– Dadasi turing, tomda kimdir yuribdi, – onam dadamni turtdi. – Tirqishdan fonarning yorug‘i tushdi. Turing, erinmang. O‘g‘ri bo‘lmasin, tag‘in.
Dadam shoshilmay to‘nini yelkasiga oldi-yu chiqib ketdi. Yoshligimda o‘g‘ri haqida eshitsam, o‘takam yorilardi. Mening tasavvurimga niqob kiygan, bahaybat, qo‘rqinchli nusxa kelverardi. Dadamni o‘ldirib qo‘yadi, deb rosa qo‘rqdim. Uyg‘oqligimni hech kim sezmadi.
Dahlizning eshigi ochilib, dadam kirib keldi:
– Qochib ketdi. Tepada qo‘lga ilinadigan hech narsa yo‘q. Ertalab ko‘ramiz. Olsayam, to‘rtta kitobdan boshqa nimani olardi.
Bir narsani o‘ylardim. Otam kuchlimi yoki o‘g‘ri? Dadam gavdali odam bo‘lsa-da, o‘g‘ri kuchliroq tuyulardi, nazarimda.
Birozdan so‘ng dimog‘imga shirchoyning hidi urildi. «Uyg‘onishga» iymanib turgandim, «turing endi, o‘g‘lim» yo‘g‘on ovoz eshitildi. Shunday ohangda aytildiki, uyg‘oqligimni bilib turgandek. Men ham anoyi emas, uyqusirab boshimni ko‘tardim…
– Tur, Zokirjon, yuzingni yuvib kel, shirchoy ichasan, – dedi oyim.
– Men bilan birga chiqing… – dedim.
Dadam qo‘rqoqligimdan kulib qo‘ya qoldi.
Har doimgidek ro‘zani tong otguncha tutdim… Ertalab akam bilan choy ichdik. Akam mendan uch yosh katta. U hech nimadan qo‘rqmaydi. Doim tarafimni oladi. Faqat men bilan o‘ynashni uncha xush ko‘ravermaydi.
– Aka, dadam bugun tomda o‘g‘rini qo‘vib, ushlab olay dedilar. Xuddi ko‘rganday qilib aytganim uchunmi, akam chippa-chin ishondi. Ikkalamiz bugun yana o‘g‘ri kelsa, uni ushlaydigan bo‘ldik. Akam kuni bilan tuzoq tayyorladi. Sichqon tutadigan qopqonni qayerga qo‘yishni bilmay, ovoramiz chiqdi. Axiyri, kitob to‘la ikkita yashikning yaqiniga qo‘ydik. Chunki u yerda boshqa arzigulik narsa yo‘q edi-da. Kun botmay, hayajonga tusha boshladim. Qopqon o‘g‘rining oyog‘idan tutsa, sichqonga o‘xshab og‘zidan qon kelishini tasavvur qilardim. Iftorlik vaqti bo‘ldi.
– Dada o‘g‘ri o‘lib qolsa, qayerga ko‘mamiz? – deb, so‘radim dadamdan.
– Qopqoningizga tushsa, uni qo‘lga urgatib olamiz. U o‘lmaydi, – dedilar.
Akam bilan ikki kun o‘g‘rini kutdik. Kelmadi.
Yarim kechasi uyg‘onib ketdim. Eshik ochilib, kimdir tashqariga kitob bilan chiqib ketdi. Shovqinni eshitib hammamiz hovliga chiqdik. Akamning ortidan qolmay, men ham narvonga yopishdim. Tomning bir tomoni yopiq bo‘lgani uchun dadam o‘g‘rini tutib olgandi. Biz esa oldindan tayyorlab qo‘ygan kaltakni olib, yordamga bordik.
Dadam o‘g‘riga fonarni tutdi. Men uni tanidim! Bizdan ikkita hovli narida turadigan Ma’mura garangning akasi. Men Ma’mura bilan maktabda o‘qiyman. Birga o‘ynardik. Doim «mening akam olim», deb maqtanardi. Endi ko‘rsam, «akang o‘g‘ri» deyman.
– Ha, Qodirboy, tinchlikmi? – dadam qandaydir yumshoqlik bilan so‘radi.
– …
– Nima gap, gapiraver, tortinma. Yanada yumshoqroq gapirdilar. Ko‘rgan odam o‘g‘riga emas, o‘g‘liga gapirayapti, deb o‘ylardi.
– Rustam aka… manavi kitoblar kerak edi. Anchadan beri kitoblaringizni olaman. Lekin o‘lay agar o‘qiganlarimning hammasini qaytarib kelardim. Ikki kun oldin ham olgandim, mana, qaytarib keldim, – deb kitob to‘la yashikning yonidagi uch-to‘rtta kitobga ishora qildi. Dadam uni diqqat bilan tinglarkan, yaqinroq borib, qo‘lidagi asarlarni qo‘liga oldi.
