Bir necha yil burun hamkasb do‘stlarimdan biri o‘z o‘rniga Qozog‘istonning Oqsuv shahridagi o‘qituvchilar tayyorlaydigan kollejning sirtqi bo‘limi talabalariga yozgi sessiyada ikki hafta tarix fanidan dars o‘tib kelishimni iltimos qildi. «Bir sababga ko‘ra men o‘zim berolmaydigan bo‘ldim – dedi u. – Siz esa ta’tildasiz. U yerda ikki hafta darsga ham yaxshigina haq to‘lashadi. Men qo‘ng‘iroq qilib qo‘yaman. Sizni kutib olib, yotoq bilan ta’minlashadi».
Men biroz o‘ylanib turib rozi bo‘ldim. Oqsuv shahri Sayram tumanining markazi bo‘lib, qadimda Isfijob, O‘runkent, Saryom kabi turli nomlar bilan atalgan Sayram shahri ham shu tumanda joylashgan. Tarixiyligi nazarda tutilib, tumanga ham uning nomi berilgan. Qadamjolar, ziyoratgoh joylarning ko‘pligi jihatidan Sayramning istalgan boshqa tarixiy shaharlar bilan raqobatlasha olishi tarixchi sifatida kaminaga ma’lum edi. Bu shaharni ziyorat qilish ishtiyoqi va ba’zi boshqa jihatlar masalani uzil-kesil hal qildi. Boshqa jihatlarning asosiysi shu ediki, cho‘g‘i pastroq bo‘lgan ta’til pulini deyarli butunlay sarflab bo‘layozgan edim-u, ta’tilning o‘zi tugashiga hali ancha bor edi.
Xullas, ham ziyorat, ham tijorat deya chegaradan o‘tib, Chimkent viloyatidagi Oqsuv shahriga yo‘l oldim. Yetib kelganimning ertasigayoq tarix fakulteti sirtqi bo‘limi o‘zbek guruhi talabalariga o‘rta asrlar tarixidan dars o‘tishni boshladim. Dastlabki kunlar darsdan so‘ng Oqsuv shahrining o‘zini aylandim. Kunlar issiq bo‘lgani uchun shahar yaqinidan oqib o‘tuvchi Oqsuv daryosida cho‘milishni biron kun ham kanda qilmadim. Bu daryo oq rangli tog‘ jinslarini oqizib kelganidanmi, suvi go‘yokim bo‘r qo‘shilgandek oppoq edi. Yakshanba kuni ertalabdan Sayramga jo‘nab, kun bo‘yi o‘ndan oshiq ziyoratgohni aylanib, kechqurun horib-charchab Oqsuvga qaytdim.
Tahsilning ikkinchi haftasi boshlangach, talabalardan tumanda yana qanday diqqatga sazovor joylar borligini so‘radim. Ravshan ismli yigit Oqsuv yaqinidagi qadimiy qishloq – Mankentda tarix va o‘lkashunoslik muzeyi borligini aytdi. Ravshan o‘zi mankentlik ekan va darsdan so‘ng muzeyga birga borishga kelishib oldik.
Ravshan o‘rta bo‘yli, sochlari jingalakka moyil chiroyli yigit. Diqqatni darhol tortadigan jihatlardan biri uning ko‘zlaridagi ma’yuslik ifodasi edi. Bu ifoda ko‘zlarining tub-tubidan kelayotganday tuyular, ba’zan dars orasida hazil-huzul gaplar aytilib, Ravshan barcha qatori kulimsiraganida ham ko‘zlarini ma’yuslik tark etmasdi. Darsda savollarga yaxshi javob bersa-da, ovozida ham hazinlik, hatto bir oz asabiylik sezilardi.
Mankent Oqsuvga shundoqqina yondoshib turgani uchun, mening istagimga ko‘ra piyoda yo‘lga tushdik. Oqsuv markazidan Mankent yo‘liga qarab burilganimizda Ravshan do‘kondan bir quti sigareta sotib oldi. Ustozlarga xos ohangda unga nasihat qildim:
– Shu savilni tashlasangiz bo‘lmaydimi? Ham sog‘liqqa, ham hamyonga ziyon-ku bundan.
