Yo yetarman maqsadimning cho‘qqisiga oxiri…
Ibn Sino
Men hayotda hali ham shunday odamlar borligini birovdan eshitganimda, ishonmas edim. O‘zim ko‘rib, gaplarini qulog‘im bilan eshitgach, bandasi fe’li, a’moli, qat’iyatiyu birso‘zligiga umr bo‘yi sobit tura olishiga ishonch hosil qildim.
Undagi yovvoyi bir viqor, mag‘rurlik nishonalari oddiy odam qavmidan emasligini ko‘rsatib turar edi…
* * *
– Hozirgina odam jo‘natdim, Muqim tog‘a keladi, – dedi Bahodir do‘stimiz jilmayib. – Buva zo‘r mergan. Ellik yil ovchilik qilgan. Bu tog‘u toshlar orasida u bilmaydigan kamar, u suv ichmagan buloq, uning qadami yetmagan g‘or qolmagan.
Biz besh og‘ayni shoir do‘stimiz Bahodir Bahromning uyiga, Qashqadaryoning Kitob tog‘lari bag‘ridagi Palangdaraga mehmonga borib bir suyungan bo‘lsak, anchadan beri suhbatini olamiz deb yurganimiz Muqim ovchi bilan gurunglashish niyatimiz ushalganidan ikki quvondik.
Palangdara – gir atrofi tog‘u tosh, soyu buloqqa makon, xushmanzara qishloqlardan biri ekan. Do‘ngliklaru tog‘ etaklarida, qiyaliklarda betartib joylashgan hovlilarda ajib bir tartibot ham borki, uni aytmaslikning iloji yo‘q. Uylar tog‘ sharoitiga xos, tabiat injiqliklariga mos bunyod bo‘lgan. Daryo quturadimi, sel keladimi, soy toshadimi, qor ko‘chadimi – bu uylarga zaxa yetkazolmaydi.
Sezganim shu: palangdaraliklar anchayin orkash xalq, qoni qaynoq el ekan. Mardligi bo‘yidan baland keladi. Axir, Jinnidaryodan suv ichgan el mard bo‘lmay, kim mard bo‘lsin.
Hayal o‘tmay, darvoza taqilladi. Bahodir tashqariladi. Uning ortidan qoruvli bir kishi kirib keldi.
– Muqim tog‘a shu kishi bo‘ladilar, – dedi Bahodir bizni tanishtirib.
Tog‘a bilan salom-alik qildik. Qattiq siqib ko‘rishar ekan, qo‘limiz xuddi sher panjasi bilan pashsha tutganday, u kishining kaftiga singib ketdi. Muqim tog‘a deganlari yetmishga chiqqan odamga sira o‘xshamaydi. Har bilagi, lof bo‘lsayam, yetti yashar terak tanasiday, ikki yelkasida ikki odam o‘tiruviga joy chiqadi, bir poy kavushiga ikki oyog‘ingizni tiqsangiz ham pichasi bo‘sh qoladi, qisqasi, devning chala tug‘ilgan bolasiga kelbat beradigan zot.
Oliftalik qursin, o‘sha yerdayam ijodu adabiyotdan bahslashib ketdikmi, Muqim tog‘a avval-boshida biroz begonasirab o‘tirdi. Biz ham ko‘p-da gap qo‘sha olmadik. Kimdir tog‘liklar haqida so‘z qotdi-yu, tog‘aga til bitdi. U kishi bilan quyuq tanishib, bir piyola choy ichgach, tushga yaqin dam olish tadorigini ko‘ra boshladik.
Gilam-to‘shak, qozon-tovoqni o‘rab, tuz-na’makni tugib, mashinaga yukladik. Yo‘lda bir qassobdan lahm go‘sht oldik.
Palangdaradan chiqib, tog‘ bag‘irlariyu do‘ngliklar osha chayqalib-chayqalib ketyapmiz.
Oldimizdan ayqirib oqayotgan bir daryo chiqdi.
– Jinnidaryomiz shu, – dedi Muqim ovchi.
Bizga tekkan kasallik – nom ma’nosini bilish istagi qo‘zib qoladi.
– Otidan ma’lum-ku, – deya kuldi ovchi. – Siz bu yerlarga bahorda bir keling, bilib olasiz. G‘irt tentakday quturadi bu.
Daryo ustiga qurilgan omonatgina ko‘prikdan o‘tdik. Biz borgan yozning chillasida suv kamaygan, keng-mo‘l soy hosil qilib oqayotgan daryo sokinlikka cho‘mgan edi.
Shu zaylda mashinamiz chiranib-chiranib, toqqa o‘rmalamoqda edi. Oldimizdan bir irmoq chiqdi. Ulovimiz bazo‘r o‘tdi. So‘ng o‘tloqzor keldi. O‘t-xashak tizza bo‘yiga keladi, mashina zo‘r berib oldinga intiladi, biroq motorning guvillagani qoladi: tog‘ etagidagi tik qiyalik boshlandi. Shunda haydovchi tushib turishimizni buyurdi. Hammamiz tushib, mashina ortidan itardik. Qiyalikdan o‘tib olguncha, o‘pkamiz og‘zimizga tiqilib, hansirab qoldik. Biroz yurgach, endi oldimizdan suv ham ko‘ndalangiga chuqurlik keldi.
– Bo‘ldi, – dedi Muqim tog‘a. – U yog‘iga ulov borolmaydi. O‘zimiz ketamiz. Qani, mehmonlar, ko‘ch-ko‘ronimizni olib, yayov yuramiz endi.
– Boradigan joyimiz qayoqda o‘zi? – deb yubordik beixtiyor.
Tog‘a:
– Huv anavi qoyalar tagida zo‘r bir joy bor. Soy bo‘yi.
