I
– Tog‘a…
– Axir, aytdim-ku, senga!
– Tog‘a, iltimos!
– Ey!..
– Tog‘a!.. Yordam bering, tog‘a, bolalarim haqqi…
Ayol ortiq gapirolmadi. Oppoq yuzlaridan dona-dona yosh tomchilari dumalab tushardi. Ko‘zlaridanmas, lablaridan yosh quyulib kelayotgandan, kafti bilan og‘zini yopib oldi. Qishloq idorasining pastqam derazasidan yong‘oqning shapaloqday yam-yashil barglari ko‘rinib turar, barglar orasida esa quyoshning parchalangan nurlari aks etardi. Tog‘a asabiy titrar, nuqul bo‘yinbog‘ini pastga tortib, xo‘rsinardi. Jiyaniga rahmi kelar, lekin qo‘lidan tayinli ish kelmasligidan o‘kinardi. Tog‘a biroz jim turgach, dadil gapirdi:
– Jiyan, nima bo‘lsa bo‘lar, yozamiz! Oblastdagi eng kattaga, obkom sekretariga…
Jiyan ko‘z yoshlarini artib, sergaklandi. Ichida erini qamoqdan chiqarish umidi porlagani uchun dum-dumaloq, serkiprik ko‘zlari katta-katta ochildi, biroz oldingga chiqqan iyaklari titrab ketdi.
– Men yozishni bilmayman-da…
– Maktabni tugatgansan-ku, jiyan… Nahotki?!
– Yo‘q… Yozishni bilaman… Ariza yozishning tartib-qoidasini bilmayman, demoqchiydim…
– Men o‘rgataman… Eringni sen yaxshi bilasan… Keyin… ayol kishining yozganlariga kattalar boshqacha qaraydi, deb eshitganman. Shunday yozilmagan qonunlar bor-da, jiyan… Lekin ta’sirli qilib, ishonarli qilib yoz… Faqat, har xil uzun-quloq gaplarni aralashtirmay yozishing kerak. Sening xatingdan keyin, aytib bo‘ladimi, kimlargadir balo kelib, rais-paisnimi panjaraga tiqib qo‘ymasin. Hech kimni aybdor, tuhmatchi, deb yozma… Aks holda ularning aybini tan oldirishingga to‘g‘ri keladi. Senga o‘xshab birovning xotini chirqillab qolmasin, jiyan…
– Xudoyim saqlasin, bunday kunni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman, tog‘a. Kuyovingiz qamoqdan chiqsa bo‘ldi… Kichkinam sog‘inganidan ichikib qoldi…
– Ana shuni yoz, to‘rtta bolam bilan azobdamiz, rahm qiling, erim aslida partiyani sevadigan, uning sodiq vakili de. Shundaymidi axir?!
– Ha… men tushunmayman… uyda faxriy yorliqlari bor…
– Xullas, jiyan, ma qog‘oz, mana qalam! Yoz, hozir nimalarga e’tibor berishingni aytib turaman, uyingga borib yozasan.
Juvon eskirib, sarg‘ayib ketgan stullardan biriga uni g‘ichirlatishdan qo‘rqqandek ohista o‘tirdi.
– Yoz, ma’lumoti… qachon, qayerda o‘qigan… faolligini… xullas, bilasan-ku! Yozdingmi?
Kaltadan kelgan, qorindor tog‘a, oddiy kolxozchi jiyanining yozganlarini tushunsa bo‘ladimi deb, qornini stolga tirab, bo‘ynini cho‘zib qaradi-yu iljayib qo‘ydi. Ming qilsa ham o‘zining jiyani-da, husnixati a’lo ekan…
– Hm… undan so‘ng, ish joyi, yozdingmi? Keyin aybi… yana, ha, oldin xulqini ham yoz.
– Aybi yo‘q bo‘lsa-chi?
– Qanday gumon bilan qamalganini yozasan-da, qiziqsan-ay, jiyan! Keyin, bolalaring va usiz qiynalayotganing… Nima istasang, qalbingdagini to‘kib sol jiyan. Kesib-qisqartirib tashlash oson… Senga ularning rahmi kelishi kerak. Senga, yosh joningga va bolalaringga rahmi kelib yordam berar… Bekorga umri zavol bo‘lyapti bolaning, o‘tkir yigit edi… Rayonga o‘tdi-yu… Ha, esingdan chiqmasin… Bugun kechasi bilan yoz… Erta tong otishi bilan menga olib kel… Tumanga hisobot topshirgani borganimda imi-jimida pochta qutisiga tashlab kelaman.
– Tog‘a, rahmat! Xudo qo‘llasin!
– Opam yaxshimi?
– Hm, enamning oldiga ham chiqolmayapman, o‘zi keladi…
– Nimaga?
– Bolalar bor… Bundan keyin erimning yo‘qligi uchun uydan chiqish…
– Tushunarli, yaxshi qilasan! Ha, mana buni olib qo‘y, jiyan… yangang boqqan qo‘chqorni so‘ygandik… Senga ilindik.
– Yo‘q… yo‘q…
– Bolalaringga…
– Bolalarim go‘shtga ishqibozmas…
– Ol, dedim senga!
