Navqiron graf Alber de Renar, nihoyat, latofatli Jozefinaning o‘z-o‘zidan nafratlanish sababidan voqif bo‘ldi.
Jozefina haqida bundan ikki oy muqaddam grafning ishratparast do‘sti Sharl so‘zlab bergandi.
«Do‘stim Gi, shu kecha qaysi jononning qo‘ynida kayfu safo qilganimni bilasanmi?» – deya mamnun kerishdi u. – Bir nozaninki, bunaqasi Parij u yoqda tursin, butun olamda yo‘q, ha, ishonaver. Misoli endigina ochila boshlagan muattar bir g‘uncha!»
Graf Alber mashhur yozuvchi Gi de Mopassanga judayam o‘xshab ketardi. Buning ustiga graf yozuvchiga chinakam ixlos qo‘ygan, uning har bir asarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilib boruvchi samimiy muxlislaridan edi. Shu bois bo‘lsa kerak, ayrim do‘stlari hazillashib uni yozuvchining nomi bilan chaqirar edilar. Bu esa grafga judayam yoqib tushardi, albatta.
Graf do‘stining gapiga unchalik e’tibor qilmay – u fahshona sarguzashtlarni uncha xush ko‘rmasdi – suyukli adibining «Hayot» romanini berilib o‘qib o‘tirardi.
«Shu kitobingni birpas qo‘ysang-chi a, oshna! Mopassanni ming marta o‘qigansan-ku, bading-ga urmadimi, axir?!» – do‘stining gapiga e’tibor qilmaganidan jig‘ibiyroni chiqdi Sharlning. – «Hay, inson! Men senga Jozefinaning qandog‘ligini gapirib bermoqchiman-a!»
«So‘zlayver, Sharl, so‘zlayver.Ko‘zim kitobda bo‘lgani bilan qulog‘im senda», – dedi osonlikcha do‘stining chakagini yopib bo‘lmasligini yaxshi anglab turgan graf yengil xo‘rsinib.
«Oh, Jozefina! – deya huzurbaxsh tin oldi Sharl. – Ofatijon qizgina!Endigina o‘n yettiga kirgan ekan-a, bilsang! Shunaqangi iymanchoq va hurkak nozanin ekanki, asti qo‘yaverasan. Murodingni hosil qilgach, go‘zal tiniq chehrasini birpas qo‘llari bilan berkitgancha o‘ksib-o‘ksib yig‘lab olar ekan bechora».
«Ha endi yangilardan bo‘lsa, islovatxonaga ko‘nikolmayotgandir-da, – deya o‘qishdan to‘xtamay ming‘irlab qo‘ydi graf beparvolik bilan. – U yerga tushgan hamma qizlar ham boshida shunday bo‘lishadi: avval uyalishadi va nomus qilishadi. Asta-sekin, vaqt o‘tishi bilan taqdirga tan berishib, ko‘nikib ketib, qarabsanki, bir kuni ajoyib fohishaga aylanishadi».
«Ha, gaping to‘g‘ri, oshna, ammo men bunaqasini avvallari hech uchratmaganman-da. «Nega yig‘layapsan? Biror joying og‘riyaptimi yo senga qo‘pollik qilib, qiynab qo‘ydimmi?» – dedim sal cho‘chib.U bo‘lsa, ko‘z yoshlarini yengi bilan tezgina artib, chuqur xo‘rsindi-da, «O‘zim shunchaki» deya jilmayib qo‘ydi.
Jozefina tashqariga chiqqanida, yostig‘i tagidan uning kundaligini topib oldim. Daftarda g‘alati-g‘alati gaplarni yozib tashlabdi: «O‘zimni-o‘zim yomon ko‘rib ketyapman. Har kuni shu iflos ishdan keyin o‘zimdan nafratlanib, dunyoga sig‘may qolaman. Hamma-hammasiga o‘sha sababchi. Uni qanchalar sevar edim-a! Uni bamisoli pokdomon bir farishta deb o‘ylab yurardim. Keyin bilsam, u tamoman boshqacha odam bo‘lib chiqdi! Orzularimni chil-chil sindirdi! Undan o‘ch olish niyatida shu yo‘lga kirib qoldim. Shu iflos ishni qilib, rasvo bo‘ldim! Yo rabbiy! Qandog‘ ulug‘ gunohga botdim-a?! O‘zing kechir meni?!»
Bilasanmi, bu gaplarni o‘qib, biroz g‘alati bo‘lib ketdim, do‘stim.
Qiz bechoraning nima uchun bunday gaplarni yozganini surishtirsam, eski yarasini yangilab qo‘yamanmi deb istihola qildim.
«G‘alati qiz ekan-ku, a?!» – eshitilar-eshitilmas shivirladi ko‘zlari toliqqan graf o‘qishdan to‘xtab.
Sharl ketgach, Jozefina grafning xayolidan ketmay qoldi. U bundayin bebaxt, beva-bechoralarga beparvo emas edi.Ularga dildan achinar, kezi kelganda qo‘lidan kelgan ko‘magini ayamas edi.
Graf Jozefinani ham ilojsiz bebaxtlar qatoriga kiritgandi.
Baxtiqaro bechora qiz! U kimni bunchalar pokdomon farishta deb o‘ylab, qattiq sevib qoldi ekan-a?! Sevgilisi unga nima yomonlikni ravo ko‘rdiykin-a? Undan o‘ch olish uchun shu iflos ishga qo‘l urdim deb o‘zidan nafratlanibdi. Ishontirib aldab, tashlab ketdimikin? Yo xiyonat ko‘chasiga kirdimikin? Qizgina o‘zidan nafratlanibdimi, demak, hali vijdoni bor ekan-da?!
Mutaassir graf hali zikr qilganimizdek, diydasi yumshoq, kuyinchak inson bo‘lgani bois tuyg‘ulari erta xazon bo‘lgan, biroq vijdoni uyg‘oq bu baxtiqaro qizga ich-ichidan achinib ketdi. Kimdan, nima uchun bunchalar ayovsiz nafratlanishi sababini bilishga juda ham qiziqib qoldi. O‘ylay-o‘ylay, Jozefina bilan tanishib, u bilan biroz bo‘lsa-da, suhbatlashib ko‘ngliga qo‘l solish istagi tug‘ildi grafda.
Oradan uch kunlar o‘tib, buni qarang, kutilmaganda grafning niyati o‘z-o‘zidan amalga oshsa bo‘ladimi?!
O‘sha oqshom graf Yelisey maydonida aylanib yurganida ketvorgan bir do‘ndiqcha bilan qo‘ltiqlashib yurgan Sharlga duch kelib qoldi.
– Ana, ana u! – deya ayyorona nigoh ila sekin ishora qilib grafning qulog‘iga shivirladi Sharl chetdagi o‘rindiqlarning birida yolg‘izgina xayol surib o‘tirgan, yaxshigina kiyingan qizginani ko‘rsatib.
– Kim u? – hayron bo‘ldi graf.
– Tunov kuni senga gapirib berganim o‘sha ofatijon Jozefina-da! Nima balo, darrov esingdan chiqib ketdimi? Mopassanni o‘qiyverib, xayoling parishon bo‘lib qolganmi deyman? – ajablangan bo‘ldi Sharl.
– E, ha, bu o‘sha qizmi?
Sharlning betoqat yangi xushtori ikki oshnaning gaplashib olishiga izn bermadi. «Yigiti»ning yengidan sekin tortib, ayni chog‘da qayerga shoshib turganlarini esiga soldi shekilli, Sharl noiloj grafdan uzr so‘rab, do‘ndiqchasi bilan tezda bu yerdan jo‘nab qoldi.
Graf nima qilish kerakligini birpas o‘ylab turdi-da, so‘ng yo‘lning u betiga o‘tib, olti-etti qa-dam beridagi Jozefinaga qarama-qarshi qo‘yilgan o‘rindiqqa borib o‘tirib, oyoqlarini chalishtirgancha sigara tutatib, qizni shu yerdan kuzata boshladi.
Jozefina tunlari ko‘proq xizmat ko‘rsatar, yosh va go‘zal bo‘lgani bois undan mijoz arimas, islovatxona bekasi buning ortidan mo‘may pul ishlab olayotgani uchun kunduzlari uning ra’yiga qarab sal erkin qo‘yardi. Jozefina g‘ala-g‘ovur Parijni bir aylanib chiqqach, oqshom cho‘kar mahali bir soatgina shu yerga kelib dam olib ketardi. Boya u bu yoqqa kelishda kitob do‘konidan Balzakning «Gorio ota» romanini xarid qilgandi. Yelisey dalasining bir chekkasida eman ostidagi o‘rindiqqa cho‘kib, har xil o‘ylarni boshidan quvish maqsadida kitob mutolaasiga kirishgandi.
«Bu qizgina o‘zini go‘yo oqsuyak kiborlardek odob-axloqli kitobsevar qilib ko‘rsatmoqchimi yo chindanam kitob o‘qishga ishqibozmikin?» – deya xayolidan o‘tkazdi graf.
