Jahongir Xolmirzayev. Faqat hayot abadiy (hikoya)

1
Inson hayoti haqida qancha ko‘p o‘ylasam, shuncha ishonamanki, u o‘zining qisqagina umrida ko‘p marta o‘lib, tag‘in tirilar ekan. Mana, hozir ham shunday: men karavotda yotibman-u, his etayapmanki, ketayapman. Holbuki menga pichoq urganlari yo‘q, zaharlashgani ham yo‘q, kasal ham emasman, sog‘-salomatman. Men endi hayotning ma’nosi haqida o‘zimga savol bermayman, shunchaki men undan sovudim. Tushundimki, yoshlikning aldamchi shu’lalari bilan jilovlangan orzularim – xayoliy ekan. Ajabo, eng so‘ng qazo qiladigan umidlar endi yo‘q. O‘zing biron-bir narsani tushunmaydigan bu hayotdan nimani kutish mumkin? Ha, yigirma ikki yasharlik yigit uchun bu fikrlar juda og‘ir. Biroq nima qilish kerak, qachonki shu qisqagina umring o‘zanini o‘ylab, qanchalar xatoga yo‘l qo‘yganingni anglab tursang? Vey, qancha yolg‘onchilik, sotqinliklarni ko‘rding; qancha orzularing bor edi…

2
Kecha bir taiiish qizni akamning tug‘ilgan kuniga taklif qildim. O‘tirishdan keyin uni uyiga kuzatib borayotganimda, uchta yigit – uning xushtorlari ekan shekilli — meni tutib urishdi. Esim og‘ib qolibdi. Bir mahal hushimga kelganimda yigitlar ham, qiz ham yo‘q edi.
Uyga kelib, azbaroyi qizdan xavotir olganim uchun qo‘ng‘iroq qildim. Qiz nima dedi deng? “Meni himoya qilolmading, shuning uchun ular bilan ketdim”, dedi. Nachora, balki u haqdir. Kuchsizlar o‘ladi, kuchlilar qoladi — “jungli qonuni” shunday bo‘lsa kerak. Demak, men ojiz ekanman. Qolaversa, uchoviga bas kelolmasdim.
Hozir men ko‘zgu oldida turib, basharamga qarayapman. Chap yuzim shishgan, o‘ng ko‘zimning tagi ko‘m-ko‘k, pastki labim yorilgan, xullas, endi “chiroylik”kina bo‘lib qolibman.
Oyna oldidan jilib xonamga kirdim. Hech narsani o‘qigim, o‘ylagim kelmas edi.
Shunda o‘zim sevgan rassomlarning uy devoridan joy olgan portretlariga qaray boshladim-u, fotosuratlar yopishtirilgan eski albomim esimga tushib ketdi. Uni shkafdan olib, divanga o‘tirdim.

3
Birinchi betini ochdim, unga ikki yashar bolakayning surati yelimlangan. Bolakay do‘mboqqina qo‘lchalari bilan o‘yinchoq ayiqchaning qo‘lidan ushlab, beg‘ubor ko‘zlari bilan tikilib, jilmayib turibdi.
Bu – men, yigirma yil burungi men.
Albomning ikkinchi varag‘ini ochaman. Biz tog‘damiz: otam, onam va men.
O‘shanda men olti yoshda edim.
Juda yaxshi eslayman: ilgarilari har yili biz bahorda shahardan tashqariga — toqqa chiqardik.
Avji bahor kezlari bo‘lardi o‘sha chog‘lar: tog‘ bag‘irlarida lolalar endi-endi ochila boshlagan, daraxtlarda ilk yaproqlar paydo bo‘lgan, quyoshning yorqin nurlari ham sovuq qishning nafasi ko‘tarilib ketganidan dalolat berardi. Bepoyon adirlarga qarab, shalolalar shovqinini eshitib, muzdek chashma suvlaridan simirib ham boychechakning nozik bo‘yini hidlab, kishi beixtiyor xayolkash -romantik bo‘lib qolganini sezmasdi.
Bizning oilamiz boshqalar qatori yilning xuddi shu faslida mana shunday tog‘ bag‘riga kelardi. Dadam gulxan yoqar, men esam kalta-kulta cho‘plarni yig‘ib kelardim. Onam gul terardi. So‘ngra birgalashib o‘zimizga bir yegulik tayyorlar edik.