– Tog‘a…
– Hammasi yaxshi bo‘ladi… Mana ko‘rasan, yaxshi bo‘ladi…
Juvon ikki kilocha go‘sht solingan tovoqni titroq qo‘llari bilan olib, yana quyilib kelayotgan ko‘z yoshlarini artdi. Ayolga go‘sht juda og‘irday tuyulib ketdi. O‘ranib olgan ro‘moli bilan yuzini yopgan bo‘ldi. Negadir, ko‘z yoshlari tinay demasdi. Juvon chiqib ketayotganda tog‘a uni to‘xtatdi.
– Ha, jiyan… Tartib bilan yoz… Ma’lumoti… Ishlagan joylari… Qamoqqa olinishining sababini o‘zing bilganingcha, odobi, oilaparvarligi, farzandlaring azoblanishi… O‘ylama, jiyan… Ering chiqib keladi. Ha, to‘xta, sho‘rva qilib ichinglar, go‘sht senga ham quvvat bo‘ladi. Qurib ketibsan…
– Erim qaytsa bo‘ldi, men hammasiga chidayman…
– Qaytadi… jiyan, qaytadi…
II. Ma’lumoti
Xo‘jaynim, Jontemirov Egamberdi o‘zimizning “Komsomol” qishloq maktabini tugatgan. Oltin medal bilan. Medal hozir uyimizda turibdi, ishonmasangizlar olib borib ko‘rsatishim mumkin. O‘sha yili men yettinchi sinfda o‘qirdim. Hamma o‘quvchilar oltin medal olgan Egamberdi akaga havas bilan qaragan, shular qatorida men ham bor edim. Negadir o‘sha paytda Egamberdi akaning mendan bir sinf keyin o‘qiydigan singlisiga havasim kelgan. Shunday akasi borligi uchun.
Hamma Egamberdi akamni Toshkentga ketadi, xohlagan o‘qishiga kiradi, deb o‘ylardi. Lekin dadasi… (“dadasi” o‘chirilib “Jontemirov Egamberdi” deb yozilgan) Toshkentga emas, o‘zimizning oblastdagi Qishloq xo‘jaligi institutining mexanika fakultetiga kirdi. U ham boshqalarday katta shaharga intilsa bo‘lardi. Lekin dadasi (yana shu so‘zni o‘chirib, o‘rniga erining ism-familiyasi yozilgan) yolg‘iz onasini tashlab ketishni istamaydi. Uni har qanday orzularidan baland tutardi. Sizga qaynonam haqida ham yozsam. U juda oqila ayol edi va menga hatto biror marta qattiq gapirmagan… U bolasiga faqat va faqat mehr, halol luqma berib katta qilgan haqiqiy paxtakor ayol edi. Medali ham bor, o‘zlari to‘rt yil burun qazo qilgandilar, pilla mahalida edi… Medali uyimizdagi sandiqda.
Jontemirov Egamberdi, ya’ni erim, qishloqqa oliy ma’lumotli injener bo‘lib qaytadi. Qaynonam xursandligidan bitta katta qo‘y so‘ygan. O‘g‘lining baholarini, qizil diplomini hammaga ko‘rsatgan. U odamlar haliyam tirik, isbot uchun so‘zlashlari mumkin… Erim mard, haqgo‘y, aqlli odam. Avvallari erimdagi aql hamma institutda o‘qiganlarda bo‘lsa kerak deb yurardim. Lekin unday emas ekan. Qishloqda ko‘plab institutni tugatib ishlayotganlar u kishidek emas. Maktabda beshinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘limning aytishicha, Ali muallim ismini ham xato yozarmish, bo‘lmasa institutni tugatgan. Lekin Egamberdi akam halol o‘qib ma’lumot olgan. Uning erishgan yutuqlari faqat va faqat o‘zining zehni, mehnati evaziga ekanligini bilaman… Siz ham bunga ishonishingizni o‘tinib so‘rayman. Unda tug‘ma qobiliyat bor. Shunday insoning ma’lumoti soxta bo‘lishi mumkinmi?! Uni nega ushlab turibsizlar? Uning diplomida hech qanday qora dog‘ yo‘q! Yuragiday toza! Iltimos, bolalarim azobda! U kishini ozod eting!
* * *
– Ma’lumoting?
– …
– Ma’lumotingni so‘rayapman?
– ….
– Senga aytyapman? Ov, ho‘kiz!
Tergovchi mahbus qoshida qaqqayib turgan qorovulga g‘ijinib qaradi.
– Nima qildinglar buni, g‘ajib-ezib tashladinglarmi? Ustiga suv sep, qara, qirg‘oqda qolgan baliqday og‘zini katta ochishini…
Qorovul chelakdagi suvni erinib ko‘tardi-da mahbusning yuziga chunonam ishtiyoq bilan sepdi. Sepilgan suv zarbidan mahbus ag‘nab ketdi. Suv tergovchining yuziga ham sachrab, oppoq ko‘ylagini nam qildi. Uning ko‘zidan o‘t chiqib, qorovulga baqirmoqchi bo‘ldi-yu, indamadi… Sigaret tutatdi… Mahbus esa qaltirab, g‘ujanak bo‘lib ho‘l betonda yotardi. Qamoqxona qorovuli uni o‘tirg‘izib qo‘ydi.
– Ma’lumoting? Gapir, gapir!
