Rassom do‘stimiz Abdusattor O‘zg‘ur serqirra iste’dod sohibi. Qozon kabobni qoyillatishi-yu devziradan oshni san’atkorona damlashini qo‘ya turaylig-u, ijodiy qobiliyati ham turfarang. Moskva San’at universitetida tasviriy san’atdan tahsil olgan do‘stimiz ko‘p yillardan beri Toshkentda hunarmand rassom sifatida faoliyat yuritadi. To‘g‘rirog‘i, tirikchilik uchun buyurtmaga rasm chizadi. U asarlari ko‘rgazmalarga qo‘yiladigan rassomlar sirasidan emas. Abdusattor shoir sifatida ham hammamizni qoyil qoldiradi. Qalamni mo‘yqalamdek ishlatib, rangin va yorqin she’rlar yozadi. Biroq hamkorlikda chiqarganimiz «Sohil ohanglari» bayozini aytmasa, she’rlari kitob qilinmagan. To‘g‘ri, u yoshligidagi Abdulla Oripov singari yozilgan barcha she’rlarini yod biladi. Yig‘inlarimizda kayfiyatga qarab: «Falon she’ringizni o‘qing», – deymiz. She’rni muallif ijrosida eshitganga nima yetsin. Ayniqsa, Abdusattorning bolalik va yoshlik yillari xotiralarini baayni badiiy asardagidek ohorli tarzda hikoya qilishiga besh ketaman. Har gal uning og‘zaki hikoyalaridan ta’sirlanganimizda: «Shu xotiralaringizni qog‘ozga tushiring, tayyor asar-ku!», – deymiz. Shungami, uch-to‘rt hikoya qoraladi va ular bizga ma’qul bo‘ldi. Hozir qissa yozyapti. Uning ham qiziqarli va o‘ziga xos asar bo‘lishiga aminman. Lekin, iste’dodning serqirra bo‘lishi hamisha ham yutuqlar garovi emas ekan-da. Abdusattor rassomlik, shoirlik yoki nosirlikdan birini uzil-kesil tanlab, butun iste’dodini bir o‘zanga yo‘naltirganda, ehtimol, nainki bizning mo‘jaz yig‘inimiz hamda o‘zganlik yurtdoshlari va musavvir do‘stlari davrasida, balki keng jamoatchilikka ham tanilib ketardi. Lekin bu oson emasligini ham bilaman. Axir, o‘zim ham yozma meros tadqiqoti va badiiy ijoddan birini uzil-kesil tanlayolmay, ajdodlar «ikki kemani ushlag‘on g‘arqdur», deganlaridek to‘lqinlar osha goh ko‘rinib, goh cho‘kib, halloslab suzib bormoqdaman-ku. Biroq, kemalardan birini qo‘yib yuborib, sal bo‘lsa-da, nafas rostlab olishga o‘zimni hech ko‘ndirolmayman.
Abdusattor suhbatlarimizda marhum otasini tez-tez eslaydi. Davrada soqiylik qilayotganida, shishaning tagida qolganini ham bo‘lib yuboraqoling, desak, u unamay: “Rahmatli otam magazinchi bo‘lgan, menga tejamkorlikni o‘rgatgan, tagidagi ham yana bir aylantirib quyishga yetadi”, – deydi.
Abdusattor Moskvada tahsil olgan bo‘lsa-da, o‘qishini yakunlab, diplom ololmagan. Besh yillik tahsilining to‘rtinchi bosqichini tugatar-tugatmas, universitetni tashlab ketgan. Balki, tahsil chala qolmaganda, u katta rassom bo‘lib ketarmidi.
