Muslimov boshliqning xonasiga kirib kelganida, boshliq allaqanday qog‘ozlarga g‘arq bo‘lib o‘tirardi.
— Chaqirtirgan ekansiz, Axmad Aliyevich, —dedi tavoze bilan Muslimov va ruxsat so‘ramay stulga o‘tirdi. — Masala muhimmi yoki shunchaki…
— Muhimmas, dolzarb, — dedi Axmad Aliyevich qog‘ozdan bosh ko‘tarmay. — Bizga mukofot ajratilibdi, yuqoridan! Choraklikda davomadimiz yaxshi bo‘lgan ekan. Sizningcha kimlarga bersak to‘g‘ri bo‘ladi?
Muslimov g‘imirlab qoldi.
— O‘ziyam, bu choraklikda xodimlarimiz juda faol ishlashdi. Hammasi mukofotga loyiq.
— Gapni umumiy qilmang, Muslimov, — dedi Ahmad Aliyevich stolni tiqirlatib. — Masalaga konkret yondashing! Mukofot hammaga yetmaydi. Sizningcha, kimlarga bersak bo‘ladi, shundan gapiring!
— Ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Hakimovga, muhandis To‘xtayevga, hisobchi Faya opaga, iqtisodchi Xoltoyevaga…
— O‘tlamang! Yon bosish bo‘lmasin! Bularingizning bari progulchi! Birovi kech keladi, birovi erta ketadi. Hakimovingiz bo‘lsa, bilmadim nima bilan shug‘ullanadi? Kecha tushlikdan keyin ishxonada hech kimni ko‘rmadim.
— Nimaga endi, hamma shu yerda edi…
— Qani bo‘lmasa chaqiring-chi, o‘sha hammani… To‘xtang, Go‘zalxon chaqiradi. Go‘zalxon besh minutga odamlarni bu yerga chaqiring!..
Jamoa birin-ketin kirib kelishdi. Hamma kelib bo‘lgach, Ahmad Aliyevich yuziga tundlik alomatini zohir etib gap boshladi.
— Sizlarga bu gapni aytishim noqulay, — dedi ko‘zini derazadan uzmay. — Kecha, aniqrog‘i, tushlikdan so‘ng kostyumimni yechib, ana shu stulning suyanchig‘iga ilib, o‘zim bir ish bilan tashqariga chiqib ketgandim. Cho‘ntagida bir, ikki so‘m pul bor edi. Qaytib kirsam, kostyum joyida, lekin pul yo‘q. Shuning uchun sizlarni chaqirdimki, mabodo… Yo‘q-yo‘q men sizlardan gumon qilayotganim yo‘q, mabodo…
Xona sukunatga cho‘mdi. Ko‘zlar bir-biriga shubha bilan boqdi. Pichir-pichir boshlandi. Ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Hakimov o‘ziga tikilib turgan muhandis To‘xtayevning ko‘k ko‘zlariga qarab, beixtiyor:
— Rafiqjon siz menga unaqa qaramang, —dedi bezovtalanib. — Birovning cho‘ntagiga kunim qolmagan haligacha!
O‘g‘irlik ustida qo‘lga tushgan odamdek, To‘xtayev cho‘chib tushdi.
— Ey, sizga qarab ham bo‘lmaydimi? Boring u yoqqayey!
Hakimov asabiylashdi.
— Bir qarayapsizki, odamni teshib yuboray deysiz! Xuddi pulni men o‘g‘irlaganmanu siz quruq qolganday! Axborotingiz uchun men kecha tushlikdan keyin ketganman. Bojam yubileyini qilayotgan edi, o‘shangga ketganman.
— Men sizni o‘g‘ri deyayotganim yo‘q-ku Chinpo‘lat aka! Kecha men ham tushlikdan so‘ng bu yerda yo‘q edim. Xotinim yangi bo‘shanganini hamma biladi. Kecha shuni olib chiqdim. Ehtimol, Go‘zalxon bilar, qabulxonada paypoq to‘qib o‘tirgan edilar. Begona odam darrov bilinadi-ku! — Go‘zalxon, kecha mabodo birorta begona kishi…
Poygakda o‘tirgan kotiba qiz Go‘zalxon hayajonlanganicha o‘rnidan turdi.
