U nihoyat oradan shuncha yil o‘tib qalbiga yana bostirib kirib keldi…
Xonasida muk tushib, boshini qog‘ozdan uzmay ishlab o‘tirgan Orziqul eshigi ohista taqillab, sekin ochilganini, undan tim qora sochli chehra qarab turganini ham payqamadi. O‘qiyotganidan ko‘zini uzmadi. Kelmish qorasoch uzun-uzun barmog‘i bilan eshikni yana muloyimgina chertdi. Shundagina boshini ko‘tarib, bir zum angrayib qoldi… va o‘rnidan turib ketdi.
– Ie, Umida?! – dedi ovozi titrab.
Kelmish qorasoch chehrasi yorishib, ming bir jilva bilan ichkariga qadam bosdi.
Orziqul bir qadam yurib, to‘xtadi. Tiliga gap kelmay, na salomlashishni, na jim turishni bilib, qoqqan qoziqday turib qoldi. Umida undan ham beshbattar qizarib ketdi. O‘rtadagi necha yillik ayriliq, sog‘inch hissi shu damda ikkisiga ham og‘ir daqiqalarni tuhfa qilgan edi. Orziqulning ahvolini ko‘rgan qorasoch nozikkina qo‘lini cho‘zdi va:
– Salom!.. – dedi.
Orziqul uning qo‘lini tutar ekan, yuragi ko‘pirib, entikib ketdi… Issiq qo‘l… Qaynoq taftni tuydi. Ular qo‘lni qo‘lga berib, ko‘zlariga termilishib, bir nafas tek qotib qoldilar. Dardmand ko‘zlargina tilga kirdi:
“Seni ko‘rar kun bor ekan-ku, Umida?!”
“Bor… Mana, keldim-ku! Firmangizga ish bilan kelgandim, shu yerdaligingizni hozir bilib qoldim… O‘zingiz-chi, o‘zingiz, bir yo‘qlamadingiz ham…”
“Axir…”
“Nima qipti? Hech bo‘lmasa, yilda bir martagina… ana, dugonam Sarvinoz orqali bo‘lsayam, yo‘qlasangiz bo‘lardi-ku…”
“Bo‘lardi-yu…”
“Erga tegdi, bo‘ldi endi, deb o‘ylagansiz-da? Qo‘rqoqvo-ey…”
“Qo‘y, endi, Umida, mening ham ko‘nglimni yaralama…”
“Haliyam xafamisiz?”
“…”
Ikkisi ham o‘tirishdi. Orziqul tikilib qoldi. Umida hech o‘zgarmabdi. O‘sha-o‘sha ko‘zlar, bir paytlar qo‘llari silaganda yarqirab ketadigan manglayi, titrab turadigan labi, oppoq kulchadek yuzi…
Orziqul oh tortib yuborganini bilmay qoldi. Bir paytlar har ko‘rganda qancha entiksa, hozirgi entikishi ming chandon ziyod, ehtimolki, yurakning tasavvur qilish mushkul bo‘lgan tubidan chiqqandi. Umida buni sezdi, iymanib, ko‘zini olib qochdi. Termilguvchi ko‘z esa iyigandan iyib ketdi. Bir vaqtlardagidek uning qo‘lini kaftida tutgisi, sochlarini silagisi, mehrga to‘la ko‘zlariga termilib, o‘zni unutgisi keldi. Ammo buning imkoni allaqachonlar qo‘ldan boy berilgan… Ikkisi ham ayro o‘zan bo‘ylab oqib ketgan suv edi.
Orziqulning yuragini ana shu adoqsiz armon kemirardi. O‘shanda… Yo‘q, u o‘ylaganday bo‘lmagandi. Dunyoni g‘aflat bosganda, inson ko‘zini hirsu havo qoplaganda gul bulbulga zor bo‘ldi, yorug‘likda parvonadan darak ham yo‘q edi. Qalbda bemisl tashnalik ildiz otdi.