Ravshan ma’yus kulimsirab dedi:
– Asli o‘zi chekuvchi emas edim men. Boshlaganimga bir yil bo‘ldi.
– Nega boshladingiz? Birov majbur qildimi?
– Shu … boshimga bir ish tushdi, domla.
– Nima ish tushdi? Bo‘ydoq ekansiz, ro‘zg‘or, bola-chaqa tashvishlaridan hali ozod bo‘lsangiz.
– Uylanmoqchi bo‘lganimda to‘ydan oldin qaylig‘im vafot etdi.
– Nahot? Nega? Qanday qilib?
Ravshan xo‘rsinib dedi:
– Baxtsiz hodisa tufayli. Bir necha kishi mashinada ketishayotganda avariyaga duchor bo‘lishgan.
– Xudo rahmat qilsin. Qanday yomon hodisa-ya! Kechirasiz, o‘zim bilmay hayotingizdagi qayg‘uli voqeani sizga eslatib qo‘yibman.
– Hechqisi yo‘q, baribir men buni eslamagan kun, soat yoki lahza yo‘q.
Biz bir oz indamay yurdik. Ravshanning doimiy ma’yusligi sababi menga endi ayon bo‘lgan, ammo unga qanday tasalli berishni bilmas edim. U sigaret qutisini hali ochmaganini ko‘rib dedim:
– Mayli, chekavering. Vaqti kelganda tashlarsiz, balkim.
Ravshan «rahmat, domla» dediyu, bir dona sigaretni yoqdi.
– Qaylig‘ingizni sevarmidingiz
– Ha, birinchi sinfdan buyon. O‘n yil bir partada o‘tirganmiz.
Oldiniga «bechora yigitning yarasini tirnamay qo‘ya qolay, suhbatni boshqa mavzuga ko‘chirgan ma’qul» deb o‘ylagan bo‘lsam-da, beixtiyor berilgan savolimga olgan bu javobdan so‘ng Ravshanning muhabbati tarixiga qattiq qiziqib qoldim. E’tirof etishim kerakki, qiziqishim sabablaridan biri hikoya, hatto qissaga o‘xshash ba’zi narsalar qoralab yurishim edi. Qalamkashlik kasaliga chalingan odam turmushdagi har bir hodisadan o‘ziga ijodiy material izlashi ma’lum.
– Meni kechiring, Ravshan, lekin men boshingizdan o‘tgan voqealarni imkon qadar to‘laroq, tafsilotlari bilan eshitgim kelyapti. Agar sir bo‘lmasa, bir boshdan hikoya qilib bersangiz. Ham yo‘l qisqaradi, ham bir oz bo‘lsa-da, ko‘nglingizni bo‘shatib olasiz.
– Mayli, domla – dedi Ravshan va yarim chekilgan sigaretni yerga tashladi.
Bu paytda biz Oqsuv chekkasiga yetdik va ko‘z oldimizda Mankent qishlog‘i namoyon bo‘ldi. Namoyon bo‘lgandayam bor bo‘y-basti bilan, butunicha. Chunki Oqsuv tepalikda bo‘lsa, Mankent past tekislikda joylashgan. Bog‘-rog‘lar bilan o‘ralgan hovlilar, polizlar, oltinrang bug‘doyzorlar kaftdagidek ko‘rinar, Mankentning chor-atrofi doirasimon qir-adirlar bilan o‘ralgani uchun go‘yokim ulkan laganga mohir rassom tomonidan qishloq manzarasi ishlanganday taassurot qoldirardi. Men bu manzaraga bir necha daqiqa mahliyo bo‘lib qoldim. G‘ir-g‘ir shabada esar, Ravshanning dardli hikoyasini bag‘riga sig‘dirish uchun zamin kengayib ketgandek edi.
