarni tag‘in ham avj oldirdim. Sohilning yaqin besh-o‘n chaqirim atrofdagi men bormagan burchagi qolmadi.
Kunlarning birida eski qabristonga bordim. Yantoq bosgan past-baland qabrlar oralab uzoq tentiradim. Guvullab shamol esar, qabrlardan allaqanday sas kelardi: “Hoy, o‘g‘lon, sen bu yerdan nima izlayapsan? Qo‘y, busiz chirqirayotgan ruhimizni bezovta etma!”
“Yo‘q, yo‘q, – fikran javob qaytardim men. – Ruhingizga hurmat bajo keltirgani keldim-ku!”
Meni vahima bosdi, bu yerdan tezroq ketgim keldi. Daryo ancha olisda, yarqirab ko‘zni qamashtirib turardi. Qadamni tezlatdim. “Hoy, o‘g‘lon!” deya guvullagan ovoz hamon ta’qib etar, allakim quvayotgandek edi.
Daryo tomonga yanada tezroq yugura boshladim. Birdan guvullash ham, meni chorlayotgan ovoz ham tindi, olisda chang-to‘zon ko‘tarilib, men tomonga quyunday kela boshladi. Dahshatli hayqiriq, dupur-dupurlar yer-ko‘kni ostin-ustun qilib yubordi. Oyoqni qo‘lga olib, daryo tomonga yugura boshladim. Negadir daryo meni bu balodan xalos qiladi, deb o‘ylardim.
Qancha yugurdim, bilmayman, bir mahal ot kishnagani eshitildi. O‘girilib qarasam, meni ta’qib etayotgan qora quyun – yilqi uyuri ekan.
Uyur tikkaga daryo tomon yelmoqda edi. Endi men daryo tomon yugurishdan to‘xtab, shimolga qarab chopa boshladim. Bir necha daqiqadan so‘ng, oppoq changga burkangan uyur mendan ellik qadamcha naridan yeldek o‘tib ketdi-yu, qumloq sohilga yoyilib, suv icha boshladi.
Chang-to‘zon tarqab, uyur ortidan kelayotgan, qosh-kipriklarigacha oppoq gard qo‘ngan otliq ko‘rindi. Mening suvloqdan tez uzoqlashayotganimni ko‘rib, uzun qamchisi bilan “To‘xta” ishorasini qildi. Otliq, oltmish besh-etmish yoshlar chamasidagi qozoq chol, salomimga alik oldi-yu, jilmaydi.
– Ha, shirag‘im, qo‘rqib ketdingba? Qo‘rqma, yilqi odamni bosmaydi.
Chol xurjundan kichkina sopol ko‘zacha, piyola oldi-da, unga oppoq sutday suyuqlik quyib, menga uzatdi:
– Ish, shirag‘im, shubat. Tuya sutidan.
Muzday ichimlikni huzur qilib simirdim. O‘zimizning ayronga o‘xshab ketarkan. Piyolani qaytarib, cholga minnatdorchilik bildirdim. U shubatdan o‘ziyam bir piyola simirdi-da, meni savolga tutdi:
– O‘zbakmisan?
– Ha.
– O‘zbekistonning qay jeridansan?
– Buxorodanman.
– Ha, Puxordanmisan, Puxor yaxshi shahar deyishadi. Hech bormaganman. O‘zi, men Xarxutdan boshqa joyni ko‘rmaganman, shirag‘im, – dedi chol ovozida allaqanday nadomat bilan. U bilan xayrlashib, izimga qaytdim.

* * *

Nihoyat, 10-maydonchadagi amaldorlar bizni bu yerga yuborib, xato qilganlarini uzil-kesil tushunib yetdilar shekilli, qismdan chopar keldi va yo‘l taraddudini ko‘ra boshladik.
Jo‘nab ketiladigan kun arafasida, tushdan keyin sohilning o‘zimga qadrdon bo‘lib qolgan go‘shalarini kezib chiqib, tik qirg‘oqdagi o‘sha qari jiyda ostidan turib, daryoni so‘nggi marta tomosha qilmoqchi bo‘ldim.
…Quyosh ayovsiz qizdirar, issiq garmseldan ko‘ngil behuzur bo‘lardi. Jiyda ostiga yetib kelib, biroz dam oldim, daryodan esayotgan shamolga ko‘ksimni tutdim. Gimnastyorka jiqqa ho‘l, badanimga yopishib turardi.
