Javlon Jovliyev. Buxoro, Buxoro, Buxoro… (hikoya)

O‘sha yili qish juda sovuq kelgan ekan-da! Es-es bilamanki, birga o‘ynaydigan serkiprik afg‘on bolalarining kipriklari bir-biriga yopishib, qirov tushganday oqarib qolardi. Xuddi hozirgi qorbobolarning yasama kipriklarini eslatardi. Men afg‘on bolalari bilan tez til topishib ketganman. Garchand ular mendan bo‘ychan, buning ustiga, bir-ikki yosh katta bo‘lishsa ham. Singlim Oyshabibi esa uydan chiqmasdi. Uyda otam buxorocha tancha qurgandi. Shuning atrofida turli latta-puttalardan nimadir tikib o‘ynaganlari esimda… Onam esa kunu tun akam bilan ovora. Akam zotiljam bilan og‘rigani uchun bizni yoniga qo‘yishmasdi. Singlim Oyshabibi bilan deraza darchasidan cho‘pday ozib ketgan, rangpar, ko‘zlari kirtayib, so‘lg‘in boquvchi akamga soatlab tikilib turardik. U ham bizni ko‘rib «yaxshiman» degan ma’noda qoqshol qo‘llarini ko‘tarib silkib qo‘yardi. Tez orada akam tuzalib, chopqillab ketishiga shubha qilmasdik.
Otam bozorda hammollik qilardi. U goh-goh oppoq, mayin bir shirinlik olib kelgani esimda. Juda mazali, tilda erib ketardi. Uning nomini hozirgacha aniq bilmayman. Ammo onam birinchi marta shirinlikni ko‘rganda yig‘lab yuborgandi. Shunda u paytlari Oysha onamning tizzalariga o‘tirib, jajji qo‘llari bilan yuzlarini silar, ko‘zyoshlarini artib qo‘yardi.
– Nega yig‘laysiz?
– Buxoroni eslatdi, qizim.
O‘sha paytlarda eng ko‘p eshitgan so‘zim Buxoro edi. Buxoro, Buxoro, Buxoro… Xayolimda bu joy osmonlarda, oppoq bulutlar orasidagi yaltiroq toshlardan qurilgan saroy, dunyodagi barcha ertaklarning tugaydigan manzili edi. Buxoroda tug‘ilgan bo‘lsam ham, esimni Qobul yaqinidagi qishloqda taniganman… Shu yerda otam safar pullarini qaysidir qallobga boy berganu, biz kambag‘allik ko‘chasiga irg‘itilganmiz.
Eng yomoni – akam kasal bo‘lib qolgan edi. Men uning sog‘lom paytini qanchalik eslashga urinmay, eslolmayman. Faqat bir kuni u yo‘talgancha (o‘sha payt ham ozib-to‘zib ketgan edi) uyimizdan chiqib ketgani yodimda. U ishga ketayotib, bizni o‘pib qo‘ygandi. U o‘sha paytlarda ancha ulug‘ odamdek ko‘rinar, onam ham, otam ham unga ishonardi.
Onam akamning oldidan beri kelmasdi. Unga ko‘p suyuqlik ichirar, terlarini artar, oyoq-qo‘llarini uqalardi. U bizga, akangning kasali yuqumli, deb uqtirardi-yu, o‘zi uning yuz-ko‘zlaridan bosib-bosib o‘pardi. Onam ham yosh, o‘sha paytlar bor bo‘lsa, o‘ttizdan endigina sakragan juvon edi. Qop-qora sochlari uzun, qoshlari qalin, ko‘zlari mehr bilan boquvchi, oppoq yuzlarida kulgichi bor buxorolik ayol edi. Men bilan Oysha onamga, akam esa ko‘proq otamga o‘xshardi. Uning ko‘zlari mallatobligi esimda. Biz Hoji Ahmad degan savdogarning ikki xonali pastqam uyida ijaraga turardik. U ham bizni qo‘llagan. Ayniqsa, akamga davo bo‘ladigan tanqis mevalarni bir yoqlardan toptirib kelardi.
Ammo akam qishdan chiqmadi. Bizni u bilan xayrlashgani ham qo‘yishmadi. Onamning o‘kirib-o‘kirib yig‘laganini eshitib, bir burchakda qunishib o‘tirardik. Men u paytlarda o‘lim, o‘lish so‘zlarini eshitgandim-u, uning tag zamirini tushunib yetmagandim. Men akam o‘ladi-yu, biz sog‘inganda qaytib keladi, deb o‘ylardim. Bir hafta o‘tdi, bir yil ham o‘tdi, ammo u qaytib kelmadi. Bir kuni onam choponimizni kiydirib (o‘ziniki juda yupun edi) akamning oldiga olib bordi. Biz akamizni ko‘ramiz deb quvnar, osmonlarga uchardik. O‘sha kuni atrofni qalin tuman qoplagan bo‘lib, o‘z kavushlarimizni ham aniq-tiniq ko‘rmasdik. Osmondan bir nimalar yog‘ar, ammo choponimiz nam bo‘lmasdi. Keyin ko‘z oldimizda do‘ppaygan tuproqlar paydo bo‘ldi. Turtinib-surtinib keta boshladik. Nihoyat, onam to‘xtadi. Ko‘zlarini bo‘rtib turgan, yon atrofiga qalin yog‘ochlar qo‘yilgan qora tuproqdan uzmasdi.