Bir kuni shundoq nufuzli universitetni nega bitirmagani sababini so‘radik. Abdusattor biroz qizarinqirab, talabalik paytida boshidan o‘tgan va o‘qishiga chek qo‘ygan voqeani aytib berdi:
– Ochig‘i, bu bir qiz yoki bir so‘z tufayli bo‘lgan. Rosa qaysar, hech narsadan tap-tortmas bo‘lgan ekanmiz u paytlar. Talabalik paytida bir kurs quyida o‘qiydigan Lyuba degan ukrain qiz bilan yaqinlashib qoldim. Ukrainaning Ivano-Frankovsk shahridan edi. O‘zi oppoq bo‘lsa-da, tutash qoshi va ko‘zlari qoraligi o‘zbeklarga o‘xshab ketardi. Menga mehribon, kinoga, raqsga birga boramiz. Kiyimlarimni yuvib, uzilgan tugmalarimni qadab beradi. Men uni o‘zbekcha taomlar bilan siylayman. Universitetda o‘qiyotgan o‘zbeklar, yurtdan olisdaligimiz uchunmi, juda ahil edik. Doim bir-birimizni qo‘llashga harakat qilardik. Bunga Lyubaning havasi kelar, o‘zbeklar haqidagi sobiq tasavvurlari o‘zgarganini e’tirof etardi:
– Oldin o‘zbeklarni sodda, bo‘sh-bayov, hatto biroz anqovroq, deb o‘ylardim. Lekin sizlarni ko‘rib, o‘zbek mag‘rur, o‘z qadrini biladigan xalq ekaniga amin bo‘ldim. O‘zbekistonni bir ko‘rsam, armonim qolmasdi.
Lyuba she’rlarimni mashinkada ko‘chirib berardi. Mazmunini uncha tushunmasa-da, yaxshi she’rlar, deb qo‘yardi.
– Sattor, – dedi u bir kuni. – She’rlaringning ohangidan juda zavqlanaman va sening shoirligingdan iftixor qilaman. Lekin dugonalarim ham shoirligingni bilib qo‘yishlarini istayman. Ruscha she’r yozmaysanmi?
– Sen uchun yozganim bo‘lsin, – dedim uning yolvorgandek mo‘ltirab qarashiga tob keltirolmay. Xullas, unga bag‘ishlab bir necha she’rlar yozdim. Ularda mana bunaqa satrlar bor edi:
Tы mne strannыy podarok sudbы,
Kak prozrachnыy tsvetochek lyubvi,
Vsyo nadeyas, ladoni k tebe
Protyanu, nedostanu, uvы!
Bu she’rda qismatimizga bashorat borligini men keyin bildim. Ruscha she’rlarim mukammallik da’vo qilolmasa-da, biroq samimiyat bilan yozilgani uchunmi, bir-ikki dugonasi ham o‘qigan ekan, talabalar orasida tarqalib, ba’zilar meni «poet» deydigan bo‘lishdi.
Bir diskotekada ichib olgan barvasta yigit Lyubaga yomonroq so‘z aytdi. Men uni chekkaroqqa tortib, kechirim so‘rashini talab qilib turib oldim. U ham o‘jar ekan, oxiri ishni yakkama-yakka olishuv bilan ajrim qilishga kelishdik. Kim yengsa, o‘sha haq. U paytda shunday tortishuvlar bo‘lib turardi. Qiziq ustida: «Qiz bolani xafa qilganing uchun chap qulog‘ingni uzib olaman», – deb yuboribman.
Belgilangan kuni elektrichkada Moskva yonidagi bir o‘rmonga chiqdik. Kichik yalanglikda olisha boshladik. U ancha kuchli ekan, tez orada ikkalamizning ham yuz-ko‘zimiz qonga bo‘yaldi. Karate va shunga o‘xshashlar bilan shug‘ullanib yurganim uchunmi, nihoyat, uni tagimga bosdim. Shu bilan o‘zimni g‘olib hisoblab, bas qilsam bo‘lardi-yu, ammo boyagi: «chap qulog‘ingni uzib olaman», – degan gapim esimga tushdi-yu, bir barmog‘imning tirnog‘ini o‘stirib yurardim, shuni qulog‘ining suprasiga tiqibman deng! U chinqirib yubordi. Sheriklari daraxtlar ortida yashirinib turishgan ekan, yugurib chiqishdi. Ular ham xo‘p urinib, ajratisholmadi. So‘ngra yelkamga pichoq urishdi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, niyatlari o‘ldirish emas, balki ajratish ekan. Lekin ikki marta pichoq uchini suqib olishganda ham qo‘yvormabman. Uchinchi gal pichoqni suqib, uchini qayirishibdi. Yelkamdan nimadir jazillab o‘tgandek bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay hushdan ketibman. Ular sheriklarini olib, ketib qolishibdi. Yiqilganda yarador joyim bilan zaxga tushibman. Ancha qon yo‘qotganim sababli hushsiz yotaveribman.