O‘sha mash’um kunda qo‘liga bir parcha qog‘oz yetib keldi. Gangib qolgan Orziqul bu yog‘iga yashash abas ekanini anglaganday bo‘ldi. Abgor qiyofasidan o‘zini davralarda ortiqcha sezadigan bo‘lib qoldi. Dunyoga sig‘may ketdi. Majnunning ahvoli hammaga ma’lum edi. O‘ylaganidek, o‘tayotgan vaqt bunday odam uchun o‘limdan og‘ir. To‘g‘ri-da, odam oilasida, o‘zini o‘zi begona sezsa, nima bo‘ladi? O‘ladi! Tiriklay tamom bo‘ladi. Qiyofasi, tan-joni bo‘ladi-yu, ruhan o‘ladi. Shakl bor, ma’ni yo‘q.
U har soniya o‘ylardi: mahzun bir kuy taralsa, sekin-sekin avjiga ko‘tarilsa, nolaning isi kelsa. Otangni eslasang, onangni yod olsang, aka-uka, opa-singillaringni bir-bir ko‘z oldingdan o‘tkazsang. So‘ng… so‘ng ko‘zlaringdan oqayotgan vido yoshlarini artsang. Ortingda qolayotgan odamlar bilan bir-bir xayr-xo‘sh qilsang. Foyibona vidolashsang…
Mahzun kuy davom etsa…
Qaytib ko‘rishmaydigan bo‘lib vidolashsang. O‘y-xayollaring, orzu-umidlaring bilan ma’zurlashsang.
…Orziqul boshini bir ko‘tardi-yu, jiqqa ho‘l bo‘lgan bolishni aylantirib, teskari qildi-da, zilday boshini qo‘ydi. Yotib-yotib ko‘rgani ne bo‘ldi?
…Tushida o‘lib ko‘rdi. Jonsiz tanasini… o‘zi ushlab ko‘rdi! Hayron bo‘lib, o‘zini turtdi. Qimirlamadi. Xuddi birovning o‘ligini qo‘shqo‘llaganday, seskanib ketdi. Murdasi qotib yotaverdi…
“Demak, rostdan ham o‘libman…” – deya xayol qildi. Keyin nariroq borib, havoda muallaq turgancha, kuzata boshladi.
Ana, tanasi yotgan xonaga bexosdan onasi kirdi, kela solib, o‘zini tashladi. Jasadini quchoqlab, ko‘kragini mushtlab, uvvos tortib yig‘ladi. Onasini ovutaman deb, otasi cho‘kkaladi-yu, bo‘zlab qo‘yaverdi. Rangpar ukasi ko‘zidan otilib chiqayotgan yoshlarni arta-arta ostonaga yaqinlashdi. Singlisi ichidan kuydi.
Bu yig‘i Orziqulni qayta o‘ldirdi…
Shu onda ochiq derazadan esib turgan mayingina shabada pardalarni bir zaylda hilpirata boshladi. Bahoriy havo… Daf’atan qulog‘iga chalingan kuy chala uyqudagi Orziqulning dilini o‘rtab yubordi. Bu kuyda nedir bir sinoat, qay bir qizning hazin qo‘shig‘i, o‘sha xotiridan ketmas dildorning nolalari, ohlari bordek edi. Bir paytlari shivirlagan qalb sirlari bor edi…
Orziqul uzala tushib yotgancha, bugun, qaysidir qishloqda o‘tayotgan qandaydir bir to‘y mahali, ana shu sirlarni bir umr qanday qilib yuragida saqlab yurish mumkinligini o‘yladi-yu, eti muzlab ketdi, Yaratganning bir kuni buncha uzun bo‘lmasa…
Orziqul ko‘p do‘stlarining to‘yini ko‘rdi. Shod-shodon juftliklarni uchratdi. Havasi ketib, ne-ne orzular qildi. Umida bilan yonma-yon, birga yashashni tasavvur qilib yurdi, o‘g‘il-qizlari bo‘lishini niyat etdi. Ba’zan shu o‘ylaridan o‘zi uyalib ketar, kiprigida avaylab yurgan Umidasini hatto o‘zining telba xayollaridan ham qizg‘anardi. Bu qizg‘anishda Orziqulning butun olami, ihotalangan ko‘ngil talablari bor edi. U qizni faqat va faqat o‘ziniki deb tasavvur etardi.