U ko‘rsatgan tomonga qarab, hovliqib qoldik. Eh-he! Yaqin ko‘ringani bilan bu toshlaru suv oralab, kamiga shuncha ashqol-dashqolni ko‘tarib borishni ayting. Kimdir ko‘rpachalarni qo‘ltiqlagan bo‘lsa, boshqamiz qozonu idishlar o‘ralgan dasturxonni ko‘tardik, yana birimiz ichimliklarni avaylab yelkaga ortdik. Muqim tog‘a yo‘l boshladi. Beshovlon turtinib-surtinib, ortidan ergashdik.
Top-toza, yengil havodan simirib-simirib ichgisi keladi odamning.
“Heh-he-he! Biz keldik!” deya ayqirsangiz yana. Biroq buning uchun avval manzilga yetmoq kerak.
– Jadallashinglar-ey, azamatlar! – deydi Muqim tog‘a niyatimizni payqaganday. – Ozgina qoldi. U yog‘iga maza qilasizlar!
Beshovlon chamasi bir kilometrcha yurib, sillamiz quridi. Qo‘limizdagi narsalar tushib ketay-tushib ketay deyapti. Muqim tog‘a holimizga boqib, kuldi:
– Tog‘ning narigi tarafiga borsak bo‘lar ekan o‘zi, a, nima deysizlar?
– Shu yerlar ham bo‘laveradi bizga, – deymiz kulishib.
Ko‘z ochib yumguncha Muqim tog‘a ildamlab ketdi. Biznikidan og‘irroq yuk bilan oldinda, tin olmay, xuddi kuchga to‘lgan o‘n sakkiz yashar yigitday chaqqon harakat qilishini ko‘rib, bekorga yarim asr tog‘ma-tog‘ ov qilib yurmaganini tushundik va unga juda havasimiz keldi.
Birozdan so‘ng u kishiga yetib oldik. U tog‘ bag‘ri bo‘ylab o‘tgan kichikroq bir ariq oldida kutib turgan ekan.
– Ariqning o‘ng tomonidan yuramiz, – dedi u.
Qarasak, u aytgan tomon yurishga juda noqulay, tor, tik jarlikni yalab o‘tgan ilonizi yolg‘izoyoq yo‘l. Qaytanga, ariqning chap tarafi kenggina, bemalol yursa bo‘lar ekan. Chol tushmagur suvdan o‘tishga erindi-yov deb o‘ylab, bir sakrab ariqning nariga tomoniga o‘tib oldim. Ortimdan yana bir sherigimiz hatladi. Qolganlar esa tog‘aga ergashdi.
Yuz metrcha yurgach, tog‘ani tushundik: biz yurgan yo‘l bora-bora nihoyatda torayib, yo‘qolar ekan… Qiya, qirrali harsangtoshlar boshlanib, oyoq bosishga joy qolmadi va toyib-toyib ikkimiz ham ariqqa yiqildik. Ustimiz shalobbo bo‘ldi. Jazirama bo‘lsa-da, muzdek suv badanni teshib o‘tay deydi. Birpas shu suvda tursangiz, tishingiz takillab, badaningiz ko‘karib, tovuqet bo‘lib ketadi.
Ko‘nglimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Eh, Muqim tog‘a! Yoshlik qildik-da biz. Axir siz bu yerlarning har qarich yerini, har bir toshini, giyohiyu butasini bilasiz-ku. Nega ortingizdan ergashmadik biz? O‘zimizga yangi yo‘l solmoqchimidik? Ota-bobolar yo‘lidan yurmaganlar shuytib muqarrar adashar ekan-da…
Tog‘aning oldida xijolatdan yuzimiz lov-lov yonsa-da, hazil-huzul qilib, gapni boshqa o‘zanga burdik.
Nihoyat Muqim tog‘a to‘xtadi va pastlikka – quyuq daraxtzor tomon tusha boshladi. Ortidan xuddi kurktovuqqa ergashgan jo‘jaday pildirab enib ketdik.
Voh! Mana bu manazarani qarang!
Elkamizdagi yuk og‘irligiyu, ikki ko‘zimiz oyog‘imiz ostida bo‘lgani uchun e’tibor bermay kelayotgan ekanmiz! Naqd jannat bog‘iga tushib qolibmiz-ku! Alanglab, ko‘zimiz porlab ketdi. To‘rt tarafimiz tog‘, quyuq daraxtzor! O‘rtadan zilol suvi mavjlanib-tovlanib, toshlardan toshlarga urilib, eni uch quloq kelarli soy oqib o‘tyapti. Tangaday joygayam quyosh nuri tushmaydi. Tanga rohat beradigan salqinlik. Suvning jildirashi huzur bag‘ishlaydi. Bog‘i Eram shu yerdan ulgi oganmikan…
– Shu yerga qo‘namiz! – dedi Muqim tog‘a. – Sizlar joy tayyorlanglar, men o‘choqqa qarayman. Bir qovurdoq qilib beray…
Ko‘rpacha-gilam to‘shab, dasturxon yozdik. Noz-ne’matlarni batartib terdik. Soy chetiga toshlarni yig‘ib, “to‘g‘on” qurdik-da, ichimlik va tarvuz-qovunni bo‘ktirib qo‘ydik. Tog‘a hash-pash deguncha toshlardan shinamgina o‘choq yasab qozon osdi. Jizzasi tayyor bo‘lguncha gurunglashib o‘tirdik.