O‘qishdan ko‘zi toliqdimi yo biroz zerikdimi, Jozefina kitobni yopib, boshini ko‘tardi. Shunda graf qizning qayrilma kiprikli shahlo ko‘zlarida, kulgichli latif, tiniq chehrasida bolalarga xos hayrat va ma’sumlik mavjudligini payqab qoldi.Graf qizning kitobni o‘zini ko‘rsatish uchun emas,chindan mutolaa qilayotganiga inondi. «Nahotki, shunday ma’suma fohisha bo‘lsa-ya?!» – deya unga achinib ko‘nglidan o‘tkazdi u. Nima majbur qildiykin uni shu yo‘lga kirishga? Nafrat! O‘ch olmoq! Kimdan?Ni-ma uchun?» Bu mavhum savollarga javob topish yosh graf uchun boshqa yumushlardan ko‘ra muhimroq bo‘lib qolgandi bugun.
U asta o‘rnidan turib, sekin odimlab, boshginasini ekkancha tag‘in mutolaaga sho‘ng‘igan qiz tomon yurdi.
– Yoningizda birpas o‘tirsam maylimi, madmuazel?
Jozefina kitobga berilgani bois notanish janobning yoniga yaqinlashganini sezmay, uning kutilmagan ijozatidan bir cho‘chib tushganday bo‘ldi. U ko‘zlarini pirpiratgancha bir yutinib olib:
– Marhamat, marhamat, mse! – dedi o‘rnidan turib ketishga chog‘lanarkan.
– E-e, o‘tiring-o‘tiring, – deya uzrnamo kulimsiradi graf. – Xalal berganim-chun kechirgaysiz?
– Yo‘q-yo‘q, uzr so‘rashning hojati yo‘q, janob, – dedi Jozefina ovozi sal titrab grafga boshdan-oyoq bir razm tashlarkan. Qochib yurgan yoki ta’qib qilib yurgan kishisiga to‘satdan duch kelib qolgandek Jozefinaning yuzi biroz oqarinqirab ketganday bo‘ldi. «Nahotki bu o‘sha bo‘lsa?!» – deya yashin tezligida xayolidan o‘tkazdi u. – Yo‘g‘-e, nimalar deyapman o‘zi? U sal to‘laroq edi. Bu esa ozg‘inroq, bo‘yi ham biroz uzun ekan. Faqat unga judayam o‘xshab ketar ekan.
Jozefina grafni adib Mopassanga o‘xshatgan edi.
– Ijozatingiz bilan o‘zimni tanishtirsam, madmuazel, – dedi yigit kiborona odat bo‘yicha samimiylik bilan, – Graf Alber de Renar.
«Mademuazel, – deya ichida mahzun xo‘rsinib shivirladi Jozefina. – Qaniydi shundoq bo‘lsa? Bu janob allaqachonlar madamga aylanib bo‘lganimni bilarmikin? Qaniydi bilmasa!»
– Ijozatlari bilan bilsak bo‘ladimi: mademuazel qanday kitob o‘qiyaptilar? – deya nim tabassum ila so‘radi graf qizni suhbatga tortish maqsadida.
Jozefina kitob muqovasini ko‘rsatgan edi, graf voajab deganday qoshlarini ko‘tarib:
– O! Onore de Balzak-ku! – dedi hayratlangan ohangda. Jozefina unga javoban ana shunaqa deganday jilmayib qo‘ydi.
– Nima, siz janob Balzakning muxlislarimisiz?
– Janob Balzakning muxlisalari bo‘lmasam-da, yozuvchining uch-to‘rtta kitobini o‘qib chiqqanman, – kamtarona javob qildi Jozefina.
– Ha, durust-durust, – deya bosh chayqab qo‘ydi graf.
Graf Alber go‘yo didiga mos suhbatdosh topgandek, o‘z-o‘zidan zavqu shavqqa to‘lib, Balzak ijodi, asarlari haqida mamnuniyat bilan so‘zlab qizning og‘zini ochirib qo‘ymoqchi bo‘lgandi, u gapini endi tugatgan hamono bilganingiz shumi xalos deganday Jozefina adibning «Evginiya Grande» asarini bilimdon adabiyotshunoslardek shunaqangi chiroyli tahlil etib berdiki, sira kutilmagan bunday ajabtovur holdan qaytanga grafning og‘zi ochilib qolayozdi.
Shu payt ularning oldidan po‘rim kiyingan bir jonon Jozefinaga qandaydir imo-ishoralar qilib o‘tib ketdi. Buni graf sezmay qoldi. Bu juvon islovatxona bekasining iskovuchlaridan bo‘lib, sayrga chiqib ketgan fohishalarning qadamini kuzatib, har kech bekaga maxfiy xabar yetkazib turardi.
Bu imo-ishoralarning ma’nosi quyidagicha edi: «Puldorroq mijoz topgan bo‘lsang, uni qo‘ldan chiqarma! Cho‘ntagida bir miri yo‘q mirquriqlardan bo‘lsa, u bilan ko‘p valaqlashmay, tezda ishratxonaga bor. U yerda seni boshqa puldor mijoz kutayapti».
– Ming bora uzr, graf, bir dugonamnikiga tug‘ilgan kunga ziyofatga aytilgan edim, – deya o‘rnidan qo‘zg‘aldi Jozefina ko‘zlarini yigitdan olib qochib.
– Mayli-mayli, hech bir uzr so‘raydigan joyi yo‘q, xonim. Aytilgan joyga, albatta, vaqtida borish lozim, – iltifot qildi graf. – Siz bilan tuzukroq tanishmadik ham. Ismingizni ham aytmadingiz. Shundoq dilbar qizning ismini bilmay ketish men uchun katta muvaffaqiyatsizlikdek bir gap.
O‘ziga berilgan ta’rifdan yonoqlari biroz qizargan qizgina ovozi sal titrab, uyalgannamo ohangda ismini aytdi.
– Jozefinami?! O, naqadar chiroyli ism! Jisminggizga judayam mos ekan! – iqror bo‘ldi graf.
– Tashakkur, minnatdorman, janob, – yengil ta’zim qildi Jozefina.
– Siz bilan ertaga ko‘risharmikanmiz? – dedi graf umidvor ohangda.
– Balkim, nasib qilsa, uchrasharmiz, – siniq jilmaydi qiz.
– Bilasizmi, ertaga xuddi shu vaqtda men sizni shu joyda kutaman, Jozefina, – Kelasiz-a?
Jozefina xo‘p deganday kulimsirab, graf bilan xayrlashdi.
Yaqin kelajakda yaxshigina adabiyotshunos yoki muallima bo‘lishi mumkin bo‘lgan, ba’zi oqsuyak nozik xonimchalarga qaraganda teran fikrli, fasohatli qizning manfur fohishaxonaga tushib, yosh umrini iflos to‘shakda xazon etayotganining boisi nimada ekanligi grafni qattiq o‘ylantirib, diqqatini oshirib qo‘ygan edi.
Jozefina islovatxonaga qaytgach, ovqatlandi-da, ketidan paydar-pay ikki qadah may sipqordi. Birpasdan so‘ng shirakayf holda o‘zini tungi mijozi og‘ushiga topshirar ekan, ko‘zlarini chirt yumgancha uning o‘rnida graf Alberni tasavvur qildi… Mijozi turib ketgach esa har kungidek o‘zidan nafratlanib, achchiq-achchiq yig‘ladi.
Graf Alber bugun oqshom Parijning taniqli aslzodalaridan birinikiga balga taklif etilgan edi. U yerda tanish-bilishlar bilan ko‘ngil qongancha chaq-chaqlashib,paydar-pay shampan ichishib, rosa maza qilishdi. Nafis liboslarda gul-gul yonib turgan nozik badan xonimchalar bilan raqsga tushaverib, Jozefinani ham, u bilan bo‘lgan bugungi uchrashuvni ham unutayozdi.Baldan keyin do‘stlari uni karetada uyiga eltib qo‘yayotganlarida yo‘lda ko‘zlari yumila-yumila mudrab keldi. Grafning yaxshi xislati: ichsa, boshqalarga o‘xshab ezmalik yoki to‘polon qilmas, darrov uxlab qolardi.Uyga ko‘p ichib, kech qaytgani boismi, ertasiga tushga dovur dong qotib uxladi.
Jozefina yig‘lab g‘ussaga botganligi uchun boshi og‘rib, to tungi soat uchgacha ko‘ziga uyqu ilinmadi. Uyqu dori ichgandi, boshining og‘rig‘i bosilib, qizarib toliqqan ko‘zlari pinakka ketdi. U ham xuddi graf tsingari to peshingacha dong qotib uxladi.
Ertasiga kech soat beshlarda Jozefina yurakkinasini hovuchlagancha Yelisey maydoniga yetib kelsa graf Alber o‘z va’dasida turib, kechagi joyga undan sal oldinrok kelib, «Frantsuz hayoti»ning yangi sonini o‘qib o‘tirgan ekan.