Yana shu narsa kechagidek esimda: etakda qolib ketgan vodiyda bitta yam-yashil daraxt (nomi yodimda yo‘q) o‘sib turardi. O‘tkinchilar uning butoqlariga turli tasmalar va latta-puttalarni bog‘lab ketishardi. Daraxt mana shunday rango-rang lattalarga burkanib turardi.
Har gal o‘sha daraxt yaqinidan o‘tganimizda dadam mashinani to‘xtatar, onam esa qo‘limga ro‘molcha berib, “Borib bogiagin, nimaiki istaging bo‘lsa, ro‘yobga chiqadi”, der edi.
Men esam bunga ishonib chopib ketardim.

4
Yana varaqlayman albomni. Mana bu – mening chin xolam. Termiz yaqinida yashaydi. U kishining uyiga birinchi marta borganim kechagidek esimda. Bunga bir necha yil bo‘ldi.
O‘shanda men birinchi marta somsaga sirka sepib yeyishlarini ko‘rganman. Quduqdan suv tortib ichishlarini ham o‘shanda ko‘ruvdim. Uncha chuqurbo‘lmagan quduqchaning tubida esa kichik-kichik baliqchalar suzib yurardi.
Ularning oilasi katta, dasturxon boshida ikki-uch soat bemalol o‘tirishlarini ham shunda ko‘rib hayron bo‘lganman: xolam do‘konda ishlar, xohlagan paytida borib ochar, ayrim narsalami uyida ham sotardi.
Qiziq, ular yashayotgan qishloqning oti – Chashma edi. “Nega bunday, buloq yo‘q-ku”, deb so‘raganimda, “shunaqa buloq chiqsin deb qo‘yishgan”, dedilar.
Xullas, hayron qolsa boiadigan narsalar ko‘p edi.
Oxirgi marta Chashmada to‘rt oy muqaddam bo‘ldim. Biroq men bu safarni sabrsizlik bilan kutgandim. Chunki dadamning yoshlikdan birga katta bo‘lgan bitta do‘sti katta bizneschi bo‘lib ketgan, dadam mening tentirab yurganimni unga aytgach, u kishi: “Mayli, kelsin, firma ochib beraman. Magazini bo‘ladi. Ish o‘rgataman”, deb va’da bergan ekan.
Bundan oldinroq — ayni yoz chillasida katta amakimning to‘yiga — Termizga borganimda, to‘yxonada yelib-yugurib xizmat qilayotgan bir qiz bilan tanishgan edim.
Uni xolam ham maqtagan, biz ikkovlonning choy-tovoq tashishimiz va o‘zaro arzimagan gaplardan kulishimizni ko‘rib: “Tohir, shu qizga uylansang yaxshi bo‘lardi. Tuyog‘imiz uzilmas edi. O‘ylab ko‘r. Bunday qizlar mehnatkash bo‘ladi. Erning gapidan chiqmaydi”, degan edi.
Bu taklif menga kutilmaganda ma’qul tushgan, qizning nimalarinidir Aborigen tog‘amga o‘xshatgan bo‘lsam, uning qandaydir soddaligini o‘zimga o‘xshatgan edim.
Qolaversa, kirn bo‘lishimdan qat’i nazar, uylanishim kerak-ku? Balki uylansam, hayotimda biron-bir burilish sodir bo‘lar?.. Universitetning filologiyasigami, jurnalistikasigami – kirolmasam kirolmabman-da.
Bu meni adabiyotdan sovutadimi?
Qolaversa, hamma yozuvchilar ham shu fakultetlarni bitirishmagan.
To‘g‘ri, men juda unaqa “yozuvchi bo‘laman”, deya olmayman. Ammo hech bo‘lmasa o‘zim uchun yozib yurishim aniq: yozganingda xumordan chiqasan-da kishi, hatto ota-onangu do‘stlaringdan sir tutgan dardu quvonchlaringni ham qog‘ozdan yashirmaysan.
Xullas, to‘yning ertasi qizga hazil-hazil bilan yaqinda uylariga sovchi yuborishimni aytuvdim, kulibgina qo‘ydi: u chindan ham sodda, bokira qiz edi.
Ana shuning uchun ham xolamning uyiga — Chashmaga borishni besabrlik bilan kutarkanman, xayolimda yana yorqin manzaralar chizila boshlagan edi: dadamning o‘rtog‘i yordam bersa, ishlarim yurishib ketsa, o‘zim oyoqqa turib olsam, hayotim chindan ham o‘zgaradi: o‘sha qizga uylansam, uni yaxshi ko‘rib qolishim ham mumkin… Biroq yo‘l xarajatining qimmatligi mening oyog‘imga kishan soldi.