Daryo sathi meni shubat bilan siylagan cholning serajin yuziga o‘xshar, quyosh nuri son-sanoqsiz oltin tangachalarga bo‘linib, mayda to‘lqinlar yelkasida oqib ketardi.
Men bu manzaraga mahliyo bo‘lib, uzoq o‘tirdim. So‘ngra birdan allaqanday vahima chulg‘ab oldi-yu, qulog‘imga yana o‘sha qabristondagi singari g‘alati tovushlar eshitila boshladi. “Hoy, o‘g‘lon, biz senga ruhimizni bezovta qilma, degan edik-ku!”
Ko‘nglim g‘ashlanib, atrofga alangladim. Hech kim ko‘rinmaydi. Birdan, to‘rt-besh qadam narida tartib bilan taxlab qo‘yilgan kiyim-boshga ko‘zim tushdi. Seskanib ketdim. Daryoda cho‘milayotgan odam ko‘rinmasdi. Beixtiyor kiyimlar tomonga qadam tashladim. Uniqqan furajka, kalta yengli leytenant pogonli gimnastyorka, kamar, shim, boshmoqlar… Kiyimlar leytenant Yejovniki edi. Ko‘nglim yomon bir narsani tuyib, badanim uvushdi. To‘rt tomonga yugurib, Yejovni izlay boshladim. “O‘rtoq leytenant! Valentin Aleksandrovich! Qayerdasiz, Valentin Aleksandrovich?” – bor ovozda baqirardim men.
Tezda butun rota oyoqqa qalqdi. Bir necha soat mobaynida chor-atrofdagi to‘qayzor-u chakalakzorlarni qadam-baqadam kezib chiqdik. Yejovning o‘zi tugul, izi ham yo‘q edi. Yigitlar sohil yoqalab, suvga tikilganlaricha uzoq-uzoqlarga borib keldilar. Xarxutdan motorli qayiqda yetib kelgan qozoq yigitlari daryo kamarlarini, narigi sohil yoqalarini kezib chiqdilar. Befoyda.
Qorong‘i tushdi. Ko‘zlarim jiqqa yosh, o‘z chodirimga qaytar ekanman, qulog‘imga o‘sha mash’um tovush eshitildi:
“Yig‘lama, bekorga bo‘zlama, o‘g‘lon! Sen izlagan yigit allaqachon cho‘kib ketdi. Uning ruhi poki biz tomonga parvoz etayotir. Ha, biz tomonga parvoz etayotir!..”

V

BARXANLAR IChKARISIDA

Uzun bo‘yli, yelkalari bukchaygan, doimo dala harbiy kiyimida yuradigan, qism komandirining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari mayor Kuznetsovni askarlar Kuzya deyishar, biz, o‘zbeklar tilida esa uning laqabi “Kuydirgan kalla” edi. U doimo tirjaygandek, tishining oqini ko‘rsatib yurganidan shu laqabga “sazovor” bo‘lgandi.
Kuzya – Kuydirgan kalla juda kam gapirar, “qo‘ysangchi, he, onangni seni!” dan bo‘lak biror kalima so‘z bilmasdi, chamasi.
Siyosiy tayyorgarlikdan “a’lo” baho olib, uyga borib-kelish uchun o‘n kecha-kunduzlik ta’til bilan taqdirlanganimda, Kuydirgan kalla menga juda mehribon bo‘lib qoldi va bu dilso‘zlik, hadya etilgan bir sidra ohori to‘kilmagan askariy sarpo bilan ifodalandi. Umrida odam ahliga bir og‘iz yaxshi so‘z aytmagan bu kimsaning menga ko‘rsatayotgan e’tiboridan hayron edim. To‘g‘ri-da, qism komandiri o‘rinbosari qayerda-yu, endigina bir yil xizmat qilgan oddiy askar qayerda? U meni To‘ra Tom bekatigacha kuzatib qo‘ymoqchi bo‘lganida, hayratim yanada oshdi. Bu hayratga faqatgina poyezdga o‘tirish oldidan chek qo‘yildi.
– Jorik, – dedi Kuydirgan kalla yalinchoq tovush bilan yelkamga do‘stona qo‘l tashlab. – Buxoro tomonlarda topiladi, deb eshitaman, menga biroz nasha olib kelsang… – Mayor galife shimi cho‘ntagiga qo‘l suqib, bir dasta o‘n so‘mlik chiqardi.
Shu topda uning basharasi haqiqatan ham kuydirilgan kallaga juda o‘xshab ketdi.