Jozefina o‘zining nima ish bilan shug‘ullanishini grafdan qat’iy sir tutishga ahd qilgandi. Graf ham o‘zini soddalikka olib, uning kim ekanligini, to ko‘ngliga qo‘l solib, sirlaridan to‘liq voqif bo‘lmaguncha yuziga solmaslikka qaror qildi.
Samimiy ko‘rishuvdan so‘ng suhbat bugun ham adabiyot va san’at xususida kechdi.
Graf Jozefinani restoranga tamaddi qilishga taklif etdi. U yerda ham yaxshigina suhbatlashib o‘tirishdi.
Shundan keyin ular har kuni bo‘lmasa-da, kun ora uchrashib turadigan bo‘lib qolishdi. Kun o‘tib, bir-birlariga nisbatan asta-sekin iliqlik va mehr uyg‘ona bordi.Ikki oylik uchrashuv-u, suhbatlar do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlab, o‘zlari kutmagan holda bir-birlariga ko‘ngil qo‘yishlariga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, graf qizning fohishaligini ham tamoman unutgandek, unga qattiq bog‘lanib qolgandi.
Bir gal graf uyingiz qayerda deganida, ertasiga Jozefina uni besh oy muqaddam vafot etgan xolasining kimsasiz uyiga boshlab bordi.
U qishloqdan kelganida, bir yildan sal oshiq muddat beva xolasinikida yashagan edi. Bola-chaqasi bo‘lmagani-chun xolasi vafotidan sal oldin uy-joyi va mol-mulkini jiyani Jozefinaga meros qilib qoldirgandi. Jozefina ishratxonada istiqomat qilsa-da, kun aro uydan xabar olib turar, oqsoch yollab, uyni odam yashaydigandek qilib qo‘ygandi. Hamma yoq chinnidek yarqirab turgan saranjom-sarishta bu xonadon Jozefinaga tegishli ekanligiga graf biroz shubha ham qildi. Ichkari xonadagi uch javondan iborat kutubxona grafning gumonini tarqatganday bo‘ldi. U yerda Gyugo deysizmi, Flober deysizmi, Balzak deysizmi, Dyuma deysizmi, Stendal deysizmi, Zolya deysizmi yana qancha taniqli va mashhur frantsuz adiblarining tom-tom kitoblari did ila terilgan edi. Faqat negadir u joyda Mopassanning asarlari yo‘q edi xolos. Shunisi grafni sal ajablantirganday bo‘ldi. Shu to‘g‘rida so‘ragandi, Jozefina uch-to‘rtta kitobi bor edi, bir dugonam o‘qiyman deganida berib yuborgandim deya istamay javob qildi.
Shu kech ular qahva ichishib, avvalgidek shirin suhbat qilishdi. Ketar chog‘i graf qizni ertaga shahar tashqarisidagi qasrmonand uyiga borishga ko‘ndirdi.
Ertasiga ertalab, hali Jozefina shirin tushlar ko‘rib yotgan mahal graf islovatxona bekasi huzurida bo‘lib, qizginaning bir kechalik haqini ikki barobar qilib to‘lab, bu kecha u menikida bo‘ladi, mening kelib-ketganimni u bilmasin deya tayinladi. U dilbar Jozefinaning visolini juda ham qo‘msagan edi! Oqshomgi sayr va restorandagi kayfu safodan so‘ng sarxush Jozefinani karetaga o‘tqazib, uyiga olib ketdi. Graf uni baland zinapoyali saroymonand muhtasham uyiga ne sababdan kechqurun yetaklab kelganini Jozefina sarxush bo‘lsa-da, yaxshi fahmlab turardi.
Keng va yorug‘ mehmonxonaga kirishgach,graf Alber Jozefinaning yetti uxlab tushiga kirmagan va butun umr yodidan chiqmaydigan nozik yumushni ado etib, qizni hayron-u lol qoldirayozdi.
– Bilasizmi, Jozefina, endi shu oqshom iqror bo‘lishga majburman: sizni juda-juda ham yaxshi ko‘rib qolganman! – dedi u ehtiros ila chaqnagan ko‘zlari umidvor boqqancha. – Siz kim va qanday qiz bo‘lishingizdan qat’iy nazar, – u fohisha bo‘lishingizdan qat’iy nazar deyishga tili bormadi, – men uchun farishtadek pokdomonsiz, azizam!
Hali zikr qilganimizdek, Jozefinaning ham grafga ko‘ngli bor edi. Ammo bir yomon his – grafdek olijanob insonni sevishga arzirmikinman, haqqim bormikin bunga, degan istihola shu kungacha nozik ko‘nglining bir chetini ayovsiz kemirib yotar edi.
Endi esa, hech xayoliga kelmagan miskin, g‘arib ko‘ngilni o‘rtab yuborguvchi ishq izhoridan so‘ng Jozefina grafni burungidan yuz chandon yaxshi ko‘rib ketdi! U grafning ko‘ksiga bosh qo‘ygancha ko‘zlaridan sevinch yoshlari tirqirab yigitning bo‘ynidan mahkam quchib oldi.
– Oh, Alberginam! Men ham,men ham sizni jonimdan ortiq ko‘raman, ha! Ammo siz meni bilmaysiz.Sizning pok sevgingizga arzirmikinman, deb qo‘rqaman!
– Nega arzimas ekansiz, arziganda qandoq, – dedi ishonch bilan unga javoban graf. – O‘tgan ishga salovat…
– Rostdanmi, unda shu tundan e’tiboran, siznikiman, jonim! – deya grafning bo‘ynidan o‘pdi Jozefina.
Navqiron jononning qaynoq quchog‘ida vujudi junbushga kelgan graf entikkan ko‘yi uni dast ko‘tarib, yotoqxonaga shahdam odim tashladi…
– Tong sahardan nimalarni mutolaa qilayaptilar, janobim? – deya erkaklarning yuragini o‘ynatib yuboradigan nozli karashma bilan oppoq bilaklarini grafning yelkalariga tashladi Jozefina.
Graf marmardek silliq bilaklardan yengil o‘pib qo‘yib, masrur jilmaygancha o‘qib turgan kitobi muqovasini Jozefinaga ko‘rsatdi va:
– Dunyodagi eng sevimli yozuvchim! – dedi entikish ila. – Barcha yozganlarini bitta qo‘ymay o‘qib chiqqanman. Sog‘inib, tag‘in qayta o‘qiyapman.
Graf Jozefina bilan endi tanishib, uchrashib yurgan kezlarida bir-ikki gal shu kitob muallifi haqida so‘z ochib, og‘zidan bol tomib gapira boshlaganda, shu mavzu yoqmaymi, qizgina uning gapini bo‘lib, suhbatni boshqa yoqqa burib yuborgandi.
Jozefina qizg‘ish muqovali kitobni qo‘liga olarkan, go‘yo noxush xabar eshitganday afti bujmayib boyagi sho‘xchan kayfiyatidan asar ham qolmay, a’zoi badani titrab ketdi. Kutilmaganda maftunkor shahlo ko‘zlaridan ikki tomchi qaynoq yosh tirqirab chiqib, qizg‘ish yonoqlariga asta quyildi. Bu holdan ajablangan graf:
– Rangingiz namuncha oqarib ketdi? Tinchlikmi o‘zi? – deya so‘radi biroz xavotirlanib.
Jozefina grafning savolini javobsiz qoldirib, yonog‘idagi yoshni xalati yengi bilan artdi va o‘ng qo‘lidagi haligi kitobni kaminda past yonib turgan olov ustiga indamay, sovuqqonlik ila otib yubordi!
– E, e, esingiz joyidami o‘zi?! – deya hovliqib o‘rnidan turib, endi chetlariga olov tutashgan kitobni chaqqonlik bilan kamindan oldi graf.
– Yomon ko‘raman uni! – dedi Jozefina alamli past tovushda. – Ablah odam u!
Yaltiroq, silliq muqova chetidagi cho‘g‘ni puflab o‘chirayotgan graf odam havas qilarli darajadagi shundoq muloyim tabiatli zebo sanamning xayolga kelmagan qaltis harakati-yu, hozirgina og‘zidan chiqqan nafratomuz g‘alati gaplariga tushunmay angraygancha unga tikilib qoldi.
Lahzada yosh xonimning latif chehrasida alam va nafrat ifodasi qalqidi.
Jozefina g‘uncha misol chiroyli lablarining chetlari pirpiragancha, hansirash-u hayajon ila yotoqxona sari yugurdi. E, muni nima jin urdiykin degan xavotirda graf uning ortidan kirdi.
Jozefina momiq to‘shakka uzala tushgancha yuzlarini yostiqqa bosib, yelkalari silkingancha o‘ksib-o‘ksib yig‘lab yotardi. Graf uning bilaklaridan ushlab sekin tortdi-da,o‘ziga qaratdi. Yosh xonimning yuzlari suv bilan yuvilgandek ho‘l bo‘lib ketgandi. Jozefina shu tobda bir mehribon taskin-tasalliga muhtojdek, grafning bo‘ynidan qattiq quchoqlagancha battar ho‘ngrab yubordi.
– Jozefina, jonginam, qani, bo‘ldi endi, o‘zingni bos-chi, – dedi graf yupatuvchi ohangda, haliyam hech narsaga aqli yetmay.