– O‘smirligimdan yelkamga miltiq ilganman, – deydi Muqim tog‘a go‘shtni lo‘nqa-lo‘nqa to‘g‘rar ekan. – Yetmishga kirib ham tanim dard bilmadi. Shu tog‘larni kezib sochim oqardi, tishim to‘kildi, shunday bo‘lsa ham qaddim bukilmadi. Shu tog‘lardan quvvat olib yashadim. Birovga gapimni oldirmadim, birovga gap bermadim. Hurmat qilganimni boshimda ko‘tardim, yomonligi bor odamga yondashmadim.
Bir yili qishlog‘imiz kattalaridan ikkitasining uyiga odam yubordim. “Muqim tog‘anikiga borar ekansizlar, kaklikxo‘rlik bo‘lar ekan” deb ayttirdim. O‘sha kuni qo‘njim to‘lib kaklik ovlab kelgan edim-da.
Ular keldi. Kaklikni qizartirib, giyohlar qo‘shib pishirib, oldiga qo‘ydim. Maza qilib yeb boshlashgan edi, sekin turdim-da, devorda ilig‘lik qo‘shog‘izni oldim. O‘qladim. Haligi ikkovining luqmasi og‘zida qoldi. Yutishniyam, chiqarishniyam bilmay qoldi.
Qo‘shog‘izni shartta ikkoviga qaratdim.
– Og‘zingdagini tezroq yut! – dedim jiddiy turib. – Ikkovingniyam otaman! So‘ng o‘ligingni gilamga o‘rab, Jinnidaryoga oqizaman…
Ikkoviyam fe’limni yaxshi bilardi. Qilaman degan ishimni qilishimni ko‘rgan, gajirligimdan xabardor edi.
Nima bo‘layotganini umuman tushunmay, angrayib, ikkoviyam qo‘lini ko‘tardi. Rangi surpday oqarib ketdi.
– Nimaga? Nima gunoh qildik? – deydi. Qarasam, ikkoviyam ko‘zi milt-milt etib, yig‘lamoqdan beri bo‘lib turibdi.
– Ikkoving ham o‘g‘risan! – dedim. – Odamlarning haqini yeb, elning elagini teshib yuribsan!
Ikkoviyam boshini oyog‘imga urib, yalindi:
– Muqim aka, unday qilmang! Yeganimizni qaytarib joyiga qo‘yamiz, faqat otmang… – dedi. So‘ng hamma qilg‘iliqlarini o‘z og‘izlaridan eshitib oldim-da, bir oy vaqt berdim. Ishonasizlarmi, anavi kassir bilan bug‘altir sho‘rlik yarim oyga qolmay, hamma narsani joy-joyiga qo‘yibdi.
O‘zi ular bilan shunchaki, jo‘rttaga hazillashib, nishonga olib ko‘rgan edim. Bahonada kirdikorlarini bilib oldim. Elning haqi qaytdi.
Muqim tog‘a mamnun holda jilmayib qo‘ydi. Qozonga kartoshkani solar ekan, yana ko‘p xotiralarini esladi.
Asli u ovchi emas, duppa-durust yozuvchi, roviy ekan. Boisi voqealarni shunday tasvirlab gapiryaptiki, manzaralar ko‘z oldimizda xuddi kino tasmasiday tiniq va ravshan bo‘lib jonlanyapti….
* * *
…Dekabr tonglaridan biri. Tog‘ni qalin qor qoplagan.
Ovchi Muqim tog‘a kallai saharlab chakmoni o‘ngirini qayirib, lippasiga tang‘idi. Kurakni olib, loysuvoq og‘ilxona tomiga chiqdi. Qariyb bir metrcha keladigan qorni ehtiyotkorlik bilan kuradi. Uyi tomidagi qorni esa yarim qarichcha qoldirdi. Sababi, tomda ozroq qor qoldirilmasa, 30-35 daraja sovuqda shifer chars-chars yorilib ketadi.
Tong yorishmasdan darvozaxona, katak, og‘ilxona va tandirxonaga yo‘l ochdi.
So‘ng to‘rxaltasiga o‘q-dori, yemak-ichmagini, tuz, ichak ip, qo‘shimcha qop, qo‘lbola qopqon, gugurt va qo‘lchirog‘ini solib, taxt qildi. Qornini to‘qladi-yu, yelkasiga qo‘shog‘iz miltig‘ini osib, yo‘lga tushdi.
Quyosh nurlari olamni munavvar, charog‘on qilsa-da, ojizgina tafti etni zirqiratadigan ayoz zahrini kesolmaydi. Qalin qor yoqqan ana shunday kunlari ko‘pincha ovi baroridan keladi. Bunday chog‘larda ochlikdan qiynalgan jonivorlar izg‘ib yuradi. Qor qancha qalin bo‘lsa, ularni tutish shuncha osonlashadi. Shu bois Muqim tog‘aning bugungi ovdan umidi katta. Tulki, quyon o‘z yo‘liga. U ovchilarning azaliy orzusi, qancha ovlasa, shuncha obro‘si oshadigan o‘tyurak va mag‘rur jonivor – bo‘ri ilinjida yo‘lga chiqyapti.
To‘g‘ri, ilgari ham bir-ikki marta bo‘ri ovlagan. Lekin ular bilan maqtangulik emas edi: bo‘rilardan biri qo‘tir bosgan, kasalmand, nimjongina, ikkinchisi esa hali g‘o‘r bo‘ribachcha edi.
Ov isi o‘tkir bo‘ladi, ovchi ko‘ngil viqor tusaydi.
Bo‘rining zo‘rini kim otgan, deyilsa, Muqim ovchi nomi tilga olinishi kerak! Odamlar, nainki oddiy odamlar, hatto, uncha-muncha ovchi ham u bilan o‘ylab salom-alik qilsin.
Ovchining yuragi gupillab ketdi. Necha-necha yillik bu orzu bugun ushalsa, qanday yaxshi axir. Ovi yurganning dovi yuradi-da.