– Bu yerda akang yotibdi, – dedi onam.
– Qani-qani? – dedik biz akamnimas, tuproq uyumini ko‘rib, xayolimda hozir tuproq ko‘tariladi-yu, ichidan akam, usti-boshi chang bo‘lib chiqib keladiganday edi.
– Akam sovuq yemaydimi? – dedi Oysha.
– Yo‘q! U issiqda yotibdi, – dedi onam va ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
– Qo‘rqyapman, – dedi Oysha.
Onam Oyshaning bu gapidan keyin yig‘lamadi, ammo ancha vaqtgacha onamning yelkalari uchib turdi, hansirashi bosilmadi.
Biz ham yig‘ladik. Men o‘sha paytlar besh-olti yoshlarda edim. Akam o‘lib, men– katta farzand bo‘lib qolgandim. Ammo onamni qanday ovutishni bilmas, ko‘z yoshimni tiyolmasdim.
Bu ko‘zyoshlari hech qachon esimdan chiqqan emas!!!
Eh, Onajonim!
Onamning kulgilaridan ko‘ra, yig‘isini ko‘p eslayman… U ancha navqiron bo‘lsa ham, sochlariga oq tushgan, negadir umuman kulmasdi. Akam o‘lganidan keyin butunlay tund ayolga aylandi.
Otam tunu kun ishlab, qornimiz zo‘rg‘a to‘yadigan taom olib kelardi. Oyoqlari og‘rib, oqsab yurar, qo‘llari yorilib, irib ketganlari esimda.
Qishlar o‘taverdi, bahorlar o‘taverdi, ammo onamning ko‘zyoshlari ado bo‘lmadi. Hovlimizdagi o‘rik gulladi. Onam buni ko‘rib yana yig‘ladi.
– Ona, nega yig‘laysiz?
– Buxoroni sog‘indim, – dedi Onam.
Aytishlaricha, bobomiz– onamning otalari Buxorodagi eng boy odamlardan bo‘lgan. Onam o‘sha farovonlikda o‘tgan kunlarni juda qo‘msab eslar, eslab yana…
– Uyimga ketgim kelyapti! Uyimga!..
– Buxoro qanday joy o‘zi? Nega buncha yig‘layverasiz? Ayting, ona… Buxoro qanday joy o‘zi?
– Yig‘lamaydigan joy, bolam, yig‘lamaydigan…
Har kuni shu ahvol edi. Biron kun yo‘q ediki, onam Buxoro uchun, bevaqt o‘lgan akam uchun yig‘lamagan bo‘lsa! Yig‘laganda ham ezilib, ko‘zlari yoshga qorilib, ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lardi. Buxorodagi qarindoshlari, katta bog‘ hovlilarini eslardi…
Onamning eslab azoblanmasligi uchun Buxorodan olib kelgan hamma narsalarni yashirib tashlardim. Hatto yarim oy shaklidagi taxta tarog‘ini ham. Ammo bu harakatimining hech foydasi tegmadi. Onamga hamma narsa Buxoroni eslatar, osmonda uchib o‘tgan qaldirg‘och ham, musichaning ahmoqona “ku-ku”lashlari ham, afg‘on shamolining ko‘pirishi ham Buxoroni yodga solar va onam bechora yig‘layverardi.
Bu g‘amlar navnihol onamni ado qildi. Otam uni chalg‘isin dedimi, ishga qo‘ydi. Uy-ichidagi yumushlarini men qiladigan bo‘ldim. Ammo bir qora kunda ip-gazlama to‘qiydigan zavoddan onamning o‘ligini olib kelishdi. Onam ham sil bo‘lgan ekan…
Bizga onam bilan xayrlashishga hech kim to‘sqinlik qilolmadi. Men onamning yuzlarini o‘payotganimda, Oysha uning sovib ulgurgan pinjiga yotib olgandi. U onamning qo‘llarini silar, uni hech kimga bermayman deb bo‘zlardi. Onam uyg‘onsa, meni o‘pib qo‘yadi, derdi. Men singlimni ko‘rganim sayin o‘kirib-o‘kirib yig‘lagim kelar, ammo otamni o‘ylab o‘zimni bosardim. Oysha onamning qo‘ynidan chiqishni istamay, “menga onamni tiriltirib ber”, deganday iltijoli termilib turardi.
– Onam qachon turadi?
– Keyinroq, Oysha! Sen narigi uyga bor!