Nihoyat, safarga otlanadigan kunim ham yetib keldi. Yuqorida aytgan rejalarim bilan qandaydir kuch-quvvatga to‘lib, hatto shu borishdayoq birinchi qadamim — yangi mustaqil hayotga qo‘ygan qadamimdek tuyulib, Termizga jo‘nadim.
Poyezddan tushiboq, dadam yozib bergan adres bo‘yicha bizneschi o‘rtog‘ining uyini izlab ketdim. Topdim. Devorlari pishiq g‘ishtdan qurilgan, temir darvozasi og‘zida ikkita ajinakuchuk yotardi. Meni ko‘rib, “dushmanlik” bilan qarshi olishdi. Bir amallab hovli qo‘ng‘irog‘ini bosdim.
Do‘mboq, yoshgina-yu, sochi to‘kilib ketgan yigit chiqib keldi. Yigitning qovog‘i soliq edi.
“Falon kishining o‘g‘liman. Toshkentdan keldim”, deb tanishtirdim o‘zimni. U ham o‘sha “piston” kishining kichik o‘g‘li ekan. Chehrasi xiyol yorishdi-yu, lekin:
— Otamning mazasi yo‘q, – dedi. — Do‘xtirlar birovga ko‘rsatmanglar deyishgan.
– Shunaqayam bo‘lar ekan-da.
Yigit toshib turgan ekanmi, yo meni otam tufayli o‘ziga yaqin oldimi, birdan:
– Do‘xtirlar “beli garyachka” deyishdi, – dedi bidirlab. – Lekin otam ichmaydilar hisobi, juda oz ichadilar. Bir tabibni chaqirib qaratgan edik, o‘sha… o‘sha “o‘tib ketadi, vosvos bo‘pti”, dedi. Ilgariyam bir marta shunday bo‘luvdilar.
– Attang.
– Biz juda kambag‘alchilikdan shu darajaga yetuvdik. Otamning dushmanlari ko‘p. Bir-ikki yil oldin reketchilar xat yozib qo‘rqitishdi. Otam ularga hech narsa bermadilar… Keyin, shu kasalni topdilar. Oldinlari uxlamay tong otqizar edilar. Keyin-keyin shunday bo‘lib qoldilar…
– Tushundim.

5
Chashmada ham meni shumxabar kutib turgan ekan. Xolam g‘amgin kulimsirab aytdi:
– Sening O… bilan gaplashib turganingni ko‘rishgan ekan tanishlari. Qizning otasiga aytibdi. Otasi: “U bola Tashkanda yashayotgan bo‘lsa, qizimni opqochib ketish ham qo‘lidan keladi”, debdi xotiniga…
– Keyin?
– Qizini erga berib yubordi. Qandaydir qarindoshiga… Sen xafa bo‘lma, qiz topiladi. Yoshsan…
O.ning siniqqina jilmayishlari, soddaligi, harakatchanligi ko‘z oldimga kelib, unga juda-juda achindim. So‘ngra, shu holimda o‘zim ham uni baxtiyor qilolmasligimga inonib, birdan xo‘rligim keldi: “Yo, xudoyim, nima gunohim bor? — dedim ichimda. — Endigina ishlarim yurishay deganda, butun rejalarim karton uychadek buzilib ketdi. Endi uyga qaysi yuz bilan qaytib boraman?”
Toshkentga borgach, nima qilishimni ham tasavvur etolmasdim. Nimagaki, bu yoqqa jo‘nagunimgacha bir tijorat do‘konida yordamchi sotuvchi bo‘lib ishlab turuvdim.
To‘g‘ri, ishim vaqtinchalik edi-yu, harqalay, uch-to‘rt so‘m maoshim bor edi.
Eng yomoni shulki, men bu yoqqa jo‘nash oldidan “o‘z ixtiyorim bilan” ishdan bo‘shab, bir tanish omborchidan qarzga pul ko‘taruvdim: ikki karra qilib qaytarmoqchi edim.
Endi nima bo‘ladi?

6
Vagon mutasaddisi “qirq minutdan keyin” jo‘nashimizni aytdi. Men chamadonimni qo‘yish uchun vagonga, undan kupega kirdim. O‘rta yashar bir ayol o‘tirardi.
– Salom alaykum. Beshinchi joy shu yerdami? — dedim.