– Pulning keragi yo‘q, shundoq olib kelaman, – dedim talmovsirab.
Qo‘rqib ketgandim, har qancha yosh, tajribasiz bo‘lsam-da, shunday maxfiy manzilga nasha olib kelish Turma Tom emas, haqiqiy turma bilan tugashini bilardim. Shu yerning o‘zida bunday noma’qul ishni qilmaslikka ont ichdim-da, mayorga “Tashvishlanmang, albatta, olib kelaman”, dedim.
– Olib kelmasang, o‘zingga qiyin bo‘ladi, bola, – dedi u endi so‘z ohangini o‘zgartirib.
Lekin men Moskva-Ashxobod tezyurar poyezdi bo‘lmasiga kirishim bilanoq, Turma Tomni, la’nati Boyqo‘ng‘irni, Kuydirgan kalla va hamma-hammasini unutdim. Butun o‘y-xayolim qari otam va Muattarda edi.
Qadrdon Buxoro meni birinchi qor bilan qarshi oldi. Derazadan qor yog‘ishini tomosha qilib, otam bilan uzoq suhbatlar qurdim. Oppoq sehr-joduga burkangan tog‘u gumbazlar aro Muattar ikkimiz mening qora pogonlarim, uning qizil ro‘moli qordan oqarib qolguncha kezdik. O‘n kunlik ta’til o‘n daqiqadek o‘tdi-ketdi. Ozodlikdan Boyqo‘ng‘irdek ulkan askariy turmaga sira qaytgim kelmas, lekin buning hech bir iloji yo‘q edi. Qismga qaytib kelganimdan so‘ng, Kuydirgan kalla bilan bo‘lib o‘tgan yoqimsiz suhbat tafsilotini aytib o‘tirmayman. Faqat, suhbat oxirida Kuydirgan kalla ilonday vishillab aytgan so‘zlarini eslashga to‘g‘ri keladi.
– Yaxshi, yaxshi, – dedi u men hech nima olib kelmaganimni bilgach. – Sen to‘nkaga komandirni aldash qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman. La’nati osiyolik!
Komandirning gaplari suyak-suyagimdan o‘tgan bo‘lsa-da, indamadim. Chunki sirtdan qaraganda, vaqtinchalik haqiqat u tomonda, men va’damning ustidan chiqmagan edim. Aslini olganda esa, u meni jinoyatga undaganini hisobga olmayotgandi.

* * *

Qish, bahor o‘tib, xizmatimizning so‘nggi yozi keldi. Bahorda yam-yashil o‘t-o‘lanlar, lolalarga burkangan cho‘l bir haftaga qolmay, jizg‘anak bo‘lib, chor-atrof yana ko‘zni toliqtiruvchi sariq, to‘q jigar rangiga burkandi. Boyqo‘ng‘irning qishi qanchalik qahrli, qahraton bo‘lsa, yozi shunchalar jazirama, kazarmalar yaqinida yetimlardek mung‘aygan yakkam-dukkam gujum, terak daraxtlari soyasida harorat ellik darajaga yetardi. Xizmat qishdagidan ham battar og‘irlashdi. 95-maydonchaga suv tashib keltirilar, shu boisdan ayrim paytlar yuvinish, yoinki, ichish uchun bir qultum suvga zor bo‘lardik. Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Kuydirgan kalla men bilan qayta yuzma-yuz bo‘lmagan, biror aziyat yetkazmagan, demak, oramizdagi janjalni unutib yuborgan, deb o‘ylardim. Lekin ko‘p o‘tmay, adashganimni angladim.
…Issiq tonglarning birida badantarbiya paytida uch chaqirim masofaga yugurmoqda edik. Kimdir oyog‘imdan chalib yubordi. Qattiq munkib ketdim, yuztuban yiqilishimga oz qoldi. Bu bedodlikka javoban, shaxt bilan o‘girildim-u, ortimdan kelayotgan qozoq yigiti Muhammedjonovga yuz-ko‘zi aralash qattiq musht tushirdim. Muhammedjonov dodlab yubordi-yu, safdan chiqdi.
– Hoy, taning sog‘mi sening, men chalganim yo‘q-ku! – dedi u voy-voylaganicha ko‘zini ushlab.
Saf buzildi, askarlar to‘zib ketishdi. Yugurishni istamayotgan yigitlarimiz uchun yaxshi bahona topilgan edi.
Badantarbiya mashg‘uloti barbod bo‘ldi. Buning sababchisi men edim. Muhammedjonov meni chalib yuborganini tan olmas, yigitlar haqiqiy aybdor kim ekanini aytishmas, chunki chaqimchilik armiyada juda yomon qusur sanalardi.