Jozefina bir zumdan so‘ng yig‘idan to‘xtab, ko‘ksidagi bor-yo‘q barcha alam-u armonlarini chiqarib yuborgudek entikib chuqur xo‘rsinib yubordi. Keyin grafning bo‘ynidan qo‘llarini olib, ko‘zlariga termilgancha:
– Men uni qanchalar yaxshi ko‘rganimni bilsangiz edi?! – dedi lablari pirpirab. – Uni farishtadek pokdomon bir inson deb e’zozlab yurardim.Keyin bilsam, u o‘ylaganimdek emas ekan. Men ehtiros-u hoyu havasga berilib, qattiq yanglishibman. U tamoman boshqacha odam bo‘lib chiqdi.
Undan o‘ch olish-chun gulday yoshligim-u, bokiraligimni poymol qilib qo‘ydim! Yo parvardigor, o‘zing kechir meni?! Qandoq ulug‘ gunohga botganman-a !
Graf haliyam Jozefinaning gaplariga tushunolmay o‘ylanib turardi.
– Siz unga judayam o‘xshab ketasiz, azizim Alber! Bilsangiz: unga o‘xshab ketganingiz-chun mehr qo‘yganim yo‘q, sizga, – deya yutinib gapini davom etdi Jozefina. – Yaxshi odam bo‘lganingiz-chun, yuragingiz bolalarnikidek beg‘ubor, samimiy, mehribon bo‘lganingiz-chun sizni yoqtirib qolganman, rost. Yo gaplarimga ishonmaysizmi?
– Nega ishonmas ekanman, jonim! – deya Jozefinaning to‘zg‘igan sochlarini siladi graf unga taskin bera turib.
Alber grafindagi suvdan qadahga yarimlatib quydi-da, ma, ichib ol, o‘zingga kelasan, hovuring bosiladi deganday imo bilan billur idishni xonimga uzatdi. Jozefina chanqoq kishidek suvni qultillatib entika-entika ichib yubordi.
– Seni munday o‘ch olishga majbur qilgan odam kim o‘zi, bilsam bo‘ladimi? – so‘radi graf qiziqishi ortib muloyimlik bilan.
Jozefina hali ham fahmlamadingmi degan ma’noda grafga mahzun nigoh tashladi-da:
– Boya men olovga tashlagan kitob muallifi-da! – dedi g‘amgin ovozda.
– Gi de Mopassan-a?! – hayratdan yoqa ushlagudek holatda o‘rnidan turib ketdi graf.
Ha o‘sha sening sevimli yozuvching degan imo bilan go‘yo aybdordek boshginasini egdi Jozefina.
Sal turib, yana bir marta entikish aralash chuqur xo‘rsinib oldi-da, bir yil burun ayni ko‘klam kezlarida boshidan o‘tgan ayanchli savdoni qimtina-qimtina so‘zlay ketdi.
…Jozefina ko‘ngli beg‘ubor qishloq muallimining soddagina go‘zal qizi edi. Dadasi frantsuz tili va adabiyotidan dars berar edi.
U onasini unchalik yaxshi eslay olmasdi. U uch yasharlik chog‘ida onasi bevaqt dunyodan o‘tgandi.
Ayoliga chinakam vafodor bo‘lgan otasi boshqa xotinga uylanmay, qizini birovga bermay o‘zi katta qildi. Maktabda ham o‘zi o‘qitib, badiiy adabiyotga ham o‘zi mehr uyg‘otdi. Jozefina maktab davridayoq ko‘zga ko‘ringan barcha frantsuz adiblarining asarlarini bitta qo‘ymay o‘qib chiqdi.Ayniqsa, shularga zamondosh bo‘lgan Gi de Mopassanning yozganlarini qizgina juda ham yaxshi ko‘rar, ularni qayta-qayta o‘qiyverib, yozuvchiga g‘oyibona mehri tushib qolgan edi.
U o‘n beshga kirgan chog‘ida sil kasalligi avj olgan otasi vafot etib, qizini musibat girdobiga tashlab ketdi. Bu ayriliq Jozefinaga qattiq ta’sir qilib, uni odamovi qilib qo‘ydi. Uzzu kun ko‘chaga chiqmas, g‘amgin xayollarga berilgancha dadasining kitoblar bilan liq to‘la xonasida o‘tirgani-o‘tirgan edi. Dunyoda kitobdan yaxshiroq do‘st ekan aslida. Ayriliq va yolg‘izlik azoblarini kitob mutolaasi bilan yengdi u. Ayniqsa, Mopassan asarlari unga taskin -tasalli berib, unda hayotga qayta muhabbat ato qilganday bo‘ldi.
Bir yil o‘tgach, Jozefina otasidan qolgan kitoblarni ikki katta qutiga joylab, befarzand beva xolasini qora tortib, Parijga kelib qoldi. Tikuvchilikdan kun ko‘radigan keksa xolasiga yuk bo‘lmaslik uchun to‘qimachilik fabrikasiga ishga kirdi.
Bir kuni ishdan keyin tsex boshlig‘i janob Ranbalning kitob do‘konidan Mopassanning yangi kitobini xarid qilayotganini ko‘rib qoldi. O‘sha kuni Jozefina ham maosh olgandi. U ham kitob sotib olmoqchi bo‘lib do‘konga kirgandi. «Ie, siz ham mse Mopassanning muxlislarimisiz?» – deya so‘radi Jozefina chehrasi yorishib. Janob Ranbal, ha, to‘g‘ri topdingiz deganday jilmayib javob qilgach, Jozefina uni o‘ziga yaqin olganday, yo‘l-yo‘lakay rahbari bilan Mopassan asarlari haqida berilib suhbatlashib ketdi. Janob Ranbal Jozefinaning Mopassan asarlari haqida xuddi adabiyotshunoslardek to‘lqinlanib so‘zlashidan hayratlanib, men o‘zimni uning muxlisiman deb yursam, bu qishloqi qizcha mendan o‘n chandon kuchli muxlis ekan-ku unga deya tan oldi ichida.
– Qaniydi, janob Mopassanni bir martagina ko‘rsam! Kitoblaridan olgan taassurotlarimni o‘z-lariga aytsam, armonim qolmasdi! – deya orziqish bilan entikib qo‘ydi Jozefina suhbat oxirida.
Janob Ranbalning maktabdosh o‘rtoqlaridan biri – jurnalist Monten Mopassanning yaqin oshnasi edi. U Mopassan haqidagi turli gap-so‘zlarni shu Montendan eshitib qolardi. «Mopassanni ishchilar bilan uchrashuvga taklif qilsammikin?» – deb o‘yladi u Jozefina bilan xayrlashib uyiga qaytar ekan. «Shunda haligi qishloqi qizginaning orzu-armonlari ushalishiga yordamlashgan bo‘larmidim?» Montenga bir og‘iz aytsa bas, kelasi oy qay yo‘l bilan bo‘lsa ham yozuvchini fabrikaga ergashtirib kelishi tayin. Aslida yozuvchini uchrashuvga taklif qilishdan osoni yo‘q. Biroq, ming afsuslar bo‘lsinkim, bu uchrashuvga ishchi qizlar hali tayyor emas-da. Ularning to‘qson foizi Mopassan u yoqda tursin, oddiy boshqa bir kitobni qo‘llariga ushlab ko‘rishmagan axir! Bunday omi, savodsiz jamoa orasida mashhur yozuvchi bilan uchrashuv o‘tkazmoqlikning o‘zi gumrohlik emasmi? Nima qilish kerak endi? Bu mushkul yumushda unga faqat Jozefina ko‘maklashishi mumkin. Qizlarni uchrashuvga u tayyorlaydi. Ertasiga janob Ranbal bu fikrni Jozefinaga ay
tgandi, qizginaning hayratdan og‘zi ochilib qolayozdi. U suyukli adibi bilan bo‘ladigan uchrashuvga jon-jon deb qizlarni tayyorlashga rozi bo‘ldi. Indiniga u uyidan yozuvchining o‘n beshta kitobini fabrikaga olib kelib, qizlarga tarqatib chiqdi.
Shu bahonada qizlar ham hali o‘zlariga notanish bo‘lgan Mopassan asarlaridan bahramand bo‘lishib, dugonalaridan judayam mamnun bo‘ldilar. Jozefina tushlik va ishdan qaytar paytlari o‘qigan asarlari bo‘yicha olgan taassurotlari haqida qizlar bilan tinimsiz suhbatlar o‘tkazib, ularni uchrashuvga puxta tayyorlab borar edi. Biroq, ming taassuflar bo‘lsinkim, janob Mopassan bir oydan keyin ham, ikki oydan keyin ham, uch oydan keyin ham ba’zan ijodiy ish bilan qattiq mashg‘ul bo‘lib, ba’zan chet ellarga sayohatga ketib intikib kutilgan bu adabiy kechaga kelolmadi. Ha, endi kelmasa kerak deb, Jozefinaning ham, qizlarning ham hafsalari pir bo‘lishib, o‘qish-u, kitob haqidagi suhbatlarni yig‘ishtirib, o‘zlarining kunlik tashvishlari bilan andarmon bo‘lishib, yozuvchini ham, uning asarlarini ham bir muddat eslaridan chiqazishdi. Ammo janob Ranbal bo‘sh ketmadi. Montennikiga qatnayverib, uni bezor qilishdan charchamadi. Yozuvchining qachon bo‘sh bo‘lishini erinmay kutaverdi, kutaverdi. Naq olti oy deganda, ishchi qizlar
ga Mopassan bilan uchrashish nasib qildi! Bu xushxabarni eshitgan Jozefina go‘yo uzoq kutgan suyukli yori kelayotgan intizor oshiqday uxlamay, yuragi orziqib, yozuvchining kitoblarini tag‘in bir karra ko‘zdan kechirib chiqdi.