– Mana bu pastki polka bo‘lsa kerak, — deb javob berdi xotin. Men o‘rindiq qopqasini ko‘tarib, yukimni qo‘ydim. So‘ng deraza pardasini chetga surdim.
Pastda odamlar qandaydir shoshqin quvonch bilan pirojni, vino va har xil saqichnamo shirinliklar xarid qilishar va vagonlarga qarab chopishar edi.
Men to‘shakni yog‘och o‘rindiqqa yozdim-da, sekin cho‘zilib yotdim. Ko‘nglimga qil sig‘masdi. Ko‘zimni yumib yotarkanman, kupemizga tag‘in kimdir kirganini sezdim. Kirgan kishi ayol tovushi bilan salom berdi. Anavi xotin o‘z tashvishi bilan band ekanmi, alik olmadi.
“Baribirturib o‘tirishim kerak. Hali yotishga vaqt bor. Buning ustiga, xotinlarning oldida cho‘zilib yotish – noqulay”, deb o‘yladim-da, o‘rnimdan turdim.
Ro‘paramda bolali kelinchak turardi. Ko‘rinishidan yigirma yoshlarda. Uning hayron qolarli darajadagi chiroyi meni lol etdi. Ko‘zlari qop-qora va katta-katta. Lekin qovoqlari shishib ketgan, toza yig‘lagan bo‘lsa kerak. Egnida o‘ta arzon kurtka, oyog‘ida -tovonlari qiyshayib, rangi o‘ngib ketgan etik. Yuzi ro‘mol bilan o‘ralgan.
Uning bolasi o‘ziga juda o‘xshardi; qizaloqning boshi ham qiyiqcha bilan o‘ralgan, lo‘ppi yonoqlari uni yana-da suyumli qilib ko‘rsatardi.
Juvon bolasini bir qo‘lida ko‘targancha boshqa qo‘li bilan eshik tutqichidan ushlab turar, aftidan, o‘tirishga qo‘rqar edi. Men darhol chetga surilib:
– Nega tik turibsiz? O‘tiring, — dedim.
– Vey, siz ancha pul to‘lagansiz, men bo‘lsam – bebilet, — dedi. – Yaqinda tushaman, akajon.
– O‘tirsangiz-chi.
– Bu yer sizning joyingiz axir?
– Nimabo‘pti.
Nihoyat, u o‘tirdi. Men tag‘in chetroqqa – derazaga surilib, tashqarida – yiroqlarda qolib ketayotgan tog‘larga tikila boshladim. Xayolimda esa alamli o‘ylar: “Men hayotimda nima yomonlik, nima gunohlar qildimki, qismat meni munchalar azoblaydi? Nima uchun birovlarga barcha eshiklar ochiq, menga esa – yopiq?.. To‘g‘ri, otam amaldor emas, onamning ham qo‘li ko‘p joylarga yetmaydi… Biroq men tirikjonman-ku?”
Shunda Termiz ko‘chalarida ko‘rgan bir afishani esladim. Unda yosh xonanda kulib turardi. Holbuki, u bir vaqtlar bizning ansamblda nog‘ora chalar, ovozi ham menikidan durust emas edi. Qolaversa, maktabda mening diplomatimni ko‘tarib yurar, men bilgan inglizcha, italyancha qo‘shiqlarni xirgoyi qilishimni, ya’ni o‘rgatishimni so‘ragani so‘ragan edi.
Men o‘shanda gitara chalish ham, qo‘shiq aytish ham shunchaki havas, har bir kishiyam bilsa ziyon qilmaydigan bir sifat, deb bilardim.
Bugunga kelib u shaharma-shahar konsert qo‘yib yuribdi. Men esamo‘sha-o‘sha…
Shunda xayolim bo‘lindi. Nazarimda, kimdir menga gap qotgandekbo‘ldi. Burildim. Bolali juvon menga tikilib turardi.
— Kechirasiz, bir nima dedingizmi?
— Ha, – dedi u g‘aribona bir tusda. – Nimadandir xafa ko‘rinasiz. To‘g‘ri, bu mening ishim emas-u…
— Yo‘g‘-e, sizga shunday tuyulgandir, — dedim.
— Ko‘zlaringizdan ko‘rinib turipti, og‘ajon. Aytib bering, yengil tortasiz.
— E, yo‘q, hech narsamas, – deb yana oynaga yuzlandim.