U osib olgan xaltasi yelkasiga qanchalik og‘ir yuk bosmasin, ruhi tetik, qushday yengil edi. Toshdan-toshga kiyikday sakrab borar, qor tizzasiga kelsa-da, to‘pig‘iga chiqqanchalik tuyulmasdi.
Qishloqdan uzoqlashib, odamlar qadamidan uzoq – Qoraxontog‘ning yovvoyi hayvonlar makon tutgan yon bag‘irlari boshlanar ekan, ovchi to‘xtab, bir nafas tin oldi. Qora ko‘zoynagini taqdi. Butun borliq oqlikka burgangan bunday pallada qor ko‘zni yomon qamashtiradi. Qora ko‘zoynak esa, ko‘zni asrab, orom beradi.
Muqim ovchi endi ziyraklikni oshirdi. Boisi mana bu dara atrofi, huv anavi “yakka-moxov” qoya va kunbotarga tutashib ketgan tog‘ qayirlari tulkiyu ushoq jonivorlarga makon. Ana, qalin qor sirtini sidirib, silab-siypab o‘tgan, yakkam-dukkam mayda izlar ko‘zga chalinyapti. Bu – quyon izi. Lekin Muqim ovchi unga parvo qilmaydi.
U g‘arch-g‘urch qilib, qor kechib uzoq yurdi. Tuya o‘rkachiga o‘xshash bir daradan chiqib qoldi. Chap tarafida bir irmoq oqyapti. Undan issiq bug‘ ko‘tarilyapti. Irmoq bo‘ylab ozroq yurib, so‘qmoqdan nishablikka qarab ketsa, bir-biriga omonatgina tegib turgan yirik-yirik harsangtoshlardan omon o‘tib olsa, u yog‘i murodga yetkazadigan marra-manzil.
Muqim ovchi yuraverib-yuraverib horidi.
Odam bo‘yi keladigan bir harsangtoshning kungay tarafiga o‘tib, qor tushmagan iq joyda oyoq ildi. Etigi bilan qorni kurab, o‘tirar joyini kengaytirdi.
Qorni ochiqqanini sezdi. Chinor va do‘lana shox-shabbasidan terib kelib, o‘tin yoqib isindi. To‘rxaltasidan yegulik olib, og‘ziga soldi. Suvidishni olovga tutib, isitdi. Tomog‘ini ho‘lladi. Ko‘zoynagini yechib, atrofni tomosha qildi.
Zumrad qishning go‘zalligidan bahri dili ochildi. Ha, bu tog‘lar yilning to‘rt faslida ham tarovatli. Qaragan ko‘zni go‘zallikka oshno qiladi. Xuddi sholi va tariqday aralash sochilib ketgan archa, do‘lana, zarang, chinor, na’matak, kabi dov-daraxtlar, butalar usti qorga burkanib, tog‘lar yuziga surtilgan upaday tovlanadi.
Ana, ovchi qordan tozalagan yerda o‘tlar qoldig‘i ko‘rinib turibdi. Ie, manavi xapri degan o‘simlik xashagi-ku. Tog‘liklar uni avruk ham deydi. Odamlar avrukning damlamasidan qo‘tir va boshqa teri kasalliklarini davolashda foydalanadi. Agar uning o‘tini suvga solib cho‘milsa, badanga xushbo‘y beradi. Terini mayin qilib, yaxshilaydi. Bu tomonlarga zamonaviy attorlik kirib kelgunicha, tog‘liqlar, ayniqsa, bo‘yi yetgan, to‘yi bo‘lar qizlar avrukka cho‘milib, o‘z ifori bilan oshiqlarini batamom adoyi tamom qilgan.
Muqim ovchi avruk xasini qo‘liga olib, hidladi. Qor tagida qolgan bo‘lsa-da, dimog‘iga xushbo‘y kirib, ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi. Ruhi yengil tortdi.
Beixtiyor jilmaydi: yigitligini, yori bilan kechgan ilk uchrashuv kechasini esladi. O‘shanda ham sevgilisidan mana shunday mayin is kelgan edi…
Ovchi ajib hislarga berilib, entikib turar ekan, bir narsa e’tiborini tortdi: axir hozir u turgan joy xavf-xatarning koni-ku! Og‘zidagi og‘zida qoldi. Zudlik bilan qo‘shog‘izga o‘q joyladi va qulog‘i ding bo‘lib, hushyor turdi.
…Shu yil bahorda – ayni may chog‘i ovga chiqqan edi. Butalar soyasida yotar ekan, burniga noxush hid keldi. Qarasa, sal narida tezak yotibdi. Muqim ovchi o‘shanda ham seskanib ketgandi. Bu – yovvoyi cho‘chqaning go‘ngi edi.
Tog‘da yolg‘iz odam uchun to‘ng‘izdan ko‘ra xavfliroq hayvon kam. Muqim ovchi, ko‘zim aldamayaptimikan, deya atrof-javonibga tikilib qaradi. Butalarni aylanib chiqdi. To‘ng‘iz yurgan yo‘lida tuyoq izi qoladi, qumoq tashlaydi, yerni tirnab, daraxtlarga ishqalanib, belgi beradi. Uni ko‘proq daraxti mo‘l, suvga yaqin joylarda uchratish mumkin.