– Qachon turasiz, ona, gapiring, gapiring! – deya onamning oppoq yuzlariga jajji lablarini bosardi.
Onam juda go‘zal bo‘lib yotardi. Buxoroning go‘zali, parisi…
Oysha o‘lim nimaligini sezib tursa-da, buni tan olgisi kelmasdi. Oyshani onamning bag‘ridan yulib olishganida, u shunaqangi chirilladiki, bu ovoz ko‘ksimga eng dahshatli, eng alamli, eng dardli azob bo‘lib, qo‘zg‘almas qoziqdek qoqilib qoldi.
Joyingiz jannatdan bo‘lsin, Onajon!!!

* * *

Dunyoda nima ko‘p – kasal ko‘p, dunyoda nima ko‘p – balo ko‘p. Qadamda duch keladi, qadamdan ushlaydi. Ayniqsa, bevatan bo‘lsang, musofir bo‘lsang, balolar qadam olishingni poylab ham turmay bosib kelaverarkan… Ammo ne bo‘lganda ham, biz akam uchun, onam uchun yashashimiz, nafas olishimiz kerak edi.
O‘sha qora kunlarda biz o‘zimiz uchun bir taskin topdik. Bu taskin bizni onamning ortidan qora yerga kirib ketmaslikka undardi. Bu oliy taskin Buxoro degan so‘z edi.
Otam onamning joylarini Jannatdan tilardi, biz Oysha bilan onamning joyi Buxoro bo‘lsin, deb duo qilardik… Chunki o‘sha paytlarda men uchun eng yorug‘, eng tiniq, eng tinch joy Buxoro edi… Oysha menga quvlik qilib savol berib qolardi:
–Onam Buxoroga ketgan bo‘lsa, qachon keladi, aka?
–Buxoroga borgan odam kelmaydi. U osmonlarda, bulutlar orasida, uylari oltindan, yegani asal, holva, shashlik!
–Nimaga onam bilan akam bizni tashlab ketdi? Buxoroda bizga joy yo‘qmi? U yerda nima bor o‘zi?
–Vatan bor.
–Kim?
–Vatan.
–Kim u?
–Men uni bilmayman. Otam biladi, onam, akam, biladi. Uni taniydi. U Buxoroda yashasa kerak…
–Bo‘lmasa, biz ham ketaylik Buxoroga… Ketaylik!
–Hozir ketolmaymiz.
–Nimaga?
–Otam qo‘ymaydi. Lekin, albatta, bir kun ketamiz.
–Yo‘q! Bugun ketamiz, bugun, aka…
Shundan so‘ng Oysha har kuni “Buxoroga ketamiz”, deb turib oladigan bo‘ldi. U har safar xarxasha boshlaganida otam ham ko‘ziga yosh olib, ezilib-ezilib titrardi. Padarimning yig‘ilayotganini ko‘rib, men birinchi marta ishga chiqishim kerakligimni anglaganman. O‘sha paytlar yetti-sakkiz yoshli bolakay edim. Musofirlik odamni tez o‘stiradi, tez katta qiladi.
Maktabni tashlab, akam bir paytlar ishlagan zavodga ishga kirib oldim. Otam u yerda ishlashimni xohlamasdi. Chunki paxta zavodida bolalar shafqatsizlik bilan ishlatilar, ish uchun esa ularga arzimagan chaqa-tanga berilardi. Ammo shu pullarsiz Buxoroga qaytib bo‘lmasligini bilardim.
Beton devor bilan o‘ralgan zavod ichida ulkan stanoklar guvillab aylanar, ular tonnalab paxtani yutib yuborar, biz barini ko‘rib turardig-u, paxtaga qo‘shib bizlarni ham ezib, o‘lim tomon tortib ketayotganini bilmasdik. Tinmay ishlar, ishlar va yana ishlayverardik.
Zavodning egasi biz tomonga qadam ham bosmasdi. Uni faqat uzoqdan ko‘rardik. Bir kuni uning iti tsex darvozasi yonida paydo bo‘lib, taqqa to‘xtab qoldi. Oppoq junlari taroq bilan taralganday hilpirardi. Itdan qandaydir atirning hidi kelardi. Negadir barcha bolalar ishni unutib, darvoza oldida turgan itga qarab qolgandi. Biz itni, it esa isqirt bolalarni tomosha qilmoqda edi. Tolalar chiyalashib, tiqilib, stanoklar azobdan chiyillab yuborganda ham biz itdan ko‘z uzmadik. Yuz-ko‘zimizdan bizni tanib bo‘lmas, faqat qorachiqlarimizgina tirik odam ekanligimizni bildirib nur sochib turardi. Shu so‘lg‘in va umidsiz nigohlar bilan oppoq bo‘yniga kumush medalyon bog‘langan ko‘ppakka bolalarcha beg‘uborlik bilan tikilib, isqirt xona va alamlarni bir dam esdan chiqarib, baxtli bolalar kabi o‘y surishni istab qolgandik. Ko‘ppak qonday qizil tilini osiltirgancha, kirsammi-yo‘qmi, deganday ikkilanib turardi. Oxiri, u burilib, ko‘m-ko‘k maysa qoplangan xiyobon tomon chopib ketdi. Bizdan jirkandi, shekilli…
Men bu yerda to‘qqiz oy ishladim. To‘qqiz oy ichida 14 bola ishdan ketdi. Bilardikki, ular nafaqat ishdan, balki bu yorug‘ olamdan ham ketishgandi.