Yana olisdagi tog‘larga qaray boshladim-u, bu ayolning eshik og‘zida turib aytgan gapi yodimga tushdi: “Siz ancha pul to‘lagansiz, men bo‘lsam bebilet”.
Demak, haqiqatan ham bu – biletsiz, buning ustiga, bolasidan bo‘lak hech narsasi yo‘q. Demak, poyezdning pattasi — buning uchun bir “dunyo pul”.
Ey, buning eri yo‘qmi?
— Kechirasiz, biletingiz bo‘lmasa qanday chiqdingiz? Bizda biletsiz yuradiganlarni quyon deyishadi, — deb kuldim. Kuldimki, fikrimni tushunsin, xafa bo‘lmasin deb.
U hazilni tushundi shekilli:
— Meni melisalar o‘tkazvorishdi, – dedi.
— Melisalar-a?
— Ha, – uyalib kulimsiradi u. Keyin davom etdi, xo‘jayin bilan hamisha obshi vagonda yurardik, kupelisiga birinchi marta tushishim… Bundan burun xo‘jayin bilan Sariosiyoga qarindoshlarnikiga borib edik. Keyin yana poyezdga o‘tirib qaytdik. Bilsangiz, erim ko‘p ichadilar, buning ustiga bayram kelib qoldi. Xullas, poyezdga chiqqanlarida mast edilar. Biz provodnik bilan kelishib edik: pulini keyin o‘ziga bermoqchi bo‘ldik. Bor-yo‘g‘i sakson so‘m pulimiz qolib edi, shu bilan amallab uyga yetib olardik… Erim bo‘lsa, shu poyezddan aroq toptilar-da, yana icha boshladilar. Bekatga yetganda, biz tushdik, oyoqni yozish uchun. Xo‘jayin shunaqayam mast edilarki, hech narsani bilmasdilar. Duch kelgan odamni o‘pa boshladilar… Uydayam ichardilar, men ko‘nikibketgan edim, ammo yoida munchalik bo‘lmasdilar. O‘zlari quruvchi. Men u kishining taksichi bo‘lishini istardim: shunda kamroq icharmidilar…
— O‘zlari necha yoshda? — deb so‘radim.
— O‘ttiz sakkizda.
— Sizga zo‘rg‘a yigirma yosh berish mumkin.
— O‘n sakkizdaman, — deb kuldi u. Keyin yana sukut tortib qoldi. – Termizda melisalar opqolishdi u kishini. Qancha yalindim-yolvordim, yig‘ladim — qo‘yvorishmadi. Termizda men hech kimni tanimayman. Sherobodgacha yarim soatlik yo‘l bor… Shunday. Melisalar meni ichkariga chaqirishdi… — U chuqur xo‘rsinib oldi-da, yana davom etdi: — Erimning kissalaridan bir so‘m ham chiqmadi. Men bo‘lsam uyga yetib olishim kerak. Avtobus bilan… O‘zimda pul yo‘q, hech yerda ishlamayman. Bironta oshxonaga idish yuvadigan bo‘libmi, yer supuradigan bo‘libmi ishga kiradigan bo‘ldim. Lekin meni ishga olishmadi. Yosh bolam bor.
— Qarindoshlar bormi?
— Ha, biz bir ota-onadan sakkiz farzandmiz. Lekin juda kambag‘almiz. Shuning uchun biz — besh qizni yoshligimizdan erga uzatishdi. Akalarim uylanib chiqib ketishgan, ularni ko‘rmaganimga biryildan oshdi. Opam oldinlari uyimizga tez-tez kelib turardi. Keyingi kelishida butun taqinchoqlarim yo‘qoldi. Bitta uzuk va bitta sirg‘a — bular rahmatli onamdan yodgorlik edi. Opam ketganidan keyin bu narsalarning yo‘qolgani malum bo‘ldi. Keyin men uning uyiga borib edim, u meni haydab yubordi. Shundan keyin aloqamiz uzilib ketdi. Battar yashaging kelmay qoladi. Lekin mana shu qizchamni deb…
— Rostini aytsam, nima deyishgayam hayronman, — dedim. — Qarang, to‘qqiz bo‘layapti. O‘n minutdan keyin Sherobod… Vokzalga yaqin tursangiz kerak?
— O, yo‘q. Biz Sherobodning o‘zida turamiz. Yana Gagarinda. Ungacha o‘n kilometr bor…
— Menimcha, hozir avtobuslar yurmasa kerak, – dedim. -Sizning esa taksi pulingiz yo‘q. Ko‘chalar qorong‘i, mastlar ko‘p…
— Bir amallab yetib olarman, — dedi u. Nihoyat, eshikdan boshini suqqan provodnik:
— Stansiya Sherobod! — dedi.