Mopassan ertasiga soat to‘rtlarga yaqin bir-ikkita yozuvchi do‘stlari bilan – bularning ichida Monten ham bor edi – to‘qimachilik fabrikasiga qizlar bilan uchrashuvga keldi.
Yurakkinasi dukillab, ko‘zlari jovdirab turgan Jozefina birinchi qatordan joy olgan edi.
U ikki soatlik uchrashuv davomida yozuvchidan ko‘z uzmay o‘tirdi.U yozuvchi bilan yuzma-yuz bo‘lganda bir necha savollar berishni ko‘ngliga tugib qo‘ygandi. Ammo Mopassanga ko‘zi tushishi bilan tili go‘yo tanglayiga yopishib qolgandek, yozuvchining o‘tkir nigohi go‘yo uni sehrlab qo‘ygandek, hayajon og‘ushida bir og‘iz ham gapirolmadi. Jozefina indamay o‘tirgani bilan qizlar jim o‘tirishmadi. Xuddi u besh oy burun o‘rgatgandek qilib, yozuvchiga asarlari haqida burro-burro savollar yog‘dirishdi. Kecha oxirida Syuzanna degan shaddodroq bir qiz: «Xotiningiz chiroyli va baxtli ayol bo‘lsalar kerak, a?» – deb savol bersa bo‘ladimi?! Bu antiqa savoldan zalda o‘tirgan qizlar ham, yozuvchining hamrohlari ham kulib yuborishdi. Mopassan esa xuddi gunohkordek xijolatomuz jilmayib qo‘ydi. Jozefena qani u xotini haqida nimalar derkin deya nafasini ichiga yutgancha vujudi quloqqa aylanib, betoqat kutar edi. Mopassan javob berishga shoshmay, yosh yigitchalar tsingari uyalinqirab yerga qarar edi. Uning o‘rnida Monten: «Siznin
g sevimli adibingiz so‘qqabosh, u bo‘ydoqlar safidadir. Sizlarga o‘xshagan kitobsevar, quvnoq va chiroyli qizlar uchrab qolsa, uni, albatta, yana uylantirib qo‘yamiz degan niyatdamiz», – deya hazil aralash kulib javob qildi.
Nima-nima? Shundoq mashhur yozuvchi Mopassan haligacha so‘qqabosh, bo‘ydoq bo‘lsa-ya?!
Jozefina quloqlariga ishongisi kelmas edi. «Nahotki, nahotki shu gaplar rost bo‘lsa-ya», – deya shivirlardi ichida u.
Janob Monten uchrashuvga yakun yasar ekan: «Ushbu ajoyib, qiziqarli kechani tashkillashtirishda beqiyos jonbozlik ko‘rsatgan Jozefina qizimizga chin yurakdan qizg‘in minnatdorchilik bildiramiz», – deganida Jozefinaning yuragi hapqirib ketdi. Montenga Jozefina haqida janob Ranbal gapirib bergandi.
Zalda gulduros qarsaklar yangragan paytda Mopassan qizlar taqdim etgan guldastalar ichidan qip-qizil chiroylisini tanlab olib, sahnadan tushgan zahoti nim tabassum bilan Jozefinaga peshvoz chiqib, gullarni ehtirom ila unga uzatdi. Bunday ajib holdan Jozefinaning og‘zi ochilib qolayozdi. Kimsan Mopassandek mashhur adib shuncha qizning ichidan kelib-kelib unga gul bersa-ya! Bundan-da hayajonli va hayratlanarli hodisa bormikan o‘zi bu dunyoda?!
Quvonchi dunyoga sig‘magan Jozefina shu kuni uyiga go‘yo oyog‘i tegmay uchib kelganday bo‘ldi. Allamahalga dovur uyqusi kelmay, Mopassanning kitoblarini varaqlab, birinchi sahifadagi yozuvchining suratiga ko‘zlari quvnagancha termilib o‘tirdi. Yengil xo‘rsingancha to‘shakka cho‘zilarkan, yozuvchining o‘ziga gul taqdim etganini masrur holda ko‘z oldiga keltirib, ko‘ngilginasi orziqib ketdi. Shu kundan e’tiboran, Mopassan uning xayolidan sira ketmay qoldi. Qiz yozuvchini qattiq sevib qolgan edi! Usiz keyingi hayotini tasavvur qilolmasdi. Qiz yozuvchining yolg‘iz yashashini eshitgandan beri oromini yo‘qotgan edi. Agar Mopassan istasa, unga bir umrlik sadoqatli yor bo‘lib, hayotiga fayzu shukuh olib kirishni orzu qilardi. U ertasigayoq yozuvchining huzuriga borib, qiz bolaga nomunosib bo‘lsa-da, unga dilidagini izhor qilishga tayyor edi. Ammo allaqachonlar urfdan qolgan shu eskigina ust-bosh bilan Mopassanga ro‘baro‘ bo‘lishga or qilardi. Oqsuyak kiborlar sulolasiga mansub yozuvchi uni shu turishda ko‘rib, xuddi
eslolmayotgandek: «Bu kim o‘zi, haligi fabrikada ishlaydigan qizmi?» – deya pisand qilmay qarshi olishidan qattiq cho‘chirdi.
Mopassanning e’tiborini tortish uchun ko‘zni yashnatuvchi bejirim liboslar kiyib, grafinyalardek maftunkor bo‘lishi lozimligini Jozefina yaxshi tushunib turardi, albatta.
Parijning so‘nggi modasidagi qimmatbaho go‘zal liboslarni bir martagina kiyish qashshoq ishchi qizlarning bir umrlik ushalmas orzulari edi o‘shanda! Sho‘rlik qiz-juvonlar orzu qilar edilar-u, ammo shu orzulariga yetish uchun intilib harakat qilmas edilar. Shul bois ushalmagan orzulari bora-bora achchiq armonga aylanib, dillarida tugun bo‘lib qolar edi. Biroq Jozefina e, hayot shunaqa ekan-da deya xo‘rsinib, qashshoqlik va ilojsizlikka tez ko‘nikib ketuvchi qizlar toifasidan emasdi. U orzu- istaklari bekamu ko‘st ushalishiga katta umid bilan qarovchi va bu yo‘lda qat’iy intiluvchi qizlardan edi.
U Parijga kelganida, ishdan so‘ng har kech vaqtini nuqul kitobga termilib o‘tkazmay, keksa tikuvchi xolasidan olti-etti oyning ichida bichish-tikish sirlarini qunt bilan binoyidek o‘rganib olgandi. Shu hunari bugun uning orzulari amalga oshishida asqotib qoldi. U fabrikadan oladigan maoshini yig‘ishga kirishdi. Ishdan tashqari tikuvchilik mehnatidan topganlari kichkina ro‘zg‘orni bir amallab tebratishga yetib turar edi.
Nihoyat, sakkiz oy deganda tinimsiz zahmatlar o‘z poyoniga yetib, orzu qilingan ko‘rkam liboslar uchun mo‘ljallangan pul yig‘ildi! Shu liboslarni mato olib o‘zi tiksa ham bo‘lardi-ku dersiz. Qizgina grafinyalar kiyadigan go‘zal ko‘ylaklarni tikadigan mohir tikuvchi bo‘lib yetishmagandi-da hali. Shul bois ularni do‘kondan harid qilishga majbur edi bechora qiz. Jozefinaning ko‘zlari quvnab libos harid qilayotgandagi quvonchini bir ko‘rsangiz edi: «O! Kelajakda o‘zini nimalar kutayotganidan bexabar, ma’sum ko‘ngli hislarga to‘lib-toshgan bechora zahmatkash qiz!» – dermidingiz. Bu uning hayotidagi eng baxtli kunlardan edi-da,axir! Yo‘q,yo‘q, nimalar deyapmiz o‘zi? Orziqib, intiqib kutilayotgan eng oliy baxt hali oldinda-ku! Mopassanning muhabbatini qozonib, uning g‘arib hayotiga nur olib kirib, xayolidagi farishtasifat insonning ko‘nglini olib xursand qilolsagina, ana o‘shandagina eng katta baxtga erishgan hisoblaydi o‘zini u.