Muhammedjonovning ko‘zi ko‘karib, shishib ketdi, voqeadan xabar topgan rota komandiri meni uch kecha-kunduz avaxtaga hukm etdi.
Ish pachava bo‘lgandi. Chunki, 95-maydonchaning avaxtasi, uning juda qattiqqo‘l komendanti Pchyolkin haqida dahshatli hikoyalar yurardi, ustiga-ustak, quyosh tig‘idagi tovuq katagidek kameralarni kana bosgan deyishardi. Komendant Pchyolkin avaxtadagi askarlarni yiqilib qolguncha yugurtirarmish, kim yiqilib qolsa, qamoq muddatini yana uzaytirarmish… Avaxta soqchilari ovqatning sarasini o‘zlari yeb, sarqitni qamalganlarga berarmish va hokazo…
Hamyurt yigitlar ko‘nglimni ko‘tarishar, haqiqiy aybdorni, albatta, aniqlab, boplab ta’zirini beramiz, deyishardi.
Bu orada serjant Xaritonovni boloxonador qilib so‘kkani uchun Hasan ismli ozarbayjon yigiti ham uch kecha-kunduzlik avaxtaga hukm etildi. Ko‘nglim biroz yorishgandek bo‘ldi, chunki Hasan juda sho‘x, qiziqchi yigit edi.
Bizning kamar va hujjatlarimizni olib qo‘yib, endi avaxtaga jo‘natamiz, deb turishganida, saf oldida kutilmaganda Kuydirgan kalla paydo bo‘ldi.
– Komandir, – dedi u rota komandiriga yuzlanib. – Mana shu ikki lochinni mening ixtiyorimga bersang. Bular uchun maxsus topshiriq bor. – Mayor tirjayganicha men va Hasanga ishora etdi.
Ular oldindan kelishib olgan ekan shekilli, rota komandiri ham darhol rozi bo‘laqoldi. Kuydirgan kalla bizni ergashtirib, shtabga jo‘nadi. Ko‘nglim yomon bir narsani sezib, ta’bim xiralashdi.
– Hasan, do‘stim, hushyor bo‘l, Kuzya bizni yomon bir baloga giriftor qilmoqchiga o‘xshaydi, – dedim.
– Qo‘ysang-chi, gardash, u maxsus topshiriq bor deyapti-ku, – dedi Hasan soddalik bilan qirg‘iy burnini qashib.
– Eh, tentak, qamalgan askarga qanaqa maxsus topshiriq bo‘lsin?
Hasan “bilmasam” deganday yelka qisdi.
Oradan sal fursat o‘tib, Kuydirgan kalla yuk mashinasi kabinasiga o‘tirdi-da, bizni tepaga chiqishga undab, shofyorga “hayda” ishorasini qildi.
– Gardash, hoy gardash, – meni turtdi Hasan. – Ko‘p g‘am chekaverma, bizni o‘ldirishmas, axir. Har qalay, ikkovimiz-ku, bir-birimizdan boxabar bo‘lamiz.
Yarim soatlardan so‘ng qism cho‘chqaxonasiga yetib keldik. Yerto‘lada uch cho‘chqaboqar yashar, ularning biri – dum-dumaloq, sarg‘ish sochlari peshonasiga tushib turadigan ryazanlik yigit Misha Mijuyev rotamiz ro‘yxatida turar, u biz bilan bir kunda harbiy xizmatga chaqirilgandi.
– Lochinlar, – dedi Kuydirgan kalla Hasan ikkimizni eng chekkadagi bostirma yoniga boshlab borib. – Mana shu yerda yetmish qadamlik yog‘och devor barpo etasizlar. Roppa-rosa uch kunlik ish. Xohlang – kunduzi ishlang, xohlang – kechasi. Agar aytgan muddatda ishni tugatmasangiz, o‘zingizdan ko‘rasiz.
Mayor bir yashik mix, bitta bolta va arrani qo‘limizga tutqazib, atrofda uyum-uyum bo‘lib yotgan, kuchukning oyog‘idek egri-bugri yog‘ochlarga ishora qildi-da, jo‘nab ketdi. U biz uch kun nima yeb, nima ichamiz, qayerda uxlaymiz, bu haqda gapirmadi.