Qizgina buni sezar, sezgan sari tag‘in ham ochilib ketganday bo‘lar, xushro‘ylashib, Orziqulning ko‘nglini butkul asir etardi. Kursdoshlari oshiq-ma’shuqni zimdan kuzatishar, ko‘pining dili g‘ashlanib, ochiqcha hasad ham qilishardi. Ayrim dugonalar Umidani yo‘ldan urish ilinjida ko‘p bor qutqu solib ko‘rdi. U aqlli qiz edi, parvo qilmadi.
Orziqul ayni damda o‘sha chog‘larni eslarkan, yuragining bir cheti jizilladi. Qarshisida o‘tirmish juvonning dam yanoqlariga, dam peshonasiga termilaverdi. Bu yarqirab turgan yuz o‘t bo‘lib kuydirdi.
– Bir-birimizga angrayib o‘tiraveramizmi endi, – deya jilmaydi juvon noqulay vaziyatdan chiqish niyatida. – Yangiliklardan gapiring? Nima gaplar bor olamda?
Orziqulning shiringina xayoli buzildi, talmovsirab, nima deyarini bilmay qosh chimirib qo‘ydi.
– Bilmasam, – dedi. – Yaxshi gaplashib o‘tiribmiz-ku?
Bu javobda hech bir ma’ni yo‘qligini, gaplashish tugul durustroq salomlashmasdan ham olis xotiralarga berilib o‘tirganini anglab, qo‘shib qo‘ydi:
– Hammayoq tinch… Choy quyib beraymi?
– Ixtiyoringiz…
“Uh!..” – dedi ichida Orziqul. “Ixtiyoringiz!” Umida shu so‘z bilan Orziqulning jonini olardi. Sezishicha, bu so‘zni faqatgina Orziqulga aytardi. Telba oshiq bora-bora bundagi bir maxfiy ma’nini angladi: ma’shuqasining butun borlig‘ini bag‘ishlashga tayyorligini ifodalovchi bu so‘zning mag‘zini chaqib, eshitgani hamon ko‘ngli o‘n quloch o‘sar, yuragi to‘lib-toshib ketar, arzirli bir javob izlar, lekin doim sukutdan o‘zga chora topolmas, ko‘ziga tikilgancha haykalday qotib qolar; tikilganda ham uning ko‘zida o‘zining suratini ko‘rib, ahvolidan xijolat tortar, biroq, hech bir kuch kiprik qoqishdan tiyolmas edi. Lekin Orziqul hozirgacha bir savolga javob topolmaydi: nega o‘sha paytlar qaysi qizni uchratmasin, darrov Umidaga taqqoslab ko‘rdi, ularning hech biridan Umidada bor bo‘lgan nenidir topolmadi…
Umida ham o‘zi kabi ko‘ngil quli edi. U ham Orziqulga qanday bog‘lanib qolganini aniq eslayolgan emas. Vaqt o‘tib, qarasaki, usiz turolmaydigan, bir soniya xayolidan o‘tkazmasa, yuragida kemtiklik sezadigan bo‘lib qoldi. Keyingi paytlar hatto nimagaki qo‘l ursa, go‘yo Orziqul unga qaydandir qarab turganday tuyular, tushida ham, hushida ham ko‘z qiri bilan boqib, sog‘inchini yashirolmayotgan telba kabi es-xayolida gavdalanar, o‘zi esa har narsani uning qarichi bilan baholayotganday bo‘laverardi. Bu g‘alati tuyg‘u oldida o‘zini ojiz sezib, boshqarolmaydigan darajaga yetayotganini his qilsa-da, ajabki, bundan ko‘nglida suyunar, jindekkina g‘ururni ham tuyardi… Axir, kimsan, har ishda o‘z aytganini qiladigan telba-qaysar, bir so‘zli, qat’iyat bobida marraga birinchi yetadigan Orziquldek yigit uning oldida doim hayajonda turardi… Mana, hozir ham, choy quyib beryapti hamki, barmoqlari qaltirab, shu soxt-sumbati bilan hayajonini bosolmayapti.