Uyga kelib, ko‘zni yashnatuvchi ohanjama bejirim liboslarni kiyib, boshiga shlyapa qo‘ndirib, oynaga qaradi-yu, o‘zini tanimay qoldi! Ko‘zgudan husnu jamolining tengi yo‘q, ko‘zlari chaqnagan, latofatli, maftunkor bir grafinya termilib turardi! «Nahotki shu o‘zim bo‘lsam-a?!» deya yurakkinasi dukillab ketdi.
Mana endi janob Mopassanning huzurlariga borishning fursati yetgan edi!
Judayam ajoyib tush ko‘rdi u shu kecha. Qordek oppok ko‘ylagi ustidan yap-yangi chiroyli frak kiyib olgan yozuvchi uni darvoza oldida bir quchoq rango-rang gullar bilan ko‘zlari chaqnagancha intizorlik ila kutib turganmish… Jozefina mana men keldim deganday, uyalinqirash ila jilmayib unga yaqinlashganmish…
Shirin tush ta’sirida qalbi quvonchga to‘lib uyg‘ongan Jozefina yuz-qo‘lini sovuq suvga yuvib, nonushta ham qilmay, tezgina kiyindi-da, birinchi uchragan kebga o‘tirib, yozuvchining shahar tashqarisidagi uyiga qarab jo‘nadi. Mopassanning yashash manzilini janob Ranbaldan so‘rab bilgan edi u.
Xo‘sh, yosh qizgina nomdor adibga qay yo‘sin ro‘baro‘ bo‘larkin-a? Unga nimalar deb arzi hol etarkin-a? Jozefina yozuvchiga aytadigan gaplarini bir necha kun ilgari ko‘nglida pishitib qo‘ygan edi.
«Mana, o‘n yildirki, men sizning chin muxlisingizman. Hamma yozganlaringizni bitta qo‘ymay qayta-qayta, hatto o‘n-o‘n besh martadan o‘qib chiqqanman va hozir ham har kuni uyquga yotish oldidan bitta hikoyangizni o‘qib, keyin uxlayman. Men sizning uyingizga xizmatingizni qilgani keldim», – deydi u sal o‘ng‘aysizlanib. «Oqsochim bor, bekorga ovora bo‘-libsiz-da, xonim», – deydi unga javoban Mopassan so‘nggi modada kiyingan bunday suluv qizning oqsochlik qilmoqchi bo‘lganidan sal ajablanib. Shu tobda yozuvchining ko‘nglidan o‘tganini yaxshi fahmlagan Jozefina bir yutinib oladi-da: «Mening munday kiyinib olganimdan grafinyalardan deb o‘yladingiz chog‘i, janob. Yo‘q, men aslzoda zodagonlardan emas, oddiy qishloq o‘qituvchisining qiziman. Fabrikada oddiy ishchi bo‘lib ishlayman. Eslaysizmi, to‘quvchilar fabrikasidagi uchrashuvni? Kecha oxirida siz menga qizil gul taqdim etgandingiz!
Bu yerga kelishimning asosiy sababi: bu gapni qiz bola notanish odamning oldida aytish qanchalik odobsizlik bo‘lsa-da, meni to‘g‘ri tushunasiz degan niyatdaman, men sizga bir umrlik tan mahram bo‘lib, cho‘rilik qilmoqchiman! Men sizni judayam-judayam yaxshi ko‘rib qolganman! Istasangiz hoziroq o‘zimni sizga bag‘ishlashga tayyorman, janob…»
Bechora Jozefina bu gaplarni uyatdan yuzlari lovullab, ko‘zlarini adibdan olib qochgancha yerga qarab aytadi. Yozuvchi soddadil qizning ehtirosli ko‘ngil izhoriga darrov ishonadi va uni bag‘riga bosib og‘ir xo‘rsinish ila: «Azizam, bechoraginam, qayoqlarda eding, shu paytgacha? Seni qanchalar kutganimni bilsang eding?! Sening mana shunday kutilmaganda, bir kun emas bir kun albatta kelishingni ko‘nglim sezib yurar edi. Fayzsiz hayotimga cho‘ri, oqsoch bo‘lib emas, yo‘q-yo‘q, tengsiz malika-yu, malak bo‘lib kirib, uni nurafshon et!» – deya ehtirosli xitob qiladi. Iztirobli dil izhoridan ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan Jozefina Mopassanning bag‘riga otiladi.Ikki qaynoq qalb ertaklardagidek barcha alam-u iztiroblarni unutishib, murodlari hosil bo‘lgancha saodatli hayotga qadam qo‘yadilar…
Kebmen uni shundoq yozuvchining darvozasi oldida tushirib ketdi. Jozefina nafasini sal rostlab olib,ammo yuragi hali ham qushchadek pitirlagancha eshik qo‘ng‘iroqchasining arqonchasini ikki marta tortdi.
Birpasdan keyin ichkaridan sariq jingalak sochli, moviy ko‘z,cho‘ziq yuzli bo‘ychan bir yigit chiqib, eshikni ochdi.Jozefinaga boshdan oyoq bir ko‘z yugurtirib oldi-da: «Xo‘sh, xizmat, sizga kim kerak?» – deganday qoshlarini ko‘tarib imo qildi.
– Kechirasiz, janob, ertalabdan halovatingizni buzdim, – dedi uzrona ohangda Jozefina. – Men mse Mopassanni izlab keluvdim. U kishining uylarini adashtirib yubordim shekilli?
– Adashmay, to‘g‘ri topib kelibsiz, madmuazel, ha bu mse Mopassanning uylari, – deya qo‘llarini ko‘ksiga chalishtirgancha eshik kesakisiga suyanib iljaydi yigit.
Bu javobdan Jozefina qoniqish hosil etib, yuzlari yanada yorishib, lablarida nim tabassum jilva qildi.
– Mse Mopassanda judayam zarur ishim bor edi-da, ikki daqiqaga chaqirib qo‘yolmaysizmi? – deya ovozi sal titrab o‘tindi qiz.
– Muxlislaridanmisiz deyman-a? – deya iyagini silab, unga zinokorona nigoh yuritdi yigit.
– Ha, to‘g‘ri topdingiz, janob, chindanam u kishining muxlislariman, – deya qizarindi Jozefina.
– Yozuvchi janoblarida qanday gapingiz bor edi, yaxshi qiz?Biz ham bilsak bo‘ladimi? O‘ta muhim sirlar emasmi ishqilib?
Jozefina uyalinqirab boshginasini eggancha:
– Bir nozik gapim bor edi-da.Uni sizga aytib bo‘lmaydi-da. Faqat u kishiga taalluqli gaplar-da, – deya javob qildi.
– Demak, quloqqa aytiladigan gaplar deng? – ayyorona boshini sarak-sarak qildi yigit. – Menga qarang, mabodo, Mopassanga g‘oyibona oshiq bo‘lib qolganingiz yo‘qmi, ishqilib?
Jozefina bu qaltis savolga javob berolmay, yuzlari badtar qizargancha yer chizib qoldi. Ishratparast, ayyor yigit qizning bu holatidan uning o‘ta sodda va ishonuvchan ekanligini darrov payqadi.
– Mse uyda bo‘lsalar, chaqirib bersangiz, iltimos! – deya ko‘zlari jovdiragancha toqatsizlandi qiz.
Yigit yozuvchi uyda yo‘qlar, boshqa payt keling deb yuborsa ham bular edi-yu,biroq u bu gal bunday qilmadi.Shunday ofatijon, soddadil qizning qalbida yozuvchiga nisbatan salgina nafrat uyg‘otmoqchi bo‘ldi.Sinalgan shu yo‘lni tutsa, qizni tezda ko‘lga kiritish oson kechishini bu ishratboz olchoq yaxshi bilar edi.
– Gi siz xayol qilganchalik pokdomon farishtasifat emas-da, – dedi u bu gapni aytganidan go‘yo xijolat chekayotganidek u yoq-bu yoqqa alanglab. – U ayollarga mukkasidan ketgan gunohkor bir banda-da, axir, xonim.
– A? Nima dedingiz? – xayoli boshidan uchgancha chimirilib so‘radi Jozefina.
– Xo‘p, mayli, gapni cho‘zib nima qildim, sizga to‘g‘risini ayta qolay bo‘lmasa, – dedi yigit xotirjam ishontiruvchi ohangda. – Siz g‘oyibona ko‘ngil qo‘ygan mse Mopassan o‘ynashi Ertet bilan kecha kechqurun ko‘ngil yozgani kayoqqadir ketgan edi. Kim biladi deysiz, u Ertetning issiq quchog‘idan uyg‘ondimi, yo‘qmi hali?
Sira xayoliga kelmagan bu ayovsiz sovuq haqiqat Jozefinaning boshiga go‘yo chaqmoqday urilib, butun vujudini titratib yubordi.
Shunday hayotiy, go‘zal asarlar muallifi, o‘zicha pokdomon, farishtasifat deb qalbining to‘rida e’zozlab yurgan aziz insoni nahotki qayerdagi buzuqi, ishratparast xotinboz bo‘lib chiqsa-ya?! O, qandoq razolat bu! Bu gaplarni eshitgandan ko‘ra qizgina kar bo‘lib qolsa bo‘lmasmidi!