Biz avvaliga mayordan tez va oson qutulganimizga xursand bo‘ldik. Lekin qo‘lga boltani olib, quyosh tig‘ida yarim soatcha ishlaganimizdan so‘ng, duradgorlikdan mutlaqo xabari bo‘lmagan bu odamlar bu ishni bir oyda ham tugatolmasligiga amin bo‘ldik.
Ust-boshimiz terdan shalabbo, daqiqa sayin suv ichgimiz kelardi. Shu tariqa tishni-tishga qo‘yib, tushgacha o‘n qadamcha joyga nari-beri devor tikladik. Egnimizda trusi, etik va panamadan (Turkiston harbiy okrugi askarlari yozda kiyadigan bosh kiyimi) bo‘lak narsa qolmadi. Holdan toyib, bostirma soyasiga o‘tirdik.
– Eh, qaniydi, bir kosagina muzdek ayron bo‘lsa! – dedim tashnalikdan tilim tanglayimga yopishib.
– Qo‘y, gardash, yuragimni tirnama, hozir senu mendan ana u, balchiqqa belanib yotgan cho‘chqaning qadri baland. Yeydigani ham, ichadigani ham yonida… – dedi Hasan avzoyi buzilib. – Agar Xaritonov panaroqda qo‘limga tushib qolsa bormi, bo‘g‘ib tashlayman. Bu, Kuzya deganing ham naq hayvonning o‘zi ekan. He, maxsus topshirig‘ing boshingni yesin!
– Qo‘y, Hasan, xafa bo‘lma, avaxta komendanti Pchyolkinning qo‘liga tushsak, ahvolimiz bundan battar bo‘lardi-ku!
– Battar bo‘lib ketmaydimi, har holda u yerda yegan-ichganing tayin edi-da! – jig‘ibiyron bo‘ldi Hasan.
Qarshimizda Misha Mijuyev paydo bo‘ldi.
– Yuringlar, yigitlar, Xudo bergan rizq-nasibani baham ko‘raylik. Kuzya sizlarga ovqat yuboradigan anoyilardan emas, – dedi u beg‘ubor jilmayib.
Cho‘chqaboqarlarning yerto‘lasi salqingina ekan, ancha jonimiz kirib qoldi. Ko‘p o‘tmay, stolda bir buxanka qora non, tovada jizillab turgan kartoshka va besh krujka sut paydo bo‘ldi. Sutni ko‘rib, Hasan bir sapchib tushdi, ko‘zlari ola-kula bo‘lib, baqirdi:
– Hoy, Mishka! To‘g‘risini ayt, cho‘chqaning sutimi bu?! – u o‘z krujkasini olib, irg‘itmoqchi bo‘lgandi, Misha uning qo‘lini ushlab, tushuntirdi.
– Tentaklik qilma, ikkita sigirimiz ham bor. Ishonmasang, yur, ko‘rsataman.
Lekin Hasan sutni ichishdan qat’iy bosh tortdi.
– Bo‘pti, – murosa qildi Mijuyev. – Sut ichmasang, spirt icharsan?
U karavot ostiga qo‘l uzatib, g‘ilofi ho‘l suvdonni ilib oldi. Hasanning ko‘zlari sho‘x chaqnab ketdi.
– O-o, spirt? Spirt icharam! Zahar bo‘lsa-da, icharam!
Beshovlon bir suvdon spirtga, shuncha miqdorda suv qo‘shib, tomchisini ham qoldirmay ichib yubordik. Hammadan oldin Hasan mast bo‘lib qoldi va savag‘ichday uzun barmoqlari bilan ko‘zlarini ishqab, ho‘ng-ho‘ng yig‘lay boshladi.
– Qishloqda yolg‘iz onam qolgan. Onamni sog‘indim. Juda sog‘indim. Bularning hammasi esa onamni so‘kadi. Xaritonovni qaytarib so‘kkandim, qamoqqa hukm etishdi. Axir qamash kerak bo‘lsa, avval Xaritonovni qamash kerak-ku, u birinchi bo‘lib onamni so‘kdi-ku! Vay-vay, bu qanday bedodlik, – zorlanardi u.
Hasan yig‘lay-yig‘lay, uxlab qoldi. Biz ham pinakka ketdik.