Muqim ovchi butalarni aylanib yurib, quruq o‘t to‘planib turganini ko‘rdi-yu, yuragini battar vahima bosdi. Ayni bahorda butazorlar ichida bundayin usti quruq o‘t bilan qoplangan yangi shabbalar paydo bo‘ldimi, bilingki, u joyda yaqin orada yovvoyi cho‘chqa bolalaydi. Muqim tog‘a, garchi yelkasida miltig‘i bo‘lsa-da, o‘zi necha yillik ovchi esa-da, darrov u yerdan uzoqlashdi. To‘ng‘iz podasiga duch kelsa, miltiq ham ish bermaydi…
Hozir o‘sha manzara ko‘z oldiga kelib, yegani tomog‘idan o‘tmadi. Yovvoyi cho‘chqa bolalari yetilib, odamni tilka-pora qiladigan kuchga to‘lgan bo‘lishi mumkin…
Muqim ovchi tezda narsasini yig‘ishtirib, alanglay-alanglay, u yerdan uzoqlashdi.
Kuni bilan yurib, oyog‘i terlabdimi, paytavasi oyog‘iga jiqqa yopishib, g‘ashiga tega boshladi. Boya olovda quritib olsa bo‘larkan ekan. Yo‘qsa, nam paytava oyoqni xarob qilishi tayin.
Muqim ovchi chek-chegarasi yo‘q tog‘ bag‘rida horg‘in yuqorilab borar ekan, xo‘rsinib qo‘ydi. Qishloq olislarda qoldi. Peshin bo‘lca hamki, biror nima ovlay olmadi. Avval-boshda quyonning izidan tushishga or qildi. Tulki uchramadi. Kunning yorug‘ida bo‘riga duch kelishi-ku amrimahol. Kakliklar ham uzoqlardan ovoz berdi. Oldidan “pir” etgan tovush chiqmasa-ya…
Muqim ovchi yana mo‘l yurdi. Yuksakka o‘rlagani sayin qor qalinlashib boraverdi. Ovchi yaxshi biladi. Palangdarada yo Varganzada bir qarich qor tushsa, bu yerlarda, ayniqsa, huv anavi Qoraxontog‘ manglaylarida bir metrdan oshadi. Qorning zo‘ri yovvoyi hayvonlarning sho‘ri degani. To‘g‘ri, ularning ko‘pi kunduzi inidan chiqmaydi. Tunlari oziq izlab izg‘iydi. Suv ichish uchun pastga enadi. Yemish topolmasa, qishloqlarga yaqinlashadi. Hatto, odamlarning hovlilariga dovur tushib keladi. Muqim ovchi bularni xo‘p yaxshi biladi.
Tunov kuni bir gurungda g‘alati gap eshitdi. Varganzalik bir tadbirkor odam olma sotib olgani olisroq qo‘shni qishloqqa boribdi. Savdoni pishitib, ertasiga kelaman deb qaytibdi. U boradigan kun sotarmon kechga yaqin yig‘ib o‘tirgan olmalaridan xabar olay deb hovlisiga chiqsa, bir ayiq mevalarni yeb yotgan emish. Haligi kishi jon holatga qo‘liga ilashgan belkurakni olib, ayiq tomon po‘pisa qilib yuguribdi. Shunda och ayiq ham unga qarab yugurib, dast ko‘taribdi-yu, zarb bilan uloqtirib yuboribdi. O‘n qadamcha nariga borib tushgan odamning bir qo‘li chirt uzilib tushibdi. Shunaqa. Och ayiq ursa, besh yoshli ho‘kizning ham beli sinib ketadi.
“Ishqilib, och ayiqqa yo‘liqtirmasin” dedi Muqim tog‘a ichida. Lekin bu o‘yi o‘ziga nash’a qilib ketdi. Unga nima bo‘lyapti? O‘ylasa, boyadan beri hayvonlarning unisidan ham, bunisidan ham qo‘rqa boshlayapti. Yovvoyi cho‘chqadan bir qo‘rqdi, endi ayiqdan yuragi taka-puka bo‘lyapti. Yo yoshi o‘tgani sayin ovchi degani ham qo‘rqoq bo‘lib qoladimi? Qarchig‘ay qarisa, chumchuqqa mayna bo‘larmish. Endi u qaridimi? Yo “Miltiq ko‘targan bilan ovchi bo‘lmas, dag‘dag‘a solgan bilan dovchi bo‘lmas”, degan gap Muqim tog‘aga ham aytilganmikan?
Aslo!
U ovchi degan nomga isnod keltirmaydi. Qo‘lida quroli bor ekan, har qanday yirtqich oldida mag‘rur turadi. Hatto, qurolsiz ham yirtqich ko‘ziga tik qaray oladi. To‘qol taka suzishsa, yengilarmish. Lekin Muqim ovchi yaroqsiz ham yengilmaydi. Bir ayiqni yelkadan oshirishga yetar quvvati bor hali.
Yo noming qolsin, yo shoning!
Muqim ovchining bir umrlik hayot qoidasi bu!
U qaddini g‘oz tutdi. Xuddi frontga kirayotgan mag‘rur askarday oldinga qarab intila boshladi. Hozir oldidan och ayiq yo quturgan bo‘ri tugul, dev chiqsayam, bir o‘q bilan yer tishlatadigan shahd paydo bo‘ldi. Biroq qarshisida dev tugul, quyon ham qora bermayapti… Bu yog‘i qosh qorayib kelyapti. Hademay buyuq tursa, ishning pachavasi chiqadi. Osmonda hali ham kulrang bulutlar taram-taram bo‘lib suzib yuribdi. Ufqda quyoshning xira nuri bulutlar ostidan osmonga qizg‘ish tus berib turibdi.
Ovchi charchadi. Harchand oldinga intilmasin, qadam olishi susayib, madori ketayotganini his qildi. Yana ozroq yursa-ku, anavi qoya labidagi yakka yong‘oq daraxtga yetib olar, bir muddat nafas rostlar edi.