Bu yerda ko‘p ishlashning oxiri sil, sil esa meni akam va onamning oldiga olib ketishini bilardim. Shuning uchun ingliz tilini o‘rganishni va tozaroq bo‘limga o‘tishni istardim. U yerda oylik ham, ish ham durust edi. Buning uchun inglizcha oddiy so‘zlarni bilishning o‘zi kifoya. Kechalari uxlamay ingliz tilidagi barcha harflarni yod oldim. Keyin duch kelgan gazetalarni o‘qiy boshladim. Buni ko‘pchilikka bildirmasdim. Chunki bolalarning ko‘pi o‘ta mutaassib fikrlar bilan ulg‘aygan, g‘ayridinlarning tilini o‘rganishni istashmas, buni makruhlik, dindan qaytish deb bilishardi. Buning uchun sil bo‘lib, o‘lib ketishga ham tayyor edilar. Men ingliz tilini o‘lmaslik uchun o‘rgandim. Bunday holda til o‘rganish oson kechadi, ustozning ham keragi yo‘q.
Bir oylar o‘tib tanlovda qatnashdim va yaxshi ball to‘pladim. Meni itxonaga, xo‘jayinning itiga mas’ul qilib qo‘yishdi. Men endi uyga kam borar, itxona yonida uxlardim. Yoz kunlari osmonda chiqqan to‘lin oy yorug‘ida bir paytlar oshxona qoshidan topib olgan Jek Londonning “Martin Iden” romanini o‘qib o‘tirardim. Keyin hisoblasam, bu kitobni 68 marta o‘qib chiqqan ekanman. Bu kitob menga nafaqat ingliz tilini o‘rganishimga, balki matonatli, chidamli, kuchli bo‘lishimga ham sababchi… Men bu kitobni o‘qir ekanman o‘zimni itxona qoshida, betonga to‘shalgan sholcha ustida emas, keng va yorqin okeanda baxt tomon suzib ketayotgan ulkan kemadagi qudratli va erkin inson sifatida his qilardim. Bu mening ahvolimdagi bolalar uchun juda qimmatli tuyg‘u.
Adabiyot menga kuchli bo‘lishni o‘rgatgani uchun men undan doim qarzdorman. Hozir ham.
Xo‘jayin har safar it bilan sayrga chiqqanida menga chaqa-tanga tuhfa qilar, bu esa bir oyga borib oyligim barobarida pul yig‘ilishi uchun qo‘r bo‘lardi. Buning yarmini takabbur va o‘lguday qo‘pol ish boshqaruvchisi olib qo‘yar, qolganini otamga berardim. Pullar Oyshabibi singlimning o‘qishiga sarflanardi.
Bir kuni xo‘jayin Jek Londonning kitobini ovoz chiqarib o‘qiyotganimni ko‘rib qoldi. U oldimga kelib, hayron bo‘lib menga qarab turdi. Aynan o‘sha mahal qorindor, yuzlari shishmol ish boshqaruvchi kirib keldi. U menga: «Xo‘jayin ingliz tilini buzib gapiradiganlarni juda yomon ko‘radi, og‘zingdan bir og‘iz so‘z chiqmasin», deb tayinlagandi. Mening inglizcha gapirib qo‘yganimni bilib ish boshqaruvchi shunchalik qahrli qaradiki, itning qoziq tishlarida titilib ketadigan kolbasadek yanchilib ketay dedim. Chunki uning bolalarni vahshiylarcha qiynashini hamma bilardi.
Xo‘jayin menga kulib qaradi. Ammo undan hamma narsani kutish mumkin edi. Aybi qidirilgan odamning har qadamida gunoh.
Ey… musofirlikda ulg‘aygan men kabi bolalar uchun bunday xo‘rliklar birinchisi emasdi. Shuning uchun qo‘rquv, hadiksirash, hammadan o‘zimni past tutish kabi o‘ylar, xohlamasam ham, bo‘yim bilan birga yuragimda o‘sib borardi. Chunki men bevatan, quloq (O‘tgan asrning 1929-1933 yillarida mustabid sho‘ro tuzumi er egalari, boy, o‘rta hol dehqon va chorvadorlarni “quloq – mushtumzo‘r” nomi ostida sinf sifatida tugatish siyosatini olib borgan) qilingan oilaning farzandi edim. Buni afg‘onlar ham, inglizlar ham, dunyodagi barcha odamlar ham yaxshi bilishiga ishonchim komil edi. Ular mening musofir ekanligimni peshonamga qarabgina emas, uzoqdan soyamni ko‘rish bilan bilar va xo‘rlashga arziydigan odam paydo bo‘lganidan suyunishadi deb o‘ylardim.
