Hakim Sattoriy. Uchovlon (hikoya)

Shoir, yozuvchi va publitsist o‘zlari sezmagan holda hamroh bo‘lib qolishdi.

Tamaddixona yonidan o‘taverib, yozuvchi:

– E, shoir ruhini shod etmaymizmi? – deb yubordi.

– Jo‘yali taklif, – dedi publitsist.

Shoir o‘ziga yarashiqli shoirona javob qildi:

– Qirg‘oqlarda yashar yodim mening,
Bir kun eslagay avlodim mening.

Suhbatning avji baland bo‘ldi. Dillar dillarga tutash, ko‘z ko‘zdan mehr oladi, dunyo o‘rtada, uchovdan quyon ham qochib qutulolmaydi.

Bugun publitsist ancha jo‘shqin edi, u piyola chetini chertib, so‘z boshladi:

– Biz davr sinovlari oldida tiz cho‘kmasligimiz kerak, bizni nurli kelajak kutmoqda.

Yozuvchi qo‘shimcha qildi:

– Voqealarning teran tahlili qalbga yorug‘lik olib kelmoqda, hamma mujdalar xayrli oqibat daragini keltirayotir.

Shoir ikkalasining umidini yanada kuchaytirdi:

– Hech vaqt bulutda qolmagan oftob,
Garchi qish cho‘zildi ancha muddatga.
Avlodim qo‘lida ko‘raman kitob,
Kinoga tushishlar kirar odatga.

Gurung avjidan quyi enmadi. Mashvarat allamahalgacha cho‘zildi.

Ular ko‘chaga chiqqanda, odamlar siyraklashib qolgan, barcha yemakxonalar bekilgan, uchalasi ham och va hush­yor edi.

Uchovlon tezda bir-birini sog‘indi.

Bir kuni publitsist telefon qilib, biroz tortinib, biroz qimtinib, shivirladi:

– Shoir ruhini shod qilmaymizmi?

Taklif jon deb qabul qilindi, zum o‘tmay uchovning boshi qovushdi.

Bu gal taklif kimdan chiqqan bo‘lsa, o‘sha “terladi”, uchov ancha sarxush va to‘q holda tarqalishdi.

Qarabsizki, bir ijodiy guruh paydo bo‘ldi.

Bu atrofda ularning nazari tegmagan mavzu qolmagach, endi jahon sahnini ko‘zlab ot surishga boshladilar.

– Bir klassigimiz Rimga parda tortibdi, – dedi bir kun yozuvchi.

– Men Afinani xira qilib tashlayman, – lablarini qimtib, jo‘shib so‘z qotdi shoir.

– Mening ko‘nglim esa hamon bedapoyada, – dedi publitsist negadir ming‘irlab.

Shijoat mavzuda ham, koinot va Yer sharida ham har qanday chegarani pisand qilmas edi.

Ana shunday olovnafas kunlarning birida shoir va yozuvchi uchinchi hamrohning qo‘ltig‘idan olib, shivirlamay, baralla shunday deyishdi:

– Siz bizning ishonchimizni qozondingiz, sizda biz oldin sezmagan ko‘p xislatlar bor ekan. Biz sizni katta adabiyotga olib kiramiz.

Bu marhamatdan publitsistning boshi aylandi, birdan ulfatlarining qalin adabiyot jurnalida ishlashlari yodiga tushib ketdi. Rostdan, adabiyot dargohining kaliti ularning cho‘ntagida bo‘lsa-ya. Entikdi, faqat:

– Qulluq akalar, e, ustozlar, ustixonim cho‘p bo‘lib xizmatlaringizni qilaman, – deya oldi, xolos.

Shundan keyin vazifalar teng taqsimlandi, ya’ni har kim o‘z mavqeiga yarasha joyini egalladi.

Publitsist murid, shoir va yozuvchi pir maqomida bo‘ldi.

Endi adabiy anjuman qizigandan-qizidi.