Kursimizda Yura degan ukrain yigit bor edi. U oldin: «ukrain qizning boshini aylantirgan», – deb mendan g‘ashi kelib yurgan bo‘lsa-da, so‘ngra Lyuba bilan oramizdagi munosabatlar sof va samimiy ekaniga amin bo‘lgach, ikkalamiz do‘stlashdik. Dam olish kuni biror joyga taklif qilishimni kutgan Lyuba, mendan xabar bo‘lmagach, undan-bundan so‘rabdi. «Ajrimga ketgan», – degan xabarni eshitgach, yuragi yorilgudek bo‘lib, Yuraning oldiga yugurib: «Sattorning qaysarligini bilasan, bir korihol bo‘lmasaydi, deb qo‘rqaman», – deb ko‘z yoshi qilibdi. Yura darhol qidiruvga tushibdi. Shahar tashqarisida dam olib qaytganlar, konduktorlardan so‘rab, ikki soat hushsiz yotganimdan so‘ng meni topibdi. Kasalxonaga yotdim. Holsizligim tufayli Lyubaga aytib turib: “Chipqon chiqqani tufayli ma’lum muddat xat yozolmayman, xavotir olmanglar”, – deb yozdirib uyga jo‘natdim. Otam: “Chipqonning tagida bir gap bo‘lsa kerak, u qo‘lga emas, ko‘proq yumshoq joyga chiqadi”, – debdi. Chunki, meni bilardi. Bolaligimda ham ko‘p voqealarni boshdan kechirganman. Shimimga zanjirlar taqib, sochimni o‘stirib, oliftagarchiliklar qilib, bechora o‘qituvchilarimning ko‘p koyishlarini eshitganman. Maktab direktori: «Seni maktabdan haydayman», – deb po‘pisa qilsa-da, rassomlik iqtidorimni hurmat qilardi. Aslida o‘quvchilik paytimdagi bir mushtlashuv ham otamning o‘gitiga amal qilmoqchi bo‘lganimdan kelib chiqqan. Otam menga: «Nomardgina ayolni xafa qiladi. O‘g‘lim, biron joyda ayolni xafa qilishayotganini ko‘rsang, albatta, himoya qil», – degan edi. Bir kuni maktabdan qaytishda qorbo‘ron o‘ynayotganlar orasida sho‘xroq bola bir qizning yoqasidan ichiga qor tiqayotganini ko‘rdim. Papkamni tashlab, borib yoqasiga yopishib, yerga ag‘dardim. Xo‘p bopladim, deya turib ketayotsam, u ham izza bo‘lganidan ori kelibmi, papkasini otgan edi, boshimga tegib, gandiraklab ketdim. Ortga qaytib, bu gal joyidan turmaydigan qilib kaltaklay boshladim. Boshqalar ajratib qo‘yishdi. Maktabda: «Yana falonchi to‘polon qilibdi», – deb shov-shuv bo‘ldi. Ba’zi o‘qituvchilar: «Buni bolalar koloniyasiga jo‘natish kerak», – deyishdi. Zo‘rg‘a bosdi-bosdi bo‘ldi.