–Inglizcha ravon o‘qirkansan! Qayerda o‘rgangansan? –
Men savolga javob beraymi yo‘qmi, deb ish boshqaruvchiga qaradim. U hamon ko‘zlarimga qahr bilan tikilib turardi. Dovdiraganimdan foydalanib, o‘zi javob berdi.
–U qayerdan ham bilardi, janob! Bu bir kelgindi bo‘lsa…
–Yo‘q, biladi! Bilasan-a?
–Yo‘q-yo‘q!
–E-e, sayrab turib, til bilmayman, deyishingni qara! Qiziq-ku! Yur-chi, men bilan.
Men umrimda bunday hashamdor uyga kirmagandim. Og‘zim lang ochilib qoldi. Uyga kirishim bilan atirgul hidiga o‘xshash bir shirin ifor dimog‘imga urildi. Kir oyog‘im bilan uning oppoq eroniy gilamlarini bosaymi-yo‘qmi deb, ikkilanib turib qoldim. Xo‘jayin mening bilagimdan ushlab, uyga imladi. Ichkaridagi oppoq haykallar, chiroyli vazalar, shohona suratlarga mahliyo bo‘lib, gandiraklab, boshim aylanib ketdi. Ruflarning xonadoniga birinchi qadam qo‘ygan Martin Iden holiga tushgandim, go‘yo.
Men shunda o‘zimning yamalgan, yirtiq egnimga qaradim, uyaldim. Buni sezgan, xo‘jayin uy xizmatchisini chaqirib, meni yuvintirishni buyurdi. Xizmatchi menga qovog‘ini emas, oppoq tishlarini ko‘rsatib tabassum qildi. Vannaxonaga olib kirib, hamma joyimga oppoq qorga o‘xshash narsa ishqab tashladi. Butun tanam yayragani rost. Ammo hamon qo‘rqar, u meni yuvintirib, keyin o‘ldirmoqchimi, deb ham o‘ylardim. Cho‘milib bo‘lgach menga yangi kiyim berishdi. Bu kiyimda men butunlay boshqa bolaga aylanganday edim. Shohona liboslarni kiyib, yayrab ketdim. O‘limni o‘ylamay qo‘ydim.
Janob meni kutib turgan ekan, ikkinchi qavatga boshladi. Uning ortidan boryapman-u, vujudimni yana qo‘rquv qopladi. Boya meni cho‘miltirgan odam ham ko‘zimga shubhali ko‘rinib ketdi. Ammo janob ikkinchi qavatdagi taxtali eshikni ochganda hayratdan toshga aylandim. U yerdagi kitoblar mening hayrat olamimga sig‘masdi. Men kitoblarni ko‘zdan kechirarkanman, hayotimdan o‘lim ham, qo‘rquv, ochlik, ishsizlik ham – bari-bari lahza ichida yo‘qoldi. Onam esimga tushib ketdi. Faqat u mening baxtiyorligimni sezib, ko‘rib turganday edi.
Xo‘jayin istalgan vaqtda bu yerdan kitob olishim mumkinligini aytdi. Keyin joyiga qo‘yib qo‘ysam bo‘lgani ekan. Bor-yo‘g‘i sharti shu!
Men endi har kuni, bo‘sh vaqtim bo‘ldi deguncha kitob o‘qir, gazetalarni varaqlardim. U yerda men tushunmaydigan tillardagi kitoblar bisyor edi. Men o‘zbek, fors, afg‘on va ingliz tillarida yozilgan kitoblarni o‘qir, ammo ko‘piga tushunmasdim. Bu mutolaalar meni ish boshqaruvchining zug‘umidan ham qutqardi. U mening kitob o‘qib o‘tirganimni ko‘rganida, ko‘rmaslikka olib o‘tib ketadigan bo‘ldi.
Men tinmay kitob o‘qirdim. Tibbiyot, biznes, tarixga oid kitoblarning jinnisiga aylandim. Psixologiyaga muhabbat qo‘ydim. Shunday qilib, itboqar bo‘lib ishlagan olti yilim hayotim poydevorini ilm bilan ko‘tarishga imkon berdi. Bu orada otam Oyshani kuyovga uzatdi. Singlim hali yosh edi. Ammo kuyov Buxorodan kelgan, biz kabi o‘zbek oilasi bo‘lgani uchun otam sovchilarga yo‘q deyolmadi. Kuyovning yoshi singlimdan 12, mendan 10 yosh katta edi. Yigit ko‘p yillar buxorolik qiz axtarib, uylanmay yurgan ekan. Kuyovning yoshi katta bo‘lsa ham, davralarda mendan yuqoriga chiqmay o‘tirardi. Ular ko‘p o‘tmay Oyshani olib Turkiyaga ko‘chib ketishdi. Men batamom yolg‘izlanib qoldi.!