– Chexovni o‘qiyapsanmi? Yaxshi yozadi, – deb qo‘lidagini kattaroq yashikning ustiga tashladi. Qodir aka biroz qizarinib, tasdiq ma’nosida boshini qimirlatdi.
– Yashikni ol!
– …
– Ko‘tarib ketolsang, hammasi seniki. Agar tomdan tushguncha, pastga qo‘ysang, otangni oldiga boraman… – dedi dadam jiddiy qiyofada.
Qodir akaning ko‘zlari yonib ketdi. Dadam «otangni oldiga boraman» degani uchun qo‘rqib ketdi, shekilli… U men o‘ylagan o‘g‘rining yarmicha ham kelmasdi. Qiltiriq. Novcharoq odam. Yashikni ko‘tarayotganda beli sinib ketadi, deb o‘yladim. Bu voqea ayniqsa, men uchun tekin tomosha bo‘layotgandi. Lekin Qodir aka kutilmaganda yashikni dast ko‘tarib oldi-da, qo‘shni cherdakka o‘tib ketdi. Dadam uning chalkashib borayotgan oyoqlariga shunday bir nigoh bilan qaradi-ki…
Alamdan yig‘lab yuborishimga sal qoldi. Chunki dadam o‘g‘rini qo‘yib yuborgandi-da!
– O‘g‘rini qo‘yib yubordilar, – pastda xavotir olib turgan onamga to‘ng‘illadim. Gapimni eshitib turgan dadam menga bir ola qarash qilgandi, qaytib og‘zimni ochmadim.
– Nima gap, dadasi? Kim ekan u?
Dadam biroz xayolga berilib, ko‘rpachaga cho‘kdilar.
– Qodir. Hamdam akaning o‘g‘li. Kitob jinnisi ekan. Bir yashik kitobni berib yubordim, endi bezovta qilmaydi, deb kulib qo‘ydilar. Hammamiz yotdik. Lekin mening uyqum kelmadi. Saharlikkacha ozgina vaqt qolgani uchun onam o‘choq boshiga ketdi.
– Zokirjon, Qodir akangiz o‘g‘ri emas. O‘g‘il bola chaqimchilik qilib, bunaqa gaplarni hammaga aytib yurmaydi, tushundingizmi?
Dadamni o‘sha so‘zlarini tushunganimga o‘n to‘rt yil bo‘ldi. Yaqinda qishloqqa bordim. Ertalab onam uyg‘otdi.
– Dadang ta’ziyaga chiqib ketdi. Tur, senam mana bularni kiyib, Ma’muralarnikiga o‘t-da, xizmat qil, – dedi oyim. Yonimga bir to‘n bilan qalpoqni tashladi. Kim qazo qilganiga tushunmay, onamga savol nazari bilan qaradim.
– Qodir malim o‘tibdi. Yuragi kasal ekan, shifoxonadan qaytaribdi deyishuvdi, oqshom uzilibdi.
Qodir akani yoshi o‘ttiz uchda edi. O‘sha tomda kitob olayotganda tutib olgan yilimiz maktabni tugatib, o‘qishga kirgandi. Keyinchalik qishlog‘imizga kelib, til-adabiyotdan dars bera boshlagandi. Kasalmand ekanini eshitgandim-u hali o‘lishiga ishongim kelmasdi.
Ta’ziyada odamlar marhumni yaxshi gaplar bilan eslashdi. Qodir akani chiqarib kelganimizdan so‘ng, uch-to‘rtta keksalar bilan hovli chetidagi chorpoyada o‘tirdim.
– Hamdamning uli o‘ladigan yigitlardan emasdi. Bunga ko‘z tegdi. Eshitishimcha, maktab bolalarining hammasi Qodir malimning sinfiga o‘tamiz, deb janjal qilisharkan, – deb Rahim bobo sovib qolgan choyini ho‘pladi.
– Kasalxonadayam oxirgi safar bir hafta yotipti. Haftada o‘nta kitob o‘qib chiqipti. Jiyan yomon ko‘p o‘qisiydi, – deb ko‘ziga yosh oldi Nasim amaki.
Ochig‘i, bu gaplarning rost yoki yolg‘on ekanidan xabarim yo‘q.
Negadir xayolimdan, pochasi shimarilgan, ozg‘in oyoqlari qaltirab, gavdasi u yoqdan bu yoqqa borib kelayotgan Qodir akaning qiyofasi ketmasdi…