Yangi rusumdagi qora «Neksiya» kasalxona darvozasi yoniga kelib to‘xtadi. Qorovulxona ichkarisidan turib ochiladigan temir darvoza berk edi. Ichkarida bamaylixotir choy ichayotgan qorovul mashina haydovchisining «darvozani oching», degandek ketma-ket chalgan signaliga hatto e’tibor ham bermadi. Shundan so‘ng «Neksiya»ning orqa eshigidan o‘rta yoshlardagi mo‘ylovli, xushbichim, yengi kalta ko‘ylak kiygan kishi tushdi. Uning orqasidan tan qo‘riqchisiga o‘xshab nisbatan yoshroq, novcha bo‘yli sherigi ergashdi.
Mashinadan birinchi bo‘lib tushgan kishi qorovulxona oldiga bordi, bamaylixotir oyog‘ini tizzasiga chalishtirib o‘tirgan cholga salom berdi.
— Iltimos, mashina bilan kiraylik.
— Mumkin emas, — dedi qorovul.
— Iltimos, deyapman.
— Men, yo‘q deyapman.
Yigit cho‘ntagidan bitta ikki yuz so‘mlikni olib tuynukdan ichkariga cho‘zdi.
— Iltimos, kiritib yuboring.
— O‘zbekchani tushunasizmi, o‘zi. Mumkin emas, dedim-ku, — qorovul dag‘dag‘a qildi.
Yigit qo‘lidagi pulga yana ikki yuz so‘m qo‘shdi.
— Besh minutga kirib chiqamiz. Odamning sazasini o‘ldirmang, otaxon.
— Nima, meni sotib olmoqchimisan! Pulingni cho‘ntagingga solib qo‘y, — qorovul ko‘zlarini ola-kula qilib, «san»sirashga o‘tdi.
— I-e, i-e! Rahmat sizga, amaki! — Birdan tamomila yumshab gapirdi yigit qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib va yonidagi hamrohiga yuzlandi. — Qara, qanday halol odamlar bor.
— Bunaqa halol, sotilmaydigan odamlar juda kam, — dedi sherigi ham gap ma’qullab.
— Rahmat sizga! Yashang! Kam bo‘lmang! Sizning joyingiz bu yer emas, — dedi qorovulga mo‘ylovli kishi hamon qo‘llarini ko‘ksidan olmay. — Sizday odamlarning joyi katta korxonalarning rahbarligi, — keyin sherigiga qarab xuddi mo‘jizaga duch kelganday bosh irg‘adi. — Bunday kishilarni bemalol katta rahbarlik lavozimlariga ko‘tarsa bo‘ladi. Chunki ularning ko‘zi to‘q, duch kelgan odamdan bir nima undiray deya mo‘ltirab turmaydi. Qara, qanday ajoyib otaxon ekan. Eh, yoshlari bir joyga borib qolibdi-da, yosh bo‘lganlarida bormi, shu bugunning o‘zidayoq yaxshilab tafsifnoma yozib, kerakli hujjatlarini to‘g‘rilab yuqori bir lavozimga shaxsan o‘zim tavsiya etgan bo‘lardim.
Mo‘ylovli yigit oxirgi so‘zlarini alohida bo‘rttirib ta’kidladi. Uni jim tinglab o‘tirgan qorovul cholning chehrasi yorishib ketdi. Anchadan beri bunaqa yoqimli so‘zlarni eshitmagan edi. Qo‘li darvozani ochadigan tugmachaga qanday borib qolganini o‘zi ham sezmay qoldi.
— Mayli, juda zaril bo‘lsa, besh minutga kirib chiqinglar, — dedi u yigitlarga qarab alohida muloyimlik bilan.
— E, rahmat otaxon, — dedi mo‘ylovli yigit ichkariga mashinasi bilan kirar ekan va sherigiga shivirladi:
— Ha, sotilmaysan-a…