Shu yili xo‘jayin Angliyaga ketadigan bo‘ldi. U meni ham o‘zi bilan olib ketmoqchi edi. Ammo baxtsiz hodisa yuz berib, tsexga o‘t ketdi. Ish boshqaruvchi ham, xo‘jayin ham, uning iti ham halok bo‘ldi. U yerda ishlaydiganlardan 38 ta bola tirik qoldi, xolos.
Bu fojiadan keyin bu yerda qololmasligimni bildim. Qanday qilib bo‘lsa ham, Yevropaga ketish uchun yo‘l qidira boshladim. Tilni yaxshi bilganim uchun meni bir ovropalik savdogar ishga oldi. U gazlama savdosi bilan shug‘ullanar, gazlama orasiga esa turli og‘ularni joylab Eronga, u yerdan Yevropaga o‘tkazardi. O‘ta past odam bo‘lib, arzimagan pul evaziga meni eshakdek ishlatardi. Uning firmasi orqali chetga chiqish mumkin ekanligi uchungina, tishimni-tishimga qo‘yib, qulay vaqt kelishini kutib yurdim. U kechasi bilan uxlamay hisob-kitob qilishga majbur qilar, buning uchun oyiga 25 dollar berardi, xolos.
Men kutgan vaqt bir yildan so‘ng keldi. U payt men 18 yoshda edim. Savdogarning eronlik xotini tug‘adigan bo‘lib, Yevropaga meni jo‘natadigan bo‘ldi. Chunki men hisob-kitobga uning o‘zidan ham pishiqroq edim.
Shunday qilib, yo‘lga otlandim.
Turkiyaga yetib borgach, uning gazlama orasidagi barcha og‘ularini balchiqqa uloqtirdim, so‘ngra qimmat gazlamalarni sotib, Italiyaga, u yerda ozroq ishlagach, ancha yo‘l bosib Angliyaga yetib bordik. U yerda ikki oy turib, AQShga kemada jo‘nadim.
AQShga kirib kelganimda tushlik qilishga ham pulim yo‘q edi. O‘lguday och edim. Necha kunlar plakatlarga to‘la ko‘chalarda ish qidirib, itday izg‘ib yurdim. Qahraton sovuq, muttasil ochlik va uyqusizlikdan ko‘zlarim qizarib, yuzlarim ko‘karib, g‘alati donachalar bosib ketdi. O‘sha kunlarning birida Xudoyimning o‘zi meni keksa Richerga duch qildi. U mening tovuqday hamma yoqqa sochib, betartib axlat titishimni ko‘rib, jahli chiqdi. Keksa Richer menga bu “soha”ning ham o‘ziga xos sirlari borligini aytib, qaysi xaltani ochishni-yu, qaysilariga umuman tegmaslikni, bu befoyda ekanligini o‘rgatdi. Uysizligimni bilib, kulbasidan joy berdi. Keksa Richerning na xotini, na bolalari bor edi. Ichkilik tufayli yaqinlari uni tashlab ketishgan. U tuni bilan ichar, ho‘ngrab yig‘lardi. Ammo tongda tetik turar, hech nima bo‘lmaganday men bilan birga “ishga” otlanardi. Biz kun bo‘yi axlat idishlarni titib, kechasi ancha-muncha “boyib” kulbaga qaytardik. Ammo tonglarning birida keksa Richer uyg‘onmadi. Qabr toshiga o‘zi vasiyat qilgan: “Keksa Richer sizlarni juda yaxshi ko‘radi” – degan so‘zlarni yozdirib qo‘ydim. Keksa Rechir qachonlardir xotini yo farzandlari uni axtarib kelishiga ishonardi.
Shundan so‘ng bor pullarimni yig‘ib, keksa Richerdan meros qolgan kulbani ham sotib, o‘z savdo ishlarimni boshladim. Ammo raqobatchilar meni “yanchib” tashlashdi. Olti oy o‘tmasdan bankrot bo‘ldim, bu ham yetmaganday, ham uysiz, ham bir chaqasiz qoldim. Biroq xorlik ustun kelgan kunlarda ham orzularimni o‘ldirmadim, ularni asrab-avayladim, kurashdim. Otam bu payt Oyshalarning Istanbuldagi uyiga ko‘chib bordi.
Keyinchalik ochgan tsexim hali bir yoshga to‘lmasidan bankrotga uchradi. Banklar qarzini so‘rab qo‘ymasdi. Men eski ishimning azasini tutmay, yangi ish boshlar, biri bo‘lmasa, biri meni boy qilishiga ishonardim. Eng oxiri, reklama qog‘ozlar ishlab chiqaradigan kichkina tipografiya ochdim. U ham besh oydan so‘ng kasodga uchradi. Men xatolarim ustida qattiq ishladim. O‘qigan kitoblarimdan olgan xulosalarimni amalda qo‘lladim.