Lekin armiyada xizmat qilib qaytgach, maktab oldidagi gunohimni bir oz yuvdim. Adabiyot xonasi qilishmoqchi ekan, hazrat Navoiy, Bobur va boshqa mumtoz shoirlar suratlarini chizib, she’rlaridan namunalarni rangli bo‘yoqlar bilan yozib, bezab berdim. Har gal borganimda shu xonaga kirib, o‘quvchilik paytlarimni xotirlab qaytaman. Keksa o‘qituvchilarimga rahmat. «Yoshligida ham rassomlik iqtidorini ko‘rsatgan», – deb maqtashadi-yu, hech biri to‘polonlarimni yuzimga solmaydi…
Xullas, otam Moskvaga otlanib, universitet yotoqxonasiga kelib, xonamning eshigini taqillatsa, Lyubaxon ochib, kutib olibdilar. Men unga kalitni berib qo‘ygan edim. Xonani yig‘ishtirib qo‘yay, deb kirgan ekan. Otam so‘rab-surishtirib, gapning tagiga yetibdi. Meni pichoqlaganlar sudlanib, qamalgan bo‘lishsa–da, otam meni o‘zi bilan olib ketishga qaror qildi. Chunki yolg‘onni hech kechirmasdi rahmatli. Shu tariqa o‘qishimga chek qo‘yildi. Lyuba bilan xayrlashganimda, bo‘ynimga osilib yig‘ladi.
– Yurtimda davolanib, qaytib kelib tahsilni davom ettiraman, yana birga bo‘lamiz, – dedim.
Biroq Moskvaga qaytolmadim. Otam ruxsat bermadi. Men akalarim yoki ustozlarimga uncha-muncha o‘jarlik qilsam-da, otamning gapini hech ikki qilmaganman. Qolaversa, bu taqdir-da. Qaytib borib, o‘qishni tugatganimda, uylanib, Rossiyada qolib ketishim mumkin edi.
Lyuba bilan yozishib turdik. U mendan muhabbatimiz uchun kurashishimni kutardi. Meni esa Moskvadan kelishim bilan uzoq qarindoshimizning qiziga unashtirishgan, biroq bu haqda Lyubaga yozolmas edim. Uning o‘zi oxirgi xatlaridan birida turmushga chiqayotganini aytganida, qachondir shunday bo‘lishini bilsam-da, ichimda nimadir uzilgandek bo‘ldi. Javob xatida chin dildan tabrikladim va ortiq yozishmaganimiz ma’qul, dedim.
Lyubaning o‘zim chizgan suratlaridan birini hamon eng qadrli suratlar orasida asrayman. Xotinim shu suratga mehrim bo‘lakchaligini payqab yurar ekanmi, bir kuni: «Bu kimning surati, faqat to‘g‘risini ayting», – deb so‘radi. Yaqin kishilarimdan sir yashirish odatim yo‘q. Kechmish voqeani aytib berdim. Xotinim uch-to‘rt kun g‘alati bo‘lib yurdi. «U qiz men uchun bir xotiraga, o‘tmishga aylangan, undan qolgani shu surat, xolos», – deb yupatdim. Hartugul, suratni yo‘qotasan, deb turib olmadi.
Lyubani, ochig‘i, doim emas, goh-gohida eslab turaman. Yozishma mening ixtiyorimga ko‘ra uzilib ketgan, zamon alg‘ov-dalg‘ovida manzillar ham o‘zgargan. Lekin qattiq sog‘inganimda u bilan xayolan so‘zlashaman:
– Lyuba, taqdir menga yoshligimda ato etganu darhol qaytib olgan bebaho xilqat, – deyman. – Men o‘z taqdirimdan roziman. Oilam, biri-biridan shirin farzandlarim bor. Sening ham o‘z taqdiringdan rozi ekanliging, mendek qat’iyatsiz va noshud bir bandai ojizni allaqachon kechirib, peshanangga yozilgan turmush o‘rtog‘ing bilan baxtli hayot kechirayotganing, shunga qaramay, goh-gohida meni ham eslab turayotganingga ishonaman, azizam!
2008 yil