O‘ziyam odam bo‘lmaydigan anqoviga uchragan ekanman-da…
Men unga aytdim: manavi egnimdagi kostyum sal urinibroq qoldi, yangilash kerak, deb. “Albatta yangilash kerak”, deydi.
Oradan uch-to‘rt kun o‘tgach, yana shama qilib ko‘rdim. Katta-kichikning oldida ustimga obro‘liroq narsa ilib yurmasam bo‘lmas, dedim. Har qalay, kattami, kichikmi “boshliq” degan nomim bor. “Hozir zo‘rlari chiqqan”, deydi galvars. Lekin o‘zini bilmaganga oladi.
Yana eslatishga to‘g‘ri keldi: quda-anda deganday gaplar bor. Sal nomimizga yarasha kiyinmasak bo‘lmas. Yangilash kerak, deb aytuvdim-ku! “Allaqachon yangilashingiz kerak edi”, deydi, galvars.
Avvalgi ishxonamdagi kadrlarimni yarim og‘iz gap, yo‘g‘-e, ishoramdan payqaydigan qilib qo‘ygan edim. Manavilarni esa hali ancha tarbiyalash kerakka o‘xshaydi. Gapni uqsa-ku yaxshi-ya, bo‘lmasa…
Bulardaqa paytimda oyog‘imdan o‘t chaqnardi. Xo‘jayinning istagini xayoliga kelgandayoq bilardim. Yengidan kirib, yoqasidan chiqardim. Bular-chi?.. Qachon qaramasang, anqov boladay lallayib og‘zini ochib o‘tirishadi. Mana bittasi, yana ammamning buzog‘iday go‘layib turibdi. Hamma narsaga baloday aqli yetadi. Lekin o‘zini ataylab anqov qilib ko‘rsatadi. Bo‘lmasa ikki haftadan beri eshakning qulog‘iga tanbur chertayapman-mi?
— Mashinayam ancha urinibroq qoldi, — dedim yana bir gal bir dasta hujjatlarni olib huzurimga kirganida, — benzinni ko‘p sarflab qo‘yyapti… “Benzin kamroq ketsin desangiz “Tiko” durust”, deydi. E, maslahatingdan o‘rgildim, quruq arava. O‘t olishiyam qiyinroq bo‘lyapti. Chamasi akkumulyatorni yangilamasak bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. “Xizmat mashinasi bor-ku!” emish?.. Idora bor-ku, deb uy qurmay o‘tirmayman-ku! Hayriyatki qurilish bo‘yicha muovinim senga o‘xshagan ammamning buzog‘i emas. Bo‘lmasa anavi shahar chetidagi o‘n olti xonali kichkinagina uchastkamning qurilishi o‘lda-jo‘lda qolib ketardi. Bahonada o‘zinikiniyam bitkazyapti. Sen bo‘lsang… Agar shunaqa qilib o‘zingni bilmay yuraveradigan bo‘lsang, kelisholmaydiganga o‘xshaymiz. Omborxonaning kalitlarini jaranglatib qo‘lingga tutqazib qo‘ygan bo‘lsam. “Tuya ko‘rdingmi, yo‘q” qilib tashlamaysanmi, ovsar. Bir gap bo‘lsa orqangda mana biz turibmiz.
Tanimagan odamni bunday mas’uliyatli ishga olgan o‘zimda ayb. Sinalmagan otning sirtidan o‘tma, deganlaridek, unga dabdurustdan bir narsa deb bo‘lmaydi. Aylantirib ko‘raman, shama qilaman. Anglasa yaxshi, bo‘lmasa o‘zidan ko‘rsin.
Ballonlar pashsha qo‘nsa oyog‘i sinadigan bo‘lib ketdi, hech bo‘lmasa o‘shalarni yangilab turish kerak, dedim. “Ballonning zo‘ri falon yerniki, chayqov bozorida falon so‘m”, deydi. Xuddi men bilmaganday. “Almashtirsangiz yangi taqalangan toychoqdek, gijinglab qoladi”, emish… Gapga chopon kiydirishni bilasan, lekin quruq aravasan, xumpar.
Baribir, maslahat berishdan nariga o‘tmadi. G‘irt anqov ekan. Hech iloji qolmadi. Shartta yangilab tashladim. “Ballonnimi?” deysizmi?.. Yo‘g‘-e, ombor mudirini…