– Bu shundan boshlangan… Men ilk bor birinchi sinfga borganimda o‘quv yili boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda mening o‘ninchi sinfda o‘qiydigan akam o‘sha qizchani yelkasiga o‘tirg‘izib davrani aylangan va qiz birinchi qo‘ng‘iroqni chalgan edi. Uni o‘shanda taniganman va o‘sha ilk bor ko‘rganimdayoq yaxshi ko‘rib qolganman. O‘qituvchimiz «kim kim bilan partadosh bo‘lishni xohlaydi» deganda darhol uning yoniga o‘tirib olganman. U bilan birinchi sinfning birinchi kunlaridanoq juda inoq bo‘lib qoldik. Tanaffusda ham bir-birimizdan ajramasdik hisobi. Katta tanaffusda uyimizdan olib kelgan non va boshqa yeguliklarni birga yerdik. Bayramlarda albatta otkritkalar yozib bir-birimizni tabriklardik. Darsdan so‘ng men uni uyigacha kuzatib qo‘yib, so‘ng uyimga ketar, ertalablari ham maktabga birga kelardik. O‘qigan kitoblarimiz ham bir xil bo‘lib, aksari muhabbat mavzusida edi. Darsni o‘zlashtirishimiz ham qariyb bir xil bo‘lib, o‘qituvchilar hazillashib «bularning bittasi olgan bahoni ikkinchisiga bemalol so‘ramasdan qo‘ysa ham bo‘ladi, chunki javobida baribir farqi bo‘lmaydi» deyishardi. Bizning munosabatimiz barchaga ma’lum, bilmaganlar, doim birga yurganimizdan, qarindoshlarning bolalari bo‘lsa kerak, deb o‘ylashardi. Bolaligimda «katta bo‘lgach, kimga uylanasan» deb so‘rashganda, men hech ikkilanmay «Zilolaga» deb javob berardim. Aminmanki, Zilola ham bunday savollarga shunday javob bergan.
-–Kattalar hazil qilib so‘rashsa, siz rostini aytib qo‘ya qolarkansiz-da.
– Ha, shunday. Faqat bolalikda emas, ulg‘ayganimda ham shu javobni berar, chunki bundan boshqacha bo‘lishini sira tasavvur qilolmasdim.
– Maktab yoshida sevishganlarni yoqtirmaydigan muallimlar ham bo‘ladi. Umuman, o‘qituvchilarning ko‘pchiligi shunaqa. Tarbiyaviy soatlarda sizlarni «tartibga» chaqirishmaganmi?
– Yo‘q, biron marta ham. Chunki bizning munosabatimiz odob doirasidan tashqari har xil fikr-o‘y, gap-so‘z va xatti-harakatlardan yiroq edi.
– Endi, har holda yuqori sinflarda, sevgi filmlari ta’sirida bo‘lsayam, sizlarda ham romantik uchrashuvlar bo‘lgandir. Masalan, ilk bor bo‘sa olish kabi…
O‘z savolimning beadabonaligini anglab turardim. Ammo bu o‘rinda ham qalamkashga xos har bir narsani ikir-chikirigacha bilib olish istagi andishadan ustun keldi.
– Yo‘q, biron marta qo‘lini ham ushlamaganman, – dedi Ravshan qat’iy ravishda. – Biz bu mavzularda suhbatlashmaganmiz hatto.
– Ertakdan ham o‘tib ketdi-ku buyog‘i. Shu zamonda shunchalik iboyu hayoga qoyil! Bunday narsalar borligini ham bilmasdik, dersiz hali…
– Borligini bilardik. Lekin na menda va na unda bunday istaklar bo‘lgan. Biz bundan uyalardik. Keyin, o‘pishib-quchoqlashadiganlar bir-birlaridan tez sovib, ajrab ketishganini ham ko‘p ko‘rgan edik.
– Uning o‘limini eshitgach, qanday holatga tushdingiz?
– Men avvaliga ishonmadim. Maktabni bitirganimizdan so‘ng bir yil o‘tgach, biz bir-birimizga fotiha qilingan va to‘yga sanoqli kunlar qolgan edi. Bir do‘stimning to‘yi bo‘layotganda men uni kelishilgan joyda kutdim. Bir haftadan beri ko‘rishmagan edik. Ammo o‘n bir yil mobaynida u birinchi marta ahdlashilgan vaqtda kelmadi. Men ancha kutgach, bir oz xafa bo‘lib uyga qaytdim. Ertasiga bir tengdoshim menga shu xabarni aytdi. Lekin unga ishonmadim. Chunki ko‘pincha yolg‘on gapirardi. Keyin boshqalardan ham eshitdim. Mashinada besh kishi bo‘lgan. Mashina katta tezlikda ag‘darilgan va uch kishi halok bo‘lib, boshqalar ham og‘ir jarohatlar olishgan.