– Nima yangiliklar bor, Umida? – dedi Orziqul hech gap topolmay. – Qayerlarda… yashayapsiz?..
– Qayerda bo‘lardi… qo‘shni tumanga tushganman-ku, – dedi Umida.
Keyin Orziqulning ko‘ziga sinovchan tikildi:
– Nima, bilmasmidingiz?
– Yo‘q! – dedi Orziqul.
Aslida bilar edi, shu topda aytishga ko‘ngli yor bermadi. “Bilgim ham kelgani yo‘q”, deb yuborishiga bir bahya qoldi-yu, tilini tiydi.
– Eshitgansiz, deb yuruvdim…
Bir muddat jim qolishdi. Ikkisi ham piyoladagi choyga tikilib, gapirishga jazm etolmadi. Orziqul Umidaning barmog‘idagi nikoh uzugiga ko‘zi tushdi-yu, chap ko‘ksida jizilloq turdi. Umida ta’qib qilayotgan nigohni sezdi shekilli, qo‘lini qo‘liga chatishtirib, uzugini ko‘zdan pana qilib oldi va:
– O‘zingiz-chi? – dedi. – Uyingizdagi…lar yaxshi yurishibdimi?
Orziqul yarq etib qaradi. Savoldagi alohida ta’kid nash’a qilib ketdi. Dangaliga tili bormaganini o‘zicha tushundi va istehzoli kuldi:
– Ha, otam ham, onam ham yaxshi yuribdilar!
Umida pichingga qanoat qilmadi.
– Hm, bolalaringizning… onasi-chi?.. – deya o‘smoqchiladi.
– Uyam bardam, – cho‘rt kesdi Orziqul gap yo‘nalishi necha yillardan beri kutilayotgan tomonga o‘zgarayotganidan tashvishlanib.
– Yaxshi-i-i. Chiroylimi… u kishi?
– Ha…
– Mendan hammi?
Orziqul bunday nozik savolga nima deb javob berishni bilmas edi, shu bois kalovlanib qoldi. Umidaning fe’li unga ma’lum edi-yu, bu kabi anchayin jiddiy, sirli va xiyla nozik savolni kutmagan edi. Shuning uchun chorasizlikdan azalgiday hazil aralashtirdi:
– Tirik mavjudot ichida chiroyda sizdan o‘tadiganini uchratmadim hali….
Umida bu ojizgina iltifot va ayni paytda “mavjudot” so‘ziga yashiringan allaqanday jonivorlar “go‘zalligi”ga sha’mali so‘z o‘yini ortidan nima deyilayotganini darrov angladi va shu zahoti alam otiga qamchi bosdi:
– Siz doim jur’atsiz bo‘lgansiz…
O, hammasi tamom! Orziqulning jon joyidan oldi! Nihoyat, o‘qlangan to‘pponcha otildi! Nazarida Umida shuncha yildan beri o‘ylab-o‘ylab, ming bir xulosalar orasidan chiqargan o‘ta tig‘li so‘ngso‘z edi bu go‘yo. Hozir bu tig‘ Orziqulning shundoq ham shalvirab qolgan yuragini tirnab-tirnab o‘tganday bo‘ldi. Kuydirguvchi olovga o‘zini urib nobud qilgan parvona kabi taslim bo‘lishdan o‘zga iloji yo‘q edi, lekin bo‘sh kelish ham yarashmas edi.
– Gap jur’atda edimi, Umida? – dedi yonib. – Otangizning talabi-chi? U talabni eshitgan har qanday yigit yo‘lini shartta ters solib ketardi. Haliyam men…
– Nima, siz?
– Haliyam men jimgina, indamay qo‘yganman…
– Iya! Bu oddiygina sinov edi-ku… – dedi Umida mehr bilan Orziqulning ko‘zlariga tikilib. – Aslida otam unday demagan, men o‘zim sizni sinab ko‘rish uchun o‘ylab topgandim.