O‘n qadamcha yurgan edi, nimadir uvillagani qulog‘iga chalindi. Muqim ovchi taqa-taq to‘xtadi. Ovoz kelmish tomonga quloq tutdi. Avval sekin, so‘ng cho‘zib uvillagan ovoz keldi. Ortidan xuddi kuchukvachchalar vangillagani kabi tovush eshitildi.
Muqim ovchi yaqin orada bo‘ri borligini tusmolladi va darrov miltiqni qo‘liga olib, tovush kelayotgan tarafga – qoyani aylanib o‘tishga qaror qildi. Ishqilib, to‘da hid olib, juftakni rostlab qolmasin, deya pusib, nihoyatda ehtiyotkorlik bilan bora boshladi. Qoya ortiga o‘tishi bilan ellik metrcha narida – butalar yonida uch bo‘ri turganini ko‘rdi. Ular bir-biriga qarama-qarshi cho‘nqayib o‘tirar edi. Ikki kulrang bo‘rining jussasi katta, juni hurpaygan, biri yoldor, viqor bilan turardi. Uchinchisining tusi oqishga tovun, narigilariga qaraganda, biroz kichikroq, ozg‘inroq edi.
Muqim ovchi yoldor bo‘riga ilk bor duch kelgan edi. Bo‘rilar nega bunday o‘tirganini darrov fahmladi. Demak, ustma-ust yoqqan qalin qor jonivorlarning sillasini quritgan. To‘da yemish topolmay, ona tabiatning so‘nggi, ayovsiz va shafqatsiz qonuni ijrosini bajarmoq uchun yig‘ilib turibdi. Muqim tog‘a bunday holga bir safar duch kelganida, hay, mayli, tasodifdir, deya o‘ylardi. U uch-to‘rt bor guvoh bo‘lgan. Boshqa nomdor ovchilardan ham bu haqda keti uzilmas hikoyalar eshitgan.
Bo‘rilar hech oziq topolmay, ochlikdan joni xatarda qolsa, tuni bilan davra qurib o‘tiradi. Ko‘z yummaydi, kiprik qoqmaydi. Qay biri ko‘zini yumsa, och to‘da o‘shani yeydi. Ko‘zini yumib qo‘ygani esa, o‘z qavmining g‘ajishlariga mardonavor, mag‘rur turib beradi.
Biologik tanlov, tabiatning ayovsiz qonuni bu. Birorta bo‘ri bu qonunni buzishga jur’at qilolmaydi.
Muqim tog‘a ziyraklik bilan to‘daga tikildi. Ana, bu to‘da ham kiprik qoqmay tikilib turibdi bir-biriga. Faqat anavi oqish bo‘ri hadeb uvillayapti. Qorni ichiga tortib ketyapti. Besaranjom, jonsarak ko‘rinadi.
Ovchi qaysi birini nishonga olishni o‘yladi. Oqish bo‘rini otish kulgili, albatta. Shuncha yo‘l bosib, ne-ne orzu-niyat bilan kelib, o‘lamsa bir bo‘rini otadimi?
Shu chog‘da otasidan eshitgan, bir umr qulog‘i ostida jaranglab turguvchi, qo‘liga miltiq olganidan beri amal qilguvchi gapni pichirlab aytdi: “Ovni otsang bilib ot, dol nishonga ilib ot”.
Axir, boshqa payt bo‘lsa, bo‘ri to‘dasiga qarata o‘q uzsa-yu, o‘q xato ketsa, yirtqichlar tum-taraqay qochishi mumkin. Odamga shirin bo‘lgan jon hayvongayam birday totli-da.
Biroq hozir vaziyat unday emas. Ovchining qarshisida turgan mana bu to‘da shundoq ham jonidan to‘yib ketgan. Ularni ayni damda miltiq tugul, zambarakdan o‘qqa tutsangiz ham, dov berib, ustingizga vajohat solib bostirib kelishi, tashlanib, miltiq-piltig‘ingiz bilan tilka-pora qilib tashlashi mumkin. Shuning uchun birinchi urinishdayoq nishonni bexato olmoq kerak.
Muqim ovchi “dol nishon” qilib o‘nggay turgan, yoldor kulrang bo‘rini tanladi.
U esini taniganidan beri birinchi bor bunday katta, kuchga to‘lgan, mag‘rur va yoldor bo‘rini ko‘rishi edi. Muqim tog‘a bir umr ovlashni orzu qilgan yirtqich balki shudir. Ehtimol, u bundayini qaytib uchrata olmas…
Shirin xayolga berildi. Hozir uni qulatsa, ovchi jo‘ralari o‘ljani ko‘rsa, enlab ko‘rib, unga havas qilsa, elda gapirib yursa-yu, ovchi nomiga nom qo‘shilsa. Palangdara xonadonlarida oqshomlari bilan onalar bolalariga Muqim ovchining botirligiyu merganligi haqida ertaklar aytib bersa. Palangdaralik o‘g‘lonlarga Muqim ismini qo‘yish urfga kirsa. Ovchilar shogirdlariga mergan degani pana-pastqamda turib olib, ojiz va nimjon, yarador hayvonlarni emas, eng kuchli yirtqich, jonivorning zo‘ri bilan maydonda yakkama-yakka olishib, undan ustun kelishi lozimligini aytishsa, aytishsa-yu, Muqim ovchini misol keltirishsa… Ayniqsa, bug‘altir va kassirga o‘xshagan munofiqlar biror ishga qo‘l urishdan avval Muqim ovchini eslasa va oqibatini o‘ylab, qing‘ir ishidan qaytsa…
Muqim ovchi shularni o‘ylar ekan, hammasi hozir nishonni aniq va to‘g‘ri olishiga, ovchilarga xos ichki xotirjamlik bilan tepkini o‘z vaqtida bosishiga bog‘liq ekanini ich-ichidan his etdi.