– Injener…
– Qachon tugatgansan…
– Qulog‘im eshitmayapti… g‘ingillagan ovozdan boshqa narsa eshitmayapti…
– Nima, meni aldamoqchimisan? Butun SSSRni aldab kelganlaring yetmaydimi? Paxtani talon-taroj qilganlaring yetmaydimi? Gapir, gapir… Yo‘q, bu umuman tergovga yaramay qolibdi-ku!
– …
– Mastday mudraysan, mudraysan… Mana, senga, mana…
Tergovchi mahbusni urishdan birdan to‘xtab qoldi. Qo‘llariga achindi. Rangi bo‘zargan, quruq suyak, bunchalar isqirt… Axir, hamma mahbusga ham o‘zini shunaqa koyitaversa hademay ahvoliga maymunlar yig‘laydi, umri erta tugaydi. Hali bular orqali qanaqangi nahanglarni zirillatishi kerak… Lekin yuzi juda qattiq ekan. Tergovchining qo‘llari zirqirab qoldi…
III. Ish faoliyati
Qishlog‘imizda yaxshigina ishlab yurgandi. Men anig‘ini bilmayman, nimadir bo‘ldi-yu, shaharga ishga o‘tib ketdi. Bir kuni juda xursand bo‘lib keldi. Tuman bo‘yicha katta bo‘libdi. Qaysi ish, qanday lavozim – men bularni yaxshi tushunmayman. Lekin ishni oddiy yumushdan boshlagan. Fermada texnik, keyin bosh texnik, qishloq bo‘yicha bosh injener, keyin tumanga katta… Uyga ortiqcha bitta temir olib kelganligini bilmayman. Hech kimdan hech qanday pora olmagan. Men bunga kafilman. Umrim bilan, bolalarim haqi qasam ichaman. Ular haromdan hazar qiladi. Rahmatli qaynonamga va’da bergan. Qaynonam o‘g‘lini bir kun oldiga olib: “Harom yeb yashama… harom yashama… Birovdan yoki davlatdan so‘ramay bitta mix olsang sendan u dunyo-bu dunyo rozi bo‘lmayman” – degan ekan. Otasi ahdida turadigan bir so‘zli odam. To‘g‘ri, qaysar, o‘zining gapini o‘tkazadigan. Lekin bu qat’iyatni erkak kishiga xos deb bilaman. U kishi birovni nohaq urishmasdi. Menga tanbeh berganida ham o‘zim aybdor, o‘zim ahmoqlik, jahli chiqishiga arziydigan befahmlik qilgan bo‘lardim. Ammo aybni doim o‘zimdan qidirganim uchun hech qachon gap qaytarmaganman. Shuning uchun uyimizda doim erimning gapi bilan suhbatimiz tugardi. Men birdan kechirim so‘rardim. U kishi birdan kechirar, odamgarchilik qilardi. Meni doim hurmat qilgan. Sizga munosib emasman, omiman, desam meni urishardi. Unday dema, derdi. Men esa u kishini shu gapim bilan ko‘p xafa qilardim. Nima qilay, o‘qimaganman-da! Lekin Egamberdi akam kasbiga xiyonat qiladigan odam emasdi. Ishonmasangiz qo‘lida ishlaganlardan so‘rang… Hammasi uni biladi… Shermat aka, Tursun aka, Boltavoy buva… Faqat O‘ktam mudirdan so‘ramang… Bir mahallar otasi uning aybini bilib qolib, rosa savalagan ekan. Shundan beri bizni ko‘rolmaydi. Bir gap chiqarib, tuhmatga qoldirishidan qo‘rqaman.
Tumanga katta bo‘lganidan keyin uyga kech qaytadigan bo‘lib qoldi. Kelganda ham doim holsiz, suvi so‘rib olingan uzumday bo‘shashib… birdan uxlab qolardi. Suyuq ovqatni yaxshi ko‘rardi. Shuni biroz totganday bo‘lib uyquga ketardi. U kishi ko‘p kishilarga yordam berdi. Qishloqning oddiy odamlariga, bechoralarga qarashdi. Ular hozir ham bolalarimning otasini duo qilayotgan bo‘lsa kerak. Bemalol so‘rab-surishtiring, ular guvohlikka o‘tishadi. Farzandlarim haqi qasam ichaman, erimning ishi toza! Yuqorining qonunlari adolatli deb aytishadi-ku! Uning gunohi yo‘q. Uni ozod qiling! O‘tinib-o‘tinib so‘rayman sizdan!
* * *
– Ish joyingni rasvo qilding, pora olib shishding! Qo‘shib yozishing orqali topgan pullaring qayerdan kelayotganini, sen ittifoqqa qanchalik zarar keltirganingni bilasanmi? Sendaylarni qora qurt desa ham bo‘ladi, sassiq qurt desa ham bo‘ladi…
Tergovchi negadir bugun haddan tashqari asabiy edi, ustiga-ustak mahbusning mudrab o‘tirgani uning battar g‘ashiga tegyapti. O‘zi bu oqshom tergov qilish niyati yo‘q edi… Hammasini o‘sha oyimcha rasvo qildi. Bugun uni yotog‘iga qabul qilmadi.
– Manjalaqi…
Tergovchi ma’shuqasini eslab so‘kindi, uning silliq yuzlari bilinar-bilinmas titradi. Asabiga tegib, yonidagi davangir qorovul ham mudray boshladi.
– Hoy, – tergovchi stolga sharaqlatib urdi. Qorovul oyog‘i tagida ilon ko‘rganday tepaga otilib sakradi.
