G‘ulom Karimiy. Ko‘ragon (hikoya)

Yaratqonkim tan ichra  jon yaratti,
Seni  ko‘rkliklar uzra  xon yaratti.
Xorazmiy

Balx viloyatiga  bahor  keldi. Jilg‘a va soylar yana ko‘klam qo‘shig‘ini  kuylay boshladi. Dalalaru yaylovlar rangba-rang o‘t-o‘lanlar gilami bilan qoplandi. Samoda turnalar arg‘imchoq yasab, shimolga – Movarounnahr tomonga uchishsa, ulardan pastroqda qaldirg‘ochlar havoni o‘qday kesib charx urishardi.
Kuzda Balxni zabt  etgan Temurbek  qo‘shini viloyatda qishladi. Ilk bahorda Hirot  maliki G‘iyosiddin Kurt, Sabzavordagi sarbadorlar hukumati boshlig‘i amir  Muayyad, Seyston maliki Faxriddin,  Moxon amiri  Alibek Joniqurboniy, xorazmshoh Husayn So‘fi, Oq O‘rda xoni O‘rusxon, Kobuliston shohi Qutbiddindan elchilar kelib,  barchasi shohligu g‘alaba bilan muborakbod etishdi. Temurbekning katta o‘tovi ham sovg‘a-salomlarga torlik qilib  qoldi. Faqat Mo‘g‘ulistondan elchi kelmadi Chunki mo‘g‘ullar Husaynni ham,  Temurbekni ham o‘zlariga tobe Movarounnahrda o‘zboshimchalik bilan vaqtinchalik hokimiyat o‘rnatgan isyonkor kimsalar, deb bilishardi.
Amir Husayn ustidan g‘alaba qozonganidan so‘ng,  aksariyat yon-atrof o‘lkalar tojdorlari  o‘ttiz to‘rt yoshli Temurbekni Movarounnahr hukmdori, deb e’tirof etish barobarida, yangi hukmdorning  kelgusi rejalari, qo‘shni saltanatlar bilan qanday munosabatlar o‘rnatish niyatidan voqif bo‘lishni mo‘ljallar edilar. Toju taxtga yo‘l ochgan g‘alabasidan ilgariyoq Temurbek xon ko‘targani – Chingizxon avlodi  Suyurg‘atmishxon nomi allaqachon xutbada o‘qilib, tangalarga zarb  qilina boshlasa-da,  uning  qo‘g‘irchoq xon ekani sir emas.
Amir Husayn Movarounnahr hukmdori  ekanida betayin xulq-atvori va ochko‘zligi tufayli e’tiborli beklarning ko‘nglini  qoldirganidan ogoh qo‘shni yurtlar sultonlari Movarounnahr tarafdan xavfsiramay, aksincha, Jayhun va Sayhun  oralig‘idagi tuprog‘i zar o‘lkaning biron  viloyati yo tumanini yulib olish payida bo‘lsalar, bu diyorda g‘ayratu shijoati vujudiga sig‘maydigan, Olloh yuksak aql va benazir sarkardalik iste’dodi bilan siylagan bahodir bek taxtga o‘tirgach, barchasining ko‘ngliga xavotir oraladi.
Navro‘zdan so‘ng Temurbek a’yonlaru xos soqchilari hamrohligida Balx yaqinidagi payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam sahobalaridan biri  dafn  etilgan Xoja Ukkosha qabristoniga otlandi. Qarg‘a tusli  qorabayir ustida mardonavor o‘tirgan, qora  kimxob chopon kiygan Temurbekning  simobiy sallasi ko‘klam quyoshi nurida nuqradek tovlanadi. Sallaga qadalgan yirik yoqut tong yulduziday porlaydi. Soqol-mo‘ylovi kalta  kuzalgan bek odaticha olislarga nazar solar, bahor shabadasi xush yoqqanidan choponi oldini ochib yuborgan, guldor navro‘ziy ko‘ylagi va otining zardo‘ziy yopinchig‘i bilan boshqa suvoriylardan  ajralib turardi.
Navro‘zgacha u aksar harbiy kiyimda yurganidan, hozirgi libosida o‘zini qushdek yengil sezar, kamariga og‘ir qilich o‘rniga, g‘ilofiga qimmatbaho toshlar qadalgan dandon sopli dudama xanjar qistirilgan. Xoja Ukkoshaga yetgach, po‘lat sovut va dubulg‘a kiygan, nayza ko‘targan soqchilar ot ustida turishdi. Temurbek va a’yonlar yayov yurib mozor oralashdi. Amir Husayn qabri ustida chechaklar unib-o‘sibdi. Yoshlikdagi  do‘sti, qaynog‘asi, ittifoqchisi, so‘ngra esa toju taxt uchun kurashdagi asosiy raqibi – Movarounnahrning sobiq  hukmdori Husayn urushlar, fitna, aldov, hasad, shuhratparastlik to‘la hayoti bilan vidolashgach, nihoyat osuda uyquda yotardi. Nariroqdagi chingiziy Odilxon – ko‘p jihatdan o‘zini qo‘g‘irchoq xon qilib ko‘targan Husaynga o‘xshaydigan kimsaning qabriga bir qur nazar tashlagan Temurbek Qur’on suralaridan o‘qidi.  Qaynog‘asi Husaynning bilib-bilmay qilgan gunohlarini kechirishini Ollohdan  o‘tindi.
