…Ayolning ko‘z yoshini ko‘rib rektorning ham ko‘ngli yumshadi. Bo‘lmasa-ku, shuncha vaqt darslarda qatnashmagan talabani hech qachon kechirmagan bo‘lardi. Mushtiparning yurakni ezib yuboruvchi hasratu nolalaridan keyin fakultet dekanini koyidi – talabasining holidan xabar olmaganim uchun. Axir bechora to‘rt oydan buyon og‘ir ahvolda yotgan bemor otasiga qarash bilan ovora ekan. Oilasi ham nochorligini bilishmabdi. Muhokamayu munozara ancha cho‘zilib ketdi. Yigit qayta-qayta tavba qildi. Onaizor yig‘isini to‘xtatolmay hiqillab-hiqillab duo qilgan bo‘ldi. Bu orada kotiba qiz kirib rektorga qo‘shni viloyatdan kelgan bir kishi uchrashmoqchiligini va biroz shoshilayotganini aytdi. Rektor “Mehmon kiraversin”, deb muhokamaga qisqa yakun yasadi.
Ayol tashqariga chiqishi bilan mehmon kirdi. Rektorning shogirdlaridan bo‘lgan bu odam ichkari kiriboq yigitga ko‘zi tushib:
– Ie, Sodiq, sen ham shu yerdamiding? – deb so‘radi.
Talaba yarq etib mehmonga qaradi, sarosimaga tushib rangi oqarib ketdi. Nimadir demoqchi bo‘ldi. Biroq tili kalimaga kelmadi. Xiyol bosh silkib, shoshgancha chiqib ketdi.
Rektor salom-alikdan keyin hayron bo‘lib so‘radi:
– Nima, siz bu talaba yigitni taniysizmi?
– Ha, tog‘amning o‘g‘li-ku!
– Shundaymi? Tog‘angiz tuzukmilar, ishqilib?
– E, zo‘r. Tog‘amni taniysiz, qo‘shma korxona direktori.
– A-a?.. Haligi chiqib ketgan ayol kelinoyingiz ekan-da.
– Yo‘g‘-e, u ayolni tanimayman.
Rektor hayratdan qotib qoldi.
– Axir, u ayol bir soatdan buyon bechora bolasining og‘ir ahvolda yotgan bemor otasiga qarab, darslarga kelolmaganini, eri o‘lib o‘lolmay, tuzalib tuzalolmay behush yotganini, o‘zi ham qiynalib adoi tamom bo‘lganini aytib yig‘ladi-ku!
– Yo‘g‘-e!… Tog‘am kecha Yaponiyaga uchib ketdi. Xorijlik hamkorlar bilan shartnoma imzolashi kerak ekan. Bir aylanib kelsin deb kelinoyimni ham olib ketdi.
Tezda yigitni va ayolni topib qaytarib kelishga buyruq bo‘ldi. Yigitni “yollangan ona”si bilan qahvaxonada chaq-chaqlashib o‘tirgan yeridan topishdi va har ikkisini zing‘illatib institutga olib kelishdi.
Jiddiy surishtiruv chog‘ida sir ochilgach, ayol yana ko‘ziga yosh oldi. Yigitning iltimosini rad etolmaganini, ko‘ngli bo‘shligini, vaqtincha “ona”si bo‘lib turishga rozilik berib xato qilganini aytib yig‘ladi. Lekin bu gal yig‘isi ishonchsizroq chiqdi.
Talaba yigit esa to‘qlikka sho‘xligi bois peshonasi devorga urilganini angladi, endi hammasi tamom bo‘lganini tushunib, butunlay boshini ko‘tarolmadi.
Qizig‘i shundaki, bu hol birinchisi emas ekan. Muayyan haq evaziga “mushtipar ona”, “bechora ota” rolini o‘ynaydiganlar, o‘ynatadiganlar onda-sonda bo‘lsa-da uchrab turarkan.
Shundan keyin hangomatalab talabalar va o‘qituvchilar orasida buyurtmalar qabul qilinayotgani haqida hazilomuz e’lonlar tarqaldi: “vaqtinchalik ona” har soati – 50 ming so‘m”, “vaqtinchalik ota” har soati – 100 ming so‘m”.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 1-son