Men yana reklama qog‘ozlari bilan shug‘ullana boshladim. Asta-sekin mijozlarim soni ortib bordi. Men esa tunu kun mehnat qilar, ishxonada uxlab, shu yerda tamaddi qilardim. Va nihoyat, men birinchi marta o‘zimning korxonam uchun ishchi yolladim – ular Hindiston va Xitoydan kelgan talaba yigitlar edi. Biz uchalamiz tinmay mehnat qilib, haftasiga 50 dollar oladigan ishimizni, haftasiga 50 ming dollar oladigan katta firmaga aylantirdik.
Biz birinchilardan bo‘lib, bozor televideniyasini rivojlantirishga harakat qildik va buning uchun katta kredit olib, ish boshladik. Bu “TV–bozor” menga kutilmaganda ulkan boylikni, qudratni olib keldi. Ammo shunda ham men hali maqsadimga yetmaganimni bilardim. Biz dvigatellar ishlab chaqirishni boshladik va tez orada dunyo bozoriga chiqib bordik. Ikkinchi yildanoq jahon bozorida bizning dvigatellarga talab oshib, 20 dan ortiq mamlakat bilan shartnoma imzolashga erishdik. Bu bitimlarni tuzib, Floridadagi villamga qaytgan kunim onam Buxorodan olib kelgan taroqqa qarab o‘kirib-o‘kirib yig‘laganman.
U paytga kelib turk xotinim menga to‘rt nafar o‘g‘il tuhfa qilgandi. Otam nevaralari bag‘rida, yaxshi kunlarimni ko‘rib bandalikni bajo keltirdi. Bolalarim o‘zbekcha, turkcha bilishadi, ammo inglizcha yozishadi, gaplashishadi… Men esa… Men…

* * *

Mana, necha yillar o‘tib, nihoyat, qartayib-churtaygan paytimda Buxoroga – ota vatanimga keldim! 90 yil o‘tib…
Ey Buxoro!!! Mana, men! Mana, men!
Sening o‘g‘ling, farzanding, 90 yil o‘tib bag‘ringga keldi!
Nega shu paytgacha qaytmadim? Oliy orzuyimni, onamning, otamning armonini nega shu paytgacha bajarmadim? Nimaga? Xayolimdagi, orzuyimdagi, o‘sha bulutlar orasidagi go‘zal, mo‘jizali Buxoroni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqdimmi?!
Bilasizmi, kelish tugul, men xaritadan O‘zbekistonga qarashga ham qo‘rqardim! O‘ylarim sarob bo‘lib chiqishidan qo‘rqardim, Buxoro yo‘q bo‘lib chiqishidan qo‘rqardim. Eh… Bu yerga kelib akamni, onamni topolmaslikdan qo‘rqardim! Axir, ular men uchun shu mahalgacha Buxoroda edilar, Buxoroda…
Ey Buxoro! Bundan 90 yil avval quvg‘in qilingan o‘g‘ling keldi… Millionlab surgun qilingan farzandlaringdan bir vakil bo‘lib keldi… Ochlikdan, quvg‘inlikdan, tutqunlikdan, xorlikdan, zo‘rliklardan o‘lib ketmagan, bariga chidagan bolang keldi. U tirik!
Vatan nimaligini bilmay ketgan chaqaloq, onasi, akasi, o‘tmishi, vatanini qidirib keldi. Ey otayurt, bilasanmi, qanchadan-qancha odamlar senga yetolmay, seni bir bora ko‘rishga zor bo‘lib, bevatan, bekafan o‘lib ketdilar. Ular bir bora Vatanning musaffo havosini sipqarish uchun, bir marta ko‘hna g‘ishtlaringni silash uchun jonlarini berishga ham tayyor edilar.
Xudo ularga qanchako‘z yosh bergan bo‘lsa, sen uchun to‘kishdi, qancha so‘z bergan bo‘lsa, seni duo qilishdi. Ey Vatan, Vatan, sen ularni unutmadingmi? Meni taniyapsanmi?!
Mening ikki kunim bor. Bir yilning faqat ikki kunida menga hech kim ish haqida gapirmaydi, chunki shu kunlarda men bayram qilaman! O‘sha kunlari mening uyim oldida beva-bechoralar uchun ehson beriladi. Xayriya aktsiyalari o‘tkaziladi, millionlab pullarni ular uchun sarf aylayman. Har yili shu ikki kun kelishini kutib yashayman. Bu kunlarning biri – 24 iyul. O‘sha kuni mening «Moviy ko‘zli burgutlar» deb nomlangan dvigatel zavodim ishga tushgan va men bu kunni azoblarim arigan, irodam g‘alaba qilgan, akam, onam, otam va singlimning orzulari ushalgan kun sifatida nishonlayman.