– Eshitaman, o‘rtoq kapitan?
– Mudrama! Yetar manavi ho‘kizning mudragani…
Shunda mahbus nimalardir deb gapira boshladi. Kapitan hech nima tushunmadi. Turma qorovuliga quloq tut deganday imladi.
– U nima dedi?
– Ona, deganday bo‘ldi, o‘rtoq kapitan…
– E, onasini!..
Kapitanning yodiga ham to‘satdan o‘z onasi keldi. Onasining ko‘m-ko‘k ko‘zlari mehrdan porlab turardi. U, ayniqsa, umrining oxirlarida o‘g‘liga juda mehribon bo‘lib qolgandi. Sergap, yig‘loqi kampir: “Seryoja, asalli non ye, Seryoja, malinali murabbodan tatib ko‘r, o‘zim sening kelishingga ataylab pishirganman”, – deya javragani-javragan edi… O‘sha paytlarda shuhratdan boshqa narsani o‘ylamaydigan yosh tergovchi uchun bularning bari bachkanalikday tuyulardi. Lekin tan olish kerakki, onasidan keyin hech kimdan bunday mehr-muhabbat ko‘rmadi! Xotini Galya unga mehr berdimi? Bitta farzand tug‘ib berdi-yu, cho‘chqaday semirib, darg‘azab, sergap bo‘lib ketdi. Bu yerdan topgan ma’shuqasi esa uni bugun xonasiga kiritmadi.
– Ona, charchab ketdingiz, ketdik…
Mahbus alahsirar, xayolida onasi bilan suhbat qurardi. U terakzor ichida uloqchalarini boqib yurgan emish. Bahor fasli, tuproqning shirin hidi olamni tutgan, yerda chuchmoma, qoqigul, otquloq, yalpiz… Ularning ko‘pini bola uzib yeb ko‘radi. Onasi shunda tepadan ogohlantiradi: “Bolam, yerda o‘sgan hamma o‘tni yeb bo‘lmaydi…” Bola jajji qo‘llarini peshonasiga qo‘ygancha terakzor ichida onasiga qaraydi, shuncha olisda turib nima uzib yeganini onasi qayerdan bilibdi ekan…
“Harom yema…” Ona uzoqdan gapirayotgani uchun uning ovozi aks sado berib, butun olamga sochilmoqda edi. “Harom yema! Harom yema, harom yegan odam gadoydir… Pora olgan odam, ko‘chada qo‘l ochib turgan tilanchidan farqi yo‘q. Ikki dunyoing kuyib ketadi, polvonim…”
Bola terakzor ichida onasi tomon chopib ketadi. Bolaning orqasidan quyosh bobo teraklardan sakrab o‘tib ergashadi. Mayin shabada esa bola peshonasida zo‘rg‘a jon saqlagancha, unga shirin tabassum baxsh etib ketaveradi.
– Ona…
– Senga onang tarbiya berganmi yo pora bilan odam bo‘lasan, deb katta qilganmi? Ey, lo‘ttiboz… qishloq texnikalarini ataylab ishdan chiqarib sotganing esingdan chiqmagandir? Eng katta aybing – Raykomga pora berib tumanga bosh injener, keyin obkomga pora berib rayonga bosh bo‘lib olgansan… Sanlar shunchalik haromsanlarki… toza narsaning farqiga bormay qolgansan!
Tergovchi yana urishdan to‘xtab, sigaret tutatdi. Qorovul unga tamshanib qarab turganini ko‘rib unga ham tutdi. Shuni kutib turganday qorovul birdan qo‘l uzatib sigaretni oldi-da, lablarini oldingga cho‘zib, burqsitib cheka boshladi. “Bularga tekin narsa bo‘lsa toshni ham yutadi”, deb o‘yladi tergovchi. Tashqarida hech nima ko‘rinmas, har zamon-har zamonda panjaralarning sharaqlab ochilgan ovozi, tashqarida yurgan nozirlarning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘iri eshitilib qoladi.
Mahbus esa, xayolan onasi tomon chopib borardi…
– Ona…
– Bolam…
Negadir o‘zining ovozi bo‘g‘iq eshitilar, lekin onasining har bir so‘zi jaranglab ketib, qulog‘ida bir musiqaday, qadim soz kuylariday yangrardi…
– Ona, sizni ko‘rmayapman!
– Men oldingdaman… Ko‘zlaring qizarib, kirtayib qolibdi-ku…
– Ancha kundan beri uxlamaganman-da, ona…
– Yig‘lama, bolam, hozir alla aytaman, uxlab qolasan.
