Odam erta tongni qanday qarshi olgan bo‘lsa u kuni bilan shunga yaqin kayfiyat bilan yuradi. Siz bugun tongni qanday kutib oldingiz? Tushunish mumkin, kecha tug‘ilgan kunda bo‘lgan edingiz, ko‘nglingiz bo‘sh, o‘zingiz aytmoqchi, ozginadan boshlangan qultamitsin bora-bora… oxiri qanday holatda uyga kelganingiz yodingizda yo‘q. Ana xolos, o‘zingiz o‘zingizga kuni kecha endi og‘zimga olmayman, bu gal hozirgi so‘zim, endi boshqa ichmayman, o‘zim uchun, degan sizmi edingiz?
E, yashasinlar mavlono. Sizni o‘zining o‘ziga do‘stligi yo‘q odam, desa bo‘ladi. Yana boshqalardan gina qilib qo‘yamiz. Vallohi a’lam, avval o‘zlaridan boshlasinlar. O‘zlaridan, ha , keyin boshqa masalalar, boshqalar, ya’ni do‘stman deganlar-u, do‘stim deb yurganlaridan gina aylagaylar.
O‘zi zo‘rg‘a yotibman-u, yana shunaqa xayollar bilan bandman. O‘zingizni mening holimga solib ko‘ring, siz kechasi bilan mijja qoqmay behuzur yotsangiz, shunaqa mavlono, savlono degan gaplar keladimi kallangizga. Bu g‘irt o‘zining ustidan kulishga o‘xshaydi. Xotin ovora. Buyam, mana yigirma yildan beri hayotning men ko‘rmagan qiziqlari shular ekan-da deb o‘ylasa kerak bolapaqir. Bolalar kap-katta bo‘lib, qizing bo‘y yetib, o‘g‘ling er yetib tursa, erta-indin hovlingga qullikka keladiganlar shay tursa-yu, yana bu kishimning ahvollari bu bo‘lsa. Qaysi kuni ishxonada katta majlisda muharrir ham shaqshayib olib nima deydi deng, bilamiz ba’zilarni kechasi bilan ichib, ertasiga idorada kuni bilan aroq sasib yurishadi, bu bilan qanaqa mehnat samaradorligi bo‘lishi mumkin deb. Unday-munday deymiz-u, haqiqatan ham qanaqa mehnat samaradorligi haqida gap bo‘lishi mumkin.
Voy, bosh ham shunaqa bo‘ladimi, qimirlatsang lo‘q-lo‘q. Ajabo, shuncha balolarga dori topgan do‘xtirlar bu bosh og‘rig‘iga hech bir malham topa olmaydilar. Shularga besh ketmadim. Agar ichgandan paydo bo‘ladigan bosh og‘rig‘ini to‘xtatadigan dori o‘ylab topilsa, eng katta foyda shundan kelsa ehtimol.
Shu ketishda peshin oqqanda sal qo‘yvoradi chamasi-da. Buyog‘i kutish kerak. Kechasi necha marta tashqariga chiqqan bo‘lsam shuncha marta uyg‘onish mashaqqatini boshidan kechirgan xotin meni umuman tushunishni hoxlamaydi, ichgancha bugun bozorga tushib manavi tovuqlarga don olib kelishingiz kerakligini o‘ylamadingizmi, to‘rt kundan beri shu ahvol, ertalab tayinlayman, kechqurun, chalajon bo‘lib kelasiz. Manavu Orif qo‘shnidan kuniga bir qo‘shivuchdan olti marta makkayi oldim. Odamda bet ham qolmadi. Bulardi bilasizku, bir narsani ikki marta so‘rab bo‘lmaydi. Betim ham qolmadi, bo‘lmasa tovuqlarning o‘zini quritib keling, menga misol uchun kerak emas.
Hoy baraka topgur, men hozir senga hatto gapirishga holim yo‘q. Gapirish tugul, aytayotgan har bir so‘zing miyamga hanjar sanchganday urilayapti, ovozingni o‘chirgin, ovozing o‘chgir deysiz, albatta ichingizda. Men mana hozir shunday qilyapman ham. Bu albatta xotinga umuman kor qilmaydi. U diydiyosini davom ettiraveradi. Agar otam(qaynotasi, ya’ni mening otamni nazarda tutyapti) kechagi gal qishloqqa borganingizda aytganakan-ku bu ichkilik obro‘ opkemaydi, senga nima yetishmaydi, deb, otamning gapini ham olmasakansiz-da. Uf, enam(yana mening onam haqida ketyapti gap) o‘zi aytadi bu otangning urug‘ida ichmagichi yo‘q deb. Tovba, sal insop bilanda. O‘ziyam bir yashik ichgan chiqasizov kechagi o‘kirishlaringizdan. Qo‘shnilar ham aniq eshitgan bo‘lsa kerak.