Uyg‘onganimizda qosh qoraya boshlagan, havo harorati ancha pasaygan edi. Hasan ikkimiz yana qo‘lga bolta-arrani olib, ishimizni davom ettira boshladik. Misha va uning sheriklari bizga yordamga kelishdi. Oydin tunlar va salqin tonglardan foydalanib, cho‘chqaboqarlar rizqiga sherikchilik qilib, ikki kecha-kunduz ishladik. Lekin beshovlon ter to‘ksak-da, topshirilgan ishning yarmini ham uddalayolmadik. Xafa bo‘lib ketdik. Qo‘limizda bolta-yu, xayolimiz “Endi Kuydirgan kalla bizga yana qanaqa qiynoq o‘ylab topar ekan?” degan o‘y bilan band, ishimizda esa unum yo‘q edi.
Uchinchi kun choshgohda Kuydirgan kalla keldi. U biz bajargan ish ko‘lami bilan tanishgach, boshini sarak-sarak qilganicha, yoniga imladi. U baqirib-chaqirmadi, so‘kmadi, ko‘zimizga tik boqib, labida zaharxanda bilan shunday dedi:
– Komandir buyrug‘ini bajarmabsizlar. Buning uchun har ikkovingni ham harbiy tribunal sudiga topshirib, qamatib yuborishim mumkin. Lekin men olijanob odamman, senlarga yana yengil jazo beraman. Qism oshxonasi uchun ikkita cho‘chqa so‘yib berasizlar. Shu bilan avaxta muddatingiz ham tugaydi.
Hasan ham, men ham qotib qoldik. Biz har qanday og‘ir jazoga o‘zimizni tayyorlagan bo‘lsak-da, bunchalik zarbani kutmagandik. Ich-ichimdan ko‘tarilib kelayotgan qattiq g‘azab va titroqni zo‘rg‘a bosib, Hasanga tikildim. Uning yuzi yanada qorayib ketgan, tishlarini qisgancha, nimanidir zo‘r berib o‘ylardi. “Obbo, xayol surishga topgan vaqtingni qara-yu!” dedim o‘zimcha va Kuydirgan kallaga yuzlandim.
– O‘rtoq mayor, men bu buyruqni bajarmayman!
Kuydirgan kalla pinagini ham buzmadi.
– Bajarmay qayoqqa ham borarding? Sen, mahmadona, nizomni o‘qigansan, komandir bilan bahslashish nimalarga olib kelishini bilasan-ku!
– Bilaman. Otib tashlasangiz ham mayli. Lekin men cho‘chqa so‘ymayman. Buni o‘zimga haqorat deb hisoblayman.
– Yaxshi, yaxshi, gapiraver. Haqiqatan ham tiling juda burro ekan. Xo‘sh, sen Muhammedjonovga tushirgan musht haqorat bo‘lmay, mukofot edimi?! – vishilladi Kuydirgan kalla.
– U o‘z noma’qulchiligi uchun kaltak yedi, – dedim men.
– Ha, barakalla, mana endi o‘zingga kelding! Sen ham noma’qulchiliging uchun aziyat chekyapsan. Qaytar dunyo deydilar buni, azizim…
Men kuni-kecha sigir sutini cho‘chqa suti deb o‘ylab, jazavasi qo‘zigan Hasandan najot kutardim. Lekin Hasan negadir favqulodda xotirjam edi. Bahsimizni uzoqdan kuzatib turgan Misha yonimizga keldi.
– O‘rtoq mayor, qo‘ying, ularni bu ishga majbur etmang. Musulmonlarda cho‘chqa harom hisoblanadi. Boz ustiga, bu jonivorlarni duch kelgan odam so‘ya olmaydi-ku. Biz o‘zimiz har kungidek so‘yaveramiz. Hech kimning yordami kerak emas, – dedi u.
Kuydirgan kalla basharasida cheksiz nafrat bilan Mishaga o‘qraydi.
– Oddiy askar Mijuyev! Kim ekaningizni unutyapsiz! Menga aql o‘rgatishni bas qiling! Birovlarning yonini olguncha, o‘z gunohlaringiz to‘g‘risida o‘ylab ko‘rsangiz yaxshi bo‘lardi! – dedi u tahdidli ovozda Mishani sizlashga o‘tib.
Misha jimib qoldi. Uning rangi oqargan, moviy ko‘zlarida qo‘rquv va ayni vaqtda, nafrat ifodasi namoyon edi. Shu choqqacha mum tishlab o‘tirgan Hasan tilga kirdi:
– Qani, bering pichog‘ingizni, nechta cho‘chqa bo‘lsa, so‘yib tashlayman!
– Hoy, Hasan, jinni bo‘ldingmi? Cho‘chqa bir pishqirsa, esing og‘ib qolmasin yana!
Hasan menga o‘qraydi va o‘t chaqnayotgan ko‘zlari bilan “jim tur” ma’nosida im qoqdi.