Ayni paytda o‘q xato ketib, to‘da hujum qilib qolsa, qo‘shog‘izni o‘qlashga ulgurmasligini hisobga olib, har ehtimolga qarshi deya, xaltasidan pichoqni chiqarib, etigi qo‘njiga solib qo‘ydi.
Miltiq stvolini yoldor kulrang bo‘riga to‘g‘rilab, jonivorning naqd ko‘kragini nishonga oldi. Bo‘ri qilt etmay turardi.
“O‘zing quvvat ber! Sharmanda qilma”, dedi ovchi ichida pichirlab. So‘ng bo‘rining ko‘ziga so‘nggi bor tikildi va nishonni yanada rostlab, tepkini bosdi!
O‘q ovozidan tog‘ gumburlab ketdi.
Aniq ko‘rdi: yoldor bo‘ri gup etib quladi.
Yonidagi kulrang bo‘ri esa qochib ketdi. Oqish tusli kichik yirtqich esa qanday o‘tirgan bo‘lsa, shu tarzda turaverdi. U qochmadi!
Muqim tog‘a ovchi bo‘lib, o‘qdan qochmagan hayvonga ilk bor duch kelgan edi. Oqish bo‘ri endi sheriklariga emas, Muqim ovchiga qaradi. Ko‘zi yonib tikildi.
Ovchi o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Miltiqni o‘qlab, qochmay o‘tirgan oqish bo‘ri tomon qadam tashladi. U ham qasd qilganday, tek turaverdi. Orada yigirma qadamcha masofa qolganida bo‘ri oyoqqa turdi. Endi u avvalgiday ichini urib turgan, ozg‘in bo‘ri emas, qor ustiga qulab, ko‘kragidan lahta-lahta qon oqayotgan kulrang yoldor qavmi misoli mag‘rur turardi.
Inson va bo‘ri bir-biriga ro‘baro‘ keldi!
Muqim ovchi miltiqni to‘g‘ri uning peshonasiga to‘g‘rilab, yana bir qadam bosdi!
Inson va tabiat orasida muqarrar falokat masofasi yana bir qadamga qisqardi.
Hozir ovchi tepkini bosadi-yu, yana bir yirtqichning hayotiga nuqta qo‘yiladi. Yoki aksincha…
U yog‘i ikki maxluqning epchilligiyu mahoratiga tan.
Muqim ovchi oniy lahzalarda miyasidan o‘tgan bir fikrga asir tushdi: nega o‘q yegan bo‘rining yonidagi baquvvat sherigi qochib ketdi-yu, mana bu nimjoni qimir etmasdan turibdi?! Ovchi e’tibor berib qarasa, u anchagina qarib qolgan ekan. Lekin baribir unga ishonib bo‘lmaydi. Bo‘ri qarisa ham, bir qo‘yni olar kuchi bo‘ladi.
Shu bois Muqim ovchi oqish bo‘ri manglayini nishonga olib, oldga yana qadam bosdi. Shunda oqish bo‘ri tisarildi va indamay orqasiga qarab yo‘rtib keta boshladi.
Muqim ovchi miltiqni tushirdi.
Oqish bo‘ri sal nariga borib, to‘xtadi va cho‘nqayib o‘tirib olib, ovchini kuzatishda davom etdi.
Muqim ovchi o‘ljaga borib qaradi.
Yo, xudo! Bu ne sinoat bo‘ldi? Bu yerda nishonga olingan yirik yoldor bo‘ridan boshqa, uch-to‘rt qadam narida undan ham katta yana bittasi cho‘zilib yotardi!
Muqim ovchi terisiga sig‘may ketdi. Axir eng katta bo‘rini otgan edi, undan ham yirikroq yana biri qulabdi! Bir o‘q bilan ikki… bo‘ri! Bunaqasi uncha-muncha ovchining qo‘lidan keladigan ish emas! Kulrang bo‘ri ko‘ksini teshib o‘tgan o‘q uning panasida turgan narigi, Muqim ovchiga ko‘rinmagan ulkan bo‘rini ham yaralagan ekan.
Muqim ovchi tog‘ni larzaga keltirib “O-o-o!” deya ayqirdi!
Endi uning nomi tillarda doston bo‘ladi!
Biroq hali suyunishga erta edi. Bir emas, ikki zilday bo‘rini qanday qilib qishloqqa olib ketadi? Odamlarga qanday qilib ko‘rsatib, maqtanadi?
O‘ylay-o‘ylay, boshi qotdi. Ikki jonivorning ham terisini shilib, tishi va tirnoqlarini olishga qaror qildi.
Xaltasidan ichak arqonni oldi. Kulrang bo‘rining oyog‘idan bog‘lab, o‘n qadamcha naridagi qari qayrag‘och tagiga arang sudray boshladi. Qari bo‘ri izidan ergashdi. Ovchi bir qadam tashlasa, uyam bir qadam tashladi. Muqim ovchining bir ko‘zi o‘lgan bo‘rida, ikkinchisi ta’qib qilayotgan qari yirtqichda.
O‘q yoldor bo‘rining naqd yuragiga tekkan shekilli, ko‘p qon oqibdi. Bora-borguncha qor usti ham qip-qizil rangga bo‘yaldi. Ufq shafag‘ida qon tekkan joylar qoramtir ko‘rinar, undan taralayotgan issiq hovur ovchining qo‘liga xush yoqayotgan edi.