Azob, azob, shu qani holing bo‘lsa-yu, turib xotiningning chakagini o‘chirsang, shunaqangi tushirsangki, o‘chsa, uni o‘chsa. Qani o‘sha kuch, mador yo‘q-da shu. Hozir bosh, miya og‘riqlaridan ham uning so‘zlari, ha gaplari emas, har bir so‘zi alohida-alohida qonimga tashna qilmoqda. Gap uning nima haqida, qanday ma’nodaligida, yo‘nalishi, diydiyosi, muhim-nomuhimligida emas. Ishoning, xotinlarning chakagi to‘g‘risida hikoya yozgan, qissa-yu she’r yozgan, yoki askiya qiladiganlar menimcha aniq hozir men qanday holatda bo‘lsam shu holatni boshlaridan kechirishgan. Aniq. Men bunga yuz foiz aminman, mingdan ming marta. Hojiboy aytmoqchi “chakagagin” degan dori shunaqangi kerak dori ekanki, rahmatli bu askiyasini biron rosa zo‘r maishatning ertasi kuni ijod qilgan bo‘lsa ehtimol.
Bu tomonda telefon, ba’zan kuni bilan birov so‘ramaydigan Shoymanovni bugun tong azondan so‘rashgani so‘rashgan. Birinchi bo‘lib Misha telefon qildi. Assalomu alaykum, deydi u baqirib – har gal shunday. Salomdan yoqimli so‘z bo‘ladimi bo‘lmasa. Lekin shu bolaning salomi biram yoqimsizki, tavba o‘z holingcha, to‘g‘rilikcha gaplashaver, o‘zim aytib yuradigan gaplarni taxlab tashlaydi, juripsiz ko‘rchichqonning ko‘zini o‘yg‘anday.
– Ha, endi, – zo‘rg‘a chiqadi ovoz.
– Bizam mana xotinning oldida yotippiz Xudo deb. Bugun kunning avzoyi buzilib turibdi.
Senam nimadir deyishing kerak. Buning ko‘ngli bir nozikki, sal boshqacha muomalani sezsa, darrov to‘nqillab boshlaydi, balolarga qolishing aniq.
– Ha, darvoqe, Toshkendayam shunaqa shekilli, ha hali jotipsan shekilli, ha munday erta turadi, bomdodga tursangam haqing ketmaydi, – deydi u. U haq, endi insof yuzasidan aytganda, men qatorilar ishqilib insofga kirib, birovi nomoz o‘qigan, yana birovi ro‘za tutgan, harqalay, keksalik bo‘lmasa ham boshida do‘ppi, nuqsi urib qolgan shunaqa monand avlodning. Uf, bu hali davom etayapti,
– Mana bu Ahmatni ko‘rgan edim kecha, shu to‘y boshlamoqchi ekan, bir normalniy artist qanchaga kelarakan, shuni bir so‘rang deyapti, nima deyin jo‘ra?
Nima degan bo‘lardingiz?
– Bilmasam, erta-perta gaplashaylik, hozir biroz maza yo‘q edi oshna, bir maslahatlashib ko‘rib aytaman, xo‘pmi?
U qo‘ysa qani:
– Uni bilasan-ku, bir besh-olti yuz ming beradi, undan ko‘p berolmaydi, shunga yarasha, shunga rozi bo‘ladigan o‘zingning oshnalaringdan birovini ob keladi deb qo‘ydim, Anvarminan Sobir kemaydiku endi bu pulga tuvrimi?
-Ko‘ramiz, jo‘ra, ko‘ramiz senga o‘zim aytaman, davay, – telefonni divanning ustiga tashlab yugurib tashqariga otilaman .- Padariga la’nat shu aroqni o‘ylab topganning.
Rostdan ham bulut bor ekan havoda. O‘qchib-o‘qchib biroz yengil tortganday bo‘lamanda yana yotog‘imga qaytaman. E joningdan o‘tib ketgandan so‘ng birovdan uyalmay ham qolar ekansan, mening uydan otilib chiqqanimni qo‘shni kuzatib turibdi, men unga e’tibor ham qilmabman. Ko‘rdim, biroq qaramadim, hech narsa demadim ham. Deydigan emasidi ahvolim. O‘l bu kuningdan derdik jo‘ralarga hazil qilib yoshlikda. Bu undan besh battar holat. Telefonda qandaydir ovozlar, e bu Misha hali o‘chirmapti zang‘ar, juda malol keladi yana gaplashish, nachora.