– Baribir uxlatishmaydi… Undan ko‘ra sizni bir ko‘ray, ona… Bir marta ko‘ray…
– Kasb mas’uliyati deganda biror narsani tushunasanlarmi o‘zi? Yo hammasi senlarga tez va oson bo‘lishi kerakmi? Poraga pulni qayerdan olding? Otangdan tilla qolganmi? Senda oltin nima qilsin? Hamma oltin buxoroliklarda-ku! Meniyam, o‘sha yoqqa jo‘natishganda o‘zim bilardim. Senlarda qurug‘i ko‘p-a? Ha, aytishlaricha, rayonga o‘tib xulqing buzilib ketibdi. Ko‘plarni so‘kibsan, urishibsan… Nima, senga davlatning ishi-otxonami, it? Basharasiga tep, basharasiga, uxlab qolyapti…
IV. Xulqi
Turmush o‘rtog‘im mard, bir so‘zli, qat’iyatli odam. Uning ko‘cha-ko‘yda daydib, ichib yurganini hech kim ko‘rmagan. U biror marta ham menga qo‘l ko‘tarmagan. To‘g‘risi, mening dadam qattiqqo‘l. Onam dadamdan juda qo‘rqadi, hozirgacha… Men “turmush o‘rtog‘im jahldor bo‘lmasin”, deb niyat qilardim. Xudoga shukr! Biror kun bo‘sh bo‘lib qolsa, hovlida ishlaydi. Daraxtlar tagini yumshatib, ularni yashnatib qo‘yadi… Qo‘shnimiz Shermat aka xotinini haydagandan keyin bir ayolga ilakashib qolganda, Egamberdi akam unga bir gap aytganini beixtiyor eshitib qolganman. Shuni sizga yozishimdan maqsad xulqli inson ekaniga sizni ishontirish! “Aka, men sizga maslahat berishga yoshlik qilaman, – degandi o‘shanda, – lekin ertaroq yangamni yalanib-yolvorib bo‘lsa ham olib keling! Umr sizga qayta berilmaydi, uni o‘tkinchi narsalarga almashmang! Undan ko‘ra bolalaringizni o‘qitishni, qizlaringizni chiqarishni o‘ylang! Keyin kech bo‘lmasin, aka! Haqiqiy o‘zbek yigiti birinchi navbatda oilani eplashi kerak, oilani… keyin boshqasi bo‘ladi…”
Onam menga: “Eringni hech qachon birovga taqqoslama, qanday bo‘lsa shunday muhabbat qo‘y”, deb o‘rgatgan. Lekin men Egamberdi akamni o‘shanda birovlarga taqqoslab sevingim, yashnagim kelib ketgan…
Otasi hech qachon birovga hasad bilan qaramagan. O‘ktam mudirni Anor opani aldagani uchun, Qulmatni onasini yo‘qlamagani, yolg‘on gapirgani uchun, Jumani xotinini o‘lasi qilib kaltaklagani uchun urgan, so‘kkan! Ular hozir “jabrlanuvchilar”ning esidan ham chiqib ketgan. Ayblari borligini o‘zlari ham tan olsa kerak. Bolalarim haqi qasam ichaman… erim shu tufayli qamoqqa tushgan bo‘lsa, kechiringlar! To‘rtta yosh bolaning dirdirab turgan gavdasini ko‘z oldingizga keltiring! Sizning ham bolalaringiz bor-ku! Yalinaman!
* * *
– Bolalaring nechta?
Kapitan mahbusning savolga javob berishga holi yo‘qligini bilib turar, lekin o‘zini bosolmasdi. Mahbusning burnidan qon oqmoqda… Soat tinmay chiqqillar, oppoq telefon mukka tushgan, jim edi. Deraza orti esa hamon qorong‘i… Qorovul mudrab o‘tirardi. So‘zi javobsiz qolayotganidan g‘azablangan kapitan shu savolni qorovuliga berdi.
– Yettita bolam bor, kapitan.
– Yettita? Qanday boqasan ularni…
– Asta-sekin…O‘zi katta bo‘lishyapti…
Kapitanning ozg‘in yuzi burishib, ko‘zlari chaqchayib ketadi.
– Shuning uchun pora olasanlar-da!
– Nima? – qo‘rqib ketdi qorovul…
– Senda ham tushum bormi?
– Yo‘g‘-ay, kapitan…
– Buning bolasi nechta, hali yosh ekan…
– Bilmasam, kapitan…
Kapitanning esiga Moskvada qolgan o‘g‘li keldi. Bu yil uchinchi sinfga chiqqandir. Frantsuz tilida sanashni ham o‘rganib olibdi. Ha, xotini Galya cho‘chqaday semiz va qo‘pol bo‘lsa-da, bola tarbiyasiga jiddiy qaraydi. Ha, o‘g‘li Kolyani sog‘indi… Lekin, bu – ish, bu yerga uni maxsus vazifa bilan jo‘natishgan. Mana bular esa xotinni quchoqlab yotishdan boshqaga yaramaydi…
– Men senga bir bema’ni savol bermoqchiman?
– Labbay, kapitan…
– Sen, xotining bilan…
Kapitan ahmoqona kuldi. Savoli bachkana tuyuldi. Keyin birdan mahbusga qarab baqira ketdi.
– Ey, xotinchalish, bolalaringni tug‘dirib ularga harom yedirishdan qo‘rqmaysanmi? Bolalaringni chirqillatib qayerlargadir sang‘ib ketishingni, ular jinoyatchining, maxluqning farzandi, deya isnodga qolishni istamasang, hoziroq ayt! Obkom sekretari o‘sha kuni rayonga borganida seni panaga olib nima dedi? U faqat sen bilan xoli gaplashgan. Ayt, u senga nima dedi? Qancha pul so‘radi? Shuni ayt-u, uyingga jo‘na… Men obkom sekretarini tergov qilishim kerak, sendaqalarni tergov qiladiganlar mingta, men seni qamaganim uchun obro‘ ololmayman.
Qorovul bu shovqin-suronli so‘roqlarga parvo qilmay xurrak ota boshladi. Kapitan tutaqib ketdi.
– Tur o‘rningdan… Ketishing mumkin!