— Men-men… Yo‘q-yo‘q… Begona kishi kelgani yo‘q, — dedi oppoq qo‘lchalarini bir-biriga ishqalab. — Men kecha tushlikdan keyin yarmarkaga tushgandim. Eshmat akamla keluvdila-da, shunga… U kishi begona emas-ku. Bu yoqqa chiqqanlari ham yo‘q, pastdan telepon qildila, telpon bilan o‘g‘irlik qilib bo‘lmaydi-ku?!Eshmat akam bilan yurganimizni mashinistkamiz Zuxra opa, kassirimiz Galya opa va Mo‘tti opalar ko‘rishdi. Galya opa, o‘zingiz bir nima deng! Bula mani o‘g‘ri qilyapti! Man tushib ketayotganda Sulton aka bilan Karim aka xonasida gaplashib o‘tirishgan edi.Karim aka menga “ha, svidaniyagami?” deb ham qo‘ydila…
— Go‘zalxon, gumon iymondan ayirar, degan gap bor, qizim, – dedi Karim aka ko‘zoynagini asabiy tarzda to‘g‘irlab olarkan. — Sen, qizim, bizlarni tushlikdan oldin ko‘rgansan. Kecha Sulton akang shaxmatdan yutqazgani uchun menga pivoga tushgan. Shunga ikkimiz sal vaqtliroq quyonni rasmini chizganmiz. Eson tog‘aga “yuring” dedik, u kishi “ishim bor” deb unamadi… Eson tog‘a, o‘ziz ayting bularga, kecha shunaqa gap bo‘luvdimi?
Eson tog‘a beparvo odam. Shuning bilan birga halol. U kishidan gumon qilmasa ham bo‘ladi.
— To‘g‘ri, sizlarni ko‘ruvdim, — dedi Eson tog‘a yer chizib. — Sizlar ketgandan keyin eshiklarni tortib-tortib ko‘rdim. Hamma eshiklar berk ekan. Shundan keyin men ham o‘zimni ishimga ketdim-da.
Eson tog‘aning gapi masalaga nuqta qo‘ygandek bo‘ldi. Lekin Ahmad Aliyevich yana zug‘umga oldi.
— Demak, kecha tushlikdan so‘ng bu yerda hech kim bo‘lmagan, mendan boshqa! Mening xonamga ham hech kim kirmagan, shundaymi?
— Shunday, shunday, — dedi Eson tog‘a beparvolik bilan.
— Eson aka, — dedi Ahmad Aliyevich qo‘lini bigiz qilib, — siz shunday deysiz-ku, boshqa sayyoradan kelib mani cho‘ntagimni shilib ketmagandir! Muslimov, daromad yaxshi deb chirangani-chirangan! Yana bularga mukofot ham beraman deydi! — Ahmad Aliyevich yana uzoq gapirdi. Lekin o‘g‘ri topilmadi. U Muslimovga “siz qoling” deb boshqalarga ruxsat berdi.
Muslimov o‘sal bo‘lgandek boshini xam qilgancha o‘tiraverdi. Ahmad Aliyevich o‘sha tundlik bilan:
— Siz ana shunday dangasalarga mukofot beraman deysiz! — dedi.
— Men bunaqa bo‘lganini qanday bilay, Ahmad Aliyevich, — dedi gunohkorlarcha g‘uldirab. — Kecha o‘zim ham tushlikdan keyin yo‘q edim.
— Ana, hatto o‘zingiz ham mukofotga loyiq emassiz! Mayli ketavering!..
Muslimov o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi va eshik tomon yo‘nalarkan:
— Yaxshi ish bo‘lmabdi, Ahmad Aliyevich — dedi mayinlik bilan. — O‘g‘irlangan pulingiz ko‘pmidi?