Muqim ovchi ta’qib qilayotgan, ana, sal narida cho‘nqayib o‘tirib, ko‘z uzmay kuzatayotgan qari yirtqichga ortiq e’tibor bermay, ichak arqonning bir uchini bo‘rining orqa oyog‘ini juftlab, mahkam ilgakladi va ikkinchi uchini daraxtning baquvvat shoxiga otdi. Arqon shox osha qaytib tushdi. Ovchi uni qattiq tortdi. Biroq bo‘ri oyog‘i biroz ko‘tarildi-yu, tanasi qilt etmay yerda turaverdi. Muqim tog‘a arqonni qo‘liga qayta-qayta o‘radi va bor kuchi bilan yana tortdi. Bu safar bo‘rining ikki ort oyog‘i yerdan uzildi, biroq yarmi sudralib turaverdi.
O‘ziyam juda katta ekan-da jonivor! Bo‘yi o‘lchansa, Muqim tog‘aday qoruvli odamdan ham uzun chiqar ekan. Shu bois kuchi kamlik qilayotganini sezgan ovchi so‘nggi usulni qo‘lladi: arqon uchini halqa qilib, beliga o‘radi va zarb bilan torta boshladi. Arqon beliga qattiq botsa-da, oxiri niyatiga yetdi va o‘ljani changakladi. Bo‘ri daraxtga to‘liq osilganida sezdi: nihoyatda katta ekan. Otday keladi desak, lof bo‘lar, xo‘tikday desak, haqimiz ketadi… Xullas, Muqim tog‘aning ovi ziyodasi bilan baroridan keldi. Ikki bo‘ri terisini shilib olgunicha osmon jimirlab, Zuhro yulduzi ham xira tortib, tong ota boshladi.
Qari bo‘ri uni Palangdara ostonasigacha ta’qib qilib keldi.
…Tushga yaqin Palangdarada bayram bo‘lib ketdi!
“Muqim ovchi otday-otday ikkita bo‘rini yer tishlatibdi!”, “Terisidan bir o‘tov tiksa bo‘lar ekan” degan gaplar birpasda butun qishloqqa tarqaldi.
* * *
– Keyin nima bo‘ldi, Muqim bova? – deb so‘raymiz hikoyani maroq bilan tinglab bo‘lgach.
Muqim ovchi laganga suzilgan qovurdoq ustiga maydalab piyoz archib, barra ko‘katlarni separ ekan, mamnun jilmaydi va:
– Ovchilikni tashladim! – dedi.
– Nega?
– O‘sha ovdan keyin ancha vaqt yotib qoldim. Kulrang bo‘rining qahrga to‘lib qarab turgan ko‘zi tushlarimga kirib chiqaverdi. Ayniqsa, anavi nimjon qari bo‘rining har oqshom xayolimda ta’qib qilishlari yuragimni zada qilib yubordi. Oxiri bu ishni qo‘ydim. O‘ylab-o‘ylab, bir oq qo‘chqor so‘yib, qon chiqardim. Shu bilan qo‘limga miltiq olmadim. Qo‘shog‘izning huzurini sandig‘im ko‘rib yotibdi.
Muqim ovchi birpas tin oldi va tantanavor ohangda:
– Bayram dasturxoni tayyor! Yoldor bo‘rining qovurdog‘iga marhamat! – dedi.
Kuldik.
Taomlanib bo‘lgach, yonginamizda mavj urib, toshdan-toshga hayqirib oqayotgan muzday soyda miriqib cho‘mildik. So‘ng eng yaqindagi qoyaga chiqish istagi tug‘ildi. Kimdir “u yoqlarda bo‘ri-mo‘ri yo‘qmi, ishqilib?” deb so‘rab qoldi. Mezbon Bahodir do‘stimiz: “Bo‘ri degani Muqim tog‘aning hidini olsa, bu yerlarga dorimaydi” dedi.
Muqim tog‘a o‘choq boshida qoldi. Biz qo‘limizga zarangtayoq olib, toqqa o‘rmalab chiqib, emaklab tushdik…
…Lash-lushimizni yig‘ishtirib qaytar mahalimiz Muqim ovchi bir gap aytdi:
– Qolgan-qutgan non bo‘laklarini manavi tosh ustiga, suyaklarni anavi daraxt tagiga, tuzni esa o‘choq oldida qoldiringlar. Ularda hayvonlarning ham haqi bor.
Biz Bahodirga qaradik. Do‘stimiz sekin shivirladi:
– Tog‘da odat shunday: jonzotlar uchun albatta tuz tashlab ketiladi. Ovchilar-ku, o‘ljasidan boshqa hamma yeguligini qoldiradi. Muqim tog‘a esa, joniniyam tashlab ketadigan odam…
Men hayotda hali ham shunday odamlar borligini birovdan eshitganimda ishonmas edim. O‘zim ko‘rib, gaplarini qulog‘im bilan eshitgach, bandasi o‘z fe’li, a’moli, qat’iyatiyu birso‘zligiga umr bo‘yi sobit tura olishiga ishonch hosil qildim. Ehtimol, o‘sha yoldor kulrang bo‘rining viqori, mag‘rurligiyu qat’iyatini sizu biz ham Muqim tog‘a singari yuzma-yuz turib ko‘rsak, uningdek odam bo‘larmidik.
Bilmadim.
Bilganim shuki, yetmishga kirsa-da, hali bardam-baquvvat, so‘zidan va izidan qaytmaydigan, lafzi halol Muqim tog‘a yovvoyi va hech qachon inson qo‘liga o‘rganmas, bog‘liq turishga rozi bo‘lmas, qafasni xush ko‘rmas, miltiqdan cho‘chimas hayvon, mag‘rur jonivor, insonning qadim qondoshi BO‘RI bilan yakkama-yakka qolgan. Yuzma-yuz kelgan. Tikkama-tikka borgan.
Tasavvur qilyapsizmi: yakkama-yakka, tikkama-tikka…
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 1-son