– Rahmat, kapitan, lekin…
– Buning shalvirashini qara. Menga ziyoni tegmaydi. Hademay, tong otadi…
– Rahmat, o‘rtoq kapitan.
– “Rahmat, rahmat, rahmat” shundan boshqa so‘zni bilasanmi? Buncha egilavermasalaring!
Qorovul tirshayib kulgancha chiqib ketdi. Kapitan qop-qorong‘i derazaga tikilib, tungi ranglarning asta-sekin tarqalishini kuzatdi. Essiz, bugun Vera uni qabul qilmadi. Bo‘lmasa uning hozir oltin sochlarini hidlab, oppoq yelkalaridan tamshanib, o‘pib yotardi. Nahot boshqasini topgan bo‘lsa?! Yo o‘sha naynov, professor eriga xiyonat qilish joniga tegdimikan? Eri bir qari o‘zbek bo‘lsa, Veraga uning pullaridan boshqa nimasi ham yoqsin?! O‘zi bu yerdagi ishni uning erini yo‘q qilishdan boshlashim kerak edi. O‘shanda Veraning o‘zi har oqshom to‘shagimda raqs tushardi…
* * *
Mahbus xayolan bolalari bilan daryo bo‘yida edi. Uni uzoqdan onasi kuzatib turar, daryoda quyoshning oshlaganday keladigan aksi o‘ynaydi. Bolalar suvda quvnashadi, kulishadi, bir-biriga suv sepishadi. To‘ng‘ich o‘g‘li ikkita singlisini ehtiyotlab qo‘llaridan ushlab yuribdi. Qizaloqlar tizzalariga kelib turgan daryo suvidan junjikar, nuqul “dada”, deya baqirishadi.
– Dada, akamga qarang, meni gum joyga tashlab yubormoqchi?
– Dada, kovushim oqib ketyapti! Dada!
– Dada, hov tepaga boraylik…
– Dada, suvda quvlashmachoq o‘ynaylik…
– Dada, ayam nega kelmadi?..
– Ayam daryoda cho‘milsa, uyat bo‘ladimi?
– Tepaga qarab turgan ayol kim, dada, ayammi?
– U buvim, buvi, buvi, keling biz bilan cho‘miling!!!
* * *
– Senlar nomiga yashaysanlar… Manfaat uchun hatto oilangdan ham kechishga tayyorsan. Veraning eri sakkizta bolasini tirik yetim qilib o‘n sakkiz yoshli o‘ris qizga uylangan… Qizning aytishicha professorning bolalari qishloqda oddiy uyda turishar ekan, Vera esa shaharda, qasrday uyda yashaydi. Bir haftada bir qari eriga “em” tashlab qo‘ysa bo‘ldi, qolgan payt bilganini qiladi. Professor eshakday shuning xizmatini qiladi. Kim biladi Vera Sank-Peterburgda qanday tomoshalar ko‘rsatib bu yerlarga kelib qolgan. Professor o‘risga uylanib, o‘zini zamonaviy ko‘rsatmoqchi bo‘lgandir. O‘zbek tilini qo‘yib, rus tilida gaplashganiga o‘laymi?! Chala-chulpa bo‘lmay o‘l! Sen ham gapir, obkom sekretari nima dedi?.. Bolalaringning hammasini qamayman, hammasini!.. Ularning bari haromdan bo‘lgan! Hozir xotining kimning yelkasini uqalayotgan ekan-a?!
V. Oilasi
Iltimos, iltimos, iltimos! Xo‘jayinim ketgandan beri, qanday yashayotganimizni tasavvur qilolmaysiz. Bolalarim kun botgandan erta tonggacha yig‘lab chiqadi. Otasi ularga juda mehribon edi, jonidan ortiq ko‘rardi. Abdushukur bolam ichikib, kasal bo‘lib qoldi. Sira o‘ziga kelay demaydi. Onam sut tashiydi. Do‘xtirga obordik. Kasalini aniqlasholmadi. Nuqul “dadam” deydi. Kimdir unga dadang o‘lgan, onang senga buni aytmayapti, depti. Iltimos, bolam o‘lib qoladi. Bir yosh go‘dakni asrab qololmasangiz nima qilib o‘tiribsiz! Qutqaring, u – olim, topilmas odam… Partiyami, boshqasimi, ularga hech yomon so‘z aytmagan. U faqat shu kashfiyoti deb kurashdi. Paxta teradigan bir traktor kashf etish niyatida edi. Nahotki, bu katta jinoyat bo‘lsa?
Men deyarli uydan chiqmayman. Qo‘shnilar chiqishadi, ota-onam yordam beradi, o‘zim tikuvchilik qilib, bir amallab turibmiz. Bolalarim uchun erimni afv eting!
U kishi nima qilgan bo‘lsa, odamlar uchun qildi. Odamlarning kun bo‘yi paxta terib yurishini ko‘rib, ularning mashaqqatini biroz yengillatadigan bir traktor ishlab chiqmasam bo‘lmaydi, deb tirishardi. Tunlari bilan shuni o‘ylab chiqardi, ertalabgacha bir nimalarni chizib chiqardi. Moskvaga ham bir oy borib ish o‘rganib keldi. U yerdan ko‘p maqtov yorliqlari olibdi. Nima, balki bu yangi qilayotgan texnikasi qonunga to‘g‘ri kelmadimi? Balki, odamlar paxta termasa nima qiladi, deb, uni shunga qamab qo‘ydinglarmi? Bizda shundoq ham paxta ko‘p, ish mashinaga ham, odamga ham yetadi.