— Ko‘p-kamligini mukofotni olgandan keyin bilamizda, Muslimov, — dedi Ahmad Aliyevich, mug‘ombirona jilmayib.
RO‘YXAT
Tushlikdan qaytib endi xonamga kirgan edim, bosh muharririmiz O‘sar Keldiyev chaqirib koldi.
— O‘tir qani, bu yerga! — dedi tajang bir qiyofada. Tajangligini ko‘rib “bugungi sonda navbatchi edim, biror jiddiy xato o‘tib ketibdimi”, degan xayolga borib, ruhiyatim cho‘kdi. — Sen bolani deb qachongacha gap eshitaman-a? Tinchgina maqola-paqolangni yozib yursang, biror joying kamayadimi? Yo hajviya yozmasang uyqing kelmaydimi?
— Biror gap bo‘ldimi, O‘sar aka?
— Dard bo‘ldi! Kechagi “Kalamush”ingdagi familiya “Zagotzerno” boshlig‘ining familiyasi bilan bir xil ekan-ku. O‘shani Eshmatov emas, Toshmatov desang sazang o‘larmidi yo birov yoqangdan olarmidi? Hajviyada ketaverardi.
— U kishini umuman xayolimga keltirganim yo‘q edi, —dedim o‘zimni oqlamoqchi bo‘lib. — U kishiyam qiziq ekan. U bir hajviya. Maqola bo‘lsa boshqa gap — fakt deb da’vo kilsa bo‘lardi.
Keldiyev jiringlagan telefon go‘shagini “chakaging o‘chsin,” degandek shart ko‘tarib tashladi. “Hozir mening ham boshimga telefonning kuni tushadi”, deb o‘yladim.
— Mana shu Do‘lanboy Eshmatov bo‘lmaganida o‘tgan yilda birorta ham sonimiz chiqmasdi. Hamma qog‘ozlarimizni shu kishi ko‘targanidan xabaring bor edi-ku! — Keldiyev bir oz hovuridan tushganday bo‘ldi. — Sen aytgan gapni men ham u kishiga aytdim. Lekin bundan nima foyda? Bunaqa gaplarni u kishi bilmaydi. Rahbar odam maqola bilan hajviyaning farqini qayoqdan bilsin!
Meni gunohkorlarday yelka qisib o‘tirganimni ko‘rib yanayam yumshadi. Peshonasini qashib-qashib, dedi
— Sen bitta ro‘yxat qil!
— Qanaqa ro‘yxat? — dedim boshimni ko‘tarib.
Keldiyev aytadigan gapini obdan pishitib oldi, chog‘i.
— Tumandagi barcha rahbarlarning ism-familiyasini bitta ro‘yxatga tizib chiq, keyin shu ro‘yxatni stolingdagi oynaning tagiga qistirib qo‘y. Hajviya yozmokchi bo‘lsang shu ro‘yxatga kirgan familiyalardan foydalanmaysan uqdingmi! — dedi.
Bir hafta deganda so‘rab-surishtirib ro‘yxatni tuzdim, Keldiyev aytganiday stolimdagi oynaning tagiga solib qo‘ydim.
Oradan bir -bir yarim oylar o‘tgach, Keldiyev yana chaqirib koldi.
— Ilyosjon, ro‘yxatingda Eshmatov bormidi? — dedi tirjayib
— Nimaydi? — dedim yana birorta nojo‘ya ish qilib qo‘yibmanmi, degan xayolga borib.
— Sen undan hajviyalaringda foydalanishing mumkin. Haqiqatan kalamush ekan u. Bugun po‘stagini qoqib, ishdan olishdi. Hamma yoqni kemirib tashlagan ekan.
— Uning o‘rniga kim bo‘ldi? — dedim men ham pishiqlik qilib.
— Abdiqul Valiyevich Vahobovni ro‘yxatingga yozib qo‘y, — dedi Keldiyev nim tabassum bilan.