Ikkinchi kunim– 2 iyun! Nyu-York osmonida, BMT binosi oldida ozod va hur O‘zbekiston bayrog‘i hilpiragan kun!
O‘sha kuni men «Moviy ko‘zli burgutlar» zavodimning filialini Yaponiyada ochish uchun bitim imzolashga ketayotgandim. BMT qarorgohi yonidan o‘tayotib ko‘zim Unga tushdiyu qotib qoldim. Ko‘zlarimdan yosh otilib chiqib ketdi. Pokistonlik sherigim hayron bo‘lib nimalar deganini eslolmayman… U yo‘lning o‘rtasida tushib, qayerga ketib qolganimni ham bilmay qoldi. O‘sha kuni BMT osmonida bir ulkan, yorug‘ , nurli hislarga to‘la xalqimni ko‘rdim. Men o‘zbekcha gapirgancha, tiz cho‘kib yig‘lar, o‘tkinchilarning turtishlariyu yelkamga tasalli uchun qo‘l cho‘zishlariga parvo qilmas, onamga o‘xshab o‘kirib-o‘kirib, yelkalarim uchib-uchib, baqirib-baqirib, siltanib-siltanib yig‘lardim. Shuncha yillik musofirligim, onam, akam, millionlab surgunga uchragan xalqim vakillari uchun yig‘lardim.
Bayroq tepada edi, osmonda edi, ammo u shunchalik menga yaqin ediki, uning mayin tolalari yuzimni silar, ko‘zyoshimni artardi… Eh Vatanim!
Bu Vatan bayrog‘i edi..
Men vatanimning nafasini tuyganday, Buxoroni quchganday bo‘ldim…
Otajon, Floridadagi siz yotgan qabrning tuprog‘idan olib kelib Buxoro uzra sochyapman. Bu tuproq ota-bobolaringiz tuprog‘i bilan qovushadi. Baxtiyormisiz, ota? Mana, vatanning tuprog‘iga, changlariga–ajdodlar xokiga, shamollarga qo‘shilib uching! Minoralar ustidagi laylaklar bilan birga parvoz qiling, Otajon!
Ona, men bekorga shuncha vaqt kutgan ekanman. Ertaroq bu yerga kelsam, bu tuproqni quchsam bo‘larkan… Sizning Buxoroga ketganingizni bilardim-u, u yerdan topolmasam nima qilaman deb o‘ylardim. U yerga borsam, bolalikdagi beg‘ubor tasavvurlarim to‘zg‘ib ketishidan, shubhalar orasida qolib ketishidan qo‘rqardim. Bekor qilgan ekanman! Nega buncha kutdim?
Buxoroda ekan hamma-hammasi… Barchasi menga, bolalarim, nevaralarimga o‘xsharkan – yuz-ko‘zi, qoshu ko‘zi… Bolalarim…
Onajon, akajon, Buxoro minorasiga chiqib, siz yotgan Afg‘oniston tarafga qarab turibman… Tinch yotibsizmi? Endi xursandmisiz?
Mana, orzularingiz ushaldi, 90 yil o‘tib bo‘lsa ham! Orzular o‘lmaydi, o‘lmaydi… Daryolar oqishdan tinmaganidek, shamollar, nurlar, gullar, bahorlar mangu yashnaganiday chin orzular ham o‘lmaydi, onajon! Osmondan goh qor, goh yomg‘ir yog‘averganiday, oy-yulduzlar mangu boqaverganday, qishda uchib ketgan qushlar, bahorda qaytganday men ham qaytdim, qaytdim!!!
Dunyoda nima ko‘p – zulm ko‘p, balo ko‘p, jazo ko‘p! Ammo begunoh insoni majburlab, o‘zi tug‘ilgan joyidan, o‘zining elidan, o‘zining nonidan, o‘zining suvidan, o‘zining daraxtlaridan, o‘zining daryolaridan, o‘zining mozoridan, o‘zining mehrobidan, o‘zining osmonidan ayirish, judo qilish dunyodagi eng katta gunoh, dahshat va shafqatsizlarcha qilingan vahshiylikdir!

* * *

Sizni topdim, ona! Bozorda ko‘rdim! Do‘ppi sotayotgan ekansiz! O‘xshatdimmi dedim, yo‘q, quyib quygan o‘zingiz… Keyin qishloqlarda ham ko‘rdim! Buxoroda bir emas, ko‘p ekansiz, Onajon! Ha, aniq siz!
Akamni ham ko‘rdim! Ayniqsa, novvoy yigit akamga Hasan Husaniga o‘xshaganday o‘xshaydi. Qoyil!
Lekin aldagan ekansiz, ona, aldagan ekansiz! Buxoro qanday joy deganimda: «Yig‘lamaydigan joy» degandingiz… Men kelganimdan beri yig‘layapman… Sizni ko‘rib, akamni ko‘rib, Buxoroni ko‘rib…
Mana, men keldim, Buxoro!!! 90 yil o‘tib…