Ma’suma Jozefinaning buloq suviday tiniq, beg‘ubor tuyg‘u va orzulari shu tobda go‘yo nafis va shaffof chinnidek yerga tushib chil-chil bo‘lgan edi.
Bechora qiz alamli oh tortgancha o‘zini tutolmay yig‘lab, go‘yo yiqilib tushishdan qo‘rqqandek temir panjaralarni oq qo‘lqopli nozik qo‘llari bilan ushlab-ushlab qocha boshladi. Bor go‘zal orzulari poymol bo‘lgan bu ostonada bir soniya bo‘lsa-da qolishni istamas edi u!
Adibning olchoq oshnasi ayni damda fursatni qo‘ldan boy bermaslik-chun darhol uyga yugurib kirdi-da, fraki-yu, tsilindrini egniga ilib, ko‘chaga otilib, Jozefinaning ketidan yugurdi.
Per – yigitning ismi shunday edi – yetib kelganida, Jozefina xo‘rlangan va haqoratlangandek dunyo ko‘zlariga qorong‘i ko‘rinib, hiqillagancha, iztirobli achchiq ko‘z yoshlarini to‘kmoqda edi.
Per bundayin sodda va ishonuvchan yosh qizlarning ko‘ngliga qo‘l suqib, ularni tezgina yo‘ldan urib, biron-bir ovloq go‘shada mast qilib, to‘shagida tong ottirishga judayam ustamon, pixini yorgan uchar yigitlardan edi. Bugun ham uning oshig‘i olchi bo‘lib, o‘z iflos niyatiga osonlikcha erishish ilinjida turardi.U Jozefinaning titrab turgan yelkalaridan ushlab o‘ziga qaratdi-da, uni taskin-tasalli beruvchi shirin so‘zlar bilan yupata boshladi. Mopassanning shundoq betayin bir xotinboz ekanligini aytib, uni shu qilig‘i uchun unchalik xush ko‘rmasligini izhor qildi. Chil-chil tsingan ko‘ngil ayni tobda shundayin xayrixohning muruvvati-yu, taskiniga muhtoj edi. Jozefina o‘zini qo‘lga ololmay badtar hiqqillagancha Perning ko‘ksiga bosh qo‘ydi.
Shu paytda ko‘chadan bo‘sh foytun o‘tib qoldi. Per uni to‘xtatib, Jozefinani chiqardi-da, Parijga tomon jo‘nadi. Yo‘lda qizning ko‘ngliga shayton shunday vasvasa soldiki, oqibatda asta-sekin uning yo‘rig‘iga kirib ketayotganini sezmay qoldi.To manzilga yetgunlaricha alamli chuqur-chuqur xo‘rsingacha: «Hali ko‘radi u mendan: undan o‘ch olaman, o‘ch olaman! Nima, u qilgan ishratparstlik nima, mening qo‘limdan kelmaydimi?!» – deya shivirlab borardi.
Deyarli har kuni jononlar bilan kayfu safo qilishga o‘rganib qolgan Per Jozefinaning titroq yelkalaridan asta quchgancha momiq bilaklaridan silab-siypalab, tiniq chehrasidan entikib o‘pganida, qiz unga monelik qilmadi.
Per uni poytaxt chetidagi ovloq go‘shalardan birida joylashgan ikki qavatli hashamdor uyga boshlab kelganida, qiz bu yer qanaqa joy ekanligining fahmiga yetgan edi.
Uyning birinchi qavati kirishdan xuddi restoranlarnikidek keng zal bo‘lib, unda chiroyli kiyinib, bo‘yanib olgan do‘ndiq jononlar mijozlarining tizzalariga o‘tirishib, kulishib, ichishib, chekishib ularning ko‘ngillarini olish bilan ovora edilar.
Ertalabdan tuz totmay, rosa ochiqqan Jozefina hali umrida ko‘rmagan taomlardan yeyarkan, Perni hayron qoldirgancha paydar-pay may sipqordi va tezda sarxush bo‘lib, haligi dilisiyohliklarni esdan chiqargancha, yigitning ichak uzdi latifalaridan zavqlangancha qiyqirib kular edi.
Ishrat uchun fursat yetganligini anglagan Per qizni ikkinchi qavatdagi xos xonaga olib kirib, asta yechintirishga kirishdi. Ayni chog‘da Jozefinaning qulog‘iga iblis: «Undan o‘ch olish vaqti yetdi, bardam bo‘l», – deya shivirlab turgani uchun yigitning harakatiga hech bir qarshilik qilmay, ko‘zlarini chirt yumgancha ixtiyorini unga topshirdi…
Ertalab boshi sal og‘rib ko‘zni ochsa, Per o‘rnida yo‘q edi. U muhim yumushi borligi sabab ertaroq turib jo‘nab qolgandi. Jozefina yostig‘ini ko‘targan edi, ancha-muncha yap-yangi pullarga ko‘zi tushdi.
Bularni Per unga tungi xizmati evaziga tashlab ketganini darrov payqadi va titroq kaftlari bilan yuzlarini yashirgancha yig‘lab yubordi.
Sal o‘tib eshik sekin tiqilladi va bekaning: «Mumkinmi kirsam?» – degan ovozi eshitildi. Jozefina ko‘z yoshlarini apil-tapil artgancha pullar ustiga yostiqni tashlab, kirishga ijozat etdi. Beka iljaygancha Perni qo‘li ochiq boyvachcha deb maqtadi. Bu yerga kelgan qizlar dastlabki paytlarda biroz ko‘nikisholmay qiynalishadi, keyin vaqt o‘tishi bilan sekin-sekin hamma narsaga o‘rganib ketishadi. Siz ham, jonginam, hammasiga ko‘nikib ketasiz. Bu husni-malohatingiz bilan kam bo‘lmaysiz.
Pul oyog‘ingiz ostiga bargdek to‘kiladi, azizam. Hali shunday baxtiyor yashaysizki, muhtojlik kunlaringiz xuddi tushdek unut bo‘lib ketadi,» – deya vaysab chiqib ketdi.
Birpasdan keyin Jozefina yuvinib, taranib boyagi pullarni cho‘ntakka urgancha ko‘chaga chiqdi. Shaharning asl mollar bilan savdo qiluvchi do‘konlari joylashgan ko‘chalarini hech narsani o‘ylamay bamaylixotir sayr qildi. Eskigina kiyinib, qashshoqlikning toshdan qattiq kunlarini boshdan kechirgan kezlari aslzodalar yuradigan bu obod ko‘chalarga kelishga iymanar, negadir haddi sig‘masdi.Endi-chi? Endi egnida grafinyalarnikidek bejirim liboslari, yonida esa bir dasta yap-yangi pullari bor. Mana man degan aslzoda bilan basma-bas savdolashishi mumkin endi. Ikki-uch kechada topgan puliga istagan narsasini oppa-oson sotib olishi muqarrar. Fabrikada yarim yil beli bukchayib ishlaganida ham buncha pul topolmasligini Jozefina yaxshi fahmlab yetgandi. O‘zlarini zohiran odob-axloqli, iffat-u, or-nomusli qilib ko‘rsatib yurgan shu oqsuyak xonimchalarga nisbatan uning qalbida nafrat hissi uyg‘ona boshladi. Bir paytlar nochorlikda kun kechirgan damlarida o‘ziga irganib qaragan bu xonimchalarga nisbatan endilikda qasdma-qasd
yashashni ko‘ngliga tugdi.
Bir yarim yildan ortiq yashagan qadrdon ko‘chasidan ichida yuragi dirillab tursa-da, hech gunohsizday ko‘kragini kerib, boshini g‘oz tutib o‘tib ketar, mahalladoshlari kim bo‘ldiykin bu xonim deganday birdaniga uni tanimay hayron bo‘lishib ortidan qarab qolishar edi. Ba’zi taniganlar oddiygina ishchi qizning bir kunda kishi tanimas darajada bunday o‘zgarib ketganiga hech ishongilari kelmay, og‘zilari ochilgancha angrayib qolishaverardi.
Jozefina uyni bir sidra yig‘ishtirib chiqqach, negadir yuragi siqilib ko‘chaga chiqqisi kelaverdi. Xonasida stolda ochiq qolgan Mopassanning hikoyalar to‘plamiga ko‘zi tushgach, jazavasi qo‘zg‘ab, kitobni javon tomon uloqtirib yubordi. Kitobning ilk sahifasida adibning kulib tushgan surati bor edi. Shu tobda yozuvchi uning ustidan kulayotgandek tuyulib ketdi unga. Adibning hamma kitoblarini yig‘ishtirib, qo‘shni qizga «chin ko‘ngildan” taqdim qildi.
Oqshom mahali shohona hayotni davom ettirish hamda Mopassandan o‘zicha o‘ch olishni davom ettirish maqsadida Jozefina islovatxonaga yo‘l oldi va bir yil ichida u Parijdagi eng yosh, ofatijon jonon deb nom qozondi.