– Jo‘ra, iltimos o‘zim telefon qilaman, keyin gaplashaylik.
– Ey, menga qara, uyingda tinchlikmi, xotining bilan urishib-netib yotganing yo‘qmi? – shu gap kam bo‘lib turibdida menga.
– -Ey onangdi emgir, qo‘yasanmi yo‘qmi, aytdim-ku, o‘zim telefon qilaman, deb – telefon trubkasining qizil nuqtasini alam bilan bosaman.
Kallaning ichida nimadir otilib chiqib ketadiganday azob berayapti. Bilmadim, bu miya pishib ketib qaynab chiqmoqchimi yoki qon tomirlarga sig‘may qolayotirmi, bilmadim, ishqilib so‘z bilan tiniq tasvirlab bo‘lmaydigan og‘riq.
– Ko‘zimni yumaman, ozgina ko‘zim ilinsa biroz o‘zgararmidim deyman. Kichik qizim kiradi, dada, menga ustozim ikki ming yetti yuz so‘m olib kelinglar dedi. Bu endi ko‘zimga ilingan uyquni buzayotgan gaplar. Baraka top qizim, maktabga ketayotganing yo‘qmi, – alam qilayotgani gap ohangimdan seziladi.
– -Soat o‘n ikkida ketaman,- anglamagani sezilib turibdi.
– O‘zim ketishingdan avval beraman, xo‘pmi?
– Xo‘p.
Ustimga ko‘rpani tortaman, qahraton sovuq bo‘lganda ham boshimni ko‘rpaga tiqib yotolmaydigan jigit ikki qavat ko‘rpaga shunday o‘randimki, nafas olish uchun yetarli bo‘lgan kislorod qaysi teshik yo tirqishdan kiradi deb o‘ylaganim, bu masala xayolimga kelgani ham yo‘q. Xullas, bir soatlar chamasi “shirin” uyqudan so‘ng turishga to‘g‘ri keldi. Ishxonadan xabar keldi. Qarang xabar emish, bugun ish kuni bo‘lsa, o‘zing kimsan, seni ishxonaga vaqtida bormaysan, deydigan odam yo‘q, bir narsani do‘ndirib otgul qiladigan haqqing bo‘lsa ham mayli edi, yana madaniyat bilan so‘rashibdi, xotinqulning aytishicha, iloji bo‘lsa borar ekanman, Samarqanddan bir kishi kelib kutib turganmish.
Ertalabki tozalanish tadbirlaridan so‘ng ishga otlandik. Bosh og‘rig‘i tarqab ketgani yo‘q. Avtobus yo metroda yurish xavfli, birdan ko‘ngil aynib qolsa nima bo‘ladi. Taksi to‘xtatamiz. Kelishgan joyda to‘xtagan taksi haydovchisiga ikki ming so‘m uzatdim, u menga g‘alati qarash qildi, kammi deganday imo qilsam:
– Aka, dogovor doroje deneg. Bu nima qilganingiz, deydi. Tavba, kallaning joyida emasligidan boshida kelishganimiz ham esdan chiqibdi. Ishqilib, o‘zing sharmanda qilmagin ilohim deb ishxona kirish joyiga borsam, har safar janjal qilib ketadigan shikoyatchi chol turibdi. Albatta, men meni kutayotgan odam u emasdir, degan xayolda, aniq aytsam shu mahaldagi shu eng katta orzu bilan militsiya postiga yaqinlashganim hamono menga nihoyatda tanish va nihoyatda yoqimsiz ovoz, gapini tushunish anchayin, sog‘ odamning tushunishini nazarda tutyapman, og‘ir bo‘lgan qahramonimiz, bugun esa mening “personalniy geroyim” buxorolik chol, ismini esda saqlamabman, o‘zini tanishtirganda bu chol ismini aytmaydi, barcha qahramonliklarini aytadi, shu ismiga kelganda, nazarimda eshitayotgan odam bunga qiziqmaydi ham shekilli-da. Chunki, bunga hojat qolmasa kerak…
…Birinchi uchrashuvimiz xonada kechgan edi. Bu kishini bir-ikki ko‘rganman shungacha ham, qandaydir boshqa gazetalarga kirib, kimlar bilandir gaplashib yurar edi-da. O‘sha kuni, tushlikka yaqinroq, xonada o‘zim o‘tirgan edim. Biz uch kishi bir xonada ishlaymiz. Eshmanov degan huquq bo‘yicha yozadigan bo‘lim boshlig‘i, Mahmudjon va men – muxbirlar. Shu eshik ochilib, sekin-asta bir odam mo‘ralab boshini ko‘rsatdi. G‘alati jihati, ayni kuzning oxirlari, havo sovuqqina bo‘lib, g‘alatiligi kirayotgan boshda yozgi shlyapa, yangiroq, hali ohori to‘qilmagan, mo‘ralagan boshning navbatdagi tashrif qog‘ozini taqdim qilgan bo‘yin qismida futbolkadan yuqoridagi nihoyatda pokizaligi shundoqqina rangidan “sezilib” turgan bo‘yinda bo‘yinbog‘, egnida fufayka, albatta tozaligi haqida gap ham bo‘lishi mumkin bo‘lmagan alfozdagi, tananing quyi qismida jinsiligini tusmol qilish mumkin darajadagi shim va rezina etik. Albatta tasavvuringizdagi odamni gullar o‘sib turgan shinamgina xonaga kirgazib ko‘ring, havodagi o‘taketgan badbin hidlar dimog‘ingizga urilayotgandek bo‘lmasa men kafil. Biz buni real hayotda ko‘rganmiz, boshimizdan o‘tkazganmiz.