Kuydirgan kalla mamnun irshaydi. Mijuyevga pichoq olib kelishni buyurdi-da, xuddi mehribon ustozdek, Hasanga cho‘chqa so‘yishning “nozik” tomonlarini tushuntira ketdi:
– Buning hech qo‘rqadigan yeri yo‘q, sendan talab qilinadigani, qo‘ling qaltiramay, pichoqni mo‘ljalga – qoq yuragiga ursang bo‘lgani. Bir necha zarbadan so‘ng, til tortmay o‘ladi, marra seniki…
Bang va aroq es-hushini o‘g‘irlagan mayor Hasanning yuzlari haddan tashqari qorayib ketganiga, ko‘zlarida telbavor, yovvoyi bir o‘t chaqnayotganiga e’tibor qilmas, men esa do‘stimning vajohatidan xavotirda edim. Bu orada Mijuyev kelib qoldi va qo‘lidagi yarim qulochcha keladigan pichoqni Hasanga uzatdi. Qolgan voqealar bir necha soniyada sodir bo‘ldi. Mishadan pichoqni olgan Hasan mushukdek sapchib, Kuydirgan kallaning bo‘g‘ziga chang soldi, o‘ziga qarab qattiq tortdi va oyog‘idan chalib yubordi. Qo‘llari cho‘ntagida, bemalol valaqlayotgan, bunday hujumni sira kutmagan jabrlovchimiz o‘roq tortilgan jo‘xoridek quladi. Hasan chaqqon harakat bilan uning ustiga minib, tizzasini ko‘kragiga bosdi va pichoqni mayorning liqillab turgan kekirdagiga tiradi. Men va Misha beixtiyor ular tomonga tashlangan edik, Hasan pichoqni mayorning kekirdagidan olib, bizga o‘qtaldi:
– Yaqinlashsalaring ikkovingniyam so‘yib tashlayman! – uning ko‘zlari qonga to‘lgan edi.
Misha ikkimiz turgan yerimizda qotib qoldik. Hasanning tizzasi ostida yotgan mayor qarshilik ko‘rsatmas, islig‘i chiqib ketgan furajkasi bir chekkaga dumalab ketgan, oqara boshlagan, siyrak sochlari peshonasiga yopishgan, kulrang ko‘zlari nursiz, shuursiz boqardi. Hasan uni bo‘ralab so‘kar, dag‘dag‘a qilardi.
– Yo hozir bizni xo‘rlaganing uchun kechirim so‘raysan yoki cho‘chqalaringdan oldinroq narigi dunyoga jo‘naysan! He, onangni sening! Ko‘ppak!
Gapirishga imkon yaratish uchun Hasan mayorning giribonini biroz bo‘shatdi. U chuqur tin olib, eshitilar-eshitilmas xirilladi:
– Kechiringlar meni, yigitlar… Bu kunimdan o‘lganim yaxshi…
– Agar bizni sotsang, baribir payt poylab, so‘yib tashlayman, bilib qo‘y, – dedi Hasan.
U mayorning shalvirab yotganini ko‘rib, biroz shashtidan tushgan edi. Raqibining giribonini qo‘yib yuborib, o‘rnidan turdi va pichoqni bostirma ortiga otib yubordi.
Misha mayorning o‘rnidan turishiga ko‘maklashdi, furajkasini yerdan olib, changini qoqib, uzatdi. Kuydirgan kalla ayanchli, aftodahol qiyofada bostirma soyasiga o‘tdi. Cho‘ntagidan ezg‘ilanib ketgan sigaret olib, tutatdi, chuqur “uf” tortdi. Hasan o‘n qadamcha naridan bizni so‘zsiz kuzatib turardi.
– Birato‘la o‘ldirib qo‘yaqolsalaring bo‘lardi. Hamma g‘avg‘olardan qutulardim. Xizmat vazifasini bajarish paytida halok bo‘ldi, deya mukofotga taqdim etishardi… – Kuydirgan kallaning ovozi titrab chiqsa-da, nursiz ko‘zlari, zahil basharasidan qo‘rquv izlari yo‘qolgan, uning o‘rnini o‘sha irjaygannamo zaharxanda egallamoqda edi.
– Siz xafa bo‘lmang-u, o‘zingizdan o‘tdi, – dedi Misha yurak yutib.