Men o‘rnimdan turib, ayolning qizalog‘ini qo‘limga oldim. Va kupedan chiqib, yo‘l boshladim.
Miyamda alkash-chulkash o‘ylar: “Shunday parizod, o‘n sakkiz yashar parizod shunday xor-zor… – Perronda tushdik. Men unga juda achinar edim. Hatto: — Yuzta shoryor ham, quruvchi ham bir tola sochingizga arzimaydi, — ko‘nglimni toshtirib yuborayotgan boshqa gaplarni aytishni istardim: — Ey, singlim, hali ishga joylashasan, ering ichishni tashlaydi, opang taqinchoqlaringni qaytarib beradi… Eng muhimi, yaxshi kunlar kelishiga inon, shunda hamma narsa yaxshi bo‘ladi!” Biroq, hech narsa qila olmadim.
Poyezd bir-ikki minut turgach, signal berdi. Men cho‘ntaklarimni kavlab, bor pulimni chiqardim. Yuz so‘m ekan.
— Oling buni, — deb uzatdim.
— O, yo‘q, yo‘q, ololmayman, — dedi u.
— Oling axir, bu bolakayni ko‘tarib, o‘n kilometr yurish osonmi?
U baribir pulni olmadi. Men shahd bilan uning kurtkasi cho‘ntagiga pulni tiqib yubordim-da, jila boshlagan poyezdga chiqdim. U hech narsa deyolmay, tosh qotgancha qarab turardi. Bir-ikki qadam yurilmasdan uning ko‘zlarida yosh ko‘rdim. Poyezd uzoqlashib borar, kelinchak hamon tik qotib turardi. Nihoyat, ko‘rinmay ketdi. Men zinadan ko‘tarilib, vagonga kirdim.
Deraza yonidan o‘tarkanman, yana to‘xtab qoldim. “Ey, xudoyim, – deb o‘yladim favqulodda qandaydirengil tortib. — Fermer bo‘lolmaganim, hatto o‘zim sevgan qizga uylanolmaganim, shunchalar fojia ekanmi?
Nima bo‘lganda ham bu safarda nimadir qildim, to‘g‘rirog‘i, kimgadir foydam tegdi…
Demak, bekorga kelmagan ekanman. Ha… U boyaqish kelinchak menga bir so‘z aytolmagan bo‘lsa ham, ko‘zlarida minnatdorchilik yoshlarini ko‘rdim-ku…”
Termizga qilgan safarim shu tariqa tugadi.

7
Albomning oxirgi varag‘ini ochdim. Unda bironta ham surat yo‘q edi.
Albomni yopdim.
O‘zimning qisqagina umrim haqida o‘yladim. Va ayrim xulosalarga ham keldim…
Yaqinda oyim shkafdan eski shimimni topib, “uyda kiyib yur”, deb berdilar. Shimni kiyib, cho‘ntaklariga qo‘limni tiqsam, eski qopchiqqa tegdi. Uni chiqarib ochishim bilan Dinoraning telefon raqamiga ko‘zim tushdi. Balki u haliyam mening qo‘ng‘iroq qilishimni kutayotgandir? Axir, bu hayotda biron-bir narsani ham oldindan bilish mushkul-ku?
“Bugunoq, yo‘q, hoziroq sim qoqaman Dinoraga. Keyin ko‘chaga chiqaman”, deb o‘yladim.
Keyin albomni tag‘in boshidan tez-tez varaqlay ketdim – bu bir xazinadekbo‘lib qolgan edi: mana – men. Bu – onam, otam, sevimli buvim.
Bular – sinfdoshlarim, bunisi – Dinora. Mana Abror – Aborigen tog‘am.
Xolamni ham ko‘rgach, oxirgi betni ochdim. Ha, bunda hech qanaqa surat yo‘q.
Shunda birdan tushundimki, men hali oxirgi bekatga yetganim yo‘q…
Ajabo, bu betdagi birinchi surat balki mening bo‘lajak umr yo‘ldoshimniki bo‘lar, balki birinchi farzandimniki…
Boshda “men o‘layapman”, degan edim, endi esa “tirilayotganim”ni sezdim.
Demak, inson “o‘lar ekan” va “tirilar ekan”, biroq hayot, hayotning o‘zi abadiy ekan…