Husaynning  bobosi amir Qazag‘on oq-qorani erta taniy boshlagan o‘smir Temurda hayratu ehtirom uyg‘otardi. Qazag‘on – zolim chingiziy xon Qozonxonni taxtdan ag‘darib, Movarounnahr mustaqilligini tiklash uchun kurashgan birinchi turk amiri. Uning davri davronida aholi  nisbatan tinch-osuda hayot kechirdi. Dini islom ravnaq topib, tolibi ilm va ulamolar  ko‘paya boshladi. Biroq hokimiyatini mustahkamlay olmagan Qazag‘on, o‘n ikki yillik  hukmronlikdan so‘ng, fitna qurboni bo‘ldi. Movarounnahrliklar uning davrini hamon  dorilamon kunlar sifatida armon bilan eslashadi. Temurbek otasi Tarag‘ay bahodir va  piri  shayx Shamsiddin Kulol o‘zaro suhbatda amir Qazag‘on o‘limidan afsuslanib, uning avlodidan munosib  voris hokimiyat  jilovini qo‘liga  olib,  Qazag‘onning ezgu tadbirlarini davom  ettirishini  orzu  qilishganini  yaxshi eslaydi. Biroq  avlodi amir Qazag‘onga munosib  bo‘la olmadi. Amirzoda Abdulla taxtga chiqqach, otasi o‘rnatgan risoladagidek  tartiblarni buzdi. Oqibatda nizolar boshlanib, yaxlit o‘lka chok-chokidan so‘kilib, tarqoqlikka yuz tutdi. Abdulla Movarounnahrni tark etib,  sargardonlikda zavol  topdi. Amir Qazag‘onning  tayanchi, Movarounnahrdagi eng kuchli jangovar qavm – qoraunoslar ham ukparday to‘zib, qolgan-qutgani Qazag‘onning boshqa o‘g‘lidan nabirasi amirzoda Husayn bilan olis Qandahor viloyatini qora tortib ketdi. Tarqoqlikdan ustamonlik bilan foydalanib, Movarounnahrni qayta bo‘ysundirgan, azaliy dushman mo‘g‘ullardan hech qachon yorug‘lik chiqmasligini anglagan Temurbek tug‘ilgan yurti Keshni tark etib, qaynog‘asi amir Husayn ko‘ragon huzuriga  yo‘l oldi. U amir  Husayn bobosi Qazag‘on kabi  Movarounnahrga saodat olib kelishini umid qilardi…
Yuz-ko‘zlariyu ust-boshlari changga belanib, o‘zlari va otlari holdan toygan Temurbek va yuz yigiti Qandahorning Garmsir tumanidagi o‘langda joylashgan amir  Husayn qarorgohiga yaqinlashishganda, o‘zlarining tashrifi qarorgohda taloto‘p uyg‘otadi, deb o‘ylashmagan edi. Mo‘g‘ullar ta’qibidan yurak oldirgan Husaynning kichik  qo‘shini qalin chang-to‘zonni ko‘rib, hatto  chodiru o‘tovlarni yig‘ishtirmay, tartibsiz qochishga yuz tutdi. Kimsasiz qarorgohga kirgan Temurbek bir zum hayron bo‘lib, so‘ngra gap nimadaligini  angladi-da, shoshilinchda haydab ketilmagan bir to‘p yilqidan bir necha chavandoz yigitning otini  almashtirib, yana bittadan ehtiyot ot berib,  darhol amir Husayn izidan  jo‘natdi. Choparlar unga yetib olib, g‘anim emas, balki madad sifatida kuyovi Temurbek kelganini, singlisi O‘ljoy Turkon og‘o ham unga hamrohligini aytishdi. Badgumon Husayn shunda  ham  hadiksirab, balki mo‘g‘ullar Temurbekni tuzoq sifatida jo‘natishgandir, degan xayolga borib: “Navkarlarini  qoldirib, Temur yolg‘iz qoshimga kelsin”, dedi. Temurbek yigitlariga  qarorgohdan siljimaslikni buyurib,  xotini bilan birga qaynog‘asiga yuzlandi. Samimiy niyatlar bilan  kelganiga zo‘rg‘a ishontirib, birga  qarorgohga qaytishdi. Chodirdagi yakkama-yakka suhbatda amir Husaynni  mo‘g‘ullarga qarshi  birgalikda kurashga chaqirdi. O‘ziga e’tiborsizlikdan  soqol-mo‘ylovlari o‘sib,  mashaqqat va  iztiroblardan chakka sochlari erta oqara  boshlagan qaynog‘asiga Temurning jon kuydirib aytayotgan mulohazalari  yosh  bolaning  valdirashiday tuyulardi.
– Senda  yuz yigit, menda ikki yuzta, jami uch yuz navkar bilan mo‘g‘ulga  yog‘iy bo‘lmoqchimusen? – dedi  u istehzo bilan Temurga bepisand boqib.
– Agar uch yuz navkar bilan g‘animning biron to‘pini yakson qilib dovruq solsak, bir kunda  kuchimiz o‘n barobar oshadur, – dedi Temurbek qat’iy ishonch bilan. – Chunki kurashga  tashna  yigitlar Movarounnahrda bisyor. Bizga   qo‘shilmoqchi bo‘lgan  talay  yigitlarga men: “To darak bergunimcha, imkon qadar  qurol-yarog‘ topib, mashq  qilib turing”, deb harb  ishiga  mohir navkarlardan ustozlar qoldirdim. Chunki  dovtalablarning barchasini  Qandahorga boshlab kelmoqdan  ma’ni yo‘q.
Boshini quyi solib o‘tirgan Husayn birdan qaddini rostlab, o‘lja hidini payqagan  qirg‘iydek qisiq ko‘zlari yaltilladi.
– Savashga  ishtiyoqing shunchalik ekan,  avval Seystonga yurish qilamiz!
– Ne uchun? Axir, dushman shimolda, kurashdan  maqsad Movarounnahrni  mo‘g‘ullardan ozod  etish-ku!
– Arzimagan kuch bilan mo‘g‘ulga  bas kelib bo‘lmas. Seyston maliki  Faxriddin  viloyatidagi isyonchilarni  bostirish uchun meni madadga chorlamish. Katta  molu mulk hamda jami  o‘ljani va’da  qilgan.  Alarni  qo‘lga kiritsak, so‘ngra, ehtimol, Movarounnahr safariga otlanarmiz.
Temurbek og‘ir o‘yga toldi. Bu  tadbir mo‘g‘ullarga  qarshi  kurash  boshlashni  muayyan muddatga kechiktirsa-da,  biroq  busiz  Husayn  bilan murosaga  kelib  bo‘lmasligini  sezib,  rozilik berdi.