Salom, – ushbu muborak mehmon og‘zidan “s” harfi “s” bilan ”sh”ning orasidagi bir ovoz sifatida chiqdi, men bu mavjudotni albatta o‘ttiz foiz ham tariflay bilmadim. Agar tariflay bilganimda hali tirriq bo‘lmagan ta’bingiz albatta tirriqlashib, menga nisbatan qandaydir yovqarash paydo bo‘lar edi. Balkim shunisi ham durustdir. Lekin men bu odamsimon tananing yuz tuzilishi haqida bir og‘iz gap aytmasam bo‘lmas. Bu azbaroyi mabodo ko‘cha-ko‘yda ko‘zingiz tushib qolsa, e’tibor qilarsiz, degan ma’noda aytilayapti. Boshdagi shlyapa agar joni bo‘lsa o‘ziga o‘zi o‘t qo‘ygan bo‘lar edi, bunday boshlar ustida turish uchun naqadar baxtsiz ekan bu kiyim-a… Men, misol uchun shu shlyapaga juda ham rahmim keldi. Yoshi oltmishdan oshganlarday ko‘rinadigan bu iflos mahluqning sochlari to‘zib ketgan, yaqin ikki oyda suvning yaqiniga yo‘lamaganiga kafolat beraversa bo‘ladi. Soqollarning betartib va yarashiqsiz o‘sganidan, biz odatda soqol qo‘ygan kishilarning yuzida topadigan qandaydir ma’no, nur, qandaydir iliqlik yo‘q edi bu yuzda. Endi uning muddaosiga kelsak. U o‘zini mustaqillik bilan bog‘lab o‘n besh daqiqa ma’ruza qildi, lekin men uning mazmuniga yetmadim. Aytishiga qaraganda, u oyga parvoz qilishi, u tomondan qandaydir rejalarini tayyorlashi, negadir o‘g‘li va qizi unga qarshi ekanligi, qolaversa kolxoz(o‘sha paytda xo‘jaliklar edi, darvoqe, bu cholga buning nima farqi bor o‘zi) raisi ham uning olamshumul rejalariga to‘g‘anoqlik qilayotgani, u gazetada maqolalar, ha aynan maqolalar chiqarishi kerakligini bildirgan edi. Men o‘ta realist odamman. Bu maqtanish emas, biroq bir narsaning amalga oshishiga o‘zim ishonmasam birovga va’da bermayman. Qolaversa, bu maxluqot qarshisida bunday va’da berish uchun aqling ham joyida bo‘lmasligi kerak. Nima qilmoq kerak? Kalla ishlasa vaziyatdan chiqish mumkin. Xatlar va shikoyatlar bo‘limida ishlaydigan Shahobiddin yaxshi yigit, biroz maqtanchoqligini hisobga olmaganda albatta. Shu ijodkorligidan firibgarligi ko‘proq tarozi bosadigan hamkasbimiz bir “olamshumul maqola” bitayotgani(bu uning o‘z iborasi) haqida bundan yarim soat avval maqtangan, agar qishloqlardan iste’dodi baland bo‘lgan kishilar haqida ma’lumotlar bo‘lsa berishimizni so‘ragan edi. Qarasam, mavzuga juda mos. “Iste’dodi” barq urib turibdi. Otaxonga muruvvat ko‘rsatib o‘tirishga chorladim va so‘z qotdim:
– Men bu yerda yangi odamman, siz ko‘tarayotgan masalaga aqlim yetmas deyman, ayni shu masalada bir ustozimiz ish olib borayotgan edilar, shu kishi bilan bir gaplashib ko‘rsangiz, – desam uning kimligini so‘radi. Menga shu kerak edi o‘zi. Tarifiga zo‘r berdim.