Bu xabarni ishonchli kishilardan eshitganimda yuragimdan bir narsa uzilib tushgandek bo‘ldi. Ammo men hamon ishonmasdim. Ishonolmasdim… Janoza bo‘lyapti, ammo men ko‘zlarim bilan ayollar orasidan uni qidiraman. Bir payt ta’ziyaga kelganlar orasida shu gap yoyilib qoldi: «Marhumaning ko‘zi hech yumilmayapti ekan. Qariyalar aytishdiki, sho‘rlik qiz aziz bir kishisini intiq bo‘lib kutyapti, uni albatta boshi ustiga keltirish kerak».
Meni suyab tobut oldiga olib borishdi va Zilolaning yuzini ochishdi. Uning boshining tepa qismi jarohatlangan, yuzi, umuman, butun bo‘lib, ayrim joylarining terisi sidirilgan va bir necha tishi singan edi. Bundan ko‘z oldim qorong‘ilashib qoldi… O‘zimga kelganimda meni hovliga olib chiqishgan va suv ichirishayotgan edilar… Bir necha kungacha mutlaqo uxlayolmadim.
Ravshan hikoyasini tugatgach, Mankent qishlog‘ini oralab, anchagacha indamay bordik. Afsonalardagina bo‘ladigan benihoya pokiza va ma’sum hamda shu qadar g‘amgin muhabbat qissasi menga qattiq ta’sir qilgan edi.
O‘n bir yil o‘zlariga dog‘ tushirmay, muhabbatlarini sadafdagi durdek ardoqlab yurib, endi bir-birlariga yetdim deganlarida nega taqdir ularga bu achchiq qismatni ravo ko‘rdi? Shunday go‘zal muhabbatni ato etgan Olloh unga turmush g‘uborlari qo‘nmasdan abadiy musaffo holida qolishini istadimi yoki?
– Olloh sizga sabr-toqat bersin, – dedim Ravshanga. – Uni mangu yo‘qotdim, deb kuyinmang aslo. Bir kun kelib, ruhlaringiz uchrashadi.
– Mening bunga ishonchim komil, domla.
– Shunday muhabbatga sazovor bo‘lgan odamning irodasi ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. O‘qishga kirib to‘g‘ri qilibsiz. Boshiga qanday fojia tushmasin, odamning tarki dunyo qilishi munosib emas. Vaqt o‘tib, ko‘ngil yaralari bir qadar bitgach, uylanasiz. Oilaviy hayot, farzandlar quvonchi sizga tasalli bo‘ladi.
– Ha, gaplaringiz rost. Uydagilar meni g‘amdan tezroq forig‘ bo‘lar deb, boshqa qiz topib uylantirmoqchi bo‘lishdi. Lekin ular sovchilikka borgan barcha hamqishloqlarimiz rad javobini berishdi. Odamlar: «Bu endi Zilolani esdan chiqarolmaydi, boshqa xotin bilan yaxshi yashab ketolmaydi» deyisharkan. O‘zim ham shunday deb o‘ylayman.
– Hali o‘qishingizni tugatishingiz kerak. Siz muhabbatga munosib va sevishga qodirsiz. Ajab emas, qalbingizga yana muhabbat kirib kelsa. O‘sha muhabbatni kutib yashang va uning kelishiga ishoning.
Mening bu so‘zlarimdan so‘ng Ravshan ishonqiramagandek ma’yuslik bilan qarab qo‘ydi, ammo hech narsa demadi.
Muzeyni tomosha qilib, qishloq tarixi bilan tanishayotganimda ham mahzun qissa xayolimdan ketmas, u Mankentni nazarimda yanada ulug‘vor qilib ko‘rsatardi.
Qaytishda Ravshan meni astoydil uyiga bir piyola choyga taklif qildi. Lekin men «yana bir yo‘lim tushganda kirarman» deb unamadim. Chunki bugungi kun taassurotlari men uchun kutganimdan ham ziyoda bo‘lgan edi.
2006 yil