Suhbatda g‘iybat yo‘q edi, sof san’at muammolari yuzasidan jo‘shib, manfaatdorlik bilan fikr yuritishardi.

Ayniqsa, publitsist xursand edi, katta adabiyot maydoniga nechanchi raqam bilan qadam qo‘yishi, undan keyingi farahli kunlar haqida shirin-shirin orzu qilardi.

Biroq… biroq amaliy ish ko‘zga tashlanmayotgan edi.

Bir kun publitsist, “Nima balo, pirlar meni butilkaning ichiga joylab, birato‘la adabiyot taxtiga irg‘itishadimi?” degan mulohazaga bordi va kallasiga kelgan fikrdan qo‘rqib ketdi. “Shakkoklik qilma, – derdi ichki bir ovoz, – hali to‘la sinovdan o‘tmading. Bu qo‘ring bitta to‘rtlikka ham yetmaydi”.

Nihoyat, navbatdagi “Shoir ruhini shod etish”dan oldin yurak yutib, shunday dedi:

– Men ham mo‘tabar sahifalarda ko‘rinsam, degan edim.

Bu gapdan yozuvchi hijolat bo‘ldi, shoirning rangi o‘chdi. Ehtimol, har ikkalalari “Sensiz ham daholar ko‘p, majolis un-nafoisdan bahramand bo‘lib yuravermaysanmi?” tarzidagi mulohazaga borgan bo‘lishsa, ajab emas. Negaki, qalin jurnal deyarli kasodga uchragan, faqat homiylar mablag‘i evaziga yilda ikki-uch soni chiqib turardi. Bu haqiqatni esa katta adabiyot ostonasida turgan muxlisga aytib bo‘lmaydi; qo‘ying, u bokira xayollar og‘ushida, bolalik e’tiqodi bilan yashayversin, bir kun boshi devorga tegsa, o‘shanda aldanganini biladi. Hozir parqu bulutlar quchog‘idamikan, uyg‘onguncha rohat qilaversin.

– Men sizni tushundim, – dedi shoir, u vazifa jihatidan kattaroq edi shekilli, – asaringiz chiqadi bizda, u sizga katta shuhrat olib keladi, faqat shoshilmang, pishiting. Pishitavering. Tayyori bormi?

U publitsistning bunchalik xiraligini bilmagan edi, oson qutila olmasligini sezdi.

– Bo‘lmasa, – dedi cho‘zib, – elektron variantini olib kelasiz.

Publitsist orzusi ushalganday xursand bo‘ldi, bu safar anjuman har doimdagidan ham ko‘tarinki, baland darajada o‘tdi. Qisqasi, har uchrashuvga bahona topilar edi. Nihoyat, shoir dangal so‘z berdi:

– Yilning oxirigacha chiqadi.

Yozuvchi quvvatladi.

Jurnalning oxirgi soni esa…. operativ materiallardan ortmadi.

Publitsist xafa bo‘ldi.

Unga taskin berishdi:

– Ey, katta adabiyotning injiq­lik­lari ko‘p. Kutilmagan ishlar bo‘lib ketadi. Maqtov eshitaman, deb kaltak yeysan. Savob olaman, deb la’natga qolasan. Katta sinovlarga tayyorlaning, irodani toblang, – deyishdi.

Publitsist ko‘ndi. Bu safar non ustida qo‘l olishdi: yangi yilning birinchi soni – sizniki.

“Mehmonning kelganidan “keldi-keldi”si qiziq bo‘ladi”, deganlaridek, endi asarning jurnalga borish yo‘li hangomalarga boy bo‘ldi: goh anhor bo‘yida, goh yerto‘lada, ba’zida toboqa, ba’zida kabob. Bunday suhbatlar odatga aylanib qoldi, bir-birlarini ko‘rmasalar, turolmaydigan bo‘lib qolishdi. Katta adabiyot yo‘lidagi mashaqqatlar latif qalblarni birlashtirgan edi.