Hamma “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” deyapti, bular uning aybi emas. Lekin men o‘zim besh yoshimdan paxta teraman. Mehnati og‘ir, osonmas… Paxta mahal qishlog‘imizdan bitta qiz o‘zini osib qo‘ydi, qo‘shni qishloqdagi ammamning qo‘shnisi edi, katta-matta ayol o‘zini yoqib yubordi. Paxta osonmas, paxta juda og‘ir ish…
Xo‘jaynim shu voqealarni ko‘rib, qanday jim o‘tirsin… Yomon niyati bo‘lmagan! Ozod qilsanglar, endi kashfiyot qilmaydi. Men sizga va’da beraman, tunlari uxlamay bo‘lsa ham, tunu kun paxta terib sizga xizmat qilaman. Faqat, u kishini kechiring!
Iltimos! Iltimos!! Iltimos!!!
* * *
Mahbusning boshi zirqirab, xotirasi xiralashib qolgandi. U allanimalarni aytib, betinim alahsirardi.
– Shularning hammasini o‘zingiz tayyorladingizmi, g‘oya ajoyib, axir bu olamshumul kashfiyot-ku! Moskvadagi o‘rtog‘im O‘zbekistonda shunday olim bor deb aytganida ishonmagandim…
– Rahmat, faqat menga zaruriy texnikalar kerak, Germaniyada ishlab chiqarilgan bir-ikkita qurilmalarni qo‘llab ko‘rishim kerak, agar uni amaliyotga joriy eta olsak, xalqimiz paxta azobidan qutulgan bo‘lardi. Bir chigit qilib paxta poyalarini payhon qiladigan texnikalardan charchadik.
– O‘ylab gapiring, Egamberdi, paxta bayram, tantana bo‘lardi desangiz, yaxshi bo‘lardi. Men sizni yaqinda muhim lavozimga tayinlayman.
– Sizdan iltimos… Menga vaqt kerak… Hech qanday lavozim kerakmas… Men shu traktorni ishlab chiqishim kerak… Bu traktor hali millatimizning tashvishlarini yerdan teradigan mashina bo‘ladi…
– Men sizga har qanday yordam berishga tayyorman. Moskvada siz haqingizda maqola chiqdi. Agar ishni tez olib borsangiz sizni Toshkentga olib ketishlari ham mumkin… Toshkentga sizday odam kerak… faqat tilingiz chatoq… O‘ylab gapiring… Menga bir-ikkita imzosiz xatlar kelgan…
– Mening dardim bitta – paxtani mukammal teradigan mashinalar ishlab chiqish… Menga hozir vaqt kerak, men yuzlab tajribalarni, minglab traktorlarning yaratilish tarixini ko‘rmoqchiman. Nega shuncha paxta teruvchi traktorlar odamlarday toza terolmayapti, ularda nima kamchiliklar bor? Nahotki, biz orzu qilganday paxta mashinalarini ishlab chiqish shunchalik qiyin bo‘lsa?! Men bu savollarga ham javob topganimcha yo‘q.
– Men sizga omad tilayman…
– Men senga la’nat tilayman… Senga, sendaqalarga…
Tergovchi battar qizishdi. U hamon alamdan titrar, tezroq tong otsa, bu yerni tark etib yana Veranikiga borsa, balki bugun erta tongda uni xushnud qilar.
– Hali qiziq bir narsani aniqladim. Sening ishingda hammaning aybi bor… Sanlarning boshlaringda obkom turibdi. U seni qutqarmoqchi ham bo‘ldi. U hatto meni uyiga ham chaqirdi. Ammo xotinning zo‘rini olgan ekan. Ko‘zim bilan sehrlamoqchiydim, pashsha uchganchalik ta’sir qilmadi. Yerdan ko‘zini olmadi. Eri o‘lsa, keyin ko‘ramiz uni… Xullas, obkom sekretari menga seni “mashhur kashfiyotchi”, “ittifoqning faxri bo‘lishi mumkin”, dedi… Sen paxta teradigan zamonaviy traktorlar ishlab chiqmoqchi emishsan. Shuni bilki, buni hech qachon eplolmaysan. Sen qayerdayu, bizning mexaniklar, injenerlar qayerda?! Ular necha yillardan beri qilolmagan ishlarni sen – qandaydir chekka rayondan chiqqan omi, qishloqi odam eplaydimi? Shu chirigan rayoningdan chiqib-a?! Sen undan ko‘ra ko‘p bola tug‘dir… Paxta o‘z-o‘zidan teriladi…
* * *
Mahbusning xayoliga yana bolalari keldi… Sochlarini o‘rib hovlidagi rayhonu atirgullarga suv quyishayotgani, xotinining manti uchun xamir mushtlayotgani ko‘z oldidan o‘tdi… Shermamat bedazordan ismaloq tergani-tergan… O‘g‘liga ismaloqli manti juda yoqadi.
– Bolalarim…
– Bolalaring yaxshi paxtakor bo‘ladi. Kashfiyotingni xotinlar ustida qilinglar. Shunda sen – qahramon ota, xotining o‘nta tuqqan qahramon ona, bolalaring esa ilg‘or terimchi bo‘lishadi…
– O‘chir ovozingni!