– Nima?!
– Shunday…
Orziqul ustidan bir chelak sovuq suv quyganday bo‘ldi. Umidaga qahr to‘la ko‘z bilan qaradi: “Nahotki… nahotki, shunday bo‘lgan, Umida? Nega bunday qilganding? Nima uchun yo‘limiz ayri tushayotganda ham buni aytmading? Nega? Axir sen…”
Tizginsiz savollar quyilib kelaverdi. Orziqul qo‘lini asabiy musht qilib tugdi.
– Ko‘p muhokama qilingan muhabbat barbod bo‘lishi rost ekan… – dedi keyin alam bilan. – Demak…
– Nima qilishim kerak edi? Hech qanday muammo yo‘q joyda o‘zingiz… xayr-xo‘sh ham demasdan… Yigit kishiyam arazlaydimi?
– Men arazlamaganman!
– Unda nega sovchi ham yubormagan edingiz?
– Mening o‘rnimda bo‘lganingizda…
– …dadilroq bo‘lardim!
Orziqul Umidani taniyolmay qoldi. O‘zi u nima demoqchi? Nega o‘tmishda qolib ketgan, har esga tushganda yuragini azoblaydigan gaplarni qo‘zg‘ayapti? Maqsadi nima o‘zi? Axir…
– Umida, qo‘ying endi shu gaplarni, – dedi parishonxotirlik bilan. – Er yigit har kuni o‘zgarib, buqalamunday tuslanmaydi… Men hech qachon aytgan gapimdan qaytmaganman. Otangiz o‘zi va’da qilganiga berib, orzusiga yetgan bo‘lsa, bo‘ldi-da. Qo‘ygan talabiga erman degani rozi bo‘lmas edi-yov…
Umida, bunday kutilmagan keskin va keskir pichingga tayinli javobi yo‘q edi chog‘i, indamadi. Shu gap adog‘ida suhbat ham uzildi. Hammasi ravshan edi. Umida qo‘zg‘aldi. Og‘ir tin oldi. Eshikka yo‘nalayotib, so‘nggi bor qaradi…
“Mayli, qo‘yaver, Umida, ayb ikkovimizdan ham o‘tgan-da…”
“Men chorasiz edim… Axir siz bir og‘iz ham “Seni sevaman” deya olmagansiz-ku!”
“Men… aytmasdan sevardim, Umida!”
“Sovchi ham…”
“Taqdir ekan-da, Umida, nimayam qilardik… Xo‘sh, o‘zing omonmisan? Hayoting tinchmi?”
“Nolisam bo‘lmas, shukr. Tinch yashayapman”.
“Baxtingni… topdingmi?”
“Hm… O‘zingiz-chi?”
“Men ham…”
“Xo‘jayinim yaxshi odam. Ba’zan o‘zimning erkaligim, tantiqligim, juda xudbinligim bilan u kishiga ko‘p jabr yetkazib, xafa qilib qo‘ymayapmanmi deb o‘ylab qolaman. Lekin u odam meni judayam izzat qiladi. Hamma erkaligimni ko‘taradi. Sizniki-chi? Ayolingiz?..”
“Bilasan-ku, men ham juda injiqman. Ammo ayolim fe’limdan nolimaydi. Hurmat qiladi…”
“Bolalaringiz-chi? Kimga o‘xshaydi?”
“O‘zimga… Kattasi onasiga… Sening bolalaring-chi?”
“Menikining uchovi ham dadasiga tortgan… Quyib qo‘ygandek…”
“Shukr… Baxtiyor ekansan…”
“Ha, men ham sizning baxtingizdan xursandman…”
Ming yillik ayriliqdan keyingi bu birinchi, ehtimolki, so‘nggi uchrashuvda nigohlar shu zaylda beomon so‘zlashdi. Bir-biriga qorishib omonlashdi. Biroq bu nigohlar bir-birini aldayotganini ikkisi ham aniq sezib turar edi…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 4-son