– Poytaxtdagi barcha muhim masalalar shu odamning qo‘lidan o‘tadi. Bizning ustozimiz bo‘ladi.
– Qani gaplashchi, – degan javob bo‘ldi. Shahobiddin ro‘paradagi xonada o‘tiradi, hozir joyida, men ichki telefondan unga qo‘ng‘iroq qilib gapni uzoqdan va albatta u yoqtiradigan mulozamatlardan boshladim.
– Ustoz, dedim cho‘zib, bu unga moydek yoqadi. Endi amalda u qanday qilib menga ustoz bo‘lsin. Yo‘ligada. – Boshlagan olamshumul asardin yaqin oylar ichinda biz fiqr-u g‘urabolar-da bahramand o‘lg‘aylarmu?
– Ey, mavlono, sizdek ukalarning quvvai hofizasi uchun uni tez kunlar ichinda yetkarmoq istaginda yonurmiz, murodingiz hosil bo‘lodurg‘on kunlar yaqindur bo‘tam.
Mening murodim undan-da tezroq hosil bo‘lmog‘i o‘zimga ayon edi albatta. Ustalik bilan unga boyagi gapini eslatib qo‘shimcha qildim:
– Oldimda bir ulug‘ inson o‘tiribdilar. Siz u kishini albatta taniydursiz, ko‘rgansiz(aminman, albatta ko‘rgan, taniydi), shu insonning butun olam bilishi joiz bo‘lgan bebaho g‘oyalari bor ekan, men ushbu topilmani sizga ilindim, menda hozir yana bir o‘zimning bo‘yimga mos topshiriqcha bor edi, shuning uchun bunday ulug‘ ishlar faqat ulug‘lar qo‘lidan kelur, deb sizga bermoqqa qaror ayladim, mavlono. Qarang gaplarni ham marjondek tizib tashladimmi, ortida katta manfaaatim bor, shu mavjudotdan qutulish, mana menga “ilhom parisi».
– Kim ekan ul zot, – go‘shakdan juda muloyim ovoz keladi.
-Hozir ul ustodni oldingizga o‘zim boshlab borurmen. Siz bir piyola choy qo‘yib turingiz.
-Bosh ustiga.
His hayajonlarni jilovlagan holda mehmonni xonadan kuzatib chiqib eshikni ilib, unga Shahobiddinning eshigini ochib marhamat qiling, deya ichkariga taklif qildim. Eshikni yopib qanday tezlik bilan zinapoyaga yetganimni bilmayman, pastga tushib, tushlikka ketaturib ortimga bir o‘n martalab qaragan bo‘lsam kerak, bu odam quvib kelmayaptimikan, degan hadikda.
Tushlik uzoqroq nuqtalarda ijro etilgach, biron ikki soatlarda haligi hadiklarni yo‘qotib, ozgina to‘lishib, ozgina salobatli yurishlar va kekirib qo‘yishlar ila to‘yingan qadam olishlar bilan xonaga yaqinlashar ekanman, Shahobiddinning xonasidagi jimlikdan xotirjam tortdim. Harqalay, hech kim yo‘q. Eshikka kalit solsam, ochiq ekan, bamaylixotirlik bilan uni ochib… Ne ko‘z bilan ko‘rayki, haligi noraso Eshmanov bilan quchoqlashib turibdi-da. Eshmanov, e nomard shu mavjudotni ham “otam” deb turibdi. E otang o‘lib, otasiz qol-e, Eshmanov, – dedim ichimda. Otaxon yettinchi osmonda, menga yomon gap aytmadi. Eshmanovni ikki yuzidan ikki martalab o‘pti. Keyin men bilan qo‘llarimni siqib xayr-xo‘sh qildi. Uni bir balo qilib kuzatdik. Xonaning hamma ochilishi mumkin bo‘lgan joylarini ochib, hidini ko‘p yomon ko‘rishimizni yashirmaydigan hisobxona xodimasi Marjona qizning kooperativ duxisini olib kelib rosa puflatib haligi odamsimon nimarsaning islarini haydagan bo‘lgandik. Mana shu odam meni chaqiryapti, men bilan gaplashmoqchi, meni balkim quchoqlab o‘pmoqchi hamdir. Rasvoi raddibalo.
Boshimdagi og‘riq … esimga tushdi. Bu undan besh battar og‘irroq og‘riq edi.
2007