Kapitan uning alahsirashiga e’tibor ham bermay derazaga tikilib turardi…
– Xotiningni ertaga chaqirtiramiz! Qip-yalang‘och qilib, qop-qora badaniga qarab uni sud qilaman! Yoqsa balki… – kapitan ahmoqona kuldi.
– U pokiza ayol!
– Har qanday pokizani ezg‘ilab erkalayman… Faqat ko‘nglim tortsa, jirkanmasam! O‘zi ham ko‘pdan beri seni ko‘rmagan, erkak nafasini tuyushi bilan o‘zini yo‘qotsa kerak.
– U pokiza ayol.
– Keyin bolalaring yetim bo‘ladi… Sening raising, agronoming, hamma qarindoshing kasringga ketadi… Kashfiyotchi emish… Ular tushunib yetishsin… Qara, hademay tong otadi, tongni men, biz, faqat biz ko‘rishimiz kerak. Senlar esa paxtani bilsalaring bo‘ldi. Sen orqali endi men oblastdagi hamma kattaning yostig‘ini quritaman. Chunki senlar poraxo‘r, qo‘shib yozuvchisanlar!!!
– Sen itsan!
– Nima? Tiling paydo bo‘lib qoldimi?
Kapitan orqasiga bemalol qaradi-yu, dahshatdan qotib qoldi: qarshisida bir bahaybat nusxa, soch-soqoli o‘sib ketgan, ko‘zlari qip-qizil qonga to‘lganidan qorachig‘i ham ko‘rinmay qolgan odam yeb qo‘yguday qarab turardi. Kapitan baqirishgayam ulgurmadi. Mahbus hash-pash deguncha kishanlangan qo‘llarining orasiga uning boshini kirgizib, bor kuchi bilan tergovchining bo‘ynini qattiq qisdi, keyin uni tizza bilan tepib ag‘anatdi. Tirsagi bilan bo‘ynini bosib, jon holatda xirillab tipirchilayotgan tergovchining og‘zidan ko‘pik chiqib, ko‘m-ko‘k ko‘zlaridan yosh otilib qotib qolgunicha tutib turdi. Tergovchining ko‘zlari katta ochilgancha tinchib qoldi…
VI. Yakuni
“Tong otyapti…
Hozir bolalarim turib, meni yana yolg‘onchiga chiqaradi. “Ertaga otangiz keladi”, deb ularni ovutgandim. Endi ularni nima deb ovutay? Qachon keladi deb aytay? Qachon?
Sizdan umid qilib, sizni duo qilib, sizga ishonib kutuvchi injener Jontemirov Egamberdining ayoli va bolalari…”
* * *
Qator panjaralar bilan to‘silgan deraza ortida qorong‘ilik tarqalib, quyosh bosh ko‘tarib kelardi. Tong otmoqda…
Quyoshning ilk nurlari mahbusning qora ter botgan yuzlariga tushguncha tashqariga tikilib turdi. Nelarnidir uzoq pichirladi. Keyin chaqqon harakat bilan tergovchilar dam olishi uchun qo‘yilgan karavotning ko‘rpa astarini olib tashladi. Temir karavotning yalang‘och qirrali tomoniga belini to‘g‘rilab uning ustiga chiqdi va alamli baqirgancha o‘zini temir ustunga tashladi. Qarsillab ketgan karavotning ovozi, mahbusning oxirgi marta azobdan ingrashi tashqarida xurillab uxlab yotgan qorovulni uyg‘otib yubordi. Jonholatda o‘zini ichkariga urgan qorovul dahshatli manzaradan qotib qoldi: Tergovchining jasadi allaqachon sovib bo‘lgan, faqat ko‘zlari hamon o‘qrayib boqardi. Mahbus esa (sakkiz oylik azoblardan so‘ng) onasining oyog‘iga boshini qo‘ygancha miriqib uxlayotgan bolani eslatib yotardi. Endi bu bolani hech kim, hech qachon uyg‘otolmaydi…
* * *
– Tog‘a, saharlab kelganim uchun uzr! Kech qolishdan qo‘rqdim!
– Yozib bo‘ldingmi?
– Mana…
–O‘o‘h-ho‘o‘o‘, asar yozib tashlabsan-ku!
– Tog‘a, kuyovingiz chiqarmikan?
–Yaxshi niyat qil, chiqadi… Xatning turli xilidan yozaveramiz… Birini bo‘lmasa, birini o‘qib qolar…
–Tog‘a, sizga katta rahmat!.. Kuyovingiz chiqadi-a?
–Ha, dedim-ku! Qara, jiyan, tong otyapti, quyosh chiqyapti… Lekin osmonda bulutlar ham bor… Qalinroq kiyinishim kerakka o‘xshaydi… Mayli, men endi ertaroq otlanay…
– Siz bergan go‘shtdan qaynatma sho‘rva qilgandim. Bolam ancha jonlanib qoldi. Lekin, tog‘a, kuyib ketyapmiz-da! Kuyovingiz ozod bo‘larmikan?! Ozodman, deb kelarmikan?!
– Men shoshilishim kerak, qara, tong otyapti, quyosh chiqyapti… Bizga atalgan kun ham bordir axir…
– O‘sha kun qachon keladi, tog‘a?!
– Keladi, albatta, keladi!!!
“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 11-son