Graf Alber Jozefinaning ayanchli sarguzashtlarini tinglab bo‘lgach:
– Endi u yerga sira qaytib borma, – dedi o‘ychan og‘ir ovozda. – Yetar shuncha azob chekkanlaring. Shu yerda qol. Istasang, shu uyni shu bugunoq nomingga xatlab beraman.
– Nima, mendayin erkaklarning ermagi bo‘lgan bir juvonni, – u fohishani demoqchi bo‘ldi-yu, ammo bunday deyishga tili bormadi, – uyingizga qo‘ymoqchimisiz? – deya so‘radi Jozefina quloqlariga ishonmay. – Balkim, menga uylanmoqchi ham bo‘larsiz, hali?
– Bu to‘g‘rida hali o‘ylab ko‘rganim yo‘q, – deya javob qildi graf o‘rnidan turarkan. – Nima, uylansam arzimaysanmi?
– Bilaman, siz menga ikki dunyoda ham uylanmaysiz, uylanolmaysiz. Bu gapni ko‘nglim uchun aytdingiz, – dedi Jozefina tushkun ovozda. – Bunga avvalo ota-onangiz, keyin esa mansab, mavqe, nasabingiz aslo yo‘l qo‘ymaydi.Sizni ko‘nsangiz, ko‘nmasangiz o‘z tabaqangiz toifasidagi grafinyalarning biriga uylantirishadi. O‘shangacha men sizning ma’shuqangiz bo‘lib turishimni istaysiz, bilaman. Keyin esa meni unutib yuborasiz. Men birovga bir umrlik ma’shuqa bo‘lishga yaramasam kerak. Shuning uchun men birovga judayam ko‘p bog‘lanib qolishni xohlamayman. Erkin qush bo‘lishni istayman. Bundan keyin biz avvalgidek do‘st bo‘lib qolamiz degan umiddaman. Biroq bitta shartim bor: uyingizda Mopassanning kitoblariga ko‘zim tushmasin, u xaqda menga bir og‘iz ham gapirmang, xo‘pmi?
Graf oqila Jozefinaning shartiga noiloj ko‘ndi.
U Jozefinani kuzatib qo‘ygach, haqiqatni ochiq-oydin bilish maqsadi-da Mopassanning oshnasi bo‘lmish o‘sha Per degan kimsani axtarib topishga ahd qildi. Bu yumushda unga do‘sti Sharl ko‘maklashdi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tgach, do‘sti uni restoranlarning birida Per bilan tanishtirib qo‘ydi. Avvaliga o‘zini sipo tutib, gaplari qovushmay turgan Per ikki shisha o‘tkir mayni paydar-pay sipqorgandan keyin jag‘ining qulfi kaliti ochilib ketdi. Grafning Jozefina ha-qida so‘raganlarini bitta qo‘ymay, og‘zining suvi oqqancha oqizmay- tomizmay so‘zlab berdi.
– Bu to‘g‘rida ertasiga Mopassanga aytganmisiz? – deya so‘radi graf o‘zini arang tutib, ichida bu kimsadan qattiq nafratlangancha.
– Bo‘lmasam-chi, bizning oramizda sir yo‘q, graf, – deya kekirib javob qildi Per.
– Xo‘sh, Mopassan sizga nima deb javob qaytardi? – mushtlarini qisib qiziqish ila so‘radi graf.
– Nima ham derdi, – deya irshaygancha qo‘liga qadahni oldi Per. – U ham kaminadek kuldi-da: «Bu yangi hikoyam uchun yaxshi syujet bo‘lishi tabiiy», deb qo‘ydi xalos.
– Yosh bir qizning nomusini bulg‘ab, uni islovatxonaga tashlab kelganingiz-chun bir og‘iz urishmay yuzingizga tarsaki tortmay, beparvolik bilan iljayib qo‘ya qoldimi, a? – dedi jig‘i biyroni chiqib graf.
– Men uni majburlaganim yo‘q, janob, – dedi Per hiqqichog‘i tutib. – Qizning o‘zi Gidan o‘ch olaman deb shu ishga rozilik bildirdi-da, axir.
– Eh, afsus, Mopassanning o‘rnida bo‘lganimdami, o‘sha kuniyoq sizni duyelga chaqirib, peshonangizdan otib tashlagan bo‘lar edim! – deya jahd bilan o‘rnidan turib, restoranni tark etdi graf. Graf Alberning shu kech ulug‘ Mopassandan ko‘ngli qoldi.
* * *
Mopassan hayotining so‘nggi kunlarini «Aziz do‘st» deb nomlangan sevimli yaxtasida o‘tkazdi.
Umrining oxirida adib kuchli asabiy toliqish va qattiq bosh og‘rig‘i xastaligidan ko‘p aziyat chekdi. U yaxtasida xizmat qiluvchi ikki matrosdan boshqa kimsa bilan uchrashishni ham, gaplashishni ham istamas edi. Hatto yaqin o‘rtoqlarini ham yoniga yaqinlashtirmay, ich-etini yeb yotgan adibning ayanchli ahvolidan qattiq xavotir olgan do‘stlari zora yordami tegsa degan niyatda uning huzuriga tajribali ruhshunosni yuborishdi. U ruhshunosni xushlamaygina bazo‘r qabul qildi. U bilan atigi bir soatgina suhbatlashdi xolos.
– Agar menga ko‘nglingizni ochib so‘zlamasangiz, sizga hech qanday maslahat ham, yordam ham berolmayman, – dedi ruhshunos gapni maydalashtirib o‘tirmay. – Ayting, sizni qanday dard bunchalar qiynab, bezovta qilmoqda o‘zi?
Adib ruhshunosga birpas o‘ychan tikilib turdi-da, mana necha oylardan beri ich-etini kemirib kelayotgan dardini ayni chog‘da unga to‘kib solmasdan boshqa iloji yo‘qligini idrok etdi.
– Bilaman, umrimning shomi yaqinlashib bormoqda, – deya og‘ir xo‘rsindi adib. – Meni chin dildan sevib, muxlisam bo‘lgan bir qizginaning hayoti barbod bo‘lishida o‘zimni qattiq aybdor deb bilaman!
Bechora ishchi qiz! Men uni fabrikaga uchrashuvga borganimizda atigi bir martagina ko‘rgandim xalos.Hozir uning chehrasini ham, ismini ham eslolmayman, hatto.
O‘sha qizgina menga qattiq oshiq bo‘lib, bir kuni tongda, men uyda yo‘q mahalim, meni ko‘rgani kelibdi. Ayollarga o‘ch bir do‘stim uni avrab, boshini aylantirib, islovatxonaga olib borib…
Mopassan u yog‘ini o‘zingiz tushunasiz-ku deganday qolgan tafsilotlarni so‘zlashni istamadi.
Ertasiga u kecha o‘sha qizni nima ahvolga solganini maqtanib aytganida, men nodon uni bir og‘iz koyimay, yangi hikoyam uchun qiziqarli syujet debman-a!
Umrida bunday voqeani hech eshitmagan ruhshunos nima deyarini bilmay, ko‘zoynagini tushirgancha angrayib qolgandi.
– Nimaga o‘sha kuniyoq islovatxonaga borib, oyoqlariga yiqilib undan kechirim so‘ramadim-a?! Uni o‘sha iflos makondan uyimga olib kelib, butun hayotimni o‘sha mushtiparga bag‘ishlasam bo‘lar edi-ku?! Menga umrini bag‘ishlab, sadoqatli yor bo‘lmoqchi bo‘lgan qizginaga nega bunchalar beparvo bo‘ldim-a?! Agar vaqtida uni topib, ko‘nglini ololsaydim, qolgan hayotim boshqacha o‘tgan bo‘larmidi? Eski tuzalmas dardlar bugungidek achchiq armonga aylanib, meni abgor qilib o‘tirmasmidi?! Men osiy bandangni o‘zing kechir, ey Xudoyim!
Bu buyuk adibning umri so‘nggidagi dildan chiqqan alamli istig‘fori edi.
* * *
Mopassan vafot etgan vaqtda Graf Alber Amerikada savdo ishlari bilan band edi. Shu bois sevimli yozuvchisining dafn marosimiga qatnasholmadi.
Oradan ikki oylar o‘tib, Parijga qaytganining ertasiga graf sevimli yozuvchisining qabrini ziyorat qilgani tongda qabristonga yo‘l oldi.
Huvillagan qabriston kimsasiz deb o‘ylagan edi graf. Ammo u o‘ylaganchalik bo‘lib chiqmadi. Mopassanning qabri oldida qop-qora motam libosli bir ayol pichirlagancha duo o‘qib turar edi. Oyoq ostidagi xazonlarning shitirlashidan sergak tortgan notanish ayol sekin ortga burildi. Graf darhol uni tanib, sokin yuragi gursillagancha xushnud holda unga intildi. Bu ayol – uning Jozefinasi edi.
Qabr toshiga yozuvchining kulib tushgan chiroyli surati o‘rnatilgandi.
Ular suratga tikilgancha ancha vaqt turib qolishdi. Ulug‘ adib haqiqiy ikki muxlisining qayta topishganidan mamnundek edi go‘yo.