– Hamma gapirsa ham, sen gapirma. Bular bilan endi ora ochiq, so‘z berdim. Lekin sen bilan hisob-kitob o‘zgacha bo‘ladi, – dedi Kuydirgan kalla va sekin yurib Hasanning yoniga bordi. Hasan hushyor tortib, hurpaydi. U aftidan, o‘z qiziqqonligi oqibatlarini o‘ylamoqda, chunki, agar ish chappasidan ketsa, har ikkimiz intizomiy jazo bataloniga ravona bo‘lishimiz tayin edi.
– Qani, qo‘lni tashla osiyolik yovvoyi, – dedi mayor Hasanga oriq, uzun qo‘lini uzatar ekan. – Gap shu yerda qolsin. Qariganda askardan kaltak yedi, degan malomatga sira toqatim yo‘q.
Hasan bu so‘zlarga ishonish-ishonmasligini bilmay, qo‘l uzatdi.
Shu bilan avaxta muddatimiz tugadi va tushlikka yaqin qismga qaytib keldik. Yigitlar bizni xuddi u dunyodan qaytganlarni kutgandek kutib olishdi. Kim tamaki tutqazdi, kim gugurt chaqib berdi, kimdir yelkamizga shapatiladi, xullas, yigitlar bizni juda taltaytirib yuborishdi.
Cho‘chqaxonadagi voqeani hech kimga aytmadik. Kuydirgan kalla ham so‘zining ustidan chiqib, bizga aziyat yetkazmadi.

* * *

Xizmatning so‘nggi yozi oxirlayozgan, biz – yurtdoshlar tushimizda ham, o‘ngimizda ham Buxoroni ko‘rardik. Barcha suhbatlarimiz shu mavzuda, tomog‘imizdan ovqat ham yaxshi o‘tmas, nuqul kun sanardik. Ana shunday dilgir kunlarning birida “cho‘chqaboqar Misha Mijuyev bedarak yo‘qolibdi” degan xunuk xabar tarqaldi. Komandirlarimiz tipirchilab qoldilar. Avvaliga qismimiz, so‘ng butun garnizon askarlari cho‘lni qadam-baqadam kezib chiqdik. Misha hech qayerda yo‘q edi. Uning uyiga, harbiy komissariatga ketma-ket telegrammalar jo‘natildi. Harbiy prokuratura juda ko‘pchilikni, jumladan, men va Hasanni ham so‘roq qildi. Hech qanday natija chiqmadi. Men ba’zi-ba’zida Kuydirgan kallaning Mishaga dag‘dag‘a qilib, “sen bilan hisob-kitob o‘zgacha bo‘ladi” degan so‘zlarini eslab, ses­kanib ketardim. Lekin bu so‘zlar zamirida qanday sir yashirin ekanini bilolmasdim.
Og‘ir kunda bizga madad bergan oqko‘ngil yigit Mishaning taqdiri meni behad tashvishlantirar, shubha-gumonlarimni birovga aytolmay, qiynalardim. Kunlar ketidan kunlar o‘tdi. Lekin Mishadan darak bo‘lmadi.

* * *

Boyqo‘ng‘irni tark etganimga qariyb qirq yil bo‘lyapti. Bu maskan bilan bog‘liq ko‘p voqealar unutilib ketdi. Lekin Misha yo‘qolib qolganidan so‘ng oradan bir necha oy o‘tgach, qismga yetib kelgan onaning ahvolini, ko‘zlarida qotib qolgan dahshatni hamon unutolmayman. Odmigina chit ko‘ylak kiyib, eski durracha o‘ragan, oq-sariq sochlari parishon bu ayol hamon tushlarimga kiradi. U hatto sichqon ham o‘tolmaydigan son-sanoqsiz nazorat-tekshiruv postlaridan qanday o‘tgani, olis qumliklar ichkarisidagi bu maskanga qay taxlit yetib kelgani o‘ziga va yolg‘iz Xudoga ma’lum.
Mishaning onasi shtab oldida bir kecha-kunduz tik turdi. U yig‘lamas, gapirmas, faqat ko‘zlaridagi dahshat yurak-bag‘rimizni ezardi. Biz unga non, saryog‘, qand olib bordik, komandirlar ham atrofida parvona bo‘ldilar. Lekin ona qiyo ham boqmas, lablari arang “Misha, Mishenka…” deya pichirlardi, xolos.
Ertasiga ertalab ona g‘oyib bo‘ldi. Shtabdagi yugurdaklarning aytishlaricha, maxsus bo‘limdagilar uni uyiga kuzatib qo‘yish uchun olib ketishganmish…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 4-son