Bir kun jurnalning xomaki nusxasi tayyorlanayotgani xabari tarqaldi.

– Asaringiz juda yarashiqli turibdi, – deb suyunchiladi yozuvchi.

– Qisqartirilmadimi? – so‘radi publitsist yurak yutib.

U shundan – yozganining kallak­lanishidan bezor bo‘lib ketgan edi. Mana, yigirma yilki, biror safar maqolasi tarashlanmasdan chiqqani yo‘q.

– Bir harfi ham o‘zgarmagan, – yozuvchi og‘zini to‘ldirib ishonch bilan dedi. Publitsist to‘lqinlanib ketdi, tomog‘iga yig‘i tiqildi. “Bor ekan-ku so‘z zargarlari, nega oldinroq ularga duch kelmadim?”. Shu paytda yozuvchini quchoqlab olgisi keldi-yu, telefonda gaplashayotgani esiga tushib qoldi.

Shundan keyin uzoq vaqt uchrashmadilar. Shoir ham, yozuvchi ham ijod bilan jiddiy band ekanini bildirib, tutqich berishmadi.

Jurnalning yangi sonini ko‘rdi-yu, ko‘p narsani tushunib oldi. Avtobusda notanish yo‘lovchi aynan shu jurnalni varaqlab borardi. Ser solib qaradi, jurnalxon negadir uning asarini emas, bir pesani o‘qib borardi. Jurnalni so‘rab oldi-da, dastlab mundarijasiga ko‘z yugurtirdi. Negadir o‘zini topa olmadi, badanidan sovuq ter chiqib ketdi. Ikkinchi daf’a ko‘rishda topdi. Sarlavhalar juda mayda terilgan, binobarin, juda ko‘p material tiqib tashlangan edi. Ko‘rsatilgan betni ochdi, sarlavha o‘ziniki emas. Bir qur varaqladi-yu, tezda oxiriga yetib qoldi.

Yana varaqladi.

– Bo‘lgani shumi? – deb yubordi ovoz chiqarib.

Avtobusdagilarning hammasi unga qaradi. Uning bo‘g‘inlari bo‘shashdi, shalpayib, “uf” tortib yubordi. Asar shafqat­sizlarcha qisqartirilgan, uning to‘rtdan biri ham qolmagan edi. O‘zi­ga kelgach, “Yana bir qisqartirganda, sarlavha bilan familiya qolar ekan” deb mulohaza qildi. Gazetalar ham bunchalik “qoqsuyak” qilib chiqarmagandi.

Oqshom halovati buzilib, tinchini yo‘qotdi. “Nahot katta adabiyot shu bo‘lsa, buni o‘qiganlar “Yozganing shumi, qo‘ling singur” demaydimi, bundan ko‘ra chiqmaganim yaxshi edi”, deb o‘zini koyirdi. “Pir”larni yodiga oldi. Bechoralar xijolat ekan-da, shuning uchun ko‘rinishmay qolgan ekan-da. Bu, asli, kimning ishi, nahot ulfatlar shunchalikka borishdi? Yuz-xotir uchun, nomigagina e’lon qilishdimi, xo‘jayinlardan dakki eshitishdimi? Hammasini ochiqcha ayt­ganlarida, asarini qaytarib olardi, ularning o‘zi ham xijolat bo‘lib yurmas, bu ham ginador bo‘lmasdi. Yo laqillatishdimi, ermak qilishdimi? Axir, gaplari juda jiddiy, yurakdan chiqqandek edi-ku. Riyokorlik ham shunchalik bo‘ladimi?

Tuni bilan orom bilmadi.

Ertasi kuni kelishganlaridek, asarni “yuvish” ma’rakasiga uni chorlashdi. Adabiy gurung qizib ketganda, u ortiqchaligini sezib, asta davrani tark etdi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 32-son