O‘ljoy Turkon og‘o amir Husaynning harami  joylashgan chodirda edi. Haramda ham vahima bosilgan, madad  kelganidan barcha  shodu xurram. O‘ljoy  Turkon og‘oning tashrifi munosabati  bilan bazm boshlanib, cholg‘u sadolari, sho‘x  taronalar  taralardi. Musiqa tinganda ayollar chaqchaqlashib,  shodon kulishardi. Amir Husayn chodirini tark etgan bek  qarorgoh chekkasidan joy olgan o‘z navkarlari  tomon  otlanarkan, haram  chodiridan yangrayotgan chinni jarangi  yanglig‘ kulgu  qulog‘iga chalinib, yuragi  hapriqib ketdi.  Bu ovoz egasi Temurbek uchun g‘oyat  aziz xilqat  edi…
Seystondagi  muhorabalar movarounnahrliklar harb ishiga nechog‘lik mohir ekanliklarini  ko‘rsatdi. Malik Faxriddin katta lashkari bilan  oylab qamal qilib ololmagan qal’alarni  Husayn va Temur tadbir bilan bir necha kunda ishg‘ol etishardi.  Butun Seyston bo‘ylab “o‘q o‘tmas, o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas”  bahodirlar haqida  ovozalar tarqalib, malikning  aksariyat  raqiblari  tor-mor etilib,  qolganlari pisib qolishdi. Malik Faxriddin g‘olib movarounnahrliklar  qarorgohiga  ziyofat uchun  poda-poda qoramol,  qo‘y-echkilar,  katta meshlarda  Sherozu Isfahondan keltirilgan arg‘uvoniy sharoblar  jo‘natdi.  Bularni  keltirgan seystonliklar,  ittifoqchilarni qutlash  hamda va’da  etilgan oltinlarni  topshirish uchun  ertaga malikning o‘zi  arkoni davlat bilan  tashrif buyurishini  xabar qilishdi.
Qarorgohda bazm  qizigandan qizir, barcha qatori Temur ham masrur edi.  Malik beradigan oltinlar bilan yirik lashkarni  bemalol qurollantirish mumkin. U sharobdan tiyilsa-da, o‘ziga  erk berib, Seystonga  kelganlaridan beri  ilk bor sovutini  yechib, cholvor va ko‘ylakda xotirjam uxlashga  yotdi. Lekin    tongga yaqin hayqiriqlar,  otlarning kishnashi va shovqin-surondan  uyg‘onib ketdi.   Sapchib turganida, chodirga yugurib kirgan yaroqbardori baqirdi: “Yog‘iy bosdi,  begim, yog‘iy!”. “Qanaqa yog‘iy?!” –  o‘qdek o‘tdi bekning xayolidan. Biroq  o‘ylashga fursat yo‘q. U shosha-pisha  qilich osig‘liq kamarini beliga  taqib,  dubulg‘a va to‘nini kiydi-yu,  chodirdan otilib  chiqib, oti tomon yugurdi. Yaroqbardor mayda sim halqachalardan to‘qilgan og‘ir po‘lat sovutni ko‘tarib, uning izidan chopdi. “Sovutni kiyib oling, begim! Yog‘iy yomg‘ir bikin o‘q yog‘dirmoqda!” Bu paytda  Temurbek  otga mingan, vaziyatni baholash uchun har tomonga nazar solardi. Qarorgohning narigi chekkasida chodirlar yonar,  amir Husayn va haram chodirlari joylashgan markazdan  qilichlar jarangi, ayollar faryodi  quloqqa chalinardi.  Qarorgoh bo‘ylab otliqlar betartib chopar,  nafaqat navkarlar,  o‘nboshiyu yuzboshilar ham sarosimaga tushishgani uchun,  jangovar safga tizilishmas edilar.  Jang natijasini ba’zan bir necha daqiqa hal etishiga  ko‘p bora  guvoh bo‘lgan Temurbek sovutni kiyishdan bosh tortib,  buyurdi:  “Tug‘ni ko‘tar!  Hukmdorimiz  va aning harami  xavf ostida.  Jangga, yigitlar!”
Tug‘ ostida  zumda  sovutli-sovutsiz jangchilar yig‘ildilar. Temurbek zirhli libosdagilarga  oldinga o‘tishni buyurib, jangga  otlanishganda,  yo‘lda  Husayn xos navkarlari bilan  ko‘rindi.
– Temurbek, chekinmoq zarur, – dedi u hansirab. – Haqimizni bergisi kelmagan malik Faxriddin xiyonatkorona bosqin qilmish!
– Ayollar-chi, xojam?! Haram  omonmi?
– Ayollarni  o‘ylaydigan vaqt emas hozir. Hatto Chingizxon, do‘ppi tor kelganda, xotini  Burtachinni  dushmani markitlar qo‘liga  tashlab qochmish. Oqil kimsa ayolni deb,  o‘z boshini xatarga qo‘ymas.
– Chingiz menga ibrat bo‘lolmaydur! O‘z tanmahramim va xojam haramini  yog‘iy ilkiga  tashlab qochgandan ko‘ra,  o‘lim afzal!
Husayn zaharli ishshaydi va “nodon” degan kabi  boshini chayqab,  otiga  qamchi urib o‘tib ketdi.  
Sovutsiz bo‘lishiga qaramay, shijoati o‘n chandon oshgan Temurbek jangda ehtiyotkorlikni ham unutib, oldingi safda turib  savashdi.  Uning  keskir qilichi quyoshning ilk  nurlarida  yalt-yult  qilar,  o‘ngu so‘lga  ajal sochardi. Seystonliklar hujumdan mudofaaga o‘tishga majbur bo‘ldilar. Temurbek atrofida  jipslashgan movarounnahrliklar  yog‘iy ustiga  jonli qoyadek  surilib  borardi.  Ular birpasda haram ayollarini sudrab ketayotgan yog‘iy jangchilariga yetishdi.  Bir nechasi mahv etilgach,  qolganlari  tumtaraqay bo‘lishdi. Chekinayotgan seystonliklar ortiq qo‘l jangiga  jur’at  qilolmay, yoyandozlikka zo‘r berishardi. Temurbekning  o‘ng bilagiga  kamon o‘qi zarb bilan sanchilganda qilichi qo‘lidan uchib ketishiga  sal qoldi. Bek  darhol qilichni  chap qo‘liga oldi va boshi uzra  ko‘tardi.  Jangchilarni olg‘a boshlayotganida  yana bir o‘q  o‘ng oyog‘iga sanchildi. Xos navkar uni orqadan suyadi.
– Begim,  siz yaralandingiz!  Hukmdor harami qutqarildi, inchunin,  janggohni tark  etsak ham bo‘ladur!
– Jang oxiriga yetmasdan chekinish naqd g‘alabani  qo‘ldan berishdur. Yog‘iy saflari to‘zg‘itilsin!
Sarkarda buyrug‘iga ko‘ra  jangchilar olg‘a bosishdi. Qutqarilgan ayollar  orasidan  O‘ljoy Turkon og‘o  faryod urib yugurib kelib, chakillab  qon tomayotgan uzangiga yopishdi.
– Xojam,  xaloskorimiz,  tez otdan tushing,  tabiblar iloj  qilsinlar. Aks holda, xudo ko‘rsatmasin, nogiron bo‘lib qolursiz!
Rangi oppoq  oqargan Temurbek, uning so‘zlarini  eshitmayotgandek,  ko‘zlarini  janggohdan  uzmasdi. Haram ayollaridan yana  biri  yaqinlashganda,  u hijobda bo‘lsa-da,  Temurbek savqi tabiiy bilan tanidi.  Uchinchi kamon  o‘qi yuragini mo‘ljallagan kabi  egar ustida   bilinar-bilinmas qalqidi.
– Temurbek, men – malika  Saroymulkxonim! Siz burchingizni sharaf bilan ado  etdingiz.   Yog‘iy mag‘lub etildi.  Amir Husayn nomidan  buyuramen: Otdan tushing,  toki tabiblar  muolaja etgaylar!
Malikaning ovozi  Temurbekning qulog‘iga jangchilarning “yog‘iy qochdi, yog‘iy qochdi!” degan hayqiriqlaridan ham ko‘proq xush yoqib,  so‘nggi kuchini to‘plab: “Amringiz bosh ustiga,  malikam!” dedi-yu, ko‘p qon  yo‘qotganligi tufayli shu zahoti  hushidan ketdi.
Shu tariqa,    Temurbek gullagan yigitlik davrini amir  Husaynga  sadoqat  bilan  xizmat  qilib,  makkor  mo‘g‘ullarga qarshi  matonat  bilan  kurashib, yosh  boshini  doimiy  xatarda qo‘yib  kechirdi. Deyarli  barcha  jangu jadallarda o‘z bo‘luki bilan janggohning eng  og‘ir  qismida bo‘lib,  Movarounnahrni  qadamba-qadam  mo‘g‘ullardan tozalab,  Husaynni  toju taxt sohibi qildi. Movarounnahrning o‘zi ko‘targan yangi hukmdorini chin  dildan  muborakbod etar ekan, o‘n minglab yigitlar qoni evaziga qo‘lga  kiritilgan istiqlolni mustahkamlash lozimligini aytib, bobosi Qazag‘ondan ham ko‘ra oqilona siyosat yurgizib, uning xatolarini  takrorlamaslikka chaqirdi.  Movarounnahr  sarhadlari bexatarligini ta’minlash uchun mo‘g‘ullarni o‘z uyasi Mo‘g‘ulistonda yakson qilish zarurligini, qo‘shinga o‘zi bosh bo‘lib borishga tayyorligini aytdi. Biroq,  afsuski, Husaynda bobosi Qazag‘on darajasidagi hukmdor bo‘lish salohiyati yo‘qligi tezda  oydinlashdi. Uning amirlarni jipslashtirish o‘rniga, bir-biriga  qarshi   gijgijlab, mo‘g‘ullarga qarshi kurashda jasorat ko‘rsatgan sarkardalarga  og‘ir soliqlar solib,  nafaqat amirlar, balki butun  elu ertning umidu ishonchini oqlamaganidan Temurbek chekkan  iztiroblar Seystondagi jangda o‘ng qo‘li va o‘ng oyog‘iga kamon o‘qi sanchilgandagi jismoniy og‘riqdan ham kuchliroq edi.
Nafs quli bo‘lgan Husayn buyuk Turon davlatini yaratish yo‘lida  mo‘g‘ullar yanglig‘ to‘g‘anoq ekanligini  anglagan Temurbek, qaynog‘asining bir necha   suiqasdlaridan omon qolgach, fitnakor Husaynga qarshi isyon  ko‘tarib, uni poytaxti Balxda  zabun qildi…
Nihoyat, u g‘olib, ona diyori Movarounnahrda oqilona tartiblarni o‘rnatmoqqa  kirishmog‘i mumkin. Lashkarga safarga hozirlanish uchun farmon berilgan. Erta-indin Jayhunni kechib o‘tib, g‘olibu muzaffar holda Movarounnahr zaminiga qadam qo‘yishadi. Biroq butun qarorgohda yolg‘iz Temurbek hali amir Husayn  ustidan qozongan g‘alabasini  tugal  deb  hisoblamaydi. “Saroymulkxonim meniki bo‘lgachgina mutlaq g‘olib bo‘lurmen”, deya nechanchi bora ko‘nglidan  o‘tkazdi u. Aslida amir Husayn halokatidan so‘ng ko‘p o‘tmay,  uning haramidagi to‘rt ayolni o‘z o‘rdusiga joylashtirishni buyurgan. Boshqalarini  dongdor  amirlarga  ulashdi. Mana,  idda muddati ham o‘tdi.  G‘oliblik huquqiga ko‘ra, u  Saroymulkxonimga bemalol uylana oladi.  Qadimdan odat shunday. Chingizxonning “Dunyoning oliy lazzati  mag‘lub dushmanning o‘lja tushgan tulpor otlarini  minish,  asira  xotinlari bilan  ishrat  qilish”, degan so‘zlari bu odatni  qonuniylashtirgandek edi.
Temurbek Xoja Ukkoshadan qaytib, chodiriga  kirmasdan, qarorgoh chekkasidagi  xushmanzara  joyga  tikilgan  Saroymulkxonim o‘tovi tomon otlanarkan,  yuragida jang oldidagidan kam  bo‘lmagan hayajon tuydi. Bek  Saroymulkxonim jismangina emas, qalban ham o‘ziniki bo‘lishini xohlardi. Biroq  chingiziy  Qozonxonning mag‘rur qizi  qalbini  zabt  etish Mo‘g‘uliston xoni  Ilyosxoja  yoinki amir Husayn lashkarini  yakson etishdan-da og‘irroq tuyulardi…
Saroymulkxonimni Temur ilk bor qizaloqligida  ko‘rgan. O‘shanda  u  otasi  Tarag‘ay bahodirga hamroh bo‘lib, Jayhun bo‘yidagi Solisaroy shahriga – amir Qazag‘onning o‘rdusiga borgan edi. Otasi Qozonxon  o‘limidan  so‘ng amir Qazag‘on o‘rdusida tarbiyalanayotgan, hali  o‘n yoshga to‘lmagan Saroymulkxonim boshidagi  ukpar qadalgan  jig‘asi  bilan  boshqa  qizlardan ajralib  turar,  noyob husni, shaddodligi,  o‘ktamligi tilga  tushgan edi. Qozonxon bir necha  yil  burun o‘ldirilgan bo‘lsa-da, Chingizxon avlodlariga hurmat-ehtirom butunlay yo‘qolmagan edi.  Temur  Qazag‘onning nabirasi Husayn  va boshqa   amirzodalar bilan do‘stlashdi.  Turli  viloyatlarda  ulg‘aygan amirzodalar, otalari hali-hanuz ko‘proq  ko‘chmanchilik odatlariga  rioya qiladigan amir  Qazag‘on chodiridagi  mashvaratda ishtirok  etishayotganda,   atkalar nazoratida  chavandozlik, tirandozlik, qilichbozlik mashqlari bilan mashg‘ul edilar. Mashvaratdan  so‘ng serhasham ipak saropardadan tashqari chiqqan  amirlar o‘smirlar mashqlarini  kuzatishganda, Temur dadilligi, chapdastligi, sardorlikka intilishi bilan bir ko‘zi  ko‘r,  lekin nazari  o‘tkir  amir Qazag‘onning nazariga tushgan.
– Keyingi  yillarda  Qarochor no‘yon avlodi bo‘lgan Tarag‘ay bahodir harbiy safarlaru jangu jadallardan shayxlar  suhbatini  afzal ko‘rib, shayx Shamsiddin Kulolga  qo‘l  berib,  lashkargohga emas,  xonaqohga serqatnovligidan taajjubda  edim, – dedi Mavorounnahr amiri  yagona  ko‘zini  mashq  maydonidan  uzmasdan. – Bugun  o‘g‘li Temurbekning  shijoatidan ko‘rdimki, Qochuvli bahodir va Qarochor no‘yon kabi  ulug‘  sarkardalar  iste’dodi  Tarag‘ay bahodirda bir oz  dam  olib, Temurbekda bor bo‘y-bastini  ko‘rsatishga chog‘lanibdur.
Amirlar bu gapni  yarim  hazil, yarim chin qabul qilib,  kulib  qo‘yishdi. Tarag‘ay bahodir o‘g‘li sha’niga bildirilgan maqtovlar uchun  Qazag‘onga  qulluq qildi…
Amir Husayn va voyaga yetgan Saroymulkxonimning to‘yi  ham  Solisaroyda bo‘lib  o‘tgan. Oshiq Temurbek taqdir taqozosi bilan kuyovjo‘ralar safida edi. Yaqin do‘st sifatida buni iltimos qilgan Husaynning so‘zini rad etolmadi. Bu kunni hayotidagi eng baxtsiz kun sifatida eslab yurdi. Muhabbatini izhor qilib, baxti uchun kurashmagani tufayli faqat o‘zini ayblardi. Kelinlik libosidagi Saroymulkxonim yanada ochilgan, go‘yo osmondagi to‘lin oy  yerga  tushganu, barcha atrofida yulduzlar kabi parvona.
“Oy tugul, zaminda hatto Quyoshga ham hojat yo‘q kabi”, deya ko‘nglidan o‘tkazdi o‘shanda Temurbek va beixtiyor shoir baytini  pichirladi:

Agar kun  tug‘masa ham yoqtu qilg‘ay,  
Yuzing nuri bu  dunyoning  saroyin.

Kelin salom  payti  amir Qazag‘on Saroymulkxonimning peshonasidan o‘pib, yosh  kelin-kuyovlarga  zar  o‘tov  in’om etgan,  uning  ichidagi  anjomlar  bari asl  matolardan edi.  Saroy  oldidagi gulzor o‘rtasida tikilgan olovday o‘tovning  to‘riga  zarrin chimildiq  tikishdi. Mamnun Movarounnahr hukmdori o‘zini  nevara  kelin bilan  muborakbod qilayotgan a’yonu  amirlarga dedi:
– Ma’lumingizkim, Qozonxon bilan jangda bir ko‘zimdan ayrilgan edim. Bugun Qozonxonning nuridiydasi, Chingizxonning zuryodi nevara kelin bo‘lib xonadonimga qadam qo‘yganida, o‘sha  yo‘qotgan qo‘zimni  qayta  toptaganday bo‘ldim.
– Qozonxon  ruhi  ham amirzoda  Husayn kabi  bahodir kuyov bilan faxrlanib,  sapchadek uzilgan boshiga ortiq achinmasa kerak, – hazil qildi mast  amirlardan biri.
Quvonchdan yal-yal yonib turgan kelini chehrasiga birdan mahzunlik soya tashlaganini sezgan Qazag‘on surbet  amirga o‘qrayib  qaradi-yu, to‘y  buzilmasligi uchun g‘azabini tiydi.
Kelin-kuyov  chimildiqqa kirib ketishgach,  chodir oldida tik turgan amiru  amirzodalar qo‘llaridagi jomlarga soqiylar ko‘zalardan may  to‘latishdi. Mayni  soqol-mo‘ylovlariga  tomizib sipqorgan mast-alast amirlar  “Amir Husayn Ko‘ragon, amir Husayn  Ko‘ragon”, deya baqira boshlagach, Temurbek ortiq chidayolmadi. Qo‘lidagi jomga  lab ham tekkizmasdan, amirlarning ichishini  tamshanib kuzatib turgan bir navkarga tutqazdi va to‘yxonani tark  qilib,   saroy otxonasidagi otini egarladi-da, suvor bo‘lib, Solisaroydan tashqari  chiqdi. Shahar devor bilan o‘ralmagani sababli, uni  birov payqamadi.  Temurbek ot  choptirib, Jayhun sohiliga chiqdi. Yaydoq joyda ot  jilovini tortib,  irg‘ib yerga tushdi. Daryo oy yorug‘ida jimirlab oqardi. Yigit o‘zini daryoga otgisi, muzdek suv bag‘rida yuragini o‘rtayotgan  hovurini bosgisi kelardi.  Ichki bir ovoz o‘zini qo‘lga olishga da’vat qildi: “Temur,  o‘zingni bos! Saroymulkxonimga uylanib, ko‘ragon bo‘lamen, degan xomxayoldan nihoyat qutulganingga shukr qil. Axir u xon qizi. Amirzoda Husayn balki kelajakda Movarounnahr hukmdori bo‘lar. Binobarin, alar bir-biriga munosib. Bu  nikohdan chin do‘stlar faqat  shodlanmog‘i zarur. Sening muhabbating … agar muhabbating chin bo‘lsa,  Saroymulkxonimning xojasi  amirzoda Husaynga avvalgidan ham  ko‘proq sadoqat bilan xizmat qilib, aning do‘stlariga do‘st, dushmanlariga dushman bo‘lg‘aysen, Muhabbat  bikin  oliy  tuyg‘u faqat ezgulikka yo‘llamog‘i zarur. Axir, bejiz shoir Xorazmiy “Muhabbatnoma” otlig‘ doston yaratmagan va sen  Olloh  kalomi  Qur’oni karimni yod  olganing  kabi,  bu  dostonni ham bejiz yodlamading”.
Solisaroydan Keshga qaytishayotganda Temurbek ma’yus edi. Bu hol otasi nazaridan chetda qolmadi. Bekzodani  yaxshiroq kuzatishga tayinlangan mulozim Temurbek xud-bexud “Muhabbat nori jondin ketmadi hech, Qo‘lum sim olmangizga yetmadi hech”, deya pichirlayotganini, go‘yo ko‘z yoshisiz yig‘layotganini aytganida, donishmand Tarag‘ay bahodir  gap nimadaligini  angladi. Biroq  o‘g‘lining yarasini  tirnamaslik uchun bu haqda  hech kimga, hatto  xotini Tegina  begimga ham indamadi.
Uyga yetganlaridan so‘ng bir necha oy o‘tgach, Tarag‘ay bahodir Solisaroyga sovchilar jo‘natib, amir Qazag‘onning nevarasi, amirzoda Husaynning singlisi O‘ljoy Turkon og‘oni o‘g‘li Temurbek uchun so‘rattirdi. Sovchilar shodu xurram qaytib, katta  suyunchilar olishdi.
– Tarag‘ay bahodirning shunday  niyati  bor ekan, oldinroq bildirganida Husaynning to‘yiga Temurbeknikini ham qo‘shib, qo‘shaloq to‘y o‘tkazardik, – debdi amir Qazag‘on. – Nevaram O‘ljoy uchun Temurbekday munosib kuyovni nafaqat Chig‘atoy ulusi, bori to‘rt ulusni kezib chiqqanda ham topishimiz dargumon.
Yangasi Saroymulkxonim bilan husn talashadigan O‘ljoy Turkon og‘o Temurbekning ko‘ngil yarasiga malham bo‘ldi.  Temurga, ayniqsa, uning Saroymulkxonimni g‘oyatda ehtirom qilishi, har jihatdan unga o‘xshashga intilishi yoqardi. Xotini og‘zidan bol tomib yangasini maqtaganida Temurbek uni  quchib, dast ko‘tarib: “Xon emas, amir qizi bo‘lsang dog‘i, sen ham xonzodalardan kam emassen. Turkona qalbimni o‘lja olding-ku, O‘ljoy Turkonim”, deb erkalardi…
Saroymulkxonimga o‘zi sovg‘a qilgan oq o‘tov ro‘parasida Temurbek otdan tushdi.  Tuya  junidan to‘qilgan oq namatdan tikilgan o‘tov yam-yashil o‘langda go‘yo lojuvard osmonda  suzib borayotgan bir to‘p oq bulut kabi yarqirab turardi. “To‘yida amir Qazag‘on sovg‘a qilgan zar o‘tovdan o‘tsa o‘tadiki, lekin qolishmaydi”, – ko‘zi quvonib, ko‘ngli to‘lib, o‘tovni nazardan kechirdi bek.
Qazag‘on hadyasi zar o‘tov  eskirgach, malika yangisini ko‘rgani dargumon. Chunki amir Husaynning haramida bosh xotini  Tarmashirinxonning qizi  Suyunch Qutlug‘ og‘oning mavqei yuqori edi.  Xasisligi yetti iqlimga doston  amir Husayn ot  egariga ishqalanib yirtilgan cholvoriga yamoq qo‘ydirib  kiyar,  inchunin, xotinlari  to‘y  kuni  olganidan boshqa sovg‘ani umid  qilishmasa ham bo‘lardi.
Malika uning kelishidan voqif, ehtimol, ichkaridan kuzatib ham turganini bilgan Temurbek imkon qadar o‘ng oyog‘ining oqsoqligini bildirmaslikka tirishib, shaxdam qadamlar bilan o‘tov tomon yurdi. U  ichkari kirgach, kanizaklari  bilan o‘tov  o‘rtasida turgan harir libosli Saroymulkxonim taqinchoqlarini jaranglatib ta’zim qildi. Yigirma yetti yoshli  malikaning oqi oq, qizili qizilga ajrab, latofat va malohati ko‘ngilni orziqtirar edi.
– Xush kelibsiz, ulug‘  hukmdor, marhamat qiling. – Saroymulkxonimning ovozi Temurbekni o‘smirligida o‘ziga maftun qilgan qizaloqning  qo‘ng‘iroqdek jarangdor kulgusini eslatdi.
O‘tov  to‘rida chiroyli  dasturxon tuzalgan, baxmal ko‘rpachalar yozilib,  parqu bolishlar qo‘yilgan. Temurbekning ovozi shiddat va qat’iyat bilan  yangradi:
– Siz birla bir necha daqiqa xoli suhbatlashmoqchi edim, xonim!
Saroymulkxonim ishorasi bilan kanizaklar ikki bukilib o‘tovni tark  etishdi. Malika Temurga savol nazari bilan qaradi. “Mag‘rurlikni qo‘ldan bergisi yo‘q, – suq bilan  tikildi bek. – Biroq,  ayni  xislati unga g‘oyat  yarashadur”.
– Idda  muddati tugadi, xonim. Qo‘lingizni so‘rab keldim. Kaminaning nikohiga kirsangiz!
– Qo‘lingizda asiramen-ku! Asiraning roziligini so‘rashingiz ajab.
– Biroq siz bikin oliynasab xonzoda uyimga o‘z roziligi bilan qadam qo‘ymog‘ini istardim.
– Rozi bo‘lmasam-chi?!
Temurbek  jang  boshidayoq yog‘iy lashkarining qaqshatg‘ich zarbasiga o‘tru kelib esankiragan sarkarda yanglig‘ qalqib tushdi. Bir dam tili kalimaga kelmadi. Bu malika nazaridan chetda qolmadi. Yigitga ichida achindi, biroq  tomirlarida ajdodlari qoni jo‘sh  urib, xotirjam  javobni kutdi.
– Nega axir, xonim? Siz bir umr amir Husaynga  sadoqat  saqlab, beva o‘tmoqchimisiz? – dedi bek bo‘g‘iq ovozda. Uning keng peshonasida marjon-marjon ter donalari yaltiradi. Lablari qimtilib, qirra burni parraklari kerildi. – O‘ylab ko‘ring, u bunga arziydimi? Husayn haramini, bolalarini, undan himoya  kutgan barchani  o‘z holiga  tashlab, jonini qutqarish uchun qochdi-ku! U ko‘ragon  yanglig‘ sharafli  unvonni oqlamadi. Uning zavoli ushbu  nomardligining haqli jazosidur.
– Sizga  ko‘ragon unvoni kerak ekan,  Suyunch Qutlug‘ og‘oni nega  Bahrom jaloyirga berdingiz?
–    Xonim, sizga faqat  unvon uchun uylanish niyatida  emasmen. – Temurbekning ovozi yana shiddat kasb etdi. – Chingiziylar xonadonidan  qayliq topish  mushkul emas. Menga  maslahatgo‘y oqila yor darkor.  Rahmatli  rafiqam O‘ljoy Turkon og‘o o‘rnini faqat  siz  bosa  olasiz.
–    Saroyingizda O‘ljoy o‘rnini egallaganim bilan, yuragingizda menga joy topilarmikan?
–    O‘ljoyga uylanganimda ham yuragim sizniki edi!
–    Nahotki!? To‘g‘ri, g‘alati qarashlaringizni sezardim. Biroq buni barcha o‘smirlarga xos bo‘lsa kerak, deb bilardim. Amir Husaynga uzatishganda, sizni kuyovjo‘ralar safida ko‘rib, ko‘nglimdan: “ ishq faqat ertaklarda bo‘ladigan narsa ekan” degan o‘y kechgan.
–    Amir Husayn taxt vorisi bo‘lgani uchun, o‘zimdan ko‘ra uni sizga munosibroq, deb bilganman va har qancha azobli bo‘lsa-da, tuyg‘ularimni oshkor qilmay, sir saqlaganman. Bu sirni o‘zim bilan go‘rga olib ketishni istardim. Agar amir Husayn  maslahatlaringizga quloq  solganda qismati mash’um xotima topmas edi.  Men ham unga raqib emas,  balki  samimiy do‘st  va  sadoqatli sarkarda bo‘lib  qolardim.
– Siz amir Husaynga  bergan maslahatlarimdan  voqif edingizmu?
– Ha, qisman,  albatta. O‘ljoy  Turkon og‘o  siz   birla  suhbatlaridan ba’zilarini menga  naql qilardi. Maslahatlaringizda lutf  yuzasidan  ba’zan  kaminaning nomini  ham zikr  etishingiz, amir  Husaynni menga  suyanishga  undaganingizni eshitib, iftixor hissidan boshim  ko‘kka yetardi. Shu  bois,  hatto  amir Husayn  bir necha  bor  xiyonatkorona suiqasd uyushtirganida ham,  uni  qo‘llashdan voz  kechmadim. Insofu adolat  yo‘liga  kirar, deb  umid  qildim. Biroq  O‘ljoy  Turkon  og‘o  vafotidan so‘ng Husayn bilan  meni  bog‘lab  turgan so‘nggi  rishta ham uzildi.
– Ha, bechora O‘ljoy mening ham yagona  ittifoqchim edi, – dedi  Saroymulkxonim chehrasi va ovoziga  mahzunlik inib. – Ikkalamiz siz bilan  amir Husaynni  murosaga  keltirishga  urinar, nainki o‘zimiz, balki  elu yurt  saodatini  ham  shunda  deb  bilar edik. O‘ljoy vafotidan so‘ng  men yakkalanib, amir Husayn maslahatlarimga mutlaqo  quloq  solmay  qo‘ydi.
– Gapni gapir uqqanga, jonni jonga suqqanga! – Temurbek janggohdagi  og‘ir vaziyatni o‘nglagan sarkarda kabi  ustunlikni o‘z  qo‘liga  olish uchun qarshi hujumga o‘tdi. – Bilsangiz, xonim, siz  kabi  oqila  maslahatgo‘yga har qachongidan muhtojmen. Illo, necha  yillardan beri  ko‘nglim tubida ardoqlab  yurgan ulug‘ rejalarim bor. To‘g‘ri,  sadoqatli beklarim, egachim Qutlug‘ Turkon og‘o madadu maslahatlarini ayashmaydur. Biroq  mening yorim,  yostiqdoshim  ham bunyodkorlik rejalarimni  qo‘llaydigan, jo‘yali maslahatlar berib, amirlar aytolmaydigan xatoyu nuqsonlarimni  ko‘rsatsa,  qaniydi!
– Qay rejalar  xayolingizni  band etmish?
– Buyuk  Turon  davlatini  tiklash! Bir yuz ellik yil avval jahongir bobongiz poymol  qilgan Turonni  bor bo‘yi-basti bilan tiklashda menga  madadkor bo‘lsangiz! Bu ulug‘ tadbir yo‘lida burun ham ba’zi  harakatlar qilinsa-da, ko‘ngildagidek natija  bo‘lmadi.  Chig‘atoy  ulusining chingiziy xonlaridan ba’zilari ham Movarounnahrda kuchli  davlat yaratishga  urindilar. Kepakxon Qarshini,  Tarmashirinxon Buxoroni  poytaxt  qildi.  Bobongiz Qozonxon Zanjirsaroyni qurdirdi. Turk amiri  Qazag‘on va avlodlari ham  baholi qudrat bunga  intilishdi. Biroq  birontasi bu sharafli ishni  uddalayolmadi. Fikri  ojizimcha, o‘zini Turonzaminning sodiq  farzandi va turkiy xalqning  fidoyi yo‘lboshchisi, deb bilgan shaxsgina bu  qutlug‘ vazifaga qodirdir. Turonning qadimiy poytaxti Samarqand bir yarim  asrdan beri  yarim vayronadur. Men  Turonni  tiklashni diyorimiz qalbi  Samarqandni tiklashdan boshlamoqchimen!
Temurbekdagi  jo‘shqinlik malikaga ham o‘tdi, chehrasida hayrat va  fusunkorlik jilvalandi.
– Chingizxon buzgan yurtni tuzish uchun undan-da buyukroq xoqon bo‘lmoq lozim.  Siz  chindan  ulug‘ ishlarga qodirsiz,  Temurbek, – dedi Saroymulkxonim to‘lqinlanib. – Qand kabi  xush yoqadigan bu rejangiz ajoyib samarlar  keltirishiga  aminmen!
Malikaning so‘z o‘yinidan zavqlangan Temurbek, g‘anim tug‘ini egallagan sarkarda yanglig‘  dadil olg‘a  yurib, uning  xipcha belidan quchdi. O‘tli nigoh bilan  xonzodaning to‘lin oy misoli oraziga, qiyg‘os ko‘zlariga  boqarkan, xitob qildi:
Latofat mulkining sohibqironi,
Muvofiq surating birla   maoniy!
– Shoir Xorazmiy mubolag‘a qilmish, ash’or sehri sizni-da adashtirmish, – dedi  Saroymulkxonim quvlik bilan. – Chunki bu olamda  sohibqiron yagonadur!
– U holda sohibqiron  qalbining  sohibasi ham  yagona,  – dedi  Temurbek malikaning ipak  durrasi ostidan  mo‘ralagan gajakdor zulfini mehr bilan silarkan.
Saroymulkxonim mehrga javoban mayin  tabassum hadya qilsa-da, yigitning quchog‘ida  erib, o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi.
– Samarqandni tiklashni  mudofaa devori bunyod etmoqdan boshlamoq zarur. – Malikaning issiq nafasi  va momiq badani ta’sirida mast  bo‘layozgan Temurbek bu  so‘zlardan darhol o‘ziga  keldi.  – Muhtasham saroylar, masjidu madrasalar so‘ngroq qurilsa ham bo‘ladur. Chunki jahonga  hukmron  bo‘lib o‘rgangan chingiziylar o‘z iddaolaridan oson voz kechishmaydur. O‘zim chingiziyzoda bo‘lganim uchun alarning   sajiyasini yaxshi bilurmen. Siz qurganni mo‘g‘ullar, albatta,  buzish  payida bo‘lishadi.  Chunki  muhtasham  imoratlar, madrasalarda o‘qitiladigan  kitoblar  tufayli  xalq xotirasi  uyg‘onishi, g‘ururi va shijoati qad rostlashini bilishadi, inchunin, bunga  yo‘l  qo‘yishni aslo  istashmaydur.
– Ilk  maslahatingizoq ko‘nglimdagi  rejalarga uyg‘unligidan  baxtiyormen, xonim, – dedi  Temurbek. – Biz go‘yo ikki tandagi yagona jonmiz. Bundan buyon nainki mo‘g‘ullar, balki ya’juj-ma’jujlarni  ham Iskandar kabi daf etishim  shubhasiz.
– Ya’juj-ma’jujlar  bir  soridan bosib kelmish. Siz o‘ngu so‘ldan, olddan va ortdan hamla  qiladigan  g‘animlar zarbasiga hozir  bo‘ling.
– Gapingiz rost. Chor atrofimni o‘ragan g‘animlarga  bas  kelish uchun mudofaa devori va lashkarning o‘zi  kamlik qiladur. Biroq  men Movarounnahr raiyatining ishonchi va ixlosini qozonmoqchimen. Alarni zulmu  sitamdan ozod qilib, erkinlik baxsh etamen. Xalq  qudratu  salohiyatini  namoyon  etishi uchun ozod  bo‘lmog‘i  zarur. Xorazmshoh Sulton Muhammad ham Samarqandni  mustahkam  devor bilan o‘rattirgan edi. Biroq  nega  himoyachilar oxirigacha kurashmay, darvozalarni yog‘iyga ochib berishdi? Nazarimda, xorazmshoh raiyatning ishonchi va ixlosini  qozonolmagan. Agar raiyat menga  ishonsa  va sadoqat  saqlasa, Samarqandni hech qanday yov  ololmaydur.
Saroymulkxonim jon qulog‘i bilan eshitar,  Temurbekning mulohazalari unga  yoqayotgani dam-badam tabassum qilishidan bilinardi.
– Samarqand Afrosiyob, Iskandar va Chingizxonlar  qadami  yetgan shahar, – dedi  malika o‘ychan holda. – Turon xoqoni Afrosiyob davrida u qo‘sh iqlim poytaxti edi. Iskandar va Chingizxon uni jahongirlik yo‘lida zabt  etishdi. Sizni, xojam, o‘tmish turk xoqonlaridan tanho Afrosiyobga  mengzash mumkin. Inshoolloh, Turonning Afrosiyob davridagi jahoniy  mavqeini  tiklagaysiz!
Ash’or devonlari  mutolaasi ta’sirida  Temurbek  ba’zan  badihatan  baytlar aytar, biroq  o‘zini shoir hisoblamagani uchun  qog‘ozga tushirmas,  birovga o‘qimas ham edi.  Bugun  muhabbat tug‘yonida  bir badiha  baytni  qo‘ynidagi  mahliqoga  ilindi:

Ayo,  lolayuzligim, Saroymulkxonim,
Ne dersiz, Samarqandda to‘y qilsak, jonim?!

Malika  nozik qo‘llarini  bekning yelkasiga tashlab,  bo‘ynidan ohista quchib,  javob bayt o‘qidi:

Samarqand jannat  esa, men  bo‘lg‘um malak,  
Hukmingiz boshimga toj, sohibqironim!

So‘ngra yigit ko‘kragiga bosh qo‘yib, davom  etdi:
– Agar mumkin bo‘lsa, Konigil yaylovida  to‘y qilaylik! Ulug‘ bobom  Chingizxon chodirini tikkan joyda orzularimiz kabi  oppoq o‘tov  tikaylik. Yuz  ellik yil avval Turonning eng mash’um  kunlaridan biri  yuz bergan bo‘lsa, nihoyat,  uning iqbol tongi Samarqandda  otsin!
Baxtdan masrur Temurbek yorini bag‘riga  tortib,  aqiq labiga